Sirojiddin Ahmad. Ubaydulla Xo‘jayev

Ubaydulla Xo‘jayevning nomini o‘zbek va rus ziyolilari orasida eshitmaganlar juda kam. Ammo biz mavzuni bayon qilishdan avval bir oz chekinish qilmoqchimiz.

Rus tilidagi «tsar» so‘zining o‘zbekcha muqobili bo‘lmish «chor» kalimasi el orasida ommalashguncha Turkiston turklarining boyu kambag‘ali, ziyoliyu ziyosizi boshidan talaygina mudhish voqealar o‘tkazgan edi. Buning sabablari ko‘p: chet davlatlar bilan ijtimoiy, siyosiy, savdo aloqalari yo‘lga qo‘yilmadi; sanoat deyarli yo‘q edi. O‘rta Osiyoda hukmronlik qilayotgan xonlik tizimida fikrlovchi omma kuchsiz bo‘lib, ozchilikni tashkil qilardi; uch xonning o‘zaro urushlari mamlakatni zaiflashtirib tashlagandi; din asoslari, soliq tizimi suiste’mol qilindi; ibtidoiy maktab-madrasa eskiligicha qotib qoldi; «davlat» degan apparat ibtidoiy shaklda ishladi. Uch xonlikda o‘quv tizimi bevosita markazlashgan ilmiy hay’at tomonidan emas, balki qozilar tomonidan boshqarilar, ba’zan bu lavozim ilmsiz kishilar qo‘lida bo‘lardi. Hatto uni ishdan chiqarish uchun faol harakatga o‘tgan josuslar egallab olgan edi. Yurtning ayrim ulug‘lari tasavvufning oliy maqomi bir yoqda tursin, dunyoviy ilmning o‘rtadan yuqori pog‘onasiga ko‘tarila olmagani, elning boshiga kelayotgan balo epkinini his qilmaganligi, xalqning tom ma’noda axborotdan ajratib qo‘yilgani asoratga keng yo‘l ochdi.

Din va qonunlarni qattiq suiste’mol qilish, aholini arzimagan narsa uchun qo‘rqitish, o‘zbekona «andisha»ni «qo‘rqoqlik» deb ataluvchi xastalikka evrilishi, «soddalik» degan ajib fazilatni «nodonlik»ka aylantirilishi, o‘zganing moli-joniga hirs qo‘yish, xo‘jaga ham, fuqaroga ham bir xilda zolimlarga muomala qilish – xalqni siyosiy jihatdan falaj qilib qo‘ygan edi. Shu bois shariatni su’iste’mol qilish, xushomadgo‘ylik, laganbardorlik, poraxo‘rlik avjga chiqdi. Temurlar, Abdullaxonlar davridagi «Vatan, din va podshoh uchun jon baxshida» degan mardonavor va ulug‘vor shiorlari el xotiridan ko‘tarilib ketdi. Xalq ma’naviy va iqtisodiy qashshoqlikka yuz tutdi, jasorat unutildi.

Xonlarning birortasi o‘z lashkarini zamonaviy qurol-yarog‘ bilan ta’minlashni, yangilashni xayoliga ham keltirmadi. Umuman harb sohasida o‘rta asr amaliyotidan nariga o‘tilmagandi. Xonlik va el iqtisodiyotini yaxshilash masalasida nazariy va amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilmagan. Huquqshunoslik soxasida ham yangilanish bo‘lmay, inson haq-huquqlarini himoya qilish masalasi qonunchilik asoslaridan uzilib qoldi. Buning ustiga Xitoy, Angliya, ayniqsa, Rusiya josuslari Buxorodan to Sharqiy Turkistongacha bo‘lgan makonda bemalol yurib, xonliklarning harbiy-iqtisodiy quvvatini, ojiz joylarini aniqlashga, mahalliy aholi orasidan sotqinlar guruhini tashkil etishga erishgan. Mahalliy amaldorlardan alamzada bo‘lgan ayrim qavmlar Rusiya foydasiga ishladi. Oxir-oqibat tanazzulga keng yo‘l ochildi.

Madrasalardan fan va din olimlarining quvilishi, bu yuksak ta’lim-tarbiya dargohlarining bir hovuch chalamullalar, o‘risparastlar makoniga aylanishi, saboqlarda faqat tahorat va besh vaqt namoznigina o‘rgatish, Turkiston xalqi va boyligining talanishi, aholini ma’naviy sindirish, irodasini bo‘shashtirish va uzlatda saqlash ma’lum bir maxfiy reja asosida amalga oshirilayotgani ochiq sezilib qolgan edi. Bu holat 1892 va 1898 yilgi xalq qo‘zg‘olonlari paytida xalqning o‘zaro uyushib qarshilik ko‘rsata olmasligida ma’lum bo‘ldi. (Dukchi eshon qo‘zg‘oloni davrida 18 o‘lgan va bir yarador askar uchun mahalliy aholidan 22 ming kishining o‘ldirilishi, surgun qilinishini eslash kifoya.) Yana shuni ta’kidlamoq kerakki, Turkistonga savdo-sayohatchilik yo‘li bilan keltirilgan xorijiy va ichki Rusiyada nashr etiluvchi turkiy matubot, xalqni ijtimoiy-siyosiy uyg‘onishga chaqiruvchi da’vatnoma chor hukumatiga qarshi talaygina ishlarni qildilar. Turkiston xalqining kundan-kunga oshib borayotgan noroziligining oldini olish uchun chor hukumati din ahli niqobidagi o‘z xufyalaridan ustalik bilan foydalanib, ko‘pgina mudxish voqealarni amalga oshirdi. Shulardan biri Qo‘qonda boshlanib, Buxoroda qonli yakun topgan Mulla Qamar (O‘rta Osiyoga kelib qolgan ichki rusiyalik tatar mullalaridan) fitnasidir. Buxoro madrasalarida tahsil olgan To‘lagan domla Kattaboyev esa Toshkent ulamolari orasida 1910 -1917 yilgacha o‘zini taraqqiyot tarafdori qilib ko‘rsatib yurdi, keyin VChK va GPUning tazyiqi ostida oshkora fitna uyushtirish bilan ovora bo‘ldi. Ammo uning barcha ishlari zoye ketdi. Bironta ulamo va jadid uning ortidan ergashmadi. Aksincha ulamolar o‘zlaricha, jadidlar o‘zlaricha turli jamiyatlar tuzib, mustamlakachilikka qarshi kurash boshladilar. Biroq har ikki guruh orasida rus va xorij qonunlarini puxta biladigan kishilar 1913 yilgacha deyarli yo‘q edi. Aynan shu yili asli toshkentlik bo‘lgan ikki huquqshunos – biri Saratovdan, ikkinchisi Peterburgdan diplom bilan kelib, jadidlar safidan o‘rin oldilar. Binobarin, «Turon» nomi bilan ish ko‘rayotgan taraqqiyparvar yoshlarning imkoniyati yuz foizga oshib, siyosiy kurashni rejali, qonuniy asosda olib borishga kirishdi.

Bu ikki yosh huquqshunosning birinchisi – Ubaydulla Xo‘jayev, ikkin- chisi – Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov edi.

Toshkent shahar, Shayx Xovandi Tahur daha, Mergancha mahallalik Asadullaxo‘ja Abdurahmonxo‘ja bog‘bon va To‘xtabibining to‘rt o‘g‘li va bir qizi bo‘lib, kattasi Ubaydulla –1885 yilda, o‘rtanchasi Bashirulla – 1887 va kenjasi Sunnatulla 1889 yilda dunyoga kelgan. Yolg‘iz qizining ismi Muborakxon edi. Umarxo‘ja degan o‘g‘li yoshligida vafot etgan.

Zamonning zaylini sezgan Asadullaxo‘ja bog‘bon uchala o‘g‘lining eskicha xat-savodini chiqargach, rus-tuzem maktabiga topshiradi. o‘g‘illarining hammasi ham maktabni «a’lo»ga bitirib, yetuk tarjimon bo‘lib yetishadilar. o‘rtanchasi bilan kenjasi hukumat idoralarida tarjimonlik bilan shug‘ullanadilar.

Xudoyorxonning tarjimoni (haqiqiy ismini yashirgan, taxminimizcha M.Umidov) bo‘lgan bir shaxsning Oxrankaga bergan ma’lumotiga qaraganda «Ubaydulla Xo‘jayev rus-tuzem maktabida o‘qishni tugatgach, otasi bilan birga ishladi, keyin Toshkent shahar 1-uchastkasining Mirovoy sudyasi Oranskiyga kamtarona ish haqi evaziga ishga joylashdi. Men Chasovitina ijaraga bergan xonani ularga ta’mirlashga topshirdim. Ana shu paytda men unga e’tibor bergan edim. U epchil, chaqqon mehnatdan qochmaydigan bola edi. Men uni Injenernaya ko‘chasidagi uncha katta bo‘lmagan mayda-chuyda va kvas sotadigan do‘konchaga xo‘jayin bo‘lib, shahar boshqarmasi va boshqa mayda idoralardan kerakli ma’lumotlar to‘plab berish xizmatini bajarish haqida e’lon yozib, o‘zini reklama qilganini eslayman.

U keyinchalik Toshkent okrug sudiga erkin mirza sifatida joylashadi va ishbilarmon mahalliy kishilardan biri sifatida sudda tanish orttirishga ulguradi. Eshitishimcha, unga mahalliy advokat e’tibor berib, uni Rossiyaga ish yurituvchi sifatida olib ketgan va xususiy ishonchli (chastnыy poverennыy), ya’ni advokat diplomini olishga yordam bergan.

Mahalliy musulmon yoshlari g‘oyalari bilan qo‘zg‘algan davrda, Munavvar qori davrasidagi eng yetuk kishilardan biri Ubaydulla Xo‘jayev bo‘lib, «Xurshid» gazetasining xodimi sifatida ishtirok etardi.

U «Sadoyi Turkiston» liberal gazetasiga muharrir paytida Romanovskiy ko‘chasida, General gubernator devoniga yaqin uyda yashar edi. Men har kuni ishga o‘tib ketayotgan paytimda uni Munavvar qori va tatar yoshlari bilan bir stol atrofida o‘tirganini ko‘rar edim» (O‘zb.MDA f 461,r.1. ish1811).

Boshqa ma’lumotlarga qaraganda, Ubaydulla Xo‘jayev Mirovoy sud’ya Oranskiy yordamida tajriba orttiradi. Arxiv materiallariga ko‘ra, u o‘sha sudya bilan Saratovga ketadi. «Rus-tuzem maktabining 4 sinfini tugatganman. Men 1904 -1907 yillardan boshlab mustaqil yashay boshladim, – deb yozadi U. Xo‘jayev o‘z ko‘rsatmalaridan birida. – Toshkent okrug sudida mirzo bo‘lib ishladim, 1907 yilda Toshkent temir yo‘l yuridik bo‘limiga ish yurituvchi lavozimga joylashdim.1908 yilda shu boshqarmaning Orenburg bo‘limiga, idorachi (kontorщik) vazifasiga o‘tkazildim. 1912 yilda Saratov Okrug sudida xususiy advokat (chastnыy poverennыy) unvoniga imtihon topshirdim. Hech qanday firqalarga a’zo emasman». «Ma’lumotim tugallanmagan oliy, Saratov universitetida o‘qiganman» deb yozadi boshqa bir ko‘rsatmasida. U Saratovda yashagan paytida Yekaterina Pavlovna Serdabova bilan turmush quradi. 1913 yilda Toshkentga qaytib kelgach, Romanov ko‘chasi, 16-uyda yashaydi. Toshkent okrug sudida xuquqshunos Ivan Charkovskiy bilan birga ish olib boradi. Turkiston tuman muhofaza bo‘limi agenturasi ma’lumotlariga qaraganda, Charkovskiy yordamida bir necha ishlarni muvaffaqiyatli tugatgani sababli aholi orasida obro‘si oshib ketadi.

Ubaydulla Xo‘jayev Saratovda yashagan paytida V. Shekspir, F. Shiller, Onore de Balzak, V. Gyugo, G. Mopassan, R. Kipling kabi jahon va L. Tolstoy, A.Pushkin, Yu.Lermontov, L. Andreev singari rus adabiyoti namoyandalari ijodini, huquqshunoslikka oid maxsus adabiyotlarni o‘qib-o‘rgandi. Insoniyatni larzaga soluvchi muammolarni erinmay tahlil qilishga urindi. Uni o‘sha davr rus adabiyotida ko‘tarilayotgan inson kamoloti masalasi ham qiziqtirgan. Shu bois u 1909 yilda ruslarning daho adibi L.Tolstoy ijodi bilan chuqurroq tanishadi. Faylasuf yozuvchining nasroniy aqidasidan kelib chiqqan g‘oyasiga mustamlaka mamlakatning farzandi sifatida yon bergisi kelmaydi. Adibning yovuzlikka yovuzlik bilan javob bermaslik haqidagi aqidasiga muxolif o‘laroq L.N.Tolstoyga o‘z fikr-mulohazalarini yozib yuboradi.

