Yusuf Balasog‘uniy Yettisuv o‘lkasidagi Kuzo‘rda (Balasog‘un) shahrida dunyoga keladi. Bu davrda Yettisuv va Sharqiy Turkiston o‘lkalari turkiy qarluq qabilasidan chiqqan Qoraxoniylar sulolasi qo‘l ostida edi. Bu sulola VI—IX asrlarda hukm surgan Buyuk Turk xoqonligining davomchilari bo‘lib, IX asr o‘rtalaridan davlatni boshqarib keldilar. X asr boshlarida Abdulkarim Sotuq Bug‘raxon (924—955) islom dinini qabul qildi va shu bilan turkiy elatlar ham uzil-kesil islom mintaqa madaniyatiga kelib qo‘shildilar. X asr oxiriga kelib, Somoniylar tanazzulga yuz tutgach, Qoraxoniylar Movarounnahrni tugal egalladilar. Balasog‘un ushbu ulkan mamlakatning shimolidagi poytaxti edi.
Shoir haqida ma’lumotlar ko‘p emas. “Qutadg‘u bilig” asarini 50 yoshlarda hijriy 462 yili (1069/70) yozib tugatgan Yusuf o‘zi hakida asar muqaddimasida shunday ma’lumot beradi: “Bu kitobni tasnif qilig‘li Balasag‘un mavludlig‘ parqiz idisi er turur. Ammo bu kitobni Koshg‘arda tugal qilib, Mashriq maliki Tavg‘achxan uskinga kekurmish, malik ani ag‘irlab, ulug‘lab o‘z Xas Hojibliqi anga bermish turur, aning uchun Yusuf Ulug‘ Xas Hojib teb ati javi yazilmish turur” (Bu kitobni tartib beruvchi Balasog‘unda tug‘ilgan, parqiz sohibi (sabr-qanoatli) kishidir. Ammo bu kitobni Koshg‘arda tugal qilib, Mashriq maliki Tavg‘achxon dargohiga keltiribdir. Malik uni yorlaqab, ulug‘lab o‘z (saroyida) Xos Hojiblik (lavozimini) beribdi. Shuning uchun Yusuf Ulug‘ Xos Hojib deb mashhur nomi tarqalibdi). Kitobda nomi tilga olingan xoqon Nasriddin Tavg‘ach ulug‘ Bug‘ro Qoraxon Abu Ali Hasan Xorunxon binni Arslonxon bo‘lib, 1075—1103 yillar davomida Qoraxoniylar davlatini boshqargan. “Qutadg‘u bilig” asari unga bag‘ishlangan paytda u Koshg‘arda Arslontegin To‘g‘rul Qoraxoqon Mahmudxon (1059—1075)ning o‘rtoq-qog‘oni sifatida hukm surardi. (Qoraxoniylar sulolasida shunday odat bo‘lib, Balasog‘un asosiy xoqon hukmdor bo‘lganda Qoshg‘arda uning o‘rtoq-qog‘oni ish yuritardi).
Asar mazmuni, tili va uslubidan kelib chiqib aytish mumkinki, Yusuf Xos Hojib arab va fors tillarini mukammal bilgan, bu tillardagi diniy, ilmiy, badiiy adabiyot bilan chuqur tanish bo‘lgan. Bundan tashqari shoir qadim turk yozma adabiyoti, turkiy xalqlar og‘zaki ijodini ham yaxshi bilgan, ular muhitida tarbiya olgan. Shoir turkiy elatlarning qadimiy qo‘shnilari xitoy, mo‘g‘ul, hind, eroniy xalqlar madaniyati, yunon falsafasi va boshqa o‘sha davr ma’naviy hayotining turli tomonlari haqida mukammal ma’lumot egasi bo‘lgan. Yusuf katta iste’dod sohibidir. O‘sha davr an’anasiga ko‘ra, u arab, fors tillarida ham she’r ijod qilgan bo‘lishi kerak, turkiy adabiy tilda, balki devon ham tuzgandir. Afsuski, bizgacha shoirning yagona dostonidan boshqa asari yetib kelmagan. Ammo aniq aytish mumkinki, hech qaysi ijodkor ilk ijodini 6,5 ming baytga yaqin yirik doston yozishdan boshlamaydi. Masalan, Amir Xisrav Dehlaviy birinchi yirik dostonini boshlaganda ikki devon tuzgan va ular tarkibida bir qator kichik masnaviylari bor edi. Biz Yusufning ijodiy yo‘li haqida ba’zi ma’lumotlarni dostonga tayanib olishimiz mumkin. Masalan, shoir kirish qismida yozadi:
Bu tug‘mish elindin chiqib borgoni,
Kitobni qo‘shubon tugal qilg‘oni.
