Mahmud az-Zamaxshariy (1075-1144)

Ko‘hna Xorazm zaminida azaldan jahon fani va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan qo‘plab buyuk allomalar yetishib chiqqan. Abul Qosim az-Zamaxshariy ana shunday ulug‘ siymolardan biridir.

Allomaning to‘liq ismi Abul Qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy bo‘lib, u hijriy 467 yilning rajab oyining 27-kuni (1075 yil 19 mart) Xorazmning katta qasabalaridan biri — Zamaxshar qishlog‘ida tavallud topdi. Az-Zamaxshariy haqidagi ma’lumotlar asosan o‘rta asr arab manbalarida keltiriladi. Otasi un-chalik badavlat bo‘lmasa-da, savodli, taqvodor, diyonatli kishi bo‘lgan va aksar vaqtini Qur’on tilovatiyu namoz o‘qish bilan o‘tkazib, Zamaxshardagi bir masjidda imomlik ham qilgan. Az-Zamaxshariyning onasi ham taqvodor, dindor ayollardan hisoblangan.

Aftidan, az-Zamaxshariyning otasi serfarzand bo‘lgan. Chunonchi, shoir qasidalaridan birida otasining farzandlari ko‘p va oilasi katta bo‘lgani tufayli ham tirikchilik yo‘lida tinmay mehnat qilgani haqida yozadi.

Az-Zamaxshariylar oilasi islomning mo‘taziliy ta’limotiga mansub bo‘lib, yosh Mahmudning dunyoqarashi mana shu dindor, taqvodor otasining ta’sirida shakllandi va dastlabki bilimni ham o‘z otasidan oldi. Alloma haqidagi ma’lumotlardan ma’lumki, uning bir oyog‘i yog‘ochdan bo‘lib, tarixchilar bu haqda: “Bir oyog‘i yog‘ochdan edi va uzun yaktagini tushirib kiygani uchun ko‘rgan odam uni cho‘loq deb o‘ylardi” — deb yozganlar. Og‘ir illat tufayli u yoshligidan bir oyoq bo‘lib qolgan va shundan so‘ng otasi uni endi og‘ir mehnatga yaramaydi, deb kiyim tikuvchi ustaga shogirdlikka bermoqchi bo‘ladi. Biroq yoshligidan ilmga havasmand o‘sgan Mahmud otasidan o‘zini madrasaga o‘qishga yuborishni so‘raydi. O‘g‘lidagi ilmga bo‘lgan zo‘r ishtiyoq va havasni sezgan otasi uni madrasaga beradi.

Az-Zamaxshariy ilm-fanning turli sohalari bilan qiziqib, tolibi ilmlar orasida zo‘r iste’dodini namoyon qila boshlaydi. U madrasada o‘qitiladigan ilmlarni, ayniqsa, arab tili va adabiyoti, diniy ilmlarni puxta egallashga kirishadi, o‘sha davrda ilm ahli orasida qadrlangan xattotlik san’atini ham mukammal egallab, o‘z tirikchiligini birqadar tuzatadi. So‘ng, arab tarixchisi va biografi ibn Xallikonning yozishicha, talabalik yoshiga yetgach, bilimini yanada oshirish, har tomonlama kamol toptirish maqsadida Buxoroga yo‘l oladi. Buxoro, mashhur olim Abu Mansur as-Saolibiyning (961—1138) iborasi bilan aytganda: “Somoniylar davridan boshlab shon-shuhrat makoni, saltanat ka’basi va zamonasining ilg‘or kishilari jamlangan: yer yuzi adiblarining yulduzlari porlagan va o‘z davrining fozil kishilari yig‘ilgan (joy) edi”. Az-Zamaxshariy Buxoroda o‘qishni tugatgach, bir necha yil Xorazmshohlar xizmatida bo‘lib, kotiblik bilan shug‘ullanadi, hukmdorlar bilan yaqinlashishga urinadi. Biroq qobiliyati, ilmi, fazilatiga yarasha biror mansab va munosib e’tibor ko‘rmagach, o‘zga yurtlarga safar qiladi, matlabu-maqsadlarining ushalishiga umid bog‘laydi. 1118 yili az-Zamaxshariy og‘ir dardga chalinadi, bu kasallikdan tuzalgach esa hukmdorlar xizmatiyu mansab va mol-dunyo ta’masidan mutlaqo voz kechadi, qolgan umrini faqat ilm-fanga bag‘ipglashga, asarlar ta’lif etishga astoydil qaror qiladi.

