Kamol Matyoqubov. Vodiy durdonasi

Vodiyda 1,5 million yillik ko‘hna tarix izlari, 3,5-4 ming yillik qadimiyatga bog‘liq nodir osori-atiqalar mavjud ekan, bu yerda o‘tmishda shaharlar, qal’alar bo‘lmaganmi, davlatlar tashkil etilmaganmi, degan savollar tug‘iladi. Albatta, mamlakatimizning boshqa hududlaridagi kabi vodiyda ham qadimda ilk shaharlar, qal’alar barpo etilib, davlatlar mavjud bo‘lgan. Buni vodiy bag‘ridagi Kosonsoy xarobalari, Karkidon, Axsikent, Quva, Qayrag‘och vayronalari, Miqtiqo‘rg‘on, Kuyuktepa, Arktepa, Eylaton, Mingtepa, Simtepa kabi shahristonlarning o‘rni ham tasdiqlaydi. Marg‘ilon shahri ham ana shunday qadimiy maskanlardan biridir. Shuning uchun 2005 yil 9 noyabrda respublikamiz Prezidenti “Marg‘ilon shahrining 2000 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi. Shahar to‘yi faqat mamlakatimizdagina emas, xalqaro miqyosda nishonlanadigan bo‘ldi. YuNESKOning Parijda o‘tgan 33-sessiyasida ana shu haqda qaror qabul qilindi.
Tabiiyki, biror shahar yoki shaxsning, biror tarixiy obida yoki voqeaning 1000-2000 va undan ham ko‘proq sanalar bilan bog‘liq to‘ylarining o‘tkazilishi, xalqaro doirada bayram qilinishi oson ish emas. Buning uchun yubiley ob’ektining tarixi, taqdiri, sanasi, hayoti bilan bog‘liq materiallar ishonchli manbalar bilan isbotlanishi talab etiladi. Barcha materiallar, ilmiy manbalar, xulosalar xalqaro miqyosda qadimshunoslar, arxeologlar, tarixchilar tomonidan laboratoriyalarda o‘rganib chiqiladi. Ilmiy xulosalar to‘g‘ri bo‘lgandagina o‘z tasdig‘ini topadi. Shunday ekan, Marg‘ilon shahrining 2000 yillik tarixi, taqdiri qanday manbalar asosida isbotlandi?
Avvalo, arxeologik qazishmalar paytida topilgan osori-atiqalar, buyumlar ilmiy asosda tadqiq etildi. 1994 — 1999 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yahyo G‘ulomov nomidagi Arxeologiya institutining maxsus ekspeditsiyasi Marg‘ilonda arxeologik-palegeografik qazishmalar olib bordi. Ma’lumki, Marg‘ilon 20 asr davomida bir joyda paydo bo‘lgan va taraqqiy etgan shahar. Shahar inshootlari, arxitektura ansambllari asrlar davomida buzilib, ustiga qaytadan qurilib borgan. Shuning uchun bu yerda eng qadimiy inshootlar, qal’alar xarobalari uchramaydi. Olis tarix izlari yer ustida qolmagan. Shu sababli arxeologlar shahardagi qabristonlar, eski madrasa, masjidlar binolari yaqinida, bog‘lar, xiyobonlar va qadimiy maskanlarda qazishmalar olib borishdi.
— Arxeologik qazishmalar shaharda murakkab kechdi. Deyarli barcha nuqtalarda bir-ikki, ba’zi joylarda uch metrgacha yer ostini qazishga majbur bo‘ldik. Natijalar yomon bo‘lmadi, — deydi ekspeditsiya rahbarlaridan biri arxeolog Adham Anorboyev. — Bugungi zamonaviy Marg‘ilon ostida qadimiy shahar qoldiqlari, ibodatxonalar o‘rinlari, hunarmandchilik ustaxonalari, qal’a devorlari va boshqa inshootlar vayronalari borligini aniqladik. Masalan, Mash’ad mahallasidagi qazishmalar chog‘ida qadimiy shahar devorlari, hukmdorlar saroylari o‘rinlari, har xil buyumlar qoldiqlari topildi. Uni shartli ravishda Mash’ad shahri deb nomladik. Bu shaharning kattaligi taxminan 20-25 gektardan iborat bo‘lgan. Topilgan buyumlar qoldiqlari, guvalalar, g‘ishtlar saroylar qurilishi jihatdan eramizdan oldingi  va milodiy  asrlarga oidligi ma’lum bo‘ldi. Aynan shu davrda O‘rta Osiyoda ana shunday shaharlar, qal’alar qurilgan. Tosh tegirmon, temirdan yasalgan nayza uchlari, sopol urchuqlar, xum qoldiqlari, haykalchalar, loydan yasalgan buyumlar bu shaharning 20 asrlik tarixga ega ekanligini ko‘rsatdi. Shahar tarixi haqidagi dastlabki taxminlar isbotlandi.
