Jan (Ioann). Amir Temur va uning saroyi

G‘arbiy Ovro‘po xalqlari adabiyotlarida Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan asarlar nihoyatda ko‘p, biroq Sohibqiron haqidagi ilk asarlar esdaliklar tarzida yozilgan bo‘lib, ular Amir Temur zamondoshlari qalamiga mansubdir. Shulardan biri Erondagi Sultoniya shahrining arxiyepiskopi Jan(Ioann)ning «Amir Temur va uning saroyi haqida xotiralar»(Memoires sur Tamerlan et sa cour) asaridir.
1403 yil may oyining boshida Parijda bir ruhoniy paydo bo‘lib, o‘zini Amir Temurning elchisi deb tanishtiradi. Chindan ham u zarhal harflar bilan bitilib, Amir Temurning mo‘jazgina muhri bosilgan maktubini Frantsiya qiroli Karl VIga topshiradi. Maktubni topshirgan Sultoniya arxiyepiskopi qirol saroyida Karl VI va Frantsiyaning Berri, Burgundiya, Orlean, Burbon va Britaniya gertsoglari hamda boshqa a’yonlar huzurida nutq so‘zlab, tashrifining ikki sababini aytadi: birinchisi, Amir Temurning Boyazid ustidan qozongan g‘alabasini ma’lum qilish; ikkinchisi — Amir Temur bilan Karl VI o‘rtasida doimiy diplomatik aloqalar o‘rnatish.
Jan Rim papasi Bonifatsiy IX tomonidan 1398 yil 23 avgustda Sultoniya shahrining arxiyepiskopi etib tayinlangan (Jean Richard, La papaute et les missions d’Orient au Moyen Age (XIIIe — XVe siecles). Ecole francaise de Rome, 1977, pp. 181 — 182; La route de Samarkand au temps de Tamerlan par Ruy Gonzalez de Clavijo. Imprimerie Nationale, Paris, 1990, p. 51).
Janning aynan o‘sha yillari Sultoniyada xizmat qilganligini taniqli frantsuz sharqshunos olimlari Silvestr de Sasi (Memoire sur une correspondance inedite de Tamerlan avec Charles VI. Memoires de l’Academie des inscriptions et belles-lettres. Paris, 1822) va X.Moranvile (Memoire sur Tamerlan et sa cour par un dominicain, en 1403. Extrait de la Bibliotheque de l’Ecole des chartes. Paris, 1894) ham tasdiqlaydilar.
Arxiyepiskop Jan Frantsiya qiroli Karl VI topshirig‘iga binoan o‘zining «Amir Temur va uning saroyi haqida xotiralar»ini yozadi. Asar 23 qism(bob)dan iborat. Unda Sohibqiron Movarounnahr taxtiga chiqqan paytdan 1402 yil avgust oyigacha bo‘lib o‘tgan asosiy voqea va hodisalar tilga olinadi.
«Xotiralar» bilan ilk bora tanishgan kishida u afsonalar va haqiqat omuxtasidan iborat asar, degan taassurot tug‘ilishi tabiiy. Haqiqatan ham muallif Amir Temur hayoti va faoliyati bilan bog‘liq bizga ma’lum va noma’lum afsona-rivoyatlardan keng foydalangan. Masalan, Amir Temurning amir Husayn elchilari oldida ishlatgan hiylasi (I bob) va Sohibqiron bilan Edigni(Idiku) o‘rtasidagi munosabat (XVII bob) haqidagi hikoyatlar shular jumlasidandir. Biroq, «Xotiralar»da boshqa manbalarda mavjud aniq tarixiy ma’lumotlar ham ko‘p.
Arxiyepiskop Janning «Xotiralar»i Sohibqiron bilan Samarqandda uchrashgan ovrupolik boshqa bir elchi — Rui Gonsales de Klavixoning «Kundaliklar»i kabi Amir Temur shaxsi, uning hayoti va faoliyatiga doir bebaho hujjat hisoblanadi. «Amir Temur va uning saroyi haqida xotiralar» tarjimasida muallif uslubini saqlashga intildik. Qavs ichidagi izohlar tarjimonniki.
Asar o‘zbek tilida ilk bora ayrim qisqartirishlar bilan e’lon qilinmoqda.