(Tug‘ilgan yurtidan chiqib borgani, kitobni jamlab tugal qilgani).
Ikkinchi satrdaga kitobni jamlab, tugal qilgani haqidagi ma’lumot, uning ba’zi qismlari oldinroq alohida asar sifatida yozib, mashq qilingan bo‘lishi mumkinligidan darak beradi. Masnaviy janrida yozilgan asar tarkibida vazn va qofiyalash usuliga ko‘ra undan farq qiluvchi ikki alohida qasida va 200 dan oshiq to‘rtlik mavjud bo‘lishi ham behuda emas. Biz bu asarning tarkibiy qurilishidan kelib chiqib, uni shoir bir necha marta tahrirdan o‘tkazgan bo‘lishi kerak deb, o‘ylaymiz. Olimlar ham bu haqda xilma-xil taxminlar qilib kelishadi. Hozir bizning qo‘limizga yetib kelgani oxirgi tahrir va xoqonga taqdim etilgan nusxadir. Bu nusxa tarkibi quyidagicha:
Uch bosqich Muqaddima:
- Nasriy muqadimma (38 satr);
- She’riy muqadimma (77 bayt);
- Muqadimmaviy boblar (II bob, 390 bayt).
Ikkinchi va uchinchi bosqich orasida bob sarlavhalari ro‘yxati (fihristi abvob) berilgan.
Asosiy qism — doston mavzui 68 bobda rivojlanadi. Undagi sarlavhalar hisobiga, agar ishtirok etuvchilarning savol-javoblarini ham kiritsak — 174 sarlavha ostida berilgan. Umumiy hajmi — 5896 bayt. Xotima qismi — 2 qasida va masnaviy bobdan iborat bo‘lib, oxirgi masnaviy bob mazmunigina ma’lum darajada dostonga aloqadordir. Muqaddimaning faqat uchinchi bosqichi (II bobdan iborat) bevosita doston tarkibiga uyg‘unlashgan. Oldingi ikki bosqich esa qayta taxrirda kitob haqida umumiy tasavvur hosil qilish uchun atayin nasr va nazmda ilova qilingandir. Shu sababli ular boblar nomlanishi ro‘yxatidan ham ilgari berilgan.
Asosiy qism oxirida (6261—6286-baytlar) shoir kitobning yozilish yili, nima maqsadda yozilgani, o‘quvchiga murojaat, Allohga munojot, Payg‘ambar va chohoryorlarga salomlar bilan asarni xotimalaydi va alohida xotima qismga hojat qoldirmaydi. Ammo bundan so‘ng yana 2 qasida (Yigitlikka achinib, qarilikdan shikoyat qilish — 44 bayt va zamon buzuqligi, do‘stlar jafosidan yozg‘irish — 40 bayt) qo‘shilib, yana 1 masnaviy bobda muallif o‘ziga o‘zi nasihat qiladi (37 bayt), asarning turkcha yozilganligi, tugallanish sanasi, yana munojot va salomlar qaytariladi. Shulardan bilinadiki, xotima qismiga ham 2 qasida qo‘shilib, qayta tahrir qilingan paytda yozilgan. Asosiy qism mazmuni va mundarijasiga ko‘ra “Qutadg‘u bilig” dostoni mintaqa adabiyotining birinchi bosqichida yaratilgan turkiy tildagi islom ma’naviyatining badiiy falsafiy, ijtimoiy axloqiy qomusi deb baralla ta’riflasak arziydi. Uningdek ulug‘ yaxlit kitob al-Buxoriyning “Jome’ as-sahih”idan keyin arab va fors tillarida ham yaratilmagan edi. VIII—IX asrlarda Abdulhamid al-Kotib, Ibn al-Muqaffa (720—756), Adib Ahmad Yugnakiy, al-Johiz (775—868) kabi yirik adiblar tomonidan asos solingan adab ilmi, Abu Nasr al-Forobiyning ijtimoiy-axloqiy falsafasi, “Shohnoma” va turk xoqonlarining yodnomalari, mintaqa xalqlarining boy man’aviy merosi bu asar mag‘ziga singdirilgan. Eng asosiysi, bu kitob islom mintaqa ma’naviyatining qomusi bo‘ldi. Firdavsiy “Shohnoma”si mintaqa xalqlarining o‘tmish tarixini badiiy aks ettirsa, Yusuf Xos Hojib asari uning yangi davrdagi holatini badiiy tafakkur qonuniyatlari asosida mujassam etdi. Muallif o‘z asarini “Shohnomayi turkiy” deb shuhrat topganini aytadi, bu qiyos shu ma’noda to‘g‘riki, o‘tmishda mintaqa eroniy hukmdorlar — Kayoniy va Sosoniylar hukmida bo‘lgan esa, Yusuf davrida Sosoniylar mulki turkiy hukmdorlar qo‘liga o‘tgan edi. Balasog‘undan Bag‘dodgacha turkiy sulolalar hukm surar edilar. Shu sababli endi sulolalar tarixi emas, davlat boshqarish odobi muhim edi. Asarning yana boshqa shuhrat topgan nomlari “Adab ul-Muluk” (“Hukmdorlar odobi”) va “Oyin-ul-mamlakat” (“Mamlakatni idora etish qoidalari”) xuddi shu jihatni aks ettirar edi.