«Qadrli Lev Nikolayevich!

Men sira ham Sizning aziyat chekishingizni istmas edim, harholda, men mazkur maktubim bilan o‘zim uchun shubhali bo‘lgan bir masala – «yovuzlikka qarshilik ko‘rsatmaslik» sababini tushuntirib berishingizni so‘rashga jur’at etdim.

«Yovuzlikka yovuzlik bilan qarshilik ko‘rsatma» degan aqidaning shubhasiz to‘g‘riligiga qo‘shilgan holda komil ishonch bilan men quyida keltirayotgan hodisada nima qilish kerakligini bilmayman. «Yovuzlikka qarshilik ko‘rsatmaslik» aqidasining haqqoniyligiga shu bois ishonamanki, u faqatgina «Injil» orqali olgan diniy istaklarimga emas, balki mening haqiqiy zakovatimga javob beradi. Zero, men Muhammad alayhissalomning diniga e’tiqod qilaman.

Mening tushunishimcha, «yovuzlikka qarshilik ko‘rsatmaslik» aqidasi negizida quyidagi haqiqat yotibdi: agar birov qandaydir yovuzlik qilgan bo‘lsa, u yana bir yovuzlikni amalga oshirdi, bordi-yu, men qarshilik ko‘rsata boshlasam yoki amalga oshirilgan yovuzlik uchun qasos olsam, u holda avvalgi bir yovuzlik ustiga ikki yovuzlik bo‘ladi, binobarin, mening qarshilik ko‘rsatishim oqibatida bir yovuzlik ikki barobar ko‘payadi va hokazo. Agar men qarshilik ko‘rsatmaganimda, bir yovuzlik bittaligacha qolar edi, ikkita bo‘lmas edi, ya’ni yovuzlik kamayar edi. Shunday qilib, barchasi qaysi usul bilan bo‘lmasin – yovuzlikka qarshilik ko‘rsatmaslik yoki qandaydir boshqa bir yo‘l bilan yovuzlikni kamaytirishga qaratilgan. Agar shunday bo‘lsa, unda quyidagi hodisada nima qilmoq kerak edi?

Tasavvur etaylik, menga ma’lumki, bir shaxs qandaydir ulkan yovuzlik qilmoqchi, masalan, go‘yo butun bir uy yoki shaharga o‘t qo‘ymoqchi, yoxud poyezd, paraxod falokatini uyushtirmoqchi va hokazo. Shubhasiz, bularning oqibatida o‘nlarcha, yuzlarcha, minglarcha kishilar halok bo‘lishi mumkin. Men, albatta, tayyorlanayotgan ulkan yovuzlikning oldini olish uchun chora ko‘rishga axloqan majburman. Biroq buning uchun menda yovuz shaxs o‘z niyatini amalga oshirishdan ilgari uning o‘zini yo‘qotishdan boshqa chora bo‘lmasligi mumkin.

Men yovuzni yo‘q qilib, o‘nlarcha, yuzlarcha, minglarcha va hokazo kishilarni saqlab qolishim uchun bir odamni o‘ldirdim deb o‘z harakatimni oqlar edim. To‘g‘rirog‘i, men qilgan ish, albatta, yovuzlik, ammo u men yovuzni o‘ldirib to‘xtatgan, ya’ni amalga oshirilajak ulkan yovuzlikka nisbatan arzimasdir. Men o‘z harakatimni yovuzlik deb emas, balki naqadar katta yovuzlikning oldini olishning yagona chorasi deb atar edim, chunki u yovuzlikni kamaytirishga yordam beradi.

 Mening mulohazam ana shunday, biroq, u, to‘g‘rimi, bilmayman. Shuning uchun uzoq ikkilanishdan so‘ng tushuntirib berish uchun Sizga murojaat qildim.

Agar, meni nihoyatda qiziqtirgan masala haqidagi gumonimni tushuntirib berish sharafiga muyassar etsangiz, men Sizdan abadiy minnatdor bo‘laman.

Mening manzilim: Saratov sh. D.Yurenev rastasi, Adliya bo‘limi.

Ubaydulla Asadullayevich Xo‘jayevga.

 Sizga samimiy muxlis musulmon,

 Ub.As. Xo‘jayev.

 29 may 1909 y.

 Saratov sh.»

 Buyuk mutafakkir adib L.N.Tolstoy ushbu maktub bilan tanishib, maktub egasini uzoq muntazir qilmay javob yozadi. (Javob maktubi «Turkestanskiy golos» gazetasining 1916 yil, 25 dekabr, 136-sonida e’lon qilinadi.)

 L.N.Tolstoy shunday yozadi:

 «Yasnaya Polyana, 1909 yil, 5 iyun.

Ubaydulla Asadullovich,

Siz, mendan so‘rabsizki, bir kimsaning ko‘p odamlarga yovuzlik qilish niyati ma’lum bo‘lsa, u taqdirda qarshilik ko‘rsatmaslik haqidagi ta’limotni tan olgan kishi nima qilishi kerak? Ko‘pchilik halokatining oldini olish uchun, o‘sha bir kishiga nisbatan zo‘rlik qo‘llash ma’qul emasmi?

Afv etasiz, bu savolingiz, ko‘plarning shu xildagi savollari singari, haqiqatni bilish istagidan emas, aksincha, haqiqat deb hisoblangan narsani ado etmaslikni oqlash istagidan kelib chiqqan. Insonga mehr-muhabbat haqidagi ta’limot qarshilik ko‘rsatmaslik tushunchasini ham o‘z ichiga olib, u inson intiladigan idealni bildiradi. Idealni taomilning oddiy qoidasi deb bilish esa katta xato yoki o‘z-o‘zini aldashdir. Bu hayotda hech qachon to‘la erishib bo‘lmaydigan yetuk kamolotni talab etuvchi idealgina ideal bo‘la oladi. Lekin u hayotga rahnamo sifatida zarurdir, hayotda erishib bo‘lmaydigan ana shu kamolotdan dalolat bergandagina zarurdir. Mehr-muhabbat ideali haqida ham shuni aytish mumkin. Qarshilik ko‘rsatmaslik tushunchasini ham o‘z ichiga oladigan mehr-muhabbatni talab etish – hech vaqt to‘la ado etib bo‘lmaydigan narsadir, shuning uchun uni ado etishga intilish ham kerak emas, degan mulohaza menga kompas tutgan shunday bir odamni eslatadi: yo‘lda manzilingga tikka bor, deb uning qo‘liga kompas tutqazganlar, u bo‘lsa, kompas ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘lda o‘tib bo‘lmaydigan to‘siqlar – tog‘lar, daryolar va hokazolar bor, shu sababdan ham men mumkin qadar mutlaqo to‘g‘ri yo‘nalishga tushib olish uchun kompasga rioya qilib o‘tirmay, boshim oqqancha chetga qarab ketaverishim mumkin, deb turib oladi. Qarshilik ko‘rsatmaslikni ham o‘z ichiga oladigan mehr — muhabbat masalasida esa kompas doimo odamga nima qilish kerakligini (sayyohga yo‘nalishni) ko‘rsatadigan axloqiy-diniy tuyg‘udir; odamning xatti-harakatidan kelib chiqadigan oqibatlar esa hech qachon uning o‘ziga ayon bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra, sayyoh uchun kompas ko‘rsatgan mutlaq to‘g‘ri yo‘nalishga mumkin qadar yaqin bo‘lishga intilish – inson uchun birdan-bir rahnamo bo‘lishi kerak…

Savolingizga bergan bu javobim Sizni qanoatlantira olsa nihoyatda xursand bo‘lur edim.

 Lev Tolstoy».

«Turkestanskiy golos» gazetasi: «Bizning unchalik katta bo‘lmagan o‘quvchilarimiz davrasi L.N.Tolstoyning ushbu maktubini alohida qiziqish bilan qarash huquqiga ega. U Turkiston mahalliy aholisini rus xalqchil ziyolilari bilan birlashtirishga uringan yosh turk ziyolilarining vakillaridan birining maktubiga javob.

Balki odamlarni «kichik» va «katta» og‘alarga ajratishni farqiga bormagan L.N. Tolstoyning o‘limidan oldin yozgan ushbu maktubi odamlarni «birinchi» va «ikkinchi» toifalarga bo‘luvchilar uchun barcha odamlar bir-birlariga og‘a-inidirlar deb eslatib qo‘yishdir», deb izoh bergan edi.

Afsuski, biz U.Xo‘jayevning 1909-1913 yillarda rus va tatar yozuvchilari va adiblari bilan muloqoti haqida aniq ma’lumotga ega emasmiz, ammo ayrim dalillar uning yetuk qozoq, rus, yahudiy va tatar ziyolilari bilan yaxshi munosabatda bo‘lganini ko‘rsatadi.

Ubaydulla Xo‘jayev Toshkentga qaytib kelgach, hamshahar do‘stlari uyushtiradigan «gap»larda ishtirok etadi va o‘z xalqining taraqqiyotiga, mazlumlikdan qutulishiga chora axtarib, harakat qilayotgan mujohid vatandoshlari safiga qo‘shiladi. «Gap»lardan birida gazeta va jamiyat tashkil etish masalasi ko‘tariladi. U «Turon» jamiyatini — qonuniy ishlaydigan jamiyat sifatida shakllanishida huquqshunoslik nuqtai nazaridan amaliy ish olib boradi. Chor hukumati mahalliy aholi manfaati uchun ochiq ishlovchi birorta siyosiy partiyaga ruxsat bermasligiga ko‘zi yetgan U. Xo‘jayev, T. Norbo‘tabekov, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy va boshqalar bilan birgalikda «Turon» musulmon drama san’ati havaskorlari ittifoqi» nizomini tuzadi.73 moddadan iborat bu nizom drama san’ati to‘g‘risidagi talablardan tashqari aholiga madaniy-ma’naviy xizmat ko‘rsatish, xalqning ijtimoiy-siyosiy ongini oshirish masalalarini ham qamragan. Ubaydulla Xo‘jayev truppaning ishida qizg‘in ishtirok etadi, hatto ayrim spektakllarni namoyish etish masalasida kecha tashkilotchisi va ma’muri sifatida qatnashadi. «Turkestanskiye vedemosti» gazetasining bergan xabarga qarganda, 1914 yil 27 fevralda Kolizey binosida namoyish etilgan Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Padarkush» dramasini sahnalashtirish va ommaga ko‘rsatish tashkilotchisi ham Ubaydulla Xo‘jayev ekan.

«Turon» nizomida ko‘zda tutilgan moddalardan biri gazeta tashkil qilishdir. Ubaydulla Xo‘jayev va Munavvar qori Abdurashidxonov milliy gazeta tashkil qilishni safdoshlari bilan muhokama qilib, bir fikrga keladilar va harakat boshlaydilar.

Oxrankaning maxfiy xodimi «Shaxrisyabzskiy» 1913 yil 12 sentyabrda «Kelganiga bir oy bo‘lgan, Lazarev institutini tugatgan Nuriddinbek Xudoyorxonov va Saratovdan kelgan xususiy advokat Ubaydulla Xo‘jayev yaqinda mahalliy tilda gazeta nashr etishga kirishmoqchi» deb xabar beradi. Shu idoraning boshqa ma’lumotiga qaraganda, Toshkentning Shayx Xovandi Tahur daha muftisi uyida o‘tgan gapda taraqqiyparvarlar birodarligi ostida «Sadoyi Turkiston» nomida bir gazeta ochish masalasi paydo bo‘ladi. «O‘shandayoq, — deyiladi ma’lumotda, — u (ya’ni Ubaydulla Xo‘jayev) yosh sartlar firqasi (taraqqiyparvar) va mujohiddinlarning faol ishtirokchilari safiga qo‘shildi». Xo‘jayev gazetani tashkil etishni o‘z zimmasiga oladi. 1913 yil noyabr oyida Sirdaryo viloyat Harbiy gubernatori Galkinga gazeta ochish uchun ruxsat so‘rab murojaat qiladi. Oxranka 1913 yil 11 iyulga oid ma’lumotnomasida ma’lum qiladi: «20 iyunda musulmon uyushmasidan so‘l yo‘nalishdagi gazeta tashkil etilmoqchi ekanligi haqida ma’lumot olindi. Bu ishning boshida Ubaydulla Xo‘jayev va Mulla Abdulla Avlonov turishibdi». Shu idoraning maxfiy xodimi «Shaxrisyabskiy» boshliqlariga Toshkentda yangi gazeta ochish uchun harakat boshlangani, u o‘ta so‘l bo‘lib, musulmonlarni birlashtirishga qaratilgani va gazeta yopiladigan bo‘lsa, boshqasini ochish uchun ko‘proq ruxsatnoma olib qo‘yish haqida gap borganligini ma’lum qiladi. Bu orada aholiga kitob nashr etib, tarqatish ishlarini yaxshilash uchun «Umid» jamiyatini tuzish rejalashtiriladi. Oxranka xodimlari 1913 yil 9 oktyabr xabarlarida: «Toshkentda taraqqiyparvar musulmonlar «Umid» nomli jamiyat tuzdilar. Ular o‘zlarining kitob savdolarini tashkil qilishmoqchi, jumladan, uning eng taniqli vakillaridan biri – Ubaydulla Xo‘jayevdir. Uning tashabbusi bilan «Samarqand» gazetasining obunachilaridan foydalanib, ushbu gazetani Xo‘jayev noshir – muharrirligi ostida boshqa nomda nashr etish masalasi kelishib olingan». Shu tashkilotning 1914 yil 4 yanvar xabariga qaraganda, 1913 yil 21 dekabrda Sirdaryo harbiy gubernatori «Sadoyi Turkiston» gazetasini nashr etishga ruxsat bergan. Gazeta 1914 yil 1 yanvardan nashr etilishi mo‘ljallangan. Sababi, «Samarqand» gazetasi muharriri moddiy yordam olishdan, gazetani nashr etishga ruxsat berishdan voz kechgan. «Turon» jamiyati iqtisodiy qiynalib qolgani tufayli «Sadoyi Turkiston» gazetasining birinchi nomeri aprel oyida bosilganini Oxranka xabar qiladi.

