Hakim Sattoriy. Oltin silsilaga tizilgan qoidalar

http://n.ziyouz.com/images/amir_temur2.jpgHayotda hamma narsa nisbiy, faqat vaqt nisbiylikni ham pisand qilmay, hamma narsaga baho berish mezonlarini tayin etadi. Bugun g‘ildirakning birov xayoliga kelmaydigan ixtiro sifatida kashf etilgani hech kimning diqqatini tortmaydi, holbuki, u amaliyotda qo‘llana boshlanishi bilan borliqda ko‘p narsa o‘zgarib ketdi, hatto texnika degan fan shu asosda paydo bo‘ldi. Mashina mexanizmlarini turli o‘lchamdagi aylana yoki doiralarsiz tasavvur qilish mumkin emas. Har bir o‘zgarish yillar, o‘n yillar, balki yuz yillar davomida amalga oshirilgan. O‘sha ajdodlarimiz harakati bilan yaratilgan g‘ildirak bugun odamzodga beminnat xizmatda, uning ixtirochilarini esa hech kim eslamaydi.

Buyuk haqiqatlar ko‘lamini inson shuuri ko‘p-da qamrab olavermas, balki bunga ojizlik qilar, ulkan kashfiyotlar hech qanday ta’masiz inson hayotiga singib ketaverar, beixtiyor uning ajralmas bir bo‘lagiga aylanib qolar ekan. Sohibqiron Amir Temur haqida mushohada qilganda ham ana shu haqiqat yodga tushaveradi. Odamzod naslining bir vakili hayotligida qanday bo‘hronlarni boshdan o‘tkazgan. Yorug‘ dunyoni tark etgach esa muborak xotirasi bir tomondan mislsiz sinovu boshqa tarafdan ta’rif-tavsiflarga duch kelgan. Nima bo‘lganda ham Amir Temur xuddi poytaxtimizda o‘rnatilgan muhtasham haykal kabi insoniyat tarixi xiyobonida hech narsani pisand qilmay mag‘rur turibdi, inson bolalari yillar o‘tgan sayin tobora oshib borayotgan qiziqish bilan unga talpinadilar, qandaydir ma’noda, turmush tashvishlarining yechimida uni o‘z qatorlarida ko‘radilar.

Amir Temur ot surgan paytda dunyo qanday qiyofada edi? Bundan 680 yil oldingi manzarani ko‘z oldimizga keltirsak, odamzod bugungi Amerika qit’asini ham, AQSh degan davlatni ham bilmas edi. Yevroosiyo materigining qaybir kunjida odamlar daraxt yaproqlarini yopinib, garpun bilan baliq, cho‘qmor bilan ayiq ovlab qorin to‘yg‘azib yurgan bo‘lsa, boshqa burjida ular moldek sotilar, kuchli tabaqa kuchsiz tabaqani g‘ajib yeb yotardi. Sohibqiron saltanati qisqa davrda shunday darajaga erishdiki, zolimlar jilovlandi, davlatchilikda maosh to‘lash, daromaddan soliq undirish kabi bugun ham takomillashtirishga munosib tizimlar yaratildi, madaniyat taraqqiy etdi. Bu hol, balki uzluksiz tamaddunning navbatdagi bosqichidir, rivojlanishga yuz tutgan taraqqiyotning taraqqiy ettirilishidir. Agar ahvol shunday bo‘lganda edi, hech bir qahramonlik talab qilinmas, sun’iy dahoga ehtiyoj ham yo‘q edi. Biroq aslida boshqacha bo‘ldi. Endi tarixiy dalillarga quloq tutaylik.