I. Temurbeyning taxtga chiqishi

Bu hukmdorning qo‘li dastlab unchalik uzun bo‘lmagan va uni ko‘pchilik tanimagan, uning qo‘l ostida o‘zining oilasiga o‘xshash oilalardan chiqqan atigi o‘n chog‘li maslakdoshi bo‘lgan. Biroq u yoshligidanoq o‘z aql-zakovati, uddaburonligi ila boylik orttira bordi, istehkom va amloklarni egallab, maslakdoshlari sonini nihoyatda ko‘paytirdi va kundan-kunga kuchayib bordi.
O‘zining ishlaridan Buyuk Mo‘g‘uliston imperatori(amir Qazog‘on)ning g‘azabi qaynab turganini sezgan Temurbey to‘ppa-to‘g‘ri Xitoy imperatorining huzuriga bordi. U kamarli nasroniylar (maroniy) mazhabidan bo‘lib, mo‘g‘ul imperatorining raqibi va dushmani edi. Temurbey shu nasroniy imperator huzurida ko‘p harakat qilib, undan qudratli bir qo‘shinni yordamga oldi; shu qo‘shin bilan u zikr etilgan Mo‘g‘uliston imperatorining katta yerlarini qo‘lga kiritdi, xususan, u Semerkant(Samarqand) shahrini egalladi. Shahar Sharqda joylashgan bo‘lib, Mo‘g‘uliston imperatoriga qarardi. Shundan so‘ng u (Amir Temur) nasroniy imperatorning lashkariga ketish uchun ruxsat berdi.
Temurbey tomonidan tahqirlangan va haqoratlangan mo‘g‘ullar imperatori (yuqorida arxiyepiskop amir Qazog‘on haqida so‘z yuritsa, bu o‘rinda va undan keyin amir Husayn haqida so‘z yuritadi) o‘z raqibiga qarshi kurashish uchun juda katta qo‘shin to‘pladi va uning huzuriga elchilar yo‘lladi. Elchilar unga (Amir Temurga) yo jang maydoniga chiqish yoxud Mo‘g‘uliston imperatoriga so‘zsiz itoat etishni aytishlari lozim edi; agar u (Amir Temur) unga itoat etsa, katta hokim qilib tayinlanishi va’da etilgandi.
Huzuriga kelgan elchilarni ko‘rgan Temurbey zo‘r hiyla ishlatib, ko‘rpa-to‘shak qilib yotib oldi. Zero, u zikr etilgan imperatorning qudratini yaxshi bilardi. Shu bois raqibi va uning elchilarini g‘aflatda qoldirishni o‘ylay boshladi. Yaxshilab fikrini jamlab olgach, yangi so‘yilgan molning qonini keltirishlarini buyurdi va uni yutib oldi. So‘ngra elchilarning ne maqsadda kelganini bilish uchun ularni tezgina o‘z huzuriga chorladi. Elchilar huzuriga kirgan chog‘ unga (Amir Temurga) shoshilinch ravishda tog‘ora keltirdilar va u elchilar oldida yutgan qonini qayt qila boshladi; ular (elchilar) bu qonni uning (Amir Temurning) qoni deb o‘yladilar. Bu bilan u elchilarga o‘z taqdiridan qochib qutula olmasligi va dardiga hech qanday davo yo‘qligini, ya’ni tez orada o‘lajakligini bildirdi. Shundan so‘ng elchilar bemalol qaytib ketdilar. Chunki ular Temurbeyning «o‘layotgani»ni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan edilar.
Bundan xabar topgan imperator ko‘p shodlandi va lashkarlariga ijozat berib, kichik bir askarlar guruhi va xotinlari hamda farzandlari bilan xursandchilikka berildi. Elchilar qaytib ketganiga ishonch hosil qilgan Temurbey sakrab to‘shagidan turdi va butun qo‘shini bilan zikr etilgan imperatorning ketiga tushdi; Temurbey uni xotinlari va farzandlari hamda kichik bir a’yonlar guruhi bilan aysh-ishrat qilib turgan chog‘ida uchratdi. Temurbey qilichini ko‘tardi va imperatorni mahv etdi, unga qarindosh bo‘lgan xotinini o‘ziga xotin qilib oldi, o‘z o‘g‘illariga imperatorning qizlarini olib berdi va uning erkak zotidan bo‘lgan yaqinlarining hammasini o‘ldirdi; faqat bittasidan tashqari, uni o‘z yonida olib qoldi, ismi Soltamakush (Suyurg‘atmish) edi. Temurbey uning nomidan hukmronlik qildi va shu yo‘l bilan u butun Transoksaniya imperiyasini qo‘lga kiritdi. Bu voqealar ro‘y berganida u qirq yoshda yoxud sal kattaroq edi. Shundan so‘ng u Sharqdagi ko‘p viloyatlarni qo‘lga kiritdiki, jumladan, ularning biri Simenana (Simnon) deb atalardi, bu xususda keyinroq so‘z yuritiladi.

II. Temurbey ismining talqini xususida

Bu imperatorning ismi Temurbey edi; bu ism quyidagicha talqin qilinadi va izohlanadi: Temurbey atoqli otdir va «temir» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, «fer» (frantsuzcha «temir») ma’nosini bildiradi va «bey» so‘zi «hukmdor» ma’nosiga teng bo‘lib, «temir hukmdor» degan ma’noni anglatadi. Boshqalar uni «Tamurlan» deb atashadi, bu so‘z ham «temir»dan kelib chiqqan bo‘lib, frantsuzchasiga «Temur oqsoq» degan ma’noni bildiradi. «Oqsoq» uning laqabi edi.
Bu tatarcha va forscha talqinlardir. Eronda uni «miritabam», ya’ni «hukmdor» deb ham, «kalon», ya’ni «buyuk hukmdor» deb ham atashadi.

III. Temurbeyning unvoni xususida

«Temur Gerakan sosmus» («Temur Ko‘ragon so‘zimiz») iborasi Temur «imperatorning o‘g‘li» yoki «kuyovi» degan ma’noni bildiradi va «sosmus» — «bizning qat’iy so‘zimiz» deganidir. U o‘zini na qirol, na imperator va na boshqa nom bilan ataydi; qachon so‘zlasa va amr etsa, imperator nomidan so‘zlaydi va amr etadi, unga hurmat ko‘rsatib, yiliga bir marta uni borib ko‘radi; bu hurmatdan so‘ng u o‘sha imperator haqida gapirib, unga o‘z saroyida izzat ko‘rsatayotganini aytadi. Biroq, Temurbey barcha ishni imperatorning muhrisiz amalga oshiradi.

IV. Uning irqi xususida

U kelib chiqishi bo‘yicha sharqlik barloslardan bo‘lib, ularning millati yokate (chig‘atoy) deb ataladi. Ba’zilar fikricha, shu tomonlarda bizning Iisus Xristosga teng keladigan uch qirol o‘tgan ekan. Bu o‘lkaga Hindiston tomonidagi Persiyadan keyin keladigan Korasan (Xuroson) viloyati, Media (Ozarboyjon) viloyati va boshqa viloyatlar kiradi. Bu o‘lka tarkibiga kiruvchi yana bir shahar, bu — Temurbeyning shahri Semerkantdan juda yiroqda, yuz kunlik masofada, Jiyon daryosidan narida – Persiyada joylashgan Suzis (Suza) shahridir.

