Buyuklar hamisha jahon nigohida. Ularning amalga oshirgan ishlari bir xalq yoki millat chegarasida qolib ketmaydi, balki umumbashariy ahamiyatga ega bo‘ladi. Buyuklar shaxsiyati o‘z jozibasi insonlarni o‘ziga jalb qilaveradi. O‘z xalqini jahon miqyosiga ko‘targan va olamshumul ishlari bilan dunyo ahlini hayratga solgan shaxslar haqida turli-tuman gaplar aytilgan va bundan so‘ng ham aytiladi. Ammo bu fikrlar qanday ruhda ekanidan qat’iy nazar, uning zamirida o‘sha buyuk shaxsga nisbatan yuksak ehtirom mujassam bo‘ladi. Bobomiz buyuk Sohibqiron Amir Temur tarixda millati va o‘zi uchun shonli sahifalarni ochib ketgan ulkan shaxsiyatdir. U kishining hayoti va faoliyati haqida ham bir-biridan farq qiluvchi mulohazalar minglab kitoblarda yuzlab millat vakillari tomonidan bayon qilib kelinmoqda. Ana shunday kitoblardan biri italiyalik Jastin Marozzining dastlab 2004 yilda, keyinchalik 2007 yilda qayta nashr qilingan kitobi «Tamerlane: Sword of Islam, Conqueror of the World» (Temurlang: Islom shamshiri va jahon fotihi) deb nomlanadi.
Jastin Marozzining ko‘plab kitoblari sayohatlari hosilasidir. Xususan, ushbu kitobni ham diyorimizga safar qilib yozgan. U Samarqand va boshqa viloyatlarda bo‘lib, buyuk bobokalonimiz haqida eshitgan ko‘p rivoyatlardan ham ushbu kitobda foydalangan.
Jastin Marozzi «Samarqandning… hayoti jumboqlar va sirlarga boy bo‘lgan imperatori bosgan izdan sayohat qilib… shafqatsiz, ammo takomil va qudratga yetgan jangchining hayotini» so‘zlab berishga harakat qiladi. Kitob Amir Temurning Anqara shahrida Yildirim Boyazidga qarshi to‘plagan askarlari va o‘g‘illarining har bir qanotda amir vazifasida bosh bo‘lib mardonavor jangga kirayotgani tasviri bilan boshlangan.
Kitob davomida muallif qarama-qarshi fikrlar girdobida qolib ketganini sezasiz. Bir qasangiz, bobomizni maqtab osmonlarga olib chiqadi. Boshqa safar esa butkul o‘zi aytgan ijobiy xulosalarni unutib qo‘ygandek tuyuladi. Masalan, Amir Temur shaxsiyatini tasviriga bag‘ishlangan o‘rinlarda muallifning hayajoni yaqqol ko‘ringan. U bobomiz lashkarning jangga tayyorgarligi va jasurliklarini e’tibor bilan ta’kidlangan. Amir Temurning jang usullari, askarlarni jangga tayyorlash uslublari va, shuningdek, odamlar bilan bo‘lgan muomalasi atroflicha yoritilgan.
Amirning botirligi, o‘limdan qo‘rqmasligi, to‘g‘riso‘zligi, odilligi hurmat bilan tilga olingan. Ammo birdan u shunday davom etadi: «Temurlang (1336–1405) dunyoning eng buyuk istilochilari bo‘lmish Chingizxon va Aleksandr Makedonskiy bilan bir qatorda turib, armiyasi vahshiy edi. U butun Osiyo, Afrika va Yevropaga qo‘rquv solgan. Temurning armiyasi bamisli alanga bo‘lib, Osiyo bo‘ylab yong‘in kabi shaharlarni kuydirgan, aholini halok qilgan. Asirlarga ozor bergan, dushmanlarini qirg‘in qilgan. …Kimda-kim Temurlangga qarshi chiqishga haddi siqqudek bo‘lsa, boshi tanasidan juda qilingan».
Jastin Marozzi shu kabi fikrlarin kitobning turli boblarida bayon qilib, davom etadi: «Umrining oxiriga kelib Amir Temur o‘zining temir qonuni va mukammallashtirilgan madaniyatini Suriyadan Hindistongacha, Sibir O‘rta dengizgacha cho‘zilgan juda katta hududga qabul qildirdi».
