Abu Mansur al-Moturidiy sunniy e’tiqodidagi ikki yirik oqimlardan biri bo‘lmish Moturidiya oqimining asoschilaridan hisoblanadi. Uning hayoti haqida ma’lumotlar juda ozdir. To‘liq nomi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiydir. Buyuk kalom imomi va fiqh olimi asli Samarqandning Moturid qishlog‘idan (hozirgi Jonboy rayonida joylashgan) bo‘lib, uning taxallusi shu qishloqqa nisbatan olingandir. Abu Mansur al-Moturidiy dastlabki ta’limni shu qishloqda olib, keyinchalik Movarounnahrning o‘sha davrdagi diniy va ma’rifiy markazi bo‘lgan Samarqandda davom ettiradi.
Al-Moturidiy yashagan davr Somoniylar hukmronlik qilgan davrga to‘g‘ri keladi. Samarqand dastlab bu davlatning poytaxti bo‘lib, so‘ngra IX asrning oxiridan boshlab poytaxt Buxoroga ko‘chirildi. Biroq o‘sha vaqtda ham Samarqand Buxoro bilan bir qatorda Movarounnahrning iqtisodiy-madaniy markazi bo‘lib qolaveradi.
Abu Mansur al-Moturidiy tug‘ilgan yili haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. U Samarqandda 944—945 yilda vafot etgan va shahar chekkasidagi Chokardiza degan qabristonga ko‘milgan.
Ba’zi manbalarda uning Samarqanddagi al-Ayoziy madrasasida ta’lim olgani qayd etilgan. Al-Moturidiy Abu Bakr Ahmad al-Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad al-Iyodiy, Imom A’zam mazhabidagi buyuk olim Nasr ibn Yahyo al-Balxiy, Muhammad ibn al-Fadl kabilarni o‘zining ustozi deb bilgan.
Al-Moturidiy fiqh va kalom masalalari bilan qiziqib, Hanafiya mazhabi olimlaridan dars olib o‘z bilimini oshiradi. Shu vaqt davomida ko‘plab mashhur faqihlar va muhaddislar bilan muloqotda bo‘lgan va munozaralar qilgan. Butun umri davomida shu sohaga oid asarlar yozib qoldirgandir. Mahmud ibn Sulaymon al-Kafaviyning (vafoti 1582 yil) “Katoib ul-a’lom al-axyor fi taboqot va mashaoyix mazahab an-Nu’mon” (“Nu’mon mazhabiga mansub bo‘lgan taniqli alloma faqihlar va shayxlar haqidagi kitob”) nomli kitobida al-Moturidiy va uning asarlari haqida ayrim ma’lumotlar beriladi. Masalan, quyidagi asarlari nomlari keltirilgan: “Kitab Tavhid” (“Allomani yakkalashlar kitobi”), “Kitab Maqomat”, “Kitab rad avomil lil adila lil kabiy” (“Ka’biy zalolatlarining boshlanishini rad qilishga bag‘ishlangan kitob”), “Kitab bayon va hum ul-mu’tazila” (“Mu’tazila g‘avg‘olari va undan qo‘rqmaslik haqidagi kitob bayoni”), “Kitab Ta’vilot al-Qur’on” (“Kur’on ta’vili kitobi”).
Lekin Hoji Xalifaning (1609—1659) “Kashf az-zunun an-asomil kutub va-l-funun” (“Kitob va fanlar nomlari haqidagi shubhalarni bartaraf etish kitobi”) kitobida e’tirof etilishicha, yana Abu Mansur al-Moturidiyning “Ma hazi ash-shari’a” (“Shariat asoslari sarasi”), “Kitab al-jadal” (“Dialektika haqida kitob”) kabi asarlari ham bo‘lgan. Bulardan tashqari al-Moturidiyning “Kitab al-usul” (“Diniy-ta’limot usuli kitobi”) asari ham ma’lum.
Abu Mansur al-Moturidiyning ko‘p asarlari bizgacha yetib kelmagan, yetib kelganlari ham asosan xorijiy mamlakatlar kutubxona va qo‘lyozma fondlarida saqlanadi.
Al-Moturidiy islom olamida juda nozik hisoblangan “Kitab Tavhid” — asari bizning davrimizga yetib kelgan va u 1970 yilda Fathulloh Xulif tomonidan Bayrutda nashr etilgan.
U islom dinidagi sunniylarning to‘rtta asosiy mazhabi asoschilarining asarlarini o‘rganib, fiqhga va kalomga oid asar yozadi.
