Hamidxon Islomiy. «Qutadg‘u bilig»da «Qarshi» atamasi

Qarshining tashkil topganiga 2700 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tmish tariximizga oid yozilgan qo‘lyozmalarning ba’zi sahifalarini ochib ko‘rishga to‘g‘ri keldi. Qo‘lyozmalarda yozilgan g‘oyatda muhim dalillar zamondoshlar e’tiboridan chetda qolmasin degan umidda, ba’zi tarixiy manbalardagi talqinlar haqida xabar bermoq istagida qalam surildi.

840 yildan 1212 yilgacha hukmronlik qilgan Qoraxoniylar imperiyasi davridagi fan, madaniyat yutuqlariga doir 30 dan ortiq maxsus asar yozilganligi jahon madaniyati tarixida muhim voqea sanaladi. Bu davlatning madaniyat, iqtisod va ilm-fan sohalarida ulkan yuksalishlarga erishgani ma’lum. Jahon ilm-faniga buyuk hissa qo‘shgan Forobiy, Muhammad Xorazmiy Ibn Sino, Beruniy Yusuf Xos Hojib, Mahmud Koshg‘ariy va boshqalar Musulmon uyg‘onish davrining daholari darajasiga ko‘tarildi. Ayni o‘sha davrda «Devonu lug‘otit-turk», «Qutadg‘u bilig», «Tarixi Koshg‘ar» kabi yirik asarlar maydonga keldi.

«Qutadg‘u bilig» asarining uchta qo‘lyozma nusxasi jahon faniga ma’lum. Ular: 1. Uyg‘ur bitigida yozilgan «Vena» qo‘lyozmasi. 2. Arab bitigida yozilgan «Qohira» qo‘lyozmasi. 3. Arab bitigida yozilgan «Farg‘ona» qo‘lyozmasi. Ushbu qo‘lyozmalar asosida jahondagi bir necha mamlakatda taniqli olimlar tadqiqotlar olib bordilar va asarning bir necha tildagi nashrlarini ro‘yobga chiqardilar. Ular:

  1. 1891-1910 yildagi V.Radlov nashr etgan matn.
  2. 1952 yildagi Rishat Arag tayyorlagan matn.
  3. 1972 yildagi o‘zbekcha matni nashri.
  4. 1984 yildagi uyg‘urcha nashri.
  5. 1986 yildagi asarning qozoq tiliga tarjimasi.
  6. 1990 yildagi asarning ruscha tarjimasi.

Asarning bulardan boshqa nemischa, inglizcha, xitoycha tarjimalari ham nashr etildi. Ayni zamonda «Farg‘ona» nusxasining faksimili nashri ham maydonga keldi.

Buning sababi «Qutadg‘u bilig»ning mazmunan teranligi va badiiy yuksakligidir. Hukmdorlar, davlat boshliqlariga pand-nasihatlar va yo‘l-yo‘riqlar tarzida yozilgan bu yirik asarda Qoraxoniylar, umuman Markaziy Osiyo xalqlarining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy rivoji, hunar-sanoat, til-adabiyot, tarix va falsafa, yulduzlar ilmi, harbiy san’atga doir hayotiy masalalar chuqur yoritilgan. Shu sababli ushbu asarga bo‘lgan ehtiyoj bugungi kunda ham alohida ahamiyat kasb etib kelmoqda.

Asarda hukmron «amir»lar «Bag» deb atalgan. Hozirgi kunimizda bu atamaning «Bag» va «Bek» shakli mavjud. Yusuf Xos Hojib 1068-1070 yilda yozgan «Qutadg‘u bilig» asarida bu atama «Bag» shaklida qo‘llangan.

Bag esa, arabcha «amir», forscha «podshoh» demakdir. Shu bois Alisher Navoiy Sohibqiron Amir Temurni Temurbek deb, Bobur esa Navoiyni Alisherbek deb ataydi. Biz asardagi «Bag»larning makoni bo‘lgan Qarshi atamasi haqida fikr yuritamiz. Jumladan, «Qutadg‘u bilig»ning 1971 yilgi Toshkent nashrida quyidagi misralarni o‘qiymiz:

«Bu baglar evi oti qarshi turur,
Bu qarshi ichindoki qarshi turur»,

Izohida: «Bu baglar uyining oti qarshi (saroydir),

Bu qarshi (saroy) ichidagilar qarama-qarshidirlar», – deb tushuntiriladi.

«Tabizlik bo‘lur bu qopug‘da o‘kush,
Tabiz qayda ersa to‘qush ul urush».

Izohi: «Bu dargohda hasadliklar ko‘p bo‘ladi:

Hasad qayerda bo‘lsa, u janjal (va) urushdir»,– deb berilgan.

Ushbu matndagi «Qarshi» atamasi bilan unga berilgan izoh menga shubhali tuyuldi. Shu sababli qo‘lyozmani ko‘rishga ehtiyoj sezildi.

O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida saqlanayotgan «Qutadg‘u bilig» ning Farg‘onadan topilgan qo‘lyozmasi va «Qohira» deb shartli atalgan fotonusxasini qayta ko‘rib chiqdim. Qo‘lyozmani sinchkovlik bilan o‘rganish, nashrni qiyosiy solishtirishga to‘g‘ri keldi.

