Yo «bor!» yo «yo‘q!»

2000 yilgi statistik ma’lumotga ko‘ra, dunyo miqyosidagi ma’lumot hajmi oxirgi 10 yil ichida 2 baravarga ko‘paygan. Ya’ni, mavjud axborot va ma’lumotlar bazasi inson yaralganidan to 2000 yilgacha qancha hajmga yetgan bo‘lsa, shuning teng yarmi oxirgi 10 yil ichida paydo bo‘lgan ekan. Yozuv, tasvir, tovush va video tasvirlarni ma’lumot sifatida sanash mumkin. Ma’lumot ko‘paygani sayin, uni saqlash, uzatish va foydalanish borasidagi muammolarni hal qilish masalasi oldimizda ko‘ndalang turadi.

Hozirda hamma narsa raqamli format va raqamli ishlash printsipiga o‘tkazilmoqda. «Raqamli»larga har qadamda duch kelamiz. Digital (raqamli) ham mayli, DigitAll (hamma narsa raqamlarda!) reklamasi bugun barchamiz uchun tanish. Nima o‘zi raqamli?

Alifbolar

Aa, Bb, Vv, … o‘zbek tili alifbosi. Xuddi shuningdek Aa, Bb, Cc … shaklida ingliz, yana boshqa shaklda boshqa bir millat alifbosini keltirish mumkin. 25-30 ta harf va 10 ta raqam bilan kerakli ma’lumotlarning deyarli barchasini ifodalay olamiz. Jild-jild, rasta-rasta, javon-javon kutubxonalar. Rivojlanish va taraqqiyot manbalari. Hammasi mana shu alifbolar ixtiro qilingach dunyoga kelgan. Navbatdagi eng ajoyib alifboda esa, bor-yo‘g‘i ikkitagina harf bor, 0 va 1. Lekin shunga qaramasdan, qolgan barcha alifbolar endilikda unga muhtoj. Chunki, butun axborot va ma’lumotlar «sun’iy zehn» sohiblari – robotlar alifbosiga o‘tkazilmoqda. (Ongsiz robotlar 0 – «tok yo‘q» va 1 -«tok bor»dan boshqa narsani tushunishmaydi.)

Ikkitagina harfdan tashkil topganiga qaramasdan, raqamli alifboda barcha ma’lumotlarni ifodalash mumkin. Bunda belgilarning har biri uchun bir nechta 0 va 1 yoziladi. Masalan, kompyuterning eng sodda alifbosi ASCII kodni qaraylik.

Raqamlash

Ko‘rib turganimizdek, 256 ta belgi, har biriga 8 tadan joy ajratilgan holatda, ikkita belgi orqali ifodalangan (Bunda har bitta katak 1 bit, 8 bit esa 1 bayt). Kompyuterning translyator (tarjimon) deb ataluvchi qurilmasi kiritilgan ma’lumotlarni 0 va 1 ga aylantirib, qayta ishlaydi va aksincha, 0 va 1 lardan biz tushunadigan formatga o‘girib, bizga taqdim etadi.

Tasvirlarda raqamli tushunchasi sal boshqacharoq. Oq-qora rangda, har bir nuqta uchun bitta katak, unda 0 joylashsa qora, 1 joylashsa oq tasvirlanadi. Bu bir bitli monoxrom tasvir. 2 ta katak ajratilsa, 4 ta rang hosil bo‘ladi: 00, 01, 10, 11. Shu tartibda har bir nuqta uchun n ta katak ajratilsa, 2n ta rangli tasvir hosil bo‘laveradi. Hozirgi kompyuter ekranlari 32 bitli va undan ham yuqori rangli tasvirlarni ta’minlab bera oladi. 32 bit 232 ga teng, bu 4 294 967 296 ta rang degani. Tovushli hamda video ma’lumotlarning ham o‘zita xos raqamlanish uslubi bor. DVD formatidagi video tasvirning har sekundi 3,7 million bit joyni egallaydi.

Raqamlash murakkab ilmiy jarayon ekanligi bilan bir qatorda, haqiqiy san’at hamdir. Masalan, C-Cube kompaniyasining MPEG-2 kodlashtiruvchi qurilmasi raqamli videotasvirni hosil qiluvchi 14 ta parallel ishlaydigan video mikroprotsessorga ega. Har bir protsessor 1,2 million mantiqiy tranzistordan tashkil topgan bo‘lib, sekundiga 2,5 million arifmetik amal bajaradi. Uning umumiy samaradorligi sekundiga 35 million amal.

Odatda, 0 va 1 dan iborat raqamlashga ikkilik sanoq tizimi deyiladi. Impulslarni bunday ifodalash uchun «modem» deb ataluvchi tarjimon qurilma ishlatiladi. Ko‘pchilik, faqatgina internetdan foydalanish uchun telefon tarmog‘iga ulanadigan qurilma, deb tushunadigan mazkur moslamaning asosiy vazifasi, axborotni modulyatsiyalash, ya’ni ikkilik sanoq tizimiga o‘tkazish va demodulyatsiyalash, ya’ni aksincha, 0 va 1 dan asl holiga qaytarib, foydalanishga taqdim etishdan iborat (MODEM – MOdulyatsiya, DEModulyatsiya so‘zlaridan olingan).

Ustunliklari

Raqamli uslub analogga nisbatan: yuqori darajadagi ishonchlilik; axborot manbaiga (yozuv, tovush, tasvir, video yoki raqamli ma’lumotlar) bog‘liqsizlik; shifrlash imkoniyati – uzatilish xavfsizlik darajasini oshiradi. Vaqtga nisbatan mustaqil, ya’ni axborotni hosil bo‘lgan paytida emas, kanal tayyor bo‘lganidagina uzatish kabi qator afzalliklarga ega. Bulardan tashqari, raqamli ma’lumotlar hajm jihatidan ham qulay. Bitta belgining (harf, raqam, simvol) 1 baytligini hisobga oladigan bo‘lsak, 1024 ta belgi 1 kilobayt, 1024 kilobayt 1 megabayt, 1024 megabayt esa 1 gigobaytga teng. Demak, 1 gigobayt = 1024 x 1024 x 1024 = 1 073 741 824 ta belgi. Bu har betida 1024 ta belgi bo‘lgan, 1024 betli 1024 ta kitob degani. Eh-he, bitta DVD diskning bir tomoni 4,7 gigobayt, qattiq disklarning yuzlab, minglab gigobayt ma’lumotni saqlay olishini, u holda, bitta diskda butun boshli kutubxonani, hatto bir nechtasini saklash mumkin ekanini anglash mumkin.

1 – «tok bor» va 0 – «tok yo‘q» formatining asosiy xossalaridan yana biri yo «bor!» yo «yo‘q!» xususiyatidir. Biz bilamizki, analog turidagi telefon tarmoqlarida shig‘illash, ovoz uzilib qolishi yoki analog audio-video kassetalardagi ma’lumotlar esa eskirib, yaroqsiz holga kelib qoladi. Raqamli formatlashda esa, raqamlardan birortasi bo‘lmasa, ma’lumotni o‘qib bo‘lmaydi. Hamma raqamlar o‘qilgan holda esa ma’lumot to‘liq o‘qiladi. Masalan, «A» harfining ASSII kodi «0000 1010» bo‘lsin. Harfni tashkil qiluvchi 8 ta signaldan birontasini qurilma o‘qiy olmasa, «A» harfi hosil bo‘lmaydi, ya’ni uning o‘rniga boshqa ma’lumot paydo bo‘lmaydi. Ya’ni, ma’lumot yo bor bo‘ladi yoki yo‘q.

Axror Sotiboldiyev