Kim SSSRni urushga tayyorlanmagan deya oladi? Urush boshlangandan 4 kun o‘tgach, Qizil armiya Eronga bostirib kirdi. Bir necha kun ichida shimoliy-g‘arbiy Eron (poytaxti Tehron bilan) Sho‘ro armiyasi nazoratiga o‘tdi.
Janubiy Eronni esa AQSh va Angliya armiyasi egalladi. Bunaqa ishlar to‘satdan tayyorgarliksiz bo‘lmaydi. G‘arbiy frontda armiyasi yakson bo‘layotgan bir vaqtda strategiya nuqtai nazaridan nihoyatda muhim bo‘lgan hududga bostirib kirish Eron orqali AQSh va Angliya bilan aloqa o‘rnatish uchun kerak edi. Ayni vaqtda Afg‘onistonda o‘rnashib olgan nemis agentlari yo‘q qilindi. Ular zaruriyat bo‘lsa, janubdan uchinchi front ochishga tayyorgarlik ko‘rishlari lozim edi…
Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 60 yildan oshdi. Salkam ellik million kishining hayotiga zavol bo‘lgan bu qirg‘in haqida tahlillar hech qachon tugamaydi. Yaqin vaqtgacha biz kommunistik tuzum taqdim etgan fikrlar bilan cheklangan edik. Bunga ko‘ra, urush olovini yoquvchilar — Gitler Germaniyasi, unga homiylik qilganlar — Angliya, Frantsiya, urushning jabrdiydasi esa Sho‘rolar mamlakati edi. Bu urushda yarim million navqiron yigitlari hamda butun moddiy va ishlab chiqarish potentsiali bilan O‘zbekiston ham ishtirok etdi. Shuning uchun bugungi kunda, mustaqil davlat fuqarolari sifatida o‘zimiz ham Ikkinchi jahon urushi xususida mustaqil fikr ayta olamiz.
Ikkinchi jahon urushining ilhomchilari kimlar? Jabrdiydalari-chi? Urush boshlanishining sabablari nimada? Urushning oldini olish mumkinmidi? Nima uchun g‘olib mamlakat mag‘lub mamlakat sadaqasiga muhtoj? O‘rta Osiyo fronti chizig‘iga qanchalik yaqin edi? Urush kimga nima berdi?
Ikkinchi jahon urushi ma’lum faktlar asosida aytish mumkinki, kommunistik va fashist rejimlari o‘rtasida yaqinlik va tafovut tufayli yuzaga kelgan, uning ilhomchilari Gitler va Stalin bo‘lgan!
1939 yil 22 avgust kuni Gitler to‘satdan Stalinga telefon qilib, Tashqi ishlar ministrini shoshilinch Moskvada qabul qilishini so‘raydi. Rozilik berilgach, bir necha soatdan keyin Germaniya Tashqi ishlar ministri Ribbentrop Moskvaga yetib kelgan. U Kremlda juda yaxshi kutib olingan. Oddiy ministrni SSSR Xalq Komissarlari Sovetining raisi Molotov, mamlakat rahbari Stalin darhol qabul qilishadi. Muzokaralar Tashqi ishlar ministrligida emas, Kremlda — Stalin xonasida olib boriladi. Ribbentrop bu yerda Stalinning ish stuliga o‘tirib, Gitlerga qo‘ng‘iroq qiladi. Gap orasida ministr maqtanib: “Men Stalinning o‘rindig‘ida o‘tiribman” deganda, Gitler: “Tabriklayman! Kremlni zabt qilib bo‘ldingmi?” degan! Bu hazil bo‘lsa ham, unda achchiq haqiqat bor edi.