Oxrankaning 1914 yil 8 dekabr ma’lumotiga qaraganda, Ubaydulla Xo‘jayev «Umid» birodarligi o‘rnida tashkil qilingan, bay asosida ishlovchi «Nashriyot» kitob savdosi uyushmasiga a’zo bo‘ladi. Biroq Xo‘jayevning gazetani nashr etish masalasidagi urinishi mustamlaka ma’muriyati va muhofaza tashkilotiga tinchlik bermaydi. Bu to‘g‘ridagi gap-so‘zlar Turkiston general gubernatoriga ham yetib boradi. Nimadandir qattiq qo‘rqqan Harbiy gubernator general-leytenant Galkin o‘z yordamchisi va maslahatchisi bilan birgalikda o‘lka boshlig‘iga 1913 yil 24 dekabrda yozgan maxfiy xatida shunday deb yozadi: «Ushbu yil 21 dekabrda vaqtli nashrlar to‘g‘risidagi muvaqqat qoidalar asosida men xususiy ishonchli advokat Ubaydulla Xo‘jayevga Toshkentda mahalliy tilda «Sadoyi Turkiston» nomida gazeta nashr etishga ruxsat bergan edim. Politsiya orqali to‘plangan ma’lumotlarga qaraganda fuqaro Xo‘jayevning siyosiy va axloqiy ishonchliligiga putur yetakazadigan dalillar mening qo‘limda yo‘q, shunga qaramay, o‘lkada nihoyatda katta ahamiyat kasb etuvchi, mahalliy tildagi yagona xususiy gazetaning mazmun va yo‘nalishini juda ham qattiq nazorat qilish kerak deb o‘ylayman. Afsuski, mening ixtiyorimda mahalliy tilni biladigan va gazetaning mazmun-mohiyatiga, umumiy ruhi hamda yo‘nalishiga tanqidiy qaray oladigan savodli kishi yo‘q.

Bayon etilganlarni Siz baland martabalikka xabar qilar ekanman, Siz baland martabalikka qarashli hukumat mansabdorlaridan biriga ushbu gazetani kuzatish va nazorat etishni lozim ko‘rasizmi, deb so‘rash sharafiga muyassarman. Shu bilan birga o‘z tomonimdan, masalan, haqiqiy shtat maslahatchisi Ostorumov, polkovnik Yagello yoki maslahatchi Semyonovni tavsiya etgan bo‘lur edim.

Ta’kidlaymanki, ushbu ish bo‘yicha Siz baland martabalikning ko‘rsatmangiz olinguncha, gazetani ko‘rish va sharh qilishni Viloyat boshqarmasi qoshidagi tarjimon fuqaro Aydarovga topshirildi».

Galkinning xati hoshiyasiga Turkiston bosh voliysi 31 dekabrda: «Muhofaza bo‘limi boshlig‘i gazeta yo‘nalishini kuzatib borsin, hukumat yo‘nalishidan chetga chiqadigan bo‘lsa o‘lka boshlig‘iga yetkazilsin» deb imzo qo‘ygan.

Chor Rusiyasining hukumat mansabdorlari, mulozimlari orasida sansolarlik, o‘zga millatlar ustidan o‘zini baland tutish, poraxo‘rlik illatlari avj olganini hayot tajribasida ko‘rgan Ubaydulla Xo‘jayev fikrida qat’iy turib, gazetani ro‘yobga chiqarishga urinadi. Biroq gazeta mo‘ljallangan paytda, 1914 yil 1 yanvarda nashr etilmaydi. Gazetaning birinchi soni 1 apreldagina nashrdan chiqadi. Buning asl sababi noshir va tahririyatda emas, balki chor ma’muriyatida edi. Turkiston tuman muhofaza bo‘limi materiallarida: «Mahalliy aholi orasida so‘l yo‘nalishdagi gazeta ulkan ahamiyatga ega bo‘lishini e’tiborga olib, uning chiqishni to‘xtatishga intilib, general gubernator davlat bosmaxonalari ushbu gazetani chop etish uchun buyurtma olmasliklari haqida ko‘rsatma berdi, shu bois gazeta 1914 yil apreldan nashr qilina boshlagan.

Xo‘jayev 1914 yilda Toshkent mujohiddinlari safiga a’zo bo‘lib, o‘lkada Rusiyaning hukmronligiga qarshi qaratilgan maxfiy tashviqotchilik faoliyatini davom ettirmoqda», deyiladi.

Turkiston xo‘jayinlarining qarshiligiga qaramay, gazetaning birinchi soni 1914 yil 1 aprelda nashrdan chiqib, mushtariy va o‘quvchilarga tarqatiladi. Gazeta o‘z yo‘nalishini shunday ifoda etadi: «Bizim shul qadar g‘aflat va jaholatimizni ko‘ra turib, yana sabr va qanoat ila sukut etmak muqaddas vatanimiz va mehribon onamiz bo‘lg‘on Turkistong‘a ko‘p og‘ir keldi. Shul sababli ul o‘zining dildan chiqqan hazin sadosi ila o‘z avlodlarina nasihat qilmoqqa qaror berdi…

…Oliyai muqaddas onamiz bo‘lg‘on Vatanga shoyad ojizona bir xizmat bo‘lsa, deb biz ham o‘z zimmamizga «Vatan tarjumoni» kabi og‘ir bir yukni yuklamakka jasorat etduk».

«Sadoyi Turkiston»ni Ubaydulla Xo‘jayev, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon, Abdurauf Muzaffarzoda, Shokirjon Rahimiy, Mirmuhsin Shermuhammad, Mirmulla Shermuhammad, Tavallo – barchalari qo‘lni qo‘lga berib gazetani 1914–1915 yil mobaynida muntazam chiqarib turdilar. Ammo gazetaning iqtisodiy yuki ko‘proq Ubaydulla Xo‘jayev zimmasiga tushadi. Tatar yozuvchisi Ibrohim Tohiriy 1914 yilda «Sho‘ro» jurnaliga yozgan «Ko‘rgan – bilgandan» xabarida: «Sadoyi Turkiston» gazetasi yolg‘iz muhtaram yurist Ubaydulla afandi Xo‘jayev janoblarining himmatigagina bog‘liqdir. Gazetaning har bir nomerinda 30-40 so‘m zarar ko‘rib boraturg‘on muhtaram yurist milatparvar Ubaydulla afandi bir el homiysiga ega bo‘lsa, go‘zal o‘lur edi», deb yozgan.

Shovinizm balosiga mubtalo bo‘lgan chor mansabdorlari, xususan, N.P.Ostroumov gazetaning har jumlasigacha nazorat qiladilar va arzimagan narsa ustida janjal chiqarib, siyosiy shov-shuv ko‘tarishga intiladilar. Buning ikki sababi bor: birinchisi, xorijiy davlatlar orasida o‘zlarini ko‘rsatmoq bo‘lsa, ikkinchisi, ular o‘zbek tilida xalqning ko‘zini ochadigan, so‘l yo‘nalishdagi matbuotning ishlab turishini istamasliklari edi. Shu bois gazetaga tish-tirnoqlari bilan qarshi turdilar. Fikrimiz quruq bo‘lmasligi uchun bir misol keltiramiz. «Sadoyi Turkiston» gazetasi 1914 yil, 20 may sonida «Butxonada yong‘in» sarlavhali bir xabarni ko‘chirib bosadi. Xabarda Perm shahridagi diniy maktablarning biridagi butxonaga o‘t tushgani xabar qilinadi. Janob Ostroumov «cherkov» so‘zi o‘zbek tiliga «butxona» deb o‘girilgani uchun gazeta mas’ul muharriri U.Xo‘jayev va xodim A.Muzaffarzodani sudga berib, jinoyat qonunlarining 77-moddasiga muvofiq jazoga torttirmoqchi bo‘ladi. U. Xo‘jayev Toshkent kutubxonasiga murojaat qilib, ushbu so‘z qachondan matbuotda ishlatilayotganini surishtiradi. 1914 yil sentyabrda o‘tgan sud paytida advokatlardan Shirman, Rozanov, Markov gazeta, uning noshir va muharririni himoya qiladilar. Abdurauf Muzaffarzoda «butxona» so‘zi bevosita N.Ostroumov qo‘l ostida chiqayotgan «Turkiston viloyatining gazeti»da 1902 yildan buyon ishlatilib kelganini isbotlab beradi. Advokatlar ham modda va talab noo‘rin ekanligini isbotlab beradilar. Sud Ubaydulla Xo‘jayev va Abdurauf Muzaffarzodani aybsiz topadi va ishni harakatdan to‘xtadi. (qarang: «Sadoyi Turkiston», 1914 yil,9 sentyabr. «Muharrirlarimiz sudi».) Ishning to‘xtatilishida o‘zbek ziyolilarining norozilik chiqishlari ham ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, «Sadoyi Farg‘ona» gazetasida «Mulla A.» ya’ni, Ashur Ali Zohiriyning «o‘rinsiz hujum va xavf» maqolasi, Cho‘lponni Ostroumovning faoliyati to‘g‘risida Suqsuviy taxallusida yozgan «Muammo» she’ri bosiladi.

Ubaydulla Xo‘jayev Turkiston xalqining o‘z haq-huquqini tanishi uchun tinmay ishladi. Mahalliy boylar uni quvvatlamagan bo‘lsa-da, ammo atrofidagi do‘stlarining yordamida turli tadbirlarni amalga oshirdi. 1915 yilda «Turkiston» sayyor truppasini tuzib, Farg‘ona vodiysi bo‘ylab uyushtirilgan safar ana shunday tadbirlardan biridir. Truppa Xo‘jayevning ma’muriy, A.Avloniyning badiiy rahbarligi ostida Qo‘qon, Andijon, Namangan, O‘sh shaharlarida bo‘lib, mahalliy aholiga o‘zbek tilidagi ilk spektakllarini namoyish etibgina qolmay, mahalliy yoshlardan havaskor teatr truppalarini tashkil etishga ko‘maklashdi. Oxranka materiallariga qaraganda, Andijon uyezd boshlig‘i 1916 yil 17 oktyabrda №5090 raqamli Farg‘ona viloyat harbiy gubernatoriga yozgan «Raport»ida xabar beradi: «Qo‘shimcha agentura ma’lumotlarini tahlil qilishga qaraganda, «Padarkush» piyesasi… birinchi marta Toshkent shahrida, Ubaydulla Xo‘jayev rahbarligi ostidagi taraqqiyparvar fikrli yosh o‘zbeklardan iborat havaskorlik truppasi tomonidan 1914 yilda hozirgi urush boshlanguncha sahnalashtirilgan».

Keyin tilga olingan Xo‘jayev Qo‘qon, Andijon, Namangan va boshqa shaharlarda bo‘lgan va barcha shaharlarda mahalliy taraqqiyparvar, havaskor kuchlarni to‘plab, o‘sha piyesani sahnalashtirgan. Andijonda «Padarkush» piyesasining qo‘yilishida mas’ul ma’mur Ubaydulla Xo‘jayev bo‘lgan, rejissyor – Bokudagi tatar truppasining rejisseri Asker Dadashev Askerov. U.Xo‘jayevning teatr truppasini tashkil etishiga ko‘pgina boylar va din vakillari qarshilik ko‘rsatgan». Milliy teatrning ilk tadqiqotchisi Miyon Buzruk Solihovning bergan xabariga qaraganda, Mirkomil Mirmo‘minboyev teatrni tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlagan.