Marg‘ilonda arxeologlar qazishmalarni masjidlar, madrasalar, qabristonlar, ziyoratgohlar yaqinida olib borishgani sababi ma’lum. Chunki qabristonlar qadimiy shaharlar yaqinida yoki ustida paydo bo‘lgani aniq. Masjid va madrasalar esa shaharlarning eng yaxshi yoki baland, qadimiy joylarida barpo etilgan. Ziyoratgohlar qadimiy maskanlarda vujudga kelgan. Demak, shahardagi bunday maskanlar yaqinida arxeologik qazishmalar o‘tkazilishi bejiz emas.
— Shaharning boshqa bir qismidan, 2-3 metr tuproq ostidan ibodatxona qoldiqlari ham topildi, — deydi arxeolog Farhod Maqsudov. — Ibodatxona maxsus platforma, supa ustida barpo etilgan ekan. Otashgoh deb taxmin qilingan joyda kulning ko‘pligiga qaraganda olov doimo yonib turgan. Ibodatxonada zardushtiylarga xos idishlar, turli marosimlarda ishlatilgan buyumlar bo‘laklari ham bor ekan.
Bulardan tashqari, Marg‘ilonning Qizlar mozor, Ko‘k mozor, Safilto‘da, Surxtepa maskanlarida ham arxeologik qazishmalar olib borildi. Bu yerlarda ham 2-3 metr yer ostida turli davrlarga oid madaniy qatlamlarga duch kelindi. Bronza, temir, misdan yasalgan buyumlar, taqinchoqlar, sopol idishlar shaharda hunarmandchilik rivoj topganligini, shahriston atrofida hunarmandlar ustaxonalari bo‘lganligini isbotladi. Katta hajmdagi xom g‘ishtlar, baland devorlar, sopol idishlardagi naqshlar, hunarmandchilik buyumlari Kushonlar davlati davriga, eradan oldingi  asrdan milodiy  asrlarga xos. Ayni paytda, arxeologik qazishmalar vaqtida Rum, Xitoy, Yunon, Baqtr, So‘g‘d davlatlarida ishlab chiqarilgan buyumlar ham topildi. Demak, shahar eramizning  asrlarida Buyuk Ipak yo‘lidagi savdo markazlaridan biri bo‘lgan.
Shahar yoshini aniqlashdagi yana bir manba — hikoyatlar, rivoyatlar va afsonalardir. Afsonalardan biri Ibratning “Farg‘ona tarixi” asarida keltiriladi: “Qubod va Afrosiyob vaqtida Farg‘ona bino bo‘lgan bo‘lsa, hazrati Sulaymon vaqtlari ekan. Hazrati Sulaymon xilqati Odamdan besh ming yil keyin edi. Alholda xilqati Odamdan yetti ming to‘rt yuz yil ko‘broq o‘tdi. Bul hisobda Farg‘onani bino bo‘lganiga ikki ming besh yuzlarga yaqin bo‘lsa kerakdur. Barharhol bu Farg‘ona Qubod, No‘shirvon, Afrosiyob va Iskandarlardan qolg‘on eski shaharligi ma’lum bo‘ladur… “Ajoyib ul-buldon”da masturdurki, Farg‘ona iborati “har xona”dur. Hazrati Iskandar zamonlarida aqsoyi sharqg‘a borganlarida Farg‘ona yerida bir-ikki forsistondan muhojir bo‘lib kelib o‘ltirgan bechora dehqoni bodiyanishinlar bor ekan. Podshohga arzi ahvol qilmoq bo‘lib, peshkash uchun nonu tuz o‘rnig‘a bisotlaridagi tovuqlarini pishirib hazrati Iskandarga tutgan ekanlar. Anda hazrati Iskandar savol qilubdurlarki, bu nimadur, deb. Anda arz qilg‘uvchilar forsiy lafzda javob berubdurlarki murg‘u non, ya’ni tovuq bilan non deganlarida, podshoh Iskandar, arzlaring nimadir deganlarida: “Arzimiz, bul turg‘on joyimizni shahar qilib bersangiz” deganlarida, umarolari ichidan bir bofarosat sohibi aql kishini ta’yin qilib, shahar qilmoqg‘a amr qilg‘on ekanlar. Ul kishining oti Farg‘ona bahodir ekan. Ul kishi necha yillar harakat qilib, har shahardan va har xonadan odam olib, o‘tquzub, oti “harxona” deb qo‘yub, “harxona”ni Farg‘ona o‘qub, parxona, parg‘ona deb o‘qub va ham ul muassis kishini ismi qaviyroq bo‘lib, Farg‘ona umumiy iqlimga ismdur. Chunonchi, munga dalil Marg‘inonda podshoh Iskandar degan iydgoh mazor bordur, ul kishi tushgan yerlardur”.
