Sohibqiron Amir Temur (1336-1405)

Amir Temur, Temur, Temurbek (to‘liq ismi Amir Temur ibn Amir Tarag‘oy ibn Amir Barqul) [1336.9.4, Kesh (hozirgi Shahrisabz) shahri yaqinidagi Xoja Ilg‘or qishlog‘i (hozirgi Yakkabog‘ tumani) — 1405.18.2, O‘tror shahri, Samarqandda dafn etilgan) — o‘rta asrning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi.

Amir Temurning onasi Takina xotun buxorolik. Otasi amir Tarag‘oy esa barlos urug‘ining oqsoqollaridan hamda Chig‘atoy ulusining e’tiborli beklaridan hisoblangan. Uning ajdodlari Kesh viloyatida hokimlik qilishgan. Shu bois Amir Temurning otasi amir Tarag‘oyni ham yilda bir marotaba Ili daryosi bo‘yida xon tomonidan chaqiriladigan el-yurt beklarining qurultoyiga taklif etilar va u bunday yig‘inlarda muttasil qatnashar edi. Shu bilan birga u, Sharafuddin Ali Yazdiyning ta’kidlashiga ko‘ra, «ulamo va sulaho va muttaqiylarg‘a mushfiq va mehribon erdi va bularning majlisiga borur erdi…». Tarag‘oybek piri Shamsuddin Kulolni ayniqsa chuqur ehtirom qilgan. Keyinchalik shayx Kulol Amir Temurning ham piri bo‘lgan. Tarag‘oybek 1360 yilda vafot etgan.

Amir Temurning yoshligi Keshda kechdi. Yetti yoshga to‘lgach, otasi uni o‘qishga berdi. Amir Temur yoshlik chog‘laridanoq maxsus murabbiylar nazorati ostida chavandozlik, ovchilik, kamondan nishonga o‘q uzish, boshqa turli mashq va harbiy o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘lgan. Shu asnoda Amir Temur tulporlarni saralab ajrata oladigan mohir chavandoz va dovyurak bahodir bo‘lib voyaga yetgan. Amir Temur tabiatan og‘ir, bosiq, teran fikrli va idrokli hamda nihoyatda ziyrak, kishilardagi qobiliyat, fazilat, ayniqsa, samimiyatni tezda fahmlab oladigan inson bo‘lgan. Shu tufayli o‘spirinlik chog‘laridayoq atrofiga tengqurlari orasidan sadoqatli do‘stlarni jalb qila olgan. Uning atrofiga bolalikdagi do‘stlari va maktabdoshlari (Abbos bahodur, Jahonshohbek, Qimori inoq, Sulaymonshohbek, Idiku Temur, Sayfuddinbek, Hindushoh, Qarqara va boshqa) to‘planishib, birgalikda mashq qilar, musobaqalarda ishtirok etishar, asta-sekin navkar bo‘lishib va harbiy guruhga birlashib, harbiy bo‘linma sifatida shakllana borgan. Keyinchalik ular Amir Temur qo‘shinida lashkarboshilik darajasigacha ko‘tarilganlar.

Amir Temur o‘zining ilk harbiy faoliyatini qo‘l ostidagi navkarlari bilan ayrim viloyat amirlariga xizmat qilishdan boshlagan; ularning o‘zaro kurashlarida qatnashib, jasorat ko‘rsatgan, janglarda chiniqqan, harbiy mahoratini oshirgan. Dong‘i butun Qashqadaryo vohasiga yoyilgan. Amir Temurning aqlu zakovati, shijoati va shuhrati uni Movarounnahrning nufuzli amirlaridan amir Xizr Yasovuriy va amir Qazag‘on bilan yaqinlashtirdi. Xondamirning yozishicha, otasi amir Tarag‘oy Amir Temurni avval (1355) amir Joku barlosning qizi Nurmushk og‘oga, so‘ngra o‘sha yili (1355) Qazag‘onning nabirasi va amir Husaynning singlisi O‘ljoy Turkon og‘oga uylantiradi. Keyingi nikoh tufayli Amir Temur bilan Balx hokimi amir Husayn o‘rtasida ittifoq yuzaga kelib, ular birgalikda mo‘g‘ullarga qarshi kurashadilar.

Amir Temurning Movarounnahrni birlashtirish yo‘lidagi harakati 14-asrning 60-yillari boshlaridan boshlandi. 14-asr ning 50-yillari oxirida Movarounnahrda amirlarning o‘zaro kurashi kuchayib, amir Qazag‘on o‘ldirildi. Mamlakatda siyosiy parokandalik avjiga chiqib, og‘ir tanglik sodir bo‘ldi. Xondamirning «Habib us-siyar» kitobida keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, ulus o‘nga yaqin mustaqil bekliklarga bo‘linib ketgan. Samarqand viloyatida amir Bayon sulduz, Keshda amir Hoji barlos, Xo‘jandda amir Boyazid jaloir, Balxda Uljoy Bug‘a sulduz, Shibirg‘onda Muhammad I Xoja Aperdi nayman, Ko‘histonda Badaxshon shohi amir Sotilmish, Xuttalonda Kayxusrav, Hisori Shodmon hududida amir Husayn va amir Xizr Yasovuriylar o‘zlarini hokimi mutlaq deb e’lon qiladilar.