Shu kuni SSSR va Germaniya o‘rtasida tuzilgan “Hujum qilmaslik haqida” shartnoma bilan, Ikkinchi jahon urushiga fotiha berilgan. Unga ko‘ra, SSSR Boltiq bo‘yi mamlakatlari Koreliya, Polshaning sharqiy qismi, Moldaviya va unga yaqin joylarni o‘ziga qo‘shib olish huquqini qo‘lga kiritdi. Germaniya esa Chexoslavakiya, G‘arbiy Polsha, Norvegiya, Lyuksemburg, Daniya, Belgiya, Gollandiyani zabt etishga ruxsat oldi.
Bir haftadan so‘ng 1939 yil 1 tsentyabr kuni Germaniya Polshaga bostirib kirishi bilan Ikkinchi jahon urushi boshlandi. 17 tsentyabr kuni SSSR “G‘arbiy Ukraina va G‘arbiy Belorussiyani ozod qilish” bahonasi bilan Polshaga bostirib kirdi. Sho‘rolar 2 oydan so‘ng Finlyandiyaga qarshi urush ochdi. 1940 yil bahorida Litva, Latviya, Estoniyaga askar kiritib, “Xalq ixtiyori bilan” degan yolg‘on bahona soyasida ularni o‘ziga qo‘shib oldi. Keyin Moldaviya hamda Ruminiyaning shimoliy hududlari bosib olindi.
Germaniya ham 1940 yil bahorida Daniya, Norvegiya, Gollandiya, Belgiya, Lyuksemburgni bosib oldi. Front Frantsiya chegarasiga yaqinlashgach, nemislar bu mamlakatga ham bostirib kirdilar. 1941 yil Yugoslaviya SSSR dan yordam so‘rab, yuqori martabali delegatsiyani Moskvaga yubordi. Lo‘ttibozlikni qarang. 7 aprel kuni Kremlda “SSSRning Yugoslaviyaga harbiy yordam berishi haqida” shartnoma imzolandi. Ayni shu daqiqalarda Germaniya armiyasi Yugoslaviyaga bostirib kirdi. SSSR Germaniyaga hatto diplomatik norozilik ham bildirmadi. Chunki Bolqon hududidagi Yugoslaviya va Gretsiya tajovuzkor Germaniyaning ta’sir doirasiga kirishi zarur edi.
Angliya va Frantsiya o‘zlarini panaga olib, ikki devni bir biriga qayray boshladilar. G‘arb kuzatuvchilari urush endi Angliyaga qarshi emas, (Gitler bir necha marta Angiyani bosib olmoqchi bo‘lgan edi) Germaniya va SSSR o‘rtasida boshlanishini bashorat qildilar.
Ikkala tomon urushga tayyorlana boshladi. Germaniya “Barbarosa rejasi”ni ishlab chiqdi. SSSRda esa Germaniyaga kuchli zarba berib, uni yengish va Qizil armiyani Frantsiya chegarasiga, Angliya va Frantsiya armiyasiga qarama-qarshi qo‘yish rejasi tuzildi. Germaniya matbuoti SSSR davlat tuzumi, afzalligi, kolxoz qurilishi, respublikalar haqida maqtov materiallarini ko‘plab bosib chiqarar, SSSRda esa Germaniya eng yaqin do‘st mamlakat sifatida ko‘klarga ko‘tarilar edi. 1939 yil 21 dekabr kuni Stalin tavalludining 60 yilligi munosabati bilan Gitler yo‘llagan tabriknoma “Pravda” gazetasining birinchi sahifasida yarim betni egallagan edi. Bu behuda emasdi. Ikkala tomon bir-birlarini maqtab, zaif tomonlarini izlar edilar.
Yana bir jihat: Germaniya armiyasi dastlabki yillari (1933-36) SSSRda ishlab chiqarilgan tanklar va zambaraklar bilan ta’minlangan, Germaniya uchuvchilari SSSRda bilim olishgan edi.