Safar garchi muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lsa-da, biroq gazetani chop etish uchun kerakli va zarur miqdordagi mablag‘ topilmaydi. Oqibatda, gazeta ilojsiz yopiladi. Uning o‘zi gazetaning yopilishi haqida 1926 yil 12 mayda GPUga quyidagicha ko‘rsatma beradi: «1915 yilda Toshkentdan Andijonga ko‘chib bordim. Ko‘chishimning sababi shundaki, menim tomonimdan o‘zbek tilida nashr etiluvchi «Sadoyi Turkiston» gazetasi Sirdaryo viloyat Harbiy gubernatori Galkinning bosimi va tez-tez ta’qibga olishi hamda mablag‘ning yetishmasligi bilan yotib qoldi. Menga biror viloyatga borib, yashash uchun mablag‘ topishdan o‘zga chora qolmadi.

Gazeta yorqin taraqqiyparvarlik xarakteridagi antiklerikal va boylarga qarshi edi».

Ubaydulla Xo‘jayev 1913 yil oxirida Moskvadan qaytib kelib, Toshkentda yashay boshlagach, advokatlik kasbi taqozosi bilan mahalliy aholining og‘irini yengil qildi, rus geograf va arxeologlari jamiyatining ilmiy yig‘ilishlarida qatnashdi. Oddiy mehnatkash xalq manfaatini himoya qiladi. 1914 yil taxminan mart oyida «o‘zaro yordam klubi»da xususiy tadbirkorlar yig‘ilishi bo‘ladi. Ana shu yig‘ilishda u adolatni talab qilgani uchun kaltaklangani haqida «Turkestanskiye vedomosti» gazetasi (1914 y, 25 aprel) xabar beradi. Tadbirkorlardan mahalliy aholiga yordam tegmasligi va gazetani saqlab qolishning imkoniyati yo‘qligi uchun Andijonga borib ishlashga majbur bo‘ladi.

Ubaydulla Xo‘jayevning 1915 yilda Andijonga ko‘chib borishiga sabab shuki, o‘sha yili andijonlik bir necha dehqonlar kelib, Novgorodskiy degan bir uchastkovoy xalqqa soliq solib, arzir va arzimas narsalar uchun ezayotganligidan shikoyat arizasini yozib, undan yordam so‘raydilar. U arizaga javoban Andijonga borib, xalqning ahvoli bilan tanishadi. Faqat Andijonda emas, balki butun Farg‘ona vodiysida uchastkovoy va pristavlar, umuman chor ma’muriyati xalqning qonini so‘rayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, ishonch hosil qiladi. «O‘shanda, — deydi Ubaydulla Xo‘jayev, — men Andijonga ko‘chib borib, ma’muriyatning suiiste’molchiligiga qarshi kurashishga ahd qildim. Men Toshkentda gazetam yopilganidan so‘ng shu qarorga keldim. Andijonga ko‘chib kelgach, xususiy amaliyot bilan, asosan o‘zimning bor kuch-quvvatimni dehqonlar ommasini ma’muriyatning su’iste’emolchiligidan himoya qilishga qaratdim».

O‘sha davrda u tasodifan bozorda, Eshonxon degan gazlamafurush do‘konida so‘l inqilobchi Vadim Chaykin bilan tanishib qoladi. Shu yil 1 iyuldan boshlab Chaykin ta’sirida «Turkestanskiy golos» gazetasiga baychi va muxbir sifatida a’zo bo‘ladi. Turkiston tuman muhofaza Andijon bo‘limi: «Xo‘jayev «Sadoyi Turkiston» gazetasi yopilib, Andijonga ko‘chib kelgandan buyon faqat advokatura bilan shug‘ullandi, shu yil 1 iyuldan boshlab «Turkestanskiy golos» gazetasi bilan hamkorlik qilmoqda» deb xabar beradi. Oxrankaning xabariga ko‘ra, U. Xo‘jayev mazkur gazetaning tashkilotchi va baychilaridan biri bo‘lgan va u Toshkentda «Sadoyi Turkiston» gazetasi nashr etilishi munosabati bilan vaqtincha yashagan.»

Andijonda Afanasiy va Vadim Chaykinlar bilan ishlash asnosida «Sadoyi Turkiston» gazetasini qayta nashr etish masalasida jiddiy ish boshlaydi. U Andijonda yashayotgan toshkentlik muallim Mo‘minjon Muhammadjonov (yozuvchi Mo‘min kofir) yordamida niyatini amalga oshirmoqchi bo‘ladi. M.Muhammadjonov «Turmush urinishlari» kitobida shunday deb yozadi: «Shul Ubaydulla Xo‘jayev 14-yilda yotib qolgan «Sadoyi Turkiston» gazetasini yana tiriltirish uchun mani Andijondagi Chaykin degan bir o‘risning oldiga yubordi. Bu o‘rus Ubaydulla Xo‘jayevning qalin oshnalaridan bo‘lib, o‘rischa bir gazeta chiqarib turmoqda ekan. Man uning maslak va maqsadi qanday ekanligini bilmasam ham, yerlik xalqqa yaxshi ko‘z bilan qarog‘onlig‘ini ancha anglag‘on edim. Endi man, Andijonning birinchi yoshlaridan Abdulhamid Sulaymonning mehmonxonasida yotib tura boshladim. Chaykin Farg‘on gubernatori Ivanovg‘a bir necha dapqir murojaat qilib, o‘z gazetasi yonida «Sadoyim Turkiston»ni qaytadan chiqarishg‘a so‘rag‘on edi, ul ruxsat bermadi. Chorasiz qolib, Ubaydulla Xo‘jayev bilan kengash qilib, maning nomimg‘a «Intibohi Turkiston» degan gazeta chiqarmoq bo‘lib, hukumatga 1917 yil 24 yanvarda quyidagicha ariza berdi:

«Ul baland darajalik Farg‘ona viloyatining harbiy gubernatori janoblarig‘a

 Andijon shahrida Iskobuluf ko‘chasida turg‘uvchi

 Mo‘minjon Muhammadjon o‘g‘lidan

ARIZA

Senzur ham matbuot to‘g‘risidag‘i 114- ustavga qo‘shma qiling‘on 15-modda bo‘yicha, siz yuqori darajalikka bildiramanki, man Andijon shahrida sart tilida «Intibohi Turkiston» ismida bir g‘azeta chiqarmoqchi bo‘ldim. Ul g‘azetaning prog‘romi ushbu tartibda bo‘lur:

  1. Bosh maqola, 2 — rus ham musulmon matbuoti (g‘azeta, jurnallari)dan mulohaza, fikrlar, 3-urush xabarlari, 4-agentstva ham o‘z muxbirlarimizning telegromlari, 5-feleton, 6-ilmiy feleton, 7-Andijon ham tevarak joylari, 8-viloyatning har tomonidan maktublar. 9-erli xalq tirikchiligidan, 10-urush maydoni ham urush to‘g‘risidan, 11-har turli tildan tajribalar, 12- usuli ta’lim, tarbiya to‘g‘risidan, 13 – paxta ham boshqa ekin ahvollari, 14 bildirishlar qismi.

 Gazetaning bahosi: bir yillik 7 so‘m, yarim yillik 4 so‘m, 3 oyga 2 so‘m 50 tiyin bo‘lib, bosiladurg‘on yeri: Andijonda, Nikolayevskiy ko‘chasida I.Ya.Ivanov bosmaxonasida.

Mazkur gazetaning muharrirligini man o‘z bo‘ynimg‘a olib bildiramanki, yuqorida ko‘rsatilgan zakun moddalari bo‘yincha bo‘ladurg‘on har turli mas’uliyatlarga o‘zim javobgarman. o‘zim Rusiya tab’asi, yoshim 25dan oshgan bo‘lib, hech bir to‘g‘rida hukumatga ayblik bo‘lg‘on emasman. Shul holni e’tiborg‘a olib, siz janob hurmatlikdan o‘tinamanki, yuqorida bayon qiling‘on g‘azetaga ruxsat bersangiz edi.

Imzo Mo‘minjon Muhammadjon o‘g‘li».

Bu arizaning asli ruscha bo‘lib, Abdulhamid Sulaymon o‘zbekchaga tarjima qilib bergan edi» (O‘sha kitob 312-314-b).

Ivanov bu arizani inobatsiz qoldiradi. Natijada U.Xo‘jayev advokatlik ishlari bilan shug‘ullanishda davom etadi. Tez orada u mahalliy aholining bitmagan ishlarini o‘nglab, mahalliy aholining suyanchig‘i degan nom qozonadi. Ubaydulla Xo‘jayev Andijon va umuman, Farg‘ona viloyatida nomi mashhur bo‘lgan Sulaymon Kelginboyev, Serikbay Akayev, Akbarali Boytursunov kabi tarjimon va advokatlar bilan hamkorlik qiladi. Xalq shikoyat yozgan kapitan Novgorodskiy faoliyatini tekshiradi. Uning xalq va davlat pulini sui’iste’mol qilganini fosh qiladi. Elning mablag‘ini egalariga qaytartirib, zolimni ishdan chetlashtirishga muvaffaq bo‘ladi. U 1915 — 1917 yillar mobaynida Andijonda xalqqa qarshi bo‘lgan chor ma’muriyati mansabdorlari va ularga beminnat xizmat qiluvchi mahalliy kishilarning faoliyatini ayovsiz fosh qiladi. Ko‘pgina rus va yerli ma’murlar ishlaridan chetlashtiriladi. Bu ahvolga chiday olmagan, o‘zbek boylaridan mo‘maygina pul olib, rohatda yashashga odatlangan Andijon uyezd hokimi polkovnik Brjezitskiy (1916 yil 13 sentyabr, № 3052) Farg‘ona harbiy gubernatori Chaykinga mutlaqo maxfiy ruknida «Raport» jo‘natadi. U raportida agentura ma’lumotiga asoslanib, rus mansabdorlari va mahalliy amaldorlardan ayrim kishilar aholining shikoyati bilan o‘z lavozimidan chetlashtirilgani uchun nihoyatda vahimaga solib qo‘yilgani, shikoyatlarni tekshirish uchun yuborilgan praporshchiklarning xabarlariga qaraganda, ish ularning qo‘lidan oshkora chiqib ketgan. Tekshiruvchilarning birortasi biron ishni tekshirish masalasida aholiga hatto qonuniy talabni ham qo‘yishga jur’at eta olmagan. Shu sababli ishdan ketgan ayrim xizmatchilar ishdan ketganlari uchun taqdirga tan berishgan.

Andijon uyezd boshlig‘ining «Raport»laridan ikki narsa ma’lum bo‘lyapti: birinchisi janob Brjezitskiy o‘zining poraxo‘rligi ochilib qolishidan qo‘rqib vahima ko‘tarmoqda, ikkinchisi, haqiqatan ham Ubaydulla Xo‘jayev Andijonda o‘ziga hamfikr kishilarni topa olgan va ularning boshini qovushtirib, mustamlaka sharoiti uchun kutilmagan hamda chinakam inqilobiy ishlarni, ya’ni mustamlakachi amaldorlarni va ularning malaylari bo‘lgan mahalliy mansabdorlarni ishdan chetlashtirgan. Binobarin, xalqning hurmat-e’tiborini to‘liq qozongan.