Bu davrda Chig‘atoy ulusining sharqiy qismi — Yettisuv va Sharqiy Turkistonda hukmronlik qilayotgan mo‘g‘ul xonlari Movarounnahrdagi og‘ir siyosiy vaziyatdan foydalanib, bu yerda o‘z hokimiyatini o‘rnatishga harakat qiladilar. Jeta xonlaridan Tug‘luq Temur va uning vorisi Ilyosxoja 1360—61 va 1365 yillarda Movarounnahrga bir necha bor bostirib kiradilar. Mo‘g‘ul xonlarining bosqinchilik yurishlari va zulmiga qarshi xalq harakati boshlanadi. Biroq, Movarounnahr amirlari xalqqa bosh bo‘lib, mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashga jur’at eta olmaydilar. Ularning bir qismi dushman tarafiga o‘tadi, ikkinchi qismi esa el-yurtni tark etib, o‘zga mamlakatlardan boshpana izlaydilar. Amir Temurning amakisi, Kesh viloyatining hukmdori amir Hoji barlos Xurosonga qochadi. Mana shunday og‘ir pallada siyosat maydoniga Amir Temur kiradi. Mo‘g‘ullarga qarshi turish uchun kuchlar nisbati teng emasligini hisobga olgan 24 yoshli Amir Temur 1360 yilning boshida Tug‘luq Temur tomonidan Keshga yuborilgan beklar bilan kelishadi. Sharoit taqozosi bilan xon xizmatiga o‘tib, uning yorlig‘i bilan o‘z viloyatining dorug‘asi etib tayin qilinadi. Shubhasiz, bu noilojliqdan qo‘yilgan siyosiy hamda strategik qadam bo‘lib, bu bilan Amir Temur mo‘g‘ullarning navbatdagi talon-tarojining oldini olgan, mamlakat va xalqni falokatdan qutqargan edi. Biroq, Movarounnahrning hukmdori etib tayin qilingan Ilyosxoja va uning lashkarboshisi amir Bekkichik bilan Amir Temurning murosasi kelishmay qoladi. Shu sababdan 1361 yilning oxirida u mamlakatni tark etishga majbur bo‘ladi.

Xivaning janubida, Urganjiy dashtida Amir Temur Tug‘luq Temurning yana bir raqibi — qaynog‘asi amir Husayn bilan uchrashadi. Amir Temur mo‘g‘ullar bilan kurashish maqsadida u bilan birlashib, ikkovlon kuch to‘plashga kirishadi. Dastlab ular Tug‘luq Temurxonning farmoniga binoan Amir Temurni ta’qib qilishga kirishgan Xiva dorug‘asi To‘qol (Tavakkal) bilan jang qiladilar. So‘ngra 1362 yilning kuzida Seistonda viloyat hukmdori Malik Qutbiddinning tarafida turib mekroniylar bilan bo‘lgan to‘qnashuvda Amir Temur o‘ng kifti va o‘ng oyog‘idan jarohatlandi.

Amir Temur va amir Husayn keyingi ikki yil davomida Ilyosxoja boshliq Jeta lashkari bilan bir necha marta jang qiladilar. Nihoyat, 1364 yil oxirida ular mo‘g‘ul qo‘shinlarini Movarounnahr hududidan quvib chiqarishga muvaffaq bo‘ladilar.

Biroq, Movarounnahrni qo‘ldan chiqarishni istamagan Ilyosxoja 1365 yilning bahorida yana Turkiston ustiga qo‘shin tortadi. Toshkent bilan Chinoz oralig‘ida ikki o‘rtada sodir bo‘lgan jang tarixda «Loy jangi» nomi bilan shuhrat topadi. Jangda amir Husaynning xiyonati oqibatida mag‘lubiyatga uchraydilar va o‘z qo‘shinlari bilan Amudaryo bo‘ylariga chekinib, Balx viloyatida o‘rnashdilar. Ilyosxoja esa hech qanday qarshilikka uchramay Xo‘jand, Jizzax va boshqa bir qancha shahar hamda qishloqlarni egallab, Samarqand ustiga yuradi. Samarqand o‘sha paytlarda katta qo‘shinga qarshilik ko‘rsata olmasdi. Shaharning na devori va na mustahkam istehkomlari, na qurollangan sipohiysi bor edi. Bek va amirlar shaharni tark etgan edi, lekin mo‘g‘ullarga qarshi xalq ko‘tarildi, sarbadorlar shahar mudofaasini o‘z qo‘llariga oldilar. Shahar mudofaachilariga madrasa tolibi ilmlaridan Mavlonozoda Samarqandiy, jun (paxta) tituvchilar mahallasining oqsoqoli Abu Bakr Kuluyi (Kalaviy) Naddof va mergan mavlono Xurdaki Buxoriylar boshchilik qiladilar. Sarbadorlar Samarqand shahrida mo‘g‘ullarga qaqshatqich zarba beradilar. Ilyosxoja dastlab Samarqandni, so‘ngra butun Movarounnahrni tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ladi.

Sarbadorlarning mo‘g‘ullar ustidan qozongan g‘alabasi haqidagi xabar amir Husayn bilan Amir Temurga ham borib yetgan. Amir Temur qishni Qarshida, Husayn esa Amudaryo bo‘yida o‘tkazib, 1366 yil bahorida Samarqandga yo‘l oldilar. Ular Konigilda to‘xtab sarbadorlarning dushman ustidan qozongan g‘alabalaridan mamnun bo‘lganliklarini va ular bilan uchrashmoqchi ekanliklarini bildiradilar. Biroq, sarbadorlarning boshliqlari amirlar huzuriga kelganlarida amir Husayn buyrug‘i bilan Abu Bakr Kuluyi (Kalaviy) Naddof bilan mavlono Xurdak Buxoriylar dorga tortiladi. Mavlonozodani esa Amir Temur o‘z himoyasiga olib kutqarib qoladi. Shu tariqa sarbadorlar boshliqsiz qoldirilib, Movarounnahrda amir Husaynning hukmronligi o‘rnatiladi, ammo ko‘p vaqt o‘tmay Husayn bilan Amir Temur o‘rtasidagi munosabat keskinlashib, ochiqdan-ochiq nizoga aylanadi. Amir Temurning nufuzi ortib borayotganligidan xavfsiragan amir Husayn Balxga qaytib, uning qal’a devorlari va istehkomlarini mustahkamlashga kirishadi. Balx, Qunduz va Badaxshondan ko‘p sonli lashkar ham to‘playdi. Kesh va Qarshi viloyatlariga bosh bo‘lgan Amir Temur ham amir Husaynga qarshi hal qiluvchi jangga hozirlik ko‘radi. 1366-70 yillar o‘rtasida bir necha bor to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tadi.

14-asrning 60-yillarida Movarounnahrda hukm surgan nihoyatda og‘ir siyosiy va iqtisodiy vaziyat mamlakatni birlashtirib, kuchli bir davlat tashkil etishni taqozo qilmoqda edi. Amir Husayndan ko‘ra Amir Temur zamonining bunday talabini yaxshiroq tushunardi. Shuning uchun ham o‘z faoliyatining dastlabki bosqichida barcha harakatni Movarounnahrda markazlashgan davlat tuzishga qaratadi. Bunday maqsadni amalga oshirishda u ruhoniylar, harbiylar, savdogarlar va shahar hunarmandlari tabaqalariga suyanadi. Amir Temur tarqoq mamlakatni birlashtirishga kirishar ekan, kurashni avvalo ichki g‘animlaridan boshlaydi.