V. O‘g‘illarining nasl-nasabi va ismlari xususida

Temurbeyning ko‘p o‘g‘illari bo‘lgan va hozir ulardan atigi ikkitasi hayot, ularning kattasini Miranza(Mironshoh) deb atashadi va uning yoshi qirq yoki undan bir oz katta; eng kichigi Sonxarni(Shohrux) deb ataladi va uning yoshi yigirma ikki atrofida. Birinchisining ismi quyidagicha talqin qilinadi: mir – janob va za — qirol, ya’ni «janobi qirol». Ikkinchisining ismi frantsuz tilida «qirolning yuzi» ma’nosida. To‘ng‘ich o‘g‘il barvasta, xushmuomala, hurfikr va otasining saroyida hamma uni hurmat qiladi. U nasroniylar va franklarni, ya’ni barcha lotinlarni (ovrupoliklarni) juda yaxshi ko‘radi; u bamisoli ikkinchi Aleksandr(Makedonyalik Aleksandr). Uning to‘rt xotini va to‘rt o‘g‘li bor: xotinlarining eng suyuklisi imperator avlodidan va Konzada (Xonzoda) deb ataladi. O‘g‘illarining lashkarlari katta, ya’ni 20-30 ming kishidan iborat va saroylari ham katta. Ayniqsa, Abasimeza (Mirzo Abubakr) ismli to‘ng‘ich o‘g‘lining lashkari juda katta; bu ism «Xudoning marhamati ila tug‘ilgan», deb talqin qilinadi. Bu o‘g‘il qurol ishlatishga juda mohir. To‘rt o‘g‘ilning yana birining ismi Omariza (Umar Mirzo) bo‘lib, u Temurbeyning leytenanti: uning saroyida mulozimlar ko‘p, qo‘l ostida katta o‘lka bor.

VI. Jiyanlari va nabiralarining soni xususida

Temurbeyning oltmish-etmish chog‘li yoxud undan ziyod jiyanu nabiralari bor. Ularning eng birinchisi katta akasining o‘g‘li bo‘lib, ona tomonidan imperator avlodidan va katta amlokka ega; ikkinchisining ko‘p o‘lkalarda o‘ziga maslakdosh va sodiq vassallari bor; uning ismi Mamuzatain(Mirzo Sulton Husayn)dir.

VII. Temurbeyning xotinlari xususida

Temurbeyning to‘rt qonuniy xotini va ko‘plab kanizaklari bor. Katta xotini imperator oilasidan bo‘lib, Karon (Saroymulkxonim) deb ataladi va doim ayollar doirasida farog‘at topadi; erkaklarni aslo yoqtirmaydi. U sog‘ligi yomonligi tufayli har kuni davolanish uchun ming dukat (tilla) sarflaydi, doimo xotinlar qurshovida yuradi.

VIII. Temurbey hukmronligining boshlanishi

Yoshligida u ham o‘z tengqurlariga o‘xshash yigit edi, ammo aql-zakovati, zukkoligi bilan ajralib turardi va doimo mard yigitlar qurshovida yurardi. U doimo xudoni olqishlab yuradi va nima qilsa barisini xudo uchun, uning xohishi bilan qiladi; o‘zining aytishicha, u bir bechora ayolning o‘g‘li, kuchsiz va kambag‘al yigit bo‘lgan, u nimaga erishgan bo‘lsa, xudoning marhamati ila erishgan, vaqti kelib bularning hammasini xudoga qaytaradi. Yana uning aytishicha, barcha ro‘y beradigan narsani xudo unga oldindan bashorat qiladi.
Hozir u juda katta va qudratli hukmdor. Zero shu paytgacha Sharqda hech kim unga teng keladigan birorta insonni ko‘rgan ham, uchratgan ham emas. Ayniqsa, u Semerkant shahrini va Transoksaniya imperiyasini qo‘lga kiritganidan keyin shunday qudratga ega bo‘ldi. Zotan, u (imperiya) Sharqqa tomon shuncha katta makonni egallaganki, uning bir sarhadidan ikkinchisiga yetish uchun tinmay yarim yil yo‘l bosish kerak. U ko‘plab viloyatlar, shaharlar, qo‘rg‘onlar, amloklarni qo‘lga kiritdi va tobe etdi. Jumladan, u Hindistondagi Dilli (Dehli) degan shaharni ishg‘ol qildi va qirolini bo‘ysundirib, shundan so‘ng G‘arbga tomon yurdi hamda Konstantinopolgacha bo‘lgan barcha o‘lkalarni egalladi.

IX. Temurbey hukmronligidagi viloyatlar va o‘lkalar xususida

Temurbey qo‘l ostidagi Hindistondan Turkiyagacha bo‘lgan hududni bir odam piyoda naq bir yilda, otda esa to‘qqiz oyda bosib o‘tadi. Uning saltanati tarkibiga, jumladan, quyidagi o‘lkalar kiradi: Dilli — yirik shahar; Simenana — viloyat; Malastan (Badaxshon) — viloyat; qimmatbaho toshlar o‘lkasi; Ferinus (Kimexredgan) hind ziravorlari shu yerdan keladi va Siyon (Sayhun) daryosi orqali boshqa o‘lkalarga olib o‘tiladi; Organun, bu viloyat Persiyada Korasmo (Xorazm) deb ataladi; Chin-Mochin (Xitoy) — shifobaxsh o‘simliklar o‘sadigan viloyatlar, u yerlarda yasalgan chiroyli buyumlarni Genuyaga olib ketishadi, yaxshi saqlanadi, aytishlaricha, bir buyumni qirq yilda yasashar ekan; Bokara (Buxoro) — a’lo sifatli oltini bilan mashhur viloyat; Korosan (Xuroson) — o‘ttizta shaharli viloyat; Media (Ozarboyjon) — juda katta viloyat; Spaxan (Isfahon) – viloyat; Siras (Sheroz) — viloyat; Shilan (G‘ilon) — shahar va viloyat, Kaspiy yoxud Bachin dengizi yaqinida; Aran — juda katta viloyat; Port Ferre — juda katta viloyat va Aleksandr dengizni Kavkazi deb atalgan toqqacha qazib olib borgan shahar, bu tog‘da turfa tilli xalqlar yashaydi; Jorjiya (Gruziya) — qirollik va juda katta viloyat; Buyuk Armeniya, u yerda Nuh payg‘ambarning yoyi joylashgan tog‘ bor; Kurdiston — juda katta viloyat; Kaldeya (Iroqi Arab) — viloyat; Astriya (Assiriya) — viloyat; Rum — viloyat; Turkiya — viloyat.
Bundan tashqari, ko‘plab viloyatlar va shaharlar Temurbey saltanati tarkibiga kiradi, ularning soni yuz mingta, so‘zimizni qisqaroq qilish maqsadida nomlarini keltirmaymiz.

