Ozarboyjonning Armaniston tomonidan okkupatsiya qilingan hududidagi tarixiy obidalar, masjid hamda madrasalar xavf ostida qolmoqda. Bu haqda AZERTAJ axborot agentligi xabar beradi.
Agentlik bunga dalil sifatida bir qator fotosuratlarni ilova qiladi. Qayd etilishicha, fotosuratlar Tog‘li Qorabog‘, shuningdek, Sadarak, Zangilan, Lochin, Kelbajar, Jabroil tumanlari qishloqlarida olingan. Fotosuratlardan Shusha qal’asi, mashhur Gavhar og‘a masjidi ham zarar ko‘rganini kuzatish mumkin.
Avvalroq Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Hikmat Hojiyev Armaniston okkupatsiya qilingan hududlarda ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazuvchi usullarini qo‘llayotgani haqida ma’lum qilgan edi.
Qayd etilishicha, Ozarboyjonning 890 ming gektar hududi alohida muhofaza etiladigan ekologik mintaqa sanaladi. Ayni vaqtda mazkur hududning 42997 gektari, jumladan, 152 ta tabiat yodgorligi, 5 ta geologik ob’ekt, 2 ta tabiat qo‘riqxonasi, 4 ta qo‘riqlash zonasi va 7 ta ko‘l okkupatsiya ostidadir.
Eslatib o‘tamiz, rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) 1989-1993 yillarda Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.
Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.
Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.
S.Salim