Yuqoridagi matnni qo‘lyozma asosida qiyoslaganimizda: matn xato o‘qilgani va to‘g‘ri izohlanmagani aniqlandi. E’tibor bering. Qo‘lyozmada asl matn quyidagicha yozilgan:

Bu baglar evi oti qarshi turur,
Bu qarshi ichindaki qorshi turur.
Tabizlik bo‘lur bu qopug‘da o‘kush,
Tabiz qayda ersa to‘qush ul urush.
Saningda ulug‘ung sani tepsagay,
Sani o‘tqi etgay o‘z itlur tagay.
Yama tapsagay ko‘r sanga teng tushung,
Ko‘rmagay edung tunargay kunung.
Bu yanglig‘ uchun Qarshi Qorshi bo‘lur,
Eki kun qorishsa birisi o‘lur.
(Qo‘lyozma, 153 b-varaq)

Ushbu matndan kelib chiqsak, quyidagi masalalar ayon bo‘ladi. Ya’ni «bag»larning turadigan uyi – makoni Qarshi ekan. U yovga – dushmanga qarshi chiquvchi makon ekanini bildiradi. Ana o‘sha sababga ko‘ra yovga qarshi kurash olib boruvchi, muntazam harbiy qo‘shinga ega, anig‘i oldingi jangovar – hujumchi qo‘shinlarning harbiy qarorgohi «Qarshi» ekani ma’lum bo‘ladi. Arabcha aytganda, u harbiy biloddir (shahardir), forscha aytganda «hisori lashkar»dirki, bu atama hech qachon «Saroy» ma’nosini bermaydi.

Atama va iboralarni yozilishiga ko‘ra qiyosiy ko‘rib chiqqanimizda, qo‘lyozmada «Qarshi»dagi «Qof» alifsiz yozilgani ma’lum bo‘ldi. Bu «Qarshi» yovga qarshi, ya’ni dushmanga yuzma-yuz jang bilan qarshi turuvchi – forscha aytsak «peshvo» chiquvchi ma’nosini bildiruvchi atamadir. Hech qachon bu atama «saroy» emas. Chunki bir shaharda bir necha saroylar bo‘lganki, ular Oqsaroy, Ko‘ksaroy, Qorasaroy, Karvonsaroy, Boqchasaroy kabi nomlar bilan ataladi, bularning ko‘pchiligi forscha mehmonxona ma’nosini bildiradi. Saroyni Yusuf Xos Hojib «Qopug‘» atamasi bilan yozadi. Demak, «Qarshi» «qopug‘» emas! «Saroy» ham emas! «Qasr» ham emas! «Qarshi» atamasi «O‘zbekiston viloyatlari toponimlari» kitobida ham «Saroy» deb yanglish berilgan, «Saroy» ruscha «dvorets» demakdir. Shu kitobda bu shahar «XVI asrdan boshlab Qarshi, ya’ni «saroy» nomini olgan» deb noto‘g‘ri izohlangan. (O‘sha asar, 188-bet).

Shundan kelib chiqsak, «Qarshi» mulk va vatanni tashqi yov-dushmanlardan qo‘riqlashga, saqlashga moslashgan, katta binolarga ega bo‘lgan strategik makon ekani ma’lum bo‘ladi.

Demak, «Qarshi» o‘z davrida mudofaa shahri, anig‘i «Harbiy o‘rda» bo‘lgan katta istehkom ma’nosini bildiradi.

Yusuf Xos Hojib «Qutadg‘u bilig» asarini yozgan davr – XI asrda qoraxoniylar imperiyasiga qarshi g‘aznaviylar hamda saljuqiylar jiddiy xavf solib turardi. Ana shu sabablarga ko‘ra «Qarshi» yovga zarba beruvchi oldingi harbiy istehkom bo‘lgani aniq ko‘rinadi.

«Qarshi» atamasini V.V. Bartold uyg‘urcha deb yozadi. Muarrix Mulla Salohiddinxoja ibni Mulla Alouddin Yazdiyning (XIV–XV) «Amir Temur Ko‘ragon haqida qissa» asarida: «Sohibqiron ming bir jafolar bilan oxir Qarshig‘a keldi», deb yoziladi. «Sharafnoma» muallifining tushuntirishicha, «Qarshi» uyg‘ur tilida katta imoratlar degani ekan.

Shunday ekan, «Qarshi» atamasi «qo‘rg‘on» ma’nosini ham beradi. «Qo‘rg‘on» arabchada «qal’a»dir. Naql qilishlaricha, Qarshida 5 000 otliq qo‘shin joylashar ekan. Agar har bir askar – cherikka 2 ta ot berilsa, demak, 10 000 ot bo‘ladi. Otboqar va boshqa xizmatchilar hisobga olinsa, odam soni ham 10 000 kishini tashkil etadi. Oldingi ilg‘or qo‘shin, piyoda yoki o‘qchi cheriklar-chi? Bundan boshqa g‘o‘l, o‘ng va so‘l qanot jangchilar-chi? Demak, bunday qo‘shinlarga bir necha «bag»lar rahbarlik qilishi tabiiy.

