O‘ktam Sultonov. Ko‘kaldosh madrasasining qadimiy vaqfnomasi va uning asoschisi

Ko‘kaldosh madrasasi Toshkentdagi hozirgacha saqlanib qolgan asosiy arxitektura yodgorliklaridan biri bo‘lib, XVI asrning 60 yillarida Chorsu maydonida qurilgan (umumiy o‘lchami 62,7 x 44,9 m, balandligi 19,73 m). Dastlab uch qavatli bo‘lgan madrasa masjid, 38 ta hujra, miyonsaroy va boshqa tarkibiy qismlardan iborat bo‘lib, uning qiyofasi keyingi 400 yildan ortiqroq davr mobaynida deyarli o‘zgarib ketgan1. Uning bunyod etilishi esa XVI asrning ikki taniqli shaxsi – Shayboniylar hukmdori  Abdullaxonning (1553-1599) vaziri Qulbobo ko‘kaldosh2 va Toshkent hokimi Darvishxon3 nomi bilan bog‘liq. Biroq, o‘tgan asrda yuzaga kelgan madrasaning Qulbobo ko‘kaldosh yoki qandaydir bir Ko‘kaldosh tarafidan qurdirilgan degan xulosa keyingi yillardagi aksariyat ilmiy nashrlar va ommabop adabiyotlarda, shu jumladan, entsiklopediyalarimizda ham mustahkam o‘rnashib qolgan4.

Hozirda “Ko‘kaldosh madrasasi tarixiy hujjatlarda” nomli kitob ustida izlanish olib borayotganimiz sababli ushbu maqolada faqatgina madrasaning qadimiy vaqfnomasi va shu bahonada uning bunyodkori haqida ayrim fikr-mulohazalarni o‘rtaga tashlamoqchimiz.

Vaqfnomaning mavjudligini ayrim mualliflar eslatib o‘tgan bo‘lsa-da, chuqur o‘rganilib tahlil etilmagan5. Vaqfnomaning umumiy hajmi 14,8x29,2 sm, matni 13,5x21 sm bo‘lib, 56 qatorda yirik nasta’liq xatida yozilgan. Hujjat keyingi davrda mahalliy matoga yopishtirilgan. Vaqfnoma yuqoridan o‘ng tomonida “Darvish Bahodir sulton 977/1569” jumlasi bitilgan bodomiy shaklda Darvishxonning muhri, oxirida esa qozixona amaldorlari muhrlari bilan tasdiqlangan. Hujjat matnida esa uning 977 yilning rajab oyida (1569 yil dekabr) Toshkent qozixonasida tuzilgani qayd etilgan6.

Hujjatga ko‘ra, Darvish Muhammad Bahodir sulton ibn Bahodir Baroqxon Ko‘kaldosh madrasasi yaqinida, Hazrat Ukkosha mavzeida joylashgan o‘z mulki  bo‘lgan yerda (dar arsai mulki xolis) ichki va tashqi hujralardan iborat bir saroy (saroy-i xujraro ki mushtamal ast bar xujrot-i daruni va biruni), do‘konlar (dakokin) hamda otxona (axtaxona) va tuyaxona (ushturxona) qurdirib madrasa foydasiga vaqf qilgan. Bundan tashqari, shahar tashqarisidagi Qorasuv arig‘i va Achchi mavzeidagi 300 tanob yer ham madrasaga vaqf qilib berilgan. Voqif shartiga ko‘ra, mutavalli etib domulla Oxunjon valadi Oxun G‘oyibnazar a’lam, undan so‘ng esa mutavallilik uning o‘g‘il avlodlariga o‘tishi belgilangan.

Vaqfnomadagi ayrim qaydlar uning madrasaga qilingan birinchi vaqf hujjati emasligidan darak beradi. Masalan, uning 22 qatorida eslatilishicha, vaqf ob’ekti – saroyning janubida joylashgan katta ariq madrasaga vaqfnomada ko‘rsatilgan 1569 yildan oldin vaqf qilingan. Bu ma’lumot Darvishxonning 1569 yildan oldingi xayriya ishlari haqida ham o‘ylab ko‘rishga undaydi. Masalan, Darvishxonning 965/1557-58 yilga tegishli bir yorlig‘ida Shayx Zayniddin mozoriga vaqf qilingan yerlar soliq va to‘lovlardan ozod qilingani haqida so‘z boradi7.

