Pyotr birinchining O‘rta Osiyo qayg‘usi

«Rivoyat qilinishicha, Pyotr I o‘lim to‘shagida ikkita narsadan: Turkiyadagi chiviq omadsizligi hamda Bekovichning Xivada qatl qilinishi qasosini ololmaganiga armon bilan ketgan ekan», deb yozadi rus shoiri Pushkin. Nima bo‘lgan ediki, ulkan saltanatning shohanshohi Pyotr, hattoki, o‘lim to‘shagida ham qanchadan-qancha zarur narsalarni eslash o‘rniga, Xivadan qasd olishni vasiyat sifatida eslab o‘tadi? Buyuk shoir qalami orqali esa, ushbu vasiyat asrlar osha keyingi avlodlarga yetib keladi.

Pyotr I yigirma uch yoshidan boshlab, qanday qilib bo‘lmasin, Xivadan Yorkentgacha bo‘lgan yerlarni bo‘ysundirib olish, boyliklari va oltin qumlarini qo‘lga kiritish yo‘llarini izlagan ekan. Shu yo‘l bilan, Hindistonga savdo yo‘lini ochish to‘g‘risida izchil va betinim harakat qilgani tarixdan ma’lum. Pyotr uchun ushbu harakatlardan biri juda ham ayanchli tarzda yakunlanadi. U Kavkaz xalqlarini Rossiya imperiyasiga qo‘shib olinishini o‘ta mohirlik bilan amalga oshirgan Bekovich-Cherkasskiy qo‘mondonligi ostida 1714-1717 yillarda bir necha marotaba Xiva xonligi chegaralariga harbiy ekspeditsiyalar uyushtiradi.

1917 yilning bahoridan 1717 yilning kuzigacha Bekovich-Cherkasskiy qo‘mondonligidagi olti ming kishilik qo‘shin Krasnovodsk qo‘ltig‘i yonida harbiy qal’a qurib, Xiva tomon yurish boshlashadi. Manzilga yetib borganlaridan keyin, Xonga, sizlarni Buxoro amirining xavf-xataridan himoyalash uchun keldik, saltanatingiz yaqinida oshyon qurmoqchimiz, deyishadi. Shu tariqa xivaliklarni chalg‘itib, asosiy maqsadlarini yashirishga urinishadi. Ammo Xiva xoni knyazning ayyorligini payqab, hiylaga hiyla bilan javob qaytaradi va ulkan qo‘shinni bir joyga joylashtirish hamda oziq-ovqat bilan ta’minlash xonlik uchun og‘ir ekanini bahona qilib, Bekovich boshchiligidagi lashkarlarni xonlikning beshta shahriga bo‘lib yuboradi. Reja amalga oshgach, to‘satdan hujum uyushtirib, barchasini qirib tashlaydi. Qo‘lga olingan Bekovich-Cherkasskiyni esa 1717 yilning 29 avgustida qatl ettiradi. Bu voqea, ayniqsa, knyazning qatl etilishi Pyotrni qattiq iztirobga soladi. Chunki, Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy uning qiymatli sarkardasi hisoblanardi. Cherkasskiy asli kelib chiqishi Kichik Kabardadan (pravoslav diniga cho‘qinguniga qadar, tatarcha Davlat-Girey mirzo nomi bilan yurgan) bo‘lib, Pyotrning amakisi uyida tarbiya topgan. Uning Rossiyaga qachon kelib qolgani aniq emas. Aytilishicha, u bolalik yillarida ikki ukasi bilan birgalikda o‘g‘irlab Rossiyaga keltirilgan. Boshqa bir manbalarga ko‘ra, garov asosida olib kelingani taxmin qilinadi. Hech kim otasining haqiqiy ismini bilmaydi. Faqat otasi bek, ya’ni knyaz bo‘lgani ma’lum. Ana shundan, Bekovich taqma ota ismi sifatida yuritiladi. Bu ma’lumotlarning barchasi o‘n bitta mashhur sharqshunos tomonidan tayyorlangan, 1986 yili Moskvada Sharq adabiyoti nashriyoti bosh tahririyati tamonidan bosib chiqarilgan Poslannik «Petra I na Vostok. Posolstvo Florio Beneveni v Persiyu i Buxaru v 1718-1725 godax» nomli kitobda keltirilgan. Ammo, 1971 yili chop etilgan «O‘zbek Sovet Entsiklopediyasi»da Cherkasskiy qo‘shinidagi (qo‘shin soni keltirilmagan!) 60 ga yaqin kazak baliq oviga borganida, xivaliklar tomonidan asirga olingani va ketidan otryadga qo‘qqisdan hujum qilingani, natijada, ekspeditsiya tor-mor qilingani haqida ma’lumot beriladi (134-135 betlar). Biroq, Xiva xoni amalga oshirgan ishlar Buyuk imperator Pyotrni chuqur o‘yga soladigan darajada mohirlik bilan qilingani to‘liq yoritilmagan. Shuningdek, Entsiklopediyada Bekovich-Cherkasskiydek mug‘ombir lashkarboshini tor-mor qilib, Pyotrdek buyuk imperatorni o‘lim to‘shagida ham «Oh!» deyishga majbur qilgan Xiva xoni Sherg‘ozixonning ismi bir og‘iz ham tilga olinmagan. «O‘zbekiston» nashriyoti 1992 yili nashr etgan «O‘zbekiston tarixi va madaniyati» ma’ruzalar to‘plamidagi «Xonliklar va amirliklar davrida O‘rta Osiyo va undagi ijtimoiy-madaniy hayot(16-19 asrlar)» bobida (116 bet) tarixshunos A. Hakimjonov, Bekovich-Cherkasskiy ekspeditsiyasini quyidagicha bayon etadi: «Chor Rossiyasi tomonidan ham O‘rta Osiyoga turli missiyalar yuboriladi. 1714-1717 yillarda Pyotr I Xiva xonligiga Bekovich-Cherkasskiy ekspeditsiyasini jo‘natadi. Ammo, ekspeditsiya muvaffaqiyatsiz yakunlanadi». Ko‘rib turganimizdek, Bekovich-Cherkasskiy ekspeditsiyasi haqida berilayotgan ma’lumot bu kitobda ham ancha kambag‘aldir.