X. Temurbeyning mahorati va qudrati xususida

Qisqacha aytganda, Temurbey janggohlarda barchani, jumladan, ko‘plab qirollar va shahzodalarni yengdi, na biror shahar va na biror istehkom unga dosh bera olgan; u son-sanoqsiz shaharlaru qo‘rg‘onlarni zabt etdi, hisobsiz xalqlarni o‘ziga tobe qildi; sanoqsiz muhorabalarda zafar qozondi va mana hozir ham u Buyuk Turkni (Boyazid Yildirimni) mahv etdi — Turkiya uniki bo‘ldi, ko‘plab qirollar va shahzodalar, katta hokimlar uning tarafida.

XI. Temurbeyning buyukligi va lashkarlarining soni xususida

Bu xususda har xil gaplar yuradi, biroq uning lashkarlari soni qanchaligini hech kim aniq bilmaydi: ayrimlarning aytishicha, uning qo‘shini o‘n yuz ming (million) askardan va kamida sakkiz yuz ming otdan iborat; tuyalar va boshqa jonivorlarning esa aslo hisobi yo‘q. Uning yana qirq jangovar fili bor, askarlar ularning ustida o‘tirib jang qiladilar; qurollangan suvoriy shahzodalar va mard navkarlar u bilan birga yuradilar; ular yengil qurollangan va ortiqcha aslahalari yo‘q, shamshirlari va kamonlariga ishonadilar va, xususan, unga o‘ttiz olti yildan beri hamrohlik qilib kelayotgan odamlari shaharlarga kirmaydilar, ochiq dalada tunaydilar.

XII. Temurbeyning boyliklari xususida

Uning boyliklarining son-sanog‘i va miqdorini hech kim bilmaydi… Qimmatbaho narsalarga kelganda esa, aytishadiki,— men bunga ishonaman,— birorta ham hukmdor, u qanchalar buyuk va qudratli bo‘lmasin, u qadar ko‘p boylik to‘play olmagan. Yana u o‘z qo‘l ostidagi barcha viloyatlardagi yerosti boyliklarini ham qidirib topdirib, ularga ega bo‘ldi; aytishlaricha, o‘tgan yili (1401 yil) u og‘irligi yuz o‘n yetti se ( se — taxminan bir misqol) keladigan bir javohir topganki, olti se bir untsiyaga tengdir.
So‘ngra, Bag‘dod shahri olingach, u Yevfrat (Frot) daryosiga g‘arq bo‘lgan bir kemani topdi, kemaga Persiya qirollarining barcha boyliklari ortilgan edi. Xazinadan sof va nafis oltin daraxt chiqdi, unda turfa rangli va turfa xil qimmatbaho toshlar, son-sanoqsiz marvaridlar bo‘lib, bunchalik katta ahamiyatga va qimmatga ega bo‘lgan yoxud ulardan yaxshiroq marvaridlarni hech kim ko‘rgan emasdi. Temurbey bu narsalarning hammasini Semerkantga jo‘natdi, u yerda uning o‘n sakkizta ulkan saroyi bo‘lib, ularning barchasi boyliklarga shu qadar to‘laki, hech bir inson ularning ta’rifini qilib ado eta olmaydi.

XIII. Temurbeyning ochiqko‘ngilliligi va shafqatsizligi xususida

U sharob ichganida mehribon va ochiqko‘ngil bo‘lib qoladi; biroq bunday holat juda kam bo‘ladi, ya’ni u juda kam sharob ichadi. Alqissa, u g‘azab otiga minmagan paytlarida adolat yuritadi: adolatining shiori uchun o‘z tamg‘asiga fors tilida «adolat» so‘zini ikki marta («Rosti — rusti») yozdirgan. U o‘z do‘stlari va elchilarga, ayniqsa, uzoq o‘lkalardan kelgan elchilarga yetarlicha ochiqko‘ngillilik qiladi; boshqalarga nisbatan, ya’ni o‘ziga qarshi biror ish qilgan yoki amriga qarshi borganlarga nisbatan u o‘ta shafqatsiz; uni aybdorlarning na turish-turmushi, na nasl-nasabi va na dini-iymoni qiziqtiradi.

