Nafisa Sodiqova. O‘g‘irlangan milliy boyliklarimiz (1991)

Xalqning bugunini bilish uchun uning o‘tmishiga nazar tashlanadi. Qadriyatlarni belgilovchi mezon — bu, o‘tmish yodgorliklari bo‘lib, ularga san’at, madaniy va tarixiy yodgorliklar kabi ma’naviy va moddiy boyliklar kiradi. Bu boyliklar har bir xalq tomonidan ardoqlanib saqlanadi, mehr-muhabbat bilan o‘rganiladi. Shu tufayli yosh avlod o‘zligini tushuna boradi. Xo‘sh, biz, o‘zbeklar, bebaho yodgorliklarimizni saqlay oldikmi, yosh avlodlarga yetkaza oldikmi? Shu xususda bir mulohaza yuritib ko‘raylik.

O‘rta Osiyo qadimdan o‘z zaminida bebaho moddiy va ma’naviy yodgorliklarni yaratdi. Xususan, dunyoga mashhur samoniylar, g‘aznaviylar, ashtarxoniylar, Temur va temuriylar, shuningdek, Ulug‘bek, Boysunqur Mirzo, Husayn Boyqaro, Xiva xoni Muhammad Rahim, Qo‘qon xonlari Umarxon, Nodira davrida bebaho kutubxonalar yaratildi. Bu kutubxonalarning dovrug‘i Ovrupo, Osiyo, qolaversa, butun jahonga taraldi.

XV asrdan boshlab O‘rta Osiyo — Turon o‘lkalariga Ovrupo sayyohlari, elchilari, savdogarlarining kelishi ko‘paydi, nodir qo‘lyozma va moddiy yodgorliklarni olib ketish kuchaydi. Bu jarayon ayniqsa XIX asrga kelib juda avj oldi. Tashabbus Turkiston bosib olingandan so‘ng, Rusiya qo‘liga o‘tdi. Savdo va iqtisodiy aloqalar rivojida madaniy yodgorliklar va qo‘lyozmalar to‘plash asosiy maqsadga aylandi.

Peterburg Osiyo muzeyining direktori, sharqshunos olim X. D. Fren 1834 yili O‘rta Osiyodan izlab topilishi mumkin bo‘lgan sharq mualliflariga mansub «Yuz asarning xronologik ro‘yxati»ni tuzib chiqdi.

Orenburg bojxonasiga savdogarlar yo‘llash va ko‘rsatilgan qo‘lyozmalarni Peterburgga yuborish haqida farmoyish berildi. Bu vazifa buyurilganidan ham «a’lo» darajada bajarilib, Peterburgga qo‘lyozmalarimiz «oqib» kela boshladi. Bu, O‘rta Osiyo moddiy va ma’naviy yodgorliklarining chetga chiqib ketishining birinchi bosqichi edi. Shu davrdayoq Ovrupo davlatlari va Rusiyaning podsho saroylari va kutubxonalarida Turkiston yodgorliklari paydo bo‘la boshladi.

Turkistonni zabt qilish davrida moddiy va ma’naviy xazinalarimiz rus qo‘shini tomonidan vahshiylarcha talandi. 1869 yili Samarqanddan kufiy xatida yozilgan VII asrga oid muqaddas kitob — «Usmon Qur’oni» va Shohizinda maqbarasining darvozasi general fon Kaufman tomonidan Hazrat Oliyga sovg‘a qilindi. Son-sanoqsiz boyliklar, qo‘lyozmalar Peterburgga jo‘natildi. 1870 yili esa Shahrisabz va Kitob bekliklarida 97 qadimiy nodir qo‘lyozmalar qo‘lga kiritildi.

Xiva xonligini talash «ilmiy» asosda tashkil qilindi. Bu ishga Peterburgdagi yirik sharqshunos olimlar Peterburgga jo‘natildi. 1870 yili esa Shahrisabz va Kitob bekliklarida 97 qadimiy nodir qo‘lyozmalar qo‘lga kiritildi.