Albatta, bu bir afsona. Ibrat bularni yozar ekan, uni haqiqat deb da’vo qilmaydi. Lekin afsona bilan bog‘liq bir haqiqat ham bor. Bu Farg‘ona bino bo‘lganining 2500 yilga yaqin ekanligi, ya’ni Marg‘ilon shahrining gohi poytaxt, gohi rasmiy shahar bo‘lib, Iskandar, Afrosiyob, Qubod davrlarida barpo etilgani bilan bog‘liq ma’lumotlardir. Ushbu ma’lumotlarni Farg‘ona shahridagi endilikda yo‘qolib ketgan Simtepa va Marg‘ilondagi Mash’ad shahristonlaridan topilgan nodir osori-atiqalar ham isbotlaydi.
Marg‘ilon nomining kelib chiqishi haqida ham har xil farazlar mavjud. Ba’zi olimlar “marg‘” — maysazor, o‘tloqzor degan ma’noni anglatadi, marg‘ilon — yaylovzor mazmunini beradi, degan mulohazani bildiradi. Agar biror nom joy, xalq, xalqning faoliyati, taqdiri bilan bog‘liq ravishda yuzaga kelishini hisobga oladigan bo‘lsak, bu farazda jon bor. Shahar Marg‘ilonsoy havzasidagi kenglikda, unumdor zaminda paydo bo‘lgan. Shu o‘rinda yana bir mulohaza. Yurtimizdagi biror tarixiy joy va uning nomi kelib chiqishi haqida so‘z ketsa, darrov forsiy va arabiy so‘zlar lug‘atidan bu so‘zlarning mazmunini axtara boshlaymiz. Go‘yo o‘lkamizda forslar va arablar kirib kelguniga qadar biror qishloq, shahar, qal’a, davlat bo‘lmaganidek, ular nomsiz bo‘lgandek. Aslida o‘lkamiz tarixi ko‘p ming yillik tarix bilan bog‘liq. Demak, shahar va qishloqlarimiz, davlatlarimizning o‘z nomlari bo‘lgan. Chunonchi, Marg‘ilon ham 2000 yillik tarix bilan bog‘liq ekan, uning nomi ham qadimiydir. Ibrat “Tarixi Farg‘ona” asarida Kosonsoy shahri yaqinida 2000 yil ilgari mug‘lar yashaganligi, ular barpo qilgan Mug‘ qal’asi vayrona holda hozirgacha saqlanib qolganligi haqida ma’lumot beradi. Marg‘ilon ham mana shu xalqdan qolgan shahar bo‘lishi ehtimol. Bundan tashqari, Marg‘ilon nomi uning eramizdan oldingi , milodiy  asrlarda mavjud bo‘lgan Kushonlar imperiyasi atamasi bilan yaqinligi ham uning nomining kelib chiqishi ustida yana mulohaza qilib ko‘rish zarurligini ko‘rsatadi.
