Sayid Muhammadxon

(1823-1864)

(1856-1864)

Xiva xoni. Qo‘ng‘irotlar sulolasidan. Muhammad Rahim I ning o‘g‘li, Muhammad Rahim II -Feruzning otasi. Uning davrida Xivadagi ichki nizolarga barham berilgan, xonlikda tinchlik-osoyishtalik barqaror topgan. Sayid Muhammadxon 1858 yil Xivaga kelgan N.P. Ignatev missiyasini qabul qilgan. Shu yili 28 avgustda Xivada rus elchixonasi ochilgan. 1863 yil venger sayyohi G.Vamberi ham Sayid Muhammadxon qabulida bo‘lgan. Sayid Muhammadxon davrida Xivadagi Qo‘hna ark saroyidagi ko‘rinishxona qayta tiklangan va uning shipi, ayvon ustuni xorazmcha naqshlar bilan bezatilgan. 1859 yilda Xivaning Dishan qal’a qismida, Nurullaboy bog‘ida yangi ko‘rinishxona qurib bitkazilgan.

Ogahiy “Gulshani davlat tarixiy asarida Sayid Muhammadxonning xonlik davrini ta’riflagan. Sayid Muhammadxon xonlikni boshqarishda boshqa davlatlar, ayniqsa, Rossiya bilan munosabatlarida o‘zini mustaqil va teng huquqli davlat hukmdori sifatida tutgan. Sayid Muhammadxonning jasadi Xivadagi Said Mohi ro‘yi jahon (Said Mahro‘yjon) maqbarasiga qo‘yilgan.