Supertarmoq loyihasi (2008)

Insoniyatning o‘zaro aloqa o‘rnatishga, axborot izlash va topishga bo‘lgan katta ehtiyojlari internetni bugungi kun tsivilizatsiyasining ajralmas qismiga aylantirib qo‘ydi. Ilk davrda «fikr daholari»ning murakkab ish faoliyatida ko‘maklashish vazifasi yuklatilgan global tarmoq qisqa fursat ichida mutaxassislar nazoratidan chiqib ketib, oddiy foydalanuvchilar «qo‘liga o‘tdi».

Shundan so‘ng olimlar va ilmiy tadqiqot markazlari eskirgan, tezligi past va turli ishonchli-ishonchsiz axborot bilan limmo-lim bo‘lgan internetdan voz kechishga qaror qilishdi. Keng qamrovli bo‘lishi rejalashtirilgan mazkur loyihaga o‘sha paytdayoq «Internet-2» deya nom ham berildi. Qolaversa, bu ilm ahlining global tarmoq faoliyatini yanada samaraliroq qilishga bo‘lgan yana bir urinishi edi.

Loyihaning yaratilishi

Taraqqiyot bir joyda to‘xtab turmaydi. Mana, masalan, atigi bir necha yil oldin «jahon to‘ri» faqat matnlar va statistik jadvallaridan iborat katta hajmdagi axborot majmui bo‘lgan bo‘lsa, hozirda u axborot yetkazish kanallari orqali juda katta tezlikda yetib boradigan multimedia ma’lumotlari bilan to‘la. Shu bilan birga, internet bugun rivojlanishning shunday bir bosqichida turibdiki, bunda uning keyingi taraqqiyoti qanday kechishi belgilanadi. Tarmoq bir maromda yana takomillashadi yoki mutlaqo boshqacha, hozirgisiga umuman o‘xshamagan bir tizimga aylanib ketadi, degan ilmiy farazlarga javob topiladi.

Xo‘sh, internet 5, 10, 15 yildan so‘ng qanday bo‘ladi? Uzoq muddatga qaratilgan biror-bir taxminni o‘rtaga tashlashga har kimning ham yuragi dov bermaydi. Chunki har soha kabi global tarmoqning taraqqiyoti borasida aniq bir narsani bashorat qilib bo‘lmaydi. Ammo yaqin kelajakda hayotga tatbiq etiladigan texnika yutuqlariga poydevor qo‘yish bugundan boshlanadi. Shu sabab, agar amalga oshirilayotgan ishlanmalarning istiqbolli yo‘nalishlari tahlil etilsa, unda internetning biz, oddiy foydalanuvchilar ko‘nikib qolgan ko‘rinishi qay darajada o‘zgarib ketishi mumkinligini oldindan aytish imkoni paydo bo‘ladi.

Aslida «Internet-2» nomli loyihani amalda joriy etish to‘g‘risidagi gap-so‘zlar oxirgi uch-to‘rt yil ichida juda avj oldi. Cnews.com saytining ma’lumot berishicha, hozirga kelib birgina AQShda loyiha 191ta universitet, 230dan ortiq yirik korporatsiyalar va ilmiy tadqiqot markazlarida amalga oshirilmoqda.

Xullas, yangicha internet tarmog‘ini yaratish zarurati haqida birinchi marta 1996 yilning oktyabrida gapirila boshlangan. O‘shanda Chikagoda 34ta oliy o‘quv yurtidan vakillar yig‘ilib, mazkur savolni o‘rtaga tashlaydilar. Bir necha soatlik muhokama va munozaralardan so‘ng ular loyihada qatnashmoqchi bo‘lgan har bir ishtirokchi tomonidan yiliga 500 ming dollarlik sarmoya kiritish yo‘li bilan mazkur ishga qo‘l urishga kelishishadi. Keyinchalik 1997 yilda yangi loyiha bilan hukumat ham qiziqib qoladi va uni qo‘llab-quvvatlaydi. O‘sha paytda bu yo‘nalishda ish olib borayotgan yana shunga o‘xshash «Yangi avlod interneti – NGI» (Next Generation Internet) hukumat loyihasi ham amalda edi. Ana shunda bir-biriga yaqin maqsadlar mujassam bo‘lgan ushbu loyihalarni birlashtirish taklifi paydo bo‘ladi.