Marg‘ilon nomi turli davrlarda har xil aytilgan. Tarixiy asarlarda uning Marg‘inon shakli ko‘proq uchraydi. Shuningdek, u Murg‘inon tarzida ham ishlatilgan. Lekin nima bo‘lmasin, bu nomning kelib chiqishi haqida jiddiy tadqiqotlar olib borilishi kerak.
Shahar tarixi bilan bog‘liq yozma ma’lumotlarning X asrga qadar qismi kam saqlanib qolgan. Arxeologik qazishmalar paytida topilgan sopol buyumlardagi bitiklarga ko‘ra bu yerda sug‘d tili va yozuvi yetakchilik qilgan. Shuningdek, boshqa yozuvlar bitilgan hunarmandchilik buyumlari ham uchraydi. Bu shaharning qadimiyligini, u savdo yo‘lida muhim ahamiyatga ega qal’a bo‘lganligini ko‘rsatadi. Xitoy manbaalarida Farg‘ona vodiysi va bu yerdagi davlatlar, shaharlarning eramizdan oldingi davriga oid ma’lumotlar bor. Miloddan oldingi  —  asrlarda bu yerda Parkan davlati hukmronlik qilgan. Xitoyliklar uni Davan deb atashgan. Xitoy tarixchisi Sima Syan eramizdan avvalgi 104 va 102 yillarda, eramizning 80-yillarida Xitoy hukmdorlari Davan yerlarini, boyliklarini bosib olish hamda bu yerdagi uchar arg‘umoqlarni, otlarni qo‘lga kiritish uchun hujum qilganliklari haqida yozib qoldirgan. Xitoy elchisi Chjan Syan Davan davlatida eramizdan oldingi  —  asrlarda o‘ndan ortiq vohalar mavjud bo‘lib, ularda 70dan oshiq shaharlar, qal’alar qad rostlaganligi xususida yozma ma’lumotlar beradi. Shubhasiz, o‘sha paytda vodiydagi Koson, Quva, Axsikent, Karkidon, Qayrog‘och, Kuyuktepa, Arktepa, Ershi, Eylaton, Mingtepa, Simtepa, Qoradaryo kabi endilikda xarobalari saqlanib qolgan shaharlar qatorida Marg‘ilon ham bo‘lgan. O‘troqlashgan dehqonchilik madaniyati erta rivoj topgan o‘lkamizda Marg‘ilonsoy havzasidagi eng unumdor zaminda Marg‘ilondek go‘zal shahar barpo etilmasligi mumkin emasdi. Bu shahar rivoyatlarda keltirilgandek, chetdan kelganlar tomonidan emas, tub millat vakillari, ajdodlarimizning yaratuvchilik qudrati tufayli barpo qilingan. Tarix haqiqatlari shundan darak beradi.

Ulug‘ alloma Muhammad al-Marg‘inoniy “Nazm al-jam’i al-kabir” asarida “Agar Farg‘ona vodiysi Turon o‘lkasida tog‘lar orasidan unib chiqqan, barq urib ochilib, qizil yonoqlarini oftobga tutgan lolaga o‘xshasa, Marg‘ilon shahri lolaning yonog‘iga qo‘ngan bir tomchi shabnam, ya’ni vodiyning marvaridiga monand”, deb yozadi. O‘rta asrlarda yashab o‘tgan bu allomaning ushbu o‘xshatishi bejiz emas. Marg‘ilon shahri o‘sha davrda vodiyning gullab-yashnagan shaharlaridan biriga aylangan. Milodiy V — V asrlarda shaharning hududi har taraflama kengaygan. U devorlar bilan o‘ralgan. Hunarmandchilik taraqqiy etgan. Tarixchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, bu yerda ham Buxoro va Samarqanddagi kabi so‘g‘dlar orasidan chiqqan xudotlar, keyinchalik eftaliylar, turkiy xoqonlar hukmronlik qilganlar. Marg‘ilon o‘z hukmdoriga ega bo‘lgan alohida hudud sifatida shakllangan. Arablar bosqinidan keyin ham bu hudud muayyan darajada o‘z mavqeini saqlab qolgan. Ibrat “Tarixi Farg‘ona” asarida “Musulmonlar asrida Marg‘inon poytaxti Yormozor bo‘lganligi”ni eslatib o‘tadi.
