Edvard Radzinskiy. Qonsiragan ilohlar

Ushbu kitob muallifi taniqli dramaturg, yozuvchi va stsenarist Edvard Radzinskiy nomi va asarlari dunyoga mashhur.  U 1936 yil Moskva shahrida tug‘ilgan. E. Radzinskiy o‘zini tarix haqida yozadigan yozuvchi deb hisoblaydi.

Uning “Lunin yoki Jakning o‘limi”, “Suqrot bilan suhbatlar”, “Neron va Seneka davri teatri”, “Jallod: gilotina tomon yo‘l-yo‘lakay gurunglar” pesalari, “Nikolay II: hayoti va o‘limi”, “Nazokat asrining halokati”, “Rasputin: hayoti va o‘limi”, “Napoleon: o‘limdan keyingi hayot”, “Tarix jumboqlari”, “Stalin”, “Zulmkor va soya”, “Jallod bilan sayr”, “Imperiya halokati” singari ilmiy, badiiy va tarixiy-publitsistik asarlari dunyoning juda ko‘plab tillariga tarjima qilingan. Ayniqsa, uning tarix haqida maroq bilan hikoya qiluvchi televideniye orqali chiqishlari katta shuhrat qozongan.

Muallifning “Qonsiragan ilohlar”[1] tarixiy asari 1789 yil bo‘lib o‘tgan va tarixga Buyuk frantsuz inqilobi nomi bilan kirgan hamda 1917 yil Rossiyada yuz bergan Oktyabr inqilobi tufayli ming yillik monarxiya va imperiyaning yemirilish jarayonida sodir bo‘lgan  yovuzliklar, behuda qon to‘kishlarni  hokimiyat va shaxs, g‘oya va axloq, aql va tuyg‘u kontekstida tahlil hamda hikoya qiladi. Frantsuz yakobinchilari (Buyuk Frantsuz inqilobi davrida siyosiy klub. Inqilobning o‘ta radikal va ta’sir doirasi keng siyosiy kuchlaridan biri. Tarjimon) va rus bolsheviklarining inson hayotiga bepisand munosabati tabiatini ochib berishga harakat qiladi. Rossiyada sodir bo‘lgan oktyabr to‘ntarishi dohiylari har bir ishda yakobinchilarni o‘zlariga ustoz deb bilganligi, ulardan andaza va iqtibos olishganini tarixiy faktlar asosida tahlil qiladi.

Muallif  tarixiy voqealarni inson taqdiri, ular o‘rtasidagi munosabatlar va evrilishlar orqali bayon etadi. Edvard Radzinskiy “tarix haqida yozadigan yozuvchi” sifatida tarixiy voqealar markaziga inson va uning o‘y-xayollari, iztirob va ojizliklari, maqsad va muddaolarini qo‘yadi. Inson taqdiri va fojialari orqali davr va jamiyatning eng o‘tkir muammolarini ochib beradi.

Inqiloblar davlat, jamiyat, xalq va alohida shaxslar hayotini izdan chiqarib, barbod etishi insoniyat tarixidan yaxshi ma’lum. Asrlar davomida shakllangan davlatchilik an’analari, xalq qadriyatlari va ijtimoiy munosabatlarni qadrsizlantirish inqilob tabiatiga xos xususiyat. Eng yomoni, inqilob insonning eng tiyiqsiz tuyg‘ularini junbishga keltiradi. Jamiyatni, millatni, oila va odamlarni keskin va qarama-qarshi tomonlarga bo‘lib tashlaydi. Odamlar ong-tafakkurini o‘tkinchi g‘oya va shiorlar bilan zaharlaydi. Davlat va jamiyat rivojini tabiiy o‘zanidan chiqarib yuboradi. Inson hayoti uchun eng zarur tovar va xizmatlarning taqchilligi va tanqisligi, mas’uliyat va javobgarlikning yo‘qolishi, ommaviy tartibsizlik va zo‘ravonliklar inqilob tug‘diradigan dastlabki “farzandlar”dir.

“Inqilobni amalga oshirganlar, inqilobni boshqarolmay qolishgandi. Biz inqilobning otasimiz, deb o‘ylashardi ular.

Eslab qolaylik: inqilobning otasi bo‘lmaydi. Uning faqat nochor va notavon farzandlari bo‘ladi xolos.

Inqilobni boshlash mumkin, lekin uni qanday yakunlashni hech kim bilmaydi?!” deb yozadi muallif.

Inqilobdan so‘ng g‘oyalar kurashi to‘xtaydi. Hokimiyat uchun kurash boshlanadi. Yolg‘on, nafrat, o‘ch olish maydonga chiqadi. Xuddi shu damdan boshlab inqilob o‘zi nima uchun amalga oshirilganligi hammaning esidan chiqadi. Zo‘ravonlik va terror boshlanadi.

Eshafotda (O‘lim jazosi ijro etiladigan taxta supa. Tarjimon) turib, o‘limi oldidan kuni kecha Milliy majlisning raisi bo‘lgan inqilobchi-jirondist Verno o‘lmas bir iborani aytadi: “Xuddi iloh Saturndek, Inqilob o‘z bolalarini yeb yuboradi”. Keyin esa ularni eshafotga jo‘natgan boshqa lug‘at barcha buyuk inqilobchilarga qarata: “EHTIYoT BO‘LING, ILOHLAR QONSIRAGAN” so‘zini qo‘shib qo‘yadi”.

Oradan bir muddat vaqt o‘tib jirondistlar (Buyuk frantsuz inqilobini amalga oshirgan siyosiy kuchlardan biri. Tashkilot yetakchilarining katta qismi Frantsiyaning Jironda departamentidan deputat etib saylanganligi bois ular o‘zlarini “Jirondistlar” deb atashgan. Tarjimon)ni o‘limga yo‘llagan yakobinchilarning o‘zlari gilotina tomon yo‘l olishadi.

Inqilob ana shu tariqa uzluksiz sharmandali qon to‘kish bilan davom etadi.

Muallif inqilobni obrazli qilib tantiq, suyuqoyoq va o‘jar ayol – Xonimga o‘xshatadi. Kitobda hikoya qilingan voqealardan kelib chiqib buning yoniga Inqilob – o‘taketgan mas’uliyatsizlikdir degan ta’rifni qo‘shish mumkin.

Hududi jihatidan dunyodagi eng katta mamlakat va qudratli imperiya bo‘lgan Rossiyada qonuniy hokimiyatni mas’uliyatsizlik va zo‘ravonlik bilan ag‘darib tashlab – bolsheviklar endi nima ish qilish kerakligini bilmay boshlari qotgan ekan. Buni inqilob dohiylaridan biri Kamenevning quyidagi fikri tasdiqlaydi. Bolsheviklar Markaziy Komiteti Smolniydagi xira yoritilgan bir xonada turgan stol atrofiga yig‘ilishadi. Kamenev shunday deydi: “Hokimiyatni olishdek ahmoqlikka yo‘l qo‘ydikmi, demak, endi hukumat tuzishimiz zarur”.

Bu – inqilob tug‘dirgan siyosiy mas’uliyatsizlikka yorqin misol.

Davlat va jamiyatning taraqqiyoti tadrijiy yo‘l asosiga qurilishi zarurligi, har qanday inqilob – u  qanday ezgu maqsadlar yoki balandparvoz shiorlar ostida amalga oshirlmasin, inson hayotini tabiiy o‘zanidan chiqarib yuborishi, odamlar boshiga son-sanoqsiz kulfatlar keltirishi, yovuzlik va adolatsizlikka keng yo‘l ochishi kitobning asosiy xulosalaridandir.

Biz tarjima jarayonida Edvard Radzinskiyning o‘ziga xos hikoya qilish uslubini saqlab qolishga harakat qildik.

Tarjimon

I QISM

Inqilobdan bir necha yil o‘tib, 1803 yil Jan-Fransua de Lagrap vafot etdi. U taniqli yozuvchi va yoshlik chog‘larida ashaddiy dahriyligi bilan nom chiqargandi. Inqilob sarosimalarida boshidan ko‘p mashaqqatlarni o‘tkazib, dinga qattiq ixlos va e’tiqod bilan dunyodan ko‘z yumadi. O‘limidan so‘ng uning qog‘ozlarining ichidan butun Yevropani qattiq hayajonga solgan bir sirli matnni topishadi. Bu – uning xotirnomasi edi.

Lagrap inqilobdan biroz oldin bo‘lib o‘tgan bir voqeani yozgandi. Katta bir amaldorning uyida jamiyatning oliymaqom va eng muhimi, erkin fikrlovchi (darvoqe, o‘sha paytda barcha o‘zini erkin fikr quchog‘iga otgandi) insonlaridan – Akademiya a’zolari: Volterning do‘sti, mashhur olim markiz Kondorse, faylasuf Shamfor, o‘zining liberal dunyoqarash va g‘oyalari bilan ma’lum bo‘lgan ministr Malzerb va boshqalar jam bo‘lishadi. Suhbatda bir nechta go‘zal xonimlar ham ishtirok etadi. O‘sha paytda go‘zal ayollar nafaqat eng zamonaviy urf-odatlarga rioya qilishlari va so‘nggi rasmda kiyinishlari, shu bilan birga aql-farosatda ham birovdan kam bo‘lmasliklari kerak edi… Shu bois ular ham suhbatga qizg‘in kirishib ketadilar.

Suhbat  xizmatkorlardan tortib,  gertsoglar saroylarigacha – barcha-barcha gapirib yurgan mavzuda edi. Ular dastlab Volter, Didro, Russo, Monteske haqida bahs-munozara yuritishadi. Hozir mashhur futbolchilar odamlar orasida qanday e’tiborga ega bo‘lsalar, yuqoridagi nomlar o‘sha paytda xuddi shunday – hammaning og‘zida edi.  E’tiborsiz va nufuzsiz qirolning ustidan kulib, uni masxaralaydilar. Keyin suhbat o‘zani dinga borib taqaladi. Bu mavzuda ham dilxushlik qilishadi. Volterning “suyuqoyoq iloha” (o‘shanda uni shunday atashardi) haqidagi “Bokira”sidan iqtiboslar keltirishadi, Didroning “Oxirgi popning ichagi ichra so‘nggi podshoni ko‘ramiz” degan satrlarini eslashadi. Inqilobdan keyin Aql-idrok Podsholigi o‘rnatiladi, din ming yillar sarqiti sifatida butkul yo‘qoladi, deb ishonch bilan so‘z yuritishadi. Keyin suhbat shak-shubhasiz sodir bo‘ladigan Inqilob haqida ketadi. Inqilob albatta  bo‘ladi, ammo bizning yoshimiz o‘tib qoldi, afsuski, Inqilob tug‘diradigan Aql- idrok hukmronligini ko‘rish bizga nasib etmaydi, deb biroz xafa ham bo‘lishadi…

Xuddi shu joyda suhbatga Kazot aralashadi. Odamlar orasida juda mashhur bo‘lib ketgan “Oshiq bo‘lib qolgan shayton” mistik romanining muallifi sifatida uning nomi hammaning tilida edi. Eng muhimi, gap bunda ham emasdi. U mash’um bashoratchi sifatida nom chiqargandi.    “Oshiq bo‘lib qolgan shayton” asaridan keyin bashoratli sharpalar uning borlig‘ini qamrab olgan, degan gaplar yurardi.

Kazot shunday deydi: – Janoblar, judayam orzu qilayotganlaringiz – buyuk Inqilobni albatta ko‘rishingizni aytib, sizlarni xursand qilmoqchiman… Biroq Inqilobdan keyin sizlarning barchangiz bilan, aniqroq aytganda, barchamiz bilan nima ishlar sodir bo‘lishini bilasizlarmi?

Xuddi shu o‘rinda u birdan jim bo‘lib qoladi.

– Nega to‘xtab qoldingiz? Olim uchun bashoratchini eshitish juda maroqli… – deydi kulimsirab markiz Kondorse.

Bashoratchi biroz ikkilanib turib va nihoyat yana tilga kiradi:

– Siz, janob Kondorse, o‘z hayotingiz bilan qamoqxonaning tosh yotqizilgan polida vidolashasiz. Orziqib kutayotgan Aql-idrok podsholigi davrida siz va sizga o‘xshagan juda ko‘pchilik o‘zi bilan zahar olib yuradi. Siz jallodning qo‘liga tushmaslik uchun zahar ichib o‘lasiz. Janob Shamfor, siz esa o‘zingizni so‘yib tashlaysiz… Janob Malzerb esa o‘limini eshafotda kutib oladi. Siz… siz… – u suhbatda ishtirok etayotgan barcha mashhur odamlarni bir-bir sanab chiqadi, – barchalaringiz eshafotga chiqasizlar!

Hamma jim qotib qoladi.

– Vahimangiz qurib ketsin! Mana, siyosat bilan shug‘ullanishning oqibati! Biz ayollar siyosat bilan shug‘ullanmasligimiz va ojizaligimiz bois hech narsaga javob bermaymiz va shu jihatdan siz, erkaklarga qaraganda anchayin baxtlimiz… – deydi kulimsirab va eshitganlarini hazilga burmoqchi bo‘ladi gertsoginya de Grammon.

– …Xonim, ayol bo‘lganingiz – sizga himoya vositasi bo‘la olmaydi, – deb keskin qayirib tashlaydi Kazot. – Siyosatga qanchalik kam daxldor bo‘lmang, sizni ham erkaklar qismati kutib turibdi. Sizni ham eshafotga olib chiqishadi. Sizni ham… sizni ham… sizni ham, – u davrada o‘tirgan barcha go‘zal xonimlar nomini birma-bir sanaydi.

Xonimlardan biri chidab tura olmaydi:

– Qanday qo‘rqinchli va dahshatli narsalarni aytayapsiz! O‘zi nima sodir bo‘ladi? Bizning go‘zal mamlakatimizni varvarlar bosib oladimi?

– Yo‘q, – deb javob beradi Kazot. – Barchamizni o‘limga jo‘natadigan odamlar xuddi sizu bizdek falsafaning shaydolaridir. Sizu bizdek ular ham din, ozodlik va Aql-idrok hukmronligi haqida suhbat qurishadi, nutqlar so‘zlaydilar. Ammo shu bilan birga ular o‘ldirishadi, qatl qilishadi, mahv etishadi!

– Umid qilamanki, meni yangi karetamda qayg‘uli va oxirgi safarimga jo‘natishadi! – deydi hali-hamon Kazotning gaplarini hazilga yo‘ymoqchi bo‘layotgan gertsoginya de Grammon.

– Kareta deysizmi? Qo‘ysangiz-chi, bu gapni, gertsoginya! – bo‘g‘iq ovozda javob beradi Kazot. – Hech qanaqa kareta bo‘lmaydi! Jallodning aravasi, ha, aynan arava sizlarning barchangizni eshafotga olib boradi… Karetada eshafotga faqat U boradi…

– Karetada eshafotga boradigan baxtiyor inson kim?

– Frantsiya Qiroli! – javob beradi Kazot.

– Bu gap endi juda quyushqondan chiqib ketdi! – deb xitob qiladi mezbon.

Biroq tinib-tinchimas gertsoginya gapini davom ettiradi:

– Janob qayg‘u payg‘ambari, nega o‘z qismatingiz haqida hech narsa demayapsiz?

Kazot bir muddat jim turib, keyin shunday deydi:

– Men faqat Quddus shahri qamalini yozib qoldirgan Iosif Flaviy so‘zlari bilan javob berishim mumkin: “Sionning kulfati – mening kulfatim!” Men o‘zimni ham o‘sha eshafotda yaqqol ko‘rib turibman.

Shundan so‘ng u odob bilan barchaga ta’zim qiladi-da, chiqib ketadi.

* * *

Avstriya malikasi Mariya-Antuanetta – o‘sha paytda yaqinlashib kelayotgan xalqaro siyosiy tanglikning sababchilaridan biri – biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan tarixning qahramonidir.

U 1755 yilning ikkinchi noyabrida dunyoga kelgan. Chaqaloqni Portugaliya qiroli va qirolichasi cho‘qintirishi lozim edi. Biroq ular marosimga kela olmadilar. Chunki bir kun oldin, birinchi noyabr kuni Portugaliyada xuddi oxirzamonni eslatuvchi dahshatli zilzila yuz berib, to‘qson mingdan ziyod odam halok bo‘ladi. Shundan buyon Yevropada bunga o‘xshash voqea sodir bo‘lmagan.

Mariya-Antuanetta keyinchalik qirol Lyudovik O‘n oltinchi deb atalgan Frantsiya taxti vorisiga turmushga chiqadi.

Nikoh to‘yi munosabati bilan bayram tantanalari va ajoyib mushakbozlik bo‘lib o‘tadi. O‘sha paytda xalqning sevimli qiroli bo‘lgan (qirol bir safar kinoya bilan: “Qiziq, xalq mening nimamni yaxshi ko‘rib qoldiykin?” deb so‘ragan) Lyudovik nomiga qo‘yilgan maydonda minglab odamlar to‘planadi. Xotinlarning “ko‘p qavatli” soch turmaklariga petardlar yog‘ilib, ayollarning sochi yona boshlaydi. Sarosima ichida qolgan olomon  tum-taraqay bo‘ladi. Orqa-oldiga qaramasdan qochib borayotgan odamlar oldidan tuproq bilan ko‘milmagan xandaqlar chiqib qoladi – xuddi bizning Xodin[2] maydonimizdagidek.

Aynan Xodin maydonida bo‘lganidek bu yerda ham ko‘plab odamlar halok bo‘ladi. Bu qonli voqeani xuddi Xodin voqeasidan keyin bo‘lganidek xalq orasida bostirib kelayotgan  falokatlar alomati deb atay boshlashdi.

Ammo Lyudovik O‘n oltinchining o‘zi eng qayg‘uli alomat edi.

Uning o‘tmishdoshlari: “Quyosh qirol” deb atalgan buyuk qirol Lyudovik O‘n to‘rtinchi va Kazonova “Evropaning eng chiroyli qiroli” deb ta’riflagan Lyudovik O‘n beshinchi edi.

Ana shunday jozibali insonlardan so‘ng  xunuk, beso‘naqay va qorinchasi osilib tushgan Lyudovik O‘n oltinchi taxtga kelgandi. Unda qirollar va zodagonlarga xos hech qanaqangi fazilat yo‘q edi. U bor-yo‘g‘i xo‘ppa semiz oddiy burjua edi xolos.

Eng asosiysi bu burjua  o‘zini kishi g‘ashini keltiradigan darajada tutadi. U – xotiniga sadoqatli chiqib qoldi. Yana frantsuz qiroli emish!

Frantsiya qirollari an’analari buzilmasdir. An’anaga hurmat bilan qarab, uni asrash lozim!

Ba’zi bir tarixchilar frantsuz qirollarining hukmronlik qilgan yillarini ularning ma’shuqalari nomi bilan davrlarga ajratishadi. Haqiqatan ham go‘zal mahbubalar nafaqat qirollar qalbiga hukmronlik qilishgan – ular butun boshli bir davrlarni boshqarishgan.

Misol uchun qirol Lyudovik O‘n beshinchini olaylik. Bir qator go‘zal xonimlardan keyin butun bir davrning ma’shuqasiga aylangan madam de Pompadur qirol qalbining tanho hukmroni edi. Bugun moda usullari, atir-upalar, mebellar bu sohibjamol xonim nomi bilan ataladi.

Urushda qaqshatqich mag‘lubiyatga uchrab, Frantsiya bo‘lg‘usi taqdiri ustida mahzun o‘ylar girdobiga g‘arq bo‘lgan qirolning ko‘nglini ko‘tarish uchun “Bizdan keyin dunyoni suv bosmaydimi”[3], deb yupatgan ham madam Pompadur bo‘ladi.

Lyudovik O‘n oltinchi yigirma yoshida taxtga chiqadi. Bu paytda xotini o‘n to‘qqiz yoshda edi. Yaxshi tarbiya ko‘rgan va fazilat egasi bo‘lgan burjua nuqtai nazaridan yosh xotin nima ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak? Eng avvalo eriga quloq solib, pulni tejash lozim.

Xo‘sh, hayratga tushgan mamlakat qirol xonadonida nimani ko‘rdi? Saroy jinnixonaga aylanganini va qirol xotini aysh-ishrat va bo‘lar-bo‘lmasga pul sarflaydigan pulxo‘r chiqib qolganligini ko‘rdi. O‘n to‘qqiz yoshli qirolicha Frantsiya xazinasini o‘zining chek-chegarasiz sarf-xarajatlari bilan butkul xonavayron qila boshladi! Xalq yana qirol  tantiq xotinchasining gapidan chiqmaydigan, uning barcha xarxasha va injiqliklarini qondiradigan odamga aylanib qolganligiga guvoh bo‘ldi.

Har kuni ertalab qirolicha huzuriga shlyapado‘z va tikuvchi madam Berten kelardi. Past tabaqadan chiqqan bu xonimning qirolichaning ertalabki yuvinish-taranishi va o‘ziga oro berib, kiyinishida ishtirok etishining o‘zi saroy tartib-qoidalarini buzish edi. Tikuvchi o‘zi bilan birga turli-tuman matolar olib kelardi. Xuddi juda muhim jangga hozirlik ko‘rilganidek uzoq bahs-munozaradan keyin kiyim tanlash va kiyish marosimi boshlanardi. Qirolicha har kuni yangi liboslarga burkanardi. Qimmatbaho taqinchoqlar ham tikuvchi ayol tomonidan tanlanardi. Bularning barchasi davlat xazinasi hisobidan qoplanardi. Soch turmaklash-chi, buni aytmaysizmi! “Ayol buzilgan soch turmagidan boshqa barcha narsani kechirishi mumkin”, degan gap o‘sha paytda hayot haqiqati edi. Bir marta soch turmaklash butun boshli yer-mulk bahosiga teng edi.

Davlat xazinasini xonavayron qiluvchi Antuanetta bo‘yi barobar soch turmagi bilan yurardi. Balga yo‘l olar ekan ana shu soch turmagi uchun karetaning polida o‘zi, o‘rindiqda esa soch turmagi joylashar, ana shu prichyoska uchun saroy eshiklarini buzib uni ancha yuqoriga ko‘tarishgandi.

Tantiq qirolicha yangi modalarga asos solardi. Boshidagi bir to‘p soch uyumi joniga tekkach, yoshlar uchun qisqa va turli patlar bilan bezatilgan soch turmagini urfga kiritadi. “Yangi avlod patlar bilan bezatilgan soch turmagiga o‘tsin!” Eh, bu patlar qancha turishini qirolicha bilganida edi!

Ammo butun xavf-xatar boshqa tomonda pusib yotardi. Avvalgi qirol oltmish yil hukmronlik qilgan va shu bois saroy a’yonlari qarib-qartayib qolgandi.

O‘n to‘qqiz yoshli qirolicha esa qarilikni jinidan battar yomon ko‘rardi. Keksalik uning ko‘ziga xunuk va juda sustkashlik bo‘lib ko‘rinardi. Qirolicha jo‘shqin harakatlar, yoshlik, go‘zallik va raqslarni yoqtirardi. Keksalar erta uyquga ketishadi, faylasuflik qilishadi, qalin kitoblarni o‘qishdan boshqa bir ish qilishmaydi. Qirolicha esa birorta kitob o‘qimagan va zerikarli suhbatlarni yomon ko‘rardi…

Antuanetta saroy a’yonlarini yashartirishni boshlaydi. Bu albatta saroyning keksa xonimlariga yoqmasdi. Go‘zalligi bilan nom chiqargan yosh beva gertsoginya de Lambal qirolichaning eng yaqin kishisiga aylanadi.

Biroq qayg‘uli voqealar shundan keyin boshlanadi. Qirolicha lojuvard ko‘zli, bejirim va nihoyatda go‘zal Jyuli de Polinyak ismli bir qizni yaxshi ko‘rib qoladi. Lambaldan voz kechgan qirolicha tunu kun Polinyakdan ajrayolmay qoladi. Fojia shunda ediki, Jyulining lojuvard ko‘zlaridan boshqa hech vaqosi yo‘q – o‘ta qashshoq bir qiz edi! Baxtdan masrur Antuanetta sevimlisini pul bilan ko‘mib tashlaydi. Bu qiz yolg‘iz o‘zi bo‘lganida, qanday soz bo‘lur edi. Ammo u yolg‘iz emasdi. Qashshoq va katta oilasini ham saroyga olib keladi. Bu oila a’zolariga Antuanetta talabi bilan qirol pul, mulk, mansab va martabalar beradi.

Bu oilaga taalluqli hujjatlarda tasavvurga sig‘mas raqamlar saqlanib qolgan – Jyulining o‘n ikki yoshli qizining sepiga sakkiz yuz ming livr, oilaning qarzlarini qoplashga besh yuz ming livr va Versal saroyidan ko‘plab xonalar ajratilsin… va hokazo. Grafinya Jyuli endi gertsoginya Jyuliga aylanadi. Qirolicha tufayli ushbu oila boshiga muruvvat yomg‘iri yog‘iladi!

Vaqt o‘tishi bilan vaziyat yanada yomonlashib boradi.

“Ko‘ngilxushlik qiling”! – qirolichaning bosh shiori shunaqa edi. Tunda Versaldagi yotoqxonasiga qirol uxlagani kirib ketishi bilanoq, yosh a’yonlar va o‘sha Polinyak oilasi qurshovida Antuanetta Parijga yo‘l olardi. Parij operasi ballarida yuzini niqob bilan to‘sib olgan qirolicha mazza qilib raqsga tushardi. Lekin yoshlar va tan qo‘riqchilar o‘rab olgan niqobli xonimning kim ekanligini hamma bilardi. Saroyda norozilik ovozlari eshitila boshlaydi, qirolicha haqidagi g‘iybatlar ko‘chaga chiqadi. Jyuli de Polinyak bilan qirolichaning o‘zaro munosabatlarini behayolarcha tasvirlagan dastlabki jirkanch pamfletlar paydo bo‘ladi… Xuddi shu vaqtdan boshlab Antuanetta Versal saroyida inqilobiy o‘zgarishlarga qo‘l uradi.

Versalda qiroldan tashqari yana bir  qudratli hukmdor – Etiket (odob-axloq, yurish-turish qoidalari) mavjud edi. Qirol saroyida yurish-turish qoidalarini belgilagan Etiketni buzishga hech kimning haqi yo‘q edi. Saroyda yuz yillardan buyon shu tarzda yashab kelishardi. Yarim xudo hisoblangan qirolning butun hayoti saroy a’yonlari ko‘z oldida kechishi lozim edi. Butun Frantsiyaning egasi  bo‘lgan qirol o‘z-o‘ziga tegishli emasdi! Uning uyqudan uyg‘onishi, nonushta, tushlik qilishi, uyquga ketishi – barcha-barchasi hammaning ko‘z o‘ngida va Etiket qoidalari asosida bo‘lishi shart edi. Faqat rus maqollaridagina qirol yolg‘iz o‘zi hojatga chiqadi. “Quyosh qirol” deb atalgan Lyudovik O‘n oltinchi hojatxonaga ham saroy amaldorlari ishtirokida chiqardi va hojatda o‘tirib siyosiy masalalarni muhokama etardi. Qirolning hojat ushatishiga taklif etilish amaldorlarning mansab-mavqeini belgilar va bu ular uchun sharaf edi.

Antuanetta ham etiket qoidalariga so‘zsiz itoat etadigan hodisaga aylanishi – ya’ni  u o‘ziga emas, saroyga tegishli bo‘lishi kerak edi. U qudratli Etiket bilan Frantsiyaga kelgan birinchi kunlardayoq tanishgandi. O‘sha kuni Versalda qalin qor yog‘ib, havo keskin sovib ketadi. Antuanetta sovqotib, issiq ko‘ylak olib kelishlarini buyuradi. Issiq ko‘ylak kiyish uchun yechinib, sovuqdan dir-dir titrab turgan Antuanettaga kichik xizmatkor ko‘ylak olib kelib, uni katta xizmatkorga tutqazadi. Katta xizmatkor ko‘ylakni endi kiygizaman deganda xonaga gertsoginya Orleanskaya kirib keladi. Taomil bo‘yicha ko‘ylakni endi u kiygizishi lozim edi. Shu bois katta xizmatkor ko‘ylakni gertsoginya qo‘liga tutqazadi. U ham ishni endi boshlayman deb turganda xonaga qirolning singlisi Yelizaveta kirib keladi. Endi qoida bo‘yicha ko‘ylakni martaba jihatdan yuqori bo‘lgan qirolning singlisi kiygizishi kerak edi. Sovuqdan titrab-qaltirab turgan Antuanetta meni masxara qilishayapti, degan xayolga boradi. Biroq bu – bor-yo‘g‘i frantsuz saroyining Etiketi edi xolos!

Bularning barchasining ustidan kulib maktub orqali onasiga yozib yuboradi. Avstriyaning buyuk qirolichasi, Antuanettaning onasi Mariya-Tereziya shunday javob yozadi: “Men ham quruq rasmiyatchilikdan zerikiblar ketaman. Ammo unga bo‘ysunish majburiyatimiz hisoblanadi. Ishon, Etiket qoidalariga rioya qilmaslik hozir boshingdan kechirayotgan mayda noqulayliklardan ko‘ra kattaroq kulfatlar keltirishi mumkin. Ayniqsa frantsuzlardek qoni jo‘shqin xalq Etiket taomillariga rioya qilmaslikni kechirmasliklari mumkin”.

Antuanetta qarib-qartayib qolgan saroy mulozimlaridan va hashamatli Versalning jonga tekkan Etiketidan bir yo‘la qutulishni o‘ylab topadi.

Antuanetta qiroldan Trianon saroyini hadya etishini iltimos qiladi.

Bu bashang va mo‘jaz saroyni Lyudovik O‘n beshinchi o‘zining mahbubalari bilan uchrashadigan maskan sifatida barpo etgandi. Shu bois uni Lazzat uyi deb atashardi.

Qirol kelgusida Frantsiya xazinasini butkul xonavayron qiladigan bu saroyni g‘ing demasdan qirolichaga sovg‘a qiladi.

Xushandom va xushqad Antuanetta bu yerda o‘z dunyosini barpo etishga qaror qiladi. Millionlab pullarning kulini ko‘kka sovurish uchun atigi yettita xonadan iborat ushbu saroy yetarli edi. U xonalarni qayta quradi, marmar kaminlar, venetsian oynalari, maxfiy xona va ism va familiyaning bosh harflari bir-biriga chatishib ketgan  bronza tutqichlargacha uning talabi va didi asosida ishlanadi.

U juda ajoyib mebellar va pardalarga buyurtma beradi. Trianonda Versalning og‘ir baxmal, kimxob pardalari va qimmatbaho to‘q qizil ranglariga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu qasrda faqat yengil, mayin va so‘lg‘in ranglar hukmron bo‘ladi.

Landshaft (manzara) bo‘yicha me’morlar qirolicha qalbi va frantsuz xazinasi uchun nihoyatda qimmat bo‘lgan ulug‘vor bog‘ bunyod etishadi. Versalda xuddi gvardiyachi askarlarga o‘xshatib bir tekis qilib qirqilgan maysazorlar, daraxtlar, atirgullar va ko‘plab marmar haykalchalar ustunlik qilgan bo‘lsa – bu yerda tabiatning o‘zi tanho hukmron. U o‘zi hech qachon o‘qimagan urfdagi Russo  ta’limini olgandi.

Bu yerda odamni zeriktiradigan to‘g‘ri xiyobonlar yo‘q. Hammasi tabiiy. To‘g‘rirog‘i, tabiatdan nusxa olingan. Daraxtlar orasidan ilonizi bo‘lib ketgan ariqchalar jildirab oqadi. Biroq bu ariqlarga juda olisda joylashgan Marli qal’asidan suv olib kelingan.

O‘rtasida kichik orolchalari bo‘lgan su’niy ko‘l xuddi tabiatning o‘zi yaratgandek taassurot uyg‘otardi. Muhabbat kamoniga marmardan taroshlab ishlangan Gerkules gurzisini o‘q sifatida joylayotgan Amur tasvirlangan Apollonning ilohiy ibodatxonasi, antik dunyo xarobalari va dengiz qirg‘og‘idagi tik qoyalarda hosil bo‘ladigan g‘orga o‘xshatib qurilgan sun’iy g‘or; Afrika, Hindiston va butun Yevropada o‘sadigan daraxtlar va gullar – barchasi Trianonda muhayyo edi. Bor-yo‘g‘i ikki kvadrat kilometrdan ziyod bo‘lgan ushbu bog‘ o‘z bag‘rida tabiatning barcha go‘zalliklarini sig‘dirgandi.

Aynan ana shu ikki kvadrat kilometr Yevropaning eng boy xazinasini uzil-kesil xonavayron qildi.

Frantsiya davlat xazinasini tor-mor qilishga saroy yonida barpo etilgan mashhur Qishloqcha juda katta hissa qo‘shdi.

Qishloqchada qirolichaning ko‘ngliga mos tabiat quchog‘idagi tinch-osoyishta hayot va  oddiylik hukm surardi. Qadimiy naqshlar o‘yib tikilgan xalqona kiyimlar kiyib olgan dehqon va dehqon ayollar boshiga guldor bantiklar taqilgan sigirlarni boqib yurishardi. Ko‘lda oqqushlar suzar, qadimiy golland tegirmoni g‘ildiragi esa bir maromda charx urib aylanardi… Devorlari badiiy bezak uchun shilingan mo‘jaz va shinam uylarda dehqonlar istiqomat qilishardi.

Eng muhimi atrofdagi barcha narsa hukmdor oyimchaning didiga mos. Antuanettaning o‘zi nafis va bejirim – shu bois: saroyi bejirim, bog‘i nafis, qishlog‘i mo‘jaz, sigirlari antiqa… Uyg‘unlikni qarang!

Qirolicha Versalning hashamati hamda  ko‘r-ko‘rona va shafqatsiz Etiketidan qochib bu yerda “jon saqlaydi” (bu uning so‘zi).

Ammo u Versalda faqat Etiketni qoldirmagandi. U Versalda Frantsiya­ning qadimiy asilzodalari, xonadonlari va keksa zodagon xonimlardan iborat saroy a’yonlarini ham tashlab kelgandi. Ular saroyda nima ish qilishlarini bilmay gangib qolishganlari bois qirolichadan qattiq nafratlanishardi.

Antuanetta Trianonni Aysh-ishrat, Nazokat va u – Qirolicha Rokoko (san’atdagi uslub) hukmron bo‘lgan kichkina mustaqil davlatga aylantiradi. Bu yerda u  “biznikilar” deb atagan yaqinlari bilan davri-davron suradi. (Rossiyaning oxirgi malikasi ham o‘zini qurshab olgan yaqinlarini “biznikilar” deb atagan edi). Antuanettaning taklifisiz bu yerga hech kim qadam bosolmasdi.

Faqat allaqanday bir janobdan boshqa!

Nafis ko‘llar yoniga qorovul minorasini o‘rnatishadi. Atrofni kuzatib turish uchun. Minoradagi qorovulning asosiy vazifasi “biznikilar” zo‘rg‘a toqat qiladigan, juda zerikarli janobning kelayotganligini xabar qilishdan iborat bo‘lgan. Janob yolg‘iz o‘zi yosh-yalanglar davrasiga kirib kelarkan, jim o‘tirar, “biznikilar” ham u bilan nima haqda suhbatlashishni bilmasdilar. U na raqsga tushishni bilardi, na qiziqarli voqealarni hikoya qilishning uddasidan chiqardi va na qarta o‘ynashni qoyil qilardi. Bir muddat jim o‘tirib, so‘ng jo‘nab ketardi.

Bu zerikarli mehmon, Antuanetta onasiga yozgan xatlarida “bizning bechoramiz” deb atagan  inson – Frantsiya qiroli edi.

Bu maktubdan qo‘rqib ketib, dahshatga tushgan onasi shunday javob yozadi: “O‘z Qirolini bechora, sho‘rlik deb ataydigan mamlakatning holiga voy”.

Ha, qirol nihoyatda mehribon inson edi. Biroq, kelinglar, Napoleonning gapini esdan chiqarmaylik: “Qaysidir mamlakatni mehribon qirol boshqarayapti, deb menga aytishsa, men: demak u yerda  muvaffaqiyatsiz, omadsiz boshqaruv hukm suryapti, deb javob beraman”.

Xo‘sh, endi yana qirolichaga kelsak… Birorta kitob o‘qimagan, qarilikni jinidan battar yomon ko‘radigan, qirollik an’analaridan nafratlanadigan, mojaroli tungi ballarga boradigan, orqa-oldiga qaramasdan pul sovuradigan, modaga mukkasidan ketgan yosh nozanin… hozir hayot bo‘lganida xalq o‘lgudek yaxshi ko‘radigan yangi qirolicha Diana bo‘lardi!

Ammo Ma’rifat asrida Millatning eng ilg‘or qismi undan naf­ratlanardi. Trianon qirolicha taqdiriga nuqta qo‘ydi – uning zodagonlar, burjualar va oddiy xalq bilan orasini buzdi.

Chunki mo‘jiza-saroy devorining ortida shafqatsiz va og‘ir soliqlar yukidan xonavayron bo‘lgan qashshoq qishloqlar, pulxo‘r qirolichani juda yomon ko‘radigan burjua bor edi.

Qirol  soliqlar bo‘yicha shikoyatlar tushayotganligini ilk bor aytishga jur’at qilganida, qirolicha shodonlik bilan shunday deb javob qaytaradi: “Bu janoblarga tushuntirib qo‘ying: monarxiya juda go‘zal, ammo juda qimmat narsa. Marhamat qilib, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab qo‘yishsin!”

Va ular soliqlarni to‘lashadi. Faqat hozircha.

Mamlakatda kuchli muxolifatni tuzish boshlanadi. Frantsiyada ko‘p marta bo‘lganidek muxolifatning rahbarlari zodagonlar ichidan chiqadi.