Atoqli huquqshunos doimo xalqning og‘irini yengil qilishga intilib yashadi. Shu bois 1916 yil iyun voqealarida, ya’ni mardikorlikka olish to‘g‘risidagi farmonga Turkistonning xalqparvar, ongli huquqshunosi sifatida qarshi chiqdi. Ayni ekin-tikin yetilgan, xalq yetishtirgan hosilini yig‘adigan davrda aholining ish beradigan qismini tekin mardikor sifatida xizmatga majburiy olinishi, mustamlaka hukumatining tajovuzkorligidan o‘zga narsa emas edi. Ubaydulla Xo‘jayev va safdoshlarining asl niyati mahalliy xalqni arzon ishchi kuchi sifatida emas, balki ellik yildan ortiq vaqt mobaynida qo‘liga qurol ushlamay, amaliy va nazariy jihatdan harb ilmidan chetlashtirilgan xalqni harbiy tizimga qaytarish edi. Bu haqda «Milliy ittihod» yetakchilaridan biri bo‘lgan Salimxon Tillaxonov shunday deydi: «Shul vaqtda Ubaydullaxo‘ja va Munavvar qorilar vaqtdan foydalanib hukumatning ishchi olishiga qarshi harakat qilmoqchi bo‘ldilar. Albatta muning orasida Chaykinlar ham bo‘lsa kerak. Munavvar qorining tashqarisinda bo‘lg‘on kursning talabalaridan (bizlardan) foydalanib ham bizlardan boshqa yoshlarning ishga solub xalq orasida «Biz ishchi bermaymiz, yigit bermaymiz» degan so‘zlarni tarqatishga boshladilar. Bunga ham sabab bo‘lg‘on narsa eskidan yoshlarning fikrlari, to‘g‘risini aytganda yoshlarning boshliqlarining fikri hukumat Turkistondan askar olsa edi, bir qancha kishilarni harbiy ishga o‘rgatgan bo‘lar edi. Ko‘b kishilar harbiy ishga o‘rgansalar, so‘ngra inqilob harakatlarini qilish yengil bo‘lur edi, degan fikrlarni yurg‘izur edilar. Shuning uchun bir yerda xalqqa tashviqot qiling‘onda «hukumatga ishchi bergandan ko‘ra askar berishi kerak, chunki ishchi berganda, ishchilar urushda askarlarning oldiga o‘tub okop qaziydurlar, undan keyin shul qozilg‘on okopg‘a askarlar kirub dushman ila urushadurlar, o‘z-o‘zidan ma’lumki dushman ila bizning oramizda bo‘lg‘on okopni qozub tamom qilg‘uncha dushman ishchilarni o‘ldirub,tamom qiladur yoki ustlariga hujum qilub kelub qolsalar ishchilarning qo‘llarinda bellaridan boshqa hech narsalari yo‘qdir. Shuning uchun mudofaa uchun ham harakat qilmaydurlar. Shuning uchun ishchi berguncha askar berish kerak, chunki askar bo‘lg‘onda tayyor qiling‘on okopga borub urushodir-da, dushman kelganda ham to‘g‘ri o‘lib ketmasdan kuchi yetguncha qo‘lidag‘i aslahasi ila mudofaa qilib qoladur» degan so‘zlar ila tashviqot qildira edilar». Salimxon Tillaxonovning so‘ziga qaraganda, ana shu tashviqotdan so‘ng Toshkentda xalq isyon ko‘targan va chor ma’muriyati xalqni tinchitish va mardikorlikka olish masalasini Ubaydulla Xo‘jayev va Munavvar qori Abdurashidxonov zimmasiga yuklagan. Toshkentda maxsus «Mardikorga olish ishchi qo‘mitasi» tuzilgan. qo‘mitaga Ubaydulla Xo‘jayev rais, Munavvar qori Abdurashidxonov o‘rinbosar, Abduhakim Sarimsoqov a’zo bo‘lgan. Ushbu qo‘mitaning jiddiy harakati bilan mardikorlikka olingan va turli yerlarga jo‘natilgan kishilar uchun moddiy yordam ko‘rsatilgan, ularga rus tilini biladigan kishilar qo‘shib qo‘yilgan. Shunga qarmay, Laplandiya, Belorussiya, Shimoliy Kavkazda qora ishchi o‘rnida ishlatilayotgan turkistonlik mardikorlarning ahvoli yaxshilanmagan, ular ish tashlashga, norozilik bildirib, hatto isyon ko‘tarishga majbur bo‘lganlar. Mardikorlikka qarshi xalq noroziligi Toshkent, Andijon, Jizzaxda isyonga aylanib ketgan va ular chor ma’muriyati va harbiylari tomonidan vahshiyona tarzda bostirilgan. Ana shu norozilik davrida Ubaydulla Xo‘jayev mardikorlarni orqaga qaytarish va markaziy hukumatga xalq noroziligini yetkazish uchun Anastasiy Chaykin bilan birga astoydil kirishgan. Xo‘jayevning faoliyati mardikorga ketganlar orasida afsonaviy bir xaloskor nomiga aylangan. Bu holat Hamza Hakimzodaning «Loshmon fojialari» dramasida o‘z aksini topgan. Hamza qahramonlari Ubaydulla Xo‘jayevning qilayotgan ishlaridan so‘zlashib, uni taftish chaqirish uchun Peterburgga borganini gapirib, unga najotkor sifatida qaraydilar va “Yashasin Ubaydulla Xo‘jayev, yashasun Chaykin» deb qo‘shiq aytadilar.

Farg‘ona, Andijon va Toshkentdagi chor mansabdorlari mahalliy advokatning faoliyatidan nihoyatda xavfsirab qolgan edilar. Chunki uning rus qonunlari asosida yozilib, Peterburgga, turli ministrliklarga yozilgan shikoyatlari asosida mansabidan chetlashtirilgan amaldorlarning u bilan olishib og‘izlari kuygani, uning faoliyatini xalq qo‘llab quvvatlayotgani, hatto uncha munchaga bo‘yni yor bermaydigan mahalliy boy – korchalonlar ham Ubaydulla Xo‘jayev bilan maslahatlashib ish ko‘rishayotgan edilar. Bu voqealar Turkiston general gubernatori A.N.Kuropatkinning qulog‘iga turli mish-mish tarzida yetib boradi. Shu sababli u qo‘l ostidagilardan tushuntirish so‘raydi. Sirdaryo harbiy gubernatori 1916 yil 10 noyabrda unga maxsus (№ 1006) xat yo‘llaydi. Xatda harbiy gubernator Ubaydulla Xo‘jayevni shaxsan qabul qilgani, u yozgan shikoyatlar bilan tanishgani, shikoyatlarda yozuvchi bir oz o‘zining omma orasida obro‘sini oshirishga intilganini, ammo bu holat avom xalq bilan to‘g‘ri muomala qilishda kerakligi, uning yozgan shikoyatlari bir oz tendentsiozligi uqdirilganini aytadi.

Mardikorlikka olish bahonasida o‘lkada olib borilgan hunrezliklar el manfaatini o‘ylagan kishlarni,xususan Ubaydulla Xo‘jayevni loqayd qoldirmasligi tabiiy edi. Shu bois Toshkent shahridan mardikorlikka olingan kishilarning turmushi bilan tanishish maqsadida u Toshkent temir yo‘l hududini borib ko‘rishga 1916 yil 9 dekabrda ruxsat so‘raydi. Ammo Turkiston xo‘jayinlari «mahalliy muhtaram kishilarga ruxsat berilsin, lekin faqat Xo‘jayevga emas» deydilar.

Ubaydulla Xo‘jayev bunday kamsitishlarga e’tibor bermay maqsad sari intilgan. Andijon va Jizzax voqealarida chor ma’muriyati bilan birga mahalliy lavozim egalari ham aybdor ekanliklarini bilgani va amalda ko‘rgani uchun Kuropatkinga «Shikoyat» arizasini yuboradi.

Xo‘jayev ko‘rsatgan dalillar oqibati o‘laroq sodir bo‘lgan isyonlar, ularning zulm bilan bostirilishi mahalliy zodagonlarni yoshlar fikriga qo‘shilish va hatto ularni qo‘llab-quvvatlashga olib keldi. Andijonning Mirkomil Mirmo‘minboyev kabi savdo-sanoat, madaniyat taraqqiyotini o‘ylagan kishilari tomonidan boshboshdoqliklarga barham berish va zulmni to‘xtatish uchun Petrogradga vakil yuborish masalasi quvvatlandi. Shaxsan Mirkomil Mirmo‘minboyev Ubaydulla Xo‘jayev va uning hamrohlarining Peterburgga, Davlat Dumasiga borish uchun safar sarf-harajatini o‘z zimmasiga oladi. «Qori» laqabli chaqimchi oxranka boshlig‘i Rozalion-Soshalskiyga «Andijon mahalliy xalqi Mirkomil Mirmo‘minboyev rahbarligida Xo‘jayevni sarf-xarajat bilan ta’minlab, Petrogradga Davlat dumasining musulmon fraktsiyasiga Farmonni bekor qildirib, musulmon fraktsiyasi a’zolaridan birini, Turkistonda joyning o‘zida ish bilan tanishish uchun yuborilishini iltimos qilishga jo‘natdi» deydi. Ushbu safar chog‘ida Ubaydulla Xo‘jayev chor hukumati Davlat Dumasida bo‘lib uning a’zolari bilan uchrashib, mahalliy aholining shikoyatini topshiradi. Oqibatda A.F. Kerenskiy, B. Tevkelev, M.Cho‘qayevdan iborat Dumaning taftish komissiyasi Turkistonga kelib, Jizzax, Samarqand, Toshkent va Andijondagi sharoit bilan tanishib, taftish o‘tkazadi. Komissiya a’zolari Toshkentdagi «Natsional» mehmonxonasida joylashadilar. U.Xo‘jayev ham shu joyda yashab, komissiyaga zarur hujjatlarni to‘plashda yordam beradi va ular bilan safar chog‘ida birga bo‘ladi. Komissiya a’zolari Turkistondan amalga oshirilgan mudhish jarayon bilan tanishib, hayratdan yoqa ushlaydilar. Ular misli ko‘rilmagan xunrezlikning guvohi bo‘ladilar.

Kerenskiy va uning sheriklari xalq noroziligi sabablarini puxta o‘rganib, uning kelib chiqish sabablariga mahalliy aholi emas, balki chor hukumati va joylardagi ma’muriyat rahbarlari aybdor ekanligi haqidagi axborot va maxsus tayyorlangan dokladni Rossiya Davlat dumasining 1916 yil dekabr oyidagi majlisi qatnashchilari e’tiboriga havola qiladilar. Majlis xulosalari, komissiya xulosalari, albatta general-ad’yutant Kuropatkinning qulog‘iga yetib keladi. Komissiyani chaqirib kelgan Ubaydulla Xo‘jayev gubernatorning qahriga uchrab, o‘lkadan surgun qilishga hukm etiladi. Faqat fevral inqilobigina Xo‘jayevni surgundan asrab qoladi.

Mardikorlikka olish voqealari taftishi uzil-kesil hal qilinib, tekshiruvchilar o‘z fikr-mulohazalarini bayon qilishgan bo‘lsa-da, mustamlaka hukumati mahalliy aholiga yengillik bermadi. Faqat 1917 yil fevral inqilobidan keyingina mardikorga ketgan kishilar o‘z yurtlariga qayta boshladilar. o‘z yaqinlarining oilaga qaytib kelayotganini ko‘rgan yurt kattalari 1916 yil oxirlarida Ubaydulla Xo‘jayevning el-yurtga qilgan xizmatlarini e’tiborga olib, unga xalq minnatdorligi bayon qilingan «Tashakkurnoma» («Adres»)ni topshiradilar.

1916 -1917 yillarda Ubaydulla Xo‘jayevning nomi butun Turkiston o‘lkasida doston bo‘ladi. Munavvar qori Abdurashidxonov va boshqalar uni Turkiston o‘lkasidan Rossiya Davlat Dumasiga deputatlikka nomzod ko‘rsa tish to‘g‘risida xalq orasida keng targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib boradilar. Ammo siyosiy voqealarning keskin o‘zgarib borishi bu niyatni amalga oshirishga imkoniyat bermaydi. Chunki davlat boshqaruvini qo‘liga to‘liq ola olmagan ramaqijon Muvaqqat hukumatdan najot kutish o‘likka to‘kilgan ko‘zyoshdek esiz edi. Biroq u baribir Peterburgga yo‘l oladi.

Ubaydulla Xo‘jayev fevral inqilobini, o‘z so‘ziga qaraganda, Namanganda, arxiv materiallariga qaraganda Qo‘qonda kutib oladi. Chunki sobiq general gubernator Kuropatkin poraxo‘r va muttaham vatandoshlarining so‘ziga kirib, uni o‘lkadan surgun qilish haqida ko‘rsatma bergani uchun Toshkentga kela olmas edi. Ammo Kuropatkin 1917 yil 21 fevralda o‘z buyrug‘ini bekor qilishga majbur bo‘ladi. Shu munosabat bilan Ubaydulla Xo‘jayevga Munavvarqori Abdurashidxonov, Toshkent xalqi va ayrim shaxslar nomidan tabrik telegrammasi yuboriladi. U Mart oyining boshida Toshkentga kelib, Toshkent «Sho‘royi islom» jamiyatining majlisida ishtirok etadi. Avvaliga rais o‘rinbosari va oradan ko‘p o‘tmay jamiyatning aprel oyi majlisida Turkiston «Sho‘royi islom» jamiyatining raisi etib saylanadi. Shuningdek fevral – oktyabr oylarida eski shahar aholisi nomidan Toshkent Ijroiya qo‘mitasining a’zosi (deputati) vazifasini bajaradi. Shu yil aprelda o‘tkazilgan Umumturkiston s’ezdida ishtirok etadi. Mustafo Cho‘qayev o‘z xotirasida shunday deydi: «Men 1917 yil 10 aprelda Toshkentga keldim. Vokzaldan to‘g‘ri Turkiston viloyati hokimi saroyiga bordim… O‘rtada Toshkent shahrining yangi hokimi Ivanov o‘tirardi. Bizning turkistonliklardan ko‘k ko‘zlik baland bo‘yli Mahmudxo‘ja Behbudiy mirza bilan Ubaydulla Xo‘jayevga ko‘zim tushdi. Bir chetda stulda Shohislom Shohiahmedov o‘tirardi. Uning yonida qop-qora Serikboy Aqayev bor.

Men zalga kirganimda notanish bir o‘ris minbarda edi. Uning og‘zini yirtib qayta-qayta gapirgan so‘zlari hamon yodimda: «To‘ntarishni rus to‘nkarishchilari, rus ishchilari, rus askarlari amalga oshirdi. Shuning uchun Turkistonni bilik bilan boshqarish ruslarga tegishli. Mahalliy xalq biz nima bersak shunga qanoat etishi kerak.»