XIV. Temurbeyning hayoti va uning xalqi xususida

Temurbeyning turmush tarzi va xalqi haqida shunday deyish mumkin: u har doim ochiq dalada harir shohi chodir ostida umr o‘tkazadi; zero. uning xalqi shunchalik ko‘pki, ularning barchasi shaharda yashay olmaydi. Biroq ularga zarur barcha narsalar xuddi shaharlardagidek bu yerga olib kelinadi, sotiladi va xarid qilinadi; bu yerga uzoq o‘lkalardan oziq-ovqat mahsulotlarini olib keluvchi savdogarlar juda ko‘p, bu yerda parrandalar, boshqa turfa xil mahsulotlar va hatto qullar ham sotiladi. Temurbeyning odamlari juda qimmatbaho nafis shohi matolar va harir jun matolardan kiyim kiyadilar. Ulug‘lari esa, Konstantinopol imperatori kabi bosh kiyim kiyadilar, martabalari qanchalar baland bo‘lsa-da, bosh kiyimlariga qimmatbaho toshlar qadamaydilar va ayrimlari turklarga o‘xshab dumaloq kokilez kiyadilar.
Temurbeyning fuqarolari saranjom-sarishta odamlar, ular yerda – stol va kursisiz ovqatlanishadi. Bu yerlarda go‘sht va guruch serob, ular mutlaqo non yeyishmaydi, ular nonni yoqtirishmaydi, biroq ajnabiylar to‘ygunlaricha non yeyishlari mumkin, zero, har qadamda non mo‘l.
Uning saroyida sharob ichish ta’qiqlangan, nasroniylar esa, ichishlari mumkin, u ham bo‘lsa, faqat kechki ovqat oldidan, ovqatdan so‘ng suv va qimiz ichiladi, bir qimizki, sharobdan kam kayf bermaydi. Ularning donli ekinlardan tayyorlanadigan yana boshqa bir ichimligi bo‘lib, uning (bo‘zaning) rangi sutdek oppoq va sharobdek kayf beradi.
Uning saroyida nomussiz ayollarning yashashi ta’qiqlangan, har kimning o‘z xotini va mol-mulki bor. Ayollar erkaklar kabi mohir chavandozdirlar, ular yaxshi kiyinib oladilar, otda yurganlarida faqat burunlari va ko‘zlari ochiq bo‘ladi. Odamlarning yuzlari keng va osiyoliklarga xos, hamma qatori yashashadi va ular saratsinlar (musulmon sunnalar) mazhabidandirlar.
Temurbey ziyofatlarda tilla, kumush idishlarda ovqat yeydi va o‘z oldidagi go‘shtni vassallari, shahzodalar, zodagonlar, elchilar bilan baham ko‘radi; hamma yerda o‘tirib ovqatlanadi. Agar o‘zi chaqirmasa, uning yoniga borishga hech kim jur’at eta olmaydi. Uning o‘g‘illari va beklari ham rusxsatsiz uning yoniga borib o‘tirmaydilar.

XV. Temurbeyning o‘z asirlariga munosabati xususida

Agar u biror o‘lkani zabt etishni ixtiyor etsa, qora rangli tug‘ini ko‘taradi va uning askarlari o‘sha o‘lkani zabt etishga otlanadilar, egallangan o‘lkalardan turli xiroj va boyliklar yig‘iladi. Shuni unutmaslik kerakki, ular nasroniylarga ham, musulmonlarga ham birdek munosabatda bo‘ladilar.

XVI. Temurbeyning muhoraba haqidagi farmonlari xususida

U farmon berishi u yoqda tursin, imo qilishi bilanoq har kim nima qilish zarurligini yaxshi biladi. U o‘z qo‘shinini mingliklarga, yuzliklarga va o‘nliklarga bo‘lgan; uning amriga itoat etmaganlarning boshi ketadi.
U qo‘shinda qat’iy tartib o‘rnatgan: kimda-kim jangda old tomonidan jarohatlansa, unga katta ehtirom ko‘rsatiladi; jangda orqasidan jarohatlangan kimsa esa jazolanadi. U jasur va mardlarni ko‘p izzatlaydi, ularga katta tuhfalar qiladi.
U o‘zidan kuchli g‘animlarga qarshi jangga kirish oldidan lashkarlarini shu qadar puxta joylashtiradiki, hech narsa nazaridan chetda qolmaydi; so‘ng u g‘animi o‘z hushyorligini boy berishini poylaydi va shu zahotiyoq uning ustiga kutilmaganda zarba berib, istehkomlarini vayron qiladi. U qisqa muddatda uzoq yo‘lni bosib o‘ta oladi, puxta izlanishlar va dono farmonlar ila o‘z lashkarlarini katta talofatlardan saqlaydi. Muxtasar qilib aytganda, u shu paytgacha barcha muhorabalarda zafar quchgan, hech kim unga qarshilik ko‘rsata olmagan.
Temurbey Turkiya va Armaniston o‘rtasida joylashgan Turkka (Yildirim Boyazid) qarashli katta shahar Sabastr(Sivos)ga borganida ham xuddi shunday bo‘lgan. U mazkur shahar qarshisida o‘n bir kun turdi, shundan besh kuni ichida qal’a devorlari yonida shunday bir minora qurdirdiki, undan butun shahar yaqqol ko‘rinib turardi. U qon to‘kmaslikka so‘z berganidan keyin shaharliklar taslim bo‘ldilar…
Undan so‘ng Temurbey juda katta daryo bo‘lgan Yevfrat (Frot) daryosi bo‘yiga bordi; u yerda besh kun ichida zarur kema va qayiqlar yasattirib, ikki yarim kun ichida bir yarim million kishidan ortiqroq lashkarini daryoning narigi qirg‘og‘iga o‘tkazdi. Daryodan o‘tib, u baland tog‘ ustida joylashgan Halab shahri devorlari yoniga yetib bordi va shahar ichkarisida sultonning kuchli qo‘shini joylashganidan xabar topgach, qal’ani qattiq kurashsiz qo‘lga kirita olmasligiga ko‘zi yetdi. Shu alfozda Temurbey uch kun shahar qarshisida turib qoldi va to‘rtinchi kuni lashkarining katta bir qismini olib Halabdan ikki lye (chaqirim) uzoqlikdagi baland tog‘ ortiga o‘tdi va o‘g‘lini 30 ming askar bilan shahar qarshisida qoldirib, agar sulton kuchlari unga xujum qilsa, bir oz jang qilib, so‘ngra chekinishni buyurdi. O‘g‘li ham uch kun davomida otasi aytganicha ish tutdi: sulton qo‘shinlari unga qarshi jang boshlasa, u bir oz kurashgan bo‘lar va so‘ngra chekinardi; to‘rtinchi kuni o‘rtada katta jang bo‘ldi va o‘g‘il odatdagidan uzoqroqqa chekindi, sulton lashkarlari uni shunchalik uzoqqa quvlab bordilarki, tog‘ning ortida bekinib turgan Temurbey fursatdan foydalanib g‘anim qo‘shini bilan shahar devorlari o‘rtasidagi joyni egalladi va sultonning o‘n to‘rt ming askarini o‘ldirdi, so‘ng shaharni egalladi.
Temurbey bu yerdan Damashqqa yo‘l solib, shaharni qamalga oldi va u yerda o‘n bir kun turdi; shahar devorlarining ostiga ko‘p miqdorda portlovchi moddalar qo‘ydirtirdi, buni ko‘rib uzoq qarshilik ko‘rsata olmasliklariga ko‘zlari yetgan shaharliklar taslim bo‘ldilar. Temurbey bilan birga bo‘lgan savdogarlarning aytishicha, u o‘z yurtiga sakkiz yuzta tuyada tilla va kumush, qimmatbaho toshlar va boshqa nafis bezak buyumlari jo‘natdi.
Damashqdan u Erondagi buyuk xalifa(Ahmad Jaloyir)ning Bodash (Bag‘dod) degan o‘lkasiga yo‘l oldi va Bodash shahri qarshisida to‘xtab, u yerda qirq kun qolib ketdi: zero, shahar devorlarini aylanib chiqish uchungina ikki kechayu ikki kunduz kerak bo‘ladi. Shaharliklar qaysarlik qildilar, lekin ularning qaysarliklarini sindirdilar: Temurbey shaharni kuch ishlatib qo‘lga kiritdi va bu yerda beadad boyliklarni qo‘lga kiritib, vataniga jo‘natdi.