Tomirida haqiqiy shahzoda qoni oqayotgan, Burbonlarning kichik avlodining ajoyib vakili, gertsog Filipp Orleanskiy – zodagoniy muxolifatning sardoriga aylanadi.

Biroq shuni esdan chiqarmangki, siz bilan biz hozir nazokat hukmron bo‘lgan asrdagi voqealar ichidamiz. Gertsog Orleanskiy muxolifat dohiysi bo‘lishi uchun uning yonida ayol bo‘lishi lozim.

Gertsog Lyudovik O‘n oltinchiga qaraganda ajdodlari an’analari asosida yashayotgan haqiqiy Burbon edi – ayollarni xuddi qo‘lqopdek almashtirardi. Albatta u paydo bo‘lgunga qadar…

Grafinya de Janlis gertsog bolalarining tarbiyachisi edi. Bolalar bilan birga gertsog Orleanskiyni ham muvaffaqiyatli ravishda tarbiya qila boshlaydi.

Bu ayol gertsogning mahbubasiga aylanganidan so‘ng uni Russo, Volter va ma’rifat dunyosiga olib kirdi.

Endi gertsog Orleanskiy asrning eng ilg‘or g‘oyalari bilan to‘lib-toshgandi. U shu qadar ommaviy va ilg‘or odamga aylandiki, o‘sha zamonning cho‘rtkesar yoshlari Burbonlar tarixida ilk bor gertsog va de Janlisning ismi sharifidagi bosh harflar asosida yuraksimon tatuirovkani uning badaniga chekishdi.

Sevgilisining tanida bunday mo‘jizaviy san’atni ko‘rgan grafinya “ko‘ziga yosh oldi” deb yozishgandi uning zamondoshlari. U ham darhol gertsog familiyasi va ismining bosh harflari asosida yurakka nashtardek suqilayotgan ko‘rinishdagi tatuirovka qiladi. To‘g‘ri, u bu tatuirovkani… saroy bog‘idagi daraxt tanasiga soldiradi.

Grafinya de Janlis. Bugun bu nom qariyb hech narsani anglatmaydi. Ammo, ishoning, Pushkin zamonida har qanday ma’rifatli inson uchun bu nom ma’lum edi. U gertsog-oshig‘iga qaraganda uzoq umr ko‘rib, Yevropaning eng ommaviy yozuvchilaridan biriga aylanadi.

Bularning barchasi keyin ro‘y beradi… Hozircha esa u muvaffaqiyatli tarzda gertsogni tarbiya qilmoqda.

Grafinya gertsogni frantsuz masonlari bilan tanishtirib qo‘yadi. Masonlar va grafinya bilan birgalikda gertsog hayotida birinchi marta taxtni egallashni xayoliga keltiradi. Haqiqatan ham taxtga har tomonlama munosib inson turganda nega uni bu ayanchli xo‘ppasemiz, xotinchalish egallab turishi kerak?

Gertsog harakat qila boshlaydi…

Otasi unga buyuk kardinal Rishele tomonidan bunyod etilgan Pale-Royal saroyini sovg‘a qilgandi. Bu saroyning kattakon bog‘i ham bor edi. Gertsog (albatta grafinya de Janlis) endi nima ish qilish kerakligini tushunib yetadi.

Gertsog “ochiq osmon ostida” klub tuzadi.  U bugun biz ko‘rib turgan qator kolonnalarni barpo etadi.  Ota-onasining qarshiligi va keksa zodagonlarning achchiqlanishiga qaramasdan ana shu kolonnalar atrofini do‘kondorlar va restoran egalariga sotadi.  Bu yerda qimmat do‘konlar, restoran va qahvaxonalar ochiladi.

Bu manzil darhol jamoatchilik hayoti va muxolifat to‘planadigan markazga aylanadi.  Pale-Royal Parijning eng zamonaviy joyi sifatida shakllanadi.

Pale-Royalning xiyobonlarida endilikda zodagonlar ham, suyuqoyoq xonimlar ham sayr qilib yurishardi. Bu xonimlar faoliyatiga hali shohid bo‘lamiz. Yotoqda emas, yo‘q-yo‘q, butunlay boshqa soha – inqilobda!

Hamma sig‘inadigan joyga aylangan bu yerdan Mariya-Antuanetta haqida ko‘plab pamfletlar tarqay boshlaydi. Bu yerda yozadiganlar ham allaqachon topilib qolgandi: nafosatli tarixlar ustasi, mashhur “Xavfli aloqalar”ning muallifi, gertsogning yangi kotibi va bo‘lg‘usi yozuvchi mese Shoderlo de Laklo xizmatga hoziru nozir edi. Qisqasi Frantsiyaning oltin qalami to‘plangandi!

Pamfletlarni butun mamlakat o‘qir, eshitardi! Unda Frantsiyaning bosh Don Juanlari hisoblangan gertsog Lozen, qirolning ukasi graf d Artua Antuanettaning o‘ynashlari sifatida talqin qilinardi… Va albatta Jyuli Polinyak bilan lesbiyanlarga xos ishqiy sarguzashtlarga ham keng o‘rin berilgandi.

Olomon bu ishqiy sarguzashtlarni berilib tinglardi.

Albatta, Antuanetta Polinyakning barcha tantiqlik va injiqliklarini o‘ylamasdan bajo keltirishi pamfletga saxiyona ozuqa berardi. Rossiyada ham 1917 yildan avval “o‘zini butkul oilaga bag‘ishlagan” podshoning xotiniga ham aynan shunaqa ayb qo‘yiladi. Anna Virubovani malikaning yostiqdoshi deb e’lon qilishadi.

Antuanettaning onasi, buyuk qirolicha Mariya-Tereziya Parijda bo‘layotgan voqealardan to‘la xabardor bo‘lgach – ortiq kutib yoki chidab turishni bas qiladi. Tajribali siyosatchi bo‘lgan Mariya-Tereziya Parijda vaziyat tobora keskinlashib borayotganligini sezadi. U bularning barchasi nima bilan xotima topishini tushunib turardi.

Antuanetta huzuriga o‘g‘lini jo‘natadi.

Mariya-Antuanettaning akasi Iosif onasi bilan birgalikda mamlakatni boshqarar va Yevropaning eng yorqin uch hukmdoridan biri edi. Iosifning Yekaterina va Fridrix bilan yozishmalarini o‘qing! Bizning Yekaterina va Prussiya qiroli Buyuk Fridrixdek u ham Ma’rifat g‘oyasining shaydosi bo‘lgan. Biroq xuddi ulardek ko‘proq qog‘ozda.

Iosif Parijga yetib keladi. Unga hashamatli joy hozirlashadi. Ammo u kamtarin bir uyni maskan tutadi. Bu bilan  monarx tejamkor bo‘lishi kerakligini singlisiga anglatmoqchi bo‘ladi.

Bu vizitdan Antuanetta bilan qilgan suhbatlari haqida onasiga yozgan xatlar qolgan.

“Sen endi yosh qizaloq emassan. Nahotki atrofingda nimalar bo‘layotganligini tushunib yetmasang? Ering Versalda uyquga ketishi bilan bir guruh qalang‘i-qasang‘ilar bilan niqob kiyib operaga yugurib qolasan.  Bu niqob ortida kim yashiringanligini hech kim bilmaydi, deb o‘ylaysanmi? Sen haqingda qanaqangi gaplar tarqab ketganligini bilsayding edi! Odamlar sen to‘g‘ringda baralla aytib yurgan gaplarni huzuringda hatto tilga ololmayman!” degan gaplarni singlisining miyasiga quymoqchi bo‘ladi.  U yana bir gap aytadi: “Umringda birorta kitob o‘qimay turib, ering bilan bahslashish va davlat boshqaruvi ishlariga aralashishga qanday hadding sig‘di?!”

U singlisiga aql-idrok va iste’dod borasida unchalik bo‘lmagan eri bilan qanday munosabatda bo‘lishi kerakligini erinmasdan tushuntiradi. “Uning oldida o‘zingni yuqori tutma”. “Yorqin shaxs bo‘lib ko‘rinish maylingni jilovla”. “Uning ojiz tomonlari haqida hech qachon gapirma va boshqalarni ham jim yurishga majbur et”. “Eringning huzurida kinoya, piching qilma, ayniqsa uning ustidan”. Va hokazo…

Eng muhimi – atrofingdagi  “qalang‘i-qasang‘ilar”ni darhol quvlab yubor!

Mariya-Antuanetta sevimli akasining nasihatlarini jon qulog‘i bilan tinglaydi. Biroq Iosif singlisining xarakterini tushunib yetgandi – ketishi bilan hamma narsa eski tos, eski hammom bo‘lishini.

Aqlsizlarcha o‘yin-kulgiga mukkasidan ketgan Antuanetta yosh muttahamlardan iborat “biznikilar” tashkil etadigan “qalang‘i-qasang‘ilar”ni o‘z atrofida saqlab qoladi.

Shu bois ularning suhbati Iosifning dahshatli maktubi bilan yakunlanadi: “Sen qalbimni tilka-pora qilyapsan. Men sening taqdiringdan qo‘rqayapman… Tushunsang-chi, bu ishlaringni davom ettirib bo‘lmaydi. Sen hammasini o‘zgartirishga o‘zingni majbur qil”. Maktub so‘ngida  o‘n yildan keyin tushunib yetiladigan bir jumla gap yozadi: “Bu ketishda Inqilob juda shafqatsiz kechadi”.

Biroq Iosifning asosiy suhbati qirol bilan bo‘lib o‘tadi. U eng avvalo shu suhbat uchun kelgandi…

Singlisi turmushga chiqqandan beri oradan yetti yil o‘tdi. Ammo qirolning muhabbat kamonidagi o‘q nishonga hali tegmagandi. Yetti yildan beri Antuanetta bokira bo‘lib qolmoqda edi. Avstriyaning Parijdagi elchisi Lyudovik O‘n oltinchining erkaklik olati uchida muammo borligi va u ayolga yaqinlashishi bilan chidab bo‘lmas og‘riq his etishini Venaga yashirin tarzda yetkazgandi.

Shu bois, dushmanlari “ishni paysalga soladigan” deb atagan qirol o‘zining bu muammosi haqida birovga gapirishga va ayniqsa qirolichaga aytishga tortinib, uyalib yurardi.

Xuddi shu narsa uchun xotini oldida o‘zini aybdor deb bilgan Lyudovik uning aqlsiz yurish-turishini va behuda sarf-xarajatlarini kechirib kelardi. Bu uning uyatli ahvoli uchun to‘layotgan tovoni edi.

Qirol to‘shagidagi yetti yillik azob tufayli asabiylashish, jizzakilik, o‘yin-kulgida quturish darajasida haddan oshib ketish, har doim qayoqqadir borish, nimadir qilish ishtiyoqi qirolicha hamrohiga aylangandi.

“Biznikilar” davrasiga kirgan yosh xonimlar mana shu yetti yil ichida turmushga chiqib, farzand ko‘rib, o‘ynash orttirib va bir dunyo “sir-sinoat” to‘plagan bir paytda qirolicha bokira holatda yoqimsiz ayolga aylanib, o‘z yog‘ida o‘zi qovrilib yurardi.

Shu holatda Antuanettaning orqasidan eng yorqin erkaklar  chopib yurardi. Nufuzi yo‘q qirolning xotinini yo‘ldan urishni orzu qilib yurganlar ham yetarlicha edi.

Lyudovik bilan ochiqchasiga gaplashib olishdan oldin singlisi bilan suhbatlashgan Iosif Antuanetta haqida yurgan mish-mishlar yolg‘on ekanligiga ishonch hosil qiladi. “Qalang‘i-qasang‘ilar” qurshovida qolib ketgan bo‘lsa-da, singlisi hali qizlik iffatini saqlab yurganligi uni quvontirib yuboradi.

Shundan so‘ng Iosif qirol bilan erkakchasiga gaplashib oladi.

Nihoyat qirol davolanishga qaror qiladi! Kichik operatsiya muvaffaqiyatli o‘tadi… Uzoq kutilgan muhabbat kamonidagi o‘q nishonga tegadi – qirol erlik vazifasini ado etadi. Antuanetta ikki o‘g‘il va ikki qiz ko‘radi. Bir o‘g‘li va bir qizi vafot etadi. (O‘sha paytda hatto qirollar oilasida ham  bolalar o‘limi tez-tez uchrab turardi). Qirolicha shahzodani ham, qizini ham jonidan aziz suyardi – u mehribon ona chiqib qoldi.

Antuanetta tunlari Parijda sang‘ib yurishni bas qilgan bo‘lsa-da, lekin yangi ermak-ovunchoq o‘ylab topadi.

Trianonda nafis va mo‘jaz teatr quriladi. Va shu yerda qirolicha ilk bor sahnaga chiqadi.

Qirolicha vazifasiga qaraganda aktrisa hunarini ancha muvaffaqiyatli uddalaydi.

Tug‘ma ishvagar va tannoz bo‘lganligi bois ulug‘vor qirolichalar rolidan insof bilan voz kechadi. “Seviliyalik sartarosh”dagi Rozina rolini o‘ynashni xohlab qoladi.  Bu pesaning mazmunini eslaysizmi?  “Jajji oyoqlar, kelishgan qad-qomat, loladek lablar, maftunkor qiyofa”. Qirolicha go‘yo xuddi shu rol uchun tug‘ilgandek edi. Boz ustiga bu “maftunkor mavjudot” uchun mashhur tikuvchi madam Berten oddiygina ko‘ylak tiksa, u qanchalar ochilib ketishini tasavvur qilasizmi?

Shu paytda Bomarshening[4] boshqa pesasi – “Figaroning uylanishi” taqiqlangandi.

“Bu odam biz hurmat qilishimiz va qadrlashimiz kerak bo‘lgan barcha narsalarning ustidan kulmoqda”, degandi Lyudovik.

Qirolichaning taqiqlangan muallif asarida rol o‘ynashi yaxshi emasdi…

Trianondagi saroyning qarshisida pavilon qad rostlagandi. Shu joyda qirolicha pesa muallifi bilan uchrashib unga va’da beradi va va’dasini bajaradi. Antuanetta, Jyuli Polinyak va “biznikilar” bir bo‘lib qirol Lyudovikka bosim o‘tkazishadi. Qirol bu safar ham yon beradi:  “Figaroning uylanishi”ga ruxsat tegadi.

Sena daryosi qirg‘oqlari bo‘ylab karetalar tirband bo‘lib ketdi. Yaqinda qurib bitkazilgan Odeon teatri binosi oldida odamlar to‘dasinig  misli ko‘rilmagan ur-yiqiti. Taqiqlangan pesani ko‘rish ishtiyoqida yongan olomon teatr eshiklarini buzib yuborishdi.

G‘olibona namoyish bo‘lib o‘tadi. Zodagonlar bilan to‘lib-toshgan zal mazaxchi Figaroning luqmalarini zo‘r berib olqishlab turadi.

Qanaqangi luqmalar tashlangandi?

“Siz o‘z zimmangizga faqat tug‘ilish mashaqqatinigina olgansiz”.

“Atrofimdagilar  zo‘ravonlik bilan hamma narsani o‘ziniki qilib olardi, faqat mendangina halollikni talab qilishdi…”

“Ega chiqish va olish va yana talab qilish – mana sizga hayotimizning uch ardoqli qoidasi!”

“Hisobchi zarur edi va shu bois bu o‘ringa raqqosni ishga olishdi”.

Har bir luqma gulduros qarsaklar bilan kutib olinardi.

Qirol g‘azab otiga minadi. U sho‘rlik mamlakat ovozini eshitganligini tushunib yetmasdi. Bu jar yoqasiga kelib qolgan mamlakat nidosi edi. Ushbu nido so‘nggi ogohlantirish bo‘lib yangrardi. Napoleon to‘g‘ri aytganidek: “Figaro –  bu harakatdagi Inqilobdir!” Biroq buni qirol faqat fitna sifatida qabul qiladi!

Antuanetta Trianon teatri sahnasidagi o‘zining eng yaxshi roli bo‘lgan Rozinani repetitsiya qila boshlaydi.

Bomarshe pesasida qiziqarli ishqiy sarguzashtni o‘ylab topadi. Antuanetta sahnada mashq qilar ekan, hayotda o‘zini qanday ishqiy sarguzasht kutib turganligini hali bilmasdi.

Sahnada mashqlar qizg‘in davom etayotgan paytda Antuanetta bosh qahramonga aylangan boshqa pesa hayotda ijro etiladi.

Bu “qirolicha marjoni” bilan bog‘liq mashhur voqeadir.

Frantsuz zargarlari Lyudovik O‘n  beshinchining o‘ynashi grafinya Dyubarri uchun dunyodagi eng qimmat marjon yasashadi. Ammo marjonni sotishga ulgurolmaydilar – qirol vafot etadi. Marjonni esa sotib olishga hech kimning qurbi yetmaydi. Hatto Frantsiyaning eng pulxo‘r odami, deb nom chiqargan Antuanetta ham qiroldan marjonni sotib olib berishni so‘rashga jur’at etmaydi. Marjon hanuz zargarlar qo‘lida edi.

Kardinal Lui de Roganning o‘ynashi bo‘lgan avantyurachi ayol de la Mott marjonni qanday qo‘lga kiritishni o‘ylab topadi. Kardinal aqli noqis bo‘lsa-da, ammo kelishgan odam edi. Nafosat davri deb nom olgan o‘sha paytda axloqiy  buzuqlikda davlat amaldorlari bilan cherkov mansabdorlari o‘zaro musobaqa qilardilar. Buzuqilar ro‘yxatida kardinal Rogan birinchilar qatorida edi. Kardinalning son-sanoqsiz sevgililari ichida qirolicha Antuanetta ham bor edi. U qirolichani pinhona sevardi va orzusi ushalishiga umid qilmasdi.

De la Mott dastlab bu ahmoq kardinalni qirolichaning eng yaqin dugonasiman, deb ishontiradi. Kardinalni qattiq quvontirib yuborgan xabarni yetkazadi: qirolicha sizning unga g‘oyibona oshiq bo‘lib yurganligingizni biladi va u ham sizga befarq emas; shu bois qirolicha menga yashirin bir ishni topshirdi – siz unga o‘sha qimmatbaho marjonni sotib olib berishingiz kerak. Faqat bu ishni hech kim bilmasligi lozim. Xazina xonavayron bo‘lgan. Ana shunday paytda bunday sarf-xarajat keraksiz gaplarning ko‘payishiga olib keladi. Keyin esa qirolicha marjonning pulini tezda qaytaradi.

Baxtdan yorilib ketay degan Rogan buyuk kardinal Mazarini[5] taqdirini takrorlayman, deb hovliqa boshlaydi. U qirolichaning o‘ynashi va Frantsiyaning eng qudratli odamiga aylanadi!

De la Mott kardinalni uzil-kesil ishontirish uchun qirolicha uni Versal bog‘ida uchrashuvga taklif etganligini bildiradi…

Qirolicha Versalning kichik o‘rmonchasiga yolg‘iz o‘zi keladi. Biroq kardinalga ko‘ngil izhori qilishga ulgurolmaydi: allaqayerdandir gvardiyachi askar kelib qoladi va uchrashuvni barbod bo‘ladi. Albatta bu voqeada Antuanettaga juda ham o‘xshab ketadigan va Pale-Royaldan olib kelingan fohisha qirolicha rolini o‘ynagandi…

Ana shunday qilib… bu paytda qirolicha mashq qilayotgan “Seviliyalik sartarosh” pesasidagi sahnani de la Mott hayotda sahnalashtirgandi.

Zargarlarga tez orada pulini to‘layman deb, kardinal marjonni sotib oladi.

De la Mott qirolichaga atalgan marjonni qo‘lga kiritib, uni o‘ziga o‘xshash avantyurachi bo‘lgan erining qo‘liga tutqazadi.

Bu nayrang fosh bo‘lganidan so‘ng Antuanetta goh kulgidan nafasi yetmay qolsa, goh o‘ziga ortiq ishonib yuborgan galvarsning  muhabbatidan jahl otiga minardi. Qirolichaning talabi bilan kardinal qamoqqa olinadi.

Fitna fosh bo‘lganidan so‘ng qirolichaning badaxloqligi yana unga pand beradi. Xuddi kardinal ishonganidek qimmatbaho matoh uchun avstriyalik fohisha tanasini sotishga tayyor bo‘lganligiga jamoatchilik ham ishonadi. Qirolicha barcha qilg‘ilikni qilib, bechora de la Mottni obro‘sizlantirmoqchi va barcha aybni uning bo‘yniga qo‘ymoqchi bo‘lgan. Jamoatchilik bu voqeadan shunday xulosaga kelgandi.

Mamlakatni xonavayron qilgan sharmanda qirolichani va xotini xiyonat qiladigan sho‘rlik qirolni xalq yana bir bor qarg‘ab, ularga la’nat o‘qirdi.

Endi Antuanettani “Defitsit Xonim” deb atay boshlashadi.

Bu vaqtda Parijda (xuddi XX asr boshida Peterburgda bo‘lgani kabi) hamma inqilob haqida gapirardi. 1917 yil oldidan Peterburgda bo‘lgani kabi Parij ham o‘z monarxiga murosasiz edi. “Aqlidan ozgan haydovchi bizni jarga olib borayapti” – Nikolay haqida shunday deyishardi. Parijda Lyudovik haqida esa bundan-da battar gaplarni aytishardi…

Tanqislik mamlakatni o‘z domiga tortib borardi. Qirol ministrlarni tez-tez alamashtirishga majbur bo‘lardi. Inqilob arafasida xuddi bizning Nikolayga o‘xshab.

Rossiyada hokimiyatda turgan vaqtlarida davlatni qutqarib qolgan ikkita buyuk ministr – Stolipin va Vitte bor edi. Biroq ularni yetarli darajada eshitishmagandi. Vitteni iste’foga chiqarishgan, Stolipinni ham shunday taqdir kutib turgan bir paytda – o‘ldirishgandi.

Tyurgo va Nekker – Parijda ham ular ikki nafar edi. Ular ham mamlakatni qutqarib qolishlari mumkin edi, biroq… ularning maslahatiga ham yetarli darajada quloq tutishmaydi.

Qirol dastlab Tyurgoni o‘z huzuriga chorlaydi. U mamlakatni qutqaruvchi tejamkorlikka asoslangan islohotlar rejasini ishlab chiqadi. Rejadan mamnun bo‘lgan qirol xitob qiladi: “Bizda faqat ikki kishi xalqni yaxshi ko‘radi – men va siz!” Tejamkorlikka asoslangan islohotlar dvoryanlar va cherkovga qo‘shimcha soliq solishni ko‘zda tutardi. Bundan tashqari Madam Defitsit odat bo‘lib qolgan bema’ni sarf-xarajatlardan voz kechishi lozim edi. Albatta, qirolicha ham, “biznikilar” ham va saroy a’yonlari ham oh-voh urib, zorlana boshlashadi.

Lyudovik yana Tyurgoni o‘z huzuriga chaqiradi va shunday deydi: “Mening mehribon dvoryanlarim va bizning cherkov nima ayb qilishdiki, biz ular boshiga shunchalik musibat solsak? Hech o‘ylab o‘yimga yeta olmayapman”. Qirol islohotlarni bekor qiladi.

Tyurgo iste’foga keta turib barcha hukmdorlar eslab qolishi zarur bo‘lgan bir gap aytadi: “Janobi oliylari,  ishda izchillikning yo‘qligi – eng dahshatli xatodir. Bu xalqqa ham, qirollarga ham halokat olib keladi”.

Ammo xalqning sabr-bardoshi tugab borardi, shaharlarda odamlar to‘p-to‘p bo‘lib ko‘chalarga chiqa boshlashdi.

Qirol boshqa bir ajoyib moliyachi – Nekkerni hukumatga chorlaydi.  U bir marta qarz ko‘tarib qirolni qutqarib qolgandi. Keyin tejamkorlikka o‘tib, qirolni asrab qolmoqchi bo‘ladi. Bu xizmatlari uchun uni   haydab yuborishadi. Ikki oyoq bir etikka tiqilganda yana uni chaqirishadi, biroq…

Biroq endi qarz oladigan joy qolmagan va tejamkorlik qilishning vaqti o‘tgandi. Yevropaning eng qudratli davlati uzil-kesil xonavayron bo‘lgandi. Nekker yagona yo‘l deb – xalqqa murojaat qilishni taklif etadi. Uzoq yillardan buyon yig‘ilmagan General Shtatlarni[6] to‘plash, lozim deydi u. General Shtatlarga saylov e’lon qilinadi… Shundan so‘ng nima bo‘lganligini ko‘rsangiz edi! Va qanday ijtimoiy portlash sodir bo‘lganligini tasavvur etsangiz edi!  Xalq va nihoyat bizni ham davlatni boshqarishda ishtirok etishga chaqirishdi, degan xom xayolga ishondi. Nomzodlar o‘rtasida ayovsiz kurash boshlanadi va hamma o‘zini siyosatga uradi. Frantsiya saylovlar bilan yashay boshladi…

Nihoyat o‘sha kun keldi – General Shtatlar saylandi!

Saylangan xalq noiblari Versalda qirol oldidan tantanali ravishda namoyish qilib o‘tishadi. General Shtatlar deputatlari bilan qirolning mazkur uchrashuvi bizning imperatorimiz (Rossiya podshosi Nikolay II nazarda tutilmoqda. –Tarjimon)ning Birinchi davlat dumasi bilan uchrashuviga juda o‘xshab ketadi.

Egniga duxoba plash va boshiga par tikilgan shlyapa kiyib po‘rim bo‘lib olgan zodagon-deputatlar dabdaba bilan qadam tashlab borardilar. Bunday o‘rta asrlarga xos hashamat  katolik ruhoniylarining binafsharang ustki kiyimini kiyib olgan yepiskop va boshiga qizil mantiya qo‘ndirgan kardinallariga g‘oyatda uyg‘un edi. Bularning ortidan uchinchi tabaqa – avom omma vakillari kelardi.

Uchinchi tabaqa bilan gertsog Orleanskiy shaxdam qadamlar bilan o‘tib boradi. Inqilob bilan o‘ynashish qanchalik xavfli ekanligini, inqilob deganlari bu juda injiq va o‘ziga bino qo‘ygan xonim ekanligini u bilganida edi! Biroq shu kun gertsog baxtli va baxtiyor edi.

Keyin voqealar shiddat bilan rivojlanib bordi. Uchinchi tabaqa o‘zini Milliy kengash deb e’lon qildi.

Milliy kengash deputatlari yig‘ilishga kelib eshiklar taqa-taq berk ekanligini ko‘rishadi. Yo‘q, bu siyosiy maqsadda qilingan harakat emasdi – qat’iyatsiz va sho‘rlik qirol bu ishga jazm eta olmasdi. O‘sha kunlari qirolning katta o‘g‘li vafot etgandi. Frantsiyaning boshqa bir hukmdori – Etiket motam kunlari Versalda hech qanday yig‘ilish o‘tkazishga izn bermasdi. Shu bois saroy eshiklari yopiq edi.

Lekin deputatlarning sabablarni eshitish va bilishga toqatlari yo‘q edi. Ular o‘zlarini Xalq Irodasining ifodachilari deb bilishar va Xalq Irodasiga to‘sqinlik qilishga hech kimning haqi yo‘q deb hisoblardilar! Boshqa zalda va darhol yig‘ilishni boshlashga qaror qilishadi!

Biroq Tarix kimningdir ustidan kulishni xush ko‘radi. Deputatlar kirgan zal to‘p o‘yini o‘ynash uchun mo‘ljallangandi. Bu zal qirolning ukasi graf d Artuaga tegishli edi. Ukasi haqida qirol shunday degan edi: “U qirolga qaraganda ham ko‘proq monarxist!”

Haqiqiy Inqilobga aylangan voqea aynan ana shu supermonarxistga tegishli zalda sodir bo‘ladi…

Deputatlar zalga kirib kelishadi. Ha, to‘p o‘yiniga mo‘ljallangan ana shu zalda Konstitutsiya qabul qilinmaguncha hech kim hech qayoqqa tarqamaslikka ont ichishadi. Ya’ni ma’rifatchilar orzu qilgan mamlakatni qonunlar orqali boshqarish va samoderjaviyaga asoslangan monarxiya tugatilmagunga qadar.

Shu payt qirolning vakili keladi. U majlis ahliga Etiket qonunlarini tushuntirmoqchi bo‘ladi: “Qirolning oilasi boshiga musibat tushganda hech qanday yig‘inga yo‘l qo‘yilmaydi!” Vakil deputatlarga po‘pisa qilishga jur’at etadi.

Shundan so‘ng o‘sha paytdan beri nafaqat Frantsiya, shu bilan birga butun dunyo eshitib turgan dovuldek ovoz yangraydi. Bu ovoz uchinchi tabaqadan deputat etib saylangan graf Miraboning ovozi edi: “Biz bu yerga xalq irodasi bilan to‘plandik va bizni faqat miltiq nayzalarigina tarqalishga majbur etishi mumkin”.

Bunga javoban sho‘rlik qirol bolalarga xos odatda o‘zini polga tashlab, jonsiz narsani jazolaydi. Qirol Nekkerni iste’foga jo‘natib uni jazolashga qaror qiladi. Hali qirolni qutqarib qolishi mumkin bo‘lgan yagona odam Nekker edi.

Nekkerning iste’fosi pilikka o‘t yoqdi…

Pale-Royalda yosh advokat olomonga murojaat qiladi: “Mazlum xalqni endi faqat bir narsaga da’vat etish qoldi – Qo‘lingga qurol ol!”

Olomon qurol-aslaha omborlariga hujum qiladi. Qurollanib olishadi. 14 iyul kuni zolimlik va mustabidlik timsoli bo‘lgan Bastiliya tomon minglab parijliklar yo‘l olishadi.

Bastiliya ko‘pdan beri bosh siyosiy qamoqxona hisoblanmasdi. Unda bor-yo‘g‘i yetti nafar mahbus saqlanayotgan edi. Yaqindagina bu yerga sakkizinchi va juda g‘alati bir mahbusni olib kelishgandi. Qo‘zg‘olon arafasida u ham isyon ko‘tara boshlaydi. Kamerasi derazasidan xalqni Bastiliyaga hujum qilishga da’vat etib, baqiradi. Uni deraza yonidan olib ketib, jinnixonaga joylashtirishadi. Bu g‘alati mahbusning ismi – markiz de Sad[7] edi.

Qolgan yetti nafar mahbusni (ikki nafari aqlidan ozgan) saksonta nogiron-veteranlar va o‘ttiztacha shveytsariyalik askarlar qo‘riqlab turishardi.

Qal’a tomon minglab odamlar bostirib kela boshlashadi. Himoyachilar o‘q uzib turishar va olomonni to‘pga tutmoqchi bo‘lishadi. Lekin endi hech narsa qila olmaydilar…

Qal’a qamoqxonasining komendanti markiz Delone edi. U Bastiliya kalitlarini faqat qirolning vakiligagina berish huquqiga ega edi.

Komendant qirol vakili ham, yordam ham kelmasligini tushunib turardi.

U qamoqxonani portlatib burchini ado etishga qaror qiladi.

U qo‘lida olov bilan porox yerto‘lasida o‘t qo‘yishga shay turganda veteran ofitserlar bunga yo‘l qo‘yishmaydi.

Bastiliya himoyachilari xalqqa taslim bo‘lishga qaror qilishadi. Qo‘zg‘olonchilar sardorlari bilan muzokara o‘tkazib, himoyachilar xavfsizligi va afv etilishi evaziga qal’ani ularning ixtiyoriga topshirishadi. Bastiliya uzra oq bayroq hilpiraydi.

Bastiliya qarshisida joylashgan va ikki yuzta derazasi bo‘lgan ulkan uyidan buyuk Bomarshe shturmni kuzatib turadi. Miltiq, qoziq va tayoqlar bilan qurollangan uning minglab Figarolari qadimiy qal’aga bostirib kirganlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Xalq g‘alabasining so‘nggi so‘zini ham ko‘rish unga nasib etadi.

Bastiliya olinadi. Aniqrog‘i, vayron qilinadi. Qadimiy qamoqxonada inqilobning mashhur yozuvi paydo bo‘ladi: “Bu yerda raqsga tushiladi”.

Bu xalq raqsi edi!

Bastiliya taslim bo‘lishi  hamonoq raqslar boshlanib ketdi.

G‘olib xalq qal’ani talon-toroj qilib bu yerda saqlanayotgan qirollik arxivini – ming yillik bebaho qo‘lyozmalarni maydonga olib chiqib tashlaydi. Bu qo‘lyozmalarda Frantsiya o‘tmishi, qirollar tarixi muhrlangandi. Bu xazinani maydon uzra sochib yuborishdi. Qo‘lyozmalarni xalq shodiyonalik bilan bosib-yanchib raqsga tushdi. Qo‘lyozmalarning saqlanib qolgan juda oz qismida xalq botinkalari izi bor…

Bu quvnoq raqslar quyidagi  hikoyamizning birinchi epigrafidir. Boshqa bir epigraf ham bor edi – bu qal’a komendanti markiz Delonening uzilgan boshi…

G‘azabdan junbishga kelgan olomon komendantni qal’a qo‘riqchilari qo‘lidan zo‘ravonlik bilan olishlari bilanoq uni Ratushaga (shahar boshqarmasi) olib kelib, tilka-pora qilib tashlashadi. Bastiliyaning bechora keksa komendantining nayza uchiga sanchilgan boshini Parij ko‘chalari bo‘ylab sazoyi qilib olib yurishdi.

Taslim bo‘lgan ofitser va askarlardan bir nechtasini Bastiliya hovlisida osib o‘ldirishadi.

Xo‘sh, qirol bu paytda nima ish bilan band edi? Versalga, Lyudovikka chopar yeldek uchib keladi. Shu kuni ov payti qirolning omadi yurishmagandi. Ov – “Paysalga soluvchi”ning yagona ovunchog‘i edi. Lyudovik baroridan kelmagan ovdan juda xafa bo‘lib o‘z kundaligiga  mana bu so‘zni qayd etgandi: “Hech vaqo”.

Bastiliya olingan kun qirol kundaligida “Hech vaqo” degan so‘z yagona yozuv edi!

Tarix yana bir bor kulimsiragandi.

Ovdan keyin qirol Parijdan kelgan choparni qabul qiladi. Parijda bo‘layotgan voqealarni eshitib: “Siz buni g‘alayon deb o‘ylaysizmi?”  so‘raydi qirol.

– Yo‘q, Janobi oliylari, g‘alayon emas, bu – inqilob, – deb javob beradi chopar.

“Inqilob rassomi” (uni shunday deb atashgandi) buyuk David keyinchalik inqilobning bosh madaniy loyihasini yaratishga ahd qiladi – “To‘p o‘ynash zalidagi qasamyod” polotnosini chiza boshlaydi.

To‘p o‘ynash uchun mo‘ljallangan zalda to‘plangan barcha deputatlar portretlari yetmish metrlik juda ulkan kartinada aks etishi lozim edi. Yuzlab basharalar!

David ishni to‘xtatish zarurligini anglab yetgunga qadar to‘rt yil davomida mazkur polotno ustida ishlaydi. Chunki polotnoni ko‘rgazmaga qo‘yishning iloji qolmaydi. Kartina o‘rtasida deputatlarni qarshilik ko‘rsatishga da’vat etib turgan Milliy kengash rahbari deputat Balining bu paytga kelib gilotinada boshi kesilgandi. Ana shu tarixiy zalda inqilob uchun yig‘ilgan va Bali tomon qo‘l cho‘zib turgan boshqa deputatlar ham aynan  inqilob tufayli jallod kundasiga bosh qo‘yishgandi.

Hikoyamizning yana bir epigrafi ana shundan iborat.

 

II QISM

Keyin voqealar daryodek guvillab oqa boshladi!

Endi qulab tushayotgan paytda mayda va arzimas odamga aylanish uchun hokimiyat tepasiga yangidan-yangi bahaybat kishilar ko‘tarila boshlaydilar…

Imperiya yakson bo‘lishidan avval bizning malikamizda[8] uyg‘onganidek, ayni shu payt Antuanettada ham tasavvurga sig‘maydigan g‘ayrat-shijoat uyg‘onadi.

U barcha davlat ishlariga aralashadi. Kuni kecha asosiy shiori “Ko‘ngilxushlik qiling!” bo‘lgan qirolicha maxfiy belgilar qo‘yilgan sirli xatlar yozishga mukkasidan ketadi. Kechalari bilan chet ellarga muk tushib xatlar yozadi. Sirli maktublar orqali akasi va Yevropaning boshqa monarxlari bilan doimiy aloqada bo‘ladi. Ulardan  Frantsiyada bo‘layotgan voqealarga aralashishni o‘tinib so‘raydi.

“Milliy kengashning har bir dekreti bizni hokimiyatdan uzoqqa surib tashlamoqda”, deb yozadi qirolicha.

Haqiqatan ham, Parijda inqilobiy dekretlarning keti uzilmaydi.  Odamlarning tabaqaga bo‘linishi bekor qilinadi. Markiz, graf, gertsog unvonlari tugatiladi. Hamma teng bo‘lgan Yangi tarix boshlanadi. Darvoqe, inqilobiy Frantsiyada ikki kishining unvoni saqlanib qoladi: “Butun Yevropa, jahon va Frantsiya meni graf Mirabo sifatida biladi”, degan graf Miraboning va albatta gertsog Orleanskiyning.

Gertsog unvonini saqlab qoladi, biroq faqat inqilobiy qo‘shimcha bilan – gertsog Egalite[9]. Yashasin Tenglik gertsogi!..

E’tiqod erkinligi. Matbuot erkinligi. Va nihoyat, ulug‘vor dekret – Fuqarolik va inson huquqlari to‘g‘risidagi deklaratsiya. Ma’rifatchilarning orzulari hayot haqiqatiga aylandi. Deklaratsiya tantanavor e’lon qiladi: “Barcha inson ozod va teng huquqli tug‘iladi. Ozod, teng huquqli bo‘lib yashaydi va zulmga qarshilik ko‘rsatish huquqiga ega”.