Qoraxoniylar davrida Marg‘ilon hukmdorlari o‘z nomlaridan tanga zarb qildirganlar. Tanga namunalari Marg‘ilonda olib borilgan arxeologik qazishmalar paytida topilgan. Tanga zarb qilinishi Marg‘ilon mustahkam mudofaa devori, kirish-chiqish darvozalari, hukmdorlar saroyi, mahallalarga ega shahar bo‘lganligini ko‘rsatadi. Tabiiyki, hunarmandchilik bu davrda nihoyatda rivoj topgan. Tanga zarb etilgani bu o‘lkada mis, kumush, temirdan buyumlar yasash, ularga ishlov berish yaxshi yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi. Arxeologik qazishma ishlari davomida paxta ipidan va ipakdan to‘qilgan gazlamalar parchalari, qadimiy urchuqlarning qismlari ham topildi. Endilikda qorayib ketgan bu buyumlar Farg‘ona vodiysida to‘qimachilik qadimdan rivoj topganligini isbotlaydi. Ayniqsa, o‘rta asrlarda bu yerda kulolchilik, shishasozlik, yog‘och o‘ymakorligi, misgarlik, zargarlik taraqqiy etdi. Shoyi, atlas Marg‘ilonning dovrug‘ini olamga yoydi. Misr, Kichik Osiyo, Eron, Xitoy, Hindistondan kelgan savdogarlar Marg‘ilonning ipak matolarini dunyoning eng mashhur bozorlariga olib borib sotganlar. X asrda yashagan tarixchilardan biri “Marg‘ilonning bir ko‘ylaklik shoyisi Isfahonning bir yillik daromadiga teng”, deb yozgandi. Arxeologik qazishmalar jarayonida topilgan sopol idishlar, misgarlik, zargarlik buyumlari, temirdan yasalgan qurollar marg‘ilonlik ustazodalarning yuksak mahoratidan dalolat beradi.
2006 yili Angliya va mamlakatimiz arxeologlarining uzoq yillik tadqiqotlaridan keyin o‘rta asrlarda dunyoga mashhur bo‘lgan Damashq qilichi Farg‘onada tayyorlangan, degan fikrga keldilar. Ularning fikricha, o‘sha davrda Damashqda bunday qilichlarning xomashyosi — temirni eritadigan ustaxonalar va temirga boy ruda konlari bo‘lmagan. Farg‘onada esa, bunday ruda konlari ham, ularni eritadigan pechlar ham mavjud bo‘lgan. Shu bois Farg‘onada tayyorlangan po‘lat shamshirlar Damashq bozorlarida sotilgani sababli Damashq shamshirlari sifatida dong taratgan. Qolaversa, 1974 yili arxeologlar Sirdaryo bo‘yidan po‘latdan yasalgan eng qadimiy dubulg‘a topgan edilar. Damashq qilichlarining tarkibi ham ana shu dubulg‘a tarkibidagi po‘latga monand bo‘lib chiqdi. Bu olimlarning yuqoridagi fikrga kelishiga sabab bo‘ldi. Hunarmandchilik sohasida ajdodlarimizning “siri” qaytadan kashf etildi.
Shubhasiz, shaharda islomgacha bo‘lgan davrda va islom dini hukmronlik qilgan paytlari ham me’morlik sohasida yirik inshootlar barpo etilgan. N.Abdulahatov va O‘.Eshonboboyev “Marg‘ilon haqida so‘z” kitobida “Rus zobiti Filipp Yefremov 1782 yili Farg‘ona vodiysi orqali Qashg‘arga o‘tib ketayotib Marg‘ilon shahrini ko‘rishga muyassar bo‘ladi. F.Efremov keyinchalik o‘z esdaliklarida Marg‘ilon bozorida aylana shaklidagi balandligi 40 sajen — 85,3 metr, eni 2,5 sajen — 5,3 metrdan iborat toshminorani ko‘rganligi haqida ma’lumot beradi”, deb yozadilar. Bunday minoraning mavjudligi 1800-yillar boshida bu shaharga kelgan hind, tatar savdogarlari, rus sayyohlari tomonidan ham e’tirof etilgan.
