Sattorxon Abdulg‘afforov (1843-1901)

Baroqxon tomonidan qurdirilgan Ko‘kaldosh madrasasi. Toshkent. XIX asr oxirlari

Sattorxon Abdulg‘afforov Markaziy Osiyoda ijtimoiy tafakkurni rivojlantirish tarixida alohida o‘rin egallaydi. Sattorxon 1843 yili Chimkent shahrida yirik mudarris oilasida tug‘ilgan. U 1862 yili Toshkentda “Shukurxon” madrasasini bitirib, 1864 yilgacha Chimkent shahrida muftiylik qilgan. 1873 yili Sattorxon Chimkentda ochilgan birinchi rus-tuzem maktabida o‘kituvchi bo‘lib ishlaydi. Mana shu vaqtdan boshlab umrining oxirigacha Satgorxon ilm-fan, dunyoviy bilimning tolmas targ‘ibotchisi bo‘lib qoldi.

Sattorxon Chimkentda ikki yil o‘qituvchilik kilgach, 1876 yil aprel oyida Qo‘qon shaxriga qozi qilib tayinlanadi. O‘sha yili iyul oyida Sattorxon Jo‘rabek, Shermuhammad va Abdulla Niyozovlar bilan birga Sankt-Peterburgda Sharqshunoslar Xalqaro s’ezdida ishtirok etib, olimlar va xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik haqida gapirdi.

Sankt-Peterburgdan qaytgach, Sattorxon qozilik vazifasini davom ettirdi va o‘z lavozimidan ma’rifatparvarlik g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida foydalandi, dunyoviy bilimlarni tinmay targ‘ib qildi. Sattorxon 1879 yilda Qo‘qon shahar bilim yurtining faxriy nazoratchisi qilib tasdiqlandi. Bu lavozimda ham Sattorxon o‘z burchini sharaf bilan bajardi. “Men, — deb yozgan edi Sattorxon, — har vaqtda musulmonlarni o‘z foydamiz uchun rus tilini o‘rganmoqligi zarur ekanligini bayon qilur edim”[1].

Sattorxon 1881 yilda Toshkentga qaytib keldi. 1883 yilda u “Turkiston viloyatining gazeti”ga tarjimon bo‘lib ishga kirdi va shu davrda Ovro‘po madaniyati va dunyoviy bilimlarini targ‘ibot qiluvchi bir qancha maqolalar yozdi. Sattorxon 1884 yildan 1889 yilgacha Toshkent o‘qituvchilar seminariyasida o‘zbek va fors tillaridan dars berdi va o‘zining ma’rifatparvarlik faoliyatini tinmay davom etdirdi. 1889 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Turkiston o‘lkasi shaharlarining o‘qituvchilari s’ezdi ishida faol ishtirok etib, mahalliy yoshlarni yangi maktablarga jalb qilish, bu yo‘ldagi barcha to‘siqlarni tugatish choralari haqida gapirdi. U chorizm ma’murlarining ayrim tadbirlarini xato deb bilib, ularni tanqid qildi.

1889 yilda Sattorxon Sirdaryo viloyat Soliq komissiyasida tar-jimonlik qildi. Bu komissiya 1893 yilda tugatilgach, Sattorxon Chimkent shahriga qaytib, u yerda 1899 yilgacha qozilik lavozimida ishladi. 1899 yilda Toshkentga qaytib kelib, o‘zining vafotiga qadar (1901) shu yerda yashadi.

Sattorxonning hayot yo‘li murakkab yo‘l edi. Bu yo‘lda u ayrim masalalarda ikkilandi ham, lekin ilm-fanni, sharq madaniyati yutuqlarini, Ovro‘po madaniyatini targ‘ib qilishda, mamlakatni qoloqliqdan chiqarish zarurligini uqtirishda hech vaqt ikkilanmadi va umrining oxirigacha bu fikrga sodiq bo‘lib qoldi. Sattorxon o‘zining ma’rifatparvarlik faoliyatini Furqat, Muqimiy, Zavqiylar bilan hamkorlikda olib bordi. Ma’rifatparvarning ijtimoiy qarashlari uning “Musulmon eshonlar”, “Rossiya istilosiga qadar Qo‘qon xonligining ichki ahvoli haqida qisqacha ocherk” nomli risolalarida va ko‘pgina maqola va nutqlarida o‘z aksini topgan.

Sattorxon jamiyat taraqqiyotini ilm-fanda, xalqqa ma’rifat tarqatishda deb bildi. Uning fikricha, aqlga muvofiq har qanday jamiyatning farovon yashashi uchun bilim bo‘lmog‘i zarur. Inson nima? U nima uchun yaratilgan va qayerga boradi? Uning baxti nimada? “Bu savollarning kaliti, — deydi Sattorxon, — bilimdadir”.

Sattorxon ilm-fanning kishilik jamiyati taraqkiyotini ta’minlovchi asosiy vositalardan biri ekanligini ta’kidlash bilan birga, uni turli millat va dinga mansub bo‘lgan xalklarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi kuch deb qaraydi. Mana shu fikrga qat’iy amal qilgan hodda Sattorxon o‘z xalqini boshqa xalqlar, jumladan Ovro‘po xalqlari bilan yaqindan aloqaga kirishishi zarurligini uqtiradi. “Shu tufayli biz umuminsoniy hayot va ilmiy taraqqiyot ishtirokchilari bo‘lishimiz mumkin”, — deydi u.

Sattorxon o‘z vatandoshlarini ma’rifatga, boshqa tillarni, jumladan, rus tilini o‘rganishga chaqiradi. U o‘z fikrlari ta’sirini kuchaytirish va isbotlash uchun islom dini, shariat qonun-qoidalaridan, o‘zining keng bilimlaridan moxirlik bilan foydalanadi.

Sattorxon mahalliy bolalarni musulmon maktablari bilan bir qatorda rus-tuzem maktablariga jalb qilish zarurligi va bu yo‘lda amaliy choralar ko‘rish kerakligini uqtiradi. “Eng avval, — deydi Sattorxon, — bu maktablarga nisbatan kishilarda ishonch hosil qilish zarur. Bu yo‘lda to‘siq bo‘lib turgan sabablardan biri shuki, bu maktablarda musulmonlar manfaatlarini himoya qiladigan va o‘z ishtiroki bilan musulmon yoshlarini tarbiya qilishda ularni zo‘rlik bilan ruslashtirishga qaratilgan maqsad yo‘qligiga kafil bo‘ladigan, ularni diniy e’tiqodlariga zarar yetkazmasligini bo‘yniga oladigan kishilarning yo‘kligidir. Shuning uchun rus maktablariga musulmon muallimi kiritilib, unga yerliklarning bolalarini mahalliy tilga o‘rgatish va musulmon dinidan boshlang‘ich ta’lim berish vazifasi yuklatilsa, mahalliy aholining rus maktablariga nisbatan ishonchsizligi tugatilgan bo‘lur edi”. Ko‘rinib turibdiki, Sattorxon chor ma’murlarining “ruslashtirish” siyosatini sezgan va bu siyosatga qarshi norozilik bildirgan.

Sattorxon xalq taqdiriga achindi, uni jaholat va zulmat dunyosidan chiqarish haqida qayg‘urdi, jamiyatdagi adolatsizliklarga nafrat bilan qaradi va o‘zbek xalqining tarqqiyot, mustaqillik uchun olib borgan kurashiga o‘z hissasini qo‘shdi.

fals. f.d. X. Vohidov

______________________

[1] “Turkiston viloyatining gazeti”, 1890 yil, 32-son.