Tarix tilsimi: Trotskiy va stalin jangi

Dohiy vafotidan so‘ng rahbariyat tepasida turgan L.Trotskiy va I.Stalin o‘rtasidagi kurash nafaqat ikki shaxsning, balki ikki mafkuraning, davlat va partiya qurilishi to‘g‘risida ikki dunyoqarashning to‘qnashuvi bo‘ldi. Bu kurashda Stalin g‘olib keldi va dunyodagi eng katta imperiyalardan birining taqdiri gorilik etikdo‘zning bolasi bo‘lgan shu odam bilan bog‘landi…

1927 yilda Trotskiy boshchiligidagi so‘l muxolifat to‘lasicha yakson qilindi. Lev Davidovich o‘z raqibi tomonidan chet elga badarg‘a qilindi. 30-yillarning o‘rtalari u Iosif Stalin siyosiy tarjimai holi ustida ish boshladi. Oxir oqibatda shu ishi uning qismatini belgiladi. Trotskiy stalinizm hodisasining ildizlari to‘g‘risida bosh qotirdi, Rossiyada vujudga kelgan yangi «bonapartizm» sabablarini qidirdi. Ikkita revolyutsiyani amalga oshirgan ishchilar sinfiga ega, shuncha ziyolilari, o‘qimishli va savodli odamlari bor mamlakatga istibdodning qanday qilib bu qadar keng va chuqur ildiz otganligini o‘rgandi.

Bo‘lajak kitob, shubhasizki, Stalin qurayotgan tizimga jiddiy zarar yetkazishi aniq edi. Va shunda kitob qahramoni Meksikada yashayotgan muallifni yo‘q qilishga buyruq beradi. 1940 yil 21 avgustda Trotskiy o‘z ish kabinetida o‘ldirildi. Lekin bu paytga kelib, rejalashtirilgan ikki kitobdan bittasi yozib tugatilgan edi. Qo‘lyozmalar yonmaydi, degan edi M.Bulgakov. Bu ziyrak fikrni «tarixiy haqiqatni yashirib bo‘lmaydi», deb kengroq ma’noda tushinamiz, albatta.

Har nechuk, tugallanmagan bo‘lsada, bu asar xulosalari, undagi siyosiy tahlil parchalangan Imperiya vujudida yashagan qabohat, yolg‘on va aldov, millatlar taqdiriga befarqlik, insonni chiroyli atama berilgan tizimning quliga aylantirish kabi illatlardan ogoh etadi.

L.Trotskiyning «Stalin» deb nomlangan kitobidan parcha e’lon qilar ekanmiz, ushbu qaydlar nafaqat tarixchilar va siyosatshunoslar uchun, balki kengroq jamoatchilik vakillari uchun ham foydadan xoli bo‘lmas, degan umiddamiz.

«Muayyan doiralarda mening Stalinga nisbatan nafratim to‘g‘risida ko‘p gapirib yozishadi. Bu mish-mishlar og‘ir o‘ylarga va qismatim to‘g‘risida mash’um xayollarga toldiradi. Men faqat yelka qisib qo‘yishim mumkin, xolos. Bizlarning yo‘llarimiz bir biridan shuncha uzoqlashdiki va bunga shuncha ko‘p vaqt bo‘ldiki, unga nisbatan mening hissiyotlarim Gitlerga yoki yaponiyalik Mikadoga nisbatan bo‘lgan hissiyotlarimdan deyarli farq qilmaydi. Shaxsiy munosabatlarimda nimaiki bo‘lgan bo‘lsa, hammasi allaqachon o‘chib-so‘ndi. Men ilgari uni kuzatib turgan joyim endi byurokratiya ekraniga bahaybat soyasini tashlab turgan bu odamning haqiqiy qad-qomatini ko‘rishga imkon bermasdi. Shu boisdan o‘z ongimda men Stalinni hech qachon unga bo‘lgan nafrat darajasigacha ko‘targan emasman, deb aytishga haqliman.

— Isroil podshosi bo‘lishidan avval Dovud (payg‘ambar) o‘smirligida qo‘y boqqan edi. Bu holat undagi xudodod boy ruhiy iqtidorni so‘ndirmadi. U arfada sehrli kuylar chalgani uchun Saul saroyiga taklif qilindi va musiqa bilan shoh ko‘nglini xushnud etdi. Dovud keyinchalik payg‘ambar darajasigacha o‘sib ulg‘aydi. Garchand yarim ko‘chmanchi bani isroil farzandlarining deyarli hammasi cho‘ponlik qilganligini, o‘sha paytlarda odamlarni boshqarish san’ati podalarni boshqarish san’atidan ko‘pam farq qilmaganligini e’tiborga olsak, bu favqulodda «ko‘tarilish»ga hayron qolmaymiz.

