Shohrux Mirzo Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li bo‘lib, 1377 yil 20 avgust, payshanba kuni olamga kelgan. Tarixchi Xondamirning bergan ma’lumotiga qaraganda, Shohruxning onasi Tag‘oy Turkon og‘o Sohibqironning xos kanizaklaridan bo‘lib, Amir Temur keyinchalik uni o‘z nikohiga kiritgan. Shunday bo‘lsa ham Shohruxni Saroymulk xonim tarbiyalab voyaga yetkazgan.
Shohrux Mirzo yoshligidanoq ahkomi shariatga qattiq rioya qilib, diniy kitoblarga qiziqqan. U 20 yoshigacha otasi Sohibqiron qavatida bo‘lib, harbiy yurishlarda, jumladan, Falastin yurishida ham faol qatnashgan. Amir Temur 1397 yilda unga Xuroson, Seyiston va Mozandaron hokimligini bergach, to 1405 yilgacha Xuroson hukmdori degan nom bilan kifoyalanadi.
Fasih Xavafiyning yozishiga qaraganda, Shohrux Mirzo Hirotning nufuzli xo‘jazodalari rahnamoligida Xuroson hokimligini boshqargan. Amir Temur vafotidan so‘ng Shohrux Mirzo taxtga da’vogarlar qatorida valiahd Pir Muhammad Mirzo bilan ittifoq tuzib, samarqand hukmdori Xalil Sultonga qarshi kurashadi. 1407 yili Pir Muhammad Mirzoning fojiali o‘limidan so‘ng yakka o‘zi kurashni davom ettirib, 1409 yili Xalil Sulton ustidan qo‘li baland kelib, taxtni qo‘lga kiritgach, Movarounnahrni to‘ng‘ich o‘g‘li Ulug‘bek Mirzoga, Balxni ikkinchi o‘g‘li Sulton Ibrohim Mirzoga, Hisorni marhum Muhammad Sulton Mirzoning o‘g‘li Muhammad Jahongir Mirzoga, Farg‘onani esa marhum akasi Umarshayx Mirzoning o‘g‘li Ahmad Mirzoga in’om qilib, o‘zi Hirotga qaytib ketadi.
Shohrux Mirzo asta-sekin o‘z akalari Jahongir, Umarshayx va Mironshohlarning avlodini har xil yo‘llar bilan o‘ziga tobe qilib, Movarounnahr, Ozarbayjon, Iroq, Xuroson va Shimoliy Afg‘onistondan iborat katta bir davlat jilovini o‘z qo‘liga kiritib, Hirotni o‘zining poytaxti deb e’lon qiladi va “ulug‘ xoqon” sifatida saltanatni boshqarishga kirishadi.
Shohrux Mirzo ko‘p vaqtini toat-ibodat va kitob mutolaasiga sarflarkan, devon va saltanatni boshqarishda o‘ktam va tadbirkor xotini Gavharshod begim faol ishtirok ettan.
Shohrux Mirzo ixlos va niyozmandlik yuzasidan darveshlar hamda go‘shanishinlarga iltifotlar ko‘rsatib, Hirotning Jome’ masjidida juma namozini xaloyiq bilan birga o‘qirdi. Juma namozlarining birida (1427 yil 21 fevral) Ahmad nomli kimsa masjid ichida Shohrux Mirzoga pichoq sanchadi. Ahmad o‘sha zahoti qatl etiladi. Tabiblarning jonbozligi bilan qilingan muolajadan so‘ng zaxm bitib, Shohrux Mirzo tuzalib ketadi. Shohrux Mirzo umrining oxirigacha o‘z o‘rniga valiahd tayinlashga ikkilanib yuradi.
1446 yili Shohrux Mirzo o‘z nabirasi, Qazvin, Ray va Qum viloyatlari hukmdori Sulton Muhammadga qarshi yurish boshlaydi. Chunki Sulton Muhammad bobosi Shohrux Mirzoga qarshi bosh ko‘tarib, Hamadon va Isfahonni bosib olib, Sherozni qamal qilgan edi. Shohrux Mirzo qo‘shini g‘arbiy Eronda hech qanday qarshilikka uchramaydi. Nimagaki, bobosining kelayotganini eshitgan Sulton Muhammad Sheroz qamalini bo‘shatib, toqqa qochgan edi. Qo‘zg‘olon aybdorlari ayovsiz jazolanadilar.
Mazkur harbiy yurishdan qaytayotganda Shohrux betoblanib, 1447 yili Ray viloyatida, 70 yoshida vafot etadi.