1370 yil bahorida Amir Temur amir Husaynga qarshi yo‘lga chiqadi. Qo‘shin Termiz yaqinidagi Biyo qishlog‘iga yetganda makkalik shariflardan Sayyid Baraka Amir Temur faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, unga oliy hokimiyat ramzi katta nog‘ora — tabl bilan yalov — bayroq tortiq qiladi. Shubhasiz bu voqea katta siyosiy ahamiyatga ega edi. Chunki u saltanatlik ramzi edi. Amir Temur buni yaxshi tushunardi. Shuning uchun ham Balxga yetmasdan O‘rpuz mavzeida u amir va no‘yonlari bilan kengash o‘tkazadi. Ko‘pchilikning xohish va ixtiyori bilan, o‘sha davr qonun-qoidalariga ko‘ra, chingiziylar avlodidan bo‘lgan Suyurg‘atmish o‘g‘lon Movarounnahr podsholigi taxtiga o‘tqazildi. Amir Temur qo‘shini to Balxga yetib borgunicha, unga yo‘l-yo‘lakay yangi-yangi kuchlar kelib qo‘shildi. Shu asnoda amir Husaynni ko‘pchilik amirlari tark etdilar. Jangda amir Husayn qo‘shinlari yengildi, ikki kunlik qamaldan so‘ng, 1370 yilning 10 aprelida Balx shahri Amir Temurga taslim bo‘ldi. Amir Husayn asir olinib, qatl etildi. Bu g‘alabadan so‘ng Amir Temur Movarounnahrning chingiziylardan bo‘lgan hukmdori Qozonxonning qizi Saroymulk xonimni o‘z nikohiga oladi. Xon qiziga uylanganligi munosabati bilan Amir Temur «ko‘ragon», ya’ni «xonning kuyovi» unvonini oldi.

1370 yilning 11 aprelida Chig‘atoy ulusining barcha beklari, amirlari, viloyat va tumanlarning dorug‘alari hamda Termizning sayyidlari (xudovandzodalari), shuningdek Amir Temurning yoshlikdan birga bo‘lgan quroldosh do‘stlari va piri Sayyid Barakaning ishtirokida o‘tkazilgan qurultoyda an’anaga ko‘ra chingiziylardan Suyurg‘atmishxon mamlakat hukmdori deb e’lon qilingan bo‘lsada, amalda markaziy hokimiyatni Amir Temur o‘zi boshqardi, viloyatlardagi hokimiyatni o‘g‘illari, nabiralari va yaqin amirlari orqali idora qildi. Samarqand Amir Temur davlatining poytaxtiga aylantirilib, o‘sha yilning yozida shahar devori va qal’asi tiklandi, saroy va qasrlar bino qilindi.

Mamlakatning siyosiy va iqtisodiy mavqeini mustahkamlab, ko‘pdan davom etib kelayotgan ichki tarqoqlikka barham berish, tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish maqsadida Amir Temur (1370 yil iyunida) Samarqandda katta qurultoy chaqirdi. Unda markaziy davlat tizimini shakllantirish va qo‘shin tuzish masalalari muhokama etildi.

El-yurtni boshqarishda harbiy kuchning ahamiyatini yaxshi tushungan Amir Temur qo‘shinning tuzilishiga katta ahamiyat berdi. U «amir» va «amir ul-umaro» kabi yuqori darajali harbiy unvonlar joriy qildi. Qo‘shinni harbiy jihatdan isloh qilar ekan, u ayniqsa lashkarboshilarni tanlash va ularni tarbiyalash, harbiy qismlar va ularning joylashish tartibi, navkar va sarbozlarning qurollanishi hamda intizom masalalariga nihoyatda e’tibor beradi.

Amir Temur hokimiyat tepasiga kelgach, dastlabki vaqtlardayoq mamlakatda ro‘y bergan og‘ir iqtisodiy tanglikni bartaraf qilish uchun eng avvalo soliq tizimini tartibga soldi. Davlat soliqlarini yig‘ishda aminlar, kalontarlar va soliq yig‘uvchilarni ra’iyatga nisbatan insof va adolatli bo‘lishga, qonunga xilof ish tutmaslikka chaqirdi, chunki saltanatning barqarorligi ko‘p jihatdan ra’iyatning hol-ahvoli, uning davlat va davlat boshlig‘iga bo‘lgan sadoqatiga bog‘liq. Ra’iyatni himoya qilish qonun bilan mustahkamlangan, qonun barchaga barobar bo‘lgan. Amir Temur nafaqat o‘z xalqini, balki zabt etilgan mamlakatlarning aholisini ham imkoni boricha qonun himoyasiga olgan. Ularni asirlik va talon-tarojlardan saqlagan.

Amir Temur Movarounnahrni mo‘g‘ullar hukmronligidan ozod etib, bu qadimiy mamlakatda mustaqil davlat barpo etgan bo‘lsada, hali mamlakatda barqaror tinchlik o‘rnatilgan emas edi. Bir tomondan ayrim viloyat hokimlari Amir Temur hakimiyatini tan olishdan bosh tortib turgan bo‘lsalar, ikkinchi tomondan mamlakatning sharqiy va shimoliy hududlari notinch edi. Mo‘g‘uliston bilan Oq O‘rda hukmdorlari Farg‘ona vodiysining sharqi, O‘tror, Yassi (Turkiston) va Sayram shahrilariga xavf solib, bu hududlarga tez-tez hujum qilar va aholini talon-taroj qilardi. Shuning uchun ham Amir Temur dastlabki yillarda mamlakat sarhadlari xavfsizligini ta’minlashga katta ahamiyat berdi. Isyonchi amirlarga qarshi shafqatsiz kurash olib bordi.

