Hadis ilmining rivojida oltin davr hisoblangan hijriy, uchinchi (milodiy to‘qqizinchi) asrda hadisshunoslikda katta muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritilgan. Chunonchi, butun islom dunyosidagi eng nufuzli manbalar deb tan olingan oltita ishonchli hadislar to‘plamining (as-sihoh as-sitta) mualliflari yashab ijod qilganlar. Yana shunisi diqqatga sazovorki, mazkur olti muhaddisning deyarli hammasi Markaziy osiyolik bo‘lib, ular: Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy, Imom Muslim ibn al-Hajjoj (206/819—261/874), Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy (209/ 824—279/892), Imom Abu Dovud Sulaymon Sijistoniy (202/817— 275/880), Imom Ahmad An-Nasoiy (215/830—303/915), Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazib ibn Mojja (209/824—273/886) kabi siymolardir. Shular ichidan “Hadis ilmida amir al-mo‘miniyn” degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan Imom al-Buxoriy alohida e’tiborga molik buyuk olimdir.
Uning to‘liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Mug‘iyra ibn Bardazbeh al-Juafiy al-Buxoriy bo‘lib, u hijriy hisobda 194 yil shavvol oyining 13-kuni (810 yil 20 iyul)da Buxoro shahrida tavallud topgan. Boshqa ko‘pgina olimlardan farqli o‘laroq al-Buxoriy tug‘ilgan sana aniq ko‘rsatilishiga sabab shuki, uning otasi Ismoil o‘z davrining ilmli odamlaridan bo‘lib, o‘g‘lining tug‘ilgan kunini o‘z qo‘li bilan yozib ketgan qog‘oz zamondosh olimlar ixtiyoriga yetgan va shu xususda ham uning aniqligiga hech shubha yo‘q. Al-Buxoriy yoshligidayoq otasi vafot etib, onasi tarbiyasida o‘sgan. U yoshligidan aql-idrokli, o‘tkir zehnli va ma’rifatga havasi kuchli bo‘lib, turli ilm-fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini zo‘r qiziqish bilan egallaydi. Manbalarda ko‘rsatilishicha, u o‘n yoshidan boshlab o‘z yurtidagi turli rivoyatchilardan eshitgan hadislarni, shuningdek, Abdulloh ibn al-Muborak va Vakiy kabi olimlarning hadis to‘plamlarini mutolaa qilib, yodlagan, ustozi Shayx Dohiliy bilan hadis rivoyatchilari haqidagi qizg‘in bahslarda qatnashgan. 825 yili o‘n olti yashar al-Buxoriy onasi va akasi Ahmad bilan Hijozga qarab yo‘l tutadi, muqaddas shaharlar Makka va Madinani ziyorat qilib, olti yil Hijozda yashab, hadis ilmidan o‘z bilimini yanada oshirish maqsadida o‘sha paytda ilm-fanning yirik markazlaridan hisoblangan Damashq, Qohira, Basra, Kufa, Bag‘dod kabi shaharlarda yashab, u joylardagi mashhur olimlardan hadis bilan bir qatorda fiqh ilmidan ham ta’lim oladi, yirik olimlar davrasida ilmiy bahslaru munozaralarda qatnashadi va ilm toliblariga dars ham beradi. Imom al-Buxoriy hayotining ko‘p qismi xorijiy ellarda, musofirchilikda o‘tadi. Bu haqda uning o‘zi: “Misr, Shom, Mesopatamiyaga ikki martadan, Basraga to‘rt marta borganman. Hijozda olti yil yashaganman, Bag‘dod va Kufa shaharlariga necha marta borganim hisobini bilmayman”, degan ekan. U safar chog‘ida ham, bir shaharda muqim turganda ham ilmini oshirish borasida tinimsiz ishlar, to‘plagan hadislarini oqqa ko‘chirar edi. Muallifning yozishicha, Bag‘dodda istiqomat qilgan paytda ko‘pincha oyning nurida ijod qilib, qorong‘i kechalarda sham yorug‘ida kitob yozar ekan.
Ilm oshirish maqsadida al-Buxoriy juda ko‘plab olimlardan ta’lim oladi. Nishopurlik al-Hakimning (1015 yilda vafot etgan) yozishicha, ustozlarining soni to‘qsontalar atrofida bo‘lib, ular: Muhammad ibn Yusuf al-G‘aryobiy, Ubaydulla ibn Musa al-Abasiy, Abu Bakr Abdulla ibn az-Zubayr al-Hamiydiy ibn Rohaviyh nomi bilan mashhur bo‘lgan Imom Ishoq ibn Ibrohim, Imom Ahmad ibn Hanbal, Ali ibn al-Madaniy va boshqalardir.