Ma’lumki, XSh asr boshlaridagi mo‘g‘ul istilosi islom dini tufayli vujudga kelgan to‘rt asrlik taraqqiyotni yer bilan yakson qildi. Shaharlar o‘rnida kultepalar, qishloqlar o‘rnida qabristonlar qoldi. O‘sha kunlar manzarasini tarixga muhrlagan Istaxriy, Natanziy, Mahmud ibn Vali va boshqa muarrixlarning qayd etishicha, vayronalarni tiklab, yana gullagan hayot tarzini izga solish uchun kamida ming yillar (!) kerak bo‘lardi. Hatto mislsiz ko‘rgiliklarning dahshatidan larzaga tushgan olimlar bu voqealarni ko‘rguncha ko‘r bo‘lsam yoki oldinroq o‘lib ketsam bo‘lmasmidi, deya nadomatlarini yozib qoldirganlar. Ahvol haqiqatan fojiali edi. Ke­yinchalik Samarqandni tiklashga kirishganlarida vayronalardan yerni tozalash imkoni yo‘qligidan boshqa joyda, qadimgi o‘rnidan g‘arbroqda yangi shahar bunyod etildi. O‘z ma’rifati bilan dunyoni maftun etgan Buxoro shahri shunchalar vayron qilingandiki, shaharda qariyb o‘n yil biror tirik jonning yashashiga imkon qolmagandi. 1330 yil Samarqandga tashrif buyurgan mashhur sayyoh Ibn Battuta qog‘oz va ipak matolari shuhrati olamni tutgan shaharning butunlay yo‘q bo‘lib ketganidan yoqa ushlagan, uning o‘rnida loysuvoq uylarni ko‘rib, o‘zi tasavvur qilgan obod maskanning qay tarzda yerga kirgani yoki osmonga chiqib ketgani sirini topa olmagandi. Xullas, Amir Temur tarix maydoniga chiqqanda ahvol ana shunday edi. Ezilgan, xo‘rlangan xalq kayfiyatini, keyingi bosqinlar jarohatini eslatmay qo‘yaveraylik – ahvol shusiz ham ma’lum. Yer yuzining jannatmonand bir go‘shasi xarobaga aylangan, Yaratgandan bir xaloskorni kutardi. Voqealar tarix g‘alvirida saralandi, zamon charxi aylanib Amir Temur katta sahnaga chiqdi. Uning zimmasida olamshumul vazifa turardi, tole unga shunday qismatni nasib etgan ediki, yo bu bo‘hrondan zafar bilan chiqib, millat quyoshiga aylanadi, yo to‘fonlar girdobida boshi aylanib, mahv etiladi. Taqdirga shukrki, u haqiqiy xaloskorga aylandi.

Amir Temur Turon davlatini boshqargan 35 yil davomida ko‘plab olamshumul ishlarni amalga oshirdiki, ularning aqalli bittasini bajara olgan zotni millati iftixor bilan eslaydi. Bunday inson bashariyat olamida nodir hodisa, uni tasavvur qilishga mushohada ko‘lami yetmaydi.

Samarqandni poytaxtlikka tanlagach, Amir Temurning birinchi yumushi bosqinchilar hujumidan vayronaga aylangan qal’a devorini tiklash bo‘ldi. Bu vazifani uddalashda sur’at va tadbirkorlik, tinchlikdan sarafroz bo‘lgan odamlarning g‘ayrati, hashar, osoyishtalik shukuhi baxsh etgan ko‘tarinkilikni xayolan tasavvur qilish mumkin. Zimmada esa bundan ham muhim tashvishlar bor edi. Ikki daryo oralig‘idan tortib, Afrika quruqligigacha cho‘zilgan hududda elxoniylar, muzaffariylar, kurdlar, Jo‘chi ulusi, Dashti Qipchoq chingiziylari va boshqa sulolalar qaynagan qozondek junbishga kelib, bir-biri bilan qirpichoq bo‘lib yotardi. Movarounnahr o‘nga yaqin bekliklarga bo‘linib ketgan, qondoshlar bir-biriga dushmandan battar murosasiz edi. Urushlardan xalqning sillasi qurigan, qon to‘kishdan quturgan zo‘ravonlar esa har qanday andishani unutgandi. Tinchlik suv va havodek zarur edi. Buni chuqur his etgan yosh hukmdor chegaralarni mustahkamlash, beboshlarni jilovlash uchun yurishlar qildi. Keyinchalik ham Sohibqiron siyosatining bosh yo‘nalishi tinch­lik, omonlik, fuqarolar osoyishtaligiga qaratildi. Tinimsiz yurishlar natijasida butun saltanatda tartib, adolat o‘rnatildi. O‘sha zamon tarixchisi: “Yosh bola boshiga bir tabaq oltun bila saltanatning u chetidan bu chetiga yurib o‘tsa, unga qo‘l tekkizadigan birar odam bo‘lmas”, deb bekorga qayd etmagan edi.