Mars[10] maydonida Ozodlik mehrobi qad rostlaydi.

Shu kunlarda Versalga Flandriya polki yetib keladi. Antuanetta uchun o‘tmishni eslash va unutilib ketgan “Yashasin qirolicha!” degan so‘zni eshitish imkoniyati tug‘iladi.

Etib kelgan gvardiyachi polk sharafiga qabul marosimi uyushtiriladi. Vino daryodek oqadi va qirol hamda qirolicha sharafiga qadahlar ko‘tariladi. To‘g‘ri, orada kimdir “Millat uchun!” deb qadah ko‘taradi.  Ammo uni shohona bazm ahli yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlamaydi.

Ertasi kuniyoq Versalda bo‘lib o‘tgan bu bazmi jamshid Parijga ma’lum bo‘ladi.  Ochlikdan sillasi qurigan Parijga. Chunki Inqilob sir-sinoatli xonim – u paydo bo‘lgan joyda shu ondayoq oziq-ovqat g‘oyib bo‘ladi.

Xuddi 1917 yil Peterburgda bo‘lgani kabi Parijda ham non yo‘qolib qoladi. Versalda bo‘lib o‘tgan shohona ziyofat haqida Parijda odamlar g‘azab bilan gapiradi. “Qirolicha uchun!” deb qadah ko‘tarishgan, ammo “Millat uchun!” qadah ko‘tarishdan bosh tortishga qanday jur’at etishdi, deb hamma jahl o‘tida yonardi.

G‘azab olovida yongan barcha norozilar Pale-Royalda jam bo‘lishadi.

Kamil Demulen yozganidek: “G‘azablangan sakkiz ming Yudif[11]lar Versal tomon yurish boshlashdi”. Chunki ana shu sakkiz ming odam ichida Pale-Royalda erkaklar xizmatida bo‘lgan fohishalar va Parij bozorlarida savdo qiluvchi shaddod ayollar juda ko‘pchilikni tashkil qilardi. Demulen ularni tantanali ravishda Yudiflar deb e’lon qiladi.

Havo shu kuni bulutli edi. Sovuq yomg‘ir yog‘ardi. Yomg‘irdan o‘zlarini to‘sish uchun ayollar uzun ko‘ylaklarini boshlariga soyabon qilib olishdi.

O‘sha zamon mualliflari ba’zi yubkalar ostidan serjun oyoqlar namoyon bo‘ldi, deb yozishgandi. Olomon ichida xotinlar kiyimini kiyib olgan ko‘plab erkaklar ham bor edi.

G‘azabga to‘lgan Yudiflar yurishini mashhur Kamil Demulen yozib qoldirgan.

Shu o‘rinda Demulen haqida hikoya qilish uchun kichik chekinish qilamiz.

Kamil bizning Buxaringa[12] juda o‘xshab ketishi haqida Romen Rollan gapirgandi. Haqiqatan ham Demulen Buxarin singari juda yaxshi ta’lim olgan va nozik qalb egasi edi… Bu nozik qalb sohiblari… shafqatsiz maqolalar yozishardi! Demulen o‘z maqolalarida fuqarolarni Brut[13] kabi ish tutishga va inqilob uchun kerak bo‘lsa Neronga[14] aylanishga da’vat etardi.

Bu ashaddiy inqilobchi Lyusil Dyuplessi ismli qizni g‘oyatda nazokat  bilan qattiq sevardi.

Inqilob uchun tarki dunyo qilganlar Kamilning otashin muhabbatiga shubha bilan qarashadi.

“Biz osib o‘ldirgan va qamoqqa tashlagan barcha zodagonlar Vatan uchun qanchalik xavfli bo‘lsa, muhabbat olovida bir to‘shakka yotayotgan er-xotinlar ham shunchalik xavflidir. Ruhan va vujudan mustahkam bo‘lish uchun har bir fuqaro xotini yoki o‘ynashi bilan sevgi mayllariga berilmasdan, karavotda yolg‘iz o‘zi uxlashi lozim”, – deb yozgan edi inqilobiy jurnalistlardan biri.

Ammo “ruhan va vujudan mustahkam” inqilobchilar ichida respublikaga xos er-xotin uchun alohida-alohida karavot g‘oyasi o‘z izdoshlarini topmaydi.

Demulen va Lyusilning nikoh marosimi mashhur Sen-Syulpis cherkovida bo‘lib o‘tadi. Ular yashagan uy ham, xonadon ham saqlanib qolgan. Bu uyning derazalari hali-hamon mashhur teatrga tikilib turibdi.

Ayni shu xonadonda nikoh bazmi uyushtiriladi.

Marosimga eng mashhur inqilobchi  yoru birodarlar to‘planadi. Jironda departamentidan deputat etib saylangan va deputatlarning dohiysi, ajoyib notiq Brisso va Kamilning eng yaqin do‘sti bo‘lgan – U ham shu yerda edi…

O‘sha oqshom qadimiy nikoh odatiga ko‘ra go‘zal Lyusilning oyog‘iga paypoqni tutib turadigan rezina bog‘ichni U kiygizib qo‘yadi.

U Avliyo Lyudovik litseyida Demulen bilar birga o‘qigandi, U nikoh marosimida Demulen tarafidan guvoh bo‘lgandi… Ha, U peshonasi tirtiq, ko‘zlari chuqur joylashgan kichkina odam. Milliy kengashda uning nomini ko‘pincha adashtirib yuborishardi, parikka mo‘l-ko‘l pudra sepganligi va hayajonli nutqlari ustidan kulib yurishardi… Ha, ha, topdingiz – U  butun inqilobiy birodarlarning barchasini boshini tanasidan gilotinada judo qiladigan  Robesper edi. To‘yda shod-xurram ishtirok etib turgan oltmish nafar mehmonning boshini eshafotda gilotina tig‘i kesadi. U inqilobchi do‘stu birodarlarini o‘limga yo‘llar ekan,  do‘sti Kamilni ham, uning go‘zal xotinini ham esdan chiqarmaydi…

Sevishganlarning nikoh marosimi bo‘lib o‘tgan Sen-Syulpis ruhoniylari ham Parijning barcha ruhoniylari qatorida kundaga bosh qo‘yishadi.

Lyusilning bejirim oyoqlariga paypoq rezinasini o‘z qo‘li bilan bog‘lab qo‘ygan aynan shu janob bu qonli bazmni qo‘llab va qutlab turadi.

Biroq, kelinglar, yana o‘sha inqilobiy Yudifchilarning yurishiga qaytaylik.

Ular Versalga yaqinlashib kelishadi. Tartib saqlash uchun ayollar olomoni ortidan Milliy gvardiya yura boshlaydi.

Amerika shtatlari ozodligi uchun urush qahramoni, general markiz Lafayet Milliy gvardiya boshida turardi. Biroq markiz Lafayet o‘z gvardiyasi ustidan hukmronlikni tobora yo‘qotib borayotganligini his etadi. Chunki inqilobning yangi yugurdagi shitob bilan ishga tushib ketgandi. Ular inqilobchi-markizlar gapiga quloq solmay qo‘yishgandi.

Shu kuni bulutli havo bo‘lsa-da, qirol sevimli ishi – ov bilan band edi.

Qirol ranjib ovni to‘xtadi. Saroydan chopar va Parijdan ministr Sen-Pri kelgandi. Ularning karetasida yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Chopar ulkan olomon saroyga yaqinlashib qolganligini xabar qiladi. Ministr Sen-Pri yig‘ilishga yakun yasab shunday deydi:

– Janobi oliylari, ular sizni Parijga olib ketishi ehtimoldan xoli emas. Biroz jim qolib, keyin qo‘shimcha qiladi: – Agar sizni Parijga olib ketishsa, unda toju taxtdan ayrildim deyavering!

Qirolning oldida ikki yo‘l qolgandi.

Birinchisi – gvardiyachilarga  Yudifchilar olomoniga qarata o‘t otish uchun buyruq berish. Mehribon qirol hech qachon bunga yo‘l qo‘ymasdi. U “Ayolni urish mumkin, faqat gul bilan” degan Lyudovik O‘n to‘rtinchining avlodidan edi.

Ammo o‘sha vaziyatda sog‘lom aqlga to‘g‘ri keladigan ikkinchi yo‘l bor edi – Flandriya polki bilan birgalikda Versalni tark etish. Frantsiya tarixida qirollar ko‘p marotaba qilgan – isyonchi Parijdan uzoqroqqa borib turish eng maqbul yo‘l edi. Keyinchalik armiya bilan poytaxtga kelib g‘alayonni bostirish uchun ham xuddi shu yo‘lni tutish lozim edi. Ammo bu qirol “ishni paysalga soluvchi” edi. Gap bu yerda oddiy qat’iyatsizlikda emasdi. Xuddi bizning oxirgi podshodek u o‘zini qurbonlikka atalgan qo‘zichoqdek tutishida edi.

“Men ko‘p azob-uqubat chekkan Iova kuni dunyoga kelganman… Men dahshatli sinovlarga mahkum etilganman”, degan edi Nikolay Ikkinchi.

Lyudovikning ham kulgili ertagining muqaddimasi bor edi: “Nima ish qilmay – hammasi baxtsizlik keltiradi”.

Buyuk to‘ntarishlarni amalga oshirish uchun tarix ana shunday personajlarni tanlaydi.

Qirol saroyga qaytadi va kuta boshlaydi. Va olomon Versalga qadam qo‘yadi.

Kuchli yomg‘irdan a’zoyi badani ivib ketgan, och va g‘azabdan qoni qaynagan to‘da dastlab Milliy kengash tomon yo‘l oladi.

Deputatlar Yudifchilarning bir necha vakilasini Versal saroyi ichiga olib kirishadi.

Uchrashuv bo‘lib o‘tadi: bir tomonda Frantsiya qiroli, qarama-qarshi tomonda esa kuni kecha  bozorda baliq sotib yurgan, og‘zidan bodi kirib shodi chiqadigan  va Pal-Royalda fohishalik bilan kun ko‘rib yurgan ayollar.

Qirol nihoyatda nazokat bilan gaplashadi. Saroy yerto‘lalaridagi barcha un zaxiralarini Parijga, och-nahor odamlarga yuborishga va’da beradi. Qirol huzuriga kirgan olomon vakillarini qirolning karetasi uy-uylariga olib borib qo‘yishini bildiradi. Qirol bu ayollar Versalni tezroq tark etishi uchun hamma ishni qilishga tayyor edi. Xonimlar qirolning iltifotiga qoyil qolishadi. Bir xonim qirolning odobi va mehridan qattiq hayajonlanib, hatto hushidan ketib qoladi.

Xonimlar olomon oldiga chiqib, g‘alaba qozonganlarini bildirishadi. Biroq Yudifchilar baqirib yuborishadi: “Yo‘qolsin sotqinlar!” Chunki to‘da ichida mutlaqo boshqa ishlarni rejalashtirib turgan odamlar bor edi.

Shu orada yetib kelgan Milliy gvardiya olomonni o‘rab oladi. Qorong‘i tushishi bilan Yudifchilar tunash uchun har tomonga tarqay boshlashadi.

Parijdan kelgan xonimlar bu tunni qanday o‘tkazishdi? Kamtarona javob beradigan bo‘lsak: har xil…

Yosh juvonlar Flandriya polki va Qirol gvardiyasining issiq kazarmalarida mehmondo‘st soldat va ofitserlar quchog‘idan o‘zlariga joy topishdi. Yoshi o‘tib qolganlar esa ertalabgacha davom etgan yomg‘irdan ustunlar tagida jon saqlashdi.

Milliy gvardiya qo‘mondoni Lafayet uxlash uchun mehmonxonaga jo‘nab ketadi.

Biroq inqilob payti uxlanmaydi. Inqilob uyqusiz tunlarni boshidan kechiradi. Amerika Shtatlari ozodligi qahramoni, Milliy gvardiya qo‘mondoni mazza qilib uxlab yotgan paytda quturgan olomon Versal saroyiga bostirib kiradi. Eng ajablanarlisi, avval hech qachon saroyda bo‘lmagan bu odamlar zinapoyalar qayerda-yu maxfiy eshiklar qay tomonda – aniq bilishardi.

Bundan tashqari saroyning ko‘pgina eshiklari qulflanmagandi…

Manfur va jirkanch qirolicha yotog‘iga olib boradigan zinapoya tomon to‘da shitob va shiddat bilan borardi. Yo‘l-yo‘lakay: “Avstriyalik ayolga o‘lim!” (ular Antuanettani “avstriyalik ayol”, “avstriyalik fohisha” deb atashardi. Bizda ham oxirgi malikani “nemis ayoli” deb atashgandek) deb baqirib borishardi.

Mariya-Antuanetta yotog‘ini qo‘riqlab turgan gvardiyachilar qilichlarini yalang‘ochlab jangga shay turishadi. Ular: “Qirolicha, darhol qochib qoling!” deyishga ulgurishdi xolos. To‘qnashuv qisqa bo‘ldi. Bir qo‘riqchi qorniga qilich sanchiladi, ikkinchisining boshi nayza uchida o‘ynay boshladi.

Bostirib kirgan to‘da Antuanettaning qulflangan yotog‘i eshiklarini buzayotgan paytda qiroliga to‘g‘ri qirol yotog‘iga olib boradigan yashirin zinapoya orqali (avvalgi Lyudoviklar shu zinapoya orqali o‘ynashlari yoniga borishardi) xonani tark etgandi.

Bu paytda uyqudan uyg‘onib ketgan Lafayet otga irg‘ib minadi-yu saroy tomon yeldek uchib ketadi.

Saroyni egallab olgan olomon Milliy gvardiya boshlig‘ini ichkariga o‘tkazib yuborish uchun qosh-qovog‘i uyilib ikki tomonga surilib yo‘l ochadi.

Olomonning: “Qirol va qirolichani balkonga olib chiqing!” degan  g‘azabnok baqir-chaqirlari ostida Lafayet qirol yotog‘iga kirib keladi.

G‘azabga mingan olomon va gvardiyachi askarlar ustidan izm-ixtiyorni yo‘qotgan markiz Lafayet: “Janobi oliylari, olomonni hovuridan tushirish uchun… balkonga chiqishga to‘g‘ri keladi…” deydi.

Va ular saroyning asosiy eshigi ustidagi balkonga chiqishadi. Birinchi bo‘lib qirol ko‘rinish beradi va uning ortidan bolalari qo‘lidan ushlab olgan qirolicha chiqib keladi.

Nafratga uchragan va odamlar yomon ko‘radigan pulxo‘r – “avstriyalik ayol” olomon qarshisida turardi. Olomon miltiq va nayzalar bilan qurollangandi. Va albatta inqilobning sevimli quroli – toshlar ham odamlar qo‘lida edi.

U hamma narsani tushunib tursa-da, lekin g‘urur bilan va olomondan hazar qilib  boshini baland tutadi. U bosh egishni bilmasdi. Keyinchalik qirolichani Konserjeri qamoqxonasiga olib kelishganida sal egilib kirishi kerak bo‘lgan joyda, boshini tik tutgani uchun peshonasini kamera eshigi kesakisiga urib yoradi.

U uchun bu dahshatli lahzalar umrining oxiri bo‘lishi mumkin edi. Markiz Lafayet qutqaradi. Markiz balkonga chiqib kelib qirolicha qarshisida nazokat bilan bosh egadi va uning qo‘lini o‘padi. Olomon frantsuzlar ekanligini darhol esga oladi. O‘sha payt u oxirgi marta “Yashasin qirolicha!” degan hayqiriqni eshitadi.

Keyin xuddi es-hushini yig‘ib olgandek olomon: “Qirol va qirolichani Parijga haydang! Novvoyxona va novvoylarni Parijga ko‘chiring!” deb hayqira boshlaydi.

Va ular Parij tomon yo‘l olishadi. Bu motam marosimi edi. Oldinda to‘plarni sudrab Milliy gvardiya borardi. Gvardiyachilar miltiqlari uchiga bayramona gullar qadalgandi. Ularning ortidan un ortilgan ellikta kareta yo‘lga chiqqandi. Eng oxirida esa bir paytlar  taxtga uni olib kelgan va qudratli bo‘lgan qirol Lyudovik oltin karetada yo‘lga tushadi. Hokimiyatdan judo bo‘lgan qirol va tahqirlangan qirolicha bolalari qurshovida jim ketib borishardi.

Sakkiz yuz yillik monarxiya ana shu tariqa o‘lib borardi.

Ular Parijga kirib kelishadi. Qirol oilasi Tyuilri saroyiga qo‘nishi belgilangandi. Bu saroyga qirol ko‘pdan beri qadam bosmagan va shu bois u qarovsiz ahvolda edi.

Biroq Tyuilri saroyi tomon borisharkan, yo‘l-yo‘lakay shahar meriyasi oldida to‘xtashga to‘g‘ri keladi.

Bu yerda unutilmas demokratiya sahnasi  namoyish etiladi: Frantsiya qiroli va kuni kecha Milliy kengash boshlig‘i bo‘lgan, bugun esa Parij meri hisoblangan Bali birgalikda balkonga chiqib keladi. Olomonni qoyil  qoldirib ular bir-birlarining qo‘llarini mahkam ushlab olgan edilar. Qirol boshiga mashhur qirollik shlyapasini kiygan va shlyapaga inqilobning uch rangli nishoni… qadalgandi! Bo‘lg‘usi ikki murda ana shu tarzda qo‘l ushlashib turishardi. Inqilobchi Baliga ham, taxtdan ag‘darilgan qirolga ham bir xil qismat hozirlab qo‘yilgandi.

Qirol xonadonining Tyuilri saroyidagi hayoti boshlanadi. Saroy atrofini Milliy gvardiya askarlaridan iborat qorovullar o‘rab oladi.  Ular qirolni ham qo‘riqlab, ham unga ko‘z-quloq bo‘lib turishardi. Lyudovik de-yuro hali-hamon Millat qiroli, de-fakto esa uning asiri edi. Kechqurunlari gvardiyachilar komandiri markiz Lafayet kelib tekshirib ko‘rardi: sevimli xalqidan qochib ketmadimikin, jonajon xalqini qirol tark etmadimikin?

Tyuilrida yashar ekanlar, ular maktub olishadi.

Bu hozirgacha tarixchilarni bezovta qilib, hayajonga solib kelayotgan mashhur maktub edi. Qirolga xatni… buyuk inqilobchi Mirabo yozgandi! Frantsiyaning eng baobro‘ va ta’sirchan odami. Uning ovozi va so‘zi Millatning ovozi va so‘zi hisoblanardi.

Biroq mard Mirabo – e’tiqodi jihatidan konstitutsion monarxist edi. Mirabo va uning izdoshlari uchun inqilob o‘z maqsadiga erishgandi. Mustabid tuzum ag‘darilgandi. Endi ular o‘zlariga zarur bo‘lgan Kons­titutsiyani qabul qilishga qirolni majbur etishadi va shu bilan ish tamom-vassalom!

Inqilob uyg‘otib yuborgan iblisona kuchlar qanday ish tutishini va inqilob oqimi mamlakat va xalqni qay tomonga oqizib ketishini Mirabo seza boshlagandi. Biroq u bir narsani tushunmasdi: inqilob harakatga keltirgan qora va yovuz kuchni endi to‘xtatib bo‘lmasdi…

Inqilobni amalga oshirganlar, inqilobni boshqara olmay qolishgandi. Biz inqilobning otasimiz, deb o‘ylashardi ular.

Eslab qolaylik: inqilobning otasi bo‘lmaydi. Uning faqat nochor va notavon farzandlari bo‘ladi xolos.

Inqilobni boshlash mumkin, lekin uni qanday yakunlashni hech kim bilmaydi?!

Mirabo o‘zlari yuzaga keltirgan shiddatli va kuchli oqimni to‘xtatish ixtiyorimizda, deb ishonardi. U o‘zining memorandum-maktubida xalqni qanday qilib tinchlashtirishni Lyudovikka tushuntirgandi. Eng avvalo mas’uliyatni o‘z bo‘yniga oladigan ministrliklar tuzish lozim. Xalq hozir ishonib turgan odamlarnigina ministr etib tayinlash kerak. Tabiiyki, bu ministrlarning, ya’ni hukumatning rahbari Mirabo bo‘lishi shart. Chunki hozir Mirabo Frantsiyaning norasmiy hukmdori – shu bois uni hukumat boshlig‘i etib tayinlash adolatdan bo‘ladi.

Biroq xatda kishida jirkanish tuyg‘usini uyg‘otuvchi bir punkt bor edi – Mirabo qiroldan pul so‘ragandi.

Shu narsaga e’tibor berish lozimki, Mirabo nuqtai nazaridan buning hech bir uyaladigan joyi yo‘q edi. Uning nazdida yashirin bo‘lsa-da, baribir o‘z hukmdori xizmatiga qaytayotgandi. Xizmat uchun esa haq to‘lash lozim. Ayollarni, ayol bo‘lganda ham juda ko‘p ayolni yaxshi ko‘radigan bu pulxo‘rga pul doimiy va katta miqdorda zarur edi.

Qirolicha dastlab bu maktubni takabburlik va ichiqoralik bilan kutib oladi. Antuanetta: “Umid qilamanki, biz janob Miraboning yordamiga muhtoj bo‘lar darajada baxtsizlikka duch kelmasmiz?” deydi bepisand. Biroq hayot uni ham o‘ylashga, aql bilan ish ko‘rishga o‘rgatgandi. Biroz o‘ylab, boshqa bunaqangi ittifoqchi topilmasligini tushunib yetadi.

Qirol inqilobiy Frantsiya qirolining yordamini qabul qiladi.

Versal bog‘ida Mariya-Antuanetta Mirabo bilan yashirin tarzda uchrashadi. U ilk bor Miraboning axloqsiz, xunuk va chechakdan ilma-teshik bo‘lgan basharasini va doimo xuddi ot yolidek hurpayib turadigan sochini yaqindan ko‘radi. Bu chehra ayollarni dastlab qattiq qo‘rqitib yuborsa, ke­yinchalik qattiq o‘ziga tortardi!

Ular nima haqida gaplashib olganlari noma’lum.

Ammo suhbat yakuni ma’lum: “U juda ajoyib ayol, oliyjanob va juda baxtsiz. Biroq men uni qutqaraman”, – deb aytgandi Mirabo.

Qirolicha g‘alaba qilgandi!

Mirabo monarxiyaga yordam berishga shoshiladi. Yakobin klubi tuziladi.

Yakobin klubi eng qudratli tashkilotga aylanadi. Yakobinchilar – bu nom turdosh nomga aylanib, butun Yevropaga yangraydi.

Konstitutsion monarxist bo‘lgan Mirabo bu klubning faol a’zosi edi. Aniqrog‘i, unga a’zo bo‘lib ulgurgandi. Chunki tez orada bu klubdan barcha monarxistlar haydab solinadi. Klubda inqilobning yangi bosqichida Inqilob ismli shafqatsiz oyimchaga kerak bo‘ladigan inqilobchi-radikallar qoladi xolos.

Tarixning o‘ziga xos aql bovar qilmaydigan evrilishlari bor. O‘sha paytda Mirabo qirolga juda katta yordam ko‘rsatishi mumkin edi. Ammo Tarixga qirol kerak bo‘lmay qolgandi. Va Mirabo… vafot etadi! Siz ko‘pgina manbalarda uni me’yorni bilmaslik halok qildi deb o‘qiysiz – u frantsuz vinosini juda xush ko‘rardi. Vinodan ko‘ra ham ayollarni yaxshi ko‘rardi. Va ayollar ham uni yoqtirardi.

Uning sehrli kuchi va maftunkor nutqlarini eshitgan ayol xunuk basharasini yoddan chiqarib yuborardi. Grafning mahbubalari soni juda ko‘p edi. Ishoning, uning pahlavonlarga xos sog‘ligi bunga dosh bera olardi. Bundan tashqari Miraboga o‘xshagan odamlarga ayollarning ko‘pligi zaruratga aylangandi – bu narsa unga zarar emas, naf keltirardi.

Aslida esa me’yoridan ko‘p vino va ayol emas –  uni Inqilob o‘ldirgandi!

Inqilob – qon  so‘radigan vampirdir. U insonning qonini ichadi, qonini so‘radi. Hozirgacha tarixchilar Lenin bilan qanday voqea sodir bo‘lgandi, Ilich nima kasallikdan vafot etgandi, deb taxmin qilishadi. Frantsuz inqilobining dohiysi Mirabodek, Ilichning ham Inqilob nomli vampir qonini ichgandi.

Xo‘sh, shunday qilib Mirabo o‘ladi. U kelajakni ko‘ra bilgandi va o‘lim to‘shagida: “Yuragimda monarxiyaning vayronalari. Endi uni g‘alayonchilar bitta-bitta tashib bitirishadi”, deydi.

U quyosh charaqlab turgan kunda, juda quvnoq holda bu dunyoni tark etadi. Zangori osmonga uzoq tikilib turib, keyin kulib shunday deydi: “Qanday go‘zal bu olam! Tepada mabodo Xudo bo‘lmasa, hech bo‘lmaganda uning amakivachchasi bo‘lsa kerak”.

Miraboning o‘limidan keyin qirol oilasi ixtiyorida bir yo‘l qolgandi. Darvoqe, bu yo‘lni Mirabo ham taklif etgandi: xorijga,  inqilobiy Frantsiya dushmanlari va qo‘shinlar oldiga qochish. Qirol ikkilanib qiynalib ketadi. Qirolicha qochish haqida mardona bir to‘xtamga keladi. Mirabo o‘z vaqtida uni “butun qirol oilasida yagona erkak” deb atagan edi.

Allaqanday bir janob qochishni tashkil qilishga kirishadi.

Shu yerda ham navbatdagi bir chekinish qilsak. Inqilob taloto‘plari paytida qirolichaning yonida sadoqat bilan kim qolganligiga nazar tashlash uchun.

Son-sanoqsiz pamfletlarda ko‘plab erkaklar “shahvatparast avstriya­lik ayol”ning o‘ynashlari sifatida tilga olinardi. Haqiqatan esa bu erkaklarning birortasini qirolicha yaqiniga ham yo‘latmagan. Bu iflos pamfletlarda qirolichaning yagona o‘ynashi nomi tilga olinmagandi…

O‘n to‘qqizinchi asrning o‘rtalariga kelib  Antuanetta “mo‘jizaviy tarzda pokdomon ayolga aylanib qolgan” paytda ularning fojiaviy muhabbatlari oshkor bo‘ladi.

Bizda ham, jahon tarixida ham ko‘p marotaba bo‘lgani kabi monarxiya tiklanganidan so‘ng bo‘lib o‘tgan voqealarga endi boshqa ko‘z bilan qarala boshlanadi. Tirikligida Messalina[15] deb e’lon qilingan Antuanetta o‘limidan so‘ng biroz vaqt o‘tib faqat o‘zining sho‘rlik erini sevgan sadoqatli xotin, ma’suma ayol qiyofasida namoyon bo‘ladi.

Biroq o‘n to‘qqizinchi asr o‘rtalariga kelib shved zodagoni graf Ferzenning avloddan avlodga o‘tib kelayotgan xonadonidan qizil lenta bilan bog‘langan o‘n uchta xat topiladi. Bu maktublar graf Ferzenga yo‘llangan bo‘lib, uni o‘sha bizga tanish aji-buji dastxati bilan Mariya-Antuanetta yozgandi. Bu xatlar nashr qilingan.

Ferzen avlodlari bu ajoyib sevgini oshkor qiluvchi jumlalarni o‘chirib tashlashga urinishgan. Lekin ular xatlardagi ana shunday o‘rinlarning barchasini butunlay o‘chirib tashlashni yo uddalay olishmagan yoki xohlashmagan.

Ana shu tariqa Antuanetta tomonidan yozilgan: “Dunyodagi meni eng yaxshi ko‘radigan va men chin yurakdan sevadigan inson!”, “Menga xat yozing! Sizning maktublaringizsiz men aqlimdan ozaman…” singari iqrorlar dunyo yuzini ko‘radi.

Ferzenning opasiga yozgan xatlari ham topiladi. Bu maktublarning birida graf shunday deb yozadi: “Men sevgan ayol hech qachon mening xotinim bo‘la olmaydi. Shu bois men boshqa hech kimga va hech qachon uylanmayman”.

Grafning kundaligidan ham ko‘p narsa oydinlashadi.

Ular bir-birini ko‘rgan kuniyoq sevishib qolishgandi. Graf qirolichaning sha’nini bulg‘amaslik uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladi. Chunki, o‘zi tan olganidek, “Antuanetta qalbimning qirolichasiga aylandi”. O‘rtalaridagi muhabbat va tuyg‘ular barchaga oshkor bo‘lishidan cho‘chib, Ferzen Amerikaga qochib ketadi. Amerika Shtatlari mustaqilligi uchun bo‘lib o‘tgan urushda ishtirok etadi.

Parijga Lafayetning advokati bo‘lib qaytib keladi…

Qirolicha taxt vorisini dunyoga keltirganidan so‘ng, inqilob arafasida ular oshiq-ma’shuqlarga aylanishadi. Trianon saroyining uy pechkasi ortida Ferzen uchun yashirin xona bor edi…

Qirolicha aynan unga – graf Ferzenga – qochishni tayyorlashni topshiradi.

Rossiyadagi inqilobdan keyin bizning oxirgi podshomiz to‘g‘risida – “Tark etilgan podsho oilasi” nomli kitob chiqadi.  Bu sarlavha bemalol Lyudovik va Antuanetta hayoti haqida ham hikoya qilishi mumkin. Xuddi bizning podsho oilasiga o‘xshab frantsuz qiroli va qirolichasi o‘zlarini barcha tark etishi uchun qo‘llaridan kelgan hamma ishni qilishgandi. Qochish uchun yordam va pulni graf Ferzen faqat… rus baronessasidan topadi! Baronessa Korf nafaqat pul, shu bilan birga Parijdan chiqib ketish ruxsati olingan pasportni ham graf qo‘liga tutqazadi. Xayolim parishon bo‘lib pasportimni pechkaga tashlab yuboribman, degan bahona bilan baronessa yangi pasport oladi.

(Keyinchalik Ferzen Antuanettaning Avstriyadagi qarindoshlaridan oliyhimmat baronessaga pulni qaytarishni so‘rab behuda iltijolar qiladi. Hatto u bizning imperatritsamiz Yekaterinadan ham yordam so‘raydi. Ammo baronessaga hech kim bir tiyin ham bermaydi. Grafning o‘zi esa bu paytga kelib bor-yo‘g‘idan ayrilgandi.)

Shunday qilib, shved grafi va rus baronessasi qirol oilasi qochishini tashkil qilishadi.

Bronessa birinchi bo‘lib yo‘lga chiqadi va sog‘-omon Rossiyaga yetib keladi.  Ular-chi?.. Ular esa bo‘lg‘usi operatsiyada rollarni taqsimlashadi. Trianon teatrining yorqin aktrisasi, Rozina rolini muvaffaqiyatli ijro etgan Mariya-Antuanetta Korf xonimning xizmatkori rolini o‘ynashi kerak edi. Korfning o‘zi esa qirol bolalarining tarbiyachisi madam de Turzel rolida chiqishi belgilanadi. Korfning singlisi rolini qirolning singlisi malika Yelizaveta o‘ynaydi. Qirol bilan ahvol anchayin mushkul edi. Lyudovik baronessa Korfning kamerdini rolida chiqadi. Qirolning mashhur shlyapasi bilan nima qilmoq kerak? Janobi oliylari juda qiyinchilik bilan bo‘lsa-da xizmatkorlar bosh kiyimini kiyishga rozi bo‘ladi. Qirolning farzandlari baronessa Korfning bolalariga aylanadi…

Graf Ferzen karetani Parijdan tashqariga olib chiqishni ta’minlashi lozim edi.

Bu qochish avvalboshdanoq muvaffaqiyatsizlikka yuz tutib, barbod bo‘lishi aniq edi.

Qirol oilasining barcha a’zolari birga ketishga qaror qilganlaridan gapni boshlasak. Yana madam Turzelning ham ular bilan bir bo‘lishini aytmaysizmi! Etiket shuni talab qilardi – qirol bolalarining tarbiyachisi doimo birga bo‘lishi shart.

Shu bois ularga juda katta fayton kerak bo‘ladi. Ferzen oila a’zolarining barchasi joylashadigan faytonni  topadi. Bu Germaniyada yasalgan mashhur “Berlin” edi. Biroq ulkan va qimmatbaho ekipaj qayerdan o‘tmasin va ayniqsa kichik shaharlarda – darhol barchaning e’tiborini o‘ziga tortadi. Bu faytonni tortib borish va yo‘lda ularni almashtirish uchun juda ko‘p ot kerak edi. Bularning barchasi qochib borayotganlar uchun ancha noqulayliklar tug‘dirardi.

Yana bir narsa… Barcha frantsuz generallaridan bu ishga bosh qo‘shishga yagona bir general zo‘rg‘a rozi bo‘ladi. Bu markiz Buaye edi.

Xo‘sh, nega u rozilik bildirgandi? Chunki uning ixtiyorida nemis dragun polki bor edi. Markiz ularning sadoqatiga va xiyonat qilmasligiga ishonardi. Frantsuz askarlariga esa ishonib bo‘lmasdi – qirol oilasiga xalqning “muhabbati” shunaqa edi.

Qochish janob Bomarshening pesalari voqealari asosida kechadi. Parij shahri jallodi Sanson e’tirof etganidek, Inqilobdan keyin xabar yetkazuvchi poyloqchilar “tasavvurga sig‘mas darajada ko‘payib” ketgandi. Tyuilri saroyi Milliy kengash xabarkashlari bilan to‘lib-toshgandi. Qirol kimga ishonib, kimga suyanishni bilmasdi.

Vaqt tun yarmiga yaqinlashganda Lafayet qirol oilasi saroyda ekanligiga ishonch hosil qilib uxlagani ketadi.

Etiket qoidasi bo‘yicha qirol yotishdan oldin ipning bir uchini kamerdinerning qo‘liga bog‘lab so‘ng uyquga ketishi kerak – istagan   vaqtda ipni tortib xizmatkorni chaqirish maqsadida.

Endilikda esa qirol hatto o‘z kamerdineriga ham ishonmasdi. Shu kecha ipning bir uchini karavot oyog‘iga bog‘lab qo‘yadi. Keyin ovoz chiqarmay Lyudovik O‘n to‘rtinchi o‘ynashlari yoniga chiqadigan yashirin eshikkacha emaklab boradi. Lyudovik “Quyosh qirol”ning ma’shuqasi Luiza de Lavaler xonasiga kirib livreya (kucher, darvozabon singari xizmatkorlarning zarrin uqali formasi) kiyib saroydan sog‘-omon chiqadi.

Qirol o‘zining ish xonasida xalqqa murojaat yozib qoldiradi. U deputatlarni monarx hokimiyatini noqonuniy tortib olganlikda ayblaydi va o‘zi va oilasi boshidan kechirgan haqorat va siquvlarni bir-bir sanaydi…

Karruzel maydoniga qiroldan sal oldin “qirolichaning xizmatkori” chiqib keladi. Uni saroydan chiqib ketayotgan Lafayetning karetasi urib ketishiga bir bahya qoladi.

Qirol bolalarining tarbiyachisi madam de Turzel va qirolning sing­lisi  Yelizaveta shahzoda va uning singlisini  eson-omon saroydan olib chiqishadi.

Juda ulkan karetaga barchalari joylashib olishadi.

Aravakash o‘rindig‘iga o‘tirgan graf Ferzen otlarga qamchi bosadi. Qochish boshlanadi.

Tunda hech qanday mojarosiz shahardan chiqishadi. Shahardan chiqishlari bilanoq yagona yordam bera oladigan odam – graf  Ferzen karetani tark etishi kerak edi. Oshiq-ma’shuqlar qirolning tuyg‘ulariga rahm-shafqat qilishadi. Kucher o‘rnini gvardiyachi formasini kiyib olgan odam egallaydi.

Janobi oliylari qochishni sayru sayohat sifatida qabul qilgani bois o‘zi bilan xarita olgandi. Va nihoyat o‘zi boshqargan mamlakatni ko‘rishni istab qoladi. Aniqrog‘i, avval boshqargan. Karetaga juda ko‘p oziq-ovqat va vino ortilgandi – Janobi oliylarining ishtahalari karnay edi.

Keyin barcha voqealar qirol marosimlarida voqealar qanday rivojlanishi kerak bo‘lsa, xuddi shu maromda rivojlana boshladi. Qochish rejasi avvalboshdanoq buzilgandi. Qirolni shaharlarda kutib olib, so‘ng chegaracha kuzatib qo‘yishi kerak bo‘lgan markiz Buaye dragunlari uni kutib olmasdi. Ba’zan ulkan kareta, ba’zan esa ularni kutib oluvchilar kechikishardi… Chegaradan uncha olis bo‘lmagan Sent-Meneu shaharchasiga hech bir xavfli mojarosiz qanday yetib kelishdiykin – aql bovar qilmaydi.

Bu shaharchada qiziquvchan qirol Ferzen qattiq taqiqlagan narsa – kareta pardasini ko‘taradi. U shaharcha bilan tanishishni istab qolgandi. Burbonlarning mashhur burni kareta derazasidan ko‘chaga turtib chiqadi. Bu juda katta burun edi. Qirolning sersevgi ajdodlari davrida ko‘pgina xonimlarning farzandlari chehrasini ana shunday ulkan burun bezab turardi. Versalda quvnoq bir maqol tildan tilga ko‘chib yurardi: “Xudo kechiradi, bu dunyo unutadi, ammo burun qoladi”.

Pochtmeysterning yordamchisi, navqiron bir yigit shu zahotiyoq qirol burnini taniydi. U xursandligidan qichqirib yuboradi: “ E! Qaranglar, ellik livrlik puldagi bashara-ku!”