Rus tadqiqotchisi A.Pisarchik XX asrning ikkinchi yarmi — XX asrning birinchi yarmida yashab o‘tgan andijonlik mohir usta Yusufali Musayevdan yozib olgan Marg‘ilon shahridagi bir minora tarixi bilan bog‘liq voqeani keltiradi. Unda aytilishicha, qoraxoniylar sulolasi hukmdori Qizil Arslonxon X asrda 11 shaharga minora qurishga farmon beradi. Buxoro, Vobkent, O‘zgan, Andijon, Marg‘ilon kabi shaharlarda minoralar tiklanadi. Marg‘ilondagi minoraning balandligi 25 qulochdan ortiq, ya’ni 37 metrdan baland bo‘lgan. Bu minora XX asrning birinchi yarmida Amir Umarxon davrida buzdirilgan. Uni buzish ishida Mullo Azamat degan usta qatnashgan va minora tarhini to‘la chizib qoldirgan. Afsuski, bu chizmalar hozirgacha topilmagan.
Ajdodlardan avlodlarga og‘zaki ravishda yetib kelgan bu tarixni haqiqat deb oladigan bo‘lsak, shu o‘rinda yana bir o‘tmish haqiqati ayon bo‘ladi. Ma’lumki, me’morlikda ajdodlarimiz minoralarni yakka holatda tiklamaganlar. Uning yonida biror masjid, madrasa yoki honaqo mavjud bo‘lgan. Yoki bo‘lmasa, minora shahar markazi, bozor yaqinida qad rostlagan. Demak, Marg‘ilonda ham bu minora bilan bog‘liq katta bir majmua mavjud bo‘lgan. Afsuski, ularning birortasi saqlanib qolmagan.
Shaharning o‘rta asrlarga oid tarixi haqida yozma manbalarda turli xil ma’lumotlar uchraydi. Bunday ma’lumotlar ko‘proq arab tilida yozilgan asarlarda mavjud. Arab geografi Abu Abdulloh Muhammad al-Maqdisiy “Iqlimlarni o‘rganish uchun eng yaxshi qo‘llanma” asarida Farg‘ona vodiysida X asrda 40 shahar va qishloq bo‘lganini ko‘rsatib o‘tadi. Bularni u uch toifaga — Miyonrudiy, Nesiya, Vag‘zi shaharlariga ajratadi. Marg‘ilon shahrini O‘sh, Qubo, Barang, Rishton, Vankat, Kent bilan birgalikda Nesiya shaharlari jumlasiga mansub, deb hisoblaydi. X asrda yashab o‘tgan Abu Sa’id Abdulkarim as-Sam’oniy “Nasablar haqida kitob” asarida “Marg‘ilon — Farg‘onaning eng katta va hunarmandchilikda mashhur shaharlaridan biri, qishin-yozin tabiatida mo‘tadillik bor”, deb yozadi. X — X asrlarga mansub tarixchi Yoqut Hamaviy “Mamlakatlar haqida ma’lumotlar” asarida “Marg‘ilon — Movarounnahrdagi go‘zal, aholisi ko‘p, yer-suvi yaxshi, hunarmandchilik rivoj topgan shahar”, deb ta’rif beradi.
Marg‘ilon o‘rta asrlarda tarixchilar asarlarida allomalar, shoirlar, ulug‘ faqihlar shahri sifatida ham e’tirof etilgan. Shaharning Mash’ad mahallasida Ulug‘ ota ziyoratgohi bor. Bu yerga alloma Imom Abdulaziz ibn Abdurazzoq al-Marg‘inoniy dafn etilgan. Shayx Lakhnaviyning ma’lumot berishicha, u 1016 yili tavallud topgan. Avval Marg‘ilonda, keyin Samarqandda yashagan. Madrasada dars bergan. Umrining oxirida Marg‘ilonga qaytib kelgan, shu yerda vafot etgach Ulug‘ ota qabristoniga qo‘yilgan. Allomaning 6 o‘g‘li bo‘lgan. O‘g‘illarining hammasi yetuk olimlar bo‘lib yetishgan. Tarixchilarning yozishicha, o‘z davrida ular haqida “bitta hovlidan yettita ilmga maftun bo‘lganlar chiqdi”, deb aytishar ekan. Shayx Lakhnaviy uning o‘g‘illaridan ikkitasi — Abulhasan Zahiriddin Ali va Shamsuddin Mahmud al-O‘zjandiy o‘z davrining mashhur kishilaridan bo‘lganligini ta’kidlaydi.