Doston mazmuni shoir tasavvuridagi shunday bir badiiy olamni aks ettiradiki, uning asosiy qahramonlari 4 timsoldan tashkil topgan. Birinchisi, Adolat — u bosh hukmdor, uning nomi Kuntug‘di, u quyoshdek barchaga barobar nur taratadi. Ikkinchisi, Davlat — turkiyda Qut, u bosh vazir, uning ismi Oyto‘ldi. Qut yoki Davlat ichki mazmuniy tushuncha bo‘lib, Boylik, Baraka, Omad, Baxt, Qudrat ma’nolarini o‘zida jamlagan, hukmdorning tayanchi, uning beliga quvvat, ko‘ziga nur, mulkiga farovonlik baxsh etuvchi bosh maslahatchi va nozir. Ammo Oyto‘ldining umri foniy, Davlat, Baxt, Omad degan narsalar poydor emas, osmondagi Oy singari goh to‘lib balqiydi, goh Hilol singari noziklashib, quvvatdan ketadi, orada ko‘rinmay qolishi ham mumkin. Oyto‘ldi asar davomida xastalanib vafot etadi. Ammo uning vorisi, o‘g‘li O‘gdulmish uning o‘rinbosari, hukmdorning yaqin maslahatchisi bo‘lib qoladi. O‘gdulmish Aql va Bilim ramzi. Agar Boylik, Omad, Baxt o‘tkinchi bo‘lsa, kishi qo‘lida doimiy turmasa, Aql va Bilim ularning o‘rnini bosa oladi. Asli asarning bosh qahramoni O‘gdulmish, ya’ni Aql va Bilimdir. Shu sababli kitobning asl nomi ham “Qutadg‘u bilig” (“Baxtga eltuvchi bilim”). Baxt, qut-baraka, omad, qudrat manbai bo‘lmish bilim bilan bog‘liqdir. Asardagi to‘rtinchi timsol — Qanoat. Agar insonda, jamiyatda qanoat bo‘lmasa, uning barcha xosiyati bir pul, oqibati ayanchlidir. Qanoatning ismi O‘zg‘urmish bo‘lib, u Oyto‘ldining, ya’ni Baxt va Davlatning, O‘gdulmishning, ya’ni Aql va bilimning qarindoshidir. Ammo Oyto‘ldi qarindoshini eslamaydi. Baxt va Omad Qanoatni xotirga keltirmaydi. Hukmdorga (Elig deb ataydi Yusuf hukmdorni) O‘zg‘urmish qarindoshi haqida O‘gdulmish eslatadi, ya’ni Adolat Aql yordamida Kanoatdan xabar topadi va uning suhbatini istaydi. Asar oxirida O‘zg‘urmish ham xastalanib vafot etadi. Quntug‘di va O‘gdulmish, ya’ni Adolat va uning bosh maslahatchisi Aql qoladilar.