1370 yil kuzi va 1371 yil bahorida amir Zinda Chashmga zarba berib, Shibirg‘on viloyati bo‘ysundirildi. Balx va Toshkent viloyatlari ham Amir Temur hokimiyatini tan oldilar. Ammo Xorazm Oq O‘rda hukmdorlariga suyanib, hanuz bo‘ysunishdan bosh tortib kelardi. Xorazmni Amir Temur Chig‘atoy ulusining ajralmas qismi deb hisoblab, uni o‘z davlatiga qo‘shib olish siyosatini tutdi. Ammo bu masala elchilar vositasida tinch yo‘l bilan hal etilmagach, Amir Temur Xorazm hududiga besh marotaba yurish qildi. Birinchi yurishi 1371 yil yoz (iyul)ida Kot shahrini egallash bilan yakunlandi. Amir Temurning 1373 yil bahori va 1375 yil yozida Xorazm tomonga qilgan ikki yurishi natijasiz tugadi. Bu asnoda Oltin O‘rda xoni To‘xtamish bilan ittifoq tuzib olgan Xorazm hukmdori Yusuf so‘fi, uning yordamida Amir Temur davlati hududlariga bir necha bor yurish qilib, Qorako‘l viloyati va Buxoro tumanlarini talon-taroj etdi. Bunday vaziyat shubhasiz, 1379 yilda Amir Temurni to‘rtinchi marotaba Xorazmga qo‘shin tortishga majbur etdi. Lekin, bu yurish ham avvalgilari kabi sulh tuzish bilan tugadi. Biroq shunga qaramay, Yusuf so‘fi ilgari Xorazmning Chig‘atoy ulusiga tegishli bo‘lgan janubi-sharqiy (Kot va Xiva shahrilari birga) qismini yana qaytadan bosib oldi. Amir Temur davlatiga nisbatan Yusuf so‘fining tutgan bunday tajovuzkorona siyosati Xorazm ustiga Amir Temurning beshinchi marta yurish qilishiga sabab bo‘ldi. 1388 yilda Xorazmning poytaxti vayron etilib, uning hududlari Amir Temur davlatiga bo‘ysundirildi.

Bu orada Amir Temur Mo‘g‘uliston hokimi Qamariddin bilan ham to‘qnashib qoldi, chunki bu davrda uning Movarounnahrga bo‘lgan talonchilik xurujlari kuchayib ketgandi. 1370 — 71 yillarda u Toshkent va Andijon ustiga bir necha bor bosqin qilib, talab qaytgandi. 1376 yilda esa Qamariddin hatto Farg‘ona vodiysining talaygina qismini bosib oldi. Amir Temur mamlakatning shimoli-sharqiy hududlariga nisbatan bo‘layotgan muttasil tahdidni bartaraf qilish uchun Qamariddinga jiddiy zarba berishga kirishadi. Yigirma yil (1371—90) mobaynida Sohibqiron Mo‘g‘ulistonga yetti marta yurish qilib, mo‘g‘ul hukmdorlari Anqoto‘ra va Kamariddin ustidan g‘alaba qozondi. Shu zaylda Amir Temur Movarounnahr va Xorazmda ichki tarqoqlik, o‘zaro nizolar, shuningdek Mo‘g‘uliston tomonidan bo‘lib turgan tazyiqqa chek qo‘yib, ushbu hududda yashovchi elu elat va xalqlarni yagona davlatga birlashtirdi. Bu shubhasiz, Movarounnahr aholisi taqdirida ijobiy ahamiyat kasb etdi.

Amir Temur bu bilan qanoatlanmadi. Tez orada u qo‘shni davlatlar va xalqlar ustiga yurish qilib, ularni o‘ziga bo‘ysundirish va markazlashgan buyuk saltanat barpo etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Bu davrda Oltin O‘rda, Xuroson va Erondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat uning uchun juda qo‘l keldi. Amir Temur harbiy yurishni Xurosondan boshladi. 1381 yil u Hirotni egalladi. Saraxs, Jom va Qavsiya shahrilari jangsiz taslim bo‘ldi. Xuroson, xususan uning poytaxti Hirot strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega bo‘lib, Eron, Iroq, Shom va boshqa mamlakatlarga o‘tishda ko‘prik vazifasini o‘tardi. 1381 — 84 yillar davomida Amir Temur Eronning katta qismini egalladi. Avval (1381) Kalot, Turshiz va Sabzavor, keyin (1383) Seistonning Zireh, Zova, Farah va Bust qal’alari, 1384 yilda esa Astrobod viloyati va Ozarbayjonning Omul, Sori, Sultoniya va Tabriz shaharlari bo‘ysundirildi.

Amir Temur Eron, Ozarbayjon, Iroq va Shom (Suriya) ustiga uch marta lashkar tortdi. Bu yurishlar tarixda «uch yillik», «besh yillik» va «etti yillik» urushlar nomi bilan mashhur. Uch yillik (1386 — 88) harbiy yurishlar oqibatida Janubiy Ozarbayjon, Iroqning shimoliy qismi, Gurjiston va Van ko‘li atrofidagi yerlar egallandi.

Amir Temur shu bilan birga shimoli-g‘arbdan, ya’ni Oltin O‘rda tomonidan bo‘layotgan tazyiqqa barham berish maqsadida To‘xtamishga qarshi uch marta qo‘shin tortishga majbur bo‘ldi. U 1389 yilda Dizaq (Jizzax)ning Achchiq mavzeida, 1391 yilning 18 iyunida (hozirgi Samara bilan Chistopol shahrilari oralig‘ida joylashgan Qunduzcha (Kondurcha) daryosi vodiysida va nihoyat, 1395 yilda (28 fevral) Shimoliy Kavkazda Terek daryosi bo‘yida To‘xtamish qo‘shiniga qaqshatqich zarba beradi. Amir Temur harbiy yurishlari oqibatida Quyi Idil (Volga) viloyatlari, Saroy Berka, Saroychik va Hojitarxon (Astraxon) kabi shaharlar g‘orat qilindi. Amir Temur To‘xtamishni quvib Ryazan viloyatigacha bordi va Yelets shahrini ishg‘ol qildi.