Xiva xonligini talash «ilmiy» asosda tashkil qilindi. Bu ishga Peterburgdagi yirik sharqshunos olimlar va Rusiya imperatorligi Jug‘rofiya jamiyati bosh-qosh bo‘ldi. Sharqshunos olim P. I. Lerx xonlikda nimalarga e’tibor berish va yig‘ish haqida dastur ishlab chiqib, Turkiston general-gubernatorligiga yubordi. Bosmaxona yo‘li bilan chop etilgan bu ko‘rsatmanoma askar va ofitserlarga tarqatildi. Unda Turkiston shaharlari, xonlik yerlaridan yig‘ilajak qo‘lyozma, tanga, muhr, amaliy san’at namunalari, osori atiqalar, mahalliy hunarmandlarning yuksak san’ati mujassamlashgan buyumlar, ipak gilamlar, o‘ymakorlik bilan ishlangan mis asboblar, egar-jabduqlar, zargarlik, sopol buyumlari, ayniqsa qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan qilich, pichoqlar va boshqalar ko‘rsatilgan edi. Xiva xoni shoshilinch ravishda qochgan bo‘lib, saroy va xazina mulki bosqinchilar ixtiyoriga qolgan edi. Sharqshunos olim A. L. Kunning ko‘rsatishicha, Xivaga yurish ko‘p qimmatli xazinalarni qo‘lga kiritish bilan yakunlandi. U saroydan olingan qimmatli buyumlar ro‘yxatini ham tuzgan. O‘ljaga olingan xon xazinasining tafsiloti haqida shoir va tarixchi olim Bayoniy o‘zining «Shajarai Xorazmshohiy» asarida batafsil bayon qilgan.

Bu boyliklar nimalar edi va ular qayerga jo‘natildi, hozir qayerda? Shu savollarga qisqacha javob beramiz.

a)   Saroydan olingan xon arxivi 5000 dan ortiq hujjatlardan iborat bo‘lib, bular oltin hal bilan bitilgan farmonlar, xon yozishmalari, bitimlar matni, Xiva va Qo‘qon xonligining iqtisodiy va siyosiy hayotiga oid boy hujjatlarni o‘z ichiga olgan.

b)   300 dan ortiq nodir qo‘lyozmalar arab, fors va o‘zbek tillaridagi asarlardan iborat edi. Bular orasida miniatyuralar bilan bezatilgan xattotlik san’atining durdonalari ham ko‘p edi. Bu qo‘lyozma va hujjatlar Peterburgdagi imperator kutubxonasiga (hozirgi Saltikov-Shchedrin nomli Leningrad Davlat kutubxonasida O‘rta Osiyodan keltirilgan o‘ljalar asosida sharq qo‘lyozmalar fondi tashkil qilingan) jo‘natildi.

v)   Moddiy yodgorliklardan behisob qimmatbaho nodir san’at va madaniyat durdonalari o‘lja olindiki, bular Peterburg va Moskva muzeylarini misli ko‘rilmagan darajada boyitib yubordi. Bular orasida Xiva xonining taxti bo‘lib, uni ilmiy tavsif etgan rus olimi V. V. Stasov: «Bu taxt Xiva ustalarining mahorat cho‘qqisi, ya’ni metallga gul solish san’atining betakror mahsulidir», degan edi. Bu taxt 1874 yilda Moskvadagi Orujeynoye palatasiga topshirilgan, hozir ham o‘sha yerda, dunyo ko‘rgazmalarida ko‘rsatilgan. O‘ljalar ichida tanga zarb qilinadigan qoliplar, oltin va kumushdan ishlangan 25 xon muhri, 200 dan ortiq qadimiy tangalar (asosan Temuriylar davriga oid), ko‘plab oltin-kumushdan ishlangan taqinchoqlar, zargarlik buyumlari, behisob turkman ipak gilamlari, xitoy chinnilari, qurol-aslahalar, kiyim-kechaklar bor edi. Xiva xoni devonbegisi Matmurodning uyidan ikki sandiq zargarlik buyumlari va qimmatbaho toshlar tashib ketilgan. Bu narsalar Peterburg va Moskva muzeylariga — Ermitaj, Sarskoye selo arsenali (qurol-yaroqxonasi), Moskvadagi Politexnika va Etnografiya muzeylari, boshqa joylarga jo‘natildi.

Olingan o‘ljalarning muayyan qismini rus ofitserlari, ulug‘ knyaz Romanov va boshqalar Toshkentga kelib kim oshdiga pullashdi.

O‘lkadagi bir guruh rus amaldor va ziyolilari Peterburg sharqshunoslarining bevosita ilmiy rahbarligida va mahalliy yodgorliklarni yig‘uvchilar (kollektsionerlar) yordamida bu yerda eng qimmatli nodir qo‘lyozmalar, san’at va madaniyat yodgorliklarini tashkiliy ravishda markazga jo‘nata boshladi. Peterburgdagi yirik olimlar Turkistonga bir necha bor bir-ikki yil muddatga kelib, o‘lkadagi rus olimlari va kollektsionerlar yordamida har taraflama tekshirish o‘tkazib, ishni arxeologik qazilmalar va betakror maqbara va madrasalardan boshlashdi.