O‘z navbatida al-Buxoriy ham ko‘pgina shogirdlariga ustozlik qilgan. Ishoq ibn Muhammad ar-Ramodiy, Abdulloh ibn Muhammad al-Masnadiy, Muhammad ibn Xalaf ibn Qutayba, Ibrohim al-Harbiy, Abu Iso at-Termiziy, Muhammad ibn Nasr al-Marvaziy, Muslim ibn al-Hajjoj kabi yetuk olimlar uning shogirdlaridir.
Termizlik mashhur muhaddis Abu Iso at-Termiziy al-Buxoriyga ham shogird, ham safdosh hisoblanib, ularning o‘zaro munosabatlari ibratli bo‘lgan. Uzoq yillar Sharqning turli-tuman mamlakatlariga safar qilgandan keyin umrining oxirlarida al-Buxoriy besh (863—868) yil Nishopurda yashab, madrasada hadis ilmidan dars bergan. O‘sha paytda Nishopur musulmon Sharqidagi eng yirik ilmiy markazlardan biriga aylanganligi sababli ko‘p mashhur olimlar shu shaharda to‘plangan edilar. Al-Buxoriyning at-Termiziy bilan uchrashuvi ham Nishopurda yuz berib, diyorimizdan chiqqan ikki mashhur muhaddis o‘rtasida unutilmas, qizg‘in ilmiy bahslar, ko‘pdan-ko‘p ijodiy, do‘stona uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. At-Termiziyning yozishicha, u o‘z asarlari uchun ko‘p ma’lumotlarni al-Buxoriy bilan uchrashuvlaridan olgan. Shu bilan birga al-Buxoriy ham at-Termiziyning bilimini yuqori baholab: “Men sendan ko‘rgan foyda sen mendan ko‘rgan foydadan ortiqroq”, deb unga nisbatan chuqur hurmatini bildirgan. At-Termiziy o‘z ustozi va safdoshi al-Buxoriyni butun umri davomida hurmatlab, unga samimiy sadoqatda bo‘lgan. Arab tarixchisi Shamsuddin az-Zahabiyning (1274—1374) “Tazkirat ul-Hufoz” (“Hofizlar haqida tazkira”) nomli asarida yozishicha, at-Termiziy o‘z ustozining vafoti tufayli qattiq qayg‘uga botib “ko‘p yig‘laganidan hatto ko‘zlari ko‘r bo‘lib qolib, uzoq yillar ko‘zi ojiz holda yashadi”.
Imom al-Buxoriy nafaqat yirik olim, balki o‘zining go‘zal xulq-atvori, odamoxunligi, muruvvatliligi, himmatliligi va beqiyos saxovatliligi bilan boshqalardan tamomila ajralib turgan. U zehni o‘tkirligi va yodlash qobiliyatining kuchliligi bilan ham xalq orasida g‘oyat shuhrat qozongan. Manbalarda al-Buxoriyning 600 mingga yaqin hadisni yod bilgani qayd qilingan.
Imom al-Buxoriy xorijdan qaytgach, o‘z vatani Buxoroda ko‘plab shogirdlar va ulamolarga hadis ilmidan saboq berish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ko‘pchilik uni hurmat qilgan, ammo ba’zi hasadgo‘y, qora niyatli kishilar al-Buxoriyni ko‘rolmas edilar. Natijada hasadgo‘ylarning xatti-harakati tufayli Buxoro amiri Xolid ibn Ahmad az-Zuhaliy bilan al-Buxoriyning aloqasi buzilib qoladi. Bunga sabab, amir olimdan huzuriga kelib “Al-jome’ as-sahih”, “At-ta’rix” kitoblarini o‘qib berishni talab qiladi. Lekin al-Buxoriy “Men ilmni xor qilib, uni hokimlar eshigi oldiga olib bormayman, kimga ilm kerak bo‘lsa, o‘zi izlasin. Lekin Alloh oxirat kuni ilmni yashirmay uni toliblarga sarf qilgani uchun meni kechiradi”, degan javobni aytadi. Amirga javob yoqmay, fitnachi, bo‘htonkor shaxslarning gapiga kirib al-Buxoriyga shaharni tark etishni buyuradi. Shundan keyin al-Buxoriy Samarqandga qarab yo‘l oladi va birmuncha muddat Xartang qishlog‘ida o‘z shogirdlari va qarindosh-urug‘larinikida yashagandan keyin og‘ir kasalga chalinib, hijriy 256 yil (melodiy 870 yil 1 sentyabr) 60 yoshida vafot etadi va shu yerda dafn qilinadi.