Marozzi: «Amir Temur Bog‘dodni qo‘lga kiritganida o‘z askarlariga to‘qson ming dushman kishining kallasidan piramida qurishni buyurgan», – deb hikoya qiladi. Buyuk Amir o‘z xotiralarida Bog‘dodda haqiqatdan ham ko‘p kishi halok bo‘lganligini aytib o‘tgan, ammo nima shuncha odam ko‘z yumganini, nima sabab bo‘lganligini barchasini yotig‘i bilan tushuntirgan («Men – fotih Temur»).
Yozuvchi va sayyoh bo‘lgan Marozzi Amir tom ma’noda Chingizxon izidan borib «Moskvadan O‘rta dengizigacha, Dehlidan Damashqqa»gacha cho‘zilgan qirollikni qurgan bo‘lsa-da, Buyuk Temur G‘arb dunyosida ko‘p tanilmagan shaxs bo‘lib qolayotganini aytib o‘tadi. Shuning uchun ham murakkab va G‘arbga kam ma’lum bo‘lgan bu mavzuni va buyuk sarkardaning hayotiga bog‘liq tafsilotlarni Marozzi o‘z bilganicha yetkazib berishga harakat qilgan.
Uning Buyuk Amirni rahm-shafqatsiz zolim deb tasvirlar ekan, bobomiz o‘zi uchun suyukli bo‘lgan Samarqandning madaniyati va arxitekturasi rivoji uchun tinmasdan harakat qilganini aytib o‘tib, bu ishlari maqtovga arzigulik deb fikr bildirgan. Xususan, adib yozadi: «Amir Temur Chingizxon singari shaharlarni vayron qilishga o‘rgangan bo‘lsa ham, qayta qurishga ham katta e’tibor berdi va bunda u yuqori bilimga ega edi. Aynan Buyuk Temurning davrida islomiy san’at va arxitektura gullab-yashnab, yuksak ravnaqini topgan».
Marozzi O‘zbekistonga kelganida Sovet hukumati ko‘p ziyoratgoh joylarni, muqaddas imoratlarni va milliy boyliklarni vayron qilgani va buzg‘unchilik ishlarini amalga oshirganiga guvoh bo‘lganini ta’kidlagan.
Kitobni yozishda Jastin Marozzi Sharqning eng ko‘zga ko‘ringan tarixchilari va yozuvchilari qalamiga mansub qimmatli manbalaridan ham foydalangan. Xususan, Ahmad ibn Arabshohning “Temurlang yoki Buyuk Amir Temur” (J.H. Sanders tomonidan tarjima qilingan), Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Ahmad Hasanning “Temur merosi”, Muhammad Qosimning “Hindistondagi Muhammadiy hokimiyatning yuksalishi tarixi”, Otamalik Juvayniyning “Jahon istilochisining tarixi”, Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”, Ibn Batutaning “1325-1354 yillardagi Osiyo va Afrikaga sayohat”, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” kitoblaridan foydalangan. G‘arb qo‘lyozmalaridan Boylning “Chingizxon o‘rinbosari”, Aleksandr Bornning kitoblaridan, Klavixo de Gonsalesning “1403–1406 yillarda Temurlang mamlakatida elchilik” kabi asarlaridan foydalangan.
Ushbu kitob haqidagi ko‘plab iliq fikrlar bildirilgan. Mana, biz kitobning umumiy mazmuni bilan qisqacha tanishib chiqdik. Ko‘rdikki, muallif bobomiz haqida gapirishda “o‘z nazarida” xolis, aslida esa ancha jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan.
Nega?