XVII. Edigni ismli imperatorning Temurbeyga qilgan xiyonati xususida

Temurbey, chamasi, bundan ikki yil burun Mo‘g‘ulistonning Edigni (Idiku barlos) ismli imperatoriga o‘z elchilarini yo‘llagandi. Oq mo‘g‘ullarning mazkur hukmdorining bosh shahri Sorkate (Sudak) Kafa(Odessa)dan 18 chaqirim narida joylashgan bo‘lib, uning lashkari yuz ellik ming suvoriydan iborat edi. Elchilar o‘sha hukmdorning qizini Temurbeyning o‘g‘li uchun so‘rashdi, hukmdor rozi bo‘ldi; biroq u uzr so‘rab, qizini Temurbeydek qudratli hukmdorning o‘g‘liga uzatish uchun zarur taqinchoqlar va sarmoyasi kamligini bahona qildi hamda elchilardan o‘z hukmdorlaridan kelinni yasatish uchun kerakli zeb-ziynat buyumlari yuborishini va uning (kelinning) istiqboliga saroyidagi eng nufuzli kishilarni jo‘natishini iltimos qilishlarini so‘radi. Elchilar uning iltimosini Temurbeyga yetkazdilar. Elchilarning hisobotini eshitib Temurbey bag‘oyat shod bo‘ldi, shu zahotiyoq tilla, kumush, javohir va qimmatbaho shohi matolar ortilgan yigirma besh tuya, saroyidagi eng yuqori lavozimdagi sakkiz baronni (a’yonni) Qipchoqqa jo‘natdi.
Karvon Edignining huzuriga yetib borgach, u tilla, kumush, javohirlar va boshqa mollarni qabul qildi, a’yonlarni esa bandi qilib, pullarini tortib oldi, ammo Temurbeyga qizini jo‘natmadi. Temurbey dunyoda hech kim meni bu qadar aldamagan, deb shunchalar iztirob chekdiki, hech kim bu holga tushgan emas; u umrida bunchalik kuyunmaganini aytib, buning uchun o‘ch olmaguncha tinchimasligini bildirdi.
Temurbey hozirgacha amalga oshirgan ishlaridan ko‘proq ish qilishi mumkin edi, biroq u o‘zidan ham katta hukmdor boshqarayotgan Fors(Eron)dan yiroqlashib ketishga jur’at eta olmayapti. Bu hukmdorning qudrati uning qudratidan bir yarim-ikki baravar ko‘p bo‘lib, ismi Tamirasak (bu yerda arxiyepiskop kimni nazarda tutayotganini bila olmadik), Malasan hukmdoridir. Bu yerda ahvol shu darajaga borib yetganki, Temurbey rasman u o‘lkaning ham hukmdori hisoblansa-da, asl xo‘jayini Tamirasakdir. Ba’zilarning aytishiga qaraganda, agar ul ikkisi bir bo‘lsalar, butun yer yuzini zabt etishga kuchlari yetar emish.

XVIII. Temurbey Buyuk Turkni qanday mahv etgani va bandi qilgani xususida

Lashkarlarining soni va mardligi jihatidan qudratli bo‘lgan Temurbey batalyonlarini (favjlarini) tepaliklar va daralarga yaqin joyda tartibga soldi; ularning ortiga o‘zining eng katta batalyonini va yaqinlarini qo‘ydi. Raqibiga yetarlicha qarshilik ko‘rsata olishiga ishongan Turk (Yildirim Boyazid) lashkarlarini to‘rt batalyonga bo‘ldi; g‘animga yaqinlashib uning lashkarlaridan qo‘rqib ketgan turklarning birinchi batalyoni sardori o‘z qo‘l ostidagi barcha askarlarini olib qochishga tushdi; Turk buni ko‘rib ularni ortiga qaytarmoqchi bo‘ldi, biroq batalyon sardori uning amriga quloq solmadi va ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Shundan so‘ng Turk ikkinchi batalyonini jangga tashladi, bu qism jon-jahdi bilan jang qildi, biroq Temurbeyning lashkarlari ko‘rsatgan jasorat tufayli turklarning juda ko‘p askarlari, hisob-kitoblarga qaraganda, o‘n besh mingdan ziyodi halok bo‘ldi. Navbat Turkning uchinchi batalyoniga keldi. Bu qismda uning o‘g‘illari ham jang qildilar va aksariyati halok bo‘ldi, qolganlari qochmoqqa tushdi. Buni kuzatib turgan Turk to‘rtinchi batalyonini jangga tashlab, unga shaxsan o‘zi qo‘mondonlik qildi. Biroq halokatga uchraganini sezgach, qochmoqchi bo‘ldi, lekin qocha olmadi. Zero, uni Temurbey askarlari to‘la qurshovga olgan edi. Shu alfozda u iyulning yigirma sakkizi, juma kuni soat yigirma to‘rtda qo‘lga olindi. Aniq hisob-kitoblarga ko‘ra, bu muhorabada ikkala tomondan qirq ming kishi halok bo‘ldi; Temurbeyga nisbatan Turk ko‘proq qurbon berdi.
Juda ko‘p turklar qochib qutuldilar, xususan, Turkning ikki o‘g‘li yarim tunda qurol-yarog‘siz va kiyim-boshsiz qip-yalang‘och qochdilar. Temurbey lashkarlarining katta bir qismini Turkning bosh shahri Bursaga jo‘natdi; qal’a olingach, tobi qochgan Turkning xazinasini qo‘lga kiritdi; bu xazinani hamda ko‘psonli xizmatkorlar va qullarni Semerkantga jo‘natdi. Shundan so‘ng u butun Turkiyani ishg‘ol etishga kirishdi, Temurbeyga ittifoqdosh bo‘lgan ayrim hokimlarga qarashli o‘lkalar bundan istisno edi. Turkning to‘ng‘ich o‘g‘li Yunonistonga o‘tib ketdi, u hozir ham o‘sha yerda izzat-hurmatda; kenja o‘g‘li Turkiyada va Temurbey uning izidan quvib yuribdi. Bu nima bilan tugashini Xudo biladi. Tangrining irodasi Temurbeydan boshqa biror tirik jonga ayon emas.

