Sirojiddin Ahmedov. Ota-bola Otabekovlar

Yaqinda “Turkiston viloyatining gazeti” muallifi N.P.Ostroumovning faoliyatini o‘rganish bahonasida Andijon shahrining 1900-1905 yillardagi qozisi Muhammad Otabek va u kishining farzandi arjumandi mashhur selektsioner olim va tarixchi, “Dukchi eshon voqeasi” kitobining muallifi Fozilbek Otabek o‘g‘lining “gazet muallifi”ga yozgan maktublari va olgan surati qo‘limizga tushdi. Maktubdor xat hoshiyasiga odati bo‘yicha qora qalamda, 1904 yil avgust va 1905 yil 15 avgust sanasini qo‘ygan.

Nihoyatda go‘zal nasta’liqda yozilgan bu maktub mazmunining tarovati va egasining olijanobligi, muomala madaniyatining mujibligi bilan e’tiborimizni tortdi. Maktub, bir tomondan, qanday go‘zal fazilatli ziyolilarimiz bo‘lganidan faxr tuyg‘usini uyg‘otsa, boshqa tomondan, uzoq muddat madaniyatimizning ajoyib ma’naviy-ruhiy jihatidan ayru yashaganimiz ko‘nglimizni bezovta qildi.

Xo‘sh, faxr va bezovtalik sababchisi bo‘lgan bu zotning o‘zi kim?

Fozilbek Otabekning to‘liq ismi Muhammad Fozilbek Qozi Muhammad Otabek shahid Ubaydullabek o‘g‘li (1879-1936) bo‘lib, Andijon shahrida tug‘ilgan.[1]

Otasi – Hoji hofiz Otabek Ubaydullabek o‘g‘li ziyoli, madrasa ko‘rgan va qozilik darajasiga erishgan inson bo‘lib, uning Ahmadbek, Fozilbek, Xizrbek, Tojibek, Mahmudbek ismli besh o‘g‘li bo‘lgan. Barcha bolalarini rus-tuzem maktabi va madrasada o‘qitgan. Hoji Otabek Andijon qozisi sifatida Turkiston, xususan, Andijon shahridagi maorif-madaniyat sohasidagi o‘zgarishlarni quvvatlagan. Shaharning rus ma’murlari, xossatan, “Turkiston viloyatining gazeti” muharriri N.Ostorumov bilan yaqin aloqa o‘rnatgan. Qozi 1903-1904 yillarda Ostroumov bilan uchrashadi (1904 yil avgust bitigi shunga ishora). Ammo keyingi uchrashuv unga nasib etmaydi, o‘z hovlisida qasddan o‘ldirib ketiladi. Ostroumov qadrdoni boshiga tushgan musibatni befarq qoldirmaydi. Gazetada uning o‘limi haqida xabar va ta’ziyanoma e’lon qiladi.

“Turkiston viloyatining gazeti” 1905 yil 30 aprel, 17-sonida mash’um voqea haqida quyidagicha xabar bosiladi: “23 aprelda Andijon shahrining musulmoniya dahasidag‘i mashhur va ma’lum Otabek qozining uyig‘a kechasi yigirma adadga yaqin qaroqchilar to‘fangcha va qilich ilan kirib, mazkur Otabek qozini so‘yub va bir o‘g‘lini boshini yarador qilib va xotunini urub, qattig‘ yarador qilubdur. To‘fangchani ovozini eshitib, xaloyiq yig‘ilib kelgon vaqtda mazkur qaroqchilar qochib ketibdur. Mazkur hodisani shahar pristavi Dombrovskiy to‘ra eshitib, darhol taftish va tahqiq aylab, mazkur to‘ra o‘g‘rilardin o‘n ikki adadini Seg‘oza va Asaka bo‘lostlaridin ushlabdur. Tahqiq va taftishdin shul tariqa ma’lum bo‘lar emish kim, mazkur qaroqchilar pul va mol uchun kirmay boshqa xusumat uchun kirgandur deb. Mazkur qozini yonida yuz so‘mdin ziyoda aqchasi yo‘q ekan”.

