Taftazoniy (1322-1390)

Sohibqiron Amir Temur Markaziy Osiyo va unga qo‘pshi bo‘lgan yurtlarni birlashtirib, feodal tarqoqlikka barham bergach, Samarqandga tasarruf etilgan barcha mintaqa va viloyatlardan mashhur olim va hunarmandlarni to‘play boshlagan. Uning maqsadi IX—X asrlarda bo‘lgani kabi islom dunyosining ilmiy markazlari sifatida tanilgan Xorazm, Buxoro va Bag‘doddagi “Bayt ul-hikma” ilmiy maktablari an’analarini Samarqandda tiklash bo‘lgan.

Poytaxtda Samarqandga kelgan barcha olimlarga ijod qilishlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Saroyda — Amir Temur huzurida erkin ilmiy bahslar bo‘lib, g‘olib chiqqan olim va shoirlar rag‘batlantirilgan, sinovdan o‘tgan yirik olimlar yangi qurilgan madrasalarga mudarrislikka yuborilgan. Ilm-fanga, ma’rifatga e’tibor balandligi bois o‘sha zamonning ko‘pgina olimlari Samarqandga borishni o‘zlari uchun sharaf deb bilishgan. Shundaylardan biri Markaziy Osiyo falsafiy tafakkuri tarixida o‘chmas iz qoldirgan faylasuf Taftazoniydir. U 722 hijriy (1322) yilning safar oyida hozirgi Ashxabod shahri yaqinidagi Niso muzofotidagi Taftazon qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘n olti yoshigacha ilohiyot fanlarini, arab tili, nutq san’ati va mantiq ilmini o‘sha davrning mashhur olimlari al-Ijiy va mantiqshunos Qutbiddin ar-Roziy at-Taxtoniydan (1290—1365) o‘rganarkan, uning birinchi ilmiy asari esa Saraxs (Eron) olimlari orasida mashhur bo‘lib, shu asari orqali madrasa mudarrisi huquqini ko‘lga kiritgan. Shu davrdan boshlab u, qariyb 30 yil davomida Movarounnahr va Xuroson bo‘ylab ko‘chib yurib, turli madrasalarda falsafa va mantiqdan dars bergan. So‘ngra Temur da’vatiga binoan Samarqandga kelib, umrining oxirigacha shu shaharda ijod etib, Temur saroyidagi ko‘psonli ilmiy bahslarda faol qatnashgan. Manbalarda qayd etilishicha, Samarqandda yashagan mashhur faylasuf Mir Sayyid Sharif Jurjoniy va Taftazoniy o‘rtasidagi ilmiy bahslar juda keskin va qiziqarli o‘tgan.

Taftazoniyning islom falsafasi, kalom, mantiq, handasa, she’riyat va arab tili grammatikasi sohasidagi katta asarlari Movarounnahr va Xuroson shaharlarida keng tarqalgan bo‘lib, eng mashhur asari “Tahzib al-mantiq va-l-kalom” bizgacha Jaloliddin Davoniy va Kurdistoniylarning sharhlari orqali, “Maqosid fi ilm al-kalom” yoki “Maqosid at-tolibin fi usul ad-din” (“Din asoslarini izlovchilarning maqsadlari”) asari esa muallifning o‘z sharhlari bilan birgaliqda yetib kelgan. Taftazoniy 1392 yilning 12 avgustida vafot etgan.

Taftazoniyning ilmiy merosi o‘rta asrlar fanining barcha sohalarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, Qur’on tafsiridan boshqa asarlari arab tilida yozilgan. Bu asarlardan XIV—XVI asrning ikkinchi yarmigacha Movarounnahr va uning atrofidagi madrasalarda o‘quv qo‘llanmasi sifatida foydalanilgan.

Taftazoniy qirqdan ortiq asar yozgan bo‘lib, bizgacha “Tahzib al-mantiq va-l-kalom” (“Mantiq va kalomga sayqal berish”), “As-Sa’diya” (XIII asr oxiri va XIV asr birinchi yarmida yashagan Kotibiyning mantiqqa oid “Ash-Shamsiya” risolasiga yozilgan sharh), “Al-mutavvol” (“Keng talqin”), “Muhtasar al-maoniy” (“Qisqacha ma’nolar”), “Al-irshod al-hodiy (“Yo‘l boshlovchi rahbar”), “Al-maqosid at-tolibin” (“Tolibi ilmlarning maqsadlari”), “Risola fi zavoye al-musallas” (“Uchburchakning burchaklari haqida risola”) kabi asarlaridan tashqari o‘zidan oldin o‘tgan mutafakkirlar asarlariga yozgan sharh va hoshiyalari yetib kelgan.

Taftazoniy o‘z falsafiy qarashlarida tabiat hodisalari o‘rtasida sabab-oqibat munosabatlari mavjudligiga shubha qilmay, borliqning ana shunday munosabatlarini diqqat bilan tahlil etib, sabab va oqibatning muayyan turlarini ajratib ko‘rsatadi. “Sabab — bu shunday narsaki, narsaning mavjud bo‘lishi unga bog‘liqdir. Sabab ichki va tashqi ko‘rinishlarga ega. Agar sababning muayyan belgilari oqibatga ko‘chib o‘tsa, unda ichki sabab namoyon bo‘lgan bo‘ladi, agarda buning aksi bo‘lsa, unda tashqi sabab o‘zligini qo‘rsatgan bo‘ladi”.