Qolaversa, tor doiradan chiqib, sayyoraviy ko‘lam kasb etgan Sohibqiron o‘z davrining “Tinchlik kafolati” sifatida tan olindi. O‘zaro mojarolar joniga tekkan Iroq, Shom, Misr, Hindiston, Dashti Qipchoq va boshqa mamlakatlardan elchilar kelib, uning ko‘magiga ko‘z tikdilar. Shu murojaatlar bois uch, besh, yetti yilga cho‘zilgan yurishlar tashkil qilindi. Oqibatda mamlakatlar osoyishtaligi, karvon yo‘llarining xavfsizligi ta’minlandi. Ulamolar anjumanlari chaqirib (masalan, Boylaqonda), hal qilinishi lozim bo‘lgan diniy muammolar borasida mashvaratlar tashkil etdi.

Obodonchilik, bunyodkorlik Sohibqiron hayotsevarligining, go‘zallikni qadrlashining, undan zavqlanishining ramzi edi. Afsonaviy Eramdek muhtasham bog‘lar barpo etilib, havas qilar darajada oro berildi. Tik­­langan saroylar gumbazi esa “osmon toqidan andoza olib, yulduzlar bilan bo‘ylashardi”. Changalzorlar ochilib, katta yo‘llar solindi, qush uchsa qanoti kuyadigan sahrolarda rabotlar, langarlar, musofirxonalar qurildi, ko‘plab quduqlar kavlandi. Shaharlarga toza suv keltirildi, ko‘priklar barpo etildi. Bu ishlar Turkiston diyoridan tashqari bobomiz muborak qadami yetgan barcha hududlarda baravar amalga oshirildi.

Eng mukammal loyihalar asosida qurilgan madrasalarda zamonasining allomalari yosh ilm toliblariga dars berar, diniy ilmlar bilan birga dunyoviy bilimlar ham o‘qitilardi. Amir Temur va Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat, san’at gullab-yashnadi. Ilmda erishilgan yutuqlarning cho‘qqisi Mirzo Ulug‘bek bo‘lsa, adabiyot va san’atdagi yorug‘ yulduz Alisher Navoiydir. Bu ikki buyuk zotning olamshumul shuhrati ta’rif-tavsiflarsiz ham ma’lum. Taraqqiyotning izchil tadriji ta’minlanmaganida bunday buyuk daholar insoniyat uchun orzu bo‘lib qolaverar edi. Na osmon ilmi kashf etilib, sayyoralararo uchish apparatlariga yo‘l ochilgan, na so‘z sehri mislsiz mo‘jizalar yaratgan bo‘lardi. O‘sha kunlarni yoritgan chiroqning piligini bobokalonimiz Amir Temur ko‘tarib qo‘ygan.

Bulardan tashqari, davlatchilik tamoyillarining yaratilishi va mustah­kam­lanishi, harbiy sohadagi islohot va natijalar katta-katta kitoblarga mavzu bo‘ladi. Kitoblar haqida esa bobomizning bahosi mana bundoq edi: “Yozilgan bitiklar qurilgan imoratlardan ham uzoq yashaydi”. O‘sha kunlar zafarnomasi ham kitob orqali bizga yetib keldi.

Sohibqiron bobomiz ham, avlodlari ham tabiatan baynalminal zotlar bo‘lgan. Zero, bu fazilat qalbning buyukligi, yuksak insoniylik va o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch alomatidir. Bunday ranginlik faqat davralarni emas, dillarni, madaniyatlarni ham bezagan, turmushning barcha jabhasida baravar joriy qilingan. Ehtimol, Sohibqiron asos solgan davlatning poydorligi, kuchi, yashovchanligi ham shundadir.