Abu Sa’id Abdulkarim as-Sam’oniy asarida Marg‘ilonning Qandob mahallasidan yetishib chiqqan yana bir olim haqida bunday deb yoziladi: “Abu Muhammad Umar al-Qandobiy al-Marg‘inoniy Marg‘ilonning Qandob mahallasidan bo‘lib, al-Farg‘oniy nomi bilan tanilgan. U 485(1093) yili tavallud topgan. Samarqandda muftilik qilgan. Fiqh ilmini qozi Mahmud al-O‘zjandiydan o‘rgangan. O‘z davrining kuchli faqihlaridan sanalgan. Ulug‘ allomalar bilan hamkorlik qilgan”. Sam’oniy o‘zi ham hadis ilmini ana shu allomadan o‘rganganligini eslatib o‘tadi.
Abu Sa’id Abdulkarim as-Sam’oniy bu yerdan yetishib chiqqan boshqa allomalar nomlarini ham tilga oladi. “Marg‘inoniy — Farg‘ona viloyatining mashhur shaharlaridan bo‘lmish Marg‘inon shahriga nisbatan beriladi. Bu yerdan yetishib chiqqan ilm ahllaridan biri Abu Yusuf ibn Ahmad al-Marg‘inoniydir. Bu olim farg‘onaliklar orasida birinchilardan bo‘lib Makkada Abu Ali ash-Shof’eydan dars tinglagan. U haqda Muhammad an-Nasafiy rivoyat qiladi va al-Marg‘inoniy imom al-Hajjojga so‘z aytgan, deydi. U Saraxs shahrida yashagan va 416(1025) yili vafot etgan. Imom Abulmaoliy Qays al-Marg‘inoniy ham fozil kishilardan biri bo‘lgan. U Samarqandda yashagan va shu yerda madrasalardan birida dars bergan. Alloma Samarqanddagi Jome’ masjidida juma kuni munozarada gapirib turgan paytida 526 yili, shavvol oyining 19-kunida (1132 yilning 31 iyulida) vafot etgan. Bu paytda u ro‘zador bo‘lgan. Uni Samarqanddagi Chokardiza qabristoniga dafn qilganlar”.
O‘rta asr allomalaridan biri Boharziy tazkirasida arab tilida she’rlar yozgan shoirlar orasida Abul Hasan al-Marg‘inoniyning ham nomini tilga oladi. Mashhur ulamo bo‘lgan bu inson zohidlik darajasiga ko‘tarilgan, latif she’rlar bitgan. Boharziy tazkirasida uning arab tilida she’rlar bitganini yozadi. Uning qachon vafot etgani haqida ma’lumot bermaydi. Boharziy X asrda yashab o‘tgan. Abulhasan Marg‘inoniy u bilan hamasr bo‘lgan. Demak, bu alloma X asrda yashaganligi ma’lum bo‘ladi.
“Almuto”(“Fatvolar kaliti”) asari va “Vasiyatlar” kitobini yozgan Hasan al-Marg‘inoniy, Shoh Vali al-Marg‘inoniy kabilar ham shu shaharda tavallud topgan. Sadrlar oilasidan chiqqan faqih Hisomiddin as-Sadr ash-Shahid al-Buxoriy al-Marg‘inoniy Buxoroda hokim bo‘lgan. U qoraxitoylar bilan 1141 yili Samarqand yaqinidagi Katvon dashtida kechgan jangda shahid bo‘lgan. Uning yigirmadan ortiq asar yozganligi haqida ma’lumotlar bor. Uning avlodlaridan Tojiddin Ahmad as-Sadr as-Sa’id al-Buxoriy al-Marg‘inoniy ham islom olamidagi mashhur ulamolardan biri. Uning ham ko‘plab asarlar yozganligi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud. Afsuski, alloma asarlaridan birortasi hozirgacha topilmagan.