Kareta chegarada joylashgan Varenn shahri tomon yo‘l oladi. Pochtmeysterning yordamchisi, dovyurak yigit Drue otga sakrab minib ular ortidan yuradi…

Tarix yana bir bor kulimsirab qo‘yadi. Qirol oilasi Varenndagi “Buyuk monarx” mehmonxonasiga borib qo‘nishni mo‘ljallagandi. Bu yerda ularni Buaye gusarlari kutib olishi lozim edi… Mehmonxona narigi qirg‘oqda joylashgandi.

Lekin Lyudovik O‘n oltinchi hech qachon “Buyuk monarx”ga yetib borolmaydi. Ularni quvib o‘tgan Drue o‘z ishini qilib ulgurgandi. Qirol karetasi o‘tishi kerak bo‘lgan daryo ko‘prigi to‘ntarilgan aravalar va yog‘ochlar bilan to‘sib qo‘yilgandi.

Tez orada shahar qo‘ng‘iroqlari bong uradi va Milliy gvardiya askarlari ko‘chaga chiqishadi.

Mashhur qochish sahnasining ishtirokchilari oxirgi pardaga yetib kelishadi. Qirol sharmandali niqoblanish, yasama tus va o‘zini boshqa odam qilib ko‘rsatishni bas qilib, ularni o‘rab olgan olomonga murojaat qiladi: “Ha, men sizlarning qirolingizman! Men poytaxtdagi haqoratlardan charchab, provintsiyaga ketishga qaror qildim. Bu yerda xalqning o‘z Hukmdoriga muhabbat bilan munosabatda bo‘lishiga umid qilaman… Xalqim o‘zining quvnoq va baxtli xarakterini namoyish etadi degan umiddaman”.

Shundan so‘ng tahdidli ovozda ko‘prikni tozalab, uni “Buyuk monarx” mehmonxonasiga olib borishga buyruq beradi.

Olomon yuzing-ko‘zing demasdan xoxolab kulib yuboradi.

Keyin portlash ovozi eshitiladi – ko‘prik portlatib yuborilgandi.

Va nihoyat o‘z otliq askarlari bilan yetib kelgan markiz Buaye daryoni kechib o‘tishga jur’at etmay narigi qirg‘oqda turardi. Allaqachon butun Varenn Milliy gvardiya askarlari bilan to‘lib ketgandi.

Shu vaqt Parijdan deputatlar ham yetib keladi. Ular Frantsiya qiroli Parijga qaytishi haqidagi buyruq yozilgan dekret olib kelishgandi.

Qirol dekret yozilgan qog‘ozni uloqtirib yuborib: “Frantsiyada endi qirol yo‘q”, deydi. U bor gapni  aytgandi.

Ular kun bo‘yi yo‘lda juda horigandilar. Shu bois Varennda tunni o‘tkazib, dam olishni niyat qilishgandi. Lekin bunga imkon berishmaydi. Poytaxtdan yetib kelgan deputatlar darhol orqaga qaytishni talab qilishadi. Qirol oilasini o‘rab olgan olomon: “Ularni karetaga haydang, karetaga! Biz ularni karetaga tiqamiz!..” deb hayqiradi.

Qirol, qirolicha va ularning farzandlari so‘kish va qarg‘ishlarni eshitishga majbur va mahkum edilar.

Ular Parij tomon yo‘lga chiqishadi. Milliy kengashning ikki vakili – konstutitsion monarxist Barnav va yakobinchi Petion ham qirol karetasidan joy olishadi. Lyudovik bilan Mariya-Antuanetta o‘rtasiga Barnav, qirol singlisi Yelizaveta bilan madam de Turzel orasiga esa Petion o‘tirib oladi. Qirol oilasi Milliy kengash deputatlariga hech qachon bunchalik yaqin bo‘lmagandi.

Bolalar karetada  shodon o‘ynashardi. Barnav tezda, so‘ng hatto Petion ham “monarxning kamtarona turmushiga maftun” bo‘lib qolishdi. Shu paytgacha ko‘p marotaba eshitib kelgan qirol oilasining takabburligini sira ham ko‘rishmadi. Bolalar bilan ota-ona o‘rtasidagi munosabat oddiy oilaning turish-turmushidan sira ham farq qilmasdi.

Barnav keyinchalik shunday deb yozadi: “Bu judda oddiy oila!”

Parij tomon kelishar ekan, kutilmagan taassurotlar ham sodir bo‘lgandi. Misol uchun, Petion yo‘l davomida qirolicha Yelizaveta meni sevib qoldi, degan to‘xtamga keladi. “Mabodo biz yolg‘iz bo‘lganimizda tabiat albatta o‘z ishini qilgan bo‘lur edi…” deb yozadi ham.

Ular ana shu tarzda poytaxt tomon kelishardi…

Biroq tinch va osoyishta hayot faqat karetada hukm surgandi. Xalq ularni la’natlab qarshi oladi.

Parij yaqinida la’natlar yog‘dirayotgan olomon o‘rniga jim o‘qrayib qarab turgan odamlar to‘dasiga duch kelishadi. Chunki bu paytda Milliy kengashning dekreti hamma joyga yopishtirilgandi. Bu dekretda shunday so‘zlar bor edi: “Kimda-kim qirol va qirolichani olqishlasa, u nafratga loyiqdir. Kimda-kim ularni so‘kib haqoratlasa, xipchin bilan savalanadi”. Ular ana shunday qo‘rqinchli jimlik ichida Parijga kirib kelishadi.

Milliy kengashda qonunchilar to‘plangandi. Ularning ko‘pchiligi professional advokatlar edi. Qirolning yakkahokimligini tugatadigan Konstitutsiyani qonuniy hokimiyat tasdiqlashi zarurligini ular yaxshi tushunib turishardi. Hozircha ana shunday qonuniy hokimiyat qirol bo‘lib, u benuqson bo‘lishi kerak edi. Yangi Konstitutsiyani tasdiqlaganidan so‘ng esa, ya’ni “mavr o‘z ishini qilib bo‘lganidan” keyin…

Va Milliy kengash hech qanaqangi qochish bo‘lmagan, deb e’lon qiladi. Qirol oilasini o‘g‘irlab ketishgandi. Bunda qirolning sira aybi yo‘q. Bu mavzuda muzokara ochmaslik uchun Milliy kengash qirol shaxsi daxlsizligiga tayanib qirolni aybsiz deb topadi…

Shunday qilib ular yana Tyuilri saroyiga qaytishadi.

Xuddi shu vaqtda Milliy gvardiya tomonidan qurshab olingan saroyga g‘alati bir odam tashrif buyuradi.

Qirol orqa o‘girib uni  qabul qiladi…

Inqilobdan keyin Milliy kengashda deputat – doktor Giloten so‘zga chiqadi. U yo‘l qo‘yib bo‘lmas xatolik sodir bo‘layapti deydi. Biz mamlakatda tenglik e’lon qilgan bo‘lsakda, ammo eng muhim joyda, ya’ni eshafotda tenglikni ko‘rmayapman. Amaldagi qonunga ko‘ra faqat dvoryanlarning kallasi kesiladi. Oddiy odamlarni esa osib o‘ldirishadi. Tenglik sharoitida bunday bo‘lishi mumkin emas. Uzoq kutilgan tenglik eshafotga ham kirib kelishi shart. Deputatlar haqiqatan ham juda muhim narsada faromushxotirlikka yo‘l qo‘yilganini tan olishadi…

Bu bahs-munozarani  Parij shahri jallodi Sharl Sanson qo‘rquv ichida tinglaydi. Deputatlar zodagoniy usulda qatl qilishni barcha uchun joriy etishga qattiq bel bog‘laganlarini u tushunib yetadi. Inqilob juda qat’iyatli xonim ekanligini jallod o‘shanda ilg‘ab oladi. Eshafotga mijozlar ko‘payib ketishi aniq bo‘lib qoladi. Buncha ko‘p boshni kesaman deb qo‘li uzilib tushadiku!

Sanson tenglik uchun kurashchi – deputat Gilotenga murojaat qiladi. U muammoni ochiq-oydin aytadi. Jallod haq ekanligini doktor Giloten tan oladi. Muammoni faqat texnika yordamida hal qilish mumkin. Qilich bilan qatl  qilish eskirgan usul.

“Biz endilikda ilg‘or millatmiz va shu bois odamlarni ilg‘or usul bilan qatl etishimiz kerak. O‘rta asrlarga xos qilich o‘rniga mexanizm ixtiro qilinishi zarur”.

Sanson Doktor Gilotenning ilg‘or g‘oyalarini ko‘tarinki ruhda qo‘llab-quvvatlaydi va o‘zining juda kam sonli do‘stlaridan (inqilobga qadar Parijda jallod bilan do‘stlashishdan hamma jirkanardi) biriga yordam so‘rab murojaat qiladi. Sansonning do‘sti asli millati nemis bo‘lgan, musiqa asboblari ixtirochisi Shmidt edi.

Nemis butun mahoratini ishga soladi. U qonli sharafga muyassar bo‘lgandi –  bo‘lg‘usi qatllar uchun oybolta tig‘ini chizadi va barcha mexanikani ishlab chiqadi. U shunga o‘xshash mexanizmni qadimiy gravyurada ko‘rgandi.

To‘g‘ri, Shmidt yangi ixtiroga o‘z nomini berishdan qat’iyan bosh tortadi. Ammo bu ilg‘or mexanizmni o‘ziga nisbat berishlariga doktor Giloten xursandlik bilan rozi bo‘ladi.

Hokimiyatdan judo bo‘lgan qirol hali hamon rasmiy ravishda Millat rahbari bo‘lib qolmoqda va shu bois u yangi ixtironi tasdiqlashi lozim edi.

Parij shahrining jallodi Sharl Sanson Tyuilri saroyiga – Lyudovik huzuriga keladi.

Etiket talabiga ko‘ra qirol jallodni orqa o‘girib qabul qiladi.

Sanson mexanizm va tig‘ni doskaga chizib, uning qanday ishlashini tushuntirib beradi. Lyudovik duradgorlikni joni dilidan yaxshi ko‘rganini aytib o‘tishimiz lozim. Versalda hatto uning ustaxonasi bor edi. Xullas, mamlakatni boshqarishdan ko‘ra duradgor sifatida ancha mohir edi…

Lyudovik ixtironi yuqori baholaydi, unga ilg‘or usul juda manzur bo‘ladi. Biroq biroz o‘ylab turib, jiddiy bir mulohazaga boradi va jalloddan so‘raydi:

– Tig‘ o‘rtasi nega kesilgan?

Haqiqatan ham, uch qirrali tig‘ning past qismi kesik edi. Sanson bu o‘yiqning mahkumning bo‘yni uchun mo‘ljallanganini tushuntiradi. Qirol esa: “Bo‘yinlar har xil bo‘ladi. Bu tig‘ bir bo‘yinga to‘g‘ri kelsa, boshqasiga to‘g‘ri kelmasligi va kichkinalik qilishi, ya’ni mahkumning bo‘yni yo‘g‘on bo‘lsa, tig‘ning kesilgan joyiga sig‘masligi mumkin”, deya e’tiroz bildiradi.

Sanson o‘ziga orqa o‘girib turgan qirolning bo‘yniga nazar soladi, haqiqatan ham, bu yo‘g‘on bo‘yin tig‘ning kesilgan joyiga sig‘masdi, u qirolning haqligini tushunib yetadi.

Frantsiya qiroli qo‘liga bo‘r olib tig‘ni tekis qilib chizib qo‘yadi. Ana shu tarzda Frantsiya qiroli gilotinaning hammuallifiga aylanadi.

Doktor Giloten Milliy kengashda ma’ruza qiladi. U Buyuk Inqilobga munosib, eng insonparvar va eng ilg‘or qatl usuli o‘ylab topilganini tantanavor e’lon qiladi. Endilikda qatl “mayin shabada esgandek, u sizni silab o‘tadi va boshingizdan ajraganingizni hatto sezmay qolasiz”.

Milliy kengash deputatlarining kulgidan nafaslari yetmay qoladi. Ular uzoq kulib, davomli qarsak chalishadi. (Bu shodon kimsalarning to‘rtdan uch qismi tez orada “mayin shabada”ni o‘z bo‘yinlarida his etishadi).

Tajriba o‘tkazishga qaror qilishadi – dastlab murdada, keyin esa qo‘ylarda.

Tajribalar muvaffaqiyatli o‘tadi. Endi bemalol eshafotga odamlarni olib chiqish mumkin.

Biz “Gilotina” deb atagan Inqilobning oxirgi etapi ana shu tarzda boshlanadi.

1791 yilning o‘n to‘rtinchi sentyabrida qirol yangi Konstitutsiyaga imzo chekadi. Mavr o‘z ishini qilib bo‘lgandi, endi mavr ketishi kerak[16].

 

 

III QISM

“Ma’rifat asri! Men seni tanimay qoldim – qon va olov ichida seni tanimayapman – qotilliklar va vayronagarchilik ichida seni tanimay qoldim!..”

N.M. Karamzin

Konstitutsiya qabul qilindi, qirol unga imzo chekdi va konstitutsion monarxistlar orzusi hayot haqiqatiga aylandi. Konstitutsiya yakkahokimlikka chek qo‘ydi, endi xuddi Angliyada bo‘lgani kabi Frantsiyada ham monarxiya qonun bilan cheklandi. Konstitutsion monarxistlarning jarchisi Barnav (bu o‘sha Varennadan qirol va uning oilasini Parijga olib kelgan deputat) Milliy kengashda so‘zga chiqib shunday deydi: “Umumiy manfaatlar inqilobni to‘xtatishni taqozo qilmoqda… Inqilobiy harakatning to‘xtovsiz davom etishi bizga ko‘p ziyon-zahmat yetkazdi – inqilob nimani vayron qilishi va buzishi mumkin bo‘lgan bo‘lsa, barchasini vayron qilib bo‘ldi. Inqilobni amalga oshirganlar u o‘zining eng yuqori bosqichiga chiqib bo‘lganini tushunib yetishlari lozim. Vatanimiz sharafi inqilob davom etmasligini talab qilmoqda”.

Bu sho‘rlik ham Inqilobni to‘xtatishning iloji borligiga ishonardi. U Yakobinchilar klubining eng baobro‘ a’zolaridan bo‘lib, buyuk notiq hisoblanardi. (“U so‘zga chiqishi hamonoq bahs-munozaralar to‘xtardi”, deyishardi Barnav haqida). Ammo ulug‘ notiqning gapi Inqilobning qulog‘iga kirmaydi. U shiddat bilan rivoj topib boradi. Va Yakobinchilar klubida endilikda monarxistlarga o‘rin yo‘q edi. Barnav va uning maslakdoshlari klubni tark etishga majbur bo‘lishadi.

Konstitutsiya qabul qilinganidan keyin Qonunchilik majlisiga saylov bo‘lib o‘tadi. Quruqlikdagi Frantsiyaning eng yirik departamenti bo‘lgan Jirondadan parlamentga eng ko‘p deputat saylanadi. Markiz Kondorsedan boshlab mamlakatning buyuk intellektuallari jirondistlarga qo‘shiladi.

Jirondistlar tayanchi madam Rolan edi. Monarxistlardan farqli o‘laroq, bu boy va ma’rifatli burjua inqilobni to‘xtatishga hali vaqt erta, deb hisoblardi. Ozroq bo‘lsa da, olg‘a harakat qilish lozim. Yangi Konstitutsiya bo‘yicha hali hamon nomigagina bo‘lsa da, hokimiyatsiz qirol Frantsiya davlati boshlig‘i hisoblanardi – bu dekoratsiyani (yuzaki bezak) olib tashlash kerak.

Qirolni taxtdan ag‘darish kerak, lekin tinchgina va qon to‘kmasdan. Frantsiya ular, ya’ni ma’rifatli burjua boshqaradigan Respublika tizimiga o‘tishi kerak.

Va ular har xil narsalarni o‘ylab topa boshlaydilar.

Bu paytda Prussiya qiroli bilan Avstriya imperatori Saksoniyaning qadimiy bir qal’asida uchrashadi. Ular o‘zlarining ixtiyoridagi barcha vositalar bilan Lyudovik o‘n oltinchini qo‘llab-quvvatlashlarini e’lon qilishadi.

Jirondistlar shu zahotiyoq Frantsiyaning dushmanlariga ogohlantiruvchi zarba berishni taklif qilishadi. Ular yana inqilobni qurol yordamida (keyinchalik xuddi bolsheviklar singari) butun Yevropaga yoyish taklifi bilan chiqishadi. Frantsuz inqilobining buyuk bayrog‘i – Ozodlik bayrog‘i – umumevropa inqilobini uyg‘otishiga ishonishadi.

Inqilobchilarning dog‘uli rejasi bo‘yicha Avstriya imperatori, ya’ni qirolicha Antuanettaning tug‘ishgan akasi Millatning rasmiy dushmaniga aylanishi kerak edi. Avstriya imperatori Frantsiyaga qarshi urushga kiradi. Albatta, qirolning qochib ketgan qarindoshlari ham dushmanlar armiyasiga borib qo‘shiladi. Ana shunda “avstriyalik ayol” – qirolichani ham, qirolni ham xoinlikda ayblash mumkin. (Birinchi jahon urushi davrida Aleksandra Fyodorovnani “nemis ayoli” deb ayblashganlaridek). “Qirolning fitnasi” haqida butun Millat gapira boshlaydi va natijada qirol o‘z ixtiyori bilan taxtdan voz kechadi. “Mavr ketadi”.

Ana shundan so‘ng inqilobni yakunlasa bo‘lardi.

Ammo yana takror va takror aytamiz: Inqilobni odamlar boshqarmaydi. Inqilob odamlarni boshqaradi.

Uchinchi tabaqa rasmiy Hokimiyat bo‘lishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda, Tarix sahnasiga yangi kuch chiqadi. Tarixchilar ko‘pincha uni to‘rtinchi tabaqa deb atashadi. Bu – lyumpenlar, juldurvoqilar, jamiyatning eng past qatlami – qashshoq Parij vakillari edi.

Inqilobni amalga oshirgan erksevarlar, zodagonlar, ma’rifatli faylasuflar, boy-badavlat burjuaziya vakillari Inqilobning majburiy qonuniyatini tushunib yetmagandilar: kecha ular ozod etgan ezilgan mazlumlar bugun o‘zlari xo‘jayin bo‘lishni istab qolishadi, shu tufayli ham kechagi xaloskorlarini qattiq yomon ko‘rishadi.

G‘azab, nafrat, jaholat Inqilobi va past tabaqaning o‘ch olish sahnasi bo‘lgan Yakunlovchi sahna yaqinlashib kelardi.

Inqilobning kechagi sevimli farzandlari bo‘lgan jirondistlar – endilikda Inqilobning noqonuniy va nikohsiz tug‘ilgan bolalariga aylanishadi.

Inqilob markazi Yakobinchilar klubiga ko‘chib o‘tadi.

Endi bu yerda radikallar tanho hukmron edi. Ularning boshida yangi ilohlar – g‘azab, nafrat, jaholat Inqilobi va past tabaqa qasosining dohiylari turardi.

Xo‘sh, bular kimlar edi? Robesper. U juda o‘zgarib ketgandi. Uning nutqlarida ko‘tarinki ohanglar butkul yo‘qolgandi. Endi bu notiq odam teshib yuboradigan darajadagi sehrli nigohi va past ovozdagi (albatta, tinglashadi – u buni bilardi) mantiqli nutqlari bilan ajralib turardi. Uning yonida bahaybat-odam – Danton turardi. Uning sochlari to‘ng‘izning juniga o‘xshar, basharasi xuddi Inqilobning o‘zidek dahshatli, ovozi bamisoli momaqaldiroqdek gumburlardi.

Uchinchisi esa, ajoyib jurnalist va kuni kecha advokat bo‘lgan Kamil Demulen edi. Uning qiyofasida allaqanday xayoliy go‘zallik, nazokat va nafosat zuhur etardi.

Va nihoyat, dohiylarning to‘rtinchisi, eng obro‘li hamda xalq do‘sti deb atalgan – Marat. Telbanamo ko‘zlar sohibi bo‘lgan bu kichkina odam iste’dodli shifokor edi. Paradoksni qarang: eng insonparvar kasb vakili bo‘lgan bu kimsaning bosh tuyg‘usi nafrat ekanligiga nima deysiz? Kim yuqorida turgan bo‘lsa, o‘shalarga nisbatan nafrat o‘tida yonardi u.

Marat o‘zining inqilobiy faoliyatini boshlar ekan, Volterga nafrat bilan qarardi va Yevropa tan olgan donishmandni dadil fosh etardi. Keyin shon-shuhrat cho‘qqisiga chiqqan qahramon – Lafayetni fosh etib, undan nafratlanardi. Mirabo inqilob ovoziga aylangan chog‘larida markizdan ham nafratlanib, uni fosh eta boshladi. Biroq o‘sha davrlarda Maratni hech kim bilmas va tanimasdi, binobarin, uning nafrati hech kimni qiziqtirmasdi.

Endi esa uni butun Frantsiya bilardi. U “Xalq do‘sti” nomli qahrli gazetani nashr eta boshlaydi. Bu gazetaning nomi uning laqabiga aylanadi. Gazeta sahifalari boy burjua vakillariga nafrat bilan to‘lib-toshgandi.

Qonli va qahrli da’vatlarga boy “Xalq do‘sti”ni qashshoqlar yutoqib o‘qirdi. Robesper shunday degandi: “Marat peroni qonga botirib yozadi”. Bu gapga “Xalq do‘sti” istehzo bilan javob qaytaradi: “Ey, sho‘rlik, sen hali mening darajamga yetishingga ancha bor”.

Haqiqatan ham, o‘sha paytda Marat barcha radikallardan ustun turardi. Uning gazetasi har kuni Millatga murojaat etib, alohida ta’kidlardi: “Xalq ko‘r bo‘lib qolgan, ammo albatta ko‘zini ochishi kerak”. “Hozirda zodagonlar o‘rniga yangi zodagonlar paydo bo‘ldi – bular zodagon boylar. Haqiqiy inqilobchi kimda kim kyulot (tizzadan sal pastga tushib turuvchi shim. Bunaqangi shim zodagonlar va boy-badavlat burjua vakillarida bo‘lgan) kiyib olgan bo‘lsa, undan nafratlanishi lozim. Ha, ha, o‘lgudek nafratlanishi!”

“Kimning xizmatkori, karetasi, ipak matolardan kiyimi bo‘lsa, o‘shalarga hujum qiling. Bunday odamlar dushman ekaniga imoningiz komil bo‘lsin! Ularni ayovsiz o‘ldiring!”

“Yangi paydo bo‘lgan boy do‘kondorlarning do‘konlarini talang. Ey, buyuk xalq, bunday qilishga sening haqing bor!”

“Talanganni tala!” – Inqilobning abadiy shiori!

Marat Millatni ogohlantirishga ulgurmasdi: “Ozodlikka qarshi – hammayoq fitnaga to‘lib-toshgan”. “Inqilobning xavfsizligi uchun eng kamida qirq ming royalist (monarxiya tarafdori)ni o‘ldirish kerak”. Keyin bu raqam oltmish mingga yetadi. Keyinchalik esa ikki yuz ming kishini o‘ldirish haqida jar solinadi…

Marat to‘xtamay yozardi: “Ozodlik, bu – zolim hukmdordir, endilikda ozodlikning buyuk zolimligi hayotimiz a’moliga aylanishi shart”. “Xalq do‘sti” vatanparvarlarni Inqilobning buyuk damlari bo‘lgan damlar – Bastiliyaning ishg‘ol qilinishini eslashga da’vat etadi… Haqiqiy inqilobchining qalbini tug‘yonga keltiradigan tuyg‘ular – qahr-g‘azab va nafratni yodga olishga chaqiradi.

Jirondistlar Qonunchilik majlisida ajoyib nutqlar bilan ovora bo‘lib yurganlarida Marat va Yakobinchilar klubi qahr-g‘azab va nafrat davrini tayyorlashadi. Haqiqiy Inqilob davri!

Bu vaqt mobaynida Parij ko‘chalarining shakl-shamoyili qanchalik o‘zgarib ketganini bir ko‘rsangiz edi! Dvoryanlarning kamzullari butunlay yo‘qoldi – uni ko‘chada kiyib yurishga qo‘rqib qolishgandi. Ko‘chalar yovuz va mudhishlik kasb etdi. Qo‘rqib qolgan odamlar kambag‘allarning kurtkalarini kiyib yurishardi. Maratning ayovsiz maqolalaridan keyin dvoryanlarning kyulotlari butkul g‘oyib bo‘ldi… Endilikda ko‘chalarda sankyulot kiyib olganlar yurardi, ya’ni uzun shim, qora kurtka va boshiga frigiy qalpog‘ini kiyganlar… (Qadimgi Rimda ozodlikka chiqqan qullar boshlariga frigiy qalpog‘ini kiygan). Endi haqiqiy inqilobchini ana shu kiyim boshdan tanish mumkin edi.

Bu paytda inqilobiy armiya ketma-ket mag‘lubiyatga uchrayotgandi.

Jirondistlar nima o‘ylab, maqsad qilgan bo‘lsalar – barchasi amalga oshadi. Chunki xalq mag‘lubiyatning sababi – saroydagi xoinlik va qirol oilasining Parijga hujum qilayotgan bosqinchi dushmanlar bilan aloqadorligida ekanligiga ishonadi. Frantsiyadan qochib ketgan shahzodalar bosqinchilar armiyasida xizmat qilayotganligi bekorga emas-da.

Jirondistlar Qonunchilik majlisiga qochib ketgan emigrantlarga qarshi qat’iy qonunlar qabul qilishni taklif etishadi.

Parijga hujum qilayotgan Avstriya-Prussiya armiyasining muvaffaqiyatlarini ko‘rib Lyudovik ilk bor qat’iyat ko‘rsatadi. U emigrantlarga qarshi qaratilgan qonunga imzo chekishdan bosh tortadi va jirondistlar hukumatini iste’foga jo‘natishga o‘zida jur’at topadi. Bir paytlar Nekkerni iste’foga jo‘natish olovga kerosin sepgandek bo‘lgani kabi bu safar ham pilik o‘tga tutashtirilgandi.

1792 yil 20 iyun kuni Parij atrofi va shahardan to‘plangan olomon Tyuilri saroyi tomon yurish boshlaydi. Qora xalq saroy bog‘i va binolarini zabt etadi.

Sharmandali sahna yuz beradi. Frantsiya qiroli ikki soat mobaynida avomning haqorat va tahqirlari ostida qolib ketadi. Uni ochiqchasiga haqorat qilishar va xoinlikda ayblashar, boshiga frigiy qalpog‘ini kiyishni talab qilishardi.

Va Frantsiya qiroli mutelarcha boshiga rimlik qullarning bosh kiyimini kiyadi.

“Millatning sog‘ligi uchun qadah ko‘taring!” deb unga buyruq berishadi. Qirol ojizona bosh egib ichadi.

Saroyning ishg‘ol qilinishini Tyuilri bog‘i pandusida turib hali hech kimga tanish bo‘lmagan bir artilleriya ofitseri kuzatib turardi. Biroq Inqilob – afsungardir. Oradan bir necha yil o‘tib ana shu hech kim bilmagan va tanimagan ofitser mazkur saroyda – Qirollar saroyida yashaydi.

O‘shanda olomonning beboshligini ko‘rib bu notanish ofitser shunday degandi: “Bu qirol degani qanday nodon, merov odam ekan-a! Axir, uning to‘plari bor-ku! Bu besh yuz nafar shum shaytonvachchalarni par kabi to‘zg‘itib yuborish uchun to‘plardan bir marta zalp bilan (baravariga) o‘t ochilsa, bas, qolganlari tum-taraqay qochadi”.

Biroq bunday qilish uchun Napoleon bo‘lish kerak…

Qirol saroyiga birinchi yurish ana shu tarzda kechadi.

Biroq qirol “g‘ayratsiz jasorat” bilan jirondist ministrlarni mansabiga tiklashdan bosh tortadi.

Endi butun mamlakat bo‘ylab qirollik Hokimiyatiga qarshi harakat avj olib ketadi. Yana bir bor tirishqoqlik bilan harakat qilsak – qiroldan butunlay qutulamiz, deb ishonishardi jirondistlar. Ana o‘shanda Inqilob va Anarxiyani butunlay to‘xtatamiz!

Jirondistlar rahnamosi bo‘lgan Verno Qonunchilik majlisida so‘zga chiqadi: “…Frantsuz shahzodalari qirol nomidan Yevropaning barcha saroylarini Millatga qarshi oyoqlantirishga urinishmoqda… O‘z Vatani yuragiga nayza sanchish uchun Avstriya armiyasida yuqori mansablarni olgan bu emigrantlar qirolga yordam berishga oshiqmoqdalar… Bor-yo‘g‘i qirol uchun Ozodlikka xuruj qilishmoqda… Bunday holatda men Konstitutsiyaga murojaat qilmoqchiman… Armiya boshida turgan qirol uning kuchini xalqqa qarshi qaratsa yoki armiyaning xalqqa qarshi harakatlariga to‘sqinlik qilmasa – u qirollik hokimiyatidan judo bo‘lgan deb hisoblanadi”.

Bu paytda Frantsiyaning inqilobiy armiyasi sharmandalarcha chekinishni davom ettirardi. Avstriya va Prussiyaning shahzoda Braungshveyskiy boshchiligidagi birlashgan qo‘shinlari shiddat bilan Parijga yaqinlashib kelmoqda edi.

Antuanetta akasi imperator Leopold, Ferzern va shahzoda Braungshveyskiyga jazava bilan xatlar yozardi. Tezroq yordamga yetib keling, deb goh yalinib-yolvorar, goh talab qilardi. Tyuilriga qora avomning yurishidan keyin hayotimiz qil ustida turibdi, masala yo hayot, yo mamot darajasiga borib yetdi – xabar berardi u o‘z xatlarida…

Shundan so‘ng shahzoda Braungshveyskiy Parij aholisiga Manifest bilan murojaat qiladi.

G‘azab va tahdidga to‘la bu mashhur hujjatni tayyorlashda qirolicha “hayotimdan ham ortiq sevaman” deb atagan graf Ferzen ham ishtirok etadi…

Ferzen haqida ikki og‘iz gap aytmasdan o‘tib keta olmaymiz. Qirolning muvaffaqiyatsiz qochishidan so‘ng u qirolni o‘g‘irlashda ayblanib, qonundan tashqaridagi shaxs, deb e’lon qilingandi. Uning boshi uchun juda katta miqdorda pul tikilgandi. Parijga kelish – o‘z-o‘zini o‘ldirish bilan barobar edi. Biroq u sevgilisiga Parijga albatta boraman, deb maktub yo‘llaydi. Qirolicha zinhor kela ko‘rmang, deya zorlanadi – lekin kelishini bilardi!

Graf Ferzen Parijda paydo bo‘ladi. Eng ajablanarlisi, tunu kun Milliy gvardiya qo‘riqlab turgan Tyuilri saroyiga kiradi…

Grafning o‘z kundaligida yozganidek, Tyuilrida ular tunni birgalikda o‘tkazishadi. Ularning birgalikdagi oxirgi tuni.

Ertasi kuni u qirol bilan ko‘rishib yangitdan qochishni tashkil qilmoqchiligini bildiradi. Ammo qirol “halol odam sifatida” bu taklifni rad etadi. U Milliy kengashga boshqa qochishga urinmayman, deb so‘z bergandi. Qirolning so‘zi – buzilmas va’dadir…

Parijdan chet elga eson-omon yetib kelgan Ferzen ayovsiz Manifestni tayyorlashda ishtirok etadi. Manifest Milliy kengash deputatlarining harbiy davr qonunlari bo‘yicha sudga tortilishini e’lon qilgandi. Qirolning boshidan bir tuk to‘kilsa, butun Parij boshi bilan javob beradi. Qasos o‘ta shafqatsiz bo‘ladi. Parij yer yuzidan butun aholisi bilan supurib tashlanadi.

Manifest mualliflari Inqilobni anglab yetmagandilar. Xalqning oyoqqa turishi uchun bundan ortiq yo‘lni o‘ylab topish mushkul edi. Frantsuz xalqining sha’nini yerga uruvchi Manifest butun Frantsiyani yagona kuch sifatida birlashtiradi. Baxtiqaro qirol oilasi uchun ushbu Manifestga qaraganda boshqa yomonlikni o‘ylab topish mushkul edi…

Inqilob dramasining oxirgi pardasi yaqinlashib kelardi.

10 avgust kuni fojiali yakun boshlanadi.

Avgustning birinchi kunlaridayoq avomdan iborat olomonning Tyuilriga yangi yurishga tayyorgarlik ko‘rayotgani ma’lum bo‘ladi.

Qirol Tyuilri himoyachilarini sanab chiqadi. Ularning soni juda oz edi. Bular, eng avvalo, mingtacha jasur va mohir shveytsariyalik gvardiyachilar edi. Burch va inson sha’ni nima ekanini hali esidan chiqarmagan, ammo qarib-qartayib qolgan mingtacha zodagon ham yordamga yetib keladi.

Va nihoyat inqilobiy Milliy gvardiya. Uning zimmasiga nafaqat qirolni qo‘riqlash, shu bilan birga hamon nomiga bo‘lsa da, Millat boshlig‘i bo‘lib turgan qirol va uning oilasini himoya qilish ham yuklangandi. Manda gvardiya komandiri edi… Insof yuzasidan aytish lozimki, u gvardiyachilarga tartibni saqlash va o‘z burchlarini bajarish to‘g‘risida buyruq bergandi. Biroq gvardiyachilar bu buyruqni bajarishadimi yoki yo‘qmi – tushunarsiz edi.

Biroq Tyuilrida eng muhim narsani bilishmasdi. Tunda sobiq inqilobiy hukumat, juda ko‘pchilik odamlar taqdiri va tarix yo‘nalishini o‘zgartirib yuborgan voqea sodir bo‘lgandi.

Parijda Yakobinchilar tomonidan tayyorlangan davlat to‘ntarishi muvaffaqiyat qozongandi…

Xuddi bizdagidek – Oktyabr inqilobi arafasida bolsheviklar Petrograd Sovetini qanday bosib olishgan bo‘lsa, Frantsiyada ham Parij Kommunasini (meriya) qurol bilan qo‘lga kiritishadi.

Tunda sektsiyalar (rayonlar)ning qurollangan vakillari Kommunaga kelishadi. Ular o‘zlarini Parijning yangi hokimiyati deb e’lon qilib, eskilarni haydab yuborishadi. Kommuna boshlig‘i Petion (muvaffaqiyatsiz qochishdan keyin qirol oilasini Parijga kuzatib kelgan deputat)ni qamoqqa olishadi.

G‘oliblar Tyuilrini qo‘riqlab turgan gvardiyachilar komandirini darhol huzurlariga chaqirishadi.

Parij meriyasiga kirib kelgan markiz Manda hayratdan qotib qoladi. U shu paytgacha muloqotda bo‘lib, birga ishlab kelayotgan birorta odamni uchratmaydi. U bilan unga notanish va butunlay yangi odamlar gaplashadi. To‘g‘ri, bu kimsalar o‘z sektsiyalarida anchayin tanilib qolishgandi.

Kommunaning qarorgohi (de-Vil mehmonxonasi) toshtaroshlar, do‘kon sotuvchilari, pivo pishiruvchilar, mayda zargarlar, omadsiz jurnalistlar va boshqalar bilan to‘lib-toshgandi.

Bu o‘sha Parijda hokimiyatni egallab olgan to‘rtinchi tabaqa edi.

Bular endilikda Inqilobning qonuniy farzandlari sifatida maydonga chiqqandi.

Kuni kecha lyumpen (sayoqlar, yalangoyoqlar, qashshoqlar) bo‘lganlarning dohiylari – yakobinchi Marat, Robesper, Danton edi. “Quturganlar” deb nom olgan o‘taketgan radikallar ular bilan hamkorlikni boshlagandi.

Kommunaga kelgan Milliy gvardiya komandiri markiz Manda Tyuilriga qaytmaydi. Qo‘zg‘olonchi Kommuna boshqa markizlar bilan nima ish qilgan bo‘lsa – u bilan ham shu ishni qiladi. Milliy gvardiya komandiri bilan yakobinchasiga ish tutilgandi – markiz Manda o‘ldiriladi.

Milliy gvardiyaga komandirlik qilish uchun ishonchli odam – isyonchi Kommuna vakili jo‘natiladi. Shu vaqtdan boshlab Milliy gvardiya isyonchilar qo‘liga o‘tadi.

O‘ninchi avgust tongi otadi.

Parijda kun juda qizib ketadi. Shu kuni quyosh ham qon tusiga kiradi…

Shu kun arafasida Antuanetta qiroldan saroy himoyachilari ruhini ko‘tarishni so‘raydi. (Bizning malika ham o‘zini xuddi shu tarzda tutgandi… Sarskoye seloga qo‘zg‘olonchilar kelishidan bir kun oldin tunda u ham Aleksandr saroyi himoyachilarini bir-bir aylanib o‘tib, ularning ruhini ko‘tarmoqchi bo‘ladi).

Va qirol saroy himoyachilarining oldiga chiqadi. Bu ishni, yaxshisi, qilmagani ma’qul edi. U ayanchli ahvolda bo‘lib, askarlar undan hazar qilishadi, xolos…

Tongda to‘xtovsiz bong uriladi. Cherkovlar qo‘ng‘irog‘i yangraydi. Son-sanoqsiz odamlar to‘dasi saroyga bostirib kela boshlaydi.

Voqealar shiddatli sur’atda rivojlanib boradi.

Qonunchilik majlisi Tyuilri saroyining yonidagi Manejda tinimsiz yig‘ilish o‘tkazardi.

U yerdan saroyga jirondistlarning elchilari keladi. Qirol va uning oilasiga saroyni tark etib, Qonunchilik majlisi binosida yashirinishni taklif qilishadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat himoyasiga o‘tishni!