Saltanat yashovchanligida ma’naviy asoslarning insoniyligi ham katta ahamiyat kasb etadi. Zero, moddiy olam o‘tkinchi – binolar qulaydi, yo‘llar berkiladi, odamlar yorug‘ olamni tark etadi. Ruh esa boqiydir, u avloddan avlodga o‘tib, tiriklikning manguligini ta’minlaydi. Amir Temur davlatining ma’naviy asoslari haqida mulohaza qilganda, bu darajaga erishish necha yillar osha bugun ham qiyin bo‘layotganini, ruhiy yuksaklikka moddiy ehtiyojlar to‘la qondirilganidan so‘ng yetishish mumkinligini bilamiz. “Odamlar qo‘shiqni ham qorni bilan tinglaydi” degan gapga e’tibor bersak, och-yupun kishilar eng olijanob g‘oyalarni ham qabul qilmaydi, bu boradagi gap-so‘zlar quruq safsata bo‘lib qolaveradi. Ana shunday yuksak­likka ko‘tarilish kalitini bobolarimiz XIV asrdayoq topgan, adolat tantanasiga erishgan edilar. Qolaversa, buyuk shaxs faoliya­tining asosiy mazmuni ikki so‘zda mujassamlashgan: “Kuch – adolatda!” Qonun ustuvorligi ta’minlangan davlatda, haqiqat qarshisida hamma bir xil javob beradi. Negaki, bu tizimning asoschisi allaqachon “Qonun ustuvor bo‘lgandagina erkinlik ta’minlanishi”ni anglab, bu qoidani amaliyotga joriy etgan edi. Erkinlik – hukmdorlarning obro‘si, xalqning esa huzur-halovatda yashash kafolati bo‘lgan.

Xalq manfaatini muhofaza qilish davlatning asosiy vazifasi qilib belgilanganida mazlumlarni zolimlar zulmidan muhofaza qilish Sohibqironning nafaqat hukmdorlik, balki insoniy e’tiqodi ham bo‘lgan edi. Keyingi avlod bu fazilatni bobo vasiyati, otameros aqida sifatida qabul qildi. Bugungi istilohlar bilan aytganda, davlatning asosiy tayanchi bo‘lgan xalqning boshqaruv yumushlariga kengroq jalb qilish maqsadida odamlar erkin fikr yuritishlari, o‘z munosabatlarini tortinmay va cho‘chimay bayon etishlari uchun sharoitlar kafolatlandi. Avvalo, har bir fuqaroning shaxsiy nuqtai nazari bo‘lishi muhim edi va Sohibqiron buni qadrlagan. Foydali fikr aytgan, maslahat bergan kishini yetarlicha siylagan. Ibn Arabshoh yozadi: “U (Amir Temur) o‘z davlati arkonu a’yonlarini, mulohaza va mashvarat egasi bo‘lgan kishilarini qoldirmasdan to‘plardi. Bola otaning, ota esa bolaning o‘rnini bosa olmasdi. So‘ngra ularga maxfiy tutgan masalasini zohir qilib, qaysi tomonga yurish haqida maslahat so‘rar hamda gap jilovini ularga tashlab qo‘yib derdi: “Xalqning xos qismi bu masalaga chuqur qarab, bir kun bilan bir yil orasidagi ishlar oqibatini ko‘zlab gapirsa, gunohi yo‘q. Mayli, har kim xatoning eng quyisigacha yiqilsa ham, yoki savobning cho‘qqisiga ko‘tarilsa ham hech bir tortinmasdan gapiraversin. Agar xato qilsa, bu nuqson emas, maqsadga muvofiq so‘z aytsa, unga ikki hissa mukofot bor”. Qarangki, bundan olti yuz yillar oldin, endi keng qo‘llanilayotgan referendum singari mashvaratlar bobokalonimiz saltanatida mavjud bo‘lgan. Taraqqiyot bu darajani inkishof etish uchun Amir Temurdan keyin yana olti yuz yil sarfladi. Bu dalillar Sohibqiron shaxsiyatining benazirligini yana bir bor tasdiqlaydi. Insoniyatning hamon qiziqishi so‘nmayotgani ham o‘sha ayyomlarda qo‘lga kiritilgan olamshumul yutuqlar sirining hozirgacha to‘la ochilmaganidadir.

