Abdullaxon II

Abdulla ibn Iskandarxon ibn Jonibek sulton ibn Xoja Muhammad ibn Abulxayrxon

(1534-Miyonkol, Ofarikent qishlog‘i – 1598 yili 8 fevral Samarqand, Buxoro yaqinida Bahouddin majmuasiga dafn etilgan)

(1583-1598)

O‘zbek davlatchiligi tizimidagi Buxoro xonligining shayboniylar sulolasidan eng yirik hukmdor (1583-1598), davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan, ma’rifat, madaniyat homiysi. Toshkent hokimi Baroqxon (Navro‘z Ahmadxon) bilan Koson yonida (1548), Mo‘ngiliston xoni Abdurashidxon va shayboniylardan Do‘stum sultonlar qo‘shiniga qarshi Forob yonida (1554) jang qilgan. Yosh Abdulla sulton o‘zining hukmdor sifatidagi butun g‘ayrat shijoatini 1551 yil Karmanada namoyish etgan; viloyatga Toshkentdan Baroqxon va Samarqanddan Abdullatifxon hujum qilganlar, Iskandar sulton Amudaryo ortiga qochgan. Abdulla sulton otasi vazifasini o‘z zimmasiga olib bu hujumni muvaffoqiyatli qaytargan. Keyingi yillarda (1552-56-y.) o‘z mulkini G‘arbga – Buxoro tomonga va janubi-sharq – Qarshi va Shahrisabz tomonga kengaytirishga intilgan. Bu say-harakat dastlab muvaffaqiyotsiz chiqqan, xatto 1556 yilda u ota meros mulkini tashlab Maymanaga qochishga majbur bo‘lgan. U amakisi, Balx hokimi Pirmuhammaddan harbiy yordam olib va piri Xoja Muhammad Islom ko‘makida Baroqxon, keyinchalik uning o‘g‘illari Darveshxon va Bobo Sultonlarga qarshi uzoq muddat kurash olib borgan. Navro‘z Ahmadxon (Baroqxon) vafot etgach (1556-y.), darhol Karmana va Shahrisabzda o‘z hukmronligini tiklaydi, 1557 yili mayda Buxoroni qo‘lga kiritadi va uni o‘z poytaxtiga aylantiradi. 1561 yilda otasi – Iskandarxonni davlat boshlig‘i – xon deb e’lon qilib, uning nomidan mamlakatni o‘zi boshqara boshlaydi. Markaziy hokimiyatga bo‘ysunishdan bosh tortgan shayboniy sultonlar bilan kurashib, Balx (1574-y.), Samarqand (1578), Toshkent, Sayram, Turkiston (1583) va Farg‘ona (1583-y) ni egallaydi. 1582 yilda Dashtga yurish qilib, Ulug‘tog‘ga qadar borgan. 1583 yilda otasi Iskandarxon vafot etgach mamlakatni o‘z nomidan boshqara boshlaydi. Markaziy hokimiyatga qarshi ko‘tarilgan Maymana va Garchiston (1583-y.), shuningdek, Badaxshon (1585)dagi g‘alayon, tartibsizliklarni bostirgan. Xorazmga ikki marta yurish (1594 va 1596) qilib, u yerda markaziy hokimiyat hukronligi qayta tiklangan. Abdullaxon II safaviylar bilan Xuroson, Gilon uchun kurashib o‘z tasarrufiga kiritgan. Sharqiy Turkistonga qilingan yurishda Qashqar va Yorkent viloyatlarini olgan. Boburiylar ham Badaxshon, Shimoliy Afg‘oniston va Xuroson uchun Abdullaxon IIga qarshi kurashganlar. Abdullaxon II bunga qarshi Sind (1583), Kashmir(1586) ni egallab davlatning janubiy chegaralarini mustahkamlagan. Abdullaxon II davrida mamlakat hududi Qashqardan Orol va Kaspiy dengizlari sohillarigacha, Turkiston va Sayramdan Xurosonning sharqiy qismigacha bo‘lgan yerlardan iborat edi.Abdullaxon II hayotining so‘ngi yillarida o‘g‘li Abdulmo‘min bilan chiqishmay qolgan. Ular o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashganidan habar topgan qozoq xoni Tavakkalxon Toshkent viloyati va Toshkent – Samarqand oralig‘idago yerlarga bostirib kirib, unga qarshi yuborilgan qo‘shinni yengan. Unga qarshi safarga otlangan Abdullaxon II Samarqandga yetganida o‘g‘li Abdulmo‘min 1598 yil 8-fevralda amir Muhammad Boqibiy bilan kelishib otasi Abdullaxon II ni zaxarlab o‘ldiradi.

Abdullaxon II faol tashqi siyosat olib borgan. Uning mamlakat ichki siyosatidagi, davlat boshqaruv tizimini mustahkamlash, ayniqsa pul islohati o‘tkazish yo‘lidagi faoliyati natijalari keyingi davrlarda ham saqlanib qolgan. U ko‘plab turli inshootlar qurdirgan.

Uning davrida mamlakatda shaharsozlik, adabiyot, ilm-fan taraqqiy etgan. Buxoro madaniyat, ilm-fan markaziga aylangan. Hofiz Tanish Buxoriyning ,,Abdullanoma” ( ,,Sharafnomayi shohiy”) (1584-89), Amin Ahmad Roziyning ,,Haft iqlim” (1583), Mutribiyning dunyo xaritasi ilova qilingan ,,Taskirati shuaro” (taxminan 1593-95) va boshqa ilmiy asarlar yaratilgan. Buxoroda mashhur Abdullaxon madrasasi tashkil qilingan. Hasanxo‘ja Nisoriyning ,,Muzakkiri ahbob” asari Abdullaxon II ga bag‘ishlangan.

Abdullaxon II ning o‘zi ham istedodli shoir bo‘lib, “Xon” taxallusi bilan o‘zbek va fors tillarida she’rlar yozgan.