XV asrning ko‘zga ko‘ringan adabiyotshunos olimlaridan biri Davlatshoh ibn Alouddavla Baxtishoh al-G‘oziy as-Samarqandiydir. Uning tarjimai holiga oid ma’lumotlar juda kam bo‘lib, “Tazkirot un-shuaro” (“Shoirlar tazkirasi”) asarida keltirilgan ba’zi bir ma’lumotlarga qaraganda, u yirik harbiy xizmatchi va davlat arbobi oilasida tug‘ilgan. Otasi Baxtishoh Shohrux Mirzoning amirlaridan bo‘lib, ko‘pgina harbiy yurishlarida qatnashgan va toju-taxt sohibiga sadoqat va qahramonlik namunalarini ko‘rsatgan. Uning “al-G‘oziy” atalishi ham shundandir.
Davlatshohning tug‘ilgan vaqti ma’lum bo‘lmasada, o‘zining “Tazkirat ush-shuaro” asarini 50 yoshga kirganida yoza boshlaganini ma’lum qiladi. Bizga esa asar 1486 yili yozib tugatilgani ma’lum. Agar bu katta va muhim asarni yozish uchun kamida 2—3 yil vaqt sarflagan deb taxmin qilinganda, Davlatshoh taxminan 1435—1436 yillarda tug‘ilgan bo‘lib chiqadi.
Davlatshoh Samarqandiy yoshligidan ilmga qiziqib, o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan olimi, faqih va shoir Xoja Jaloluddin Fazlulloh Abu-l-Laysiydan ta’lim olgan. Lekin 1480 yillarga qadar ilmiy yoki adabiy faoliyat bilan shug‘ullanmagan, balki saroy xizmati va harbiy ishlarga jalb qilingan, Shohrux va Sulton Husayn Boyqaroning ko‘pgina harbiy yurishlarida ishtirok etgan. U so‘nggi marta Sulton Boyqaro bilan Sulton Mahmud (Hisori shodmon va Badaxshon hokimi) o‘rtasida Chakmansaroy (Afg‘onistonning Andxoy viloyatida joylashgan manzil) da bo‘lgan jangda qatnashgan. Bu jang, Xondamirning ma’lumotlariga qaraganda, 875/1471 yilda sodir bo‘lgan.[1] Davlatshoh Samarqandiy 60 yilga yaqin umr ko‘rib, 1495 yili vafot etgan.
Davlatshoh Samarqandiy “Tazkirat ush-shuaro” asarini yozishda juda ko‘p manbalardan: o‘zidan oldin yozilgan tazkiralardan, xususan Abu Tohir Xotuniyning “Manoqib ush-shuaro”, Avfiyning “Lubob ul-albob” kitoblaridan, tarixiy va geografik asarlardan, xususan, Istaxriyning “Kitob masolik ul-mamolik”, Gardiziyning “Zayn ul-axbor”, Abulfazl Bayhaqiyning “Tarixi oli sabuktakin” va boshqalardan, shuningdek, tazkirada qayd etijan shoir va adiblarning asarlaridan keng foydalangan.
Tazkirada VII—XV asrlarda yashab ijod etgan 155 shoir haqida qisqacha, lekin nihoyatda qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. To‘g‘ri, har qanday ilmiy asarda bo‘lgani kabi, Davlatshoh Samarqandiy tazkirasi ham ayrim juz’iy kamchiliklardan xoli emas. Masalan, ayrim hollarda sanalar, u yoki bu shoirning tug‘ilgan joyi noto‘g‘ri berilgan, ayrim hollarda keltirilgan ma’lumotlar chalkashib ketgan. Shunga qaramay asarning ijobiy tomonlari ko‘p. Bu asar juda katta davr — qariyb sakkiz yuz yil mobaynida Eron va Markaziy Osiyoda yashab ijod etgan shoir va adiblar faoliyatini tadqiq qabzasiga olgan.
“Tazkirat ush-shuaro” yoki “Tazkirai Davlatshohiy” muqaddima, xotima va yetti qism (tabaqa) dan iborat.