Sho‘rolar Germaniyaga ruda, neft, paxta, yog‘och, g‘allani talab darajasida yetkazib bergan. Mamlakatning mashhur traktor zavodlari Germaniya mutaxassislari tomonidan qurilgan va zarur bo‘lganda, harbiy mashina ishlab chiqarishi mumkin edi. Umuman, o‘sha davrda Sho‘ro zavodlaridagi frezer, tokorlik, toshqirqar stanoklar asosan Germaniyadan olib kelingan, ya’ni o‘ttizinchi yillarda og‘ir tanglikka uchragan Germaniya sanoati Sho‘ro buyurtmalari hisobiga qaddini rostlab, keyin Gitler armiyasi uchun eng zamonaviy qurol-aslaha ishlab chiqara boshlagandi.
Gitlerning ustaligini qarang. Dastlab 1937 yili nayrang qilib, go‘yo Qizil armiya qo‘mondonlari Stalinga qarshi harbiy fitna tayyorlayotganligi haqida ishonchli “ma’lumot” yetkazdi. Keyin boshqa yo‘llar bilan yana turli ig‘vo-xabarlarni tarqatdi. Natijada uning asosiy dushmani — Qizil armiya rahbariyati parokanda qilindi: mamlakat harbiy kengashining 85 a’zosidan 76 tasi — 5 marshalning 3 tasi, 4 ta 1-darajali armiya qo‘mondonidan (armiya generali) 2 tasi, 12 ta 2-darajali armiya qo‘mondonlarining hammasi (ya’ni general-polkovniklar), 21 ta komkor (ya’ni generallar) otib tashlandilar. Ular ichida diviziya komandiri Mirsharipov va yana boshqa o‘zbek generallari ham bo‘lishgan).
Polshani parchalab, bo‘lib olishda Gitler navbatdagi o‘yin ko‘rsatdi: mamlakat hududining 60 foizdan ko‘prog‘ini SSSRga berdi!
Keyin Brest shahrida sovet va Germaniya qo‘shinlarining birgalikdagi harbiy paradi o‘tkazildi. Bir yildan so‘ng bir-birini jon-jahdi bilan yakson qiladigan ikki mamlakat qo‘shinlari bu yerda yelkama-elka saf tortib o‘tdilar.
Paradni Gitler qabul qildi. Uzunquloq gaplarga qaraganda, bu tantanalarda Stalin ham ishtirok etgan, deyishadi. Ammo birorta foto yoki yozma hujjat topilmagan. Bir tomondan, Stalin umuman rasmga tushishni yomon ko‘rardi. Maxfiy kelgan bo‘lishi ham mumkin. Chunki u Gitlerning faoliyatidan doim hayratlanib, yuqori baholardi. Stalin juda bo‘lmasa, harbiy paradni radio aloqa orqali Kremlda kuzatgan bo‘lishi mumkin.
Germaniyada rus tilini o‘rganishga qiziqish kuchaygan. SSSRda esa maktablarda asosan xorijiy til sifatida nemis tili o‘qitilardi.
Xullas, 1941 yil 22 iyungacha har ikkala mamlakat urushga barobar tayyorlandilar. Gitler Germaniyasi nemis xalqiga xos pedantizm — aniqlikka rioya qilib, urushni avvalroq boshladi va dastlabki kunlariyoq raqibini esankiratib qo‘ydi.