Bu so‘zni Qo‘qon savdo maktabining o‘qituvchisi, sotsial demokratlar vakili Nekora aytgan edi». ( Mustafo Cho‘qay, Mariya Cho‘qay. Esdaliklar. Istanbul 1997.)Nekoraning buyukdavlatchilik shovinizmi nuqtai nazaridan so‘zlagan nutqi ishchi-soldat deputatlarining qiyofasini ochib tashlaydi. Uning chiqishiga «Dni» gazetasining muharriri Shohislom Shohiahmedov yaxshi javob qaytarsa-da, biroq mahalliy deputatlarda salbiy taassurot qoldirgan edi. Ana shu chiqish milliy deputatlarni milliy talablarni kuchliroq qo‘yishga da’vat etdi.

Ubaydulla Xo‘jayev 1917 yil 16 aprelda o‘tgan Umumturkiston musulmonlar s’ezdida prezidium a’zosi etib saylanadi. S’ezdda ko‘rilgan 16 moddadan iborat masala muzokarasida faol ishtirok etadi va mardikorlarni qaytarish hamda yer-suv masalalarini s’ezd muhokamasiga qo‘yadi.

U.Xo‘jayev 1917 yil avgust oyida o‘tgan «Butun Rossiya musulmonlari Ikkinchi s’ezdi»da ishtirok etadi. U s’ezdda so‘z olib shunday deydi: «Muhtaram janoblar! Turkistonda hanuz eski hukumat zamonidagi kabi tazyiq hukm surmoqda. Soldat va ishchi deputatlar (Soldat va ishchi sho‘rolari) Turkiston xalqlarini xohlaganlaricha qisadilar. Masalan, paxtaning pudi 10 so‘m taksa ila olinadir. Holbuki hozirda eng arzon deganda paxtaning pudi 20 so‘m turadir. Turkistonda har yil 10-12 million pud chamasinda paxta chiqodur va oning arzon olinmog‘i ila har yili yuz million so‘m oqcha rus jahongirlari va Rusiya sarvatdorlari foydasiga ketib turodir. Ishchi va so‘ldat sho‘rolari ideya jihatindan juda yaxshi muassasalar bo‘lsa ham ularning Turkistondagilarini bilib bo‘lmaydir. Ular o‘z oralarig‘a musulmonlarni kiritmaydilar, kiritsalar ham 1-2 dan ortiq o‘rin bermaydirlar va o‘zlari Turkistonning siyosiy va madaniy manfaatlari uchun sa’y qilmaydilar. Hatto muvaqqat hukumat tarafidan yuborilg‘an ko‘missarlarg‘a ham erk bermaydilar. Misol, Petrograddag‘i milliy sho‘roning ko‘rsatuvi ila muvaqqat hukumat tarafidan tayin qiling‘on ko‘missar Toshkent ishchi va soldatlar sho‘rosi ila birga ishlay olmadi. Va shul sababli iste’fo qilmoqg‘a majbur bo‘ldi. Ishchi va soldatlar sho‘rosining namoyandalari «Milliy sho‘roning Turkistonga ko‘missar ko‘rsatishga nima haqqi bor? Bizlar ularning yuborg‘on ko‘missarlarini mahbuslar vagonida yuboramiz» deb aytdilar. Ularning hozircha qo‘llarida askarlari, pulemetlari va to‘plari bor, ammo yerli xalqlarning hech nimarsasi yo‘q». Shundan so‘ng Ubaydulla Xo‘jayev Yettisuv viloyatida qozoq xalqiga nisbatan olib borilayotgan qirg‘inlar, rus muhojirlarining zo‘ravonliklari, soldatlar bir yerda ikkiyuz kishini, yana bir yerda qirq kishini o‘ldirganlari, qozoqlar ochlikdan o‘layotgani, Buxoroda «Yosh buxorolilar» harakatiga to‘sqinchiliklar qilinayotgani haqida axborot beradi. U o‘z nutqini yakunlar ekan, shunday deydi: «Umuman demokratlar (ya’ni bolsheviklar – S.A.) turkistonlilarni kishiga sanamaydilar,o‘z kishilarini qaramoqni o‘zlariga topshirishni ma’qul ko‘rmaydilar. Shul sababdan Turkistonga o‘z taqdirini o‘zi hal qilishga muxtoriyat bermoq, onda musulmondan ixtiyoriy polklar tashkil qilmoq, qirg‘izlar orasindan rus askarlarini olib, olarni o‘rniga musulmon askarlarini yubormoq ham qirg‘izlar ila birga tura olmaydurgan muhojirlarni ko‘chirmoq kerak. Shul vaqtdagina Turkiston xalqini jabr va zulmlardan qutqarmoq mumkin bo‘ladir». U shu yil avgust oyining oxirigacha Petrogradda Butunrusiya Musulmonlar Ijroiya qo‘mitasi va Butunrusiya dehqonlar Ijroiya qo‘mitasi a’zosi sifatida faoliyat olib boradi. O‘sha yil sentyabr oyida Toshkentga qaytib, o‘lka musulmonlar sho‘rosida sentyabr oyining oxirigacha ishlaydi. Turkiston Markaz sho‘rosi tomonidan vaqtli hukumatning «Turkiston komiteti»ga M.Cho‘qayev, Yu.Og‘ayev bilan birga Ubaydulla Xo‘jayev ham a’zo etib saylanadi va Farg‘onaga ketadi. Qo‘qonda o‘tadigan o‘lka musulmonlar III s’ezdini tayyorlashda qizg‘in ishtirok etadi. U s’ezdda nutq so‘zlab, quyidagi fikrlarni bayon qiladi: «Muhtaram Umumiy Turkiston musulmonlari qurultoyining a’zolari! Siz janoblar shunday muhim zamonda shunday kishining har minuti million qadarli bo‘lib turgan bir zamonda, iyd hozirliklari va boshqa dunyoviy tirikliklaringizni tashlab, yurt xizmati, millat xizmati deb qurultoyga ishlaganingiz uchun tashakkurlar aytaman. Mana bu zamonda Rusiyada har bir millat ahli o‘z millatlari uchun oralaridagi ixtilof va nizolarni bir tarafga ortib ittifoq bo‘lg‘onlar. Biz Turkiston ahillari «o‘zbek, tatar, qozoq» deb bir-birimizni ayirmasdan hamma bir millat bo‘lib kelajakni qayg‘urishimiz kerak. Turkistonning yer-suv ishlari, maorif ishlari hammasini o‘z qo‘limizga olib kelajak uchun muhim bo‘lg‘on ishlarini o‘zaro hal qilib, Uchreditelniy sobraniye (majlisi muassison) degan nimarsaga hozirlanishimiz kerak. Bu qurultoyda harqaysilarimizning xizmatimizga arz qiladurgon loyihalarimiz bor. Hammasini bir-bir nazarlaringizdan kechirursiz. Shu sababli hozir hammamiz ittifoq bo‘lib, birlashib ishlashimiz kerak bo‘ladir. Markaz sho‘ro chin qalbi ila bunga ishonadi» («Kengash» 1917 yil,12 sentyabr). S’ezd raisligiga saylangan U.Xo‘jayev Turkiston xalqining taqdirini hal qiladigan barcha masalalarni s’ezdda ko‘rilishiga erishadi. S’ezd Sh. Shohiahmedovning «Turk adam markaziyat» firqasi programmasi asosida tayyorlagan federatsiya tarkibdagi Turkiston avtonom respublikasini barpo etish loyihasini quvvatlaydi. Bu s’ezd qabul qilgan loyiha Turkiston Muxtor Respublikasini tashkil etish uchun zamin yaratdi. Afsuski, bu loyihani tinchlik yo‘li bilan amalga oshirish va mustahkamlash uchun muvaqqat hukumat vaqtni boy bergan edi.

Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan Tobolin boshliq soxta hukumat mahalliy xalqlarning qonuniy muxtoriyatini ham, uning hukumatini ham tan olmaydi. Bolsheviklarning Qo‘qondagi vakili P.G.Poltoratskiy shahardagi Rus-Osiyo, Tashqi savdo uchun Rus banki, Sibir banki, Qo‘qon g‘aznachiligi, o‘rta Osiyo savdo-sanoat birodarligi, Volga-Kama bankining Qo‘qon bo‘limida to‘plangan 8 million 300 mingdan ortiq pulni o‘g‘irlab olib (212052 r.66t. Qo‘qon ishchi va soldat deputatlariga qoldirib), Toshkentga qochib ketadi va Muxtoriyatni pulsiz qoldiradi. Bu ham yetmagandek o‘zboshimcha tashkilotlar muxtoriyatning ishiga to‘sqinlik qiladilar. Oqibatda Vadim Chaykin bolsheviklar siyosatidan norozi bo‘lib Sovnarkom a’zosi V.A.Algasov orqali mahalliy hokimiyatlarning vazifasini cheklash masalasida Stalinga so‘rov (zapros) beradi. Shuningdek, Turkiston ishchi va dehqon ittifoqi ham 1917 yil 27 dekabrda Peterburgdagi sho‘rolar hokimiyatiga telegramma beradi: «Toshkentda o‘rnatilgan Sovet Komissarligining Turkistonli bo‘lmagan unsurlardan, ya’ni Rusiya Markaziy hukumat askarlarindan iborat bo‘lgani uchun tarqatilishini so‘raymiz. Aks holda Turkiston ishchi va dehqon ittifoqi o‘zini darhol kerakli choralarini ko‘rishga majbur deb hisoblaydi». I.Stalinning 1918 yil, 5 yanvar javobida shunday deyiladi: «Sovetы avtonomnы v svoix vnutrennix delax i deystvuyut oni, opirayas na sootvetstvenniыe realnыe silы. Poetomu tuzemnыm proletariyam Turkestana nadlejit ne obraщatsya k Sentralnoy Sovetskoy vlasti s xodataystvom o rospuske, opirayuщixsya po ix mneniyu voyskovыe chasti Turkestanskogo Sovnarkoma, a raspustit yego siloy, yesli takaya u tuzemnыx proletariyev i krestyan naydetsya». Stalinning mazkur javobidan 25 kun o‘tgandan so‘ng Tobolin va F.Kolesov buyrug‘i bilan poruchik Perfilev qo‘mondonligi ostida to‘p, pulemet kabi og‘ir qurollar bilan tish-tirnog‘igacha qurollangan jazo qo‘shini Qo‘qonga jo‘natildi.

Qo‘qon va Jizzahda mudhish qonxo‘rliklar sodir etilgan kezlarda Ubaydulla Xo‘jayev Samarqandda bo‘lib, Muxtoriyatni saqlab qolish, iqtisodiy qo‘llash uchun mablag‘ va askar to‘plash bilan ovora edi. Ayrim kishilar muxtoriyatni Samarqandda turib boshqarmoqchi bo‘ladilar. Biroq Babushkin, Kolesov, Tobolin va Perfilev tomonidan qonga botirilgan yosh respublika rahbarlari qonundan tashqari deb e’lon qilinadilar. Muxtor hukumatning vakili Yu.Chorishev otib tashlanadi, A. Qo‘shbegiyev esa qamoqqa tashlanadi.