Shoh Dovud davrlaridan buyon o‘tgan asrlar davomida nafaqat qadim Rumda, balki yangi Frantsiyada ham eng yuksak hokimiyat sari hayratlanarli yuksalishlarni ko‘rishimiz mumkin. Aksariyat hollarda bu yuksalishlar harbiy sarkardalar nomi bilan bog‘liqdir. Ular janggohlarda qurollangan odamlarga qanday mohirlik bilan rahnamolik qilgan bo‘lsalar, keyinchalik xuddi shunday ustalik bilan qurolsiz kishilar ustidan ham hukmfarmonlik qildilar. Bu gap Yuliy Sezarga ham, Napoleonga ham tegishlidir. Lekin XIX asr oxiriga kelib mustabidlar tizimi barham topdi.

— Jahon urushigacha (1914 yilga qadar-tahririyat) demokratiya barcha joyda, har qalay Yevropada, Shimoliy Amerikada va Avstraliyada mustahkam o‘rnatilgan edi. Vakolatchilikning konstitutsion mexanikasi ilg‘or insoniyat uchun yagona maqbul boshqaruv tizimi bo‘lib tuyulgandi. Bashariyat rivojlanib, ko‘payib borar ekan, demokratiyaning istiqboli ham porloq bo‘b ko‘rinardi. Ko‘plar hozir ham XIX asrda yashamoqdalar. Aslida esa demokratiyalar diktaturaga olib keldi.

— Rossiyadagi voqealar bu tarixiy-dunyoqarashga birinchi zarbani berdi. Chorizm o‘rnini sakkiz oylik tanaffusdan so‘ng bolsheviklar diktaturasi egalladi. Italiya va Germaniyada – vakilchilik tizimining ko‘p yillik maktabidan o‘tgan mamlakatlarda bolaligida Dovud kabi kamtarona ish qilib yurgan, hech kimga notanish kimsalar hokimiyat tepasiga kelishdi. Ular biror harbiy zafarlarni quchmagan, ularning qonida biror buyuk inson qoni yo‘q edi. Rimga asos solgan aka-ukalar emgan ona bo‘ri Mussolinining katta buvisi emasdi. Svastika esa Gitlerning oilaviy gerbida yo‘q edi. U bu belgini misrliklardan va hindulardan o‘g‘irlab oldi.

Mussolini va Gitler o‘z kurashlarini demokratiya sharoitlarida boshlashdi. Ular teng huquq asosida o‘z raqiblari bilan bahslashishdi. Ammo Stalinning yuksalishi tarixida shunga o‘xshash biror narsa bo‘lmagan.

Gitler mudom o‘zining daholigi haqida gapiradi. Stalin esa bu to‘g‘risida boshqalarni gapirishga majbur etadi. Lekin Stalin Gitler va Mussolini singari o‘z axloqiy tabiatiga ko‘ra sharmu hayosiz, yolg‘onchi va odamlarni sevmaydigan shaxsdir. Ular odam bolasining faqat tuban hislatlarinigina ko‘radilar. Bu-ularning realizmidir.
— Shaxsiy adovat Gitler va Mussolinining yuksalishida juda katta rol o‘ynagandi. Stalin ham xuddi shunday. O‘spirinlik chog‘ida o‘qishni eplolmagani uchun diniy seminariyadan haydalgan Stalin qisqa vaqt Tiflis observatoriyasida buxgalter bo‘lib ishladi. Kirim-chiqim kitobini u qanday yuritganligi noma’lum. Lekin buxalterona «hisob-kitob»ni u siyosatga, odamlar bilan munosabatlarga olib kirdi. Uning shuhratparastligi uning nafrati kabi aniq hisob-kitoblarga asoslangan. Stalin-g‘oyat ehtiyotkor. U o‘z nafratini uzoq vaqt ichida saqlab, cho‘kindi qo‘yqumga aylanguncha olib yuradi. Uning qasosi bag‘oyat keng quloch yozib ketadi, chunki u yerda emas, hozirgacha mavjud bo‘lgan apparatlardan eng kattasining tepasida turadi. Apparatga mudom sodiq bo‘lganligi uchun Stalin uni to‘lasincha o‘z qo‘liga oldi. U partiyaga, davlatga, partiya dasturiga xiyonat qildi, lekin biror kimsaga byurokratiyani chertgani qo‘ymadi.

— Rum imperiyasi saroylarining xalq tepasida turgan a’yonlari oliy hakam hisoblangan Qaysarga muhtoj bo‘lganlari singari, hozirgi Rossiyada ham xalq va Sovetlar tepasiga o‘rnashib olgan byurokratiyaga dohiy kerak edi.