Biroq bu yo‘l qirol hokimiyatining tugashini anglatardi. Qirol dahshatga tushadi. Ammo u…

Lyudovik ko‘pam ikkilanib turmaydi. U faqat birgina so‘z aytadi: “Ketdik”.

Va ular Tyuilri bog‘i ichra keta boshlashadi.

Ular o‘z bog‘lari – qirollar bog‘i ichidan oxirgi marta ketayotgandilar. Qizil kurtkali shveytsariyalik askarlar bog‘ ichra yo‘lakcha hosil qilishgandi.

Ushbu tirik odamlar (hozircha tirik) yo‘lakchasi orasidan marosim yo‘lga chiqqandi. Oldinda – semiz odam – qirol! O‘yinqaroq shahzoda uning qo‘lidan ushlab olgandi. Bu yil darxtlar erta barg tashlagandi. Bog‘bonlar bir joyga to‘plab qo‘ygan bargi xazon to‘dasini shumtaka bolakay oyoqlari bilan tepib, sochib borardi.

Eri va o‘g‘lining ortidan egniga oppoq ko‘ylak, boshiga qimmatbaho parlar tikilgan shlyapa kiygan yosh go‘zalning qo‘lini tutgancha Antuanetta ketib borardi. Bu go‘zal – gertsoginya Lambal edi…

“Biznikilar”ning qolganlari qayerga gumdon bo‘ldi? Lojuvard ko‘zli Polinyak xonim, graf de Artua va boshqalar muvaffaqiyatli tarzda allaqachon xorijga qochib ketishgandi. Gertsoginya Lambal ham Londonga ketgan edi. Biroq sevimli qirolichasini yolg‘iz qoldirmaslik uchun qaytib kelgandi.

Ularning ortidan esa qirol qizining qo‘lidan tutib yosh bir ayol kelardi. Bu Lyudovikning singlisi Yelizaveta edi…

– Yo‘laklarga juda ko‘p barg to‘kilib, hammayoq ivirsib ketibdi. Saroyga qaytib kelganimizdan so‘ng bog‘bonlarga tanbeh berib qo‘yish kerak, – deydi qirol.

Singlisi Yelizaveta shunday javob qaytaradi:

– Janob, biz endi hech qachon bu yoqqa qaytmaymiz…

Ular Qonunchilik majlisi zaliga kirib kelishadi va Majlis raisi:

– Qirol va uning oilasi Qonunchilik majlisi himoyasi ostiga o‘tdi. Qirolning hokimiyati to‘xtatiladi,   deya e’lon qiladi.

Parlament ularni qayerga joylashtirishni bilmasdi. Konstitutsiyaga ko‘ra Majlisning yig‘ilishlarida qirolning ishtirok etish huquqi yo‘q edi. Ularni protokol olib boruvchining xonasiga jo‘natishadi. Bu havo aylanmaydigan mo‘jazgina bir xona edi. Qirol oilasi nafasi siqilib, issiqdan terlab-pishib, o‘z taqdirlari qanday hal bo‘layotganini eshitib o‘tirishadi.

Bu vaqtda bevosita saroy ichida jang borardi. Qirol olomonga to‘plardan o‘q uzishni taqiqlaydi. Olomon shveytsariyaliklarni siqib kelgan bo‘lsa da, ular mohirlik bilan qarshi hujumga o‘tib, olomonni saroy ichidan haydab chiqadi va Karruzel maydoniga uloqtirib tashlashga va hujum qiluvchilarning to‘plarini qo‘lga kiritishga muyassar bo‘lishadi.

Xuddi shu payt marselliklar yetib kelishadi. Bu polk bo‘lib, inqilobiy Marsel shahridan kelgandi. Ular qo‘shiq kuylab, ha, keyinchalik Frantsiya gimniga aylangan “Marselyoza”ni aytib hal qiluvchi hujumga o‘tishadi.

Qonunchilik majlisida saroyda jang ketayotganini qirolga eslatishadi. Faromushxotir qirol bir parcha qog‘ozga: “Qirol o‘zining sadoqatli shveytsariyalik askarlariga qurolni tashlab, kazarmaga qaytishga buyruq beradi”, deb yozadi.

Biroq kech bo‘lgandi. Shveytsariyaliklarning o‘qlari tugab borardi. Ular saroy orqali boqqa chekinishga urinib ko‘rishadi. Biroq ularni bu yerda poylab turgan otliq jandarmlar qilichdan o‘tkazishadi. Ayrimlar taslim bo‘ladi. Ammo asirga tushganlarga ham shafqat qilinmaydi. Asir askarlar ham o‘ldiriladi. G‘alabadan mast olomon nayza uchiga askarlarning kesilgan boshini sanchib, murdalar mundirini suvenir uchun yechib olishadi.

Etti yuz oltmish nafar shveytsariyalik jang maydonida, keyin esa qamoqxonada halok bo‘ladi.

Lyutserndagi[17] qoyada insonnikiga o‘xshash ko‘zi g‘am-hasratga to‘lib o‘layotgan sherga yodgorlik qo‘yilgan. Unda : “Sadoqat va jasoratga bag‘ishlanadi” degan so‘z yozilgan. Va 760 raqami.

Talon-toroj qilingan, xarobaga aylantirilgan Tyuilri saroyi peshtoqiga: “Ijaraga beriladi” degan Inqilobning shodon yozuvi ilib qo‘yiladi.

Qonunchilik majlisi qirolning taqdirini hal qilishi lozim edi.

Parijning yangi kommunasi qirol oilasini darhol hibsga olishni talab qiladi.

Xuddi Nikolay taxtdan voz kechishi hamonoq yaqinda tashkil qilingan Petrograd Soveti podsho oilasini qamoqqa olishni talab qilganidek.

Podsho va malika Muvaqqat hukumat tomonidan hibs etiladi. Ularning taqdirini esa umumiy ovoz berish yo‘li bilan saylangan Ta’sis majlisi hal qilishi kerak edi.

Frantsiyada ham umumiy ovoz berish yo‘li bilan saylanadigan Milliy konvet qirol taqdirini hal etishi kerak edi.

Qirol oilasini shahzoda Kontining maftunkor saroyiga olib borishadi. Bu yerda kontsertlar, ballar tashkil qilinardi, aynan shu yerda o‘spirin Motsart mashhur kuylarini ijro etgandi…

Biroq qurollangan Kommunadan qo‘rqib qolgan Qonunchilik majlisi ularni saroyga emas, qirol oilasi uchun birinchi qamoqxona bo‘lgan Tampl minorasiga joylashtiradi.

Buyuk frantsuz inqilobining qonli voqealari bilan juda ko‘p aloqador bo‘lgan Tampl saqlanib qolmagan. Bu qadimiy qal’a o‘rnida hozir xiyobon va ko‘prik tushgan.

Marat xalq haqida xo‘p topib, juda muhim gaplar aytgan: “Xalqni oson boshqarish uchun xalqning doimo asabi chaqnagan bo‘lishi lozim”.

Va “Xalq do‘sti” har kuni nafrat kampaniyasini davom ettirardi. U Vatan xavf ostida, deb yozadi. Vatanparvar sanklyulotlar[18] dushmanga qarshi jang qilish uchun frontga ketganligidan foydalanib, Parij qamoqxonalarida o‘tirgan fitnachi royalistlar ozodlikka chiqishadi va la’nati Oilani ozod etishadi.

“Ular sizlarning bolalaringizni o‘ldirishadi. Ular sizlarning xotinlaringizni zo‘rlashadi!”

Marat vatanparvarlarni “Qamoqxonalarda payt poylab yotgan dushman ustidan xalq sudini o‘tkazmasdan turib” frontga yo‘l olmaslikka chaqiradi.

Xalq Maratning qonli da’vatiga labbay, deb javob berdi.

Tampl minorasida saqlanayotgan Oila ikkinchi sentyabr kuni bong sadosini eshitdi.

Shu kuni Parijda yangi Varfolomey tuni[19] boshlanadi. Poytaxtning barcha qamoqxonalarida bir yuz yigirma soat royalistlar va ruhoniylarni o‘ldirishadi. Mahbuslar taqdirini shitob bilan hal qiluvchi o‘zini o‘zi tayinlaydigan soxta xalq sudlari tashkil etiladi. Qisqa savollardan so‘ng xalq sudyasining: “Abbatlikka olib chiqing!” degan buyrug‘i yangraydi.

Sho‘rlik mahbus qamoqxonadan chiqish tomon yo‘l oladi. Uni qamoqxona darvozasidan tashqariga olib chiqishadi. Bu yerda baxtiqaro mahbusni oybolta, nayza va toshlar bilan qurollangan avom kutib turardi. Ular qurbonni urib o‘ldirib, uning kiyimlari, qo‘lidagi uzugini bo‘lishib olishar va cho‘ntaklarini titkilashardi…

Qamoqxona oldida qon daryo bo‘lib oqar va murdalardan tog‘ hosil bo‘lgandi.

Gertsoginya Lambalni tunda uyqudan uyg‘otishadi. Sud odatdagidek qisqa bo‘ladi. “Abbatlikka olib chiqing!” degan buyruq yangraydi.

Xonim qamoqxona darvozasidan chiqishi bilanoq… hayvondek quturgan olomonning qo‘liga tushadi. Uni toshbo‘ron qilishadi, o‘layotgan ayolni zo‘rlashadi. Keyin “qassoblik” qilishdi: yuragiga xanjar sanchishdi, boshini tanasidan judo qilishdi va ayolning jinsiy a’zosini ham kesib tashlashdi.

Go‘ngga qorilgan ayolning boshi, yuragi va avratini nayza uchiga sanchib Tampl minorasiga olib kelishdi – “avstriyalik fohishani xursand qilish uchun”. Ko‘rib qo‘y, fohisha!

Antuanetta dugonasining nayza uchiga sanchilgan boshini ko‘radi-yu hushidan ketadi.

Konventga saylov davom etayotgan bir paytda Qonunchilik majlisida kurash avj oladi. Bu albatta inqilobchilarning bir-birovi bilan sodir bo‘ladigan kurashi edi. Jirondistlar yakobinchilar bilan kurash olib borishardi. Jirondistlar Marat va Dantonni himoyasiz odamlarni o‘ldirishga qutqu solganlikda ayblashardi. Qamoqda o‘tirgan 2800 nafar mahbusdan yarmi o‘ldirilgandi…

Danton bu ayblovga shunday javob qaytardi: “Biz zodagonlar va ruhoniylarni hozir aybi borligi uchun emas, kelajakda jamiyat hayotida ularga o‘rin yo‘qligi uchun o‘ldiramiz”.

Robesper shunday deydi: “Xalqni qonunsiz ish tutganlikda ayblashga kimning haddi sig‘di? Xalq zo‘ravonligining chegarasini belgilashga kim jur’at etdi? Zo‘ravonlik inqilobning o‘zidek buyukdir. Inqilobning o‘zi, taxtni ag‘darish va Bastiliyani olish qanchalik noqonuniy bo‘lsa, zo‘ravonlik ham shunchalik qonunga zid! Ozodlik qanchalik noqonuniy bo‘lsa, zo‘ravonlik ham shu qadar noqonuniy!”

Nima ham derdik, Robesper haq – buyuk Inqilob buyuk zo‘ravonlikni vujudga keltiradi.

Yigirmanchi sentyabr kuni Tamplda yana bong va baraban sadolari, olomonning hayqiriqlarini eshitiladi.

General Dyumure boshchiligidagi qashshoq va och-yalang‘och respublika armiyasi gertsog Braunshveyskiy boshchiligida g‘olibona yurish qilayotgan Prussiya va Avstriyaning birlashgan armiyasini mag‘lubiyatga uchratgandi.

Janglarda ishtirok etgan Gyote: “Biz yangi dunyo tug‘ilayotganiga guvoh bo‘ldik”, deydi.

Saylangan Milliy konvent yigirma birinchi sentyabr kuni to‘planadi va “Qirol taxtdan ag‘darildi”, deya tantanali sur’atda e’lon qiladi.

Yana to‘xtovsiz qo‘ng‘iroq chalinadi va olomon junbishga keladi…

Millat monarxiyani dafn etadi.

Saylangan Konventda yana jirondistlar ko‘pchilik o‘rinni egallagan bo‘lsalar-da, biroq ular hokimiyatdan mahrum edilar. “Qurol kimning qo‘lida bo‘lsa, kuch ham o‘sha tomonda”. Milliy gvardiya Parij meriyasiga bo‘ysunardi, ya’ni yakobinchilarga.

Endilikda Konventni ochiqchasiga qurollangan ozchilik – Yakobinchilar klubi boshqarardi.

Konventda yakobinchi-deputatlarning o‘rindiqlari yuqorida joylashgandi va shu bois ular “Tog‘” degan laqab olishadi. Tepada, ya’ni Tog‘da halokatli chaqmoq chaqa boshlaydi. Yakobinchilarga ham, jirondistlarga ham qo‘shilmagan deputatlarning qo‘rquvdan oyoqlari qaltirashga tushadi. Ularni jirkanib “Botqoq” deb atashdi. Bechora “botqoq qurbaqalari”.

Voqealar kutilgan o‘zanda rivojlanib boradi. Inqilob qayta takrorlanish tomon shoshardi. Xuddi angliyalik inqilobchilar Karl Birinchini jazoga loyiq ko‘rganidek, Respublika Konventi ham qirolni jazolashga qaror qiladi.

Qirol Lyudovik O‘n oltinchi (endi grajdanin Kapet deb atashardi) ustida sud ramziy ma’noda qirollar saroyi bo‘lgan Tyuilrida bo‘lib o‘tadi. Xuddi Tampldek bu saroy ham hozirda saqlanib qolmagan.

Qirol advokatlaridan birining ta’biri bilan aytganda, bu sud jarayoni “butun boshli bir Millatning bir odamga qarshi qaratilgan jarayoni”ga aylanadi.

Jirondist-qonunchilar “qirolni sud qilishga vakolatimiz yo‘q”, deb yana bayonot berishadi. “Amaldagi Konstitutsiyaga ko‘ra qirol shaxsi daxlsiz va u sudga tortilmaydi”. “Basharti biz bugun qirolni qonunga xilof ravishda sudga tortadigan bo‘lsak, ertaga ana shu tarzda oddiy fuqarolarni ham noqonuniy sudga tortishimizga to‘g‘ri keladi”.

Robesper bunga qarshi chiqadi: “Taqdirning kinoyasini qarang! Mus­tabid qatli bizni birlashtirish o‘rniga oramizga adovat urug‘ini solmoqda… Bu yerda qonun haqida ko‘p va xo‘p gapirishayapti… Biroq mustabid Sezar yigirma marotaba ko‘ksiga xanjar urilib, hech qanaqangi qonunsiz so‘yib tashlangandi. Aniqrog‘i, oliy qonun – ozodlik qonuni asosida. Men jirondist deputatlarga murojaat qilmoqchiman. Inqilob oyboltasini tutgan qo‘llarimiz qaltirasa, dushmanlarimiz qanchalik xursand bo‘lishini tasavvur qilayapsizlarmi? Uni daxlsiz shaxs deb atab, oyoqlaringizdagi kishanlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatmayapsizmi? Qirol – bu o‘tmishning sharpasi. Sharpa yo‘qolishi shart!”

Jirondistlar muhokamaga xalqni ham jalb etishga urinishardi: “Gap davlat boshlig‘ini qatl qilish ustida ketyapti. Bu masala umumxalq ovozi bilan hal bo‘lishi kerak… Bu ovoz berish bizning hukmimizni Millat muhofazasiga oladi… Angliyadagi inqilob sabog‘ini eslang. U yerda xalqning xohish-irodasi so‘ralmagandi. Xo‘sh, nima bo‘ldi? Karl Birinchining qatlidan ko‘p o‘tmay Angliya xalqi monarxiyani tikladi… va qirolni qatl qilganlarni aybdor deb topdi”.

Bu fikrlardan keyin minbarga Kamil Demulen yugurib chiqadi: “Bizni beburdlik bilan qo‘rqitishga jur’at etishayapti. Yana kimni deng? Bizning buyuk xalqimiznimi? Bu Millatni haqoratlashdir. Bizni mustabidlikni ag‘darish uchun yuborgan halol Millatimiz, oradan vaqt o‘tib bizni ta’qib etishini hatto xayolimga ham keltirmayman! Frantsuzlar hech qachon bunday adolatsizlikka yo‘l qo‘yishmaydi! Qirol ishi bo‘yicha Xalqqa hech qanaqangi murojaat qilmaymiz. Uning taqdirini hoziroq, shu yerda hal qilamiz!”

Va ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tadi. Yakobinchilar dohiylari – Marat, Robesper, Danton, Demulen, tabiiyki, qirolni qatl qilishni yoqlab ovoz berishadi.

Qirolning yaqin qarindoshi gertsog Orleanskiy – Burbonlar shajarasining kichik butog‘i boshlig‘i – ovoz berishda ishtirok etadi. Hamma u betaraf qolishiga yuz foiz ishonardi. Bunga uning haqi bor edi. Biroq u shunday deydi: “Xalqning yakka hokimligiga kimki rahna solsa, u o‘limga mahkum. Men bunga ishonaman. Shu bois, men qirolning qatl qilinishini qo‘llab-quvvatlab ovoz beraman”.

Ko‘pchilik ovoz bilan grajdanin Kapet o‘limga mahkum etiladi.

Qirol oilasi bilan vidolashishga uch kun muhlat so‘raydi. Unga yigirma to‘rt soat vaqt berishadi.

Tunda u vasiyatnoma yozadi. Men uni Parij arxivida ko‘rganman. Vasiyatnoma hayron qolarli darajada bir tekis va ehtirosga berilmasdan yozilgan.

Qirol vasiyatida xotinidan unga kulfat keltirgani uchun uzrxohlik qiladi, o‘g‘liga murojaat qilib, o‘limi uchun hech qachon qasos olmaslikni so‘raydi…

Xuddi shu narsani bizning oxirgi podshomiz ham so‘ragan. Ulug‘ knyajna Olga yozganidek: “Hukmdor o‘zi uchun hech kimdan o‘ch olmaslikni so‘radi. U barchani kechirganini bildirdi”.

Vasiyatnomani yozib bo‘lgach, tunning qolgan qismida uxlashga yotadi. Kamerdiner hikoya qilishicha, u xotirjam va qattiq uyquga ketadi.

Tong otishi bilan Frantsiya qirollari ruhoniysi hamrohligida Lyudovik karetaga o‘tirib gilotinaga jo‘nab ketadi.

Karetaning ikki tomoni gvardiyachilar bilan o‘rab olingandi…

Gilotinani avval xalqning sevimli qiroli Lyudovik haykali, endilikda esa inqilobiy Ozodlik haykali qo‘yilgan Tyuilridagi qirollar saroyi yoniga o‘rnatishadi.

Maydon minglab parijliklar bilan to‘lib-toshib ketgandi.

Eshafot Milliy gvardiya tomonidan zich qurshab olingandi.

Eshafotda qirol o‘zini munosib tutadi. U eshafotning chetiga kelib xalqqa murojaat qiladi: “Frantsuzlar, men begunoh o‘lyapman. Yaratgan egamdan so‘raymanki…”

Ammo xuddi shu joyda Milliy gvardiya qo‘mondoni ishorasi bilan barabanlar sadosi yangraydi. Qirol yana nimalardir demoqchi bo‘ladi, ammo jallod uni o‘z yordamchilari bilan sudrab ketib, taxtaga tortadi.

Jallod ipning uchini tortishi bilan gilotina tig‘i Frantsiya qirolining boshini kesdi. Qirolning boshi savatga tushdi…

Dastlab qirolning boshi savatga tushayotgan paytda to‘plardan birvarakayiga o‘t ochishni rejalashtirishgandi. Biroq Robesper e’tiroz bildirib shunday deydi: “Qirolning boshi oddiy odamning boshiga nisbatan ko‘pam shovqin solmasligi kerak”.

Va to‘plardan o‘t ochish bekor qilinadi.

To‘plardan o‘t ochish o‘rniga jallod Sanson qirolning boshini qo‘lida tutib uni eshafot maydonchasi uzra bir aylantirib barchaga namoyish qiladi. Olomon g‘oyatda zavqqa to‘lib baqirib yuboradi va ro‘molchalarini qirolning qoniga bo‘ktirib olishadi. Boshidan judo qilingan tanani Madlen cherkovidagi umumiy qabristonga aravada olib borib dafn etishadi.

Shu vaqtdan boshlab maydondan gilotinani olib ketishmaydi. Oybolta osilgan ikkita qonli to‘sin shaharga qo‘rquv solib turadi.

Voqealar shiddat bilan olg‘a siljiydi. Avstriya-Prussiyaning birlashgan qo‘shini ustidan g‘alabaga erishgan general Dyumure qirolning qatlini qoralaydi. U armiyadan qochib, Respublikaga xiyonat qiladi. Ungacha Amerika mustaqilligi uchun kurash qahramoniga aylangan general Lafayet qochib ketadi…

Konventda inqilob farzandlari o‘rtasida shaksiz kurash davom etadi. Shu paytga qadar g‘oyalar kurashgan bo‘lsa, endi yolg‘onlar bahsi boshlanadi.

Robesper va boshqa yakobinchilar jirondistlarni sotqin Dyumurega qo‘shib xiyonatda ayblashadi… Robesper yolg‘on aytayotgandi va uning o‘zi ham buni bilardi. Shuningdek, uni va Maratni xiyonatda ayblashga uringan jirondistlar ham yolg‘onni o‘zlariga bayroq qilib olishadi.

Bir birovi bilan kurashayotgan inqilobchilar ilk bor to‘plarning kuchini his etishdi! Yakobinchilar qo‘l ostida bo‘lgan Parij kommunasining buyrug‘i bilan Milliy gvardiya Konvent majlis qilayotgan binoning oldiga to‘plarni olib kelishadi. Deputatlarga to‘plar stvoli ostida “xiyonatkor jirondistlar”ni Konvent a’zoligidan chiqarish taklif qilinadi.

Avval inqilob dohiylari sifatida ulug‘langan va ko‘klarga ko‘tarilganlar endi xiyonatkorlar, deb e’lon qilinadi…

To‘plar o‘z ishini qilgandi. Qo‘rqib ketgan Botqoqlik Tog‘ni qo‘llab-quvvatlaydi. Kamgina deputat sal o‘jarlik qilgan bo‘lsa-da, lekin aytilganidek ovoz berishdi.

Inqilobchi-jirondistlarning inqilobiy-gilotina tomon yo‘llari xuddi shu tariqa boshlanadi. Jirondistlar qamoqqa olinadi va ulardan yigirma ikki nafari Konserjeri qamoqxonasiga jo‘natiladi. Yaqindagina jirondistlarning o‘zlari shu qamoqxonaga Inqilob dushmanlarini tiqishgandi…

Ular hayotidagi so‘nggi tun Konserjeri qamoqxonasida o‘tadi. Jirondist-inqilobchilar vino ichishadi, Robesperning nutqlarini parodiya qilishadi, bir-birlariga hazillashadilar va seviklilariga maktublar bitishadi.

Jallod Sanson aytganidek, qatl qilish shunchalik avj olib ketdiki – odamlar yig‘lash o‘rniga kula boshlashdi.

Ularni gilotina tomon aravalarda olib borisharkan, jirondistlar yo‘l bo‘yi inqilobiy qo‘shiqlar kuylab, Inqilobni ulug‘lashadi. Ko‘chalarni to‘ldirgan olomon ularga la’nat yog‘dirib, aynan ular kuylagan inqilobiy qo‘shiqlarni aytishadi va ular ham Inqilobni ulug‘lashadi.

Eshafotda turib, o‘limi oldidan kuni kecha Milliy majlisning raisi bo‘lgan jirondist Verno o‘lmas bir hikmatni aytadi: “Xuddi iloh Saturndek, Inqilob o‘z bolalarini yeb yuboradi”. Keyin esa ularni eshafotga jo‘natgan va hozircha omon qolgan barcha buyuk inqilobchilarga qarata: “EHTIYoT BO‘LING, ILOHLAR QONSIRAGAN”, deb qo‘shib qo‘yadi.

“Qon bosgan gilotinaning taxta poliga oyoq bosish o‘limdan ham dahshatli edi”, – deb eslaydi jallod Sanson.

Qatl marosimi qirq uch daqiqa davom etadi. Respublika o‘z asoschilaridan judo bo‘lishi uchun shu vaqt yetib-ortadi…

Endi yakobinchilar boshqaruv jilovini o‘z qo‘llariga olishgandi. Konvent hokimiyatdan mahrum yig‘inga aylangandi. Tog‘da navbatdagi chaqmoq chaqilishini kutib bechora Botqoq qurbaqalari qo‘rquvdan qaltirab qolishgandi.

Ana shu muddat ichida “Xalq do‘sti” Marat qon va o‘limga da’vatini davom ettirdi. Lekin u Qonga qon, jonga jon, degan haqiqatni unutgandi.

Uning nimqorong‘i hovlisiga uzun bo‘yli, qizg‘ish sochli Sharlotta Korde kirib keladi…

Inqilobchi-rassom Davidning mashhur kartinasini eslaylik. Marat vannada cho‘zilib yotibdi… U tirik chog‘idayoq do‘zaxiy azobni boshidan kechirardi. Maratni asab bilan bog‘liq teri kasalligi adoyi tamom qilgandi. Faqat vannada biroz o‘zini yengil his etardi.

Sharlotta, Respublika dushmanlarining fitnasini fosh etish uchun provintsiyadan keldim, deb maktub yozgandi Maratga. Dushmanga ham, do‘stga ham birdek shafqatsiz bo‘lgan va odamlarni mudom Nafratga chorlagan Marat “fosh etuvchi” qizni sabrsizlik bilan kutadi!

U vannaga kirib keladi va pichoqni Maratning ko‘ksiga sanchadi.

Nafrat ana shunday kuchga ega!

Sharlotta Korde burch va adolat uchun o‘zlarini qurbon qiladigan qahramonlar haqida tragediyalar yozgan mashhur Kornelning avlodi edi.

Sharlotta so‘roqda o‘zini Kornelning qahramonlariga xos obro‘-e’tibor bilan tutadi.

Undan sheriklaring ham bormi, deb so‘rashganida: “Nahotki bu maxluqqa nisbatan mening nafratim kamlik qiladi, deb o‘ylasangiz? Chin yurakdan tug‘ilmagan ish yomon ijro etilishini sizdek mo‘tabar yosh sohibi yaxshi bilsangiz kerak. Ayniqsa, o‘z hayotingizni qurbon qilishgacha borib yetadigan ish bo‘lsa. Men maxluqni o‘ldirdim. Minglab odamlarning hayotini saqlab qolish uchun bir odamni o‘ldirdim… Men Respublika tarafdoriman. Inqilobning buyuk printsiplari oldida bosh egaman, ammo uning haddan oshib ketishidan nafratlaman. Marat xalq qalbiga doimo Nafrat urug‘larini sochdi… O‘zi ham nafrat qurboni bo‘ldi! Men arshi a’loga mamnuniyat bilan yo‘l olaman… Hayotning men uchun qadri qolmadi. Vatan uchun o‘zini qurbon qiladigan vatanparvarlar soni ozayib ketdi, zamondoshlarimiz qo‘rqoq odamlarga aylanib qoldi”.

Uni jallod aravasida gilotinaga olib borishdi. Olomon la’nat o‘qirdi. U qarg‘ish va so‘kishlarga beparvo, avomdan jirkanib borardi.

U jallodga: “Ko‘pam shoshilavermang. Mening Parijga ilk bora kelishim va shaharni ham birinchi marta ko‘rib turishim”, deydi.

“Xuddi sevimli yori quchog‘iga otilgandek” o‘zini eshafot taxtasiga tashlaydi.

U o‘z burchini bajarganiga ishonardi.

Maratning o‘limidan so‘ng inqilobiy telbalik boshlanadi.

Bu paytda Respublika olov halqasi ichida qolgandi. Interventlar qo‘shinlari hujumga o‘tgandi. Asosiy aholisi dehqonlar bo‘lgan Vandeyada qo‘zg‘olon ko‘tariladi. Mamlakatning juda katta hududi o‘t-olov ichida qoladi. Faqat panshaxalar bilan qurollangan dehqonlar inqilobiy armiya bilan qahramonlarcha jang qilardi. Shu orada Lionda ham isyon chiqadi. Frantsiyaning bosh porti Tulon inglizlarga taslim bo‘ladi. Ana shunda favqulodda va aql bovar qilmaydigan voqea yuz beradi…

Yakobinchilarning taklifi bilan Konvent qarori asosida davlatning o‘zi terrorga qonuniy tus beradi. “Ozodlikning yengilmasligini ta’minlaydigan eng ishonchli do‘sti – Terrordir”, deydi Robesper. Ezgulik deya aqlidan ozib, savdoyi bo‘lib qolgan Robesper “ezgulikning o‘zi terrorsiz hech narsaga arzimaydi, terror ham ezguliksiz hech bir ahamiyatsiz narsadir… Terror dushmanlarga dahshat soladi, do‘stlarni esa birlashtirib, intizomli qiladi”, deydi.

Mamlakatni endilikda Konvent idora etmasdi. Robesper boshchiligidagi Terrorning bosh tashkiloti – Ijtimoiy najot komiteti Frantsiyani boshqara boshlaydi. Komitet qoshida jamoat nomidan ayblovchi Fuke-Tenvil rahbarligidagi Inqilobiy tribunal va Davlat xavfsizlik komiteti tashkil etiladi. Davlat xavfsizlik komitetining boshliqlaridan biri inqilobchi-rassom David edi va u bu tashkilot faoliyatida juda muhim rol o‘ynaydi.

Ana, endi tomoshani ko‘ring… Ular inqilob nima maqsadda amalga oshirilganini butkul esdan chiqarishadi. Ulug‘vor “Ozodlik, Tenglik, Qardoshlik yoki O‘lim” shiorlaridan faqat “O‘lim” qoladi.

Fikrlar xilma-xilligi, yig‘ilish erkinligi – barcha-barchasi bekor qilinadi. Hatto Ma’rifat timsoliga aylangan Akademiya yopiladi. Muxolifatchi gazetalar nashri to‘xtatiladi…

Marhum Marat o‘rgatganidek, terror inqilobiy qirg‘inlardan omon qolgan royalistlar (monarxiya tarafdorlari) boshiga yog‘iladi. Frantsiyadan qochishga ulgurmagan zodagonlar oilasi bilan jallod aravasida gilotina tomon yo‘l olishdi.

O‘tgan tuzumning ramziga aylangan grafinya Dyubarri ham jallod aravasida eshafot tomon yo‘lga chiqadi. “Aravamda juda ko‘p ohu nolalar eshitganman, lekin hech qachon ayolning bu qadar yurakni ezuvchi va chidab bo‘lmas yig‘isi va fig‘oni qulog‘imga kirmagandi”, deb eslaydi jallod Sanson.

Eshafotda grafinya o‘tinib so‘raydi: “Bir daqiqagina, o‘tinaman, janob jallod, yana bir daqiqagina hayotni ko‘rib qolay!”

Ayolning bu fig‘oni Dostoyevskiyni larzaga solgandi.

Va albatta, yana Mariya-Antuanetta mavzusiga qaytsak. Sobiq qirolichani Tampl minorasidan Konserjeri qamoqxonasiga olib kelishadi. Shu voqeadan biroz avval undan o‘g‘lini tortib olishdi.

Ilk bor g‘ururini unutib o‘g‘li uchun qorovullar bilan xuddi sherdek olishadi, uni o‘zi bilan birga qoldirishlarini yalinib-yolvorib so‘raydi. Baribir o‘g‘li olib ketiladi.

Shahzodani etikdo‘z tarbiyasiga berishadi[20]. Unga inqilobiy qo‘shiqlarni kuylashni, so‘kinishni va onasi hamda ammasini fohisha deb haqorat qilishni o‘rgatishadi…

Tampl minorasida o‘tirgan chog‘lari Antuanetta o‘g‘lini sayrga olib chiqishlarini soatlab kutardi. Uzoqdan bo‘lsada bir ko‘rib qolish uchun…

Konserjeri qamoqxonasi kamerasi derazasi hovliga qaragandi. Hovlida hayot qaynardi. Mahbuslar sayr qilishar, hovlidagi kichkina favvorada ham ichib, ham kir yuvishardi. Ba’zan favvora yonida oshiq-ma’shuqlarning uchrashuvlari ham bo‘lib turardi.

Biroq qirolicha deraza yoniga bormas va undan tashqariga qaramasdi. U soatlab stulda jim o‘tirardi.

Endilikda “Kapetning bevasi” deb atalayotgan qirolicha ustidan sud unchalik uzoqqa cho‘zilmaydi.

Ba’zan: “U fahsh botqog‘iga botib, o‘z o‘g‘li bilan eriga xiyonat qilgan…” – degan eng qabih ayblar yangrab qolardi.

Biroq u bu haqoratga ham chidab shunday deydi: “Men bu janobning aybloviga javob berishni o‘z sha’nimga nomunosib, deb bilaman”.

Uni o‘limga hukm qilishadi. U hech narsa so‘ramaydi, iltimos ham qilmaydi. Boshini baland ko‘tarib, jim chiqib ketadi.

U o‘zining oxirgi tunini bedor o‘tkazadi. Dastlab qirolning singlisi Yelizavetaga xat – vasiyatini yozadi.

Men bu xatni ko‘rganman… Harflar tez-tez yozilganidan bir biriga chaplashib ketgan… U yozgan va yig‘lagan.

“Soat to‘rtdan o‘n besh daqiqa o‘tdi… Singlim, meni o‘limga hukm etishdi. Biroq o‘lim faqat jinoyatchilar uchungina sharmandalidir. Meni esa sizning akangiz bilan diydor ko‘rishishga hukm etishdi… Xuddi u kabi o‘limni mardonavor kutib olaman, degan umiddaman. O‘g‘lim otasining oxirgi gapini hech unutmasligini so‘rayman. “O‘g‘lim, hech qachon mening o‘limim uchun qasd olishga harakat qilma”, degan vasiyatini. Bu gapni unga tez-tez eslatib turishni unutmang, azizam”.

Kechirishni o‘zi ham unutmagandi: “Menga yomonlik qilganlarning gunohidan o‘tdim. O‘zim ham tug‘ilganimdan buyon qilgan gunohlarim uchun yaratgan egamga tavba qilaman. Parvardigori olam mening tavba-tazarrumni qabul qiladi, degan umiddaman. O‘limim do‘stlarimga ko‘p aziyat yetkazadi, deb o‘ylayman. Do‘stlarim, hayotimning oxirgi daqiqalarida ham xayolan siz bilan bo‘lganimni unutmasligingizni so‘rayman”.

U “dunyodagi meni eng yaxshi ko‘radigan va men chin yurakdan sevadigan inson!” bilan shu tariqa vidolashgandi.

Xat oxirida yana Yelizavetaga murojaat qiladi: “Oh xudoyim, Siz bilan vidolashish qanchalik og‘ir! Alvido, alvido, alvido!”

Robesper yuz yillikning bosh modaparastiga ikki dona ko‘ylak qoldirishga buyruq bergandi. Beva sifatida har kuni qora ko‘ylak kiyib yurardi. Bir dona oq ko‘ylakni esa bu dunyoda odamlar oldiga oxirgi marta chiqishi uchun asrab qo‘ygandi.

Frantsiya malikasini gilotina tomon jallod aravasida olib borishdi. Uning qo‘llarini orqaga bog‘lab, aravaga teskari o‘tirg‘izib qo‘yishadi.

Uni Sent-Onore ko‘chasidan olib borisharkan, qahvaxonada bu marosimni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun inqilobchi-rassom David kutib turardi. Rassom inqilobning buyuk lahzasini o‘tkazib yuborolmasdi.

O‘sha lahzalar haqida David o‘lmas rasm chizdi: qo‘li bog‘langan Antuanetta aravada teskari o‘tirar, boshida bevalikning qora tasmali chepchigi. Chehrasi-chi?.. Aql bovar qilmas darajada o‘zgarib ketgan chehra! Inqilob qoyilmaqom qilib o‘z ishini bajargandi – rokoko malikasi qari kampirga aylanib qolgandi.

Biz bugun uning o‘sha paytdagi qiyofasini ko‘rish imkoniga egamiz. Tobutsozlar tushlik qilayotgan vaqtdan foydalanib mademuazel Tyusso Antuanettaning kesilgan boshini gips qolipiga qo‘yishga ulgurgandi. Malika Yelizaveta Antuanettaning xatlarini olmaydi – maktub egasiga berilmagandi.

Inqilob marhum qirolning singlisi Yelizavetani ham esdan chiqarmaydi. Respublikaga qarshi fitna ishtirokchisi sifatida uni ham gilotinada boshini tanidan judo qilishadi. Aslida kamtarin, o‘ta royish malika Respublika nima, fitna nima – hatto tasavvur ham qilolmasdi.

Va nihoyat ularning ham vaqti-soati keldi.

Inqilobiy gilotina tomon inqilobchilar guruh-guruh bo‘lib oqib kela boshlashdi. Inqilobning bayromona “silliq” davrida ishtirok etgan konstitutsion-monarxistlarning barchasi jallod Sanson aravasidan joy olishdi. Albatta, ular orasida mashhur notiq Barnav ham bor edi…

Jirondistlarning qolgan-qutganlarini ham topish bo‘yicha ov boshlanadi. Bolsheviklar davrida “trotskiychi” so‘zi qanday haqoratli va qo‘rqinchli eshitilgan bo‘lsa, “jirondist” ham shunday iboraga aylanadi.

Jirondistlarni butun mamlakat bo‘ylab izg‘ib izlashar, qo‘lga olishar va gilotinaga jo‘natishardi.