Ibtidoga yana bir nazar

Bugungi kunda «Internet-2» bizga odatiy bo‘lgan ma’lumotlar tizimining ikkinchi avlodi sifatida ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilmoqda. Ibusiness.org saytining ma’lumot berishicha, loyiha to‘liq ishga tushganida internet hozirgisiga nisbatan 100 barobar katta tezlikka ega bo‘ladi. Ammo boshida yangi loyiha ustida bosh qotirishga undagan masala faqat bu emas edi. Oldin qator sabablar tufayli yuzaga kelgan munozarada odatiy «jahon to‘ri»ning kamchiliklari tahlil etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, zamonaviy internetning eng asosiy muammolaridan biri bu undagi AyPi (IP) manzillarning kamligida: ular jami 4 mlrd. atrofida bo‘lishi mumkin. Bir qarashda bu keragidan ham ortiqchaga o‘xshaydi, lekin bunday manzilllar yaqin kelajakda yetarli bo‘lmay qolishi turgan gap, chunki hozirda nihoyatda ko‘p elektron vositalar global tarmoqqa ulanadi. Ikkinchidan, bu «jahon to‘ri»ning onlayn (real) tizimida katta hajmdagi axborotlar, masalan, video yoki audio ma’lumotlarni kanallar orqali uzatib berishga tayyor emasligi. O‘z navbatida bu teleradio ko‘rsatuvlarni internet yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sifatli uzatish imkoniyatini pasaytiradi. Yana bir e’tibortalab jiddiy kamchilik bu – tarmoqda xavfsizlikni ta’minlovchi mexanizmlarning mavjud emasligidir. Shu sabab ham mazkur masalalarni hal etishga bo‘lgan urinishlar natijasida «Internet-2» nomli yirik loyiha ish boshlagan. Yangi tarmoqqa IPvb protokoli asos qilib olindi. Ilk ishlanmalari 1992 yildayoq vujudga kelgan mazkur loyiha doirasida 1998 yili AQShning eng yirik telekommunikatsion korporatsiyalari hukumat bilan birgalikda yangi tarmoqning bir «qismi»ni ishga tushirishga muvaffaq bo‘ldilar. Uning yordamida mamlakat bo‘ylab 100dan ortiq eng katta universitetlar o‘rtasida aloqa o‘rnatishga imkon tug‘ildi. O‘shandan buyon loyiha mahsuloti bo‘lgan «Internet-2» faqat rivojlandi. 2003 yildan boshlab esa telekommunikatsion uskunalarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan ko‘plab korxonalar ommaviy tarzda IPvb protokoliga muvofiq ishlaydigan jihozlar chiqara boshladi.

O‘ziga xosliklar – yutuqli jihatlar

To‘g‘ri, dastlab «Internet-2» videokonferentsiya, majlis va ilmiy simpoziumlar o‘tkazish uchun keng qo‘llanildi. Navbatdagi bosqichda interaktiv ma’ruzalar, ya’ni bittasida o‘qituvchi, ikkinchisida talabalar bo‘lgan turli universitetlar o‘rtasidagi «teleko‘priklar» tashkil etish sinovdan o‘tdi. Keyinchalik professor-o‘qituvchilar bir paytning o‘zida mamlakatning turli hududlarida joylashgan bir nechta auditoriyalar uchun ma’ruza o‘qishining imkoni ham tug‘ildi. Bugun esa «Internet-2»ning potentsial imkoniyatlariga masofadan turib observatoriya teleskoplarini boshqarish, olingan axborotni o‘sha paytning o‘zidayoq o‘zaro almashinish, olisdan turli tajribalar o‘tkazish va h.k. kiradi. Bularning barchasini kuzatib, hali shunday davr keladiki, bir shaharda bo‘lgan bemorni ikkinchi hududdagi shifokor masofadan turib ham operatsiya qila oladi, deyish mumkin.

Tadqiqotchilarning bashorat qilishicha, agar rivojlanish sur’atlari shu holda davom etsa, «Internet-2»dan tijoriy maqsadlarda ham foydalanish kengayadi. Misol uchun, virtual kinoteatrlar, turli onlayn intellektual o‘yinu interaktiv shoular, o‘ziga xos savdo ko‘rgazmalari, teleradio formatda axborot uzatishning muqobil usullari va boshqa imkoniyatlar paydo bo‘ladi.

Shu o‘rinda aytish zarur, IPvb protokoli oldingisidan keskin farq qiladi. Eng katta farqi manzil tizimidadir, chunki yangi tarmoqdagi protokollar 4 emas, balki 16 baytdan tashkil topgan. Bu – endilikda korporativ mahalliy tarmoqlar bitta tayanch kompyuter orqali emas, balki alohida-alohida kompyuterlar orqali ulanishi mumkin, ya’ni ulardagi tezlik sezilarli ravishda katta bo‘ladi degani. Shuningdek, «Internet-2» loyihasi doirasida multimedia texnologiyalarga ham alohida e’tibor berildi. Aynan shu jihat uning hozirgi internetdan farqini yaqqol namoyon etadi.

Odatiy tarmoqda onlayn radiostantsiyalar va televideniye kanallari faoliyat yuritadi. Biroq ular hech qachon an’anaviy OAVga nisbatan ommaviylashmagan. Muammoning boshi esa radio va teleformatda axborot uzatishning texnik jihatiga borib taqaladi. Sababi, misol uchun, 128 bit tezlikdagi axborotni uzatish uchun server har bir foydalanuvchi bilan birma-bir aloqa o‘rnatishi va ularning barchasiga mutlaqo bir xil ma’lumotlarni yetkazishi zarur. Yangi tarmoq tufayli esa foydalanuvchilarning butun guruhiga bitta kanal orqali, buning ustiga sifatli ravishda axborot uzatish imkoni tug‘ildi. Bundan ma’lumki, multikasting va IPvb protokolining qator o‘ziga xosliklari natijasi o‘laroq, endi chindan-da sifatli tele-radio ko‘rsatuvlar uzatish, to‘la ma’nodagi telekonferentsiyalar va telefoniya haqida bemalol orzu qilish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, bugunga kelib «Internet-2» tezkor, sifatli va ko‘p funktsiyali tarmoq sifatida tanilib ulgurdi.

