Hamidjon Homidiy. Jahoniy shuhrat

Ilm-fanimiz darg‘alari orasida shunday zoti kiromiylar borki, ular o‘zlari tanlagan sohani pishiq-puxta bilib,  soha ahliga zakovat ulashib yurish bilan birga o‘z tadqiqotlariga yo‘ldosh-yondosh fanlarni ham teranroq idrok etib, qiyosiy-tipologik yo‘sinda tahliliy asarlar yaratib yuradilar. G‘arb adabiyotining keng qamrovli donishmandi, Sharq klassik adabiyoti hamda tasviriy san’atining nuktasanj bilimdoni, filologiya fanlari doktori, professor, mehribon ustoz Fozila Sulaymonova ana shunday serqirra ijodkorlardan edi.

Sharqu G‘arb adabiyoti va madaniyatining tolmas tadqiqotchisi Fozila Sulaymonova 1919 yili Marg‘ilonda ziyoli oilada dunyoga keldi. Bo‘lajak mashhur olima o‘rta maktab xatmidan so‘ng, 1937–1941 yillar davomida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi peduniversitet)da tahsil ko‘rdi. O‘z ustozlik faoliyatini Toshkent davlat universiteti (Hozirgi O‘zMU)da boshlagan Fozila Sulaymonova keyinchalik O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti, Davlat Adabiyot muzeyi hamda Qo‘lyozmalar institutlarida katta ilmiy xodim vazifalarini bajardi. 1998 yildan umrining oxiriga qadar Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat Adabiyot muzeyida yetakchi ilmiy xodim sifatida tadqiqotlar olib bordi va yosh ilmiy xodimlarga rahnamolik qildi.

Dastlabki ilmiy faoliyatini G‘arb adabiyoti tarixini jiddiy tadqiq etish bilan boshlagan olima o‘tgan asrning 60-yillarida “Stendalning “Lyusen Leven”i”, “Shekspir O‘zbekistonda” monografiyalarini yaratdi. Ilk kitobida olima o‘sha kezlari ilm-fanda Stendalning mukammal ijodiy biografiyasini yaratishga muvaffaq bo‘lgan, san’atkorlik mahoratini zukkolik bilan tahlil qilgan. Ikkinchi asarda esa, o‘zbek kitobxonini Shekspir ijodiy laboratoriyasiga olib kirib, uning daholik sehrini kashf etgan. Xususan, muallifning Shekspir asarlarining O‘zbekistonga kirib kelish tarixi, ularning rang-barang tarjimalari xususidagi fikrlar, sahna talqinlari haqidagi mulohazalar ancha jiddiy va ibratomuzdir. Gap shundaki, asliyat tilini yaxshi bilgan, har asar mohiyatini chuqur idrok etgan olima ularning qiyosiy-solishtirma tahlilini bergan. Bular ham nazariy, ham amaliy mohiyatga molik fikr­lar edi.

Keyingi 30-40 yil davomida olima Sharq va G‘arb adabiyotlari, ilm-fani hamda tamaddunining o‘zaro aloqalari, bir-biriga ta’siri, Yevropa madaniyatining shakllanishida Sharqning ta’sirini o‘rgandi. Mana shu niyat yo‘lida u Sharqu G‘arb mamlakatlarini kezib chiqdi, minglab qo‘lyozmalarni ko‘zdan kechirdi, xalqaro anjumanlarda ma’ruzalari bilan ishtirok etdi; frantsuz, ingliz, rus va boshqa tillarda ko‘plab maqolalar e’lon qildi. Ko‘p yillik zahmatlari natijasi sifatida “Sharq va G‘arb”, “Sharq madaniyati va Dante”, “Vostok i Zapad” kitoblari yuzaga keldi. Bu monografiyalarning turli qit’alar, xalqlar madaniyatlarining o‘zaro ta’siri va mushtarakligining nazariy masalalarini, amaliy muammolarini yangicha tahlilidagi ahamiyati beqiyos. Biz bu yerda olima xizmatining ayrim jihatinigina ta’kidlaymiz, xolos.

Ma’lumki, Sho‘rolar davridagi sharqshunoslik hamda adabiyotshunoslikda, asosan, G‘arb tamaddunining Sharq xalqlari ilm-fani, adabiyoti hamda madaniyatiga ta’siri haqida bir yoqlama fikr yuritish rasm bo‘lgan edi. Fozila Sulaymonova “Sharq va G‘arb” monografiyasida fandagi ana shu noxolislikni yuzlab dastxat manbalar, dunyo arxeologlari qo‘lga kiritgan ashyoviy dalillar asosida, ikki mintaqa xalqlari mifologiyasidagi mushtarak tamoyillarni qiyosiy-tipologik tahlil qilish jarayonidagi ilmiy xulosalar vositasida rad etdi: Al-Xorazmiy, al-Forobiy, al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sinolarning Yevropa ilm-fani inkishofidagi o‘rnini aniq dalillar bilan ko‘rsatib berdi. Bugina emas, monografiyada Zardusht falsafasining dunyo falsafiy qarashlariga ta’sirini  dalillar asosida ilmiy nuqtai nazardan isbotlangan.

