(taxminan 1797-1842)
(1825-1842)
Xiva xoni, Qo‘ng‘irotlar sulolasidan. Muhammad Rahimxonning o‘g‘li. Ollohqulixon davrida zulm, talonchilik, o‘zaro urushlar kuchaygan. Ollohqulixon Buxoro bilan sulh tuzilganiga qaramay 7 marta Buxoro xonligi hududiga yurishlar qilib, qishloqlarni talab qaytgan. Xurosonga 5 marta yurish qilgan. Qoraqalpoq va turkmanlarning qo‘zg‘olonlarini beshafqat bostirgan (1828 yil). Rossiya bilan savdo va elchilik munosabatlarini (1840-1841 yillar) rivojlantirgan.
Ollohqulixon davrida Xivada karvonsaroy, tim, 111 ta xona va bo‘lmali Toshho‘vli saroyi (1834-1835 yillar), Ichan qal’aning sharqiy darvozasiga tutashtirib qurilgan Ollohqulixon madrasasi, Oq masjid, Saitboy masjidi, Toshhovuz qal’asi (1835-1836 yillar) va boshqa inshootlar qurilgan. Yangi kanallar qazdirib sug‘oriladigan yerlarni kengaytirgan. Xiva shahrining obodonchiligi uchun ko‘p mehnat sarf qilgan. Ollohqulixon davrida koshinpazlik (koshinkorlik) san’ati yuksak cho‘qqiga chiqqan. Pahlavon Mahmud maqbarasi va Ko‘hna Ark koshinlar bilan bezatilgan. Sayid Alovuddin maqbarasi va boshqa ko‘pgina tarixiy obidalar ta’mirlangan. Arabxon va Muhammad Amin inoq madrasalari qaytadan qurilgan.
Xiva shahrining atrofi mudofa devori bilan o‘rab olingan (1842 yil). Ichan qal’a tashqarisida yashayotgan aholini himoya qilish maqsadida Dishan qal’a (Tashqari qal’a) qurilgan. Qal’aning uzunligi 6250 metr bo‘lib, shunday ulkan qurilish kuchi bilan paxsadan 30 kun davomida qurib bitkazilgan. Ichan qal’aning janubiy darvozasidan Dishan qal’a devorlarigacha bo‘lgan masofa 300-400 metrni tashkil qiladi.
Ollohqulixon 1842 yil Chorjo‘yga yurish qilib qal’ani qamal qilgan paytda og‘ir kasalga duchor bo‘lib, orqaga qaytishga majbur bo‘lgan va 1842 yil 23-noyabrda vafot etgan. Uni o‘zi hayot vaqtida tayyorlab qo‘ygan Pahlavon Mahmud maqbarasiga dafn etishgan.