Chunki u avvalo, bobomiz Amir Temurning e’tiqodini yuragidan his qila olmagan. U “Temur – sirli” degan xulosaga kelgan. Bu sirning tagiga yetish uchun harakat qilib har safar adashib ketaveradi: “Temur – qonxo‘r, ammo u bunyodkor. Temur – shafqatsiz, ammo u adolatli va sheryurak. Temur – bosqinchi, ammo e’tiqodi mustahkam musulmon”. Marozzi ziddiyali sifatlar bir odamda qanday mujassam bo‘lgan ekan deb bosh qotiradi. U bobomizni salbiy ranglarda tasvirlashga moyillik bildiradi, lekin har safar Amir Temur dahosi oldida hayajon bosib, maqtovli so‘zlar aytib yuboraveradi. Bobomizni to‘liq qoralab yuborishga vijdoni yo‘l qo‘ymaydi, ijobiy tasvirlashga esa… hasadmi, yoki shunga o‘xshash boqa bir hissiyotmi, yo‘l bermaydi. Shuning uchun kitob bir-birini inkor etuvchi ma’lumotlarga to‘lib-toshib yotibdi.
Biz bu kitobni bobomiz haqidagi asar bo‘lgani uchungina o‘qidik va qabul qildik. G‘arbda bobomiz haqida nimalarni o‘ylashar ekan deb qiziqdik va bu haqda bilib oldik.
Tarix millatning buguni va kelajagini belgilab beradi. Tarix – ildiz. Ildizsiz daraxt bo‘lmaydi, tarixsiz millat. Dunyo, xususan, G‘arb bizni tariximizga qarab taniydi. G‘arb ongiga tariximiz, buyuk shaxslarimiz haqida xato fikrlar singib qolgan. Bu fikrlarni o‘zgartirishga bugungi avlod burchlidir. Buning uchun, avvalo, o‘zimiz o‘z tariximizni chuqur bilishimiz kerak. Qadimgi tarixchilarimizning, xususan, Juvayniy, Mirzo Ulug‘bek, Davlatshoh Samarqandiy, Mirxond, Abdurazzoq Samarqandiy, Xondamir, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abulg‘ozixon kabi olimlarning tarixga doir kitoblarini kerak bo‘lsa, eski qo‘lyozmada – original variantlarini o‘qish shart. Ularni o‘zaro qiyoslab, ishonchlilarini saralab, haqiqatga yaqin bo‘lgan asl tarixni tiklash lozim. Keyin G‘arb olimlarining yondashuvlarini jiddiy o‘rganib, ular rad eta olmaydigan faktlar bilan haqiqatni isbotlab berish maqsadga muvofiq ishdir. Ayni paytda mualliflari Jastin Marozzi kabi fikrlab, xuddi uning kitobidek yozilgan minglab asarlarni haqiqatdan yiroq deb qanchalik bong urmaylik, fikrlarimiz asosga ega emasdek ko‘rinadi va hech narsani hal qilib bermaydi.
Dastavval bobomiz Amir Temurning buyuk shaxsiyati, valiylikka xos bo‘lgan xislatlarini avval o‘zimiz o‘rganib, yurakdan his qilaylik. Keyin bizning bobomiz va biz haqimizda ham har qanday odam o‘ylanib, mulohaza qilib gapirishga majbur bo‘ladi.
Muallif haqida
Jastin Marozzi (Justin Marozzi) 1970 yilda tug‘ilgan angliyalik tarixchi va jurnalist va sayyoh yozuvchi bo‘lib, musulmon olami bo‘ylab keng sayohat olib borgan. Jurnalist sifatida “BBC”, “Financial Times”, “Economist”da faoliyat olib borgan. Hozirgacha uning beshta kitobi nashr qilingan. Bular quyidagilar: “Vahshiylikdan janubda” (South from Barbary), “Temurlang: Islom shamshiri va jahon fotihi” (Tamerlane: Sword of Islam and Conqueror of the World), “Tadqiqot yuzlari” (Faces of Exploration), “Tarixni yaratgan inson: Gerodit bilan sayohat qiladi” (The Man Who Invented History: Travels with Herodotus), “Bog‘dod: Tinchlik shahri, qon shahri” (Baghdad: City of Peace, City of Blood).
Ammo uning “Temurlang: Islom shamshiri va jahon fotihi” nomli asari juda katta qiziqish bilan kutib olindi va Angliyaning “Sunday Telegraph”i tomonidan “Yilning eng yaxshi kitobi” deb ta’riflandi. Ayni paytda Londonda istiqomat qiladi.
Jaloliddin KABIR,
talaba