Ma’lumki, “Avesto”da ajdodlarimizning uch ming yildan naridagi falsafiy qarashlari, ilm-fani, kasb-kori, chorvachilik, dehqonchilik, me’morlik, shaharsozlik, ma’danshunoslik, tibbiyotga doir teran fikr­lari jamlangan. Hatto yodgorlikda bir martalik shprits, qon quyish moslamasi haqidagi aniq mulohazalar bayon etilgan. Nazarimizda, “Sharq va G‘arb”da dunyo avestoshunosligida birinchilardan bo‘lib zardushtiylik bilan islom dinidagi ko‘p o‘xshashliklar aniqlangan, mushtarak jihatlar ko‘rsatilgan.

O‘tgan asrning 60-yillari boshida zamonamizning zabardast allomasi Hamid Sulaymon rahbarligida bir guruh olimlarimiz Navoiyning mukammal asarlari nashrini yaratishga kirishdilar. Ana shu jarayonda Fozila Sulaymonova ham jiddiy matnshunos sifatida faol ishtirok etdi: Parij, London, Leningrad shaharlaridan yuzlab qadimiy qo‘lyozmalarning, Navoiy dastxatlarining nodir nusxalarining fotoakslari keltirildi. Ularni o‘qish, qiyosiy tahlil etib, asliga yaqinroq nusxalarini tiklashda Fozila Sulaymonova ham tinimsiz ter to‘kdi; bir qancha zahmat pillapoyalarini bosib o‘tdi. Natijada u kishining bevosita ishtiroki bilan hali o‘zbek fani olamida noma’lum shoir Hofiz Xorazmiyning ikki kitobdan iborat devoni; Navoiy mukammal asarlari to‘plamining 3-, 4-, 5- va 6-jildlari chop etildi; “Xazoyin ul-maoniy”ning ikki qo‘lyozma nusxasini qiyosiy o‘rganib chiqib, mukammalini aniqlashga erishdi. Xullas, olima manbashunoslik va matnshunoslik sohasida bir olim umriga arzigulik tadqiqotlarni amalga oshirgan.

Sharqda she’riyat bilan bir pallada tasviriy san’at ham, ayniqsa, uning miniatyura janri taraqqiy eta boshlagan. Keyingi tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, miniatyura san’ati Rudakiy zamonlaridayoq paydo bo‘lib, X–XII asrlarda uzil-kesil shakllangan. XIV–XVI asrlarga kelib esa, buning yoniga portret janri – nimtana tasviri ham qo‘shilgan. Jomiyning “Salomon va Ibsol” dostoniga chizilgan ikki yuzdan ziyodroq turli tabaqa vakillari portreti, Doroshukuh tomonidan chizilgan 14 ta temuriyzodalar portreti fikrimizni tasdiqlaydi. Hamid Sulaymonov yetakchiligidagi ekspeditsiya qo‘lga kiritgan manbalar tarkibida yuzlab miniatyuralar ham mavjud edi. Fozila opa matnlarni o‘rganish jarayonida ana shu san’at mo‘jizalariga mahliyo bo‘lib qoldi. Endi u nozikbin san’atshunos sifatida Hirot, Tabriz, Samarqand, Buxoro va Hind tasviriy san’at maktablarini o‘rganib chiqdi; Behzod, Nodirmuhammad Samarqandiy, Muhammadmurod Samarqandiylar merosi bilan tanishdi. Uning qalbida buyuk shoirlar asarlariga chizilgan miniatyuralarni jamlab, ularni nashr etish istagi paydo bo‘ldi. Ana shu ilmiy niyat hosilasi o‘laroq “Navoiy asarlariga ishlangan rasmlar”, “Amir Xusrav Dehlaviy asarlariga ishlangan rasmlar”, “Nizomiy “Xamsa”siga ishlangan rasmlar” singari yuzlab miniatyuralarni o‘zida jamlagan muraqqa’ – albomlar nashr etildi. Bu jahon e’tirof etgan va butun dunyoga tarqalgan fundamental asarlar, ularga bitilgan mukammal tahliliy so‘z-boshi va sharhlar olimaning miniatyura san’atining mo‘shikof donishmandi ekanligini tasdiqlab turibdi. Zeroki, olima dastxatlardan saylab olgan har bir miniatyurani syujet, kompozitsiya, ranglar tanosibi, doston mazmunini nechog‘lik o‘zida ifoda etgani, g‘oyasi, badiiy qudrati tomonidan g‘oyatda sinchkovlik bilan tahlil qilib, muayyan ilmiy-nazariy xulosalarga kelgan. Demak, Fozila Sulaymonova Sharq va G‘arb madaniyatlarining, qiyosiy adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik, manbashunoslik, matnshunoslikning yuksak bilimdoni, benazir nazariyotchisi sifatida fanimiz zarvaraqlarini boyitib kelgan. Uning 200 dan ortiq maqolalarining aksariyati xorijiy tillarda ham chop etilgan va ko‘plab xorijlik mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

Fozila Sulaymonova yoshlarning beminnat g‘amxo‘ri va o‘ta mehribon ustozi ham edi. Uning bevosita rahnamoligidagi o‘nga yaqin yoshlar nomzodlik va doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.  Serqirra ijodkorning fanimiz ravnaqi yo‘lidagi fidoyi mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan.  U yurtimizning “Sog‘lom avlod uchun” (1994), “Buyuk xizmatlari uchun” (1999) ordenlari hamda Frantsiyaning “Akademiya palmasi” (1994) ordeni bilan mukofotlangan.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 8-son