Buyuk Kondorse Parijdan uzoq joyga borib jon saqlab turdi. U ko‘p vaqt yashirinib yurgach, oxiri ortiq chiday olmasdan bir kuni qo‘lida Goratsiyning kitobi bilan sayrga chiqadi va tamaddi qilish uchun oshxonaga kiradi. Sadoqatli grajdanin qo‘lida Goratsiy kitobini ko‘tarib yurmasligini oshxonada ovqatlanib o‘tirgan bir “haqiqiy vatanparvar” tezda anglab yetadi… Va buyuk Kondorse qamoqxonaga yo‘l oladi, bu yerda esa ehtiyot shart deb asrab yurgan zaharni ichib o‘ladi.

Boshqa bir faylasuf, erksevar va jirondist Shamfor o‘zini o‘zi chavaqlab tashlaydi.

Jirondistlarning ilhom parisi, go‘zal Rolan xonimni ham albatta qamoqqa olishadi… Endilikda jinsi ayol ekanligi uni qutqarib qololmaydi…

Rolan xonim qamoqda o‘tirar ekan ajoyib memuarlar yozadi. Uni gilotinaga olib kelishganda, menga qog‘oz-qalam bering, eshafotga chiqqan insonning hayratomuz fikrlarini yozib qoldiraman, deydi. Atrofda to‘plangan odamlar kulib, uni so‘kishlarga ko‘mib yuborishadi (o‘shanda Parij tumanlaridan chiqqan juda ko‘p oddiy odamlar hokimiyatni egallab olishgandi)… Qonli taxtaga yotishdan oldin xonim gilotina qarshisida qad rostlagan Ozodlik haykaliga qarata: “Ozodlik, sening chehrangni ham qon sachratib iflos qilishdi…” deydi.

Qamoq va qatl zodagoniy inqilobchi, Tenglik gertsogi – gertsog Orleanskiyni ham chetlab o‘tmadi.

Uni qamoqqa olib, Konserjeriga jo‘natishadi.

Bu yerda kameralar yangi tartib asosida bo‘lingandi. Inqilobning kechagi dohiylari va boy-badavlat insonlar alohida kameralarda – imtiyozli o‘tirishardi.

Qatl belgilangan kun jallod Sanson uning kamerasiga kirganda gertsog tushlik qilayotgandi. Haqiqiy gall[21] och qorin bilan o‘lmasligi kerak va shu bois gertsog ishtaha bilan tanovul qilardi. Jallodning: “Xizmatingizga tayyorman, grajdanin”, deb xushmuomalalik bilan aytgan gapiga javoban u: “Xato qilyapsiz, do‘stim, aksincha, men bugun sizning xizmatingizda bo‘laman”, deb istehzo qiladi.

O‘sha kuni o‘limga hukm qilingan zodagonlar gertsog bilan bir aravada ketishdan bosh tortadilar. Shu bois aravada gilotina tomon yolg‘iz o‘zi yo‘l oladi.

Kechagina uning byustlarini qo‘lida ko‘tarib yurgan olomon bugun gertsogga la’nat o‘qirdi. U olomonga boqib faqat kulimsirab qo‘ydi, xolos.

Robesperning buyrug‘iga binoan arava Pale Royalda to‘xtab o‘tadi. Ha, o‘sha Inqilob tug‘ilgan joyda. Xuddi shunday – endilikda uni gilotinaga jo‘natayotgan inqilob.

Gertsogning bu yerdagi saroyi uzra “Xalq mulki” degan e’lon osig‘liq turardi. Frantsiyaning eng boy odami bo‘lgan gertsog bu e’lonni ko‘rib yana kulimsirab qo‘ydi…

Eshafotda o‘zini dadil va bepisand tutdi. Zodagonlar keyinchalik inqilobiy gertsog haqida shunday deyishgandi: “U xuddi itdek yashadi, biroq qirollar avlodiga xos g‘urur bilan o‘limga bosh qo‘ydi”.

Inqilob qamoqxonalari mahbuslar bilan to‘lib-toshib ketadi.

Inqilobiy tribunalning amaldagi boshlig‘i va jamoatchilik ayblovchisi, topqir Fuke-Tenvil kameralarni bo‘shatish yo‘lini o‘ylab topadi.

Qamoqxonalarda maxsus yuborilgan ig‘vogarlar (provokatorlar) ish boshlaydi. Bu yolg‘ondakam mahbuslar fitna uyushtirib, unga kameradoshlarini jalb etishadi yoki ochiq-oydin kimlargadir tuhmatlar qilishadi.

Shundan so‘ng gilotina to‘xtovsiz ishga tushib ketadi. Qurbonlar soni kun sayin oshib boradi. Ba’zi kunlar yuzdan ortiq odam qatl qilinadi, jallodning aravasi mahbuslarni gilotinaga tashib ulgurmaydi.

Fuke-Tenvil istehzo bilan shunday deydi: “Yaxshisi, gilotinani Inqilobiy tribunalning o‘zida o‘rnatsak soz bo‘lardi”. Va yana bu gapiga qo‘shimcha qiladi: “Men odamlarni o‘limga buyurish hadisini oldim. Oltmish daqiqa ichida oltmish nafar odamga hukm chiqarishim mumkin”.

Shubhali shaxslar to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi inqilobiy telbalikning bir qismi bo‘ldi. O‘zlarining inqilobga sodiqliklarini isbotlash uchun fuqarolar ommaviy ravishda bir-birlariga qarshi xabar yetkaza boshlaydilar. Ushbu qonun asosida qamoqqa olinganlar soni to‘rt yuz mingdan oshib ketadi…

Provintsiyalarning birida to‘tiqushning egasini qamoqqa olishadi. To‘tiqushga qachonlardir “Yashasin qirol!” degan so‘z o‘rgatilgandi. Inqilobdan keyin bechora to‘tiqushning egasi jonivorning bu odatini yo‘qotishga harchand urinmasin, qush baribir aytganidan qolmaydi. Albatta, “sodiq” odamlar tegishli joyga xabar yetkazishadi. Sho‘rlikni gilotinada boshini olishadi, qushni esa qayta “tarbiyalash”ga jo‘natishadi.

Fohishalarning ham omadi kelmaydi. Ular inqilobning qudratli zaxirasi bo‘lib, unga hamisha sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgandilar (Yudifchilarning Versal saroyiga yurishini eslang). Biroq ezgulikning e’tiqodli muxlisi va qo‘riqchisi bo‘lgan Robesper Jamoat xavfsizligi komitetida so‘zga chiqadi: “Ular ezgulikni haqorat qilganlari yetmagandek, qahramon askarlarimizni tanosil kasalliklariga giriftor etib, armiyamizning jangovar ruhiga putur yetkazmoqdalar”.

Va jallod aravasiga ortilgan fohishalar gilotina tomon so‘nggi safarga yo‘l olishdi.

Terror supurgisi tinmay supurardi. Konventda qirolning o‘limiga qarshi ovoz berganlarning barchasi “Respublika dushmani” sifatida gilotinaga jo‘natiladi.

Qirolning advokatlarini ham nazardan qochirmadilar. Qirolning eng liberal ministri Malzerb uning advokati bo‘lishdan qo‘rqmagan edi. Uni eshafotga olib chiqishadi. U bilan birga qizi va kuyovi – mashhur yozuvchi Shatobrianing ukasi ham qatl qilinadi…

Jirondistlarni ovlash davom etadi. Ulardan biri, mashhur publitsist Gorza eshafotga ko‘tarilar ekan, jallod Sansonga shunday deydi: “Biz monarxiyani yo‘qotmoqchiydik, biroq yangi podsholikni, jallod, sening podsholigingni barpo etibmiz!”

Haqiqatan ham, barcha jirkanib yuradigan jallod Respublikaning eng hurmatga sazovor odamiga aylangandi.

Inqilobchi-rassom David jallod Sansonga antik Rim usulida yangi libosning rasmini chizadi. U hatto “jallod” degan so‘zni bekor qilishni taklif etadi. Endilikda bu kasb vakillari ulug‘vor nom bilan – “xalq qasoskorlari” deb ataladi.

Terror davrida odamlar shafqatsizlik bo‘yicha musobaqalashishni o‘rganib olishdi. Terror: “Grajdanin, mabodo aksilinqilob g‘alaba qozonsa, osib o‘ldirilishim uchun barcha ishni qildimmi, deb o‘z-o‘zingdan so‘ra”, degan shiorni tug‘diradi. “O‘zingning yovuzliging, yirtqichliging bilan vatanparvar ekanligingni isbot et”. Va odamlar isbotlashadi.

Liondagi isyon bostirilishi bilanoq, Konvent komissari Fushe[22]  Lionni jazolash uchun jo‘natiladi. “Lion isyon ko‘tardimi, demak, endi Lion yo‘q” shiori ostida jazolash boshlanadi. Shaharning eng go‘zal imoratlari vayron qilinadi. Gilotina ishga tushib ketadi. Biroq Fushe ta’kidlaganidek: “Gunohkorlar juda ko‘p, ammo gilotina juda sust ishlamoqda”. Va ustomon Fushe “Chaqmoq”ni o‘ylab topadi: oltmish nafar yosh yigitni arqon bilan bir-biriga qapishtirib bog‘lab, titrab turgan gavdalarni to‘pga tutishadi…

Jazolash davom etadi. Endi ana shu tarzda oltmishta emas, ikki yuzta odamni arqon bilan bog‘lab to‘pga tutadilar. Murdalarni daryoga uloqtirishadi.

“Bu murdalar Tulon shahrigacha suzib borib, Respublika dushmanlarini dahshatga solsin”, deydi Fushe.

Tulon shahrida ko‘tarilgan qo‘zg‘olon Napoleon degan ofitser tomonidan bostiriladi. Sho‘ring qurg‘ur shaharga respublikachilar armiyasi bostirib kirgandan so‘ng qiyomat qoyim qo‘padi.

Vandeyalik qo‘zg‘olonchilar ham qonli jazoga mahkum etiladi.

Qatlu qirg‘inlarga Robesper ijozat beradi. Bu odam qatl chog‘i hech qachon maydonda shaxsan ishtirok etmasdi. Gilotinada boshi kesilishini kutib turgan inqilobchi mahbuslar saqlanayotgan qamoqxonalarda hech qachon bo‘lmagandi. Inqilobiy armiya holidan ham biror marta xabar olmagandi. Majlis zallarida inqilobiy terrorni yaratgan kabinet odami edi u. Odamlarni halok qilgan barcha qotilliklar uning uchun… shartli bir narsa edi.

Terror quturib, dushmanlar va kechagi do‘stlar Robesperdan qo‘rqishgani sayin, u o‘zini Millat Ovozi sifatida his qila boshladi. U insonning barcha ojizliklari ustidan balandga ko‘tarildi. U faqat qon va olov ichida qolgan Inqilob dahshatini bilardi, xolos.

Kamil Demulen va Danton xuddi shu vaqtdan boshlab to‘xtash kerakligini his qilishadi: yetar endi! Inqilob qon daryosiga cho‘kib ketgandi. Parijdagi gilotina atrofida kun sayin tomoshabinlar soni kamayib borardi.

“Bizning ko‘plab qonli komitetlarimiz o‘rnida yagona – Mehribonlik komitetini tuzishga allaqachon vaqt yetildi”, deb yozadi Demulen.

Ular Millatning haqiqiy Ovozi bo‘lgan Robesperni shafqatsizlikda ayblashga jur’at etishadi.

Bu ikkisi bilan bir vaqtda “quturganlar” deb atalgan – o‘ta radikallar ham ovoz chiqara boshlashdi. Ularning dohiysi Eber: “ Gilotina to‘xtovsiz ishlab tursagina Respublika xavfdan nari bo‘ladi”, deb ta’kidlaydi. Quturganlar Robesperdan yanada ko‘proq qon to‘kishni talab qilishadi! O‘ta radikallar Robesperni ko‘ngilchanlikda ayblashga jur’at etishadi!

Ufq ortiga – yorug‘ kelajakka ko‘z tashlagan Millat Ovozi notavon odamchalarning hujumlariga toqat qilolmasdi.

Bu ikki ayblovga javoban Inqilobiy diktatorning vahimali va shafqatsiz ovozi yangraydi: “Ozodlik, ikki armiya senga xavf solmoqda. Bittasi bizni zaiflikka boshlamoqda, ikkinchisi haddan oshishga. Ozodlikni bittasi uzluksiz aysh-ishratga, ikkinchisi fohishaga aylantirmoqchi…”

Itoatkor Inqilobiy Tribunal dastlab “quturganlar”ni gilotinaga jo‘natadi. Ulardan bittasi, mashhur anarxist Klotts o‘ziga chiqarilgan hukmni eshitib qah-qah otib kuladi: “Meni – Venada, Londonda, Berlinda osib o‘ldirishlari mumkin bo‘lgan odamni respublikachilar Parijida gilotinada qatl etishyapti!”

Keyin esa aql bovar qilmaydigan ish bo‘lib tuyulgan hodisa sodir bo‘ladi! Bastiliyani olishga xalqni da’vat etgan, Inqilobning yuzi deb hisoblangan Demulen va Inqilobning ovozi – Danton ham qamoqqa olinadi!

Inqilobiy tribunalning asoschisi Danton va tribunalni tuzishga juda ko‘p xizmat qilgan, Fukeni uning rahbari etib tayinlagan Demulen tribunal va uning boshlig‘i Fuke-Tenvil qarshisiga javobgar va ayblanuvchi sifatida olib kelindi.

Bu manzara Tarix tabassumi edi.

Dastlab tribunalning odatdagi savollari va ayblanuvchilarning mashhur javoblari yangraydi.

Dantondan yashash joyini so‘rashganda: “Bugun mening yashash maskanim hech joy, ya’ni dunyo tashvishlaridan qutulib tinch-osoyish joyga boraman, nomimni esa Tarix Dahmasidan topasiz”, deb javob beradi.

Tribunal rahbari Demulendan necha yoshga kirdingiz, deb so‘raganida: “Yoshim inqilobchiga halokat olib kelgan Isoning sankyuloti yoshi bilan teng”, deydi.

Sud majlisi boshlanadi. Tengsiz notiq Danton va ajoyib munozarachi Demulenning soqovlanib gapiradigan ayblovchi Fuke-Tenvil bilan musobaqasi juda kulgili ko‘rinish oladi. Dantonning na’rasi – mashhur ovozi guldirab yangrashi bilan sud zalida to‘plangan odamlar uning ta’siriga tushib qolishadi. Fuke qo‘rqib ketadi, Robesper esa vazmin tortadi. Danton va Demulen tribunalda notiqlik qilayotgan paytda, Millat Ovozi Konventda, tribunalda va Yakobinchilar klubida so‘zga chiqadi:

– Bizga ikki yo‘ldan birini tanlashni taklif etishmoqda – o‘zini xato qilmaydigan va aybsiz deb bilgan bir nechta kimsa Millatdan ustun keladimi? O‘zini sajda qilinishga loyiq Sajdagoh deb hisoblovchilar Inqilob oldiga shart qo‘yishga jur’at etishdi!.. Allaqachon chirib bo‘lgan, soxta Sajdagohni Konvent tor-mor qiladimi yoki Sajdagoh qulab tushayotgan chog‘ida Konvent va frantsuz xalqining ustidan bosib qoladimi – biz bugun shunga guvoh bo‘lamiz! Odamlar o‘ziga o‘xshaganlarning qulashidan doimo qo‘rqishadi. Aynan ana shunday qo‘rqoqlar kelib qulog‘imga shivirlashdi: “Nufuzli insonlarga daxl qilmang. Yo‘qsa, bugun Danton, ertaga siz qulaysiz…” Tentaklar! Hayotim xalq izmi-ixtiyorida ekan, men bu hayotni sariq chaqaga ham olmayman!

Bunday gaplarni eshitib, Tarix yana bir bor kulimsirab qo‘yadi.

Konvent va Ijtimoiy najot komiteti kerakli qarorni qabul qilganidan so‘ng Inqilobning buyuk farzandlari gilotina tomon ravona bo‘lishdi…

Jallod aravasida ketib borishar ekan ular ne ko‘ylarga tushmadi deysiz! Sho‘rlik Demulen xalqqa murojaat etib, behuda qichqirardi: “Odamlar! Bu men, ozodlikning darakchisi Demulenman! Mening ovozim oldida Bastiliya taslim bo‘lgandi! Yonimga kel, xalqim! Men bilan sening himoyaching Danton yelkadosh bo‘lib turibdi!”

Olomon qahqaha otib kular va ularni la’natlardi. Danton sekingina Demulenga shunday deydi: “Nahotki sen bu itoatkor va qo‘rqoq maxluqlarning qalbi uyg‘onishiga ishonsang?”

Demulen o‘limidan bir kun avval Lyusilga maktub yozadi: “Mabodo dushmanlarim mening ustimdan shunday ish qilganlarida edi… ammo meni dushmanlarim emas, o‘rtoqlarim… Robesper… va Respublika shu ko‘yga soldi! Xizmatlarimdan so‘ng ana shu ahvolga tushib o‘tiribman!.. Shu uchun ko‘z yosh to‘kib, ojiz va notavonga aylandim. Biroq bitmas-tuganmas qayg‘u ichida ham qo‘llarim bilan seni quchaman, tanamdan judo qilingan boshimni sening ko‘ksingga qo‘yaman… O‘layotgan bo‘lsam-da, sevib o‘layapman”.

Gilotina tomon yo‘l Sent-Onore ko‘chasidagi Robesper uyi oldidan o‘tardi. Bu uy yonida Danton bor ovozi bilan qichqirdi: “Eslab qol, Robes­per! Sen ham mening ortimdan borasan, seni eshafotda Dantonning soyasi kutib oladi!”

Danton qatl oldidan o‘zini juda yaxshi tutdi. U jallodga: Kesilgan boshimni xalqqa ko‘rsat. Xalq shunga arziydi”, – deydi.

Jallod Dantonning uzilgan boshi bilan eshafotni bir aylanib chiqadi. Xalq bu qatlni olqishlar bilan qarshi oladi.

Kamil Demulenning xatlari Lyusilga yetib kelmaydi. Respublikaga qarshi fitnada ayblab uni ham qamoqqa olishadi va tez orada gilotinaga jo‘natishadi. Qatl maydoni tomon ketib borarkan Sansonga shunday deydi: “Bugun hayotimdagi eng baxtli kunlardan biri. Meni U bilan uchrashishga olib borishmoqda”.

Endi Robesperning yolg‘iz o‘zi qolgandi. U o‘zini g‘olib deb his qilishiga barcha asoslari bor edi, biroq… Hammayoqdan fitna xavfi ko‘ziga ko‘rina boshlaydi. Bu xavfni nazariy jihatdan shunday ifoda etdi: “Inqilobning g‘alabalari ko‘paygani sayin, uning dushmanlari battar g‘azabga to‘lib, yovuzlashib boraveradilar”.

Rebesper endi hech kimga ishonmasdi.

Odamlarni itoatkorlik bilan o‘limga yo‘llagan Inqilobiy tribunalning yigirma besh nafar sudyasi ham gilotinaga jo‘natiladi!

Robesper nima voqea sodir bo‘lganligini tushunib yetdi. Tushunishni istamagandi, biroq baribir tushunib yetdi… Eng munosib, eng qat’iyatli odamlarni gilotina halok qildi. Jirondistlar ham, Tog‘ vakillari ham qirilib bitdi. Faqat qo‘rquvdan oyog‘i qaltirab turgan Botqoq vakillari qoldi, xolos. Va sevimli xalq ham hech kimga ishonmay qo‘ydi. Juda ko‘p buyuk insonlar dushman deb e’lon qilingan va juda ko‘p ulug‘ nomlarga la’natlar yog‘dirilgandi.

Endi Diktator atrofini qo‘rqoq odamlar o‘rab olgandi.

Biroq qo‘rquvdan ham kuchliroq yana shu qo‘rquv bo‘lishi mumkin! Bu odamlar undan o‘lgudek qo‘rqishardi. Robesperning har nutqidan navbati kelganning ismini izlashardi. “Xalq qasoskori” Sanson aravasiga kim chiqadi?

Robesper jirkanch “botqoq”ni yo‘q qilishga qaror qiladi.

“Botqoq qurbaqalari” ichida tayyorlangan yangi ro‘yxatlar haqida mish-mishlar yurardi. Robesperning Yakobinchilar klubida so‘zlagan nutqini bir-birlariga aytib yurishardi. Millat Ovozi ozodlikka daxl qilayotgan yangi xavf-xatarlar haqida gapirib, uni albatta fosh etishga va’da bergandi.

Va Botqoqning fitnasi bo‘lib o‘tadi.

Bu ablah va pastkash kimsalarning oxirgi qonsiragan fanatiklarga qarshi fitnasi edi. Ular boshlashga qo‘rqishardi – inqilob Sajdagohiga aylangan Robesper qo‘l yetmas odamdek taassurot qoldirardi.

Biroq biz siz bilan Nafosat asri voqealari ichidamiz, shu bois – Inqilobning Buyuk Dramasi yakunida “ayolni izlang!”

Xuddi shu payt eng asosiy fitnachilardan biri, deputat Talen maktub oladi. Bu uning o‘ynashi, go‘zallikda tengi yo‘q Tereza Kabarryus yo‘llagan xat edi. U dugonasi (gilotinada boshi kesilgan generalning bevasi Jozefina Bogarne) bilan qamoqda o‘tirardi. Tez orada eshafotga chiqishlarini har ikkisi tushunib turgandi…

Talen uni ozodlikka olib chiqadigan Konventda fitna tayyorlanayotganligini Terezaga xabar qilishning uddasidan chiqqandi. Biroq ayolga Talenning qo‘rqoqligi ma’lum edi va shu bois uni dadil harakat qilishga ruhlantirmoqchi bo‘lgandi.

U xatida: “Hozirgina politsiya komissari meni Tribunalga, demak, eshafotga jo‘natilishim haqidagi xabarni yetkazdi… Bu o‘tgan tunda ko‘rgan ajoyib tushimga sira o‘xshamaydi. Tushimda Robesper o‘lgan emish va qamoqxonalar eshigi ochilganmish. Ammo oralaringda tushimni o‘ngidan keltiradigan erkak yo‘q.

Men qo‘rqoqqa tegishli bo‘lganim uchun o‘layapman”.

Talen bu gapga chiday olmaydi. U urinib ko‘rishga qaror qiladi. Diktator botqoqqa cho‘kib ketishi kerak edi…

Tez orda Tereza xatiga javob oladi:

“Xavotirlanmang va men qanday dadil bo‘lsam, siz xuddi shunday hushyor bo‘ling”.

Inqilobiy spektaklning oxirgi sahnasi shiddat bilan va keskin tusda ro‘y berdi. Qudratli diktator nutq so‘zlayotgan chog‘da Konvent g‘alayonga keladi. Fitnachilar uning gapini bo‘lib qo‘yishadi. Robesper so‘zini davom ettirishga harchand urinmasin, bunga yo‘l berishmaydi. “Qaroqchilar, hammang qaroqchisan!” deb behuda qichqirardi u.

U haq edi – Konventda qaroqchilardan boshqa hech kim qolmagandi. Boshqalarni u allaqachon gilotinaga jo‘natib ulgurgandi.

Diktatorning ovozi chiqmay, xirillab qoladi.

Xuddi shu payt Buyuk Inqilobga yakun yasagan momaqaldiroqdek ovoz gumburlab yangraydi: “Ey badbaxt, seni Dantonning xuni tutdi!”

Uning irodasiga binoan Inqilobning sajdagohlari o‘limini kutgan Konserjeri qamoqxonasida Robesperning o‘zi ham o‘limini kuta boshlaydi. Frantsiya qirolichasi Mariya-Antuanetta qamoqxonadagi o‘zining birinchi kechasini o‘tkazgan kamerada u hayotining so‘nggi tunini o‘tkazadi.

Tarix kulimsirab qo‘yadigan odatiga bu safar ham sodiq qoldi.

Yakobinchilar inqilobi 9 termidor[23] bilan yakunlandi.

Termidorni Tereza Kabarryus haqli ravishda “Muqaddas Bibi Maryam” deb ataydi.

Jallodning o‘sha mashhur aravasi Robesperni, uning ukasi Ogyustni va yakobinchi safdoshlarini eshafotga olib keladi.

Inqilobning oxirgi dohiysining boshidan judo qilingan tanasini Sanson bir soatdan keyinoq yashikka joylay boshlaydi. Murdaning ikki oyog‘i o‘rtasiga ko‘ziga ko‘zoynak sinig‘i suqilib qolgan va pudrali sariq sochli kallani joylashtiradi.

Hamma narsa oydinlashib, joy-joyiga tushdi. Inqilobning butun tarixi uning asl qiroli jallod Sansonning isqirt aravasiga sig‘ishib ketdi. Shunga shunchami?

Vaqt esa o‘tib borardi. Hokimiyatni egallab olgan termidor dohiylari o‘rniga hukumat tepasiga Napoleon keladi.

Tereza bilan qamoqda bir o‘tirgan Jozefina Bogarne imperatritsaga aylanadi.

Xalqning Imperiyaga mehr-muhabbati to‘lib-toshib ketadi.

Keyin esa Napoleon taxtdan ag‘darilib, monarxiya tiklanadi.

Va xalqning… Monarxiyaga mehr-muhabbati to‘lib-toshib ketadi.

Bu shunday “muhabbat” ekanki… qarang, hatto butun qirol oilasini gilotinadan o‘tkazgan jallod Sanson ham monarxiya tiklangach, yashirin monarxist bo‘lib chiqadi.

Barcha fuqarolar qonli Inqilobning mash’um va dahshatli voqealari haqida zavq bilan bir-birlariga hikoya qilishardi, biroq…

Biroq vaqt o‘tgani sayin inqilobning qonli qilmishlari haqidagi gap-so‘zlar hammaning joniga tegadi. Yangi avlod voyaga yetadi. Keksalarning Inqilob vahshatlari va terror haqidagi hikoyalari yoshlarga cho‘pchak, bir qolipdagi afsona bo‘lib tuyuladi…

Gilotinada barcha yaqinlaridan ajragan, To‘ntarish davrida ko‘p mashaqqatlarni boshidan kechirgan mashhur yozuvchi Shatobrian XIX asr o‘rtalaridayoq yangi radikallarning Inqilob arafasida yangragan nutqlariga ikki tomchi suvdek o‘xshash gap-so‘zlarini eshitadi. Nima ham qilardik, yoshlar Tarixning asosiy sabog‘i – Tarixdan hech qanday saboq va xulosa chiqarmaslikni bajo keltirayotgandi!

Va Shatobrian yozadi: “Boshimizdan o‘tgan voqealar hali tubsiz choh emas. Bizning asrimiz ana shu tubsiz choh tomon yo‘lning boshi ekanligini his qilib turibman. Bashariy falokat tayyorlanmoqda. Bizdan o‘rnak olib butun-butun xalqlar oyoqqa qalqiydi. Yaqinlashib kelayotgan ulkan qatlu qirg‘inni his qilish tuyg‘usi men hech tark etmayapti”.

 

IV QISM

Yozuvchi Shatobrian bashorat qilgan “Bashariy falokat” Rossiyada sodir bo‘ldi.

Oktyabr to‘ntarishi amalga oshirilgan tun… Smolniyning kolonnalar zalida Sovetlar Ikkinchi s’ezdi bo‘lib o‘tmoqda. Minbarda ovozi xirillab qolgan menshevik Abramovich zalda to‘planganlarning vijdonini uyg‘otishga urinmoqda:

– “Avrora” qonuniy hukumat ish ko‘rayotgan Qishki saroyni to‘pga tutmoqda. Biz bunga aralashishimiz kerak… O‘zimizning qat’iy so‘zimizni aytishimiz lozim. Qon to‘kishni to‘xtatish shart!

Oktyabr tuni, soat ikkidan oshgan… Minbardan turib Kamenev e’lon qiladi:

– Qishki saroy qo‘lga olindi! Muvaqqat hukumat ag‘darib tashlandi!

Zalda gulduros qarsaklar yangraydi.

Butun XX asrda unutilmas iz qoldirgan buyuk to‘ntarish amalga oshadi.

Shundan so‘ng horib-charchagan g‘oliblar uyquga yotishadi. Trotskiy bu manzarani shunday yodga oladi:

“Biz Ilich bilan polga yotdik. Kimdir bizga joy solib qo‘ygan ekan. Biz yonma-yon yotdik. Ertalab Ilich gapirib qoldi: “Juda keskin burilish qilvordikmi deyman, yashirin holatdan to‘g‘ri hokimiyat tepasiga kelib qoldik. – Keyin nemischalab qo‘shib qo‘ydi: – Boshim aylanib ketyapti”.

Umuman olganda Ilichning boshi aylanmasligi kerak edi. Chunki barcha voqealar u yaxshi ko‘rgan Buyuk frantsuz inqilobi qonuniyatlari asosida kechayotgandi. Bir ming to‘qqiz yuz o‘n yettinchi yilning fevral oyida Rossiyada xuddi Parijdagidek hokimiyatga yirik burjuaziya – rus jirondistlari kelgan edi. Biroq inqilob sira tinib-tinchimaydigan xonimdir. U xuddi Parijdagidek davom etdi.

Fevral to‘ntarishini amalga oshirganlar tez orada xuddi jirondistlardek eng past tabaqa va avomning nafratu qasosi bilan yakkama-yakka qolishdi. Yakobinchi-bolsheviklar xuddi Parijdagidek bu inqilobning dohiylariga aylanishning uddasidan chiqishdi. Yakobinchilar Parij kommunasini bosib olganidek, bolsheviklar ham Petrograd sovetini egallab olishdi. Yakobinchilar Kommunaga bo‘ysungan Milliy gvardiyaga tayanib hokimiyatni egallashganlaridek, bolsheviklar ham Petrograd soveti garnizoni kuchi bilan hokimiyatni bosib olishdi.

Bolsheviklar Markaziy Komiteti Smolniydagi xira yoritilgan bir xonada turgan stol atrofiga yig‘ilishadi. Kamenev shunday deydi:

Hokimiyatni olishdek ahmoqlikka yo‘l qo‘ydikmi, demak, endi hukumat tuzishimiz zarur.

Lenin:

– Hukumatni qanday nom bilan ataymiz? Faqat ministrlar deb emas. Bu nom o‘ta jirkanch…

Shunda Trotskiy bolshevik ministrlarni xalq komissarlari deb atashni taklif qiladi. “Xalq komissarlari soveti…”

– Ha, ha, xuddi ana shunday, bu juda soz, bundan Inqilob hidi kelib turibdi! – xitob qildi Ilich.

Biroq eng asosiysi bundan Buyuk frantsuz inqilobi hidi kelib turganligi Ilich uchun muhim edi. Chunki Lenin rus yakobinchisi edi. Aynan shu narsani tushunib yetmasak, bolsheviklar hokimiyatining birinchi yillarida sodir bo‘lgan voqealar mohiyatini anglab yetolmaymiz.

Ilichga qadar rus inqilobiy harakatida bir nechta haqiqiy yakobinchilar bo‘lgan.

Vladimir Ilich Tkachev faoliyatini ma’qullab baho berganligini Leninning yaqin safdoshi – Bonch-Bruyevich[24] eslagan. Rus yakobinchisi Tkachev botir insonlarning kichik bir tashkiloti tomonidan amalga oshiriladigan fitna muvaffaqiyat keltirishiga ishongan. Ular ming yillik samoderjaviya va itoatkorlik hukmron bo‘lgan Rossiyada hokimiyatni bosib olib xalqni sotsialistik jannat tomon boshlashga ishonishardi. To‘g‘ri, eski tuzumdan meros qolgan nodon omma qarshilik ko‘rsatishi mumkin va shu bois ularni mahv etish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Porloq kelajak yo‘lida qancha odamni yo‘q qilish kerak, degan savolga Tkachev haqiqiy yakobinchi sifatida: “Ulardan qanchasini tirik qoldirish kerakligi haqida o‘ylab ko‘rish lozim”, deb javob beradi.

Talaba Ivanovning qotili, Dostoyevskiyning “Iblislar” romani qahramoni Verxovenskiyning prototipi – Nechayev yana bir mashhur yakobinchi edi. O‘shanda rus inqilobiy harakatining barcha tarafdorlari Nechayevga la’nat o‘qigandi.

Ilich esa unga qanday munosabatda bo‘ldi?

Yana Bonch-Bruyevich xotiralarini o‘qing. “Inqilobning ulug‘ siymosi, otashqalb inqilobchi”, – Lenin Nechayevga ana shunday ta’rif bergandi.

“Inqilobning ulug‘ siymosi” Nechayev inqilobchining chin yakobincha Katexizisini yozadi.

“Inqilobchi, bu – halokatga mahkum inson. Uning na manfaati, na tuyg‘usi, na do‘stlari, sadoqati, mehri, hatto mulki ham, o‘z ismi ham yo‘q. Yagona va favqulodda manfaati, o‘y-xayoli, yagona ehtirosini, ya’ni butun borlig‘ini inqilob qamrab olgan… U bu dunyoning ma’naviy-axloqiy qadriyatlaridan, umum qabul qilgan shartlaridan, odatlaridan va barcha qonunlaridan, barcha ma’rifat ahlidan butun borlig‘i bilan so‘zda emas, amalda har qanday aloqani uzgan odam… Inqilobning g‘alaba qozonishiga ko‘mak beradigan hamma narsa u uchun axloq va ma’naviyatga mosdir. Inqilobga xalaqit beradigan jamiki narsalar esa axloqsizlik va ma’naviyatsizlikdir…”

Bu so‘zlarning tagiga Marat ham bemalol imzo chekkan bo‘lardi!

Va nihoyat, Zaychnevskiy. U Vladimir Ilichni juda qiziqtirib qo‘ygandi. Yosh Lenin u haqida uning safdoshlari bilan ko‘p suhbatlar qurgan. Rus inqilobiy harakatida eng qonli proklamatsiyani[25] aynan Zaychnevskiy yozgan.

“Hozirgi zamon tartibotlariga barham berish uchun XVIII asrning to‘qsoninchi yillarida frantsuz yakobinchilariga qaraganda uch marotaba ko‘p qon to‘kishga to‘g‘ri kelsa, biz bundan sira cho‘chimaymiz…”

“Hozirgi zamon kishisini halok etayotgan va mavjud mash’um ahvol hamda bu jabr-jafodan qutulishning yagona bir yo‘li bor – u ham bo‘lsa, Inqilobdir. Inqilob bo‘lganida ham hozirgi jamiyatning istisnosiz barcha negizini va hamma narsani radikal o‘zgartiradigan hamda hozirgi tuzum tarafdorlarini halok qiladigan qat’iy va qonli inqilob. Biz bunday inqilobdan qo‘rqmaymiz. Albatta, daryo-daryo qon to‘kiladi, aybsiz odamlar qurbon bo‘ladi. Biz bularning barchasini oldinda ko‘rib turgan bo‘lsak-da, baribir inqilobni quchoq ochib kutib olamiz. Biz o‘z boshimizni ham qurbon qilishga tayyormiz – faqat o‘sha orziqib kutilgan kun kelsa, bas… “Yashasin bashariy sotsial va demokratik Rossiya Respublikasi” deb qichqirib, qo‘limizda qizil bayroq bilan u yerda yashayotganlarni qirib tashlash uchun Qishki saroy tomon yo‘l oladigan kunlarimiz tez orada keladi…”

Zaychnevskiy o‘limi bilan, uning safdoshlari aytganidek, “rus yakobinchilik harakati barham topdi”. Biroq uning ishining bosh davomchisi Mitskevich qo‘shimcha qiladi: “…Rus marksizmi bo‘lgan bolshevizmda yangi shaklda bosh ko‘tarish uchungina barham topdi”.

Lenin ham o‘zining yakobincha ildizi bilan faxrlanardi.

“Yaxshi burjua inqilobini, inchunin, sotsialistik inqilobni yakobincha tozalashni o‘tkazmay turib amalga oshirib bo‘lmaydi… Yakobincha zo‘ravonliksiz proletariat diktaturasi fikrning eng kerakli mag‘zini olib tashlashga o‘xshaydi”, – deb yozgandi “Bir qadam oldinga va ikki qadam orqaga” asarida Lenin.

Uning sotsial-demokrat Valentinov bilan ehtirosli suhbatiga quloq tutaylik: “Ular bizni yakobinchilik, blankizm va boshqa balo-battarlar bilan ayblashmoqda. Ahmoq jirondistlar, bunday ayblovlar aslida bizni alqash ekanini bilishganda edi”.

Qattiq hayajondan Leninning yonog‘i qizarib, ko‘zlari o‘t chaqnagan nuqtaga aylanadi.

“…Xalqaro sotsialistik harakatni aynan yakobinchilikka munosabat ikki lagerga ajratadi – inqilobiy va islohotchilik”.

“Yakobinchilik nima ekanligini bilmoqchi bo‘lsangiz, Frantsuz inqilobi tarixini o‘qib ko‘ring. Bu har qanday qat’iy plebeycha choralar ko‘rishdan qo‘rqmay, oq qo‘lqop kiymasdan kurash olib borish, mehr-oqibatni bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yadigan kurash, odamlarni gilotinaga jo‘natishdan qo‘rqmaydigan, maqsad uchun kurashdir”.

O‘sha oktyabr tunida Rossiya hokimiyati tepasiga haqiqiy yakobinchi kelgandi.

Rossiyaning yangi hukmdori kabineti Smolniyda bir sinf murabbiyasi xonasida joylashgandi. To‘siq ortida Ilich va Nadejda Konstantinovna Krupskaya tunashardi. Darvoqe, Krupskayaning o‘zi tunardi. Bu paytda Ilich kechalari qariyb uxlamasdi. Kabinetda janglar ketardi. Ba’zi vaqtlarda bahs-munozaralarga Krupskayaning erkakcha xurragi aralashib qolardi. Shunda uyalib ketgan Ilich: “Nadyusha ozroq shamollab qolgan”, deb tushuntirish berardi.