Masalan, N. I. Veselovskiy Afrosiyobda 4 oy ishlab terrekot va ossuriylar kollektsiyasini tuzdi. Qabrlar ustidagi yozuvlar bilan ham qiziqib, Go‘ri Mir, Xo‘ja Ahror, Ahmad Yassaviy qabrlarini tekshirdi. Bu talonchi olim 1895 yili Amir Temur maqbarasining nafis bezakli, naqshinkor darvozasini Peterburgga olib ketadi (hozir Ermitajda). Maqbara g‘arbidagi eshik ham o‘g‘irlab sotiladi (hozir Londondagi Viktoriya muzeyida saqlanadi). 1903 yili esa Amir Temur maqbarasidagi oyna qo‘porib olinadi va imperator Aleksandr III muzeyi uchun Peterburgga jo‘natildi. 1905 yilda esa shu maqbara peshtoqidagi yozuvli lavha o‘g‘irlandi (hozir chet eldan Ermitajga keltirilgan). Bu lavhada «Jahongir Amir Temur Qo‘ragonning qabri, xudo uni rahmat qilsin va abadiy jannatda bo‘lsin» degan yozuv bitilgan. Qabrtosh ustidagi bitiklar, Ishoratxona, Bibixonim masjidi, Ulug‘bek madrasasining devorlaridan ko‘chirib olingan naqshinkor parchalar, lavhalar, koshinlar (hammasi 9 sandiqqa jo bo‘lgan), Amir Temur va Ahmad Yassaviy maqbaralari ichidagi oltin-kumush aralashmasidan yasalgan shamdonlar, Amir Temur maqbarasi shiftidagi oltindan yasalgan yulduzsimon shaklli qandillar va qurol-aslahalar ham olib ketildi. Veselovskiy yordamida Ermitajning numizmatika va boshqa fondlari O‘rta Osiyodan borgan behisob yodgorliklar bilan boyidi.

1883 yili Ermitajga jo‘natilgan buyumlar ichida 1202 etnografik buyumlar, 1168 qadimiy oltin-kumush tangalar bo‘lib, bular O‘rta Osiyoning 30 dan ortiq hukmdor sulolalariga, oid, ya’ni Baqtriya davlatidan to XVII asrgacha bo‘lgan daarni o‘z ichiga oladi. Dukchi eshon qo‘zg‘oloni bostirilgandan so‘ng uning kutubxonasi musodara qilinib, Toshkent kutubxonasiga beriladi. Ammo ko‘p o‘tmay, 1899 yili Peterburgdan V. A. Jukovskiy tomonidan qo‘lyozmalar ro‘yxati tezda jo‘natilishi haqida topshiriq keladi. Oqibatda 1900—1902 yillarda 194 nodir qo‘lyozmalardan iborat bu kutubxona Peterburgga jo‘natiladi, unda G‘iyosiddin Alining «Temurning Hindistonga yurishlari kundaligi» va «Chingiznoma» kabi qo‘lyozmalar bor edi.

Ro‘yxatga kirgan qadimiy buyumlar ichida Samarqanddan olingan Yunusov, Hoji zargar, Mirza Buxoriy, Akram Asqarov va boshqalarning kollektsiyalari bor. Toshkentlik yodgorliklar muxlisi Akrom Asqarov Parijdagi ilmiy arxeologiya jamiyatiga a’zo bo‘lib, o‘zining umr bo‘yi to‘plagan kollektsiyasini hukumatga topshirishni vasiyat qilgan. Kollektsiyaning katta qismi — 14 000 tanga, 200 ta qimmatbaho nodir yodgorlik buyumlar Turkiston general-gubernatori A. B. Vrevskiy farmoyishi bilan Peterburgdagi imperatorlik arxeologiya komissiyasi ixtiyoriga jo‘natilgan va Ermitajga topshirilgan. Yirik kollektsionerlardan samarqandlik Mirza Buxoriy 1202 osori-atiqa buyumlar, 11 tilla, 77 kumush tanga, 18 ta muhr va boshqalarni Veselovskiyga bergan. U Peterburgga 6 yashik qadimiy tanga va nodir yodgorliklarni ham yuborgan. Buxoriy ularga hech qanday narx qo‘ymaydi, balki bu topildiqlarni komissiya lozim topgan mukofot evaziga xazina foydasiga topshirish istagini bildirgan. U hammasi bo‘lib jo‘natgan 6300 osori-atiqalarning bir qismi Ermitajga, qolganlari Osiyo muzeyiga topshirilgan. Samarqanddagi Shayboniyxon madrasasining mudarrisi bo‘lgan Abu Said Mahsum N. I. Veselovskiy va V. V. Bartold ekspeditsiyalarida qatnashdi.

Biz yuqorida qayd qilgan yodgorliklarning hammasi bosib olingan Turkiston hududida musodara etilgan va o‘lja sifatida qo‘lga kiritilib, markazga yuborilgandir. Shunday ekan, yuqorida sanab o‘tilgan barcha boyliklar, tarixiy yodgorliklar, qo‘lyozmalar, kollektsiyalar o‘z qonuniy egasi bo‘lgan o‘zbek xalqiga qaytarilishi zarur.