Sharafuddin Ali Yazdiy Amir Temurning Moskva yurishini shunday ta’riflaydi: «Sohibqiron Maskavga sorikim, Rusning shaharlaridan erdi, tavajjuh qildi. Anda yetkonda nusratshi’or cheriki ul viloyatni (shahar va atrofini) chobtilar va andag‘i hokimlarni tobe’ qildi. Va cherikning eliklariga sonsiz mol tushti…» («Zafarnoma», 179-bet). Bu urushda Azaq (Azov), Kuban va Cherkas yerlari ham kuchli aziyat chekdi. Qizig‘i shundaki, Amir Temur Idilning Turotur kechuvi bo‘yida O‘rusxonning o‘g‘li Quyrichoq o‘g‘lonni chaqirtirib, unga qo‘lga kiritilgan sobiq Jo‘chi ulusini in’om etdi. Rossiya tarixchilari Bobur D. Grekov va A. Yu. Yakubovskiylarning yozishlaricha, Amir Temurning To‘xtamish ustidan qozongan g‘alabasi, faqat Markaziy Osiyo uchun emas, balki butun Sharqiy Yevropa, shuningdek tarqoq Rus knyazliklarining birlashishi uchun ham buyuk ahamiyat kasb etgan.

Shundan so‘ng Amir Temur butun e’tiborini Eron, Iroq, Suriya, Kichik Osiyo va Hindiston yerlarini uzil-kesil zabt etishga qaratdi. U besh yillik (1392 — 96) urush davomida G‘arbiy Eron, Iroqi Ajam va Kavkazni egalladi, natijada muzaffariylar va jaloiriylar sulolasining hukmronligi barham topdi.

Amir Temurning Hindiston ustiga qilgan urushi (1398 yil may — 1399 yil mart) qariyb o‘n bir oy davom etdi. Amir Temur Hindistondan katta o‘lja, shu jumladan 120 jangovar fil bilan qaytdi. O‘ljalarning bir qismi qo‘shinga taqsimlab berildi, qolgani Samarqand va Kesh shahrilarida olib borilayotgan qurilishlarga sarflandi.

Amir Temurning 1399 — 1404 yillarda olib borgan harbiy yurishlari natijasida Shomning Halab (Aleppo), Xums, Baalbek (Ba’albak), Dimishq (Damashq) kabi yirik shaharlari va Iroqi Arabning Ubuliston o‘lkasi (qadimiy Kappadokiya) bilan Bag‘dod, shuningdek Turkiyaning katta qismi zabt etiladi. Anqara jangida Amir Temur jahonning buyuk sarkardalaridan biri Boyazid Yildirim ustidan g‘alaba qozondi. Turkiya sultoni asirga olindi. U bilan birga xotini serb malikasi Olivera, o‘g‘illari Muso va Iso Chalabiylar ham asirga tushdilar. So‘ng, Amir Temur Anadolu yarim orolini egallab, O‘rta dengizning sharqiy sohilida joylashgan Izmir shahrini zabt etdi va salibchilarning Yaqin Sharqdagi oxirgi qarorgohiga barham berdi. So‘ngra, Egey dengizida joylashgan Xios va Lesbos orollaridagi Genuya mulklarining hukmdorlari unga taslim bo‘ldilar, Misr ham o‘z itoatkorligini izhor etdi. Amir Temur Anqara, Nikeya, Bursa va Izmir shahrilarini egallab, Vizantiya va butun nasoro olamining Boyazidga yig‘ib bergan bojlaridan iborat katta boylikni qo‘lga kiritdi. Birgina Bursa shahridan olingan oltin va javohirlarning o‘zi kattagina karvonga yuk bo‘lgan. Bandi qilingan Boyazid o‘rdugohga olib kelingach, Amir Temur unga hurmat va ehtirom ko‘rsatdi. Uning vafotidan so‘ng (1403 yil 9 mart) esa vorislariga himmat ko‘zi bilan boqib, ularga beqiyos muruvvatlar qildi. Chunonchi Boyazidning to‘ng‘ich o‘g‘li Sulaymon Chalabiyni turklarning Yevropadagi viloyatlariga hokim etib tayinladi. Edirne (Adrianopol) shahri uning poytaxti qilib belgilandi. Anadoluning shimoli-g‘arbiy qismi suyurg‘ol sifatida Iso Chalabiyga in’om qilinib, Bursa shahri uning poytaxtiga aylantirildi. Usmonli turklar davlatining markaziy qismini boshqarishni Muso Chalabiyga topshirdi. Amir Temur Usmonli turklar davlatini butunlay bosib olish niyatida bo‘lmagan, chunki u Yevropa davlatlarining Yaqin Sharq mamlakatlariga nisbatan tajovuzkorona niyatda ekanligini yaxshi tushunar edi. Shuning uchun ham Amir Temur Usmonli turklar davlatini saqlab qoldi va Boyazidning vorislariga muruvvat qo‘lini cho‘zdi. Shunday bo‘lsada, Boyazid ustidan qozonilgan bu g‘alaba bilan Amir Temurni Frantsiya qiroli Karl VI (1380 — 1422), Angliya qiroli Genrix IV (1399 — 1407) tabriklab, unga maxsus maktub yubordilar. Chunki Amir Temur endigina uyg‘onayotgan Yevropaga ulkan xavf solib turgan Usmonli turklar davlatiga zarba berib, butun Yevropaning xaloskoriga aylangan edi.

Amir Temur Kichik Osiyodan Samarqandga qaytgach, 1404 yil 27 noyabrda 200 ming qo‘shin bilan Samarqanddan Xitoy safariga chiqdi. Biroq Xitoy ustiga yurish Amir Temurning O‘trorda vafoti (1405 yil 18 fevral) tufayli amalga oshmay qoldi. Amir Temurning vafoti haqidagi xabar garchi avvalda sir tutilsada, ammo ko‘p vaqt o‘tmay bu noxush xabar mamlakat bo‘ylab tarqalib ketadi. Amir Temurning jasadi Samarqandga olib kelinib dafn qilinadi.

Amir Temur — buyuk davlat asoschisi. U Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizga qadar, Sirdaryo va Orol dengizidan Fors qo‘ltig‘iga qadar g‘oyat katta hududni qamrab olgan markazlashgan ulkan saltanatga asos soldi. Bundan tashqari Amir Temur davlatiga Kichik Osiyo, Suriya, Misr va shimoli-g‘arbda Quyi Volga, Don buylari; shimoli-sharqda Balxash ko‘li va Ili daryosigacha; janubi-sharqda esa Shimoliy Hindistongacha bulgan mamlakatlar buysundirildi. Amir Temur davlatni aql-zakovat va huquqiy asos bilan idora etgan. Uning «…davlat ishlarining to‘qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim», degan so‘zlari buning yorqin dalilidir.