Mazkur vaqfnoma va Darvishxonning Toshkent shahrida olib borgan obodonchilik ishlari bizni Ko‘kaldosh madrasasini kim qurdirganligi haqida yana bir bor o‘ylab ko‘rishga undaydi. Ma’lumki, hukmdorlar yoki yuqori tabaqa vakillari homiyligida qurilgan inshootlarga an’anaga ko‘ra, mazkur shaxs tarafidan vaqf mulklari ham tayinlangan. Shuning uchun ham ular ushbu muassasa va vaqf ma’muriyatining asoschisi bo‘lgan. Masalan, o‘z davrining taniqli davlat arboblari Rashididdin Fazlulloh Hamadoniy (taxm. 1248-1318) yoki Alisher Navoiy (1441-1501) tomonidan olib borilgan qurilish ishlari va ularning vaqf xo‘jaligining tashkil topishi shular jumlasidandir. Bu kabi misollarni so‘ngi 500 yil davomida yuzlab amaldorlarning bunyodkorlik ishlari va ularga ajratilgan vaqf mulklarida ham ko‘rish mumkin. Qulbobo ko‘kaldosh ham madrasani qurdirgan shaxs sifatida unga vaqf mulklari ajratish imkoni bor edi. R.G.Mukminovaning qayd qilishicha, u o‘z davrida Buxoroda ko‘plab savdo-xunarmandchilik inshootlariga egalik qilgan8. Umuman olganda, tadqiqotlarda Qulbobo ko‘kaldoshning shaxsiy mablag‘idan Buxoro, Balx, Samarqand va Toshkentda 4 ta madrasa qurdirgani aytiladi9. Afsuski, ular orasida hozirda faqatgina Buxorodagi madrasasi vaqf hujjati ma’lum xolos10.

Toshkentdagi madrasaning Qulbobo ko‘kaldosh tomonidan qurdirilishi masalasida bir qator chalkashliklarni ko‘ramiz. Masalan, madrasa bunyod etilgan yillarda Toshkentda amalda Darvishxon mustaqil hukmdor edi. Toshkentning Buxoroga to‘liq bo‘ysundirilishi 1582-1583 yillarga tug‘ri keladi. Agar Darvishxon Kulbobo kukaldoshga Toshkentda madrasa kurishga ruxsat berganida vakfnomada albatta bu haqda u yoki bu darajada ma’lumot keltirilgan bo‘lardi. Qolaversa, Qulbobo ko‘kaldoshning Toshkentdagi Ko‘kaldosh madrasasini qurdirgani yoki vaqf ajratgani haqida ma’lumot beruvchi manba yoki bevosita ishga aloqador hujjat haligacha topilgani yo‘q. M.E.Massonning fikricha esa, madrasani qurdirish tashabbuskori Qulbobo ko‘kaldosh emas balki, Toshkent hokimlari – Baroqxon yoki Darvishxonning bizga noma’lum ko‘kaldoshi bo‘lishi mumkin11. “Tarixiy Toshkent. XIX – XX asrlarga oid fotosuratlar” nomli foto-albom mualliflari esa to‘g‘ridan to‘g‘ri mazkur ko‘kaldoshni Darvishxonning vaziri bo‘lganligiga ishora qiladilar12.

E’tiborli tomoni, Toshkentning XIX – XX asr boshlariga mansub deyarli barcha rasmiy-huquqiy (hukmdorlar yordiqlari, qozixona hujjatlari) hujjatlarda madrasaning asl nomi Darvishxon ekani, aholi orasida Ko‘kaldosh nomi bilan mashhurligi qayd qilingan. Xo‘sh bunday qaydlar qanchalik asosli? Shu sababli keling ayrim faktlarni tahlil qilib ko‘ramiz.