Xabarda qozi xusumatdan, ya’ni qasddan o‘ldirilgani pristav tomoni- dan tasdiqlanyapti…

Qozi Otabekning ziyoli inson ekanligi faqatgina vatandoshlari orasida emas, xorijlik mutaxassislarga ham ma’lum bo‘lgan. Fikrimizni tarixchi S.Jalilovning Istanbulda chiqadigan “Dari saodat”[2] gazetasining muharriri qoziga maktub yo‘llab “Olimu donishmand”, deb murojaat etgan”, degan satrlari ham tasdiqlaydi.

“Turkiston viloyatining gazeti” muharriri N.P.Ostroumov Otabek qozining bilimidan xabar topgach, u bilan uchrashish niyati tug‘iladi. 1903 yilda Andijonga safarga borganda Otabek qozi ikki o‘g‘lini yuborib, to‘rani mehmonga taklif qiladi. Fozilbek maktubida yozishicha, ularning hovlisida ajoyib ilmiy suhbat quradilar va birgalikda suratga ham tushadilar.

Fozilbek Otabek o‘g‘lining shu kungacha e’lon qilinmagan ushbu maktubi mazmuniga qaraganda, Qozi Otabek nihoyatda bilimdon, zamon voqealarini puxta tahlil qila oladigan, ijtimoiy-madaniy yangiliklarni quvvatlovchi kishi bo‘lgan, haj ziyorati bahonasida Istanbulda bo‘lib, bir necha muddat u yerda yashab, mahalliy shart-sharoit bilan tanishgan. Buni Ostroumov ham tasdiqlaydi. U Peterburgga, imperiya hududida yashovchi musulmonlar masalasini ko‘ruvchi komissiya ishiga ketishdan oldin, fojiali voqeadan 15 kun o‘tmay, gazetada ta’ziyanoma e’lon qiladi. U ta’ziyanomada Qozi Muhammad Otabek siymosini quyidagicha ta’riflaydi: “Kamina muharrir gazet ul mutavaffiy qozi xususida ko‘p afsus va nadomatlik aylab yozamankim, mazkur Otabek qozi ko‘b yillardin beri Andijon shahrig‘a qozilik lavozimatida turub, hukomlarg‘a va fuqarolarg‘a nihoyatda maqbul va mu’tabar bo‘lgon edi va mundin bir necha yil muqaddam hajg‘a borib, adoyi faroyizi haj qilib, Istanbulda ham bir necha vaqt turub, o‘shal taraflarning rasm-qoidalarig‘a omil va mohir bo‘lg‘on ekon. Kamina muharrir o‘tgon yillarda sayohat qilib, Andijon shahrig‘a borganimda, ul mutavaffiy qozi manim Andijon borgonimni eshitub, qo‘shxonamg‘a ikki o‘g‘ullarini yuborubdur, meni o‘z uylarig‘a taklif aylab. Ul kuni uzr bo‘lub bora olmadim. Ertasi qozini o‘zlari kelib taklif aylab, uylarig‘a olib bordilar”. (“Turkiston viloyatining gazeti”. 1905 yil 6-may, №18.)

Ostroumov suhbat chog‘ida Otabek qozining nihoyatda bilimdon, ziyoli va qalamli odam ekanligiga ishonch hosil qiladi. Sababi, qozi uni o‘z kutubxonasiga taklif qiladi. Bu davrga kelib “deystvitelniy statskiy sovetnik” unvoniga sazovor bo‘lgan Ostroumov o‘ziga xos sinchkovlik bilan kutubxona bilan tanishadi va quyidagilarni bayon qiladi: “Xususan, kamina shunga xursand bo‘ldim kim, Istanbul, Eron va Hindistondin har xil musulmoncha gazet olor ekonlar. O‘shal gazet mualliflaridin yuborilgan har xil kitoblarni ham jam’ qilg‘on ekonlar va besh o‘g‘ullari bor ekon… lekin hama o‘g‘ullori Rusiya xati va zabonig‘a nihoyatda olim va mohir ekon… oxir umurlarida shahid bo‘lub, xudovandi karim shahidlik darajasini ato qilib oxiratlari ham obod bo‘ldi, degon jazm va umidni qilamiz”(o‘sha manba).