Qamalish xavfida yurgan Ubaydulla Xo‘jayev Boshqirdistonga yo‘l oladi. Bu o‘lkada ham xuddi Turkistondagi kabi muxtor respublika tuzilgan va unga Ahmad To‘g‘on Zaki Validiy rahbarlik qilar edi. Xo‘jayev, Abdulhamid Sulaymon, Mirmuhsin Shermuhamedov ham Orenburgda edilar. Ubaydulla Xo‘jayev 1926 yil, 19 aprel ko‘rsatmasida shunday deydi: «Men hukumat va sho‘ro a’zoligiga saylandim, militsiya va jamoat xavfsizligini saqlashni tashkil qilish uchun hukumat tomonidan tayinlandim. Hukumat topshirig‘iga binoan 1918 yil yanvarda Samarqandga mablag‘ to‘plashga yuborildim. Muxtor respublika tarqatilib yuborilgach, Toshkentga keldim, so‘ng Ashxabod, Krasnovodsk, Astraxan orqali Moskvaga bordim. Boshqirdiston sho‘ro hukumatining taklifiga muvofiq Orenburgga keldim. 1919 yil ikkinchi yarmidan 1920 yil kuzgacha Tokchuran kanton ijroya qo‘mitasida kotib bo‘lib ishladim». Ubaydulla Xo‘jayev 1918 yil qishda Saratovga keladi biroq oilaviy munosabatlari yaxshi bo‘lmagach, xotinidan ajraladi va Samaraga ko‘chib o‘tadi. Bu yerda zotiljam va tif kasaliga mubatlo bo‘lib shaharda qolishga majbur bo‘ladi. Ana shu paytda u Boshqirdiston hukumatida ishlashga chaqiriladi. Tokchuran kantonida advokat, xalq sudyasi va ijroiya qo‘mita prezidiumi a’zosi, mas’ul kotib vazifalarini bajaradi. 1919 yil qishda Sterlitamakda Boshqirdiston Inqilobiy qo‘mitasi raisi Zaki Validiy bilan uchrashadi va u bilan fikr almashadi. 1920 yil o‘rtalarida komdezirtir, bosqinchi aka-uka Gibzalovlarning tuhmati bilan qamoqqa olinadi va avval Orenburg, so‘ng Maskovga jo‘natiladi. Moskvadagi VChKning Butirka ichki qamoqxonasida boshqird namoyandasi Ilyos Alkin bilan birga o‘tiradi. Olib borilgan so‘roq va taftishlar Ubaydulla Xo‘jayevning inqilobiy Rossiyaga jinoyat qilmaganini ko‘rsatadi va aka-ukalar jinoyat ustida qo‘lga tushib, otishga hukm qilingani bois 1921 yanvar oyida qamoqdan ozod qilinadi. Buxoro xalq respublikasining vakolatxonasida (RSFSR MIK, A. Yenukidze imzosi bilan18.1.21 y. berilgan № 831 raqamli guvohnoma) faoliyat olib boradi. Oradan ko‘p o‘tmay Iosif Stalin rahbarlik qilayotgan Millatlar xalq komissarligida (I. Stalin va Ye. Aynshtayn imzosi bilan berilgan №1327 raqamli guvohnoma), Davlat nashriyoti boshqarmasi (Pavchinskiy imzosi Bilan 18.3.23y. berilgan №342 raqamli guvohnoma) bo‘limida huquqshunos bo‘lib ishlaydi. 1921 yil boshlarida salomatligi yomonlashgani sababli Yaltaga kelib, uzoq muddat davolanadi. So‘ng yana Maskovga qaytib ketadi. 1923 yil 1 martda Toshkentga kelib ahvol bilan tanishadi. 1916 yilda barpo etilgan «Turkiston Nashriyot birodarligi»ning davomchisi bo‘lgan «Turkit» («Turkestanskoye Izdatelskoye Tovariщestvo»), ya’ni «Turkiston Nashriyot birodarligi»ni V. va A. Chaykinlar bilan hamkorlikda tashkil etadi va 1922 yil 12 yanvarda Turkiston Adliya komissarligining tasdig‘ini oladi. Biroq bu yerda uzoq tura olmaydi. O‘zining vakili etib Munavvar qori Abdurashidxonovni tayinlab, unga ishni topshiradi va ushbu hujjatni 1923 yil 10 noyabrda Toshkent xalq notariusi Iskandar Aldabekovga tasdiqlatib, Maskovga qaytadi.

Mazkur hujjatning tarixiy muhim jihati shundaki, «Nashriyot»ning baychilari chor ma’murlariga va umuman chorizmga qarshi kurashgan shaxslardan iboratdir: ular orasida Tinishboyev Muhammadjon Tinishboyevich, Chernoborodov David Ilich, Xan – Iomudskiy Nikolay Nikolayevich, Mirjalilov Said Nosir, Gusev Sergey Aleksandrovich, Feldman Lazar Vladimirovich, Nazirxo‘jayev Otaxon, Anna Aleksandrovna Chaykina, Volpin Valentin Ioannovich, Xo‘jayev Abdurasul, Yakubov Muhammad Ali, Yunusboyev Mulla Muhammadjon, Sulaymonov Ubaydulla, Sarkorov Muhammadjon, Hakimzoda, Munavvar qori Abdurashidxonov va boshqa ko‘pgina o‘zbek va rus ziyolilari bor (jami 24 kishi).

Ubaydulla Xo‘jayev 1924 yilda Moskvadan Toshkentga butunlay qaytib keladi va Adliya komissarligi qoshidagi yuridik texnikumda dars bera boshlaydi hamda «Himoyachilar kollegiyasi»da faoliyat olib boradi. 1926 yil 18 aprelda noma’lum sabalarga ko‘ra GPU (Davlat Siyosiy Boshqarmasi) tomonidan qamoqqa olinadi. GPU xodimlarining «qaror»ida: «Ubaydulla Xo‘jayev 24-yil boshida Turkistonga qaytib kelib, aksilsho‘ro doiralaridagi obro‘si sharofati va o‘tmishdagi jadidchilik milliy harakatining eski, taniqli vakillaridan biri hamda sho‘rolar hukumatiga qarshi qurolli qo‘zg‘alon rahbari sifatida ilk kelgan kundan boshlaboq faqatgina barcha aksilsho‘ro unsurlarning markaziga aylanib qolmasdan balki Toshkent va umuman butun Turkiston, Buxoro va boshqa viloyatlarning e’tiborini jalb etdi. Boshqa mashhur millatchilar bilan masalan, Toshkentda Munavvar qori, Said Nosir Mirjalilov, Ergash Nurmuhamedov, Tangriqul Maqsudiy Saidvali Saidahmedov, Mirzaahmedov Mirodil, Tolibjon Musaboyev, Najmiddin Sherahmedov bilan, shuningdek boshqa viloyatlardagi, xususan, Samarqandda Qozihaydar Abusaidov, Qo‘qonda Ashurali Zohiriy, Yunushoji Og‘aliqov va Buxoroda Fitrat va boshqalar bilan aloqa o‘rnatdi.

24-yil boshida tashkilotning yangi sharoitdagi taktikasi masalasida munozara o‘tkaziladi. Munavvar qori, Said Nosir Mirjalilov, Sa’dulla Tursunxo‘jayev hamda tashkilot a’zosi bo‘lmasada Fitrat va boshqa taniqli millatchilar qatori Ubaydulla Xo‘jayev ham bu masalada faol rol o‘ynadi. Munozara natijasida millatchilar o‘zlarining o‘tmishda istiqlol (jadidchilik) uchun kurashda sinalgan qurollari va milliy istiqlolga javob beradigan – milliy maktab yaratish uchun kurashga to‘xtaladilar. Ular chet elga o‘qishga ketayotgan talabalarga har tomonlama yordam berish, o‘z doiralaridan yoshlarni xorijga o‘qishga yuborish uchun moddiy- ma’naviy yordam ko‘rsatish masalasida kelishib oladilar. Lekin Ubaydulla Xo‘jayevning kutilmaganda qamoqqa olinishi ishni bir oz sekinlashtiradi.

JKning 62-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortilgan Ubaydulla Xo‘jayev e’lon qilingan ayblarni tan olmadi, lekin u Qo‘qon harakati tor-mor etilgandan keyin Moskvada yashiringani va bu harakatning rahbarlari Said Nosir Mirjalilov, Obidjon Mahmudov, Turkiston delegatsiyasining rahbari Sadriddinxon bilan uchrashganini tasdiqladi. Tergovda unga «Toshkent guruhining yig‘ilishida chet elda o‘qiyotgan talabalarga yordam ko‘rsatish masalasida o‘z yonidan ma’lum miqdorda pul berdi, millatchilar uyida bo‘ldi», degan ayb qo‘yiladi.

1926 yil 22 aprelda uning xotini Yekaterina Xo‘jayeva ko‘rishmoq uchun GPU boshliqlariga ariza beradi. Xo‘jayev vaziyatning qaltis ekanligini sezadi va uchrashuv paytida,1926 yil 27 aprelda I.Stalin nomiga ariza yozib, rafiqasi orqali jo‘natadi. Garchi Stalin Ubaydulla Xo‘jayevning ozod qilinishiga oq yo‘l bergan bo‘lsa-da, Turkiston GPUsining xo‘jayinlari uni maxfiy xodim sifatida ishlashga majburlab ko‘ndirmoqchi bo‘ladilar. Atoqli huquqshunos, ularga yolg‘on va’da bergach, 1926 yil 19 iyunda ish harakatdan to‘xtatilib, qamoqdan ozod qilinadi. Ammo olti oy mobaynida u bironta material bermaydi. GPUchilar 1926 yil 23 dekabrda Maskovdagi VOOGPU boshilig‘i o‘rinbosari Vallenbergga shikoyat yuboradilar: «Iskrennыy» laqabi bilan ishlashga va’da bergan edi. Ubaydulla Xo‘jayev «osvedom»[1] sifatida zimmasiga olgan vazifasini bajarmaslik bilan kifoyalanmay, ongli ravishda Munavvar qori oldida o‘zini oshkor qildi va unga «osvedom» sifatida o‘z vazifasiga nimalar kirishini aytgan hamda o‘rt. Belskiy nima gapirgan bo‘lsa, hammasini Munavvar qoriga xabar qilgan. Solovkaga besh yilga surgun qilinishini so‘raymiz». Belskiy yugurdaklarining bu iltimosi oqibatsiz qoldiriladi. Ubaydulla Xo‘jayev qamoqdan chiqib, advokatlik faoliyatini davom ettiraveradi.

Ammo GPU xodimlari uning har bir bosgan qadami haqida ma’lumot olib turadilar. 1929 yilda arzimagan bahona bilan bir yilga majburiy xizmatga kesiladi. 1930 yilda majburiy xizmatdan qutulgach, oradan ko‘p o‘tmay, shu yili 20 aprelda, «Munavvarqori Abdurashidxonov, Salim Tillaxonov va boshqalar» ishi bo‘yicha yana qamoqqa olinadi. Unga «Milliy ittihod» a’zosi, josus, O‘zbekistonni sho‘rolar hukumatidan ayirib, mustaqil burjua respublikasi qurmoqchi, degan ayb qo‘yiladi.

Atoqli istiqlolchi juda zukko va ehtiyotkor bo‘lishiga qaramay, ba’zan atrofidagilardan hadiksiramagan, ularga ishonch bilan qaragan. Shu sababli Toshkentga qaytib kelib, do‘stlari bilan dastlab uchrashgan kundan boshlaboq uning yonida GPU agentlari galma-gal poyloqchilik qilib yurishgan. Dalillarga murojaat qilaylik: «P» laqabli xufya 1925 yilda shunday xabar beradi: «Ubaydulla Xo‘jayev yana xorijga, Mustafo Cho‘qayev nomiga Eron chegarasi orqali turli-tuman axborotlar, xususan, Toshkent gazetalarida bosilgan korrespondentsiyalarni, shuningdek Cho‘qayevning yozganlariga qarshi so‘nggi paytlarda yozilgan narsalarni va boshqalarni jo‘natdi. Pochtani marvlik turkman Turdi oqsoqol degan shaxs orqali 17.X1. 25 y. yubordi. Shu turkman orqali boshqa korrespondentsiyalar ham xorijga jo‘natilgan degan taxmin bor».

GPU agentlari Ubaydulla Xo‘jayev Shimoliy Kavkazda nashr etiladigan «Yangi Kavkaz» gazetasida Yusuf laqabi bilan va rus muhojirlarining «Dni» gazetasida maqolalar e’lon qilganini o‘z xo‘jayinlariga yetkazadilar. o‘lganni ustiga chiqib tepgandek mazkur ma’lumotlar ustiga 1929 yili O‘zbekiston Oliy Sudining Raisi Sa’dulla Qosimov va boshqalar ustidan boshlangan sud jarayoni, unda Obid Saidov va boshqalarning tuhmatona ko‘rsatmalari oshkor bo‘ladi hamda maxsus topshiriq bilan «Uzbekistanskaya pravda» gazetasida Ubaydulla Xo‘jayevga nisbatan tuhmatdan iborat hujum uyushtiriladi.

Sho‘rolar hukumati davlat tepasiga kelgach, o‘zining «proletkult» degan haybarakallachilari tilidan inqilobga qadar voyaga yetgan ziyolilarga ishonmaslik masalasini o‘rtaga tashlagan edi. Garchi o‘zlari ham o‘sha davr kishilari bo‘lsalar-da, biroq hur fikrli, millat taqdiri haqida o‘ylovchi kishilarni siyosiy ishlardan chetlashtirish, hatto ularni butunlay jismoniy yo‘qotish masalasini maydonga otdilar. Shuning uchun markazda ham, chet o‘lkalarda ham ziyolilarga, xususan milliy ziyolilarga ishonmaslik xuruj qildi. Oqibat O‘zbekiston Olliy sudi raisi Sa’dulla Qosimov va shu soha xodimlari ustidan siyosiy nayrang uyushtirilib, jinoyatga tortildi. Sud jarayonida ularning professional nuqsonlari, yo‘l qo‘ygan xatolari yoxud mavjud qonunlarga xilof ravishda amalga oshirilgan ma’lum bir jinoyatlari tergov va so‘roq qilish o‘rniga ularni millatchilik, jumladan «Milliy ittihod»– «Milliy istiqlol» tashkilotlariga aloqalari va boshqa sohada ishlab turgan o‘zbek ziyolilarining bu tashkilotlarga munosabatlari haqida taftish o‘tkazildi. Ana shu jarayonda ko‘pgina o‘zbek ziyolilari qatori Ubaydulla Xo‘jayevning nomi ham xoin O.Saidov tomonidan tilga olinadi.