XIX. Temurbeyning saltanati va shaharlaridagi tartib-qoidalar xususida

U o‘z fuqarolariga bir qancha soliq va to‘lovlar joriy etgan bo‘lsa-da, ajnabiy tujjorlarga katta e’tibor ko‘rsatadi va ularni, ayniqsa, faranglar va nasoralarni rag‘batlantiradi, saltanati hududida ularning xavfsizliklarini ta’minlaydi. U ko‘p maskanlarda olinadigan jon va tuz soliqlarini bekor qildi va bu soliqlar faqat yirik shaharlarda olinsin, deb farmon berdi. U saltanatining barcha hududlarida tujjorlar hayotiga xavf soladiganlarga shafqatsiz jazo tayinladi: tujjorlarni talagan o‘lka ahli unga (tujjorga) talangan mol qimmatini ikki barobar qilib qaytaradi yoxud saltanat xazinasiga tujjor yo‘qotgan mol-mulk qimmatining besh barobari miqdorida jarima to‘laydi.
Barcha aholi maskanlarida uning mas’ul kishilari bor va u adolatga qat’iy rioya etadi hamda jinoyat qilgan har qanday kimsaga, kimligidan qat’i nazar, shafqat qilmaydi: kichik bir jinoyati uchun kattayu kichik amaldorlarga shu zahotiyoq jazo tayinlaydi; jazo asosan jarima shaklida bo‘ladi: aybdorlar katta miqdorda jarima to‘laydilar. Uning amaldorlari juda boy va to‘q yashaydilar, shu boisdan ulardan katta pul undiriladi. Bu pullar naq yuz xachirga yuk bo‘ladi va ular har yili katta bayram uchun sarflanadi. Barcha shaharlar va o‘lkalar har yili daromadlarining o‘ndan biri yoki choragini saltanat xazinasiga topshiradilar. Bu ish bilan uning g‘aznachilari va nozirlari shug‘ullanadi.
Temurbeyning o‘zi shaxsan hech kimga ozor bermaydi va u shunday qilgan odamlarni qattiq jazolaydi. Zero, u safarda yurgan paytida ko‘plab adolatsizliklar bo‘lib turadi. Shaharlar va o‘lkalarni uning o‘g‘illari, jiyanlari va a’yonlari boshqaradi. Uning naqd pulda maosh berish odati yo‘q, biroq u o‘z a’yonlariga yer-mulk beradi va boshqa tuhfalar qiladi. U o‘z farmonlariga barcha yerda so‘zsiz itoat etilishini istaydi va ajnabiylardan ko‘ra ko‘proq o‘z fuqarolaridan hadiksiraydi.

XX. Temurbeyning dushmanlari bo‘lmish ayrim qudratli imperatorlar xususida

Temurbeyning asosiy raqiblari Sharqdadir. Bu eng avvalo Katay(Xitoy)ning buyuk imperatoridir. U kamarli nasroniylar mazhabidan bo‘lib, kuch-qudratda Temurbeyga teng yoxud undan ziyodroq. Uning ikkinchi raqibi Fors imperatori (Sulton Ahmad Jaloiriy) bo‘lib, u bundan o‘n besh yil ilgari Temurbeydan zo‘rg‘a qochib qutulgan. Hozir Badash va Kaldeya(Iroqi Arab)ning qolgan qismlariga hukmronlik qiladi. Uning yana bir raqibi Misr sultoni. Mo‘g‘ulistonlik Edigni esa, uning asosiy dushmanidir. Zikr etilganlardan keyingi uchtasi saratsinlar mazhabidan. Temurbeyning yana boshqa dushmanlari ham bor. Ular undan qo‘rqadilar va uning o‘limini kutadilar. Ular o‘zlaricha bashorat qilishib, Temurbey Qohirada mag‘lubiyatga uchraydi va halok bo‘ladi, deb o‘ylashmoqda. Temurbey, aksincha, bunga ishonmaydi va hali yana uzoq umr ko‘raman, deydi.