Gazeta muharriri suhbat asnosida xonadagi kitob va gazetlar savlatga qo‘yilmaganiga to‘la ishongach, Turkiston tarixi haqida fikr almashadi. Mezbonga mufassal Turkiston tarixini yozishni maslahat berish bilan kifoyalanmay, uni nashr etish masalasida yordam bermoqchi bo‘lib, “Turkiston viloyatining hech bir mufassal tarixi yo‘q-ku, agar man muhibbi bilsam edim, bir umr sa’y ko‘zi birlon qaror edim”, deydi. (F.Otabek maktubiga qaralsin.) Andijon shahri tarixi bilan qiziqib, shahar tarixi bormi, yo‘qmi, deb so‘raydi. Agar bor bo‘lsa topib, yuborishini iltimos qiladi. Qozi o‘zbekka xos tarzda, “mehmon otangday ulug‘” maqoliga amal qilib, iltimosni bajarishga kirishadi, ammo Andijon tarixini hech yerdan izlab topolmaydi. 1904 yil 10 avgustda Ostroumovga maktub yo‘llab: “Ammo Andijon tarixini har yerdin so‘rog‘lab va taftish aylab topolmadim. Yana ham so‘rab ko‘raman. Agar topolmasam, o‘z fahmim yetgancha biroz muxtasar tasvid qilub yuborub, xidmatlarig‘a manzur qilaman. Iste’jol tariqasida aytqon fotog‘raflaridan 2 dona yuborildi”.

Hurmatli to‘ra ketgach, mo‘tabar mehmonning so‘zi yerda qolmasin qavli- da ish tutgan Muhammad Otabek qozi “Mufassal tavorixi Turkiston” kitobini yozishga kirishadi. Kitobning 185 sahifasi yozilganda, yuqorida aytilgan fojiali voqea sodir bo‘ladi – qozi o‘z hovlisida shahid etiladi va asar tugallanmay qoladi.

Gazetada muharrirning ta’ziyanomasi bosilgandan keyin birin-ketin shoir Mirzo Muhyi Ho‘qandiy (1905 yil 2 iyul) va Mavlaviy Yo‘ldosh Xo‘qandiylarning (1905 yil 9 iyul) Qozi Muhammad Otabekka bag‘ishlab yozilgan marsiyalari chop etiladi. Mavlaviy Yo‘ldosh hajman ixcham marsiyasida:

Banogoh shabi k az rabbiyal avval,
 Bahorash ramid va jamolash chamid

– deb qozining vafot etgan fasl, vaqt, oyini aytib keyingi misralarda yilni abjad hisobida ko‘rsatsa, shoir Muhyi marhumni “Allomai mulki Turon, qudvash ulamo va fuzaloi Andijon” va hokazo deb sifatlaydi hamda uni mazlumona, ya’ni jabr yo‘li bilan yovuz armani tomonidan o‘ldirilganini ta’kidlaydi:

Hukon armani xo‘yi kargon odami ro‘y,
 Ham keshi shumar mal’uni manxus badrak shum.

Har ikki shoir marsiyada Otabek qozining nihoyatda pok, adolatli, donishmand, ma’rifatli inson ekanligini ta’kidlab, uning shahid bo‘lgani- dan afsusda qolganliklarini bildirishgan va oilasiga sabri jamil tilashgan.