Imom al-Buxoriy avlodlarga boy va qimmatli ilmiy meros qoldirgan bo‘lib, u yozgan asarlarning soni yigirmadan ortiqdir. Ulardan “Al-jome’ as-sahih”, “Al-adab al-mufrad”, “At-ta’rix as-sag‘ir”, “At-ta’rix al-avsot”, “At-ta’rixal-kabir”, “Kitob al-ilal”, “Barr ul-volidayn”, “Asomi us-sahoba”, “Kitob al-kuna” va boshqalarni ko‘rsatish mumkin. Buyuk allomaning eng muhim asari, shubhasiz, “Al-jome’ as-sahih”dir. Bu asar “Sahiyh al-Buxoriy” nomi bilan ham mashhur. Uning g‘oyat ahamiyatli tomoni shundaki, Imom al-Buxoriygacha o‘tgan muhaddislar o‘z to‘plamlariga eshitgan barcha hadislarini tanlab o‘tirmay qatorasiga kiritaverganlar. Imom al-Buxoriy esa turli roviylardan eshitgan hadislarni tabaqalarga bo‘lib, ularning ishonchlilarini ajratib, alohida kitob yaratdi.
Alloma ibn Salohning ta’kidlashicha, al-Buxoriyning bu asariga kiritilgan ishonchli hadislarning soni takrorlanadiganlari bilan birga 7275 ta bo‘lib, takrorlanmaidigan holda esa 4000 hadisdan iborat.
Bu sharafli ishni birinchi al-Buxoriy boshlab bergan bo‘lib, keyin qator olimlar unga taqlid qilib, shu zaylda hadislar to‘plamini yaratganlar. Imom al-Buxoriyning ushbu yirik asari yozilganiga taxminan 1200 yil bo‘ldi, o‘sha davrdan boshlab toki shu vaqtgacha u islom ta’limotida Qur’ondan keyingi ikkinchi o‘rinda turadigan muhim manba sifatida yuqori baholanib kelinmoqda. Imom al-Buxoriyning ushbu asarining ko‘plab nusxalari turli shaharlarda tarqalgan. Hatto o‘rta asrlarda yashagan ba’zi adib va xattotlar uchun bu asar nusxalarini ko‘chirish tirikchilik manbai ham bo‘lgan. Jumladan, taniqli adib va tarixchi an-Nuvayriy (1332 yilda vafot etgan) al-Buxoriyning ushbu asaridan sakkiz nusxa ko‘chirib, har birini ming dirhamdan sotgan. 1325 yilda ko‘chirilgan sakkiz jilddan iborat go‘zal bir nusxasi hozir Istanbulda saqlanmoqda. “Al-Jome’ as-sahih”ga ko‘pdan-ko‘p sharhlar bitilgan bo‘lib, muhim manba sifatida u qayta-qayta nashr ham qilingan. Imom al-Buxoriy to‘plamlariga kiritilgan hadislar faqat islom ta’limotiga oid umumiy qoidalarni aks ettirish bilan cheklanib qolmaydi. Ular mehr-muhabbat, saxiylik, ochiq ko‘ngillik, ota-ona, ayollar va kattalarga hurmat, yetim-esirlarga muruvvat, faqir bechoralarga himmat, vatanga muhabbat, mehnatsevarlik va halollikka da’vat etish kabi haqiqiy insoniy fazilatlar va namunali tartibotlar majmuasidir. Unda nima yaxshi, nima yomon, nimani qilish kerak, nimadan o‘zni tiyish lozimligi hakida hozirgi jamiyatimiz ahli, ayniqsa, yosh avlod uchun katta tarbiyaviy ahamiyatga ega yo‘l-yo‘riqlar, pand-nasihat va o‘gitlar aks ettirilgan.
1974 yilda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy boshqarmasi tashabbusi bilan jumhuriyatimizda butun islom dunyosi vakillari ishtirokida allomaning 1200 yillik yubileyi nishonlangan edi. Uning shoh asarlari hisoblanmish “Al-Jome’ as-sahih” va “Al-adab al-mufrad” kitoblari Toshkentda qaytadan nashr qilinishi al-Buxoriy merosini o‘rganishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Toshkentdagi diniy oliy ma’hadning Imom al-Buxoriy nomi bilan atalishi bundan o‘n ikki asr muqaddam ilm-fan yo‘lida beqiyos katta xizmat qilgan buyuk olimga chuqur hurmat-e’tiborning ramzidir. Allomaning Xartang qishlog‘ida joylashgan salobatli maqbarasi eng obod va ko‘rkam qadamjolardan biri sifatida ardoqlanib, islom ahli va barcha mehmonlar uchun tabarruk ziyoratgoh sifatida mashhurdir. 1998 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti formoni bilan buyuk hadisshunos allomaning 1225 yillik tavallud kuni keng jamoatchilik tomonidan katta hurmat va ehtirom ila nishonlanib, uning maqbarasi qayta qurildi.
fil. f.n. U. Uvatov