Saltanatning ma’naviy ustunlari haqida gap ketganda, ilm-urfon gullab-yashnaganini, ma’rifat barcha qalblar, yo‘llar va manzillarni yoritib turganini faxr bilan ta’kidlash o‘rinli. Ehtimol, insoniyat tarixida Temuriylar davridek ma’rifat ulug‘langan, barcha masalada ma’rifiy yondashuv qaror topgan boshqa tuzumni uchratib bo‘lmas. Agar bitta buyuk olim yoki shoirning yetishib chiqishi uchun minglab ilm-fan, san’at-madaniyat ahli yelkasini tutishi lozimligini eslasak, Mirzo Ulug‘bek yoki Alisher Navoiyning quyoshdek porlashi uchun minglab yulduzlar atrofida nur sochib turganini tasavvur qilish qiyin emas.

Ma’rifatga fidoyilik bobokalonimiz fitratida bor edi va bu fazilat avlodlarida yana ham charaqlab, barq urdi. Yurishlar davomida qo‘lga kiritilgan xazinalar ichida eng qimmatlisi kitoblar bo‘lgan. Kitoblarni o‘z og‘irligiga teng tilla bahosida sotib olingani, raqiblar kitob tutib peshvoz chiqsa, ular afv etilgani, kutubxonalarni himoya qilib jang qilganlar mukofotlangani haqida ko‘plab dalillar qayd qilingan. Hatto biror qishloq yoki qasabada ilmli kishi bo‘lsa, unga shikast yetkazilmagani, aksincha, biror e’tiborli shaxs hurmati uchun o‘sha joy aholisiga ulufa tarqatilgani (masalan, Tabriz yaqinidagi Shabistar qishlog‘ida to‘rt mingga yaqin aholiga besh misqoldan oltin ulashilgan) holatlari ham ko‘p bo‘lgan. Muarrixlar kitoblarni Samarqandga jo‘natish uchun tayyorlangan charm xurjunlarning ta’rifini keltirganlar. Kitoblar zaxa tegmay yetib kelishi ta’minlangan, uni eng ishonchli sarbozlar qo‘riqlab borgan. Xuddi shunday munosabatga mos ravishda ilm-fan, madaniyat-adabiyot ahli e’zoz topgan. Alisher Navoiy xorazmlik bir shoirning g‘azali ma’qul tushgandan keyin uni Sulton Husayn poytaxt Hirotga ko‘chirib keltirgani, ijodiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatgani dalilini keltirib o‘tadi. “Zar qadrini zargar biladi” deganlaridek, hukmdorlarning hammasi yaxshi tahsil olgan, aksariyati shoir yoki olim, devon tuzgan, hatto katta she’riyatda e’tirof etilgan edi.

Barcha yumushlarda Sohibqiron Amir Temur halol tamoyilga amal qilgani, bu borada hatto farzandlarini ham ayamagani haqida kitob­larda yozilgan. Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonida Sulton Husaynning halollik talabiga javoban qari kampir oldida boshini kundaga qo‘yganini qayd etgan. Halollik besh asr harakatda bo‘lgan davlatning eng muhtasham ma’naviy ustunlaridan bo‘lgan.