Sohibqironning bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlari beqiyosdir. Tarix bu qo‘hna dunyoda o‘tgan ko‘p jahongirlarni biladi. Ularning aksariyati faqat buzgan. Amir Temurning ulardan farqi shundaki, u umr buyi bunyodkorlik bilan mashg‘ul bulgan. Uning «Qay bir joydan bir g‘isht olsam, o‘rniga o‘n g‘isht qo‘ydirdim, bir daraxt kestirsam, o‘rniga o‘nta ko‘chat ektirdim» degan so‘zlari buning yorqin isbotidir. Amir Temurga har bir zafarli voqea va sevinchli hodisani muhtasham me’morlik obidasi barpo etish bilan nishonlash odat bo‘lgan. Shu maqsadda Hindiston, Sheroz, Isfahon va Damashqning mashhur usta-hunarmandlari mamlakatda hashamdor imoratu inshootlar bino qilganlar.

Amir Temur zabt etgan mamlakatlarning bir qator shaharlari (Bag‘dod, Darband, Baylaqon)ni qayta tikladi. Amir Temur Tabrizda masjid, Sherozda saroy, Bag‘dodda madrasa, Turkistonda mashhur shayx Ahmad Yassaviy qabri ustiga maqbara qurdirgan bo‘lsada, lekin asosiy e’tiborini ona shahri Kesh va poytaxti Samarqandga qaratdi. Keshda otasining qabri ustiga maqbara, o‘g‘li Jahongirga maqbara bilan masjid qurdirdi. Amir Temur hukmronligining ilk davrida Kesh shahrini poytaxtga aylantirish niyatida bo‘lib, uning obodonchiligiga katta ahamiyat berdi, bu yerda mashhur Oqsaroy qad ko‘tardi. Amir Temur Keshni Movarounnahrning madaniy markaziga aylantirishga harakat qildi. Shu boisdan bu shahar «Qubbat ul-ilm val-adab» unvoniga ega bo‘ldi.

Saltanat poytaxti Samarqand Amir Temur davrida ayniqsa gullab yashnadi. Shaharda Isfahon, Sheroz, Halab, Xorazm, Buxoro, Qarshi va Kesh shahrilarining me’moru binokorlari qo‘li bilan saroylar, masjidlar, madrasalar, maqbaralar quriladi. Shahar tashqarisida esa bog‘-rog‘lar va bo‘stonlar barpo etiladi. Xususan Shohizinda me’moriy majmuasiga mansub Shodimulk og‘o maqbarasi, Shirinbeka og‘o maqbarasi va boshqalar quriladi. Shaharda Bibixonim jome masjidi, Amir Temurning qarorgohi Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroylar qad ko‘taradi. Umuman olganda Samarqand shahri Amir Temur davrida o‘zining qadimiy o‘rni Afrosiyobdan birmuncha janubroqda butunlay yangitdan qurildi. Shahar tevaragi mustahkam qal’a devori bilan o‘ralib, Ohanin, Shayxzoda, Chorsu, Korizgoh, So‘zangaron va Feruza kabi nomlar bilan ataluvchi 6 ta darvoza o‘rnatildi. Movarounnahrning dehqonchilik vohalarida, xususan Zarafshon vodiysida o‘nlab sug‘orish tarmoqlari chiqarilib, dehqonchilik maydonlari kengaytirildi. Yangi qishloqlar barpo etildi.

Ibn Arabshohning yozishicha, Amir Temur Samarqand atrofida qad ko‘targan bir qancha yangi qishloqlarni Sharqning mashhur shaharlari Dimishq (Damashq), Misr, Bag‘dod, Sultoniya va Sheroz nomlari bilan atadi. Amir Temurning fikricha, Samarqand kattaligi, go‘zalligi hamda tevarak-atrofining obod etilganligi jihatidan dunyodagi eng yirik shaharlardan ham ustunroq turmog‘i lozim edi. Hofizi Abro‘ning yozishicha, Amir Temur turk, arab va eronliklar tarixini chuqur bilgan. U davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan har bir masalani hal etishda, shu sohaning bilimdonlari va ulamolari bilan maslahatlashardi. Odatda u tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, tarix, adabiyot, tilshunoslik ilmi namoyandalari, shuningdek ilohiyot va din sohasidagi mashhur ulamolar bilan suhbatlar o‘tkazardi. Amir Temur saroyida ulamolardan mavlono Abdujabbor Xorazmiy, mavlono Shamsuddin Munshi, mavlono Abdullo Lison, mavlono Bahruddin Ahmad, mavlono Nu’monuddin Xorazmiy, Xo‘ja Afzal, mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiy va boshqa xizmat qilardi.

Alisher Navoiyga Amir Temurning ilm va ma’naviyat aqliga ko‘rsatgan g‘amxo‘rligi juda yoqar edi. Bu haqda Navoiy shunday degandi: «Agar Temur qayerda fan, madaniyat va san’at ahlini uchratsa, ularni o‘z homiyligiga olar, ularga izzat-ikrom ko‘rsatar, ularning tarbiyasiga ahamiyat berar hamda bu zotlardan o‘z oliy majlisida nadim (maslahatchi) sifatida va boshqa lavozimlarda foydalanardi». Amir Temur davrida savdo va hunarmandchilik g‘oyatda rivojlanadi. Yangi bozorlar, savdo rastalari barpo qilinadi. Klavixo Samarqand bozorlarida bug‘doy va guruchning mo‘lligi va arzonligi haqida gapirib, shahar hunarmandchiligi mahsulotlarini — atlas, kimxob, har xil ip va jun to‘qima mollar, mo‘ynali va ipakli po‘stinliklar, attorlik mollari, ziravor va dorivorlar, zarhal va lojuvardlar hamda boshqa mollarning serobligini ham ta’kidlaydilar.