Pyotr I hukmdorligining 30 yilini O‘rta Osiyo haqidagi o‘ylar bilan o‘tkazgan. U faqatgina Xivaga uyushtirilgan ekspeditsiya bilan cheklanib qolmagan. 1708 yildan boshlab, Rossiya davlati xizmatlarini sadoqat bilan bajarib kelgan, asli Yugoslaviyaning Raguza shahridan bo‘lgan, millati italyan Florio Benevenini 1718 yilda ma’lum maqsadlar bilan Buxoroga elchi qilib yuboradi. Beneveni 1722 yilning noyabr oyida Eron orqali Buxoroga yetib keladi va uch yil u yerda yashab, oldiga qo‘yilgan vazifalarni a’lo darajada bajaradi. Qovun po‘stlog‘iga Buxoro atroflari xaritasini tushiradi. Xiva hamda Buxoro xonliklarining o‘zaro munosabatlari, tilla qum va boshqa mavzularda ko‘pgina qimmatli ma’lumotlar to‘playdi. Imkon bo‘ldi deguncha, bu ma’lumotlarni o‘z rahnamosiga yetkazib turadi. Pyotrga yuborilgan xabarlarda o‘zbeklar kim ekanligini ham o‘z nuqtai nazaridan sharhlab beradi. Jumladan, u xatida, o‘zbeklarning sovg‘a salomga sotilmasligi va shubhali shaxslar bilan oshna-og‘aynigarchilik qilmasligi hamda undaylarni do‘st tutmasligini alohida ta’kidlab o‘tadi. Bu kabi tarixiy voqealar Pyotrning O‘rta Osiyoga katta qiziqish bilan yondoshganini yana bir bor tasdiqlaydi. Xivada qolgan alamini o‘lim to‘shagida ham tilga olishiga kelsak, buni bir umrlik qayg‘usidan tortayotgan so‘nggi iztirob sifatida tushunish mumkin.

 

Mansurxon Toirov,
fizika-matematika fanlari doktori, professor