Darvishxon otasi Baroqxon13 kabi Buxoroda oliy hokimiyatni egallay olmagan bo‘lsa-da, Samarqand, Balx kabi xonlikdagi markaziy hokimiyatga qarshi turaoladigan Toshkent udeli hokimi sifatida Abdullaxon saroyi oldida munosib obro‘ga ega edi. Hatto, Toshkentdagi qurilish ishlariga katta e’tibor bilan qaragan Darvishxonning obodonchilik ishlari o‘sha davr tarixiy asarlaridan ko‘ra ko‘proq shahar aholisi xotirasida to XX asr boshlariga qadar saqlanib qolgan. Toshkentlik muallif Muhammad Solihxo‘janing “Tarixi jadida-yi Toshkand” asarida keltirilishicha, Baroqxon Chorsu bozorida, Hazrat Ukkosha mozori yaqinidagi eski Namozgoh o‘rnida yangi Namozgoh qurdirgan. Darvishxon davrida Namozgohning qurilish ishlari yakunlanib, Namozgohda pishiq g‘ishtdan katta masjid qurilgan va yon-atrof obodonlashtirilgan. Bu inshoot keyinchalik «Baroqxon iydgohi» va «Darvishxon iydgohi» nomlar bilan ham mashhur bo‘lgan. Ushbu muallifning qayd qilishicha, Namozgohdagi masjid va Ko‘kaldosh madrasasi Darvishxon tomonidan yakuniga yetkazilgan14.

Ta’kidlash joizki, Shayboniy sultonlarning o‘z udel markazlarini obodonlashtirish ishlarida madrasalar bunyod qilish muhim ahamiyat kasb etgan. Xususan, Toshkentda Baroqxon, Balhda Kistan Qaro sulton, O‘ratepada Abdulatif sulton bu boradagi ishlarning tashabbuskori va homiysi edi. XVI asrning 20-70 yillarda esa Toshkentda Suyunchxo‘jaxon15, Keldi Muhammad sulton16, Baroqxon va Darvishxon ana shunday obodonchilik ishlarini olib bordilar va bu bilan boshqa shayboniy sultonlar va markaziy hokimiyat oldida o‘zlarining siyosiy va iqtisodiy qudratini ko‘rsatishga intildilar. M.E.Massonning fikricha, Toshkentda bunyod etilgan Suyunchxo‘jaxonning Kaykobus bog‘i (1525 y.), Baroqxon madrasasi (XVI asrning 20-50 yy.), Keldi Muhammad Sultonning Suyunchxojaxon uchun qurdirgan maqbarasi (inshoot keyinchalik Gumbazi Baroqxon deb nom olgan, 1531-1532 yy.) hamda Ko‘kaldosh madrasasi hashamati va ulug‘vorligiga ko‘ra Temuriylar davrida Samarqand va Hirotda olib borilgan bunyodkorlik an’analari bilan uzviy bog‘liqdir17.

Xulosa qilib aytganda, taxminan 1551-1556 yillarda otasi davrida hamda 1557-1578 yillarda Shayboniylar davlatida o‘zining munosib siyosiy mavqeiga ega bo‘lgan Darvishxon hokimligi davrida Qadimiy Namozgoh va uning atrofini obodonlashtirish vaqtida bir madrasa qurdirishi uchun barcha imkoniyatlari bor edi. Bundan tashqari, Darvishxon Baroqxon kabi madrasa qurdirgan yoki otasi davrida boshlangan madrasa qurilishini oxiriga yetkazgan bo‘lishi ham ehtimolga yaqin. Albatta bu o‘rinda Baroqxon va Darvishxon davrida Toshkentda, ayniqsa Chorsu bozori atrofida olib borilgan obodonchilik ishlarini ham e’tibordan qochirmaslik lozim bo‘ladi. Demak, Toshkentdagi Ko‘kaldosh madrasasi asoschisi sifatida Qulbobo ko‘kaldoshni ishonch bilan ko‘rsatishga, ilmiy-ommabop nashrlarda yakuniy fikrlarni bildirishga hali erta. Umid qilamizki, kelgusi izlanishlarda masalaga yanada oydinlik kiritiladi.

t.f.n. O‘.A.Sultonov

O‘zR FAShI katta ilmiy xodim-izlanuvchisi

 Sultonov O‘.A. Ko‘kaldosh madrasasining qadimiy vaqfnomasi va uning asoschisi xususida // «Imom Buxoriy saboqlari» ilmiy jurnali. – Toshkent, 2012. – №2. – B. 134-137.