Qozi Muhammad Otabekning o‘limi ko‘p jihatdan sirli. Biroq bizning fikri ojizimizcha, bu buyurtma qotillik va tagida siyosat borga o‘xshaydi, chunki 1890-1916 yillarda Turkiston viloyati, Buxoro amirligi, Xorazm xonligining xorijiy mamlakatlarga borgan va chet el nashrlarini oladigan barcha gazetxon va kitobxonlari chor oxrankasi – maxfiy xizmatining ro‘yxatida turgan. Chor ma’muriyati mahalliy aholining ziyoli, taraqqiy- parvar qismini xorij bilan aloqa qilishi u yoqda tursin, hatto xorij matbuoti va adabiyoti ta’sirida ijtimoiy-siyosiy tafakkurini uyg‘onishiga tish-tirnog‘i bilan qarshi turgan. Shu bois Qozi Muhammad Otabekning o‘limiga uning xorijiy nashrlarning mualliflari, ya’ni muharrirlari bilan aloqasi sabab bo‘lishi mumkin. Negaki, qozi ular bilan xat orqali aloqa qilib turgan. Ostroumovning: “Istanbul, Eron va Hindistondin har xil musulmoncha gazet olor ekonlar. O‘shal gazet mualliflaridin yuborilgan har xil kitoblarni ham jam’ qilg‘on ekonlar” so‘zi fikrimizga dalil. Maktublarning manzili esa pochta ma’murlari orqali tegishli idoralarga ma’lum qilingan. Chunki 20 adad bosqinchining qozining uyi­ga to‘pponcha va qilich bilan bostirib kirib, bir odamni o‘ldirib, ikki kishini og‘ir yarador qilib, sariq chaqa olmay, chiqib ketishi g‘ayritabiiy holat. Binobarin, qari musulmon qozisining bosqinchi armani bilan biron narsa talashmog‘iga sababning o‘zi yo‘q. Shu bois pristav Dombrovskiyning “qaroqchilar pul va mol uchun kirmay, boshqa xusumat uchun kirgandur” tahqiqi fikrimizni har jihatdan tasdiqlaydi. Agar e’tibor berilsa, general Jo‘rabek Qalandarovning “Tarjimon” gazetasining obunachisi va tarqatuvchisi ekanligi oxrankaga ma’lum bo‘lgach, oradan biroz vaqt o‘tib, u ham Nerses degan bir armani tomonidan o‘ldirib ketilgan…

Endi Fozilbekning o‘ziga kelsak. U qozining ikkinchi farzandi bo‘lib, asari va maktubi mazmunidan kelib chiqsak, madrasa tahsilidan tashqari rus-tuzem maktabida o‘qigan, arab, fors, usmonli turkchadan xabardor, rassom, fotograf, sozanda va xattotlikda o‘xshashi yo‘q, o‘z zamonining tom ma’nodagi ziyolisi. Ostroumov u haqda: “Xususan bir o‘g‘li moshina birlon (ya’ni fotoapparat) tasvirotlarni nihoyatda xushsurat va zebo olmoqqa mohir ekon. Yaxshi, xushnavis xatlarni moshina birlan olib, mehmonxona devoriga to‘ldirub yopishdirubdur. O‘shal bola tanbur va dutor mashqini nihoyatda yaxshi bilar ekon”, deb yozadi (TVG.№18. 30.4.05).

Fozilbekning Ostroumovga yozgan xati ham yuqoridagi fikrlarni to‘la tasdiqlaydi. Uning “Dukchi eshon voqeasi” kitobiga chizgan rasmlari hamda maktubida “Edinsun” hikoyasini tarjima qilib, “musavvar, qo‘l birlan qildim“, deb o‘zi rasm chizganini ta’kidlashi shunday fikr bildirmoqqa to‘la asos beradi. Fozilbekning umr yo‘ldoshi Saodat ayaning maktubi tufayli olim faoliyatini kengroq o‘rgangan tarixchi Sayfiddin Jalilov “Unutilayozgan olim” sarlavhalik zamindor maqolasida (“Fan va turmush” 1979 yil, №7) yozishicha, Fozilbek Otabek 1923-1928 yillarda Moskvadagi K.Temiryazov nomidagi qishloq xo‘jalik akademiyasida tahsil olib, Qovunchidagi (Toshkent) urug‘chilik-saralash susanida (stantsiya, eski o‘zbek atamasi) ilmiy ish boshlab, paxta navlarini yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Biroq davr bosimidanmi yoki ukasi Mahmudbekning qatag‘on qilinishi tufayli olib borilgan tekshir-tekshirdanmi, xullas, 1936 yilda to‘satdan vafot etadi.