Az-Zamaxshariyning o‘z davri ilmlarini to‘liq egallashga, olimlik darajasiga yetishishida, shubhasiz, ustozlarining xizmati benihoya katta bo‘lgan. Mana shunday ustozlardan biri — til, lug‘at va adabiyot sohasida mashhur olim Abu Mudar Mahmud ibn Jariyr al-Dabbiy al-Isfahoniydir (1113 yili Marvda vafot etgan). Al-Isfahoniy Xorazmda ham bir qancha muddat yashagan. Bu o‘lkada mo‘taziliylar ta’limotining joriy bo‘lishi ham mana shu Al-Isfahoniy nomi bilan bog‘liqdir. Az-Zamaxshariy Bag‘dodda shayx ul-is-lom Abu Mansur Nasr al-Xorisiy, Abu Saad ash-Shaqqoniy, Abul Xattab ibn Abul Batar kabi mashhur olimlardan hadis ilmidan tahsil oldi. Makkada bo‘lganida esa nahv va fiqh bo‘yicha ilmni Abu Bakr Abdulloh ibn Talxat ibn Muhammad ibn Abdulloh al-Yabiriy al-Andalusiy, ash-shayx as-Sadiyd al-Xayyatiy, lug‘at ilmini esa Abu Mansur Mavhub ibn al-Xadar al-Javoliqiy kabi mashhur olimlardan o‘rgandi.

Az-Zamaxshariy hayoti davomida Marv, Nishopur, Isfahon, Shom, Bag‘dod va Hijozda, ikki marta Makkada bo‘ldi. Olim bu yerda ilmiy ishlarini davom ettirdi, arab tili grammatikasi va lug‘atini hamda mahalliy qabilalarning lahjalari, maqollari, urf-odatlarini chuqur o‘rgandi, bu mintaqa jug‘rofiyasiga oid xilma-xil ma’lumotlarni to‘pladi.

Adib ko‘p asarlarini Makkaligida yaratadi. O‘z hayotida chuqur iz qoldirgan Makkada az-Zamaxshariy besh yilcha yashaydi. Shu boisdan u Jorulloh (“Ollohning qo‘shnisi”) degan sharafli laqabga muyassar bo‘ladi.

O‘z davrining yirik olimi darajasiga ko‘tarilgan az-Zamaxshariyning Xorazmda ham, Sharqning boshqa ko‘pgina shaharlarida ham ko‘pdan-ko‘p shogirdlari bo‘lgan, alloma ko‘p vaqtini o‘shalarga bag‘ishlardi. U qarindosh-urug‘larining qiyin-qistovlariga qaramasdan, hayotida biror marta ham uylaimagan. Ilmiy asarlar yaratish va munosib shogirdlar tayyorlashni farzand o‘stirishdan a’lo deb hisoblagan. Az-Zamaxshariy oxirgi marta Makkadan qaytib Xorazmda bir necha yil yashaydi va hijriy 538 yilda arafa kechasi (1144 yil 14 aprel) vafot etadi. 1333 yili Xorazmda sayohatda bo‘lgan mashhur arab sayyohi ibn Battuta (1304—1377) “Ar-Rihla” (“Sayohatnoma”) asarida az-Zamaxshariyning ustida qubbasi bo‘lgan maqbarasini ko‘rganini yozadi.

Buyuk mutafakkir az-Zamaxshariy arab grammatikasi, lug‘atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, jug‘rofiya, tafsir, hadis va fiqhga oid elliqdan ortiq asarlar yaratgan, ularning aksariyati bizgacha yetib kelgan.

