Sulton Ahmad Mirzo

(1451 yil, Samarqand – 1494 yil, Oqsuv mavzesi, O‘ratepa)

(1469-1494)

Temuriylardan bo‘lgan Movarounnahr hukmdori (1469-1494). Abu Said Mirzoning katta o‘g‘li. Onasi – O‘rda Bug‘a Tarxonning qizi. Otasi unga Samarqand va Buxoro viloyatlari hokimligini bergan. Keyinchalik Toshkent, Shohruhiya va Sayramni o‘z tasarrufiga kiritgan. Toshkent va Sayramni ukasi Umar Shayx Mirzoga topshirgan. Xo‘jand bilan O‘ratepa ham bir necha muddat uning tasarrufida bo‘lgan. 1493 yil Sulton Ahmad Mirzo kuyovi, Toshkent xoni Sulton Mahmudxon bilan ittifoq tuzib Andijonga – Umar Shayx Mirzoga qarshi yurish boshlaydi, ular Andijon, Axsi va Marg‘ilonni qamal qiladilar. Shu paytda Axsida Umar Shayx Mirzo to‘satdan vafot etib, taxtga 12 yoshli Bobur o‘tirgan. Bek va amirlar xalqni dushmanga qarshi safarbar etadilar. Sulton Mahmudxon Toshkentga qaytib ketgan. Sulton Ahmad Mirzo Boburga Farg‘ona hukmronligini “in’om” etib Samarqandga qaytgan, biroq O‘ratepaga yetganda vafot etgan. Sulton Ahmad Mirzo Movarounnahrda nufuzi nihoyatda baland bo‘lgan Xoja Ahrorni o‘ziga pir tutgan. Oysha Sulton begim va Ma’suma Sulton begim ismli qizlari Boburning xotinlari bo‘lgan.