Fozilbek tinib-tinchimas, ko‘p narsaga qiziquvchan kishi bo‘lgani bois otasi boshlagan ishni davom ettirishga ahd qiladi. Otasining dafn marosimini o‘tkazib, oilasida tinchlik qaror topgach, qo‘lyozmani qayta o‘rganib chiqadi. Mirxondning “Ravzat us-safo” asarini topib o‘rganish bilan kifoyalanmay, rus tilida yozilgan O‘rta Osiyo tarixiga oid manbalarni ham tadqiq qiladi va shunday yozadi: “Va filjumla oromi xosa bo‘lg‘onimizdan so‘ngra “Tavorixi Turkiston”dek mufid kitob notamom qolg‘onig‘a afsus aylab, chunonchi, “Bobirnoma”, “Ravzat us-safo” va rusiyo tarix kitoblarin topib, nihoyat, sa’yni haddi balug‘ birla e’timomig‘a yetkurdim”.

Natijada, Fozilbek Otabekning 382 sahifalik “Mufassal tavorixi Turkiston” kitobi maydonga keladi. (Bu asar Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik institutida saqlanmoqda.) Tarix fani nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etgan “Qo‘qon xonligi tarixidan” tadqiqotining muallifi, mashhur tadqiqotchi olim, tarix fanlari doktori Rashid Nabiyev bu asar bilan tanish bo‘lgan. “Qozi Otabekning “Mufassal tarixi Turkiston” asari kompelyativ asar, ammo o‘ziga xos yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan”, deb yozadi.

Maktub mazmuniga qaytsak: Muhammad Fozilbek ismi jismiga mos fozil inson ekanligi ma’lum bo‘ladi. U Ostroumovga otasi boshlagan kitobni nihoyasiga yetkazgani, nashr etishga yordam berishini so‘rar ekan, shaxsan o‘zi nashrga tayyorlagan asl va tarjima asarlari haqida ham ma’lumot berib o‘tadi.

Ajoyib olim haqiqatni yashirmay ro‘yi rost yozadi. U andijonlik fotohavaskor va o‘zbeklar orasida birinchi bo‘lib, fotografiya haqida 253 sahifadan iborat rasmlik “Ilmi fotog‘raf” kitobini (ikkinich bo‘lib toshkentlik pedagog Ro‘zi Husanov yozgan va 1930 yilda lotin alifbosida chop ettirgani ma’lum – S.A.), ruscha “Sbornik zadach” to‘plamini tarjima qilib, 381 sahifalik “Ilmi hisob” – misol va masalalar to‘plamini tayyorlaydi, tasvirli hikoya va turli hikoyalardan iborat rasmlarga boy bir to‘plam-muntahab tarjimani amalga oshiradi va o‘zi rasmlar bilan bezaydi. Olim va tarjimon yuqoridagi ishlar bilan kifoyalangan emas. Selektsiya sohasida ham samarali ishlagan. Tarixchi Sayfiddin Jalilovning yozishicha, “Yangi usul parniklarda a’lo navli ipak tusli paxtani ko‘klatish” (asar), “Andijonda ipakchilik” (maqola) va bundan tashqari g‘o‘za selektsiyasi haqida, asalarichilik to‘g‘risida ham asar yozganini ta’kidlar ekan, “Arabcha-o‘zbekcha izohli lug‘at” tuzgani va muallifda saqlanishini ma’lum qiladi. Xat mazmuniga ko‘ra, Fozilbek “Tarixi umm” (“Umumiy tarix”) nomli kitob yozishni niyat qilgan. Lekin ushbu asarning taqdiri hanuzgacha noma’lum.