Umuman, bobokalonimiz va avlodlarining insoniyatga qoldirgan ma’naviy meroslari haqida uzoq so‘zlash mumkin. Gapning qisqasi shuki, yutuqlarning bosh omilida ma’naviyat ulug‘langan va shu asosga tayanilgan. Odamning fikrini o‘zgartirmasdan o‘zini o‘zgartirib bo‘lmaydi, odamni o‘zgartirmasdan olamni o‘zgartirish mumkin emas. “Temur tuzuklari”ning ikkinchi kitobi aynan saltanatni boshqarishning ma’naviy asoslariga bag‘ishlangan. Sohibqiron tomonidan yaratilgan va amaliyotga joriy etilgan tamoyillar otaning o‘g‘ilga nasihatidek samimiy ohangda ifodalanar ekan, ko‘z oldimizda buyuk sarkarda, davlat arbobi, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi gavdalanadi. Hayotning ming bir chig‘irig‘idan o‘tib, to‘plangan tajriba ifodasi ertaga mo‘l hosil berishi kutilayotgan bog‘dek shovullab turadi. Saltanat martabasiga erishishda qo‘llanilgan o‘n ikki tuzuk, saltanat obro‘-martabasini saqlashning to‘rt talabi, saltanatni mustahkamlashda tayanilgan o‘n ikki toifa, saltanatni tasarrufda saqlash uchun amal qilinishi shart bo‘lgan o‘n ikki talab sharhi keyingi avlodlar uchun jangda temir sovut yoki keskir qilich qanchalik muhim bo‘lsa, shunday asqotgani sir emas.

Ayniqsa, xalq va rahbarlarning ijtimoiy mavqei, fe’l-atvori va salohiyati hisobga olinib, o‘n ikki toifaga bo‘lingani, ehtimol, dunyo davlatchiligi tarixida o‘ziga xos novatorlik bo‘lgandir. Bu o‘n ikki toifani Sohibqiron “saltanatim falakining o‘n ikki burji va davlatim korxonasining o‘n ikki ustuni deb hisobladim” deydi. Xolisona olib qaralsa, har soha kishisining o‘z tabiati, kasbiy qiyofasi bo‘ladi, demak, barchaga bir xil muomala qilish ma’nisizlik, balki “bir gavron bilan suruvni u yon-bu yon haydagan cho‘pon”ning yumushidir. Qur’oni karimda ham odamlarning bir-biridan farq qiluvchi toifalar holida yaratilgani ta’kidlanadi, bir toifa boshqa toifa ustidan hukmron qilib qo‘yilishi joiz hisoblanadi. Shunday muhim, ayni paytda nozik holni idrok etgan bobokalonimiz davlatni boshqarishda har bir qatlamga xos siyosat ham yaratgani shubhasiz. Demak, tasnif asosida har bir toifaga mansub fuqaroning ijtimoiy mavqei, ularga davlatning munosabati (muomalasi), faoliyatni rivojlantirish tizimi belgilab qo‘yilgan bo‘ladi. Shunga ko‘ra, bu holni davlat mafkurasining asosi deb baholasa bo‘ladi. Uni Sohibqiron Amir Temur davlat boshqaruvida istifoda etgan. Agar tasavvurga erk berib, mushohada qiladigan bo‘lsak, shunday zargarona munosabat tufayli davlat mexanizmi o‘ta aniqlikda ishlagan, hech kim va hech narsa e’tibordan chetda qolmagan deb hisoblash mumkin.

Oltin silsilaga tizilgan bu qoidalar olamni buzilishlar, vayrongarchiliklardan saqlab turishga da’vat etuvchi yo‘l-yo‘riqlar bo‘lgani shubhasiz. Mashoyixlar ta’biri bilan aytganda, “doimo buzilishga mahkum, vayrona kulba” hisoblangan dunyoning davomiyligini ta’minlash, uning shikastlangan tomini ta’mirlash uchun Yaratgan insoniyatga bunyodkor shaxslarni ato etib turar ekan. Turonzamin xaloskori, Temuriylar davlati asoschisi, dunyo tamaddunining buyuk me’morlaridan biri Sohibqiron Amir Temur ana shunday porloq tole egasi bo‘lgan. Ulug‘ tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy aytganidek, Sohibqiron Parvardigori olamning: “Men yerda xalifa (o‘rinbosar) yaratmoqchiman” degan inoyatiga sazovor bo‘lgan yetakchi sifatida insoniyatga tuhfa etilgan dahodir. Unga oldindan ko‘ra bilish fazilati tufayli yer yuzida egalik qilish huquqi berilgan edi. Ana shu qudrat tufayli dunyo imorati uzoq yillar obod va muhtasham bo‘lib turdi. Uning shukuhi bugungi kunlarimizgacha yetib keldi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 3-son