Suveren O‘zbekiston davlatining rahbariyati ham bu masalani Moskvadagi rahbarlar oldiga qo‘yishi va o‘zaro kelishuv asosida boyliklarimizni qaytarib olib kelishga burchlidirlar.

Axir urushdan so‘ng Drezdendan tashib ketilgan nodir rasmlar kollektsiyasi o‘z egalariga — nemis xalqiga qaytarildi-ku!

1917 yil oktyabridan so‘ng Turkiston o‘lkasining musodara qilingan bu boyliklari Moskva va Peterburgdagi davlat fondiga jo‘natildi, Bu fond 1923 yilda jamg‘arish ishlarini yakunlab, butun mamlakat bo‘ylab musodara qilingan 254200 dona osori-atiqani Moskva va Leningrad muzeylariga bo‘lib bergan. Shuningdek, Buxoro amiri saroyi, arki, Sitorai Mohi xosa va amaldorlar qo‘lida to‘plangan, Xiva xoni hamda uning bekliklarida yig‘ilgan boyliklar va Oq uydagi (Toshkent) sovg‘alar hammasi Moskvadagi davlat fondiga jo‘natilgan. 1918 yili knyaz Nikolay Romanov saroyi Xalq muzeyiga aylantirilgach, unga davlat fondidan 100 dona eksponat yuborilgan.

Butunrossiya musulmonlarining murojaati tufayli, V. I. Leninning ko‘rsatmasi bilan Peterburgga chorizm tomonidan olib ketilgan (1869 yili) Usmon Qur’oni qaytarib berildi. Bu xayrli ish keyinchalik to‘xtab qoldi. Shunga qaramay, Turkiston ASSR Xalq Komissarlari Keigashi 1921 yil 31 iyulda xalqning madaniy xazinasini yo‘qotish xavfining oldini olish maqsadida san’at asarlari, qadimgi yodgorliklar va ilmiy kollektsiyalarni chet elga olib ketishni taqiqlash haqida qaror chiqardi. Bu qaror keyinchalik unutildi. Muzeylarimiz tomonidan misqollab yig‘ilgan nochor fondlar yuqoridan berilgan noma’qul buyruqlar tufayli siyraklashib bordi. Masalan, 1941 yil 2 oktyabrida jumhuriyat narkomprosining № 1573 buyrug‘iga ko‘ra O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyi fondidan O‘rta Osiyo xonliklariga oid 100 ga yaqin oltin-kumush tangalar, zargarlik buyumlari (hammasi bo‘lib 5—6 kg oltin-kumush) Ermitaj xodimining ishtirokida olib ketiladi. Sovet davridagi bunday «bosqinchilik» nafaqat Toshkent, balki Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Qo‘qon muzeylarida ham avjiga chiqdi.

Ikkinchi masala. O‘zbekiston jumhuriyatining zaminida dafinalar, yodgorliklar yashirinib yotibdi. Bularni ko‘pincha arxeologlar qidirib topadi, gohida yer qazish paytida kishilar nogahon qimmatbaho dafinaga duch kelishadi. Oltin, kumush, mis, temir tanga solingan xumlar topib olingani haqida matbuotda yozib turiladi. Biroq ular tarix muzeylariga emas, Moskvaga (Gosxranga) yuboriladi. Yana shuni aytish kerakki, O‘zbekiston hududida ishlayotgan, markazdan kelgan arxeologik ekspeditsiyalar ham topilmalarni har doim jumhuriyatda qoldiryapti deb bo‘lmaydi.

Taklifim: O‘zbekiston jumhuriyati Oliy Kengashi qoshida «Meros» komissiyasi tashkil qilinishi kerak. Bu komissiyaga yirik sharqshunos, tarixchi, arxeolog, adabiyotchi olimlar, muzey va arxiv xodimlari, madaniyat arboblari, yodgorliklarni saqlash jamiyatlari, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasidan vakillar kirishi kerak. U avvalo barcha yodgorliklar ro‘ixatini tuzishi zarur. Qaysi mamlakat muzeylari va kutubxonalarida ulardan qanday foydalanilmoqda? Istanbul, Qohira, Vena, London, Parij, Dehli, Tehron kutubxona va muzeylaridagi yozma yodgorliklarimizning to‘la ro‘yxatini tuzish va ulardan nusxalar, mikrofilmlar ko‘chirib kelish lozim. Rossiyaning markaziy shaharlariga 150 yil mobaynida tashib ketilgan yodgorliklarimizning to‘liq ro‘yxati to‘plamini tuzish va shu to‘plam asosida uning katalogini yaratish zarur. Bu ulkan ish birinchi bosqich bo‘lib, yodgorliklarni o‘z yurtimizga qaytarishga zamin tayyorlaydi.

Nafisa Sodiqova, tarix fanlari doktori.

“Fan va turmush” jurnali, 1991 yil, 9-son