«Keksa qit’a»dan munosib javob

«Internet-2»ga berilgan rasmiy ta’rifga ko‘ra, bu AQSh universitetlari tomonidan boshqariladigan notijorat tizim bo‘lib, uning asosiy vazifasi yangi tarmoq texnologiyalari ishlab chiqish yoki mavjudlarini takomillashtirishdan iborat. Mazkur loyiha Takomillashgan Internet taraqqiyoti uchun universitetlar birlashmasi (University Corporation for Advanced Internet Development – UCAID) tomonidan boshqariladi. Birlashma hukumat va yetakchi tashkilot, korxona hamda muassasalar bilan yaqindan hamkorlik qiladi. «Internet-2» yaratuvchilari agar loyiha rejadagidek amalga oshib boradigan bo‘lsa, u holda hozirda mavjud va biz global deya sifat bergan tarmoq yangi tizimning bir qismiga aylanib qoladi, deyishmoqda.

Bir necha yil oldin vujudga kelgan yangi tarmoq borasidagi tashabbusning istiqboli porloq ekanligiga qisqa fursat ichida shubha qolmadi. Loyihani amalga oshirish uchun keng miqyosdagi sa’y-harakatlar quloch yozganida esa dunyo ilm-ahli vakillari masalaning qanchalik jiddiyligini tushunib yetdilar. Shundan so‘ng Yevropaning akademik doira vakillari ham munosib javob tayyorlash borasida xavotirga tushdilar. Ammo ularning «Jeyms» («JAMES»), «TEN34» («TEN34») yoki «Kuantum» («Quantum») kabi ilk loyihalari omadsizlikka uchradi. Shunga qaramay, ko‘hna qit’a mutaxassislari vaqt o‘tishi bilan ishni to‘g‘ri tashkillashtirishga muvaffaq bo‘lib, «Internet-2» ga raqobatdosh bo‘la oladigan va 200 million yevro miqdoridagi mablag‘ asosida yaratilgan «Jint» («Geant») loyihasini boshladilar. 2001 yilning oxirida ish boshlagan «Jint» tizimiga hozirda butun Yevropa bo‘ylab 3 mingdan ortiq tadqiqot markazlari biriktirilgan. Galdagi istiqbolli reja «Jint» va «Internet-2» tizimlarini bog‘lashga qaratiladi.

«Internet-2» loyihasi haqida qayg‘urishni boshlagan ilk mamlakatlardan biri Rossiyada birinchi marta «Korbina telekom» aloqa operatori so‘z ochdi. Bir necha yil oldin firmaning vakillari yangi davr global tarmog‘ining imkoniyatlarini namoyish etuvchi tadbir uyushtirishgan. Bunda ular yangi kanal orqali 12 Gbit axborotni 19 minutda uzatish imkoniga ega bo‘lishgan, buning ustiga ayni paytda xuddi shu kanal orqali sifatli videoko‘rsatuv uzatiladigan bo‘ldi. Bu bittagina misol, xolos. Hozirda butun Yevropa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, xususan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Frantsiya, Gollandiya, Singapur, Kanada, Meksika, Chili, Hindiston kabi qator mamlakatlarda, shuningdek, AQSh federal dasturi, Xalqaro hamkorlik nomli alohida loyihalar doirasida «Internet-2» ustidan jiddiy izlanishlar olib borilmoqda.

«Internet-2» hozirgisiga o‘xshab shaxsiy kompyuterlar, serverlar, simli va simsiz tarmoqlar majmuidan iborat betartib tizim emas, balki aksincha. Shu sabab, uning ma’lum bir tizimga ega infrastruktura ekanligini inobatga olib, hammamiz ko‘nib qolgan «jahon to‘ri» (world wide web – www) atamasining o‘rniga ulkan tizimni «global axborot tarmog‘i» (great global grid – ggg) deb atash takliflari ham ilgari surilmoqda.

Yangi davr boshlandi…

Shu tariqa, dastavval tadqiqotchilar va olimlar samarali faoliyat yuritishi, universitetlarning tarmoqli infratuzilmasini yangilash uchun tajriba maydoni sifatida asos solingan «Internet-2» hech qancha vaqt o‘tmasdan o‘z imkoniyatlari bilan butun jamiyatga ham foydali bo‘lishi yaqqol sezildi. Aynan shu jihat Supertarmoqning («Internet-2» norasmiy ravishda shunday ataladi) mantiqiy rivojini belgilab berdi. Chunki amalga oshirilayotgan barcha tashkiliy ishlar va mavjud barcha texnologik imkoniyatlar ortida bitta oddiygina maqsad bor: samarali, tezkor va nazoratdagi tarmoq infratuzilmasini yaratish.

Nargiza Ibrohimova,
«Ma’rifat» gazetasidan olindi.