Bular islom ma’naviyatining bosh timsollari edi. “Qutadg‘u bilig”ning ayricha ahamiyati ana shunda. Ammo asar mavhum timsollar va ramzlardan iborat emas. Asar qahramonlari jonli shaxslar — Elig — Kuntug‘di — adolatli, insofli hukmdor, Oyto‘ldi — donishmand, tadbirli, tarjibali alloma, murakkab xarakterli shaxs, yurt, jamiyatga foydasi tegishini o‘ylab poytaxtga keladi va musofirparvar Ko‘salish yordamida Eligning Xos Hojibi Ersig bilan tanishib, u tufayli Kuntug‘di saroyiga kirib boradi. Elig bilan tanishadi. Elig va Oyto‘ldi orasida ko‘p suhbatlar bo‘lib o‘tadi. Ular bir-birining botiniy qiyofasi, fe’l-atvorlarini yaxshi o‘rganib, asta-sekin umumiy til topishadi, orada ba’zi ginaxonliklar ham bo‘lib o‘tadi. Oyto‘ldining xastaligi va o‘limi, unga Elig va O‘gdulmishning qayg‘urishi, hamdardligi juda tabiiy, hayotiy kechinmalarda tasvirlanadi. O‘gdulmish Aql timsoli bo‘lgani bilan, u avval o‘zini yosh yigitlarga xos tutadi, Elig unga qancha pand-nasihatlar beradi, tarbiyalaydi. Keyingi O‘zg‘urmish bilan bo‘lgan suhbatlar ta’sirida hamO‘gdulmishning ongi o‘zgarib, rivojlanib boradi. U ma’lum vaqt O‘zg‘urmish ta’sirida tavba-tazarruga berilib, moddiy dunyo tashvishlaridan o‘zini olib qochmoqchi bo‘ladi, ammo O‘zg‘urmish va Kunto‘ldilar yana uni bu niyatdan qaytaradilar, el-yurt tashvishi bilan yashashga undaydilar. Shoir Aql va Bilimni el-yurt, xalq farovonligi yo‘lida xizmat ettirish eng asosiy burch deb hisoblaydi. Aql avvalo Adolatga himoyachi va maslahatgo‘y bo‘lmog‘i talab etiladi. O‘zg‘urmish shaxsi tarkidunyo etgan, zohidlik va taqvoni yashash tarziga aylantirgan so‘fiylarni eslatadi. Yusuf Xos Hojib tasavvuf g‘oyalari, amaliyotidan chuqur xabardor ekanligini ushbu qahramoni tavsifida ayon etgan. Tasavvuf, taqvo, zohidlik va faqir shoir nazdida avvalo Qanoatning timsoli, yorqin namoyondasidir. Qanoat Oqibatni o‘ylash bilan bo‘ladi, u insonga Ofiyat (ruhiy osoyishtalik, qoniqish) keltiradi. Adolat Qanoatsiz bo‘lmaydi. Hukmdor so‘fiyning, zohidning suhbatidan bahramand bo‘lib turishi kerak. So‘fiy hukmdorni qidirib kelmaydi, hukmdor uni o‘zi qidirishi, suhbatiga intiq bo‘lishi kerak. Kuntug‘di, O‘gdulmishni O‘zg‘urmishga maktub bilan uch marta jo‘natadi. Shoir fikricha, agar hukmdor e’tibor ko‘rsatsa va mayl bildirsa, so‘fiy ham suhbatdan bosh tortmasligi kerak. Albatta, zohid O‘zg‘urmish saroy ayoniga aylanmaydi, u ma’lum vaqt Elig bilan fikr almashib, yana o‘z kulbasiga qaytib ketadi, hayot tarzini o‘zgartirmaydi.
Yusuf Xos Hojib tasavvuf g‘oyalariga, haqiqiy taqvo egalariga yuksak ehtirom bilan qaraydi, ammo jamiyat, xalq baxti uchun, Adolat tantanasi uchun o‘z umrini bag‘ishlash uning bosh yo‘nalishi bo‘lib qoladi. Uning suyukli qahramoni O‘gdulmish — Aql va Bilim egasi, umrini Adolat xizmatiga bag‘ishlangan shaxsdir.
“Qutadg‘u bilig” qahramonlari faqat to‘rt kishi emas, uning asari badiiy umumlashmalarni hayotdan uzib aks ettirgan deb bo‘lmaydi. Doston hayot haqiqatlari bilan to‘lug‘dir. Unda o‘sha davr turmushining barcha qirralari, ikir-chikiri, ziddiyatlari o‘z ifodasini topgan. Yusuf Xos Hojib o‘z yuksak o‘y-xayollarini ajoyib timsollarda ifodalar ekan, hayotdan bir zum uzilmaydi, davr ziddiyatlaridan ko‘z yummaydi, jamiyatdagi barcha tabaqa, toifalarga xos fazilat, qusurlar, ijtimoiy ahvolni aniq idrok qiladi. Uni bazan feodal-saroy qarashlariga tobe qilib ko‘rsatishadi. Aslida bunday yanglish tasavvur Yusuf Xos Hojibning hayotiy zukkoligi, ijtimoiy aqli, tadbirkorligini noto‘g‘ri talqin qilish oqibatidir.