Turkiston – O‘zbekiston xalqini har sohada kallaklashni maqsad qilgan sho‘rolar hukumati GPU vositasida siyosiy qatag‘onning yangi bosqich jarayonini boshlaydi: 1929 yil noyabr – 1930 yanvar-fevral boshlarida 87 nafar kishi hibsga olinadi. GPU Turkistonda kuchli maxfiy tashkilot ishlayapti, unga Munavvarqori Abdurashidxonovdan boshqa kishilar ham aralashgan, chet el razvedkasining aloqasi bor degan soxta gumon bilan qamalganlar tergovi boshlanadi. Har narsadan gumonsiraydigan sho‘ro hukumati o‘z faoliyatini allaqachon tugatgan «Milliy ittihod» ishlayapti, degan dalillanmagan xulosaga keladi. Besh-olti yil kuzatishdan so‘ng Maskov ruxsati bilan O‘zbekistondagi Belskiy rahbarligida GPU milliy ziyolilarni tamom qirib tashlashga ahd qiladi. Qamoqqa olingan Turkiston — O‘zbekiston ziyolilari xalq yangi hokimiyatning yolg‘on shiorlariga aldanib qolgani sababli buyuk kurashning qurolli va mafkuraviy qismini tugatib, yurishni ma’rifat tomon burganlari sababli boshlarini kundaga qo‘ydilar. Ubaydulla Xo‘jayev tergov davomida sharmanda larcha olib borilayotgan tuhmat va jismoniy qiynoqlarga qaramay, raqiblari irodasiga bo‘ysunmadi, bor haqiqatni O‘zbekiston xalqiga bildirish chorasini izladi. «Uzbekistanskaya pravda»ga raddiya yozdi. Huquqshunos bo‘lgani uchun ko‘p balolardan o‘zini ihota qila oldi. Ammo jismoniy qiynoqlar o‘z hunarini ko‘rsatar edi. O‘shanday narsalardan xabar topgan Xo‘jayevning rafiqasi «xalqlar dohiysiga» ariza yozishga majbur bo‘ladi.

«O‘rt. Stalinga

Sizdan bemor (yurak o‘ynog‘i), zaharlashlar va qiynoqqa uchragan AYBSIZ kishining hayotini saqlab qolishga o‘z nazar-e’tiboringizni qaratishingizni so‘rayman.

Men, Turkistonda mashhur kishi – Ubaydulla Xo‘jayev, Toshkentdagi sobiq Advokatlar kollegiyasi a’zosining rafiqasiman, u Sizga 1921 yilda bir necha marta shaxsan o‘tkazgan suhbatlaringizdan ma’lum.

Hozir «Qosimovchilik» munosabati bilan matbuotda Ub. Xo‘jayevni zaharlash boshlangani bois u Zelenskiyga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. U gazetaga raddiya yozishni taklif etdi. Ushbu raddiyaning bir nusxasini ilova qilyapman. Ushbuni o‘qib chiqishni Sizdan iltimos qilaman, u qisqa va aniq. To‘g‘ri, raddiyani gazeta e’lon qilmadi, endi esa, men Toshkentdan Xo‘jayevning qamalgani haqida xabar olib turibman.

Siz raddiyani o‘qib chiqqaningizdan keyin yolg‘onlar asosida jarayon yaratish va uni kontrrevolyutsiyada ayblashmoqchi ekanligi ma’lum bo‘ladi.

Sizdan inson va bizning ishongan dohiymiz sifatida uni tuhmat va azobdan himoya qilishingizni, qamoqdan ozod etib Turkiston chegarasidan chiqib ketishiga imkoniyat berishingizni yolvorib so‘rayman.

 U. Xo‘jayeva,

 Manzilim:B.Yakimenko ko‘chasi, 22 . kv. 155.»

Ubaydulla Xo‘jayev yozgan raddiyadan iqtiboslar keltiramiz.

«Uzbekistanskaya pravda» gazetasining redaktoriga. 1930 yil, 9 may.

Fuqaro muharrir!

So‘nggi oyda, Sizning gazetangizda va O‘rta Osiyo matbuotining bir qator rasmiy nashri afkorlarida Qosimov va boshqalar jarayoni munosabati bilan meni haqimda va mening ijtimoiy-siyosiy o‘tmishim to‘g‘risida tekshirilmagan, noaniq, hatto haqiqatni tubdan buzib ko‘rsatuvchi xabarlarning bosilishi meni O‘rta Osiyo jamoatchiligi e’tiboriga quyidagi xat-raddiya bilan murojaat qilishga majbur etdi.

Men vaqt va joyni nihoyatda tejash maqsadida Sizning gazetangizda Qosimov ishi bo‘yicha bosilgan har bir xabarga javoban, guvohlarning ko‘rsatmalarini matbuot tomonidan noto‘g‘ri, noaniq talqin qilinishi yoki sizning muxbiringiz tarafidan bir tomonlama yoritilishi yoxud bu ko‘rsatmalar atayin soxta guvohlik xarakterida bo‘lgani bois men qisqa ma’lumotlar berish bilan cheklanaman (bularga qarshi men tomonimdan javob choralari qo‘llanishi mumkin), va ishonamanki, u Sizning gazetangiz ustunlaridan joy oladi».

Ubaydulla Xo‘jayev «Uzbekistanskaya pravda» gazetasining 3,24,27,28, 30 aprel sonlarida «qosimovchilar jarayoni» bo‘yicha e’lon qilingan maqolalarda o‘zi haqidagi fikrlarga munosabat bildirib, matbuot va ayrim guvohlar tomonidan bayon qilingan yolg‘on ko‘rsatmalarga tom ma’noda dalillar bilan javob beradi. o‘zining 1917 yil davlat to‘ntarishigacha bo‘lgan va undan keyingi faoliyatiga dalillar bilan oydinlik kiritadi. Soxta guvohlar va matbuotning buzuq talqinini fosh qiladi. Raddiyada keltirilgan ma’lumotlar qonuniy asosda bayon qilingan bo‘lib, guvohlarning ham, matbuotning ham jig‘iga tegmaydi. Neomustamlakachi hukumat tomonidan uyushtirilayotgan qabih jinoyat yuzaga qalqib chiqadi. o‘quvchi ko‘z oldida millat fidoyisining ataylab jinoyatchiga aylantirish manzarasi namoyon bo‘ladi. Bu tarixiy jinoyat manzarasining bir qismi bo‘lmish ushbu «Raddiya» ostiga 1930 yil, 27 oktyabr sanasi, «rahbariyatga oqibatsiz qoldirish haqida aytildi, OGPU Maxsus bo‘limi Juravlevga, tergov ishiga qo‘shimcha, A.Stefanyuk, prokuror yordamchisi» deb imzo qo‘yilgan. Bir oz quyida: «VKP(b) MK, Maxfiy bo‘lim. Ko‘rib chiqish uchun yuborilmoqda, iltimos, natijasi arizachiga ma’lum qilinsin va nusxasi maxfiy bo‘limga topshirilsin, dokladchi referent» deb yozilgan.

Ko‘rinib turibdiki, Xo‘jayevaning arizasi va U. Xo‘jayevning «Raddiya»si VKP(b) MKga borib yetgan, ammo I.Stalinning qo‘liga tegmagan. Chunki unda Stalinning rezolyutsiyasi yo‘q. Ammo u yerda o‘tirganlar milliy respublikalardagi boshboshdoqliklarga panja ortidan qarashgan, hatto milliy ziyolilarning katta bir qismi ataylab qirilishini, o‘zbek xalqining asriy milliy an’analari, madaniyati, zakovati buzilib, asta-sekin yo‘qolib borishidan, o‘zbek xalqining siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’rifiy, ma’naviy, genetik terror qilinishidan manfaatdor bo‘lgan. Aks holda 1926 yilda qamoqqa olinib, tergov qilingan kishi yana qamalmas edi. Bu fikrni Ubaydulla Xo‘jayevning 1930 yil 3 dekabrda yozgan arizasidagi ushbu so‘zlar ham tasdiqlaydi. «O‘shandan beri (ya’ni, Ergash Nurmuhammadning uyida o‘tgan mehmondorchilik va suhbat – S.A.) oradan yetti yil o‘tdi. O‘sha suhbat haqida endi qandaydir bir gap bo‘lishi xayolimda ham yo‘q, kunlardan bir kun, 1926 yilda qamalgach bu masala hal bo‘lgan deb o‘ylagan edim. o‘shandan keyin hech qanday siyosatga yondashmadim va hech kim men bilan siyosat bo‘yicha gaplashmadi, men faqat o‘z kasbim bilan shug‘ullandim».

Ubaydulla Xo‘jayev o‘z yaqin va do‘stlarini qanchalik ayamasin, sho‘rolar hukumatining tajovuzidan asrab qola olmaydi. U 1937 yilda ma’muriy jazoni muddatidan oldin Vologda viloyat, Nikolsk shahrida o‘tab qaytadi.

Ubaydulla Xo‘jayev qamoqdan kelgach, singlisi Muborakxonning uyida yashaydi. Jiyani mohir tarjimon va jurnalist Hibziddin Muhammadxonovning xotirlashicha, u Lev Tolstoyning «Bolalik», R.Kiplingning «Maugli» asarini o‘zbekchaga tarjima qiladi. O‘z yuridik huquqlarini tiklashga harakat qiladi. Biroq mustabid hokimiyat unga ishlash va ijod bilan shug‘ullanishga imkoniyat bermaydi. Uning osuda hayotiga yangi tajovuz uyushtiradilar.

Atoqli huquqshunos va jamoat arbobi Ubaydulla Xo‘jayev 1938 yil, 20 fevralda yana qamoqqa olinadi. Tergovda 1918 – 1920 yillarda ingliz josuslari foydasiga ishlagan degan aybni to‘nkaydilar. Kaltaklangan, xo‘rlangan va tahqirlangan safdoshlari azobdan qutulish uchun yolg‘on, yasama javoblarga majburan qo‘l qo‘yadilar. 1938 yil 17 mayda o‘tkazilgan so‘roqda «Men hech qachon «Milliy ittihod» a’zosi bo‘lgan emasman, hozir aniq eslay olmayman, Munavvarqorining uyida bir yoki ikki marta bo‘lganman, shundan so‘ng aloqani uzib, Rossiyaga ketganman va shuning uchun yetti yil surgunda bo‘lib keldim», deydi va o‘sha yil 11 iyulda atoqli davlat arbobi Sa’dulla Tursunxo‘jayev bilan o‘tkazilgan yuzlashtirishda «Men «Ittihodi taraqqiy» rahbarlarining ingiliz razvedkasi bilan aloqasi haqida hech narsa bilmayman, «ingliz razvedkasiga mening hech qanday aloqam yo‘q» deb javob beradi. 1937 yil surgundan qaytgandan keyin faqat millati ovrupolik bo‘lgan huquqshunoslar bilan suhbatlashganini so‘zlaydi. Tergovchining «Sen aksilsho‘ro tashviqoti olib borgansan, tan olsanmi» degan do‘qiga «Yo‘q. Tan olmayman. Men buni inkor qilaman. Men hech qachon aksilsho‘roviy tashviqot olib borgan emasman», deydi. NKVD xodimlari bu mardonavor javobga qarshi bironta qarshi dalil topa olmaydilar. Shunga qaramay, SSSR NKVDsining Maxsus Kengashi Ubaydulla Xo‘jayevni josuslikda va aksilsho‘ro milliy tashkilotga a’zolikda ayblab, 1939 yil 14 may qarori bilan sakkiz yilga MTLga surgun qilish to‘g‘risida qaror chiqaradi. Shu kuni NKVDga qarashli Komi ASSR, Pezmog qishlog‘i, Kotlas bekati, Gorkiy temir yo‘lidagi LOKChIMLAGning 3-bo‘limiga jo‘natiladi. U ana shu azobxonada 1939 yilda dunyodan ko‘z yumdi…

Turkiston xalqining asl farzandlaridan biri shunday halok bo‘ldi.

Ubaydulla Xo‘jayev oradan ellik yil o‘tgach, 1989 yil 31 iyulda to‘la oqlandi. Uning ijtimoiy-siyosiy, fuqarolik huquqlari to‘la tiklandi.

Hayotining asosiy qismini, topgan barcha mablag‘ini xalqi va Vatani taraqqiyoti, istiqboliga baxshida etgan ajoyib inson va ulug‘ jamoat arbobi Ubaydulla Xo‘jayev faoliyatida hali o‘rganiladigan qirralar juda ko‘p. O‘zbekiston huquqshunoslari, matbuot tarixchilari va siyosatshunoslar, jurnalistlar, yozuvchilar uning faoliyatini yanada teran yoritadilar deb umid qilamiz.

 Sirojiddin Ahmad, san’atshunoslik fanlari nomzodi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 8-son

[1] «O s v ye d o m» – xabar berib turuvchi.