Abdulaziz al-Marg‘inoniyning o‘g‘li “Fatovayi Zahiriyya” asarini yozgan Zahiriddin al-Marg‘inoniy hayoti ham shu shahar bilan bog‘liq. Tarixchilar uni Zahiriddin Abulmahosin nomi bilan islom olamiga mashhur bo‘lgan alloma, deb yozadilar. Uning qabri Marg‘ilon shahridagi Mash’ad mahallasi hududida. Mahmud al-Marg‘inoniyning o‘nlab asarlari orasida “Al-Muhit al-Burhoniy” asari islom olamida mashhur bo‘lgan. Nizomiddin Burhoniddin al-Marg‘inoniy Samarqandda qozi va mufti lavozimlarida ishlagan; Muhammad ash-Shayboniy asarlariga sharhlar yozgan. “Tazkira ul-atqiyo” asarining muallifi Muhammad Amin al-Marg‘inoniy mo‘g‘ullar istilosi davrida shahid bo‘lgan.
Shubhasiz, o‘rta asrlarda Marg‘inoniy nisbasi bilan ijod qilgan, ilmiy asarlar yaratgan allomalar orasida Burhoniddin Marg‘inoniy nomi alohida ajralib turadi. Uning o‘nlab asarlari orasida “Hidoya” asari musulmon olamida 800 yildan beri islom qonunshunosligining asosi sanalib kelinmoqda. Arab va ajam mulkidagi barcha allomalar “Agar Marg‘ilondan Marg‘iloniy nisbasi bilan o‘nlab allomalar, faqihlar yetishib chiqmay, birgina Burhoniddin Marg‘inoniy hazratlari yashab o‘tganlarida ham bu shaharning dovrug‘ini olamga taratishga yetar edi”, deb e’tirof etadilar. Abulhasanot Muhammad Abdulhay Lakhnaviy allomaning ilm-fandagi, hayotdagi xizmatlarini ta’riflab bunday deb yozadi: “Imom al-Marg‘inoniy faqih, Qur’on hofizi, muhaddis, mufassir, barcha ilmu fanni o‘rganib, o‘zlashtirgan iqtidorli ustod, o‘tkir nazar bilan tekshiruvchi va diqqat bilan ish yurituvchi zohid, mutaqqiy, mahorat va fazilatlar egasi, usuliy(fiqh usullari ilmini chuqur biluvchi), ilmu adabda misli ko‘rilmagan adib va shoir, ilmul xilof va mazhab sohalari bo‘yicha yuksak salohiyatga ega bir zot edi”. Bu ta’rif Burhoniddin Marg‘inoniyning xizmatlari naqadar buyukligini ko‘rsatadi. Allomaning o‘zigina emas, uning farzandlari, nevaralari, umuman, avlodlari ham ilmu adabda, fanda mashhur insonlar bo‘lib yetishgan. Uning o‘g‘li Imoduddin ibn Burhoniddin al-Farg‘oniy fiqh ilmida va she’riyatda yuksak iste’dod egasi bo‘lgan. Nevarasi Abulfath Zaynuddin Abdurahim ibni Imoduddin al-Farg‘oniy Samarqandda yashab, ilm bilan shug‘ullangan. Uning 1253 yili “Al-fusul ul-Imadiya” deb nomlangan asar yaratganligi ma’lum.
Burhoniddin Marg‘inoniy asarlaridan birida “Hech qachon ilm o‘rganish ishida uzilish ro‘y bermasligi kerak, negaki, bu katta yo‘qotishlarga olib boradi. Men ilm o‘rganish jarayonida hech qachon uzilishga yo‘l qo‘ymaganim sababli barcha safdoshlarimdan o‘zib ketdim”, deb yozgan edi.
Darhaqiqat, o‘rta asrlarda marg‘ilonlik allomalar o‘rtasida ilm-fanda uzilish bo‘lmagan. X asrdan XV asrga qadar bu shaharda yuzlab faqihlar, mufassirlar, muhaddislar, mutaqqiylar, zohidlar, ilmu adabda iqtidorli, yetuk insonlar yashab o‘tganlar. Bu shahar nomini ulug‘laganlar. Ayni paytda, Marg‘ilon mohir hunarmandlar shahri sifatida ham shuhrat qozongan. Shaharning 2000 yillik kechmishi insoniyat tamaddunida eng yorqin sahifalarni tashkil etadi. Shahar to‘yining xalqaro miqyosda nishonlanishi sabablaridan biri ham ana shunda.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 26 va 30-sonidan olindi.