Arab tilshunosligi va grammatikasining turli tomonlariga oid asarlar az-Zamaxshariy ijodida salmoqli o‘rin egallaydi. Jumladan, arab tili grammatikasiga oid “Al-Mufassal” (1121 yil) nomli asarini u Makkada yashagan paytida, bir yarim yil davomida yozgan. “Al-Mufassal” arab tili nahvu sarfini o‘rganishda yirik qo‘llanma sifatida azaldan Sharqda ham, G‘arbda ham shuhrat topgan asarlardan hisoblanadi. Ko‘pchilik olimlar o‘z ilmiy qimmati jihatidan az-Zamaxshariyning bu asari taniqli arab tilshunosi Sibavayhning (796 yili vafot etgan) arab grammatikasiga oid mashhur kitobidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi, deb ta’kidlaganlar. O‘sha davrning o‘zidayoq arablar orasida ham bu asar katta e’tibor qozongan va arab tilini o‘rganishda asosiy qo‘llanmalardan biri sifatida keng tarqalgan. Hatto Shom (Suriya) hokimi Muzaffariddin Muso kimda-kim Az-Zamaxshariyning ushbu asarini yod olsa, unga besh ming kumush tanga pul va sarupo sovg‘a qilishni va’da bergan. Bir qancha kishilar asarni yod olib, mukofotga ham sazovor bo‘lganligi manbalarda keltirilgan. Bu misol az-Zamaxshariy asarining o‘sha davrda ham qanchalik yuksak baholanganini ko‘rsatadi. Bu asarning bir qo‘lyozmasi Toshkentda, O‘zR FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

“Al-Mufassal”ning ixchamlashtirilib, muxtasar holga keltirilgan nusxasi “Al-Unmazaj” (“Namuna”) nomi bilan ataladi. Grammatikaga oid asarlaridan “Sharh abyat kitob Sibavayh” — hozir zikr etganimiz Sibavayhning kitobiga yozilgan mukammal sharhdir. Az-Zamaxshariyning xorazmshoh Alouddavla Abulmuzaffar Otsizga bag‘ishlab yozilgan “Muqaddimat ul-adab” asari alohida ahamiyatga egadir. Bu o‘rinda shuni ta’kidlash kerakki, xorazmshohlar davrida ilm-fan, madaniyat ancha taraqqiy qilgan edi. Hukmdorlar, ayniqsa, xorazmshoh Otsiz olimlar, shoiru adiblarga hurmat bilan qarar, o‘zi ham iste’dodli, ma’rifatparvar, adabiyotga qiziqqan, bilimdon odam edi. Uning davrida ilm-fan taraqqiyoti yo‘lida bir qancha xayrli ishlar amalga oshirilgan. Shu sababdan bo‘lsa kerak, az-Zamaxshariy “Muqaddimat ul-adab”ni uning nomiga bag‘ishlab yozgan. Asar besh katta qismga bo‘lingan bo‘lib — otlar, fe’llar, bog‘lovchilar, ot o‘zgartishlari va fe’l o‘zgarishlari haqida bahs yuritadi. Asar 1137 yillari yozib tugallangan.

Az-Zamaxshariy o‘z asarida o‘sha davr arab tilining iste’molda bo‘lgan barcha so‘zlari, iboralarini qamrashga intilgan, ularning etimologiyasiga katta e’tibor qilgan. Shu boisdan ham az-Zamaxshariyning bu yirik asarini mazkur yo‘nalishdagi dastlabki asarlardan deyishga haqlimiz. “Mukaddimat ul-adab” arabchadan fors, chig‘atoy, mo‘g‘ul va turk tillariga tarjima qilingan. Manbalarda ta’kidlanishicha, asarning chig‘atoy tilidagi tarjimasi az-Zamaxshariyning o‘zi tomonidan amalga oshirilgan. Zotan Xorazmshoh Otsizning tushunishi uchun asarning arabcha matni bilan birgalikda chig‘atoy tilidagi tarjimasi ham yaratilgan, deb bilish o‘rin-lidir. “Muqaddimat ul-adab” yaratilgan davridan boshlab bir necha asrlar davomida olimlar, tadqiqotchilar diqqatini o‘ziga tortib kelayotir. U birinchi marta 1706 yili Xo‘ja Ishoq Afandi tomonidan usmonli turk tiliga tarjima etilgan. So‘ngra Ovro‘poning bir qancha tillariga (frantsuz, nemis) o‘girilgan. Parij, Leyptsig, Vena, Leydan, Qozon shaharlarida, Norvegiya, Misr va Hindistonda bir necha marta chop etilgan. Nemis olimi Vatzastayn “Muqaddimat ul-adab”ning Ovro‘po qo‘lyozma fondlaridagi yettita nusxasini qiyosiy o‘rganib, 1850 yili Leyptsigda asarning ikki jildlik tanqidiy matnini nashr etgan.

