Ko‘hna Toshkent darvozalari

Dunyoda shaharlar ko‘p – Rim, London, Moskva, Istanbul, Tehron, Madrid, Dushanbe, Nyu-York, Toshkent… Ularning ro‘yxatini yana ancha davom ettirish mumkin. Bu shaharlarga turli xil ma’nolarni anglatuvchi ta’riflar berilgan. Rim – modalar shahri, London – tumanlar shahri, Parij – go‘zallar shahri, Lissabon – dengizchilar shahri… Vatanimiz poytaxti Toshkentni esa non shahri yoki devorlar qurshovidagi shahar deya e’tirof etishadi.

Toshkent qadimiy tarixga ega bo‘lib, u o‘tgan davr mobaynida ko‘pdan-ko‘p bosqinchilik va shafqatsizliklarni boshidan kechirdi. Shu sababdan shahar xalqi ozodlik va mustaqillik yo‘lida uzoq yillar qahramonona kurash olib bordi. Toshkent qulay geografik o‘rinda joylashganligi bois doim o‘zga davlatlarning e’tiborini o‘ziga tortib kelgan. Shahar tashqi dushmanlardan saqlanish uchun o‘sha davrlardayoq devor bilan o‘rab olingan edi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, 19 asrdayoq Toshkent uch qator aylanma devor bilan qurshab olingan.

Husniddin Nurmuhammedovning «Toshkentning qadimgi darvozalari» deb nomlangan asarida Toshkent devori haqida quyidagi ma’lumotlar keltirib o‘tilgan: «18 asrning oxirlarida shahar mudofaa devorining balandligi salkam 8 metr, tepa qismining kengligi 2 metrgacha bo‘lgan. Devor aylanasining uzunligi 18,2 km., shaharning umumiy maydoni esa 26,4 kv. km.ni tashkil etgan».

To‘xtovsiz urushlar natijasida shahar devori yaroqsiz holga kelib, qayta qurishni talab qilgani bois XIX asrning o‘rtalarida Toshkent shahrining beklar begi shahar devorini qaytadan ta’mirlatadi. Bu vaqtda devor balandligi 10 metrdan oshib, devorning yuqori qismida dushmanga o‘q otish uchun ko‘plab shinaklar ochilgan edi. Shahar mudofaa devorining 12 ta darvozasi (Taxtapul, Labzak, Qashqar, Qo‘qon, Qo‘ymas, Besh­yog‘och, Kamolon, Samarqand, Ko‘kcha, Chig‘atoy, Sag‘bon, Qorasaroy) va ikkita qof­qasi (ya’ni, 1 nafar otliq kirib chiqadigan tuynukchasi) bo‘lgan.

Bu 12 darvozaning hammasi katta yo‘l ustida qurilgan bo‘lib, darvozalar mustahkam, qattiq yog‘och – tog‘ archasidan yasalgan va ust tomoniga naqshinkor bezaklar berilgan. Har bir darvozada juft xalqalar va kalitlar bo‘lgan. Kalitlar darvozabonlar qo‘lida saqlangan. Darvozabonlar darvozani tongda ochib, quyosh botganda berkitganlar. Darvoza yopilgandan so‘ng, uni ochishga hech kimning haqqi bo‘lmagan. Faqatgina shahar hokimining o‘ta zarur farmoyishi bo‘lgandagina darvozani ochishga ruxsat berilgan. Darvozadan ichkariga kirganda uzun yo‘lak bo‘lib, uning ikki tomonida hujralar joylashgan. Hujralarning biri ovqatlanish joyi bo‘lsa, ikkinchisi dam olish xonasi bo‘lgan. Darvozabonlar vaqti-vaqti bilan almashinib navbatchilik qilganlar. Shaharning o‘n ikki darvozasi ortida hayot qizg‘in davom etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shaharda bog‘dorchilik yaxshi rivojlangan. Bu yerda yong‘oq, olma, nok, shaftoli, uzum yetishtirilgan. Shaftolining shunday bir mashhur navi bo‘lganki, uning bir donasidan bir piyola sharbat chiqqan. Yong‘oqning, ayniqsa, g‘alvir deb nomlangan navi ko‘p bo‘lib, uning mag‘zi ko‘rinib turgan. Toshkent o‘zining ajoyib manzarasi va gullari bilan ham ajralib turgan. Gullar orasida, ayniqsa, Toshkent lolasi mashhurdir. Lolaning bu navi sakkiz, o‘n ikki yaproqli bo‘lib, ular bir-biriga o‘xshamaydigan turli ranglar bilan qoplangan.