Qarshida turib, qo‘shinga rahbarlik qiluvchi baglar (beklar) – «Teginbag» (shahzoda), «Inonchbag» va boshqa baglar bo‘lganki, ularning har biri maxsus qo‘shinlarga ega bo‘lib, agar tabizlik (hasad-fasod) chiqsa, u holda bir-biri bilan to‘qnashib, taxt-mulk talashganida yana urush chiqaradi degan o‘git beriladi «Qutadg‘u bilig» asarida. Ushbu atamani yanada aniq bilish uchun Mahmud Koshg‘ariyning mashhur «Devonu lug‘otit-turk» asariga murojaat qilamiz:

«1. Qarshi – shoh qasri (xon o‘rdasi ham deyish mumkin – H.I.). 2. Qarshi – teskari, qarshi; kecha kunduzning qarshisidir. 3. Qarshi – ikki bag orasidagi qarama-qarshilik» deb yozgan edi o‘z zamonasida bu qomusiy olim («Devon», 1-jild, 399-400-bet).

Manbalarda yozilishicha, «Qarshi» qo‘rg‘onining atrofi aylanasiga suv to‘ldirilgan xandaq bilan o‘ralgan ekan.

Ba’zi tarixchilar «Qarshi» atamasini mo‘g‘ulcha so‘z deb izohlashga uringanlar.

E’tibor bering: Yusuf Xos Hojib, Mahmud Koshg‘ariy o‘z asarlarini yozgan chog‘da mo‘g‘ullarning yetti otayu onasining qadami bu joylarga tegmagan bo‘lsa, qanday qilib bu atama mo‘g‘ulcha bo‘ladi? Aksincha, bu atama mo‘g‘ul tiliga turkiy til orqali kirgan iboradir. «Boburnoma»da: «Qarshi mo‘g‘ulcha ottur. Go‘rxonani mo‘g‘ul tili bilan Qarshi derlar. G‘olibo, bu ot Chingizxon tasalludidin (bosib olishidan) so‘ng bo‘lg‘ondur» degan jumlaga duch kelamiz («Boburnoma», 47-bet.) Nahotki, Bobur yanglishgan bo‘lsa?

Ancha uzoq zamonlardan buyon xon o‘rdasi bo‘lib kelgan Qarshi, mo‘g‘ullar bosib olgandan keyin ularning diqqatini o‘ziga jalb qilganga o‘xshaydi. Gap shundaki, «G‘olibo» iborasi «ehtimol» ma’nosida bo‘lgani uchun buni Bobur mutloq va qat’iy aytmagan. Nashrda bu so‘z «G‘olibo» deb yanglish berilgandir. Tarixiy manbalarda yozilishicha, Chig‘atoy mo‘g‘ullaridan bo‘lmish Kebakxon 1318 yili ikkinchi marta xonlik taxtiga chiqadi. Ana o‘sha zamonda xon o‘rdasi Ili daryosi vodiysidagi Olmaliq shahrida bo‘lgan edi. Amaldorlarning fitna-fasod, ziddiyatlaridan bezib, ulardan uzoq turishni maqsad qilgani sababli, Kebakxon Chig‘atoy ulusi poytaxtini 1320 yillarda Olmaliqdan Qarshiga ko‘chiradi. Shahardan uzoq joyga o‘zi uchun saroy qurdiradi. Mo‘g‘ullar istilosiga qarshi bo‘lgan kishilarni qatl etish uchun ana o‘sha Qarshi hududi qulay kelgan bo‘lsa kerak, shu bois bu shaharni o‘zlaricha «Go‘rxona» deb atashganga o‘xshaydi. Shubha yo‘qki, «Qarshi» atamasi mo‘g‘ullar o‘zlashtirgan atamadir. Har bir xalq o‘zlashgan, o‘z tiliga singib ketgan har qanday so‘zni o‘ziniki deb biladi.

Bundan tashqari, mo‘g‘ullarning yozuvi yo‘q bo‘lgani uchun Chingizxon buyrug‘i bilan ular uyg‘ur bitigini qabul qilganlar. Hozir ham Mo‘g‘ulistonda va XXRdagi Ichki mo‘g‘ul avtonom o‘lkasida uyg‘ur bitigi saqlanib qolgan. Mo‘g‘ullarning davlat idoralarida turkiy baxshilar, devonbegilar yozuv ishlarini olib borganki, buni tarixiy dalillar, qo‘lyozma manbalar tasdiqlaydi.

Binobarin, Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» asarida hukmronlar to‘g‘risida bitilgan dasturlar O‘zbekiston davlatchiligi tarixini o‘rganishda ham olamshumul ahamiyat kasb etadi. «Qutadg‘u bilig» asarini qayta tadqiq etib, matn mohiyatini to‘g‘ri izohlaydigan lug‘at bilan ta’min etish navbatdagi jiddiy vazifalardan biridir.

Hamidxon Islomiy,

O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining katta ilmiy xodimi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 1-son