Muqaddimada asarning yozilish sabablari, VII—X asrning birinchi yarmida yashab o‘tgan arab shoirlardan Labid (VII asr), Abu Nuvos (vafoti tax. 814), Abu Tayyib al Mutanabbiy (vafoti—963), Abu A’lo al-Maarriy (973—1058) va boshqalar haqida ma’lumot keltirilgan.
Birinchi va ikkinchi qism X—XI asrlarda Eron va Markaziy Osiyoda yashab o‘tgan 21 yirik shoirning qisqacha tarjimai holi va ijodiga bag‘ishlangan.
Uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlarda Xorazmshohlar — Anushteginiylar (1077—1231), Elxoniylar (1258—1349) va Muzaffariylar (1315—1393) zamonida ijod etgan 54 shoir haqida ma’lumot bor.
So‘nggi ikki tabaqa Temur va Temuriylar zamonida Markaziy Osiyo, Eron va Iroqda yashagan 41 shoir ijodiga bag‘ishlangan.
Xotimada esa mazkur tazkira muallifi bilan zamondosh mashhur allomalar Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Xoja Afzaliddin Muhammad, Amir Ahmad Suxayliy, Xoja Shahobiddin Abdulloh Marvarid hamda Xoja Osafiy haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Davlatshoh Samarqandiy tazkirasida jamlangan shoirlarning asarlari sharq mumtoz adabiyotining umumiy yo‘nalishi, uning taraqqiyot yo‘llari, Sharq she’riyatida keng qo‘llanilgan ruboiy, qasida, g‘azal, hajv janrlarining paydo bo‘lishi va takomillashuvi, tarsi’, tajnis, tarji’band, murabba’ singari she’riy shakllarni o‘rganish hamda tadqiq etishda muhim rol o‘ynaydi. Qolaversa, ular orasida Javhariy Zargar, Xoja Kirmoniy, Jalol Tabib, Xoja Ismatullo Buxoriy, Aminiddin Nuzulobodiy singari dostonchilik janrining yetuk namoyandalari, nazm va nasrga oid “Tarjimon al-balog‘a” (“Notiklikni tushuntirib beruvchi kitob”) asari bilan mashhur Farruxiy (vafoti — tax. 1037—1038), “Chahor maqola” kitobi bilan shuhrat topgan Nizomiy Aruziy Samarqandiy (XII asr), fors tilining sharhli lug‘atini tuzgan Qatron ibn Mansur Termiziy (XII asr), “Hadoiq as-sehr” (“Sehr bog‘lari”) asari bilan nom taratgan xorazmlik Rashididdin Vatvot (1088—1182), “Nigoriston” asari muallifi Muiniddin Juvayniy, “Shabistoni xayol” kitobi muallifi Yahyo Sebak Nishopuriy, “Javohir ul-as-ror” (“Sirlar javohiri”) asarini butun Sharqqa manzur eta olgan Shayx Ozariy (1382—1462), musiqa ilmining mashhur namoyandalaridan Sohib Balxiy, xat va xattotlik ilmining piri Simiy Nishopuriy ham borki, bular ijodi mumtoz adabiyot hamda O‘rta asr Sharq fani taraqqiyoti tarixida muhim o‘rin egallaydi.
Kitobda ta’rifi keltirilgan shoirlardan aksariyati davrining malik ush-shuarosi bo‘lgan. Ularning qariyb hammasi oxir-oqibatda ta’magir va hasadchi, ig‘vogarlar maskani — shohlar saroyini tark etganlar. Avhadiddin Anvariy (XII asr), Rashididdin Vatvot, Buxoroda mulammah (bir she’rni ikki tilda yozish) an’anasini boshlab bergan, hajv janri rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Xoja Ismatullo Buxoriy (1365—1426) ana shunday shoirlar jumlasidandir.