XXI. Temurbeyning huzuridagi shoh va shahzodalar xususida

Eng avvalo, Mo‘g‘uliston imperatori u bilan birga. U ko‘ngli nimani xohlasa, shuni qiladi. Malastan qiroli, Korosan qiroli, ko‘p mamlakatlar va o‘lkalarning hukmdorlari, shahzodalari hamda bir qancha kichik hukmdorlar uning huzuridalar. Shoh Aldin ham uning yonida, biroq undan qochib yuradi. Fors imperatorining ikki o‘g‘li ham uning yonida(shoh Shujo’ning Shibli va Zayn al-Obidin ismli o‘g‘illari). Gurgoniya imperatorining ukasi shoh Bokaran (Bahrom) ham uning huzurida. Temurbey zabt etgan barcha viloyatlaru o‘lkalar hokimlarining to‘ng‘ich o‘g‘illari va o‘lka noiblari ham u bilan birga; ilm-fan, xususan, astrologiya, meditsina va nigromaniya (qoramagiya)ning eng kuchli olimlari ham uning huzurida: u ilmli va yaxshi oiladan chiqqan insonlarni ko‘p e’zozlaydi. Temurbey ular bilan savol-javob qilishni xush ko‘radi. U zikr etilgan insonlarning barchasi bilan yaxshi munosabatda bo‘ladi va hurmat-ehtirom ko‘rsatadi. Uzoq o‘lkalardan kelgan elchilarga ham xuddi shunday munosabatda bo‘ladi. Shunga qaramay, ular o‘zlarini emin-erkin his eta olishmaydi: zero, uning yonida boy-badavlat yurishdan ko‘ra, undan uzoqroq turib, qashshoqlikda yashashni ixtiyor etuvchi shohlar va shahzodalar ham uchrab turadi. Buyuk Turk ham uning yonida, unga katta hurmat-izzat ko‘rsatilmoqda.

XXII. Temurbeyning imon-e’tiqodi va unga qilingan bashoratlar xususida

Temurbey o‘z e’tiqodi bo‘yicha saratsin bo‘lib, o‘z diniga amal qilmaydiganlarni jazolaydi, ham qiynaydi. U ilgari nasroniylarni yaxshi tushunmas va xush ko‘rmasdi. Mana endi, Sultoniya arxiyepiskopi birodar Janni va dominikan mazhablik birodar Fransuani ko‘rganidan — bizning e’tiqodimizga ishonch hosil qilganidan keyin u o‘zining xatosini anglab, qattiq ta’sirlandi. U nasroniylarga xayrixohlik qiladi va ehtirom ko‘rsatadi, xususan, lotinlarga, ya’ni frantsuzlarga biror yomonlik qilmaydi; ularga o‘z saltanatida emin-erkin yurishlari uchun yo‘l bergan. Ayniqsa, savdogarlarga o‘z e’tiqodlariga rioya qilishlari, cherkovlarga borib hamma nasroniylar bajaradigan amallarni bajarishlari uchun barcha sharoitlarni yaratgan.
U o‘z dini talablaridan kelib chiqib, kuniga besh marotaba xudoga munojat qiladi va qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, saratsinlar uchun lozim bo‘lgan barcha amallarni bajaradi. U tushida tez-tez farishtalarni ko‘rishini va ularning o‘ziga qilgan bashoratlarini aytib yuradi; bu dunyoda nimaiki ish yuz bersa, barisi xudoning irodasi bilan sodir bo‘lishini aytadi. U kunlardan bir kuni tushida farishtani ko‘rganini so‘zlab berdi: emishki, uning qarshisida yerdan osmongacha yetgan narvon turganmish, tepada farishta paydo bo‘lib, uni o‘zi tomon chorlarmish: «O‘rningdan turib, narvonga chiq», – debdi unga farishta. Temurbey farishta aytganini qilib, qirqinchi zinaga ko‘tarilibdi. Shunda farishta unga: «Endi pastga tush», — debdi. Temurbey pastga tushibdi. Shundan so‘ng u bu tushning ta’birini so‘rabdi. Tushning ta’biri quyidagicha ekan: u butun yer yuzini egallab, qirq yil davomida sog‘-omon hukmronlik qilar emish.
O‘zining aytishicha, u odamlarning fikrlari va rejalarini oldindan bilib olar emish, bularni unga farishtalar ma’lum qilar emish. U keksa erkak va keksa ayollarga chuqur izzat-ehtirom ko‘rsatadi, ularga katta hadyalar beradi, uning saroyida hech kim ayollarga, xususan, enagalarga qarshi biror so‘z ayta olmaydi. U juda yaxshi tarbiya ko‘rgan, zero, ajnabiylarning har biriga ularning mavqei va mansabiga mos ravishda izzat-ehtirom ko‘rsatadi.

XXIII. Temurbeyning yoshi va sog‘ligi xususida

Uning yoshi oltmish-oltmish besh atrofida va u o‘ttiz yildan beri hukmdorlik qilib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida u shunchalik g‘aroyib ishlarni ro‘yobga chiqarganki, ularni yozib ado etib bo‘lmaydi. U o‘rta bo‘yli, chehrasi mo‘g‘ulona, ispancha soqoliga oq oralagan va qomati tik inson. Biroq uning o‘ng qo‘li va o‘ng oyog‘i majruh bo‘lib, ularni davolash mumkin emas, zotan, tomirlari kesilgan. U yoshligida lashkarlarini o‘zi jangga boshlab kirardi: mohir chavandoz edi, ammo endi, ba’zan, ikki otga o‘rnatilgan o‘rindiqda safar qiladi va shunday qo‘riqlanadiki, o‘zi chaqirtirgan odamdan bo‘lak hech kim unga yaqinlashishga jur’at eta olmaydi. Temurbeyning amri shu erur.

Temurbey yoqtiradigan narsalar xususida

Eng avvalo, unga quyidagi narsalar yoqadi: bug‘doyrang, qirmizi va alvon, oq va och-yashil, xuddi Rens(Frantsiyadagi shahar)da tayyorlanadigandek nafis to‘qima matolar, marjon shodalari, billur toshlar, tilla va kumush idishlar, xuddi Frantsiyadagi kabi ishlov berilib, zumrad toshlar bilan bezatilgan idishlar, toza Kipr kamloti(pishiq jun gazlamasi), g‘aroyib baliq tishlari, Frantsiyadagi kabi kursilar, Frantsiyadagidek qimmatbaho gilamlar, xushbo‘y va mazali ziravorlar, dunyoning turli burchaklaridan keltirilgan zotli baquvvat otlar, katta itlar va Ispaniyadagi kabi katta xachirlar. Biroq undagi bu narsalarning sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydi.

Frantsuz tilidan Bahodir Ermatov tarjimasi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 20-sonidan olindi.