Asarning chig‘atoy tilidagi tarjimasi o‘zbek tili tarixini o‘rganuvchilar uchun muhim ahamiyatga egadir. Bu haqtsa Sadriddin Ayniy 1921 yili “Mehnatkashlar tovushi” gazetasiga yozgan maqolasida “Az-Zamaxshariyning “Muqaddimat ul-adab” asari o‘zbek tili uchun butun dunyoning xazinasi bilan barobardir”, deb yozgan edi.

Az-Zamaxshariy Makka amiri, olim va adib Abul Hasan Ali ibn Hamza ibn Vahhos as-Sulaymon bilan do‘st edi. Ibn Vahhos o‘z mamlakatining jug‘rofiyasi bilan juda yaxshi tanish bo‘lgan. Az-Zamaxshariy ibn Vahhos ma’lumotlariga tayanib, o‘zining Hijozga qilgan safaridan olgan shaxsiy kuzatishlari asosida yozgan “Kitob al-jibol va-l-amkina va-l-miyoh” (“Tog‘lar, joylar va suvlar haqida kitob”) nomli asarida jug‘rofiy joylar, tog‘lar va dengizlarga doir qimmatbaho ma’lumotlar keltiradi. Mashhur arab olimi va sayyohi Yoqut al-Hamaviy (1179—1229) ham o‘zining butun dunyoga taniqli “Mu’jam al-buldon” (“Mamlakatlar qomusi”) asarida Arabiston, xususan, Hijoz haqidagi ma’lumotlarni az-Zamaxshariyning ushbu asariga tayanib yozgan. Az-Zamaxshariyning bu asari G‘arb olimlari o‘rtasida ham keng tanilgan, 1856 yili gollandiyalik arabshunos olim Salverda de Grave tomonidan mukammal tadqiq qilingan holda nashr etilgan.

Az-Zamaxshariy adabiyot, tafsir, hadis, fiqh ilmlari bo‘yicha ham mukammal asarlar yaratgan.

Olimning “Asos al-balog‘a” (“Notiqlik asoslari”) asari asosan lug‘atshunoslikka bag‘ishlangan. Unda arab tilining fasohati, mukammalligi haqida so‘z boradi. Fikrni chiroyli ibora va so‘zlar bilan ifodalash, so‘z boyligidan ustalik bilan foydalanish uchun kishi fasohat, balog‘at ilmlaridan yaxshi xabardor bo‘lishi kerak. Buning uchun so‘zni to‘g‘ri, o‘z o‘rnida ishlatish, qoidaga muvofiq so‘zlash va yozish ham kerak bo‘lgan. Bu asarda adabiyotning asosiy qismlari, frazeologik so‘z birikmalari, ularni amalda tadbiq etish yo‘llari chuqur tahlil qilingan.

“Atvoq uz-zahab fi-l-mavoi’z va-l-xutab” (“Xutbalar va va’zlar bayonida oltin shodalar”) — nasihatomuz maqolalar to‘plamidan iborat. Asar birinchi marta 1835 yili olmon olimi Fon Xomir tomonidan nemischaga tarjima qilinib, arabcha matni bilan nashr etilgan. O‘ttiz yilcha o‘tgach, frantsuzchaga tarjima qilinib, 1886 yili Parijda chop etilgan. 1873 yili esa usmonli turk tiliga tarjima qilinib, Istanbulda nashrdan chiqqan…

Az-Zamaxshariyning “Rabi’ ul-abror va nusus ul-axyar” (“Ezgular bahori va yaxshilar bayoni”) asarida adabiyot, tarix va boshqa fanlarga oid hikoyalar, latifalar, suhbatlarning eng saralari jamlangan, 97 bobdan iborat bu asarning nodir bir qo‘lyozma nusxasi Toshkentda, O‘zR FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Bundan tashqari, Leyden, Berlin kutubxonalarida ham qo‘lyozmalari mavjud.