Xuroson Shohrux Mirzo davrida siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan ancha rivojlandi, ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirildi. Masjidlar, madrasalar, xonaqohlar, rabotlar, sardobalar, qishloq va qo‘rg‘onlar qurilib, mazkur qurilishlar vaqf mulklari bilan ta’minlandi. Shohrux Mirzoning mo‘tadil ichki va tashqi siyosati Xurosonda tinchlikning barqaror bo‘lishiga olib keldi. Bu davrda tijorat, hunarmandchilik, dehqonchilik yuqori darajaga ko‘tarila boshladi. Ayniqsa, hunarmandchilik, to‘qimachilik, me’morchilik, o‘ymakorlik, xattotlik, muqovasozlik hamda qog‘oz ishlab chiqarishga katta e’tibor berildi. Shuningdek, metallni qayta ishlash, qurilish asbob-uskunalarini tayyorlash, kulolchilik san’ati o‘sdi. Bulardan tashqari zargarlik, kashtado‘zlik, kandakorlik, shohi va boshqa xil matolar to‘qib chiqarishga e’tibor kuchaydi. Jumladan mahalliy va xorijdan olib kelingan xomashyolardan banoras, atlas kabi matolar ishlab chiqarila boshlandi. Shu kasbning mohir ustalari yetishib chiqdi. XIV—XV asrlarda Xurosonda kulolchilik san’ati sopol buyumlar bilan bir qatorda suv inshootlarida, ulkan binolar qurilishida ishlatiladigan sopol quvurlar, xilma-xil shakl va ranglar bilan jilolangan sopol koshinlar ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yildi.
Shohrux Mirzo mamlakat istiqbolini ko‘zlab Xitoy va Hindiston hukmdorlari bilan diplomatik munosabatlarni yaxshilashga harakat qildi. Mazkur mamlakat elchilari Samarqand va Hirotda, o‘z navbatida G‘iyosiddin Naqqosh rahbarligida Xitoyda, Abdurazzoq Samarqandiy boshchiligidagi elchilar Hindistonda bo‘ldilar. Shohrux Mirzo Hirot shahar qal’asining janub tomonida (1410— 1411) madrasa va xonaqoh bino qildirdi. Bu paytda poytaxt Hirot va umuman Xurosonda madaniy va maishiy qurilishlar keng quloch yozadi.
Hirotda bir necha shifoxonalar mavjud bo‘lib, bularning qatorida yana ikkita “Dorushshifo” quriladi. Bu shifoxonalarning bittasi Shohruxning uchinchi xotini Mulkat og‘o (Mulk og‘o) tarafidan, ikkinchisi esa Shohruxning nabirasi Alouddavla (1417—1460) tomonidan qurdirilgan edi. Mulkat og‘o ham Gavharshod begim kabi Hirotda “Dorulhadis” nomli xonaqoh, ikkita hammom, Hirotdan 8 farsax narida, Amudaryoga boradigan yo‘l ustida bitta rabot, Balx shahrida bir madrasa qurdirdi.
Shohrux davrida Hirotda qurilgan eng katta yodgorliklardan biri malika Gavharshod begim tarafidan qurdirilgan ulkan madrasa va mazkur madrasa yonida qad ko‘targan xonaqohdir. Bu binolar 1417 yilda boshlanib, 1437 yilda qurib bitkazilgan. Mazkur madrasa va xonaqoh hozirgi kungacha yetib kelgan bo‘lib, xonaqohga uning ayrim o‘g‘illari, Gavharshod begim va boshqa Temuriy shahzodalar va malikalar dafn etilgan. Shohrux Mirzo saroyida xizmat qiluvchi amaldorlar, beklar, sarkardalar o‘z nomlarini abadiylashtirish maqsadida bir qator madaniy va maishiy binolar qurdirishgan. Chunonchi, Hirotning Xiyobon mavzeida Qurbon Shayx, Feruzshoh, Chaqmoq Shoh, Alayh Ko‘kaddosh madrasalari qad rostlagan edi. Bu madrasalarda diniy bilimlar bilan bir qatorda tilshunoslik, adabiyot, tarix, jug‘rofiya, handasa, riyoziyot, falakiyot kabi ilmlar o‘qitilardi. Bulardan tashqari, falsafa, mantiq va musiqa ilmi ham ancha rivojlangan edi.
Hirot qadim zamonlardan turli-tuman diniy va ilmiy kitoblarga boy shaharlardan hisoblangan. Shohrux Mirzoning o‘zi ham kitobga o‘ch kishi bo‘lib, o‘zining boy shaxsiy qutubxonasi, o‘g‘li Boysung‘ur Mirzoning ham ajoyib kutubxonasi bo‘lgan. Bu kutubxonalar qimmatli asarlarga boyligi va xilma-xilligi bilan shuhrat qozongan.
t.f.n. T. Fayziyev