Bu davrda Amir Temur va uning joy Sulton Mahmudxon asir olingan noiblari Xitoy va Hindistondan O‘rta Osiyo orqali Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga yo‘nalgan asosiy xalqaro savdo yo‘li — «Buyuk ipak yo‘li»ni nazorat qilib, savdo karvonlari qatnovi xavfsizligini ta’minlashda, rabotlar, qal’alar, ko‘priklar qurish yo‘lida muhim chora-tadbirlar ko‘rdilar va Sharq bilan G‘arb o‘rtasida savdo-sotiq va elchilik aloqalarini har tomonlama rivojlantirishga g‘oyat katta e’tibor berdilar.

Amir Temur eng muhimi, Eron, Ozarbayjon va Iroqdagi mayda hukmdorlar o‘rtasidagi tarqoklik va boshboshdoqlikka barham berib, bu bilan nafaqat Movarounnahr, balki Uzoq va Yaqin Sharq mamlakatlarining iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga, xalqgar va mamlakatlarni bir-biri bilan yaqinlashtirishga ulkan hissa qo‘shdi. Amir Temur Yevropaning Frantsiya, Angliya va Kastiliya kabi yirik qirolliklari bilan bevosita savdo va diplomatik aloqalar o‘rnatdi.

Amir Temurning harbiy yurishlari, jangu jadallarining oqibatlariga baho berilar ekan, shuni alohida ta’kidlash kerakki, uning faoliyati qo‘yilgan maqsad va rejalari jihatidan ikki bosqichga bo‘linadi. Birinchi bosqich (1360 — 86)da Amir Temur Movarounnahrda markazlashgan davlat tuzish yo‘lida kurashdi, Movarounnahrni birlashtirishdan manfaatdor bo‘lgan mahalliy zodagonlardan iborat ijtimoiy kuchlar (mulkdor dehqonlar, harbiylar, hunarmandlar, savdogarlar va ruhoniylar) yordamida tarqoq mulklarni birlashtirish uchun kurash olib bordi. Amir Temurning bu davrdagi faoliyati O‘rta Osiyo xalqlarining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti taraqqiyoti yo‘lida shubhasiz ulkan ijobiy ahamiyat kasb etadi. Mamlakatda tarqoqlik tugatilib, markazlashgan davlatning tashkil topishi ijobiy oqibatlarga olib keldi. Mamlakat ishlab chiqarish kuchlarini va mo‘g‘ullarning bir yarim asrlik hukmronligi natijasida bo‘hronga uchragan iqtisodni tiklash uchun qulayroq sharoit vujudga keldi. Ayni vaqtda xo‘jalikning asosi bo‘lgan dehqonchilikda muayyan siljishlar ro‘y berdi. Yangi-yangi ariq (kanal)lar qazilib, dehqonchilik maydonlari kengaydi. Hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo rivojlandi, fan va madaniyat ravnaq topib, shaharlar obodlashdi va gavjumlashdi. Amir Temur biror mamlakatni tasarrufiga olishdan avval albatta o‘sha joy aholisiga tinchlik yo‘lini taklif etgan, bu yo‘l inkor etilgan holdagina harbiy kuch ishlatgan.

Amir Temur hayotligi chog‘idayoq saltanatni asosan to‘rt qism (ulus)ga bo‘lib, o‘g‘il, nabiralariga taqsimlab bergan: Xuroson, Jurjon, Mozandaron va Seyiston (markazi Hirot) Shohruxga, G‘arbiy Eron, Ozarbayjon, Iroq va Armaniston (markazi Tabriz) Mironshohga, Fors, ya’ni Eronning janubiy qismi (markazi Sheroz) Umarshayxga, Afg‘oniston va Shimoliy Hindiston (markazi G‘azna, keyinchalik Balx) Pirmuhammadga suyurg‘ol qilib berilgan. Amir Temur davlati o‘ziga xos tartib-qoidalarga asoslangan holda idora etilgan. Amir Temur asos solgan bu davlat Xuroson va Movarounnahrda 16-asr boshigacha mavjud bo‘lib, Shayboniyxon tomonidan tugatilgan.

Sho‘rolar tuzumi davrida Amir Temur shaxsi va faoliyatiga adolatsizlik bilan yondoshilib, bir yoqlama baho berilib kelindi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng bunday qarashlarga barham berildi. Amir Temurning jahon tarixida tutgan o‘rni o‘z joyiga qo‘yila boshlandi. O‘zbekistonda uning faoliyatini o‘rganishga va uni ommalashtirishga keng yo‘l ochildi. Uning nomi O‘zbekistonda abadiylashtirildi. Ko‘plab shahar va qishloqlardagi shoh ko‘chalar, maydonlar, jamoa xo‘jaliklari, maktablar, kinoteatrlar va boshqa uning nomi bilan ataldi. Toshkent, Samarqand, Shahrisabz va boshqa shaharlarning markaziy maydonlarida Amir Temurga haykal o‘rnatildi, Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida Temuriylar davri muzeyi barpo etildi (1996), «Amir Temur» ordeni ta’sis etildi (1996) va Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi tashkil qilindi (1995). Toshkent, Samarqand va xorijiy mamlakatlarda YuNESKO rahbarligida hazrat Sohibqiron tavalludining 660 yilligi keng nishonlandi (1996). Amir Temur haqida ikki qismdan iborat badiiy film, spektakllar va she’riy hamda nasriy asarlar yaratildi.

Bo‘riboy Ahmedov, Abdulahad Muhammadjonov.