Olimning aruz vazni haqida bahs yurituvchi “Al-Kustos fi-l-aruz” (“Aruzda o‘lchov (mezon)”) asari muhim manbalardan hisoblanadi. Alifbo tartibida yig‘ilgan arab maqollari, masallariga bag‘ishlangan boshqa bir asarini “Al-Mustaqso fil-amsol” (“Nihoyasiga yetgan masallar”) deb atagan. “Maqomat” (“Maqomlar”) — ellik maqomdan iborat bo‘lib, qofiyali nasr — saj’ uslubining nozik namunalarini o‘zida mujassam etgan muhim asardir. “Devon ush-she’r” kitobi ham diqqatga sazovor asarlardan sanaladi. Az-Zamaxshariyning “Navobig‘ ul-kalim” (“Nozik iboralar”) asari esa arab lug‘atlarini o‘rganishga bag‘ishlangan yuksak did bilan yozilgan. Bu asar dastlab frantsuz tiliga tarjima qilinib, asl nusxasi bilan birgalikda 1876 yili Parijda, 1870 yili Qohirada, 1884 yili Bayrutda, 1896 yili esa Qozonda nashr etilgan.

Az-Zamaxshariyning g‘oyatda keng tanilgan “Al-Kashshof an haqoiq it-tanziyl va uyun il-aqoviyl fi vujuh it-ta’viyl” (“Qur’on haqiqatlari va uni sharhlash orqali so‘zlar qo‘zlarini ochish”) asari Qur’on tafsiriga bag‘ishlangan. Ma’lumki, o‘rta asrlardan boshlab Qur’onni tafsir yoki sharh bilan o‘qish odat tusini olgan. Shu boisdan ham Qur’on yaratilgan davrdan boshlaboq unga bag‘ishlangan tafsirlar, sharhlar yozishga katta ehtiyoj sezilgan. Turmush taqozosi bilan shunday vaziyatda islom tarixida Qur’onga bag‘ishlangan ko‘pdan-ko‘p tafsirlar, sharhlar vujudga kelgan. Az-Zamaxshariy ham tafsir yozishdan avval o‘zidan oddin yaratilgan Qur’on tafsiriga bag‘ishlangan ko‘plab asarlarni qunt bilan o‘rgangan. “Al-Kashshof” az-Zamaxshariy Makkada turgan paytida, uch yil davomida (1332—1334) yozilgan.

Nemis sharqshunosi Karl Brokkelman dunyoning turli qo‘lyozma xazinalarida “Al-Kashshof”ning yuzga yaqin qo‘lyozmalari va asarning o‘ziga bitilgan yigirmadan ortiq sharh va hoshiyalar borligi haqida yozishi az-Zamaxshariy asarining katta shuhratidan dalolat beradi.

Qohiradagi butun dunyoga mashhur Al-Azhar diniy dorulfununining talabalari ham az-Zamaxshariyning “Al-Kashshof” asari asosida Qur’onni o‘rganadilar.

“Al-Kashshof”ning Toshkentda, jumladan, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniya nazoratining kutubxonasida bir qancha qo‘lyozma nusxalari saqlanadi.

Az-Zamaxshariyning chuqur bilimi, dahosi va fanning turli sohalariga oid o‘lmas asarlari hali u hayot paytidayoq butun musulmon Sharqida unga katta shuhrat keltirgan. Allomani chuqur hurmat va mehr bilan “Ustoz ul-arab va-l-ajam” (“Arablar va g‘ayri arablar ustozi”), “Faxru Xvarazm” (“Xorazm faxri”) kabi sharafli nomlar bilan ataganlar. Mashhur olimlar, shoirlar, adiblar davrasida u doimo peshvolardan biri bo‘lib, qizg‘in ilmiy bahslar, munozaralarda uning fikri inobatga olinardi. Mana shunday ulkan obro‘-e’tibor, ehtimol, daho uning o‘z asarlaridan birida “va in-niy fi Xvarazm kaabat ul-adab” (“Chindan ham men Xorazmda adiblar uchun bir ka’baman”) deb yozishga asos bo‘lgan bo‘lsa kerak!

fil. f.n. U. Uvatov