Mallaxon ibn Sheralixon
(tahminan 1830-1862)
(1858-1862)
Ming sulolasidan bo‘lgan Qo‘qon xoni. Xudoyorxonning akasi. 1858 yilgi taxt uchun kurashda Xudoyorxon qo‘shinini Somonchi qishlog‘I yaqinida yengib Qo‘qonni egallagan va o‘zini xon deb e’lon qilgan. 1860 yil Mallaxon qo‘shin to‘plab Pishpak (hozirgi Bishkek)ka, u yerdan esa Chu daryosi bo‘yiga kelgan. Bikat mavzeida to‘plar bilan qurollangan 2 ming kishilik rus qo‘shini bilan bo‘lgan jangda Mallaxon qo‘shini g‘olib chiqqan. Lekin 1860 yil G.A. Kolpakovskiy otryadi tomonidan Uzunog‘och mavzeida tor-mor keltirilgan. 1860-1861 yillari Turkistonni himoya qilish uchun Qanoatshohni jo‘natgan, biroq bu qo‘shin Turkiston shahrini, Julek, Yangiqo‘rg‘on atrofidagi dasht aholisini talab orqaga qaytgan. Mallaxon qal’alarni qaytarib olish uchun bir necha bor harakat qilgan, lekin bu zoya ketgan. Bu esa unga qarshi norozilikni yuzaga keltirgan. Shuningdek, og‘ir soliq va majburiyatlar, muholifatga qarshi jazo choralari unga qarshi fitna uyushtirilishiga olib kelgan. Mallaxon 1862 yil mart oyida o‘ldirilib, o‘rniga 17 yoshli Shoh Murod xon deb e’lon qilinadi. Mallaxon aqlli davlat arbob, mohir sarkarda bo‘lgan.
Uning davrida qipchoqlar mavqei tiklangan, harbiy intizom mustahkamlangan. Qorategin viloyati Qo‘qonga tobe ettirilgan. Xitoy va Rossiya bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatishga harakat qilingan. Xalq farovonligini oshirish, yangi yerlar o‘zlashtirish, irrigatsiya inshootlarini qurish yo‘lida bir qancha ishlar amalga oshirilgan. Xususan, uzunligi 20 km dan ortiq Mallaxon arig‘i qurilgan. XIX asrningt 20 yillarida Muhammad Alixon tomonidan joriy qilingan har bir harbiy yurish oldidan olinadigan ulov puli va tilla puli kabi soliqlar bekor qilingan, 1861 yilda Hazrati Sohib madrasasi qurilgan. Farg‘ona vodiysidagi bir necha qishloq Mallaxon nomi bilan ataladi.