Hammadan hayratlanarlisi shundaki, XX asr bizni ko‘p jihatdan Uyg‘onish davri uslublariga qaytarmoqda, boz ustiga, shafqatsizlik va aql bovar qilmaydigan azob-uqubatlar ko‘lami bilan undan ham oshib tushdi. Hokimiyat uchun kurash-talash, erishilgan barcha insonparvar an’analarni mahf etib, yanchib tashladi. Insoniyat tarixi yuksalib- rivojlanib boradi, degan aqidaga ishonib yurgan odamlar uchun stalinizm hodisasi tushunarsiz va hayratlanarlidir…

1938 yil 31 martda men Millatlar Ligasi kotibiyatiga xat bilan murojaat qilib, Yevropaning bir qator mamlakatlarida yuz bergan aksariyat siyosiy qotilliklar bevosita Stalinga bo‘ysunuvchi Bosh siyosat boshqarma (GPU) tomonidan amalga oshirilganligini aytdim. «Hujjatlar, guvohlar ko‘rsatmalari hamda rad etib bo‘lmaydigan siyosiy asoslarga tayanib, men jahon jamoatchiligi allaqachon bilgan narsani – bu jinoyatchilar galasining boshlig‘i Butunittifoq kommunistik partiyasi bosh sekretari Stalin ekanligini isbotlashni bo‘ynimga olaman», deb yozdim. Xat so‘ngida yuqorida tilga olingan Iosif Stalin Millatlar Ligasi tribunaliga chaqirtirilishi lozimligini ta’kidladim. O‘quvchilardan yashirmayman: mening tashabbusim javobsiz qoldi. Darvoqe, Millatlar Ligasiga qilingan boshqa umidlar ham chippakka aylandi.

— Moskvadagi bir qator sud jarayonlari natijasida Lenin hayotlik paytida Siyosiy byuro tarkibida bo‘lgan, ya’ni partiya va davlatning oliy muassasidagi to‘qqiz rahbardan yettitasi (Stalinning o‘zidan va «vaqtida» vafot etgan Lenindan tashqari) xorijiy davlatlarning josuslari bo‘lib chiqdi. Qizil armiyaga faqat xoinlar lashkarboshilik qilgan ekan. Trotskiy, Tuxachevskiy, Yegorov, Yakir, Uborevich, Gamarnik, Muralov, admiral Orlov va boshqalar. Yirik sovet diplomatlari: Rakovskiy, Sokolnikov, Krestinskiy, Karaxan, Yurenev, Bogomolov va hokazolar xalq dushmanlaridir. Sanoat, temir yo‘llar va moliya boshida sabotaj tashkilotchilari: Pyatakov, Serebryakov, Lifshits, Grinko va boshqalar turgan. Komintern boshchiligiga esa fashizm agentlari Zinovev, Buxarin va Radek suqulib kirib olishibdi.

Minglab kilometrlar naridagi Trotskiyning buyrug‘iga binoan hukumat boshlig‘i Rikov hamda aksariyat xalq komissarlari: Kamenev, Rudzutak, Yakovlev, Rozengolts, Ivanov, Osinskiy va boshqalar chet ellik jossuslarga aylandi.

Sovet respublikalari rahbarlarining barchasi – o‘ttizdan ortiq kishi imperializm josuslari ekanligi fosh etildi. Ularning hammasi Sovet hukumati o‘z qo‘llarida bo‘lgan paytda shu hukumatga qarshi uyushtirilgan. Va, nihoyat, hukumat dohiylarining hayoti va salomatligini himoya qilish zaxarlovchi fitnachilar qo‘liga topshirilgan. Davlatning oliy hifzu-himoyasi topshirilgan siyosiy politsiya boshlig‘i Yagoda barcha jinoyatlar tashkilotchisidir.

Mislsiz fojea aks etgan bu surat ostida suratkash ustasining imzosini – «Iosif Stalin» deb qo‘yish joiz».

PS. So‘nggi xabar
GENERALISSIMUS O‘G‘LI

Yaqinda AQSh Mudofaa vazirligi Iosif Stalinning nabirasiga uning otasi Yakov Jugashvilining nemis asirligida vafot qilganligi bilan bog‘liq hujjatlarni topshirdi. Asir-generalissimusning to‘ng‘ich o‘g‘li edi.

14-tank diviziyasi 14-gaubitsa-artilleriya polkida batareya komandiri bo‘lgan Ya.Jugashvili 1941 yil iyulida asirga tushib qolgandi. Nemislar bundan dastlab propaganda maqsadida foydalanishdi, so‘ngra Qizil Xoch orqali uni feldmarshal Paulyusga almashtirmoqchi bo‘lishdi. Lekin, ma’lumki, Stalin bundan bosh tortgan.

Yakov o‘z joniga qasd qilgan, degan gaplar yurardi. Ammo Pentagon vakili yaqinda topilgan hujjatlarga asoslanib, Yakov Jugashvili qochishga uringanida otilgan ekan, dedi. Bu hujjatlarning asl nusxalari urushdan so‘ng darhol Germaniyaga berilgandi. Hozirgacha sir saqlab kelinayotgan bu hujjatlarning ko‘chirma nusxalari Vashington milliy arxividan «suv beti»ga chiqib qoldi. Maxfiy to‘plamda, xususan, SS reyxsfyureri Gimmler tomonidan imzolangan Ya. Jugashvili so‘rog‘i protokoli, qo‘riqlovchilarning guvohliklari, ingliz va amerika razvedka mahkamalarining o‘zaro yozishmalari bor.

«Nur» gazetasidan olindi