Muhammad Amin Inoq

(taxminan 1730-1790)

(1770-1790)

Xiva xonligini idora qilgan qo‘ng‘irot sulolasi asoschisi. Inoqlardan Muhamad Amin inoqlik lavozimiga ko‘tarilgan. Turkmanlarning yovmut va chovdur qabilalariga qarshi kurash olib borgan, lekin muvaffaqiyatsizlikka uchrab Buxoroga, Doniyolbiy otaliq yoniga ketgan. Xorazmni butunlay egallab olgan yovmutlar Xiva taxtiga Go‘yibxonning o‘g‘li Jahongirxonni ko‘targanlar. Uning davrida (1769-1770 yillar) besh qal’a (Hazorasp, Xonqa, Urganch, Kat va Shohobod)da ocharchilik va vabo tarqalib o‘zbeklar Orol va Buxoroga ketganlar. 1770 yil Muhammad Amin inoq Buxorodan qaytib kelib yovmutlarni Xorazmdan quvg‘in qilgan, taxtga Abulxayrxonning o‘g‘li Bo‘lakayxonni o‘tqazgan. 1782 yilda Buxoro xoni qo‘shinlari qo‘shinlari hujumini daf etadi. Muhammad Amin inoq mustaqil beklarni ham bo‘ysundirganidan keyin Xiva xonligida iqtisodiy hayot bir qadar jonlana boshladi. O‘zga yurtlarga qochib ketgan aholi asta-sekin qaytib kela boshladi.

Muhammad Amin inoq xon avlodidan bo‘lmagani uchun taxtga qo‘g‘irchoq xonlarni o‘tqazib, hokimiyatni ular nomidan boshqara boshlagan. Muhammad Amin inoq 20 yil mobaynida 13 marta Xiva xonini almashtirgan. Faqatgina Muhammad Amin inoqning nabirasi Eltuzar (1804-1806 yillar) 1804 yilda chetdan chaqirilgan soxta xon Abulg‘ozini taxtdan tushirib, o‘ziga xon unvonini qabul qiladi. Xorazimlik tarixchilar (Munis, Ogahiy, Bayoniy va boshqalar) Muhammad Amin inoq hususida ancha iliq fikr bildirganlar. Muhammad Amin inoq davrida Xiva shahrida Muhammad Amin inoq madrasasi qurildi (1765 yil), shaharning Nodirshoh bosqinida vayron bo‘lgan devori va darvozalari qayta tiklandi (1785 yil), Xivaning Jome masjidi qayta qurilib, uning yonida chiroyli minora qad ko‘targan.