Tinib-tinchimas olim Fozilbek Otabek o‘g‘li tarix sohasidagi izlanishlarini davom ettirib, bolaligida o‘zi guvoh bo‘lgan 1898 yil qo‘zg‘oloni voqealarini mahalliy xalq vakillari qo‘liga tushmagan va yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan sud jarayoni materiallari, xarita va chizmalarni o‘rganib kitobiga ilova qiladi. Rus jurnalistlaridan A.Salkov, N.Sitnyakovskiy, A.Romanovich kabi ko‘pgina qalamkashlarning shovinis­tik chiqishlarini, rus matbuoti va arxiv materiallarini puxta o‘rganadi. Hozir kitobda keltirilgan ayrim hujjatlarni arxivlardan topib bo‘lmaydi. Muallif shunday yozadi: ”Bundan yarimgina asr muqaddam Rusiyaning qahrlik istibdodi va chor hukumatining panjayi zulmiga o‘tub, o‘shandan beri ular ko‘zlarimizni ochirmay, hama vaqt boshimizg‘a mushtlab keldi. Hammani savodsizliq balosiga mubtalo qilib, qora kunlarda asorat zanjiri bilan qo‘l-oyoqlarimizni chirmab olmoq fikrida zolim to‘ralari va xoin gubernatorlarini tepamizga bir sohib ixtiyor va qahramon qotil ko‘rsatib idora qilib keldi. O‘z istibdodi sarmoyasini quvvatlantirmoq uchun ham biz, Turkiston xalqini doimo asiru zalil va qul qilib, ishlatib kelmak maqsadi bilan ko‘zimizning ochilishig‘a qarshi turdi”.

Kitobni 1927 yilda o‘ndan ortiq original va ko‘chirma rasmlar, tarhlar bilan bezab, kichik kirish so‘z bilan Toshkent-Samarqandda chop ettiradi. Muallif voqeaning jonli guvohi. Dor atrofidagi hodisalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va tasvir etgan. Voqeaga chuqur taassuf va g‘amginlik hamda andak tanqidiy yondoshgan. Sobiq sovet hokimiyati Turkiston xalqining milliy ozodlik va erk uchun kurashi va uning namoyandalari faoliyatini salbiy baholay boshlagan bir davrda Fozilbek Otabekning tarixiy hodisaga xolisona baho bera olgani va kitob holida nashr ettirgani e’tiborga loyiq va tarixiy jihatdan muhim ahamiyatga ega. Ushbu asar mustaqillik sharofati bilan (S.Ahmad, U.Dolimov, Sh.Rizayev tomonidan) qayta nashr qilindi va Muhammadali xalfa Sobir o‘g‘lining terma baytlari tarix fanlari doktori Mahmud Hasaniy qalami bilan tabdil etilib, kitobga ilova qilindi.

Yuqorida aytilganidek, Fozilbek fotografiya bilan ham shug‘ullangan va o‘zining kichik studiyasiga ega bo‘lgan. U Ostroumovga otasining maktubi bilan birga o‘zi, otasi va to‘ra birga tushgan suratni ham qo‘shib jo‘natgan. Suratning orqa tomoniga o‘sha davr odatiga xos tarzda bosma harfda “Fotog­rafiya F.Atabekova. 1904 g”, deb yozilgan. Binobarin, qo‘limizdagi suvrat N.Ostroumov ularning hovlisida 1903 yilda qisqa muddat bo‘lib, shoshilib kelib-ketgan paytda olingan. Ostroumovning o‘zi ta’ziyanomada “o‘tgan yillarda” so‘zini ishlatganiga qaraganda, Andijonda 1903 yil, taxminan avgust oyida bo‘lgan. (Suratda N.Ostroumov (stulda o‘tirgan holida), uning orqasida F.Otabek va otasi Qozi Otabek muhrlangan).

Ostroumov ushbu xatni ehtiyotlab saqlagan, (unga javob yozganmi, buni aniqlay olmadik. Xat nusxasi saqlanmagan) ammo konvert yo‘qolgan. Suvratni arxivga olish jarayonida yoki keyin, uning ko‘pgina joylariga moviy va zangori siyoh sachragan. Shuningdek, ota-bolaning maktublari va suvrat boshqa-boshqa yig‘ma jildlardan o‘rin olgan.