Kim SSSRni urushga tayyorlanmagan deya oladi? Urush boshlangandan 4 kun o‘tgach, Qizil armiya Eronga bostirib kirdi. Bir necha kun ichida shimoliy-g‘arbiy Eron (poytaxti Tehron bilan) Sho‘ro armiyasi nazoratiga o‘tdi. Janubiy Eronni esa AQSh va Angliya armiyasi egalladi. Bunaqa ishlar to‘satdan tayyorgarliksiz bo‘lmaydi. G‘arbiy frontda armiyasi yakson bo‘layotgan bir vaqtda strategiya nuqtai nazaridan nihoyatda muhim bo‘lgan hududga bostirib kirish Eron orqali AQSh va Angliya bilan aloqa o‘rnatish uchun kerak edi. Ayni vaqtda Afg‘onistonda o‘rnashib olgan nemis agentlari yo‘q qilindi. Ular zaruriyat bo‘lsa, janubdan uchinchi front ochishga tayyorgarlik ko‘rishlari lozim edi…
Urushdan keyin diplomatiya yo‘li bilan hal qilinadigan masalalar (urushdan keyingi chegaralar, okkupatsiya hududlari, Germaniya va Yaponiya taqdiri, Xitoy, Koreya va hakozo…) hali janglar Dnepr bo‘ylarida davom etayotgan vaqtda, 1943 yil noyabr oyida Tehronda, keyin 1945 fevralda Yaltada Stalin, Ruzvelt uchrashuvida hal bo‘lgan edi. Hali o‘ldirilmagan ayiq terisi xomtalash bo‘lib olingandi. Garchi G‘arb mamlakatlari ikkinchi front ochilishini 2 yil orqaga surgan bo‘lsalar ham, ularning SSSRga harbiy yordami salmoqli bo‘lgan. Eron, Shimoliy Atlantika hamda Alyaska orqali 17500 ga yaqin samolyot, 13000 tank, 450 xil kema, 2000 paravoz, 376000 avtomashina, kiyim-kechak, oziq-ovqat, xomashyo yetkazib berilgan…
1945 yil 1 may kuni Berlin taslim bo‘ldi. So‘nggi janglar Praga yonida 9 may kuni yuz berdi. 8 mayda esa Germaniya, 2 tsentyabrda Yaponiya taslim bo‘lish haqidagi hujjatni imzoladilar.
Endi dunyo tinch yashashi mumkin edi. Ammo 1946 yili sovuq munosabatlar urushi boshlandi. Bunda otishma, bostirib kirish, qon to‘kish kabi holatlar yo‘q. Ammo “tinchlik uchun kurash” mamlakatlarni holdan toydirardi. Odamlar mitinglar qilib, tinchlik uchun chaqiriqlarga imzolar to‘plashar, sanoat esa eng yangi modeldagi harbiy samolyotlar, tanklar, raketalar ishlab chiqarishni shoshilinch o‘zlashtirar edi. Oqibatda aholining qorni to‘ymas, non, oziq-ovqat, kiyim-kechak yetishmasdi.
AQSh uchun oxirida, ya’ni 1945 yil 6 avgustda mag‘lub Yaponiyaning Xirosima, 9 avgustda Nagasaki shaharlariga atom bombasini tashlash zarurmidi? Aslida bu SSSRga po‘pisa edi. Sababi Germaniyani yenggan SSSR armiyasi Yevropaga katta xavf solardi.
O‘z navbatida SSSR ham 1949 yili atom bombasini, keyinroq neytron bombasini portlatib, G‘arbni esankiratib qo‘ydi. Saksoninchi yillarda dunyodagi barcha atom qurollari bir yo‘la portlatilsa, Yer yuzi bir necha bor yakson bo‘lishi, kurramiz o‘z o‘qidan chiqib ketishi mumkin edi!
Yana bir hayratlanarli holat
Urushni Sho‘rolar yengdi. Germaniyadagi oddiy arra stanokkacha olib ketildi. Yaponiya atom hujumidan xonavayron bo‘ldi. Bu ikki mamlakat taqdiri ayanchli edi. Qarang, endi bu ikki mamlakat jahonda eng taraqqiy etgan mamlakatlar ichida 2-3 o‘rinni egallab, xalqining turmush darajasini osmonga chiqarib qo‘ydilar.
G‘olib SSSR da esa barcha turdagi oziq-ovqat, kiyim-kechak yetishmas, do‘konlarda navbat kutish, olib sotarlik avj olgandi.
G‘olib mamlakat vorislari mag‘lublar sadaqasiga muhtoj bo‘lib qoldi. Taraqqiyot borasida esa ularni hali-beri quvib yetolmaydigan darajaga tushib qoldi.
Anvar Tojiyev
“Hurriyat” gazetasidan olindi.