Tarixchi Hamid Ziyoevning «Tarix – o‘tmish va kelajak ko‘zgusi» asarida 1741 yili Toshkentga kelgan tatar savdogari Shubay Arslonovning Toshkent haqidagi ma’lumotlari keltirilib, shaharning o‘sha davrdagi tash­qi va ichki manzarasi qu­yidagicha tasvirlanadi: «Toshkent shahri qalin paxsa devor va zovurlar bilan o‘rab olingan. Shahar kattaligi jihatidan Qozon shahriga teng keladi. Uning o‘n ikki darvozasi bor. Bu yerda imoratlar tartibsiz holda paxsa devor bilan qurilgan. Shaharda bog‘ va masjidlar ko‘p. Katta masjidlarda ko‘pchilik bo‘lib namoz o‘qiganlar. Darvozalar oldida alohida mirshablar turadi. Ularda to‘p yo‘q, uzoqqa otadigan miltiqlar bor. Bunday miltiqlar Toshkentda yasaladi. Shaharni o‘n ikki kishidan tashkil topgan kengash boshqargan. Hukumat qarorgohi Ko‘kcha darvozasi yonidagi qal’ada ish yuritadi. Toshkentdan Turkistongacha bo‘lgan yo‘lni yuk karvoni olti kunda bosib o‘tgan. Irgiz daryosidan Ufagacha uch kun, Buxorogacha o‘n kun, Balxga yigirma kun, Badaxshongacha o‘n besh kun yurilgan».

1865 yil 16 iyunda chor Rossiyasi qo‘shinlari shaharni bosib olgandan so‘ng, o‘n ikki darvozaning ramziy oltin kalitlarini general Chernyaev 1865 yilda Peterburgdagi harbiy muzeyga topshirgan. Kalitlar 1933 yil 14 iyunda O‘zbekistonga olib kelinib, O‘zbekistonning Moskvadagi doimiy vakili Muhiddin Tursunxo‘jaev tomonidan qabul qilingan va ular yodgorliklarni saqlash qo‘mitasining raisi Nizomiddin Xo‘jaevga topshirilgan. Bu haqdagi dalolatnoma O‘zbekiston ­xalqlari tarixi muzeyida saqlanmoqda. Nizomiddin Xo‘jaev tashabbusi bilan kalitlar ustida tekshiruvlar o‘tkazilganda, taxmin qilinganidek, kumushdan yasalib, ustiga oltin suvi yuritilgan bo‘lmay, balki sof oltindan yasalganligi aniqlangan. Hozirda bu kalitlarning o‘n bittasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Bankida saqlanayotgan bo‘lsa, bittasi O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyida ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Bu kalitlarning har birida yasalgan vaqti (hijriy 1282 yil) va darvozalar nomi yozib qo‘yilgan.

Shunisi e’tiborga molikki, barcha darvozalarning chiqaverishida qabristonlar bo‘lib, ularning aksariyati hozirgi kungacha saqlanib qolgan. Ba’zilaridan bugungi kunda hozir ham foydalaniladi. Bu qabristonlarga shahar mudofaasida qahramonona kurash olib borgan yurtning mard o‘g‘lonlari dafn etilgan.

Nargiza Ubaydullayeva
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.