Izohlar

  1. Bulatova V.A., Mankovskaya L.Yu. Pamyatniki zodchestva Tashkenta XIV-XIX vv. – T., 1983. – S.103-106.
  2. Qulbobo ko‘kaldosh/ko‘kaltosh ­– Ab­dullaxon II ning ko‘kaldosh inisi sifatida dastlab sadr, keyinroq ko‘kaldosh mansabida, xonning Hirotdagi noibi bo‘lgan. Qulbobo ko‘kaldosh shoir, olim va san’atkorlarni qadrlagan hamda ularga homiylik qilgan. O‘zi ham «Muhibbiy» taxallusi bilan she’rlar yozgan, Balxda boy kutubxonaga asos solgan. U otasi vafotidan so‘ng siyosiy mavqeini mustahkamlash niyatida bo‘lgan Abdulmo‘minxon (1598-99) buyrug‘i bilan 1598 yilda qatl etilgan.
  3. Darvishxon (1556-1578) – shayboniylardan, 1556-78 yillarda Toshkent va Turkiston hokimi. 1578 yilda Abdullaxon siyosatiga moyilligi sababli akasi – Turkiston hokimi Bobo sulton tarafidan o‘ldirilgan.
  4. Toshkent. Entsiklopediya. – T., 1992. – B.165-166; Toshkent. Entsiklopediya. – T., 2009. – B.296; O‘zbekiston Milliy entsiklopediyasi. – T., 2003. 5-jild. – B.168-169.
  5. Qarang.: Masson M.E. Proshloye Tashkenta (Arxeologichesko-topograficheskiy i istoriko-arxitekturnыy ocherk) // Izvestiya Akademii Nauk Uz SSR. №2. – T., 1954. – S.123; Bulatova V.A., Mankovskaya L.Yu. Pamyatniki zodchestva Tashkenta. – S.103; Davidovыch Ye.A. Korpus zolotыx i serebryanыx monet Sheybanidov XVI vek. – M., 1992. – S.159; Nabiyev R.N. Vakfnoye xozyaystvo Kokandskogo xanstva. – T., 2010. – S.515.
  6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi. 17-tarixiy jamg‘arma. 1-ro‘yxat. 32601-yig‘ma jild. Dok.№2.
  7. Afsuski yorliqning asl nusxasi emas, shunday hujjat borligi haqida XX asr boshida yozilgan qisqa ma’lumotnoma saqlangan.
  8. Mukminova R.G. Sotsialnaya differentsiatsiya naseleniye gorodov Uzbekistana v XV-XVI vv. – T., 1985. – S.93-94.
  9. Suxareva O.D. Kvartalnaya obщina pozdnefeodalnogo goroda Buxarы (v svyazi s istoriyey kvartalov). – M., 1976. – S.183.
  10. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi. 323-tarixiy jamg‘arma. 1-ro‘yxat. 1-yig‘ma jild.
  11. Masson M.E. Proshloye Tashkenta – S.123.
  12. Tarixiy Toshkent. XIX – XX asrlarga oid fotosuratlar. O‘zbek, rus va ingliz tillarida. – T., 2009. – B.10.
  13. Baroqxon – Navro‘z Ahmadxonn ibn Suyunchxodjaxon, 1533-1551 yillarda Toshkent udeli hokimi, 1551-1556 yillarda esa Shayboniylar davlati oliy hukmdori.
  14. Muxammad Solixodja. Tarixi jadidayi Toshkand. O‘zR FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmasi, №11073. – 200ab varaq.
  15. Suyunchxodjaxon yoki Sevinchakxon (taxm. 1454-1525) – Abulxayrxonning (1428-1468) o‘g‘li, 1503-1525 yillarda Toshkent udeli hokimi, 1510 yildan Shayboniylar davlati oliy hukmdori.
  16. Keldi Muxammad sulton – Suyunchxodjaxonning to‘ng‘ich o‘g‘li, 1517-1525 yillarda Shohruxiya hokimi, 1525-1533 yillarda Toshkent udeli hokimi.
  17. Masson M.E. Proshloye Tashkenta. – S.113.