Qozi Muhammad Otabek shahid Ubaydullabek o‘g‘li va farzandi Fozilbekning ilk bor e’lon qilinayotgan maktublari faqat tarixiy jihatdan emas, balki milliy ziyolilarimiz hamda madaniyatimiz tarixini, o‘zbek va rus ziyolilarining o‘zaro aloqalarini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ilm-ma’rifat millat tanlamasligini va turli aqidalardan ustun turishini ko‘rsatuvchi dalil, deb o‘ylaymiz.

 

MAKTUBLAR

FAZILATLU BALAND DARAJALIK “TURKISTON VILOYaTINING GAZETI” MUALLIFI JANOB OSTROUMOV TO‘RA XIZMATLARIG‘A DUOGO‘YLARI ANDIJON
ShAHRINING QOZISI HOJI MUHAMMAD OTABEKDIN

Ziyoda arz va ixlos adosidin so‘ngra ma’ruz ul kim siz baland darajalukizni kulbamizga qadam muborakingizni yetgonig‘a benihoyat masrruma maqhur o‘ldim, ammo biroz kunni xidmatlarida bo‘la olmag‘onim to‘g‘risida ziyoda afsus qilaman. Chunki iste’jol birlan jo‘nab kettilar. Kelgonlarini bilmay qolubdurman. Suhbatlaridin ko‘proq mustafid bo‘lmoq orzusida erdim. Umid qilaman kim, soir muharrir duogo‘ylari qatorida xotirlarin faromush qilmasalar ekon deb, ammo Andijon tarixini har yerdin so‘rog‘lab va taftish aylab tofolmadim. Yana ham so‘rab ko‘raman, agar tofolmasam, o‘z fahmim yetgoncha biroz muxtasar tasvid qilub yuborub xidmatlarig‘a manzur qilaman. Iste’jol tariqasida aytqon fotog‘raflaridan 2 dona yuborildi. Kamina roqim mahjurdin Olimxo‘ja eshon haqlarig‘a da’vot vofiro muvassul o‘lg‘ay. Muhlisi qadimiy va duogo‘y samimiylari

Qozi Muhammad Otabek, 10 sunbula, 1904 yil.
Muhr: Hoji hofiz Muhammad Otabek
ibni Ubaydullabek qozi shahri Andijon

 

“TURKISTON VILOYaTINING GAZETI” BOSh SOHIB IMTIYoZIDAN OSTROUMOV TO‘RA XIDMATLARIG‘A

1905 yil 15 avgust

Ma’lum qilaman kim, 1903 yilinda Andijon shahrig‘a sharifi qudum qilib, ham bizlarni hovlilarimizg‘a guzarlari sabablu janob padaribuzrukvorim birlan musohib bo‘lub, ul janobni fazlu kamolatlaridin xabar topub, shul tariqada afsus qilib, aytib edingiz kim, “Turkiston viloyatining hech bir mufassal tarixi yo‘q-ki, agar man muhibbi bilsam erdim, bir umr sa’y ko‘zi birlon qaror edim, deb va bu jumladin iltimos qilib aydingiz kim, siz agar tahrir qalami birla sa’y qilsangiz, Turkiston xalqig‘a yodovar tarix qoldirsangiz kerak”, deb.