Leninning ko‘plab safdoshlari uchun qo‘rqinchli voqea yuz beradi. Ilich tuzgan hukumat faqat bolsheviklardan iborat – bir xil bo‘lib qoladi. Boshqa partiyalar bolsheviklarni zo‘ravonlik bilan hokimiyatni tortib olishda ayblab, bu hukumat bilan hamkorlik qilishdan bosh tortadilar. “Yolg‘iz o‘zimiz hokimiyatni saqlab qololmaymiz” – Leninning yaqin izdosh­lari fikri shunaqa edi. Va Leninni keng demokratik-koalitsion hukumat tuzishga ko‘ndirishga urina boshlaydilar. Ular eserlar, mensheviklarni hukumatga jalb etishni taklif qilishadi. “Yolg‘iz o‘zimiz halok bo‘lamiz, ittifoqchilar kerak!”

Xuddi shu kunlarda Lunacharskiy Qishki saroyda ziyolilar delegatsiyasini qabul qiladi. O‘zi a’zo bo‘lgan bolsheviklar hukumatining chorasiz ahvolini masxara qilib: “Ha, albatta, biz birmuncha vaqt… boringki, ikki haftacha hokimiyatni qo‘lda ushlab turamiz! Keyin esa barchamizni simyog‘ochlarga osishadi”, deydi.

Bolsheviklarning juda ko‘pchiligi ana shunday kayfiyatda edi. Ilich oldiga ultimatumlar qo‘yishadi. Sovet hukumatining nomiga bo‘lsa-da boshlig‘i Kamenev mensheviklar va eserlar bilan ittifoq tuzishni talab qilib, Butunrossiya markaziy ijroiya komiteti raisi lavozimidan iste’fo beradi. Grigoriy Zinovev va boshqa yaqin safdoshlar – Rikov, Nogin, Milyutin singari xalq komissarlari hukumat va Markaziy Komitet tarkibidan chiqamiz, deb tahdid qilishadi. Ularning barchasi koalitsion hukumat tuzishni talab qilishadi. Temiryo‘lchilarning Butunrossiya ijroiya komiteti ham koalitsion hukumat tuzilmasa, temir yo‘l ishini to‘la to‘xtatamiz, deb po‘pisa qiladi.

Bolsheviklarning hokimiyati sanoqli kunlardan keyin ag‘darilishi aniq bo‘lib qolgandi. Lekin Ilich bukilmas, mustahkam iroda egasi edi: “Faqat yakobinchi-bolsheviklar hukumati bo‘ladi – tamom-vassalom! Chirigan menshevik islohotchilar bilan hech qanaqangi ittifoq tuzilmaydi!”

Petrograd tomon Kerenskiy general Krasnov bilan hujumga o‘tadi.

Bu paytda Ilichning safdoshlari hukumat tarkibiga kirish yuzasidan mensheviklar va eserlar bilan yashirin muzokaralar olib borishadi.

Lenin buni bilib qolib, g‘azabdan qoni qaynab ketadi. Safdoshlari boshiga ayovsiz so‘kishlarni yog‘diradi. (Ilich so‘kishni qoyillatardi!) Unga hukumatda boshqa partiyalarning keragi yo‘q edi. U aql bovar qilmas narsani mo‘ljallagandi – tarixda ilk bor ulkan dehqon mamlakatida kommunistik jamiyat qurmoqchiydi. Fantastik loyihani amalga oshirishga bu barcha tug‘ma murosasozlar yordam bera oladimi?

Krasnov va Kerenskiy mag‘lubiyatga uchraydi. Bolsheviklar hokimiyati omon qoladi. Lekin umri uzoqqa boradimi?

Boshqa demokratik partiyalar qo‘llab-quvvatlashidan mahrum Ilich nimaga va kimga tayanishni o‘ylayotgandi? Lenin eng qiyin va tahlikali paytda Parijda diktatura va inqilobiy terror joriy qilgan sevimli yakobinchilar tajribasiga tayanmoqchi edi. Axir, ular xuddi shu yo‘l bilan interventlar ustidan ham g‘alaba qilishdi va asosiy raqiblari jirondistlar hamda boshqa partiyalar vakillarini eshafotga jo‘natishdi-ku!

Bonch-Bruyevich o‘zining xotiralarida Ilich haqida juda muhim gap aytgan: “Proletariat diktaturasini saqlab qolish uchun nafaqat qo‘lga qurol olib kurashish, shu bilan birga bizning inqilobiy kurashimizda kuchli ta’sirga ega – qizil terrorni ham qo‘llash davri kelishiga biz allaqachon tayyor edik”.

Shunday qilib avvalboshdanoq Ilich kelajakda nima sodir bo‘lishini bilgan va shu tomonga yurgan.

Kelajakning nomi – “Qizil terror” va “Yakobincha diktatura” deb atalgan.

Bizning rus Robesperi bolsheviklar hokimiyatining birinchi kunidanoq sevimli yakobinchilarining tajribasidan andaza ola boshladi.

Yakobinchilar diktaturasi kunlarida bo‘lganidek, barcha muxolifatdagi gazetalar yopiladi. Ularning bosmaxonalarini ishchilar otryadlari yer bilan yakson qiladi. Bularni ko‘rib so‘l eserlar (o‘ng eserlarga nafrati tufayli ularni Ilich vaqtincha hukumat tarkibiga kiritgandi) norozilik bildirishganida, Ilich dalil sifatida kimni keltiradi? Xuddi shunday ish qilgan yakobinchilarni dastak qiladi! Barcha muxolif partiyalar faoliyati va albatta yirik burjuaziyaning bosh partiyasi – kadetlar taqiqlanadi.

Fevral inqilobini amalga oshirgan kadetlar – rus jirondistlari – “xalq dushmani” deb e’lon qilinadi. So‘l eserlar yana g‘ingshiy boshlashadi, Ilich esa tag‘in yakobinchilarni dastak qiladi.U haq edi: “burjuaziyaning bosh partiyasi – jirondistlarni yakobinchilar gilotinasi yamlamay yutgandi”.

Lenin hamisha o‘sha tomondan – yakobinchilar terroridan ko‘zini uzmasdi. Bu masalada uning safdoshi – yakobinchilarning xuddi Lenindek sadoqatli muxlisi – Trotskiy edi. Kuni kecha u Lenin bilan kurashgandi, bugun esa bolsheviklar sardori. Aniqrog‘i, yakobinchilar sardori.

Trotskiy shunday izoh beradi: “Bu ablah meshchanlar bizning ham, dushmanlarimizning ham tomoniga o‘tmay kutib turishipti, ular hokimiyatimizning kuch-qudratini ko‘rishlari hamonoq biz tomonga o‘tishadi… Piter ostonasida Krasnov kazaklarini tor-mor etganimizdan keyin bizga hamdardlarning soni ko‘payib qoldi. Mayda burjuaziya bo‘ysunish uchun kuch izlaydi. Kimki shuni tushunmasa, bilingki, u hech narsani anglab yetmaydi”.

Biroq oldinda yangi sinovlar kutib turardi.

Noyabr oyida Ta’sis majlisiga o‘tgan saylovda juda katta ustunlik bilan eserlar g‘alaba qozonadi. Bolsheviklar ikkinchi o‘rinni egallashadi. Biroq ular asosiy g‘alabani qo‘lga kiritishgan – Moskva va Pet­rograd harbiy qismlarida muvaffaqiyat qozonishgandi. Bu joylarda bolsheviklar birinchi o‘rinni olishgandi. Nimasini aytasiz, askarlarga bolsheviklar hokimiyati yoqib qolgandi. Frontga borishning keragi yo‘q, okop qazish o‘rniga vaqtichog‘lik bilan burjuylarni talash – juda mazali, shirindan-shakar hokimiyat.

Oldinda Ta’sis majlisining ochilishi kutilayotgandi. Xo‘sh, bunga munosabat qanday bo‘ladi? Lenin sira ikkilanib o‘tirmadi. Bunday vaziyatda yakobinchi ustozlar qanday yo‘l tutishgan edilar? Konventni qay ko‘yga tushirgandilar? To‘plar va gilotina orqali itoatkor bo‘lishga majbur etishgandi. Biroq Ilich bu tarixiy syujetning nima bilan yakun topganligi yaxshi eslardi. O‘shanda Konvent itoatgo‘y bo‘lib qolgan esa-da, oxir-oqibat deputatlar fitna uyushtirib yakobinchilarni yo‘q qilishgandi. Hech narsaga arzimaydigan, razil Botqoq buyuk inqilobchilarni halok etgandi. Chunki Konvent Konstitutsiya bo‘yicha Respublikaning oliy organi – Millat parlementi hisoblanardi.

Ta’sis majlisi – rus parlamenti edi. Xatolari tufayli jonlari qurbon bo‘lgan ustoz yakobinchilar Leninni ogohlikka chorlardi. Shunday qilib, rus Robesperi ustozining xatosini to‘g‘rilaydi – hech qanday Ta’sis yig‘ilishiga yo‘l qo‘yilmaydi!

Rus demokratiyasining asriy orzusi – umumiy ovoz berish yo‘li bilan saylangan birinchi rus Parlamentini yo‘q qilmoqqa Lenin jur’at etadi. U parlamentni tarqatib yuborishga qaror qiladi.

Qo‘rqinchlimi? Ha, qo‘rqinchli, lekin yakobinchiga emas.

Qizil gvardiya, ishchilar, matroslar safarbar qilinadi. Shinel va bushlat kiyib olgan chalasavod omma demokratik qadriyatlarni sariq chaqaga ham olmasa-da, lekin “burjuylarni ur” shiorini qoyilmaqom qilib ijro etishadi.

Ta’sis majlisini himoya qilib ziyolilar namoyish uyushtirishganda, mat­roslar tinch namoyishni bamaylixotir o‘qqa tutishadi. Xuddi yaqindagina, podsho zamonida bo‘lganidek, namoyishlar shafqatsizlik bilan bostiriladi. Yigirmadan ziyod odam halok bo‘ladi, yuzlab kishilar yaralanadi.

Rus yakobinchilari “xalq dushmanlari”ga qattiqqo‘llikda ustozlaridan o‘tib tushishadi.

Ammo Ta’sis majlisi to‘planishiga Lenin ruxsat beradi.

Birinchi yig‘ilishidayoq majlisning “dafn marosimi”ni o‘tkazish uchun ham ijozat bergandi.

Butunrossiya markaziy ijroiya komiteti raisi, sovet hukumatining rasmiy boshlig‘i Sverdlov majlisni ocha turib, “Ekspluatatsiya qilinayotgan xalqning va mehnatkashlarning huquqlari Deklaratsiyasi”ni o‘qib eshittiradi. Bu hujjatda Rossiya Sovetlar Respublikasi deb e’lon qilinadi. Ta’sis majlisiga o‘z vakolatlarini Sovetlarga berib, shu tariqa faoliyatini yakunlash tavsiya qilinadi. Bu birinchi yig‘ilishni oxirgi yig‘ilishga aylantirish yuzasidan taklif edi.

Tabiiyki, bu taklifni Ta’sis majlisi hatto muhokama qilishni ham o‘ziga ravo ko‘rmaydi.

Muzokaralar boshlanadi. Yer to‘g‘risidagi qonun kun tartibidagi birinchi masala edi…

Majlis o‘z ishini o‘n ikki soat davom ettiradi. Kechasi soat ikkidan oshganda bolsheviklar majlis zalini tark etishadi. Yig‘ilishdan Ilich ham chiqib ketadi.

Biroq Ta’sis majlisi yig‘ilishni davom ettiradi.

Ertalab soat beshga yaqin rus parlamentarizmining xotimasi – haqoratli maynavozchilik sodir bo‘ladi. Ta’sis majlisiga raislik qiluvchi Chernovga qorovullar boshlig‘i, matros Jeleznyakov murojaat qildi:

– Majlisning hamma ishtirokchilari darhol tarqalsin! Chunki qorovullar charchab ketdi. Biz bu haqda ko‘rsatma oldik.

– Qanaqa ko‘rsatma? Kim berdi bu ko‘rsatmani? – so‘radi hayron qolgan Chernov.

– Ko‘rsatmani komissar Dibenkodan oldik, – deb javob berdi matros.

Eng uyatlisi, bu gapni eshitib deputatlar tarqab ketadi.

Matroschalar ahyon-ahyonda go‘yo hazillashib deputatlarga miltiq o‘qtalardilar. Ular otishni boshlashlari hech gap emasdi. Biroq o‘sha kuni o‘q uzishmadi. Xo‘sh, o‘q ota boshlaganlarida nima bo‘lardi? Axir, Siyosatchi o‘lim bilan ham to‘qnashadi-ku!

Tarix to‘p o‘yini zalini va Miraboning ovozini eslaydi: “Biz bu yerga xalq irodasi bilan to‘plandik va bizni faqat miltiq nayzalarigina tarqalishga majbur etishi mumkin”.

Rossiyalik deputatlar-chi… Ular “miltiq nayzalari kuchi”ni kutib o‘tirishmadi. Bir-birlarini turtib-surtib zaldan qariyb qochib chiqishdi. Shunday qilib mamlakatda ming yillardan buyon hukm surgan mustabid tuzum tufayli hosil bo‘lgan Qo‘rquv bu safar ham juda yaxshi ish berganligini Ilich va boshqa yana bir yakobinchi Trotskiy o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi.

Kechqurun Tavricheskiy saroyiga majlis qilish uchun bir guruh deputatlar qaytib kelishadi. Ularni ikkita to‘p va pulemyot bilan qurollangan qorovullar va yopiq eshiklar qarshi oladi. Majlis batamom intihosiga yetgandi.

Xuddi bunday davlat organi hech qachon mavjud bo‘lmagandek, amaldagi qonunchilikdan Ta’sis majlisiga oid barcha me’yorlarni chiqarib tashlash haqida Xalq komissarlari soveti dekret qabul qiladi.

Yakobinchilar sabog‘ini yaxshilab o‘zlashtirib olishlari uchun kechasi matroslar kasalxonada yotgan Ta’sis majlisining deputati, kadet Shingarevni va kadetlarning yana bir rahbari Koshkinni o‘ldirishadi.

1917 yilning dekabr oyida Favqulodda komissiya (ChK) tashkil etiladi.

Ilich yana o‘sha sevimli yakobinchilariga murojaat qildi. U Bonch-Bruyevichga shunday deydi: “Mana, chinovniklar (davlat xizmatchilari)ning sabotaji boshlandi. Nahotki, aksilinqilobning hushini o‘ziga keltirib qo‘yadigan bizning Fuke-Tenvilimiz topilmasa?”

Va bolsheviklarning o‘z Fuke-Tenvili topiladi. Bu Dzerjinskiy edi.

“Temir Feliks” rahbar bo‘lgan Butunrossiya favqulodda komiteti (VChK)ni yakobinchilarga xos dabdabali usulda – “Inqilobning jazolovchi qilichi”, deb atashadi…

“Jazolovchi qilich” darhol ishga tushib ketadi.

Tez orada Dzerjinskiyning odamlar yo‘qolib qoladigan dahshatli kabineti haqida mish-mishlar tarqaydi.

Haqiqatda esa gap sobiq shahar boshlig‘ini endilikda Dzerjinskiy egallab olgan kabinetida baxmal parda bilan to‘silgan eshik orqali yashirin zinapoyaga olib chiqadigan yo‘lak haqida borardi. Bizning Fuke-Tenvil kimnidir qamoqqa olsa, mahbusni aynan shu eshikdan olib chiqib ketishardi.

“ChKning yerto‘la va garajlarida sodir bo‘layotgan dahshatli voqealar haqida odamlar hikoya qilardi. O‘q ovozlari eshitilmasligi uchun avvaldan yuk mashinalari motorlarini o‘t oldirib odamlarni otishgan”, deb yozgandi Zinaida Gippius[26].

Biroq odamlarning bunday vahimali hikoyalaridan Lenin xijolat tortmagan, aksincha, quvongan.

Yangi hokimiyatning birinchi kunlaridanoq e’lon qilinmagan terror amal qilayotganligini u tushunib turardi. Oddiy odamlar qo‘rqib qoldi. Davlat xizmatchilari sabotajni to‘xtatib, yangi xalq komissarliklariga ishga qaytganligi bejiz emas.

Kamenev va Leninga qarshi chiqqan boshqa xalq komissarlari dohiy haq ekanligini tan olishadi. Shu munosabat bilan Kamenev: “Vaqt o‘tgani sayin­ Ilich hech qachon xato qilmasligiga ishonch ortib bormoqda”, degandi.

Biroq mustahkamlanib borayotgan bolsheviklar hokimiyati o‘z hukmronligini Petrograd ko‘chasi bilan baham ko‘rardi.

Ta’sis majlisi tarqatib yuborilayotgan paytda aynan shu ishni tashkil qilish uchun Tavricheskiy saroyiga izvoshda kelayotgan qudratli bolshevik komissari Uritskiyni yo‘lda ikki nafar yo‘lto‘sar talonchi to‘xtatib paltosini yechib olishadi. Qattiq sovuq zabtiga olib turgandi. Sovuqdan muz qotgan komissar ayanchli ahvolda saroyga yugurib kelganida, uning holatini ko‘rib Lenin zavq bilan kuladi…

Ammo Leninning o‘zi ham saroydan chiqib ketayotganida paltosi cho‘ntagidan to‘pponchasini o‘g‘irlab ketishganini sezib qoladi.

Takror bo‘lsa-da aytay: bundan bolsheviklar sira ham xafa bo‘lishmadi.

Ko‘chalarda Trotskiy “rus inqilobining g‘ururi va husni” deb ta’riflagan matroslar talonchilik bilan shug‘ullanib izg‘ib yurishardi.

“Respublika” kemasining matroslari Anatoliy Jeleznyak boshchiligida namoyishchilarni o‘qqa tutib, parlamentni tarqatib yuborishgandi. Shu kemaning boshqa matroslari boshqa Jeleznyak, ya’ni Anatoliyning akasi Nikolay rahbarligida vaqtlarini ancha xursandchilik bilan o‘tkazishardi. Ularning qilmishlari haqida Bonch-Bruyevich xotiralarini o‘qing: matroslar ko‘chalarda ofitserlarni ushlab olib, ularni uylariga olib kelishgan va tovon puli talab qilishgan. Ofitserlar pul bersak, yanada ko‘proq aqcha undirishadi, degan ishtiboh bilan tovon to‘lashdan bosh tortishgan. Shunda matroslar uyni talab, ofitserlarni otib tashlashgan. Ayrim pul bergan ofitserlarni esa avval tahqirlab, keyin “chiqit”ga chiqarishgan.

Ko‘chalardagi o‘taketgan tartibsizlik bolsheviklarni nega kam tashvishga soldi? Shuning uchunki, ular bir narsani yaxshi bilishardi: ko‘chaning haddidan oshib ketishidan to‘ygan aholi, albatta, tartib-intizomni istab qoladi. Odamlar qattiqqo‘l hokimiyatni sog‘inishadi. Ular nafaqat bunday hokimiyatga bo‘ysunishadi, balki shunday hokimiyat o‘rnatilganiga hatto xursand bo‘lishadi. Odamlarni otadigan dahshat soluvchi hokimiyatni quchoq ochib kutib olishadi!

Biroq bizning “jazolovchi qilichimiz” bo‘lgan ChK odamlarni otishga rasman huquqi yo‘q edi. Bolsheviklar davlat to‘ntarishini amalga oshirgan kun bo‘lib o‘tgan Sovetlarning Ikkinchi s’ezdida o‘lim jazosi bekor qilingandi. Hokimiyatni bosib olgan bolsheviklar o‘sha kuni o‘ta saxiylik qilib yuborishgandi…

Ammo otuvsiz yakobinchilik yashay olmaydi. Huquqiy jihatdan bekor qilishgan bo‘lsalar-da, hokimiyatni egallab olgan dastlabki kunlardanoq yakobinchi-bolsheviklar otuvni keng qo‘llardi.

Va 1918 yil 22 fevral kuni ChK otuvga qonuniy jihatdan huquq oldi.

Xuddi shu kunlari Germaniya hujumga o‘tadi[27]. Lenin va Trotskiy darhol yakobinchilarning “Vatan xavf ostida” Dekretini qayta tiriltirib, hokimiyatga favqulodda vakolatlar berishadi.

Bolsheviklar: “Sotsialistik vatan xavf ostida!” deb e’lon qilishadi. Trotskiy dekret yozadi, unga Lenin imzo chekadi.

Dekretning 8-bandi: “Dushman agentlari, chayqovchilar, buzg‘unchilar, bezorilar, aksilinqilobiy tashviqotchilar, Germaniya josuslari joyida otib tashlansin”. Xuddi yakobinchilar Parijida bo‘lgani kabi sudsiz va so‘roqsiz otib tashlashga qonuniy jihatdan ana shunday tarzda ruxsat beriladi.

Yana so‘l eserlarning noroziliklari boshlanadi.

“Bunaqada bizga Adliya komissarligining nima keragi bor? Keling, uni ochiq-oydin Ijtimoiy qirib tashlash komissariati deb ataylik, tamom-vassalom!” – deb norozi bo‘ladi adliya xalq komissari, eser Shteynberg.

Shteynbergning o‘zi xotirlashicha, bu bo‘shang eserga Lenin shunday javob qiladi: “Juda topib aytdingiz… Aynan xuddi ana shunday atash kerak… Biroq biz buni xalqqa ochiq-oydin aytolmaymiz”.

Lenin yakobinchasiga to‘g‘ri javob qaytargan!

Nemislarning hujumi davom etardi, ular Petrogradga xavf sola boshlaydilar. Mart oyida Lenin poytaxtni Moskvaga ko‘chirishdek inqilobiy qadam qo‘yadi.

Petrogradga harbiy xavf mavjudligi bois poytaxtni Moskvaga ko‘chirishni Muvaqqat hukumat ham rejalashtirgandi. Lekin o‘shanda bolsheviklar sovetlari buni “Peterburgni nemislarga topshirish maqsadidagi qochish”, deb atashgandi.

Shahar bo‘ylab bolsheviklar Petrograddan qochib ketishmoqda, degan mish-mish tarqaydi. Darhol aholiga e’lon qilinadi: bularning bari dushmanlar hiylasi va “asossiz mish-mishlardir”, Inqilob Beshigini bolsheviklar hukumati hech qachon tark etmaydi!

Shu payt poytaxtni ko‘chirishga hamma narsa shay turgandi. Maxfiy vaziyatda Moskvaga ko‘chib o‘tishadi.

Podsholar Kremliga Lenin va hukumat joylashadi!

Spasskiy minorasining soatida podshoni ulug‘lovchi musiqa o‘rniga yakobinchilarning “Internatsional”i yangraydi. Yakobinchi hukmronlar avtomobillarda Spasskiy minorasining ikonalari ostidan Kremlga kirib kelishardi.

VChK Lubyanka maydonidagi katta binoda bemalol joylashib oladi. Avvallari bu bino imperiyadagi eng yirik “Rossiya” sug‘urta jamiyatiga qarashli edi. Binoning oldingi egalaridan qimmatbaho qizil yog‘ochdan ishlangan mebellar Lubyanka xonalarida qolgandi. Bino derazalaridan keyinchalik Dzerjinskiyga haykal o‘rnatilgan favvoralar maydoni yaqqol ko‘rinib turardi.

Ko‘chib o‘tilgach, bolsheviklar Frantsuz inqilobi dasturini amalga oshirishni davom ettirishdi. Ular frantsuz inqilobchilarining hamma harakatlarini (so‘zma-so‘z iqtibos olgandek) lazzatlanib takrorlashadi.

Inqilob qirollarning Parijdagi barcha haykallarini zo‘r berib ag‘dargandi. Frantsiya sharafi bo‘lgan Lyudovik O‘n to‘rtinchiga haykal o‘rnatilgandi – ag‘darib tashlashdi. Qo‘shiqlar va afsonalar qahramoni, frantsuz xalqining sevimli qiroli Genrix To‘rtinchining ot ustida turgan haykali Yangi ko‘prikda o‘rnatilgandi – irg‘itib tashlashdi. Lyudovik O‘n uchinchiga o‘n yettinchi asrda bunyod etilgan saroyi maydonida haykal barpo etilgandi – qulatishdi.

Lyudovik O‘n oltinchini oilasi bilan Tampl saroyiga olib ketishayotganda inqilobchilar unga “Quyosh qirol” – Lyudovik O‘n to‘rtinchining ag‘darib tashlangan haykalini tantanavor ko‘rsatishadi.

– Yaxshiyamki, kulfatlar tosh haykal boshiga tushibdi, – deydi toju taxtdan ayrilgan qirol.

Boshlanib ketgan Fuqarolar urushi va interventsiyaning tashvishlari-yu kulfatlariga qaramasdan yakobinchilar shogirdi Lenin “Podsholar va ularning malaylari yodgorliklarini olib tashlash to‘g‘risida” dekret qabul qiladi. Bu dekret ijrosi ta’minlanishini shaxsan o‘zi nazorat qilib boradi. Romanovlarning tosh haykallari bilan Lenin juda ko‘tarinki ruhda kurash olib boradi.

“Mana bu bema’nigarchilikni olib tashlamabsizlar! – Buyuk knyaz Sergey Aleksandrovich o‘ldirilgan joyda barpo qilingan esdalik xochni ko‘rsatdi Lenin”, – deb xotirlaydi Kreml komendanti Malikov. Va darhol ish qaynab ketdi! Arqonlarni olib kelishdi. Ilichning o‘zi chaqqonlik bilan sirtmoq yasab uni xochga ilintirdi. Tezda xochga har tomondan arqon solindi. Lenin, Sverdlov, Ovanesov va Xalq Komissarlari soveti va Butunrossiya markaziy ijroiya komitetining boshqa a’zolari arqonlarni zabtiga olib torta boshlashdi. Xoch yotqizilgan tosh ustiga quladi.

Xochga buyuk knyaz bevasi tomonidan: “Bu zulmkorlarning gunohlarini o‘zing kechirgaysan, chunki bu bandalaring nima ish qilayotganlarini o‘zlari bilishmaydi”[28], degan so‘zlar yozdirilgandi.

Ilich dekret ijrosini diqqat bilan kuzatib boradi.

Butun mamlakat bo‘ylab rus podsholari haykallari olib tashlanadi. Imperator xonimlar – Yekaterina va Yelizaveta, imperatorlar – Aleksandr Ikkinchi va Aleksandr Uchinchi haykallari buzib tashlanadi…

Biroq haykal supalari juda mustahkam chiqib qoldi. Ularni buzish oson emasdi. Aslida buning keragi ham bo‘lmay qoldi. Lenin vafotidan keyin bu supalarga… Ilichning o‘zi ko‘tarildi.

Darvoqe, Leninning haykallari ham uzoq turmadi. O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida podsholarning buzib tashlangan haykallari qayta tiklana boshlandi. Ilich supalarni o‘z egalariga qaytarib berishiga to‘g‘ri keldi.

O‘n to‘qqizinchi asrda frantsuzlar ham aynan mana shunaqangi ishlar bilan shug‘ullanishgandi. Biz hozir Lyudovik O‘n uchinchi va Yangi ko‘prikda Genrix To‘rtinchining qo‘r to‘kib turgan haykallarini ko‘rishimiz mumkin… Bu xalqlarning hazili, shekilli.

Lenin toshlar (Romanovlar haykallari) bilan kurashishni bir chekkaga surib qo‘yib, Romanovlarning o‘zi bilan mashg‘ul bo‘lishga kirishishi kerak edi. Sevimli yakobinchilari qanday vasiyat qilgan bo‘lsa, u xuddi shu ishni qiladi…

“Podsho oilasidan kimni yo‘q qilish kerak?” degan savolga “otashqalb inqilobchi va inqilobning ulug‘ siymosi” Nechayev: “Katta oilaning barcha a’zolarini”, deya javob beradi. Bundan g‘oyatda hayajonlanib ketgan Lenin: “Ha, butun Romanovlar avlodini qirib tashlash! Axir, bu – genial g‘oya!” deb zavqlanganligini Bonch-Bruyevich xotiralarida yozib qoldirgan.

Keksa bolshevik, dramaturg Ivan Popov Leninni juda yaxshi bilgan va Inessa Armandning[29] yaqin do‘sti edi. U Inessaning bir xotirasini qog‘ozga tushirgan: “Inessaning bolaparvarligini ko‘rib qo‘rqib ketgan Ilich Pushkinning: “Sendan va sening toju taxtingdan nafratlanaman. Halokatingni va farzandlaring o‘limini shafqatsiz shodlik ichida ko‘rayapman…” she’rini shiddatli zavq bilan o‘qib berdi”.

Lenin Romanovlardan ikki hissa nafratlanardi – ham jonidan ortiq yaxshi ko‘rgan akasining o‘limi uchun, ham haqiqiy yakobinchi bo‘lganligi bois.

Biroq yakobinchilarning Lenindan bo‘lak yana bir sadoqatli shogirdi – Trotskiy ham bor edi.

U yakobinchilar qirol ustidan o‘tkazgan suddan andaza olib Rossiya podshosi ustidan sud mahkamasini o‘tkazishni orzu qilardi. Inqilobning buyuk notig‘i va rus Dantoni Trotskiy sud jarayonida bashariy mustabidlik timsoli bo‘lgan rus podshosini butun dunyoning ezilgan mehnatkashlarini quvontirib fosh qilishni ko‘ngliga tugib qo‘ygandi.

Biroq Lenin shoshilish kerak, degan to‘xtamga keladi. Chunki o‘sha paytda bolsheviklar hokimiyati frontlarning olovli halqasi ichida qolib ketgandi. Bundan tashqari, u faqat birgina podsho bilan cheklanib qolmoqchi emasdi. Yakobinchi ustozlar o‘sha paytda Frantsiya hududida bo‘lgan barcha Burbonlarni gilotinadan o‘tkazishganini Lenin yaxshi eslardi. Yakobinchi Sen-Jyust aytganidek: “Qirollar dunyoga kelishlarining ilk daqiqalaridanoq o‘limga loyiq”. Yakobinchilar gertsog Orleanskiyni ham, qirolning singlisi, hokimiyat ishlaridan yiroq bo‘lgan va xudojo‘y Yelizavetani ham yoddan chiqarmagandilar – ularning barchasi gilotinaga jo‘natilgandi.

Ilich yakobinchi Nechayevning o‘gitini bajo keltirish va yakobinchilar ishini Rossiyada takrorlashga qaror qiladi – podshoning xudojo‘y katta oilasi barcha a’zolarini qatl qilishga jazm etadi.

Trotskiy frontlarda tentirab yurgan mahal Lenin o‘z qarorlarining sadoqatli ijrochisi – Sverdlov bilan rejani amalga oshirishga kirishadi…

Dastlab Romanovlarni Ural mintaqasiga – Yekaterinburg, Perm, Alapayevsk – to‘plashadi. Ural, bu – Pugachyov qo‘zg‘olon ko‘targan joylar. Bu yerlarda Romanovlarni juda yomon ko‘rishardi.

Peterburgda qolgan Romanovlar avlodidan bo‘lgan buyuk knyazlar Leninning akasi o‘tirgan Petropavlovskiy qal’asi kamerasida o‘zaro yuz ko‘rishishdi.

Romanovlar avlodini jazolash tadbiri Uralda boshlandi. Bu yovuzlik uchun butun javobgarlikni mahalliy hokimiyat o‘z gardaniga olishi kerak edi. “Ilich va Moskva bundan bexabar qolgandi” – bu afsona, mana, yuz yildirki, yashamoqda. Bu afsona bizga uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashib tushgan – Rossiyada “otaxon podsho” hech qachon aybdor emas, “hokimiyatdagi ikkinchi odam”, bu o‘rinda Uralsovet yoki hech bo‘lmaganda Sverdlov, ya’ni “yomon yordamchi” aybdor. Albatta, “otaxon podsho” bexabar va aybsizdir.

Lenin podsho oilasining otuvi tashkil etilayotganligini juda yaxshi bilishini isbotlaydigan telegrammani men birinchi bo‘lib “Ogonyok” jurnalida (keyinchalik Nikolay Ikkinchi haqidagi kitobimda) e’lon qilganman.

Bu telegrammada Uralsovet podsho va uning oilasini otish haqidagi qarorni Lenindan tasdiqlab berishni so‘ragan…

Bunga Leninning javobini ham bilib oldim.

Moskva arxitektura instituti dotsenti Aleksey Fyodorovich Akimovning guvohlik ko‘rgazmasini topib, “Ogonyok” jurnalida e’lon qilganman. Akimov o‘tmishda inqilobga xizmat qilgan odam bo‘lgan – u Kremlda dastlab Ya.M.Sverdlov, keyinchalik V.I.Leninning tanqo‘riqchisi bo‘lib ishlagan.

U podsho oilasini otish haqidagi Lenin va Sverdlov qarori yozilgan telegrammani 1918 yil 16 iyul kuni telegrafga qanday olib borganligini o‘zining guvohlik ko‘rgazmasida hikoya qilgan.

Bundan ham muhim bir hujjat qo‘limga tushdi! “Maxfiy, kunduzi soat 12, Yekaterinburgdan o‘rtoq Leninga” yozuvli bo‘sh konvertni sobiq partiya Markaziy arxividan topdim. Konvert ichida telegramma bo‘lmasa-da, podsho oilasi otilgan tongda Uralsovet Leninga nima haqida xabar berganligini anglab yetish mushkul emasdi.

Konvertda: “Qabul qilib oldim. Lenin” degan yozuv qolgan.

O‘z kundaliklarida boshqa bir yakobinchi Trotskiy Leninning yakobincha qarorini izohlagan. U o‘zining Sverdlov bilan bo‘lib o‘tgan suhbatini keltirgan (Trotskiy o‘sha paytda endigina frontdan qaytib kelgandi).

“– …Podsho qayerda?

– Otib tashlandi, albatta.

– Oilasi-chi? Oilasi qayerda?

– Oilasi ham u bilan birga otildi.

– Hammasi-ya?

– Hammasi. Nimaydi?”

Trotskiy orzu qilgan butun dunyo kuzatadigan sud jarayoni kunpayakun bo‘lgandi!

“– Kim bu haqda qaror qildi? (O‘zi bilan hatto maslahat qilishmaganliklari bois darg‘azab bo‘lib so‘ragan, deb o‘ylayman).

– Biz bu yerda shunday qarorga keldik. Ilich, ayniqsa, hozirgi qiyin sharoitda dushmanlarimizga tirik bayroqni qoldirish yaramaydi, deb hisobladi”.

G‘azab chekinib, hovuridan tushgan Trotskiy Leninning bu qarorini – uning yakobincha mohiyatini baholagan: “Podsho oilasining qatl etilishi nafaqat dushmanni qo‘rqitish, uni dahshatga solish va umididan mosuvo etish uchun, shu bilan birga o‘z saflarimizni ham bir silkitib olish va oldinda yo to‘la g‘alaba yoyinki muqarrar halokat borligini ko‘rsatish uchun bizga kerak edi. Ishchilar ommasi va askarlar boshqa har qanday qarorni tushunmas va qabul qilmasdi. Buni Lenin juda yaxshi his etgandi…”

Podsho bo‘lish nasib etmagan – buyuk knyaz Mixail Aleksandrovichni ham otib tashlanganidan yakobinchi Lenin xabardor bo‘lgan. “Mixail hozirgi qiyin sharoitda yana bir “tirik bayroq”qa aylanishi mumkin edi”.

Buyuk knyazning qotillaridan biri Andrey Markov qatl marosimidan keyin oshig‘ich Moskvaga kelgani va Leninning qabulida bo‘lgani, “Ilichga voqea to‘g‘risida gapirib bergani”ni o‘z ko‘rgazmalarida yozib qoldirgan.

Parijda yakobinchilar qirolning xudojo‘y singlisini o‘ldirishgandi. Bolsheviklar ham Marfo-Marinskiy monastirining asoschisi, podshoning singlisi Yelizaveta Fyodorovnani o‘ldirishdi. U bilan birga buyuk knyaz Konstantin Konstantinovichning o‘g‘illari va buyuk knyaz Pavel Aleksandrovichning o‘g‘li ham qatl etildi.

Romanovlar oilasi qirg‘ini imperiyaning sobiq poytaxtida yakunlanadi. Yakobinchilar ramziy ishora sifatida Lyudovik O‘n oltinchini qirollar sulolasi saroyi – Tyuilri qarshisida qatl qilishgandi.

Oxirgi to‘rt nafar buyuk knyaz ham ramziy ishora sifatida – Romanovlar sulolasi qabri yonida joylashgan Petropavlovskiy qal’asida qatl etiladi.

Bizning yakobinchilar otuvlar bilan bir qatorda san’atda ham frantsuzlar sabog‘ini olishadi.

Inqilobchi-rassom, yakobinchi David boshlanib ketgan inqilobning qahramonlari, Milliy kengashning ko‘pgina deputatlari portretlaridan iborat – “To‘p o‘yini zalida qasamyod” deb nomlangan mashhur kartinasini chizadi.

Bizda ana shunday inqilobiy buyurtmani rassom Brodskiy amalga oshirdi. U ham yakobinchi Davidga monand – “Kominternning ikkinchi kongressi majlisi” nomli ulkan polotno yaratadi. Bu kartinada ham juda ko‘p qiyofalar – partiya shon-sharafiga aylangan va xalqaro kommunistik harakatning atoqli arboblari aks etadi…

Davidga o‘z polotnosini ko‘rgazmaga qo‘yish nasib etmagandi. U kartinani chizishni davom ettirayotgan chog‘da uning ko‘pgina qahramonlari inqilobiy boshlarini inqilobiy gilotinaga qo‘yishgandi.

Brodskiy omadliroq chiqib qoldi – u o‘z kartinasini ko‘rgazmaga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. To‘g‘ri, faqat bir martagina. Chunki David kartinasi qahramonlari boshiga tushgan kulfatlar uning qahramonlarining ham boshiga tushadi. Brodskiy qahramonlari boshlari gilotina tig‘iga emas, Lubyanka devorlariga qapishib o‘qqa uchishdi!

