Rahimboyev Abdulla

(1896 yil, Xo‘jand – 1938 yil, 7 may)

Davlat va jamoat arbobi bo‘lgan Abdulla Rahimboyev Xo‘jand shahrining Razzoqi mahallasida savdogar oilasida dunyoga kelgan. 1910-1912 yillarda u Samarqanddagi erkaklar gimnaziyasida, so‘ngra Toshkentdagi o‘qituvchilar seminariyasida bilim oldi (1917). U 14 ta tilni bilgan.

A. Rahimboyev 1919 yildan boshlab sovet idoralarida xizmat qila boshladi. Turkiston ASSR MIKning raisi (1920-1922), Turkiston ASSR Maorif xalq komissari lavozimlarida ishladi. uning ongiga “kommunistik g‘oya”ni singdirish uchun 1922 yilda u Moskvaga chaqiriladi. Markaziy hukumat qoshidagi “tayyorlov”dan so‘ng A. Rahimboyev Buxoro Kompartiyasi va Turkiston KPning Markaziy Qo‘mitasi kotibi lavozimlarida ishladi (1923-24). O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazishda faol qatnashdi va bu tadbirni qo‘llab-quvvatladi.

A. Rahimboyev 1925 yildan Moskvada yashay boshladi. SSSR xalqlari Markaziy nashriyoti boshqarmasi raisi lavozimida ishladi (1928). So‘ngra u Dushanbega yuborildi. Tojikiston SSR XKKning raisi (1934-1937) sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.

A. Rahimboyev 1937 yilda qamoqqa olindi va 1938 yil 7-mayda otib tashlandi.