Kitoblar:

Temur tuzuklari
Amir Temur vasiyatlari, maslahatlari, tanbehlari
Bo‘riboy Ahmedov. Amir Temur o‘gitlari
Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma
Sharafiddin Ali Yazdiy. Amir Temur ajdodlari
Salohiddin Toshkandiy. Temurnoma
Rui Gonsales de Klavixo. Samarqandga — Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi
Temur va Ulug‘bek davri tarixi
Abdulahad Muhammadjonov. Amir Temur va temuriylar saltanati
Amir Temur — faxrimiz, g‘ururimiz
Amir Temur jahon tarixida
Amir Temur saboqlari (1-kitob)
Amir Temur saboqlari (2-kitob)
Amir Temur saboqlari (3-kitob)
Amir Temur va temuriylar davrida madaniyat va san’at
Amir Temur va Ulug‘bek zamondoshlari xotirasida
Amir Temur. Zafar yo‘li
Bo‘riboy Ahmedov. Amir Temur darslari
Bo‘riboy Ahmedov. Amir Temur haqida hikoyalar
Bo‘riboy Ahmedov. Amir Temurni yod etib
Bo‘riboy Ahmedov. Sohibqiron Temur
Erkin Azimov. Amir Temur saltanati
Hamidulla Dadaboyev. Amir Temurning harbiy mahorati
Ibrohim Mo‘minov. Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli
Irpan To‘xtiyev. Temur va temuriylar sulolasining tangalari
Lyusen Keren, Akmal Saidov. Amir Temur va Frantsiya
Mahkam Abduraimov. Temur va To‘xtamish
Mixail Ivanin. Ikki buyuk sarkarda Chingizxon va Amir Temur
Muhammad Ali. Amir Temur solnomasi
Naim G‘oyibov. Amir Temur davri ma’naviyati
Naim Norqulov. Temuriylar davri madaniyati tarixidan lavhalar
Narzulla Ahmedov. Amir Temur — rivoyat va haqiqat
Omonullo Bo‘riyev. Temuriylar davri yozma manbalarida Markaziy Osiyo
Poyon Ravshan, Juma Qurbon. Amir Temur tug‘ilgan joy yoki Zanjirsaroy qissasi
Turg‘un Fayziyev. Temuriy malikalar
Turg‘un Fayziyev. Temuriylar shajarasi
Ziyodulla Muqimov. Amir Temur tuzuklari
Ubaydulla Uvatov. Sohibqiron arab muarrixlari nigohida
Hakim Sattoriy. Amir Temur sevgan yurt
Aziz Qayumov. Amir Temur qissalari
Ulojeniye Temura
B.Axmedov, R.Mukminova, G.Pugachenkova. Amir Temur. Jizn i obщestvenno-politicheskaya deyatelnost
Tezisы mejdunarodnoy nauchnoy konferentsii «Amir Temur i yego mesto v mirovoy istorii»
Ryui Gonsales de Klavixo. Dnevnik puteshestviya ko dvoru Timura
Sergey Borodin. Zvezdы nad Samarkandom. Xromoy Timur
Tamerlan. Epoxa, lichnost, deyaniya
Tilman Nagel. Timur — zavoyevatel i islamskiy mir pozdnego srednevekovya
Jan Pol Ru. Tamerlan
Israil Ibragimov. Tamerlan. Nachalo puti
Andreev A.R., Buldakov A.I., Shumov S.A. Tamerlan (Sbornik)
Djastin Marotstsi. Tamerlan — zavoyevatel mira
Garold Lemb. Tamerlan. Pravitel i polkovodets
Kristofer Marlo. Tamerlan velikiy
Rene Grusse. Imperiya stepey. Attila, Chingiz-xan, Tamerlan

Maqolalar:

O‘zbekiston hukmdorlari: Amir Temur
Pirimqul Qodirov. Amir Temurning olamshumul ijodiy merosi
Hakim Sattoriy. Oltin silsilaga tizilgan qoidalar
Akmal Saidov, Abdulhakim juzjoniy. Sohibqironning olamshumul tafakkuri
Bo‘rivoy Ahmedov. Tarixni soxtalashtirib bo‘lmaydi
Hakim Sattoriy. Tarixni zar, o‘zni zargar bilsalar…
Amriddin Berdimurodov. Asrlarni bo‘ylagan bunyodkorlik
Abdujabbor Yahyoyev. Sohibqironning me’moriy merosi
Jan (Ioann). Amir Temur va uning saroyi
Amir Temur — Buyuk davlat arbobi va sarkarda
Amir Temur va Yildirim Boyazid orasidagi maktublashuv
Olimjon Davlatov. Alisher Navoiy va Amir Temur
Suyima G‘aniyeva. Amir Temur va temuriylar Navoiy nigohida
Normurod Norqobilov. Amir Temur g‘origa sayohat
Hakim Sattoriy. Amir Temur g‘oridagi sinoatlar
Poyon Ravshanov. Amir Temurning muhri
Ozod Mo‘min. Amir Temurning yoquti
Baxtiyor Haydarov. Sohibqironning qilichi
Baxtiyor Haydarov. Sohibqironning sirli toshlari
Pirmat Shermuhamedov. Amir Temurning tulpori
Hamidulla Dadaboyev. Sohibqiron ishonchini qozongan sarkardalar
Hakim Sattoriy. Temuriylar qudrati — ularning oilasida edi
Dilafro‘z Qurbonova. Sohibqironning harbiy san’ati
Pirimqul Qodirov. Avlodlarga atalgan buyuk kashfiyot
Pirimqul Qodirov. Dunyoni lol qoldirgan siymo
Hamidulla Dadaboyev. Sohibqironga ato qilingan xislatlar
Muhammad Ali. Bunyodkorning tolei
Hakim Sattoriy. Chaqinli lahzalar
Muhammad Ali. «Tuzuklar»da Sohibqiron shaxsi
Pirimqul Qodirov. Qarshidan boshlangan zafarlar
Jastin Marozzi: Islom shamshiri va jahon fotihi haqida
Bahodir Ermatov, Adhambek Alimbekov. Marsel Brion: Haqiqat va uydirma
Marsel Brion yozmagan kitob yoxud soxtalashtirilgan bir asar xususida
Hakim Sattoriy. “So‘zimdan angla o‘zimni”
Ulug‘ g‘oyalar ulug‘ insonlarni voyaga yetkazadi (Abdulla Oripov va Qulman Ochilov suhbati)
Qamchibek Kenja. Sohibqiron o‘tgan yo‘llarda
Sayfiddin hoji Jalilov. Sohibqiron o‘tgan yo‘llar

Badiiy asarlar:

Bo‘riboy Ahmedov. Amir Temur (roman)
Xurshid Davron. Amir Temur o‘g‘lining o‘limi haqida rivoyat (hikoya)
Xurshid Davron. Temurbek va Caroymulkxonim
Asad Dilmurod. Xilvat (hikoya)
Asqad Muxtor. Insonga qulluq qiladurmen (hikoya)