“Qutadg‘u bilig” kitobi avom xalq uchun emas, birinchi navbatda, xoqon va beklar, ya’ni yurtning hukmdorlari uchun atab yozilgandir. Turkiy sulolalar butun islom mintaqasida hukmfarmo bo‘lib kelayotgan bir paytda, ijtimoiy jihatdan “Shohnoma” dan ko‘ra “Qutadg‘u bilig”, ya’ni “hukmdorlar Adabnomasi” ko‘proq zarur va bu kitob aynan turkiy tilda yozilmog‘i kerak edi. Yusuf Xos Hojib ushbu ijtimoiy zaruratni vaqtida anglab yetdi; unga yuksak saviyada javob bera oldi. Uning asarini turkiy hukmdorlar qay darajada o‘qidi va o‘zlashtirdi, bu boshqa masala. Abu Ali Hasan Xorunxon uni yaxshi qabul qilgani, shoirni munosib taqdirlagani Kuntug‘di va Oyto‘ldi timsollari hayotiy haqiqatga ancha muvofiq kelganini ko‘rsatadi.
O‘sha davr ijtimoiy, axloqiy voqeligining juda ko‘p, xilma-xil jihatlari asar mazmuniga singdirilgan. Ayniqsa, Kuntug‘di va O‘gdulmish suhbatlariga bag‘ishlangan 15—25-boblar, O‘gdulmish va O‘zg‘urmish suhbatiga oid 31—53-boblar davrning barcha ijtimoiy toifalari (beklar, sipohiylar, saroy ayonlari — vazir, hojib, xazinachi, lashkarboshilar, elchilar, kotiblar, sayyidlar, shoirlar, munajjimlar, olimlar, tabiblar, dehqonlar, savdogarlar, chorvadorlar, hunarmandlar, kambag‘allar — barcha-barchasining) ahvol-ruhiyati, jamiyatdagi o‘rni, fe’l-atvori haqida mufassal tasavvur beradi, ularga hukmdor va davlat ayonlarining adolatli munosabati qanday bo‘lishi kerakligini tushuntiradi.
Yusuf Xos Hojib jamiyatni tubdan o‘zgartirishni emas, muvofiqlashtirish, uyg‘unlashtirish, takomil baxsh etishni maqsad qilib qo‘yadi. Chunki XI asr islom jamiyatining shakllanib, yuksalib kelayotgan davri bo‘lib, unda takomillashtirish takliflari o‘rinli edi.
“Qutadg‘u bilig”ning badiiyligi juda yuqori. Undagi har bir qirra, voqealardagi hayotiylik va shoir xayoli o‘zaro nihoyatda uyg‘un. Shoirning tasvirlari yorqin, tili nihoyatda shirali, mazmunga boy. Islom mintaqa she’riyatining eng asosiy uslubi xususiyati — har bir baytning mustaqil tasviriy, timsoliy birlik darajasiga ko‘tarilish talabi Yusuf tomonidan to‘la his qilingan va amalga tadbiq etilgan. Uning juda ko‘p baytlari hikmatli so‘z (aforizm) darajasiga ko‘tarilgan. Har bir bayt tugal tasvir (yaxlit obraz) beradi. Asar tavhid yoki yagona Alloh hamdi bilan boshlanadi. 32 baytli bu bobda islomning bosh tushunchasi har taraflama tavsiflab berilgan.
Xullas, turkiy tilda yaratilgan bu buyuk asar mintaqa adabiyoti rivojining birinchi bosqichi uchun ma’lum ma’noda yakunlovchi asar bo‘ldi. Bu bosqichning o‘ziga xos ikki jihatini qayd etib o‘tmoq kerak.
Birinchidan, bu davrda ilm-fan va yozma badiiy adabiyot asosan turli hukmdorlar saroyi qoshida, ular homiyligida rivoj olib, gullab-yashnadi. Agar Abbosiy xalifalar saroyida arab tilidagi she’riyat, Somoniy va G‘aznaviylar huzurida fors tilidagi adabiyot panoh topgan bo‘lsa, Qoraxoniylar dargohida turkiy she’riyatning buyuk namunasi dunyoga keldi.
Ikkinchidan, bu adabiyotning o‘ziga xos tomoni ma’rifatchilik edi. Nafaqat adabiyot, balki bu davrning butun ma’naviyatida yetakchi ruhni aqlga tayanish, bilimga chorlash, ijtimoiy adolat, marg‘ub axloqni aql, zakovat kuchi bilan o‘rnatishga ishonch tashkil qilar edi. Bu adabiyot birinchi navbatda hukmdor tabaqaga, beklar, zodagonlarga mo‘ljallangan va o‘shalarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishni maqsad qilgan edi.
fil. f.d. M. Imomnazarov