Taftazoniy o‘zining “Tahzib al-mantiq va-l-kalom” asarida insonning xulq-atvoridagi iroda erkinligi masalasiga kengroq to‘xtaladi. Uning fikricha, har qanday olijanoblik va xayrli ishlar o‘z tabiatiga ko‘ra xudoning mohiyatidan kelib chiqadi va u hamma narsaning xoliqi sifatida xayr va sharofatning yaratilganligi sababdan insonlarni yomon xulq-atvordan tiyilib turishga chorlaydi. Yomon xulqlar, gunohlar insonga xos narsalar bo‘lmasdan, ular faqat kishilarni sinash uchun yaratilgan. Shunday qilib, uning fikricha, xudo o‘z bandalariga ikki yo‘lni taklif etadi, ya’ni sharafli, xayrli faoliyat ko‘rsatishni yoki nomatlub mashg‘ulotlar bilan gunohga botishni, gunohga botish esa jazoga tortilishni keltirib chiqaradi. Mutafakkirning ta’kidlashicha, xudo tomonidan insonlarga xayrli ishlar qilish buyurilgan, g‘ayrishar’iy ishlar insonning o‘z irodasiga bog‘liqdir. Shuning uchun xudo yomon xulq-atvorli insonlarni jazolaydi. Yomon xulq-atvorni qoralash xudoning irodasiga qarshi borish emas, chunki yomonlikni yer yuzida mavjudligi insonlarni poklikka chorlovchi sinovdir.

Bilish nazariyasida Taftazoniyning qarashlari ibn Sinonikidan farq qiladi. Ibn Sino narsa, hodisalar haqidagi ma’lumotlarni bilim deb qabul etgan bo‘lsa, Taftazoniy ularni alohida his-tuyg‘u va bilim o‘rtasidagi vositaviy bosqich deb tushunadi. Bilish jarayoni uch shartni taqozo etadi: 1) His-tuyg‘u organlari va ashyolar o‘rtasida o‘zaro ta’sir; 2) Bu omillarning inson ruhi tomonidan qabul etilishi; 3) Aqliy bilish.

His-tuyg‘uni esa tashqi hissiyot deb atab, ichki his-tuyg‘u ham tashqi hissiyot asosida paydo bo‘lishligini ta’kidlaydi. Narsalar to‘g‘risida biror tushuncha hosil qilish his-tuyg‘u uyg‘otgan qiyofa orqali amalga oshishini ko‘rsatib o‘tadi. Ashyolar va hodisalar mavjudligi tufayli ular uyg‘otgan his-tuyg‘u shakllaridan bilim shakllanadi. Chunki hissiyot moddadan, uning zaruriy sifatlari va aloqalari bilan birgalikda tashqi qiyofasinigina qabul qilib oladi. Shu sababdan mutafakkirning fikricha, hissiy tasavvurga ega bo‘lish uchun moddaning bo‘lishligi shartdir. Lekin aqliy, mantiqiy bilish esa moddiy asosdan ancha uzoqlashgan bo‘lib, hissiy bilimlarga qaraganda yuqoriroq bosqichda hosil bo‘ladi.

Taftazoniy fikricha, mantiq-tafakkurdagi xatoliklardan xalos qiladigan vosita bo‘lib, yangi bilimlar hosil qilish uchun zamindir. Mantiqiy bilish shakllari tasavvur va tasdiqdir. Biror ashyo yoki hodisani tasavvur etish va uning to‘g‘risida hukm chiqarishda asosiy o‘rinni til bajaradi. Ong va uning belgisi nutq bilan bevosita bog‘langandir. Biror ashyo yoki hodisa belgisi bo‘lgan so‘zlar, biror-bir mazmun tufayligina qandaydir ma’no kasb etadi. Taftazoniy fikricha, mantiq fani mavhum mantiqiy ong bilan bog‘langan bo‘lib, tushuncha va hukmni ifodalovchi so‘zlar va gaplarni tahlil etadi.

Aql quroli orqali ashyolarni aks ettiradigan tushunchalarni ta’riflab, Taftazoniy o‘z oddiga shunday savol qo‘yadi: Tushunchalar qanday kelib chiqadi va shakllanadi? Taftazoniy aqlning tahliliy — xulosaviy qobiliyati (tahlilot) va shuuriy iste’dodi (mafhumot) tushunchalar shakllanishi uchun asosiy yo‘l deb hisoblaydi. Uning ta’kidlashicha: “Faqat tahlilot va mafhumot vositasidagina ashyolar haqida muayyan tushunchalar hosil etish mumkin”.

Taftazoniyning ilmiy merosi Yaqin va O‘rta Sharq xalqlari ijtimoiy-siyosiy tafakkuri tarixida munosib o‘rin tutgan qadimgi yunon faylasuf va mantiqshunoslari maktabiga mansubdir. Ammo eramizdan oddingi ilmiy yutuqlar bilan chegaralanmasdan, sharq Uyg‘onish davri yuksakliklaridan turib uni rivojlantirilganligi va yangi g‘oyalar bilan boyitilganligi diqqatga sazovordir. Taftazoniy Temur davridagi Samarqand ilmiy muhitida o‘sha zamon olimlari bilan birgaliqda samarali ijod etib, keyinchalik jahonshumul ahamiyat kasb etgan Ulug‘bek maktabini vujudga kelishiga zamin hozirlagan mutafakkirlardan biri bo‘lib tarixda qoldi. U islom falsafasi bo‘lgan kalomga mantiqiy xulosalarni tadbiq etib, uni kuchaytirdi va ilohiyotni ham jozibali fan sifatida rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi. Uning asarlarining ilmiy qimmati hozirda ham o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q. Taftazoniyning ilmiy merosini o‘rganish tafakkurimiz tarixining zarhal sahifalarini boyitish imkonini beradi.

fals. f.n. M. Qodirov