Bas, janob padaribuzrukvorim siz janobni iltimosingiz idorasidin sizni nomingiz bila “Mufassal tarixi Turkiston” nom bir kitob tahririg‘a sabab dar ro‘zi jistijo‘ qilur edilar. Hanuz tamom 185 sahifag‘a yetkonda Xudoyi taoliyning karami birla boshimizg‘a ne tama’lu balolar yog‘ilib base kulfatlarg‘a qolib, janob padaribuzrukvorimizdin mahrum qoldik. Va filjumla oromi xosa bo‘lg‘onimizdan so‘ngra “Tavorixi Turkiston”dek mufid kitob notamom qolg‘onig‘a afsus qilib, kitob qadiymatini jam’ aylab, chunonchi, “Bobirnoma”, “Ravzat us-safo” va rusiyo tarix kitoblarin topib, nihoyat sa’yni haddi balug‘ birla e’timomig‘a yetkurdim, 312 sahifadin murakkab bir kitob bo‘ldi. Va bir martaba ko‘zdin kechurgon o‘zum, beshak. 899 nchi yildan 1288 nchi yilg‘acha o‘tg‘on voqeotlar, chunonchi, bo‘lub o‘tmish xonlar, muddati saltanat, elchili(k), kalomi xavoyinin va pirlar, shuarolar, she’rlar, ulug‘ tarixlar, binolar, g‘azal va nisfi ehsonu muruvvat, shirin abyot va madhu sanam, tariqi binoyi Xo‘qand, madrasa va masojidlar, muhri Zahiriddin Bobirdin tortub, to polkovnik Smirnovni va general gubernator Kaufmanni oxir umrig‘a ma’lum bo‘ladur.

Hech mumkin emas kim, jahonda buning nazrida yana bir kitob bo‘lg‘ay va e’timomig‘a qilgon jistijo‘yim siz janobg‘a ko‘rganlaridan so‘ngra ma’lum bo‘lsa kerak deb va ham yaxshi qog‘ozg‘a tahrir aylab, halli iqnon birla yozilib muqovva qildirub qo‘ydum. Marhamat qilib oldurmoqni xohlatsalar nenav’ birla xabar qilsalar, amringizni bajo keltursam kerak va siz janobdan umid shulki, o‘z matbaangizda xurufot birlan oro berub, o‘zingizdan yodvor qoldirub “Mufassal tavorixi Turkiston”ni mashhuri jahon qilsangiz ekon deb.

Va mundin boshqa to‘rt adad kitobi benazir vujudg‘a kelturdim: 1 nchi “Ilmi fotog‘raf” kim, 253 sahifadin murakkab, musavvar; 2 nchi “Ilmi hisob”i faroyiz tariqi, 381 sahifadan murakkab, “Sbornik zadach”din ayna tarjima; 3 nchi, hikoya – “Edinsun”, musavvar, qo‘l birlan qildim. 152 sahifadan murakkab; 4 nchi, hikoyot g‘ayr matbug‘ muntahab tarjima, 147 sahifadin murakkab, musavvar, har to‘rti ham benazir kitoblardur. 1903 nchi (yilda – S.A.) general ostafnoy Smirnov to‘ra ko‘rib, manzur aylab, hayot gubernatorg‘a ko‘rsatub, podshohlik matbaada bostirub mashhuri jahon qilamiz deb turgan holda gubernator Arendorenko Farg‘onadan ketib qolib, o‘zimda qolg‘on erdi. Va ushbu zamonda musavvar “Tarixi umm” nom bir kitob tahrirg‘a jistijo‘yim bordur. Man qariyb e’timomig‘a yetkursam kerak. Albatta, bul kitob ham siz janobni nomingizg‘a ta’yin qilinsa kerak deb.

 Va har holda amringizga muntazirman.
 Muhammad Fozil bin Qozi Muhammad Otabek shahid.
Andijon.
 Adres ushbudur: “G.Andijan, Fer. obl. nasl.nar. sudi Atabeka
 Fotograf lyubitel Fazilbeka Atabekova”.

Sharq yulduzi jurnali, 2015 yil, 2-son

[1] Ukasi Mahmudbekning tergov materiallariga qaraganda, tug‘ilgan yil sanasida farq borga o‘xshaydi, familiya ham shevada “Ibaydullabek”, deb yozilgan.

[2] “Dari saodat” – “Dorul saodat” bo‘lsa kerak, chunki XIX-XX asr manbalarida Istanbul shahri “Dorul saodat Islombul”, deb yozilgan. Binobarin, xat muallifi gazetani emas, balki shaharning nomini tilga olgan.