Bu al-Moturidiyning “Ta’vilot ahli sunna” yoki boshqa bir nomi “Ta’vilot al-Qur’on” deb nomlanadi. Al-Moturidiy bu asarida sunniy aqidaga (ta’vilda) zid qarashlarni rad qilishga harakat qiladi va Abu Hanifaning qarashlariga suyangan xolda ish ko‘radi. Bu asar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi. “Ta’vilot”ning birinchi jildi Qohirada 1971 yilda Ibrohim Avadayn va as-Said Avadaynlar tomonidan nashr etilgan.
Al-Moturidiyning bu birgina asari tarix jarayonida ko‘p allomalar asarlariga asos solgan, ular ijodiga turtki bo‘lgan.
Shulardan biri Alovuddin Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad as-Samarqandiyning sharhidir. U “Sharh ta’vilot ahlis-sunna” deb nomlanib, Institut fondida bu asarni ikkita nusxasi saqlanadi.
Shu bilan birga al-Moturidiy nomi ostida yozilgan bir necha soxta asarlar ham ma’lumdir. Masalan: “Favoid” (qoidalar), boshqa nomi “Pandnoma”, “Kitob al-Usul”, “Sharh al-Fiqh al-Akbar” asarlari shular jumlasidandir. Bu al-Moturidiyning diniy ilmlar namoyandalari orasida qanchalik mashhur bo‘lganligidan dalolat beradi.
Al-Moturidiy ko‘p shogirdlar yetishtirdi, ular orasida islom olamiga mashhur allomalar: Abul-Hasan ar-Rustug‘faniy (vafoti 961), Ishoq ibn Muhammad as-Samarqandiy va Abdul-Karim al-Pazdaviy (vafoti 999), Abu Ahmad al-Iyodiy kabi olimlar bor edi. Shogirdlari o‘z ustozlarining ta’limotini davom ettirishganligi tufayli Hanafiya mazhabidagilar ichida Moturidiya oqimi vujudga kelgan.
Abu Mansur al-Moturidiyning zamondoshlari hamda hamfikrlaridan mashhur fihq olimi Abu-l-Qosim Hakim as-Samarqandiyni alohida ko‘rsatib o‘tish lozim. Bu olim Samarqandda tug‘ilib, butun umrini shu yerda o‘tkazgan (vafoti 953). Fiqh va kalom sohasida mashhur bo‘lgan.
Abu Mansur umri davomida faqihlar, muhaddislar bilan muloqotda bo‘lgan va munozaralar olib borgan. U islom dini Hanafiya mazhabini Movarounnahrda tarqatish va o‘zidan keyingi avlodlarga qusursiz yetkazish ishiga muhim hissa qo‘shdi.
Al-Moturidiy nafaqat fiqh, kalom ilmiga oid, balki boshqa fanlarga oid asarlar ham yozgan deb aytish mumkin. O‘zR FAning Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan al-Moturidiyning ovchilikka oid asari bunga dalil bo‘ladi. Bu asarning bir qo‘lyozma nusxasi “Risola jonvor doriy” (“Jonvorlarga oid risola”) deb nomlangan bo‘lib, unda ovchi qushlarni boqish haqida fikr yuritiladi. Bu asarda ovchi burgutlarning har xil zotlari, ularning tashqi ko‘rinishlari, oziqlantirish, ovga yaroqliligi bilan bir qatorda ko‘paytirish, izi va chatishtirish usullari kabi masalalar haqida gap boradi.
Al-Moturidiy o‘z davrining islomiy ilmlari sohasida eng yetuk bilim sohibi hisoblanib, musulmon dunyosi olimlari tomonidan tan olingan va hozirda ham turli diniy asarlarda zo‘r ehtirom bilan tilga olinadi.
Al-Moturidiyni ulug‘lab “Imom al-Huda” va “Imom al-mutakallimin” (Hidoyat yo‘li imomi va mutakallimlar imomi) kabi nomlar bilan ham ataganlar.
Movarounnahr — Markaziy Osiyo xalqlari turli falsafiy, tabiiy, aniq fanlar, adabiyot, san’at sohalarida dunyoga mashhur siymolar, allomalar bilan birga islom nazariyasi, diniy ilmlar bo‘yicha ham al-Moturidiydek butun musulmon olamida nom qozongan olimlarni ham yetishtirib chiqardilar.
ilmiy xodim Sh. Yu. Ziyotov