Nuh ibn Nasr

Amiri Hamid, Abu Muhammad

(?- Buxoro – 954)

(943-954)

Somoniylar davlati amiri, amir Nasr II ibn Ahmadning o‘g‘li. Otasi 30 yil hukmronlik qilgach, tiriklik paytida taxtni unga topshirgan (943 yil 10-aprel). Buxoro qozisi, fiqh ilmining bilimdoni Abulfazl Marvaziy (946 yil vafot etgan) uning vaziri bo‘lgan. Nuh ibn Nasr mamlakatda keng yoyilgan qarmatiylar harakatini bartaraf etish choralarini ko‘rgan. Movarounnahrdagi bu harakat rahbari Muhammad ibn Ahmad Narshabiyni Buxoroda dorga ostirdi. Biroq Somoniylar davlatining moliyaviy ahvoli og‘irlashganligi uchun u soliq va turli turmushlarni ko‘paytirishga majbur bo‘lgan. Mamlakatda isyon va g‘alayonlar kuchaygan. Narshaxiyning yozishicha, hatto uning amakisi Abu Ishoq Ibrohim ibn Ahmad Iroqdan kelib, Nishopur amiri Abu Ali Sag‘oniy yordamida Buxoro taxtini egallab olgan (947). Oradan ko‘p o‘tmay Nuh ibn Nasr Samarqanddan qaytib, taxtni qaytarib olgach, markaziy hokimiyatga qarshi isyon ko‘targan qarindosh-urug‘larini jazolagan, Marvdagi isyonlarni ham bostirgan. Ammo u Abu Alini avval Chag‘oniyon, so‘ngra Xurosonga hokim qilib (952) tayinlashga majbur bo‘lgan. Somoniylar davlati inqirozini to‘xtatishga harakat qilgan. Narshaxiy o‘zining “Buxoro tarixi” asari (943-944)ni unga bag‘ishlagan. Og‘ir kasallikdan so‘ng Buxoroda vafot etgan.