Tazkirada jahonga mashhur faylasuf shoir va olim Nosir Xusrav (1004—1088), Sharq mumtoz she’riyati daholaridan va musiqashunos Xusrav Dehlaviy (1253—1325), shoir va yirik tarixchi olim Faxriddin Banokatiy (vafoti— 1329), Kamol Xo‘jandiy (1318—1401), Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy bilan birga mehnatkash xalq orasidan chiqqan nozimlar ham qayd etiladi. Asli dehqon tabaqasidan, Nizomiy Ganjaviyning “Mahzan ul-asror”iga ming baytdan iborat javob yozgan Jamoliddin ibn Ja’far Farrahoniy; bir umr qo‘sh qo‘shib, dehqonchilik qilgan, she’rni ketmon dastasiga bitib yurgan ko‘histonlik Muhammad Hisomiddin; avom un-nos (oddiy xalq)dan chiqib, shoirlik, xattotlik va naqqoshlikda nomi chiqargan Simiy Nishopuriy; bo‘yra to‘qib kun kechirgan samarqandlik Bisotiy haqidagi ma’lumotlar shular jumlasiga kiradi.
Shuningdek, tazkirada o‘z she’rlari bilan shohlar va hokimlar, noiblar va qozilar kirdikorlarini fosh etgan Yaminiddin Faryumadiy va uning o‘g‘li Amir Mahmud (ibn Yamin), Ubayd Zakoniy, Burunduq Buxoriy hamda Bobo Savdoyi Abivardiy kabi shoirlar zikri ham keltirilganki , bu hol asar qimmatini yanada oshiradi.
Davlatshoh Samarqandiy asarining yana bir fazilati unda ayrim muhim tarixiy voqealar bayonining ham keltirilganidir. Chunonchi, Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Eron xalqlarining sulton Jaloliddin Manguberdi (Mangiburni) boshchiligida 1221—1232 yillari mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi olib borgan kurashi tarixidan ayrim lavhalar; 1337 yili Xurosonda bo‘lgan sarbadorlar qo‘zg‘oloni xamda shu qo‘zgolon natijasi o‘laroq, Xurosonning kattagina qismida bunyod topgan sarbadorlar davlatining (1337—1381) qisqacha tarixi ham asarda aks ettirilgan. Shuningdek, kitobda keltirilgan Xuroson va Markaziy Osiyo janubiy qismining XV asr 40-yillaridagi siyosiy hayoti bilan bog‘liq tafsilotlar, yirik tarixiy shaxslar — vazir va olim Nizomulmulk, ulug‘ shoir va olim Umar Hayyom, ismoiliylar tariqati asosychisi Hasan Sabboh, buyuk munajjim Mirzo Ulug‘bek hayotiga oid voqealar ham alohida qimmatga ega.
Davlatshoh Samarqandiyning mazkur tazkirasi jamoatchilik e’tiborini ko‘pdan beri tortib kelmoqda. 1819 yildan buyon asarning ayrim parchalari Rossiyada (V. A. Jukovskiy va F. Erdman), Frantsiyada (Silvestr de Sasi), Angliyada (E. Broun va A Falkoner), Turkiyada (Fahim Sulaymon afandi), Germaniyada (Xammer) hamda Gollandiyada chop etilgan. Uning to‘la matni 1887 yili Bombeyda Mirza Muhammad, 1901 yili Londonda E. Broun va 1958 yili Tehronda Hoji Muhammad Ramazoniy tomonidan nashr etilgan.
1900 yili birinchi bor Xivada Muhammad Rafe tomonvdan eski o‘zbek tiliga (Xorazm shevasida) ag‘darildi. 1967 yili B. Ahmedov “Tazkirat ush-shuaro” tazkirasidan Markaziy Osiyo va xurosonlik 32 va 1981 yili 50 dan ortiq shoir hayoti hamda ijodiga oid ayrim parchalarni o‘zbek tiliga tarjima qilib, “Davlatshoh Samarqandiy” nomli kitobiga ilova qilgan. Xolbuki, bu katta asarni atroflicha ilmiy tadqiq qilib, o‘zbek tiliga o‘girib, keng kitobxonlar ommasiga taqdim etish bugungi olimlarimiz oldida turgan muhim vazifalarda biridir.
t.f.n. D. Yusupova
[1] B. Ahmedov. Davlatshoh Samarqandiy. Toshkent, “Fan” nashriyoti, 1967, 6-bet.