Yakobinchi David inqilobiy monumental targ‘iboti bilan ham ajralib turardi. Sobiq tuzum haykali o‘rniga Ona Tabiat haykalini barpo etadi. Maxsus supada ulkan ayol – Tabiat – o‘tiribdi va uning so‘lqillagan ko‘kragidan suv oqmoqda… David yana bir ulkan haykal – Suveren xalq yodgorligini yaratishni diliga tugib qo‘ygandi-yu, uni yasashga ulgurolmaydi. Ammo Lyudovik O‘n beshinchi haykali o‘rniga o‘rnatilgan Ozodlik haykali Parijda qo‘r to‘kib turibdi. Uni haykal va eshafot birgalikda Terror va Ozodlikning yakobincha ittifoqi buzilmas ekanligining ramziy ishorasi sifatida gilotinaga juda yaqin yerga o‘rnatishadi.

Bizning yakobinchilar bu masalada ham frantsuzlar bilan izma-iz qadam bosishdi.

Monumental targ‘ibot bo‘yicha lenincha reja qabul qilinadi.

Buyuk inqilobchilar (eng ko‘p sonli guruh – o‘ttiz bitta yodgorlik), ulug‘ progressiv yozuvchilar, madaniyat arboblari va boshqalarning… haykallari yaratilishi kerak edi. Spartak, Brut, Marks, Radishchev va uch qonxo‘r yakobinchi – Marat, Danton va albatta, Robesper – darvoqe, oxirgisiga hatto Parijda ham yodgorlik o‘rnatilmagan – shunday sharafga sazovor bo‘lishdi. Ilich o‘z ustozlarini unutmagandi…

Haykali o‘rnatilishi lozim bo‘lgan yozuvchilar ro‘yxatida Dostoyevskiy ham bor edi. Ilich uning “Iblislar”ini juda yomon ko‘rardi, Dostoyevskiyning butun ijodiga la’nat o‘qirdi (“ko‘ngilni aynitadigan darajadagi nasihatgo‘y”, “jazavali tavba-tazzaru”, “sassiq kitoblar”). Ammo unga haykal qo‘ymaslikka jur’at etmaydi. Buyuk yozuvchi xuddi Ilichdek inqilobiy to‘garaklarda ishtirok etgandi, biroq dohiydan farqli o‘laroq o‘limga hukm qilinib, hatto eshafotga ham chiqqandi va qo‘l-oyog‘i kishanlanib surgunga jo‘natilgandi. Shu bois unga ham…

Yozuvchi haykalini mashhur Sergey Merkurov yaratadi. Va darrov latifa urchiydi:

“Lunacharskiy haykalni ochadi. Haykal ustidan choyshab sirg‘alib yerga tushadi, qarashsa Dostoyevskiy haykali ostiga: “Minnatdor iblislardan Fyodor Dostoyevskiyga” deb yozib qo‘yilgan ekan”.

Shu orada Fuqarolar urushi qizigandan qizib borardi.

1917 yilning oktyabr oyidan bolsheviklarga qarshi har joy-har joyda boshlangan qurolli qarshilik ommaviy urushga aylanadi. Bularning barchasi tengsiz harbiy telbalik bo‘lgan Birinchi jahon urushi fonida kechadi. Bu urushning barcha ishtirokchilari Rossiya ustiga tashlanadi.

Faqat ikki poytaxt – Moskva va Petrograd – bolsheviklar hokimiyati ostida qoladi, xolos.

Biroq Ilichning ruhi tushmaydi. U ustoz yakobinchilar ustiga ham butun qurollangan Yevropa tashlanganini yaxshi eslardi. Axir, Frantsiyada ham dehqonlar Vandeyasi qanday olov ichida qolgandi, Frantsiyaning asosiy shaharlari qanday bosh ko‘targandi? Biroq yakobinchilar hokimiyatni qo‘llarida saqlab qolgandilar-ku! Ularga nima yordam bergan? Yakobincha “nou-xau” – terror!

“Terror – ozodlikni yengilmas kuchga aylantiradigan eng yaxshi do‘stdir!” – deb Ilichga saboq berardi Robesper. Terror tufayli Lion va Tulon dushman qo‘lidan qaytarib olingandi va Vandeyada tinchlik o‘rnatilgandi…

Va: “Faqat juda qattiq terrorgina bizni qutqarishi mumkin”, deydi yakobinchilarning sadoqatli shogirdi.

Frantsuz inqilobi saboqlarini boshqa bir inqilobiy partiya – eserlar ham esdan chiqarmagandi. Bolsheviklar tomonidan hokimiyatdan chetlashtirilgan va o‘zining jangarilari va terrori bilan shuhrat qozongan partiya…

Qo‘lida xanjar tutgan respublikachi – Sharlotta Kordening obrazi vasvasaga solib, o‘ziga tortardi.

Hammasi Moisey Volodarskiydan boshlandi – yigirma olti yoshli bolsheviklarning birinchi raqamli tashviqotchisi o‘ldiriladi.

Xuddi shu lahzadayoq yakobincha terror bilan javob berish imkoniyati tug‘ilgandi.

Ko‘pgina hollarda bo‘lgani kabi Ilichning safdoshlari Dohiyning o‘ylab qo‘ygan asosiy fikr-g‘oyalarini tushunmasdilar. Ular haqiqiy yakobinchilik darajasiga hali yetmagandilar.

Petrograd partiya tashkiloti yig‘ilishida ishchilar Volodarskiy o‘limiga javoban “aksilinqilobiy yaramaslarning adabini berib qo‘yish” uchun ziyolilarni ko‘chabezorilarga xos usulda jazolashni taklif qilishadi.

Biroq Petrograd partiya tashkiloti rahbari Zinovev bu taklifni rad etadi.

Va shu zahotiyoq Leninning g‘azabga to‘lgan telegrammasini oladi: “Qat’iyan norozilik bildiraman! Ommaning to‘g‘ri va asosli inqilobiy tashabbusi yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lib, o‘z-o‘zimizni obro‘sizlantirmoqdamiz. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi! Terrorchilar bizni landovur deb o‘ylashadi. Hozirgi zamon esa o‘ta harbiylashgan davrdir. Aksilinqilobchilarga qarshi terrorni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak…”

Ammo Sharlotta Korde ishini davom ettirishadi…

Yosh shoir, Yeseninning do‘sti Kannegiser Bosh shtabning sobiq binosida Petrograd ChKsining raisi Uritskiyni otib o‘ldiradi.

Va bari boshlanib ketadi! Zinovev Leninning talabini unutmagandi. Petrograd boshlig‘i ishchilarga aksilinqilobchilarni ko‘chalarda bemalol jazolashga ruxsat beradi.

Uni terrorni to‘xtatishga ko‘ndirmoqchi bo‘lgandilar, yalinib-yolvorishgandi, ammo kechga borib to‘xtatishga ko‘ndirishning iloji qolmaydi: Moskvadagi Mixelson zavodida Leninga o‘q uzishadi.

Endi bolsheviklar rasman yakobinchilarga xos yo‘ldan ketishadi.

Sentyabr oyida yakobinchilar shafqatsiz yakobincha terror e’lon qilishgandi.

Beshinchi sentyabr kuni Qizil terror e’lon qilinadi.

Evropa tarixida ikkinchi marta Hokimiyat davlat terrorini tasdiqlaydi…

Ichki ishlar xalq komissari G.Petrovskiy “Garovga olinganlar to‘g‘risida buyruq”qa imzo chekadi:

“Mahalliy sovetlarga ma’lum bo‘lgan barcha o‘ng eserlar darhol qamoqqa olinsin. Burjuaziya va ofitserlarning katta qismi garovga olinishi shart. Qarshilik ko‘rsatishga ozgina urinish sodir bo‘lganda ham ommaviy otuv qo‘llansin”.

“Ag‘darib tashlangan sinflarning” besh nafar vakili darhol otib tashlandi, bu faqat rasmiy ma’lumotda qayd etilgani.

Kronshtadtda to‘rt yuz nafar sobiq ofitserni uchta xandaqning oldiga tizib qo‘yilib otib tashlandi…

Rasmiy qotillik kampaniyasi butun mamlakat bo‘ylab davom etdi.

Guberniyalar ChKlari otuvlar to‘g‘risida “ChK haftanomasi”ga raport bera boshladilar: “Novgorodda – 38 nafar odam, Pskovda – 31 nafar odam, Yaroslavda – 38 nafar odam, Poshexonskiyda – 31 nafar odam…”

Terror qonxo‘rlik musobaqasiga aylanib ketdi. Guberniyalarda o‘limini kutib turganlarning uzun ro‘yxatlarini devorlarga ila boshlashdi. Hammayoqda bir andazadagi e’lonlar paydo bo‘ldi: “Ozgina aksilinqilobiy harakat uchun bu otib tashlanadi” – ostida garovga olingan o‘nlab kishilar familiyasi turardi.

Garovga olingan erni qutqarish uchun xotin ChKga kelib jonini qurbon qilishi oddiy holga aylandi.

“ChK haftanomasi”: “Ko‘pgina shaharlarda garovga olinganlarni ommaviy otish bo‘lib o‘tdi. Bu albatta yaxshi. Bu ishda eng yomoni chala-chulpalikka yo‘l qo‘yish. Bu dushmanni zaiflashtirmaydi, balki qahr-g‘azabini oshirib yuboradi”.

Leninning terrorni “omma bilishi” ana shunday ta’minlangandi. Maqola mualliflari: “Ko‘ngilbo‘shlik va murosasozlik qilish yetar! Meshchanlik mafkurasidan voz kechish va qiynoqlarga rasman ruxsat berish kerak…”

Biroq o‘shanda bunga jur’at etishmaydi.

Qiynoqlarni qo‘llashga bizning yakobincha inqilobimizning qonuniy o‘g‘li – Stalin jazm qiladi.

Inqilobiy shiddatda yakobincha musobaqa avj oladi.

“Bu davrda bizning barchamiz – terrorchilarmiz!” – deb xitob qiladi Zinovev. Undan: “Agar armiyamiz sonini ko‘paytirmasak, bizni burjuaziya qirib tashlaydi. Axir, ularning bundan boshqa yo‘li yo‘q. Biz ular bilan bir osmon ostida yashay olmaymiz. Dushmanlarimizdan ustun kelish uchun bizga o‘zimizning sotsialistik militarizmimiz lozim. Yuz million odamdan 90 millionini o‘z ortimizdan ergashtirishimiz kerak. Qolgani bilan adi-badi aytib o‘tirmasdan, ularni qirib tashlash shart”, degan “hikmatli” so‘zlar qolgan.

Gazetalarda: “Nafrat va qasos endilikda ishchilarning madhiyasiga aylandi”, “Burjuylar badanidagi yog‘ni eritib, undan sovun tayyorlaymiz va bu sovunlar bilan mehnatkash qo‘llarimizni yuvamiz” singari goh mahzun, goho quvnoq shiorlar beto‘xtov bosilib turardi.

ChK rahbarlaridan biri Latsis eng asosiy narsani tushuntirib bergan:

“Biz ayrim kimsalarga qarshi urush olib borayotganimiz yo‘q. Biz burjuaziyani sinf sifatida qirib tashlamoqdamiz. Ayblanuvchi sovet hokimiyatiga ishi yoki so‘zi bilan qarshi chiqqan-chiqmaganini tergov materiallari va isbotlaridan izlamang. Ayblanuvchiga beriladigan birinchi savol qaysi sinfga mansubligi, kelib chiqishi, tarbiyasi, ma’lumoti va kasbi haqida bo‘lishi kerak. Bu savollar ayblanuvchining taqdirini hal qilishi lozim. Qizil terrorning ma’no va mohiyati ana shunda”. Endi yakobinchi Dantonning gapiga quloq tuting: “Biz ruhoniylar va zodagonlarni aybi borligi uchun emas, kelajakda ularga o‘rin yo‘qligi uchun o‘ldiramiz”.

O‘sha paytdagi gazetalar yakobincha iqtiboslarga boy edi. Kamenev, Zinovev, Trotskiy terrorni ochiq-oydin sharaflardilar. Hatto gumanist sifatida tanilgan Buxarin ham: “Proletarcha majburlashning otuvdan boshlab boshqa barcha shakllarini qo‘llash kapitalistik davr insoni materialidan kommunistik jamiyat insonini ishlab chiqish usuli hisoblanadi”, degandi.

Biroq bolsheviklar terrorining asosiy mazmun-ma’nosi Trotskiy kundaligida aks etgan. Podsho oilasining o‘ldirilishi munosabati bilan nima deb yozganligini eslaylik:

“Podsho oilasining qatl etilishi nafaqat dushmanni qo‘rqitish, uni dahshatga solish va umididan musovo etish uchun, shu bilan birga o‘z saflarimizni ham bir silkitib olish va oldinda yo to‘la g‘alaba yoyinki muqarrar halokat borligini ko‘rsatish uchun bizga kerak edi”.

Bu gap partiyaviy ma’noga ega.

Shu kundaligida ijtimoiy mazmunga ega gap ham yozgan: “Dushmanni qo‘rqitish va unga dahshat solish kerak bo‘lgandi”. Biroq bu o‘rinda Trotskiy quvlik qilib, fikrini oxirigacha aytmayapti. Aslida nafaqat dushmanni, shu bilan birga butun aholini qo‘rqitish kerak bo‘lgandi.

Qizil terror – bu oddiy odamlar doimo dahshat ichra, Hokimiyat oldida to‘la huquqsizligini his etishidir. Yakobinchilar va bolsheviklar terrorining qonli samarasi ana shunda edi.

Qizil terror rasman tugagan paytda ham yakobinchilar partiyasining qulash sarobi, Termidor sarobi Leninni ta’qib qilishda davom etardi.

“Terrorni ommalashtirish”siz hokimiyatni qo‘lda saqlab qola olamizmi?

Shu bois, Fuqarolar urushi g‘alaba bilan yakunlangan 1922 yil Lenin adliya xalq komissariga shunday deb yozadi: “Terrorni ikkiyuzlamachiliksiz va mubolag‘asiz qonuniylashtirish kerak”.

Jinoyat kodeksida qonuniylashtirish zarur!

Doimiy terror va ochlik fonida qotillik va yovuzlikning ulkan to‘lqini odamlarni butkul o‘zgartirib yubordi. Jamiyatdan tsivilizatsiya po‘stini shilib olishdi. Deraza ortidagi hayotdan jirkanib o‘layotgan Blok shunday deydi: “Xalqaro inqilob xalqaro yurak og‘rig‘iga aylanmoqda”.

Rasmiy terror va undan keyingi davrda bolsheviklar o‘zlarining ikkita dushmanlari masalasini hal qilishadi.

Birinchisi – Din.

Bu yerda yana o‘sha frantsuz inqilobidan andaza olindi…

Parij shahrining ilohiy himoyachisi, muqaddas Jeneveva sakkiz yuz yil shaharni dushmanlar bosqinidan asrab kelganligiga frantsuzlar ishonardi. Biroq yakobinchilar kelib muqaddas qoq murdani qirollarni jinoyatchilar qatl etgan Grevskiy maydoniga, eshafotga olib kelishadi.

Muqaddas qoq murdani bo‘lak-bo‘laklarga kesib, Sena daryosiga uloqtirib yuborishadi…

Notr-Dam avliyolarining ham boshini kesishadi.

Barcha joyda dinni tahqirlash avj oladi. Lion shahrida Fushe cho‘chqaga yepiskoplar kiyimini kiygizib, dumiga Injilni bog‘lab quyadi.

Keyin odamlarga navbat keladi. Yakobinchilar terrori davrida yuzlab ruhoniylar o‘ldiriladi.

Bolsheviklar ustozlaridan ortda qolmaslikka harakat qilishdi. Ular ham xalq uchun eng aziz avliyolar qoq murdalarini axlatga tashlab yuborishdi. Bu tahqirlovlar kinoplyonkaga muhrlangan. Cherkovlarni portlatib yuborishadi. Xuddi yakobinchilarga o‘xshab ruhoniylarni ommaviy ravishda qatl qilishadi.

Yakobinchi Lenin xulosa qilib yakunlovchi dastur yozadi:

“O‘ta maxfiy

Ko‘rsatma

…Iloji boricha tezroq din va poplarga barham bermoq kerak. Poplarni aksilinqilobchilar va sabotajchilar sifatida qamoqqa olib, barcha joylarda shafqatsizlik bilan otib tashlang. Qancha ko‘p otilsa, shuncha yaxshi. Cherkovlar yopilsin. Ibodatxonalar muhrlanib omborxonalarga aylantirilsin…”

Bolsheviklar hal qilishi zarur bo‘lgan ikkinchi o‘tkir masala – ziyolilar masalasi edi.

Ular inqilobning boshidayoq muxolifatdagi gazetalarni yopib, ziyolilar bilan urishib qolishgandi.

Bu o‘rinda ham Ilich yakobinchilar tajribasiga tayanadi. Ular shafqatsiz bo‘lishgandi. Jirondistlar g‘oyalarini yo‘qlab chiqishga jazm etgan buyuk Kondorse halok bo‘ladi, Maratning ilmiy tajribalari kulgili ekanligini isbotlab bergan kimyogar olim Lavuaze gilotinaga jo‘natiladi. Inqilobiy Figaro obrazini yaratgan Bomarshe yakobinchilar qamoqxonasiga tushib, arang o‘limdan qutulib qoladi. Sharlotta Korde jasoratini madh etgan va inqilobiy yovuzliklarni qoralagan shoir Andre Shene hayotiga gilotina nuqta qo‘yadi.

Frantsuz Ma’rifatchiligi timsoli – Akademiya yopiladi.

Bizning Ilich ham ziyolilarga yakobinchasiga munosabatda bo‘ladi:

“Burjuaziya va uning hamtovog‘i bo‘lgan va o‘zlarini millatning aql-idroki deb hisoblovchi kapital malaylari ziyolichalarni ag‘darish kurashida ishchi va dehqonlarning intellektual kuchlari o‘sib-kuchayib bormoqda”.

Yigirma ikkinchi yil Shtettin shahri portiga Rossiyadan paroxod yetib keladi.

Kelganlarni hech kim kutib olmaydi. Ular bir nechta ot-arava topib yuklarini ortishadi. Aravalar ortida xotinlari qo‘lini ushlab olgan erkaklar shahar tomon yurishadi. Quvg‘in qilingan odamlar ketib borardi – yigirmanchi asr boshida Rossiyada ijtimoiy ongni belgilagan, rus falsafasi va ijtimoiy fikrining faxri va gullari bo‘lgan: Losskiy, Berdyayev, Frank, Kizevetter, knyaz Trubetskoy, Ilin… Bir yuz oltmish nafar inson – mashhur professorlar, faylasuflar, yozuvchilar, Rossiyaning buyuk ma’naviy qudrati – bir siltashda supirib tashlangandi.

Trotskiy: “Ha, ularni qamoqqa olish uchun bizda asos yo‘q edi. Ammo bizning ular bilan birga yashashimizning imkoni yo‘q”, degandi.

Birga yashash shuning uchun imkonsiz ediki – ular fikr odamlari edi. Ziyolilar fikrlardilar.

O‘sha yigirma ikkinchi yil ChKning rahbarlaridan biri Agranov shunday izoh bergandi: “1921 yil Petrograd ziyolilarining bir oyog‘i dushman qarorgohida edi. Biz bu oyoqni jonidan o‘tkazib savalashimiz lozim”.

Savalash uchun dushman timsoli zarur edi.

Bu timsol mashhur shoir bo‘lib, u Shenedek o‘z maslagini yashirmaydi… U inqilobga qadar mana bu she’rni yozgandi:

El rahnamosi Atrid, e voh, o‘tdi olamdan,
Men-chi, faqir – bechora, hanuz hayotman, afsus.
Buncha jozib bo‘lmasa shaffof va cho‘ng bu ko‘llar,
Ta’nali – qon nigohin sanchar ko‘ksimga shafaq.
Biram og‘ir, og‘irdir bu sharmandalik, birodarlar,
Ya’ni, podshoh o‘lganda sabr etmak – yashamak![30]

Podsho oilasi halokatidan so‘ng Gumilevning bu misralari chaqmoqdek chaqnadi.

Shoirni Tagantsev fitnasi bo‘yicha ayblab qamoqqa olishadi. Fitnachilar go‘yoki Kronshtadt qo‘zg‘oloni ortidan Petrograd isyonini uyushtirmoqchi bo‘lishgan.

“Go‘yoki” – o‘shandayoq hech qanaqangi Tagantsev fitnasi bo‘lmaganligi versiyasi paydo bo‘ladi.

Bo‘lmasa, nima bo‘lgandi o‘zi?

Birinchi manbalarga, ya’ni ustoz yakobinchilarga murojaat qilamiz. Lenin qayta tiriltirishni judayam orzu qilgan, Inqilobiy tribunalning haqiqiy rahbari Fuke-Tenvil nima o‘ylab topganligini esga olaylik.

Fuke aslida bo‘lmagan – ig‘vogarona fitnalarni tashkil qilishni tak­lif qilgandi. Unga shu asosda keyin gilotinaga jo‘natish uchun baxtiqaro kimsalarni jalb etishadi. Qamoqxonalardagi joy shu tarzda bo‘shatilgan va tuzum uchun nomaqbul kimsalardan ana shu tariqa qutulishgandi.

Bolsheviklar darhol provakatsiyaning bu amaliyotini o‘zlashtirib olishdi.

Mashhur “Trest” operatsiyasi nima o‘zi? Bu yolg‘ondakam fitna va ig‘vo. Hayotda hech qanaqangi “Trest” degan tashkilot bo‘lmagan. Chet eldan inqilob dushmanlarini aldab Rossiyaga olib kelish uchun bolsheviklar o‘ylab topgan. Va buning uddasidan chiqishadi! “Trest” mavjudligiga ishonib, mashhur ingliz josusi Reyli va bizning Savinkov qarmoqqa ilinishadi. “Trest” yordamida Rossiyaga kirib kelishadi va qamoqqa olinib, shu yerda halok bo‘lishadi.

Bizning oxirgi podshomiz-chi? Uni ozod qilishga jazm qilgan qandaydir fitnachilardan kichkina maktub oladi. Biroq bu ham navbatdagi hiyla edi. Bu podshoni tezroq otish uchun dalilga ega bo‘lish maqsadida ChK tomonidan tashkil qilingandi.

Soxta fitnalar ChK amaliyotida odatiy holga aylandi. Bechora Tagantsevning fitnasi ham ChK tomonidan tashkil etilgan soxta fitnalardan biri bo‘lsa kerak.

Gumilev bunga ishongan va ishtirok etib, qamoqqa olingan.

Endi mashhur shoirning taqdiri ziyolilarni qo‘rqitish va yaxshilab “savalash”i lozim edi.

Gumilevni so‘roq qilish fojiali tus oladi.

“Agar Petrogradda isyon boshlanganda, siz fitnachilar safida bo‘lardingizmi?” deb so‘radi tergovchi. Biroq shoir obrazli fikr yuritadi. Bu savol u uchun podsho Nikolay Birinchi va Pushkin muloqoti sahnasini takrorlagandi.

“Peterburgda bo‘lganingizda, Siz ham Senat maydoniga chiqarmidingiz?” – so‘radi podsho.

“Chiqardim!” – deb javob berdi Pushkin.

Shoir Gumilev sevimli Pushkini bilan izma-iz borib “Bo‘lardim!” deb javob beradi.

Ammo Pushkin bilan Imperator muloqot qilgandi, Gumilev bilan esa shoirni o‘ziga sinfiy dushman bilgan yakobinchi suhbatlashgandi.

Kutilgan hukm yangraydi: “Otilsin!”

Endi otuvlar haqida gaplashsak… Tarixchilar keyinchalik lenincha “Otilsin!”ni hayratga tushib o‘qishadi. Ammo bu ham uzluksiz takrorlangan yakobincha va Robespercha “Gilotinaga yuborilsin!”dan olingan iqtibosdir.

Frantsuz inqilobi davrida yakobinchilar shafqatsizlik bo‘yicha o‘zaro musobaqalashgandilar. Bolsheviklar ham xuddi shu ishni qilishadi.

“Fuqarolar! Aksilinqilob g‘alaba qozongudek bo‘lsa, osib o‘ldirilishingiz uchun hamma ishni qildingizmi?” shiorida shogird yakobinchilar o‘zlarining qonxo‘rlik bobidagi musobaqalari mazmunini aks ettirishdi va shakllantirishdi. Ilich Tambov dehqonlarini jazolash haqida buyruqlar yozar ekan, yakobinchilarning Vandeya dehqonlarini yirtqichlarcha jazolaganlarini esga olgan. U Lionda yosh yigitlar bir joyga to‘plab va bog‘lab to‘pga tutilishini yaqqol tasavvur qilgan.

Shu bois bizda ham: “Chekinishga yo‘l yo‘q. Oldinda – yo g‘alaba yoki halokat”.

Petropavlovskiy qal’asida otilgan buyuk knyazlar orasida ajoyib tarixchi buyuk knyaz Nikolay Mixaylovich ham bor edi. Hur fikrli bo‘lganligi uchun uni xuddi inqilobchi gertsog Orleanskiydek podsho oilasida ustidan kulib “janob Egalite” (Tenglik) deb atashardi.

Yakobinchilar o‘z egalitelarini gilotinaga jo‘natganidek bolsheviklar ham bizning Egaliteni otuvga hukm qilishadi.

Gorkiy va Fanlar akademiyasi hukmni eshitib Lenindan uni afv etishni so‘raydi. Ilichga buyuk knyaz ajoyib va liberal tarixchi ekanligini eslatishadi. Ilich istehzo bilan javob qaytaradi:

“Inqilobga tarixchilarning keragi yo‘q”.

Bu jumlani ba’zan afsona deb ham e’lon qilishgan. Bu hukm Leninga tegishli ekanligi shak-shubhasizdir. Aslida bu shunchaki jumla emas, sevimli yakobinchilaridan Lenin olgan iqtibosdir. Buyuk Lavuazeni gilotinaga hukm qilishganda u Inqilobiy tribunal boshlig‘idan qatlni biroz orqaga surishni so‘ragan: “Men hozir fan uchun juda katta kashfiyotning ostonasida turibman. Bor-yo‘g‘i bir haftaga qatl muddatini kechiktirish zarur… Ulgurishga va’da beraman, fuqaro”. Tribunal raisi yakobinchilarga xos javob qaytaradi: “Inqilob sening faningga zor emas!”

Ilich o‘zining istehzoli javobida bir so‘zni o‘zgartirgan, xolos. Biroq u yanglishgandi. Fojiaviy xatoga yo‘l qo‘ygandi.

Inqilobga tarixchilar judayam kerak!

Ular unutuvchan Ilich va uning safdoshlariga har qanday inqilobning o‘zgarmas qonunini eslatgan bo‘lur edilar.

Buni baxtiqaro jirondist Verno shunday ifoda etgandi: “Xuddi iloh Saturndek, Inqilob o‘z bolalarini yeb yuboradi. Ehtiyot bo‘ling, ilohlar qonsiragan”.

EHTIYoT BO‘LING, ILOHLAR QONSIRAGAN!

Ehtiyot bo‘lishmadi. Oradan yigirma yil o‘tib – inqilob hech narsani va hech kimni esdan chiqarmaydi – men hikoya qilgan Inqilobning barcha ishtirokchi shaxslarini yoppasiga mahv etish boshlanadi.

Rikov, Kamenev, Zinovev, Latsis, Petres va boshqalar – bolshevistik leninchi gvardiya devor tagiga turg‘azilib otib tashlanadi.

Ilich erkalab “Buxarchik” deb atagan Buxarin chalasavod Kliment Voroshilovga Frantsuz inqilobi saboqlari va yakobinchilar taqdirini eslatishga behuda urinadi!

Buxarin xuddi Kamil Demulenga o‘xshaydi, deb hisoblardi Romen Rollan. Yozuvchi haq – u juda o‘xshab ketardi. Buxarin ham xuddi Demulendek qamoqda o‘tirar ekan, inqilobchi uchun inqilob qamoqxonasida o‘tirish haqoratli va qo‘rqinchli ekanligi haqida yozadi!

O‘limini qarshi olishga hozirlik ko‘rar ekan u ham Demulendek boshqa qaytib ko‘rolmaydigan sevimli rafiqasi va go‘dak farzandi haqida alamli o‘ylar girdobiga g‘arq bo‘ladi!

 

EPILOG

Qayg‘uli Inqilob Teatrimizni ezgu bir sahna bilan yakunlashga harakat qilamiz.

Frantsuz inqilobining ikki yuz yilligi kuni ular birgalikda raqsga tushishdi.

Ular – Marat va Sharlotta Korde qarindoshlarining avlodlari edi.

Bu raqs orqali ular bizga Inqilob va uning qonuniy farzandlari – Nafrat va Qon – o‘tmishda qolib ketganini anglatmoqchi bo‘lishdi.

Bizga esa bugun faqat Kechirish va Sevish qoldi.

Rus tilidan Jaloliddin Safoyev tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 6-7-sonlar

 

[1] Manba: Radzinskiy E. Beregites, bogi jajdut. –Moskva: Izdatelstvo AST, 2015.

[2] Rossiya imperatori Nikolay Ikkinchining taxtga chiqqanligi (1894) munosabati bilan 1896 yil may oyida toj kiydirish marosimi tantanalari chog‘ida Moskvaning shimoli-g‘arbidagi Xodin maydonida sodir bo‘lgan ommaviy ur-yiqit nazarda tutilmoqda. O‘shanda Xodin maydonida xalq sayli tashkil etiladi. Bochkalarda bepul tarqatish uchun pivo, asal va boshqa shirinliklar olib kelishadi. Esdalik sovg‘alari va tangalari ham xalqqa tarqatilishi e’lon qilinadi. Maydon atrofi qurilish uchun qum qazib olinganligi bois chuqur xandaq edi. Xalq sayli 18 may kuni bo‘lib o‘tishi e’lon qilingan bo‘lsa-da, 17 may kuni kechqurundan boshlab maydonda odamlar to‘plana boshlaydi. Ertalabga borib qariyb 500 ming odam to‘planadi. Juda ko‘pchilik oilalari, bola-chaqasi bilan kelgan edi. Shu payt xaloyiq o‘rtasida bufetchilar yegulik va pivoni, do‘konchilar esa tangalarni faqat o‘z tanish-bilishlariga tarqatishayapti degan mish-mish tarqaydi. Olomon  do‘kon va bufetlar tomon shiddat bilan harakatga keladi. Ur-to‘polon boshlanib ketadi. Tartib saqlash uchun qo‘yilgan 1500 politsiyachi qo‘lidan hech narsa kelmaydi. Ur-yiqitda 1379 nafar odam halok bo‘ladi, 1000 ga yaqin kishi esa og‘ir shikastlanadi (Tarjimon).

[3] “Bizdan keyin dunyoni suv bosmaydimi?” Bu jumlani Frantsiya qiroli Lyudovik XV aytgan deb hisoblashadi. Ammo o‘sha davr tarixchilari qirolning o‘ynashi Markiza Pompadur (1721–1764) Rosbax yonida qirol qo‘shinlari jangda mag‘lubiyatga uchragandan so‘ng, “Ko‘p aziyat chekmang, bizdan keyin dunyoni suv bossa ham mayli”, deya qirolni ovuntirgan, deb yozishadi (Tarjimon).

[4] Per-Ogyusten Karon de Bomarshe (1732–1799) frantsuz dramaturgi va publitsisti. Uning “Evgeniya”, “Ikki o‘rtoq”, “Figaroning uylanishi”, “Seviliyalik sartarosh” singari dramalari mashhur. U o‘z hayoti davomida ko‘pgina mashmashalarga aralashib qolgan va bir necha bor sudga tortilgan (Tarjimon).

[5] Kardinal Julio Mazarini (1602–1661) cherkov va siyosat arbobi. 1643–1651 va 1653–1661 yillarda Frantsiyaning birinchi ministri. Lyudovik XIII ning xotini qirolicha Annaning o‘ynashi bo‘lgan.  Aynan qirolichaning qo‘llab-quvvatlashi tufayli Frantsiya hukumati rahbarligini qo‘lga kiritgan (Tarjimon).

[6] Frantsiyada 1302–1789 yillar oralig‘ida faoliyat ko‘rsatgan tabaqaviy vakillik  organi. Mamlakatda mushkul vaziyat yuzaga kelganda qirolning tashabbusi bilan hukumatga yordam sifatida chaqirilgan. General Shtatlarda birinchi, ikkinchi, uchinchi tabaqalar vakillari alohida-alohida majlis qilishgan. 1614 yildan 1789 yilgi inqilob arafasiga qadar General Shtatlar biror marta ham chaqirilmagan (Tarjimon).

[7] Markiz de Sad (1740–1814) –  frantsuz zodagoni, yozuvchisi va siyosatchisi. U o‘z asarlari va g‘oyalarida insonning barcha sohada – ijtimoiy, ma’naviy, siyosiy va jinsiy hayotda mutlaq erkinligini targ‘ib qilgan. Uning ayol va erkak o‘rtasidagi jinsiy aloqada  bir-biriga jismoniy azob berish va tahqirlashni tashviq etgan asarlari tufayli  “sadizm” atamasi paydo bo‘lgan. Markiz de Sad umrining  ko‘p qismini qamoqxonalar va jinnixonalarda o‘tkazgan. (Tarjimon)

[8] Rossiya imperatori Nikolay II ning xotini Aleksandra Fyodorovna (1872–1918) nazarda tutilmoqda (Tarjimon).

[9] Egalitarizm – jamiyatda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy tenglikni ta’minlash g‘oyasi (Tarjimon).

[10] 1751 yil Lyudovik XV kambag‘allashib qolgan zodagonlarning o‘g‘il farzandlari uchun Harbiy maktab tashkil qiladi. Harbiy maktabning old qismida parad va marshlar o‘tkazish uchun juda katta maydon barpo etiladi va bu maydon Mars ilohi nomi bilan “Mars maydoni” deb yuritiladi. 1790 yil 14 iyul kuni aynan shu maydonda Frantsiyaning birinchi konstitutsiyasiga qasam ichish marosimi o‘tkaziladi. (Tarjimon)

[11] Yahudiylarning ko‘hna Ahd kitoblari ichiga kiruvchi “Yudif kitobi” personajlaridan biri. Yahudiylarning zulmkorlarga qarshi kurashining ramziga aylangan ayol. (Tarjimon)

[12] Nikolay Ivanovich Buxarin (1888–1938) – rus inqilobchisi, kommunistik partiya va sovet davlatining siyosiy arbobi. 1937 yil qatag‘onga uchrab, 1938 yil otib o‘ldirilgan.

[13] Mark Yuniy Brut (miloddan avvalgi 85- miloddan avvalgi 42 yillar) – Rim siyosiy arbobi va harbiy sarkarda. Yuliy Sezarning yaxshiliklarini unutib, xiyonat qilgan hamda uni o‘ldirgan. (Tarjimon)

[14] Neron Klavdiy (37–68 yillar) – 54 yildan Rim imperatori. Juda shafqatsizligi bilan tanilgan. Orqa-oldiga qaramasdan barchani o‘limga mahkum etavergan. Uning buyrug‘i bilan Rim  shahriga o‘t qo‘yilgan. (Tarjimon)

[15] Valeriya Messalina (17/20–48 yillar) – Rim imperatori Klavdiyning uchinchi xotini va Brtiannik hamda  Klavdiy  Oktavining onasi. Uning axloqsiz va buzuq turmush tarzi suyuqoyoq va fohisha ayollarning obrazini ifoda etuvchi timsolga aylangan. (Tarjimon)

[16] “Mavr o‘z ishini qilib bo‘ldi, mavr endi ketsa ham bo‘ladi”. F.Shiller (1759–1805) qalamiga mansub “Fiyeskoning Genuyadagi fitnasi” dramasidan olingan bu ibora kimningdir xizmatidan foydalanib bir narsaga erishgandan keyin, xizmat qilgan odamni batamom unutib qo‘yishdek razil va hurmatsiz munosabatni ifodalaydi. Dramada mavr graf Fiyeskoga ko‘maklashib, Genuyaning mustabid hukmdoriga qarshi respublikachilar qo‘zg‘oloniga hissa qo‘shadi va g‘alabadan keyin uni bir chetga surib qo‘yishgandan so‘ng shu gapni aytadi. (Tarjimon)

[17] Lyutseren – Shveytsariyadagi shahar. Hozirgi paytda Shveytsariyaning Lyutseren kantonligi poytaxti.

[18] Sanklyulot – past tabaqadan chiqqan inqilobchilarning umumiy nomi. Kyulot (kalta shim) kiygan zodagonlardan farqli o‘laroq kambag‘allar uzun ishton (sankyulot) kiygan.

[19] “Varfolomey tuni” – nasroniylarning avliyo Varfolomeyga bag‘ishlab o‘tkaziladigan bayrami arafasida, Parijda katoliklar tomonidan gugenotlarning yalpi qirg‘in qilinishini anglatuvchi ibora. Bu qirg‘inbarot 1572 yil 24 avgustga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Parijda boshlangan xunrezlik mamlakatning boshqa viloyatlarida ham davom etib, uch mingdan ziyod kishi halok bo‘lgan, oxir-oqibat katoliklar bilan gugenotlar o‘rtasida urush kelib chiqqan. Bu ibora keyinchalik odamlarni vahshiylik bilan ommaviy qirg‘in qilishning ifodasi va timsoliga aylanib qolgan. (Bu va keyingi izohlar tarjimonniki)

[20] Shahzoda Lyudovik Karl (Lui-Sharl) – Frantsiya qiroli Lyudovik XVI ning kichik o‘g‘li (kattasi 1789 yil vafot etgan). Shahzoda 1785 yil tug‘ilgan. Onasi Mariya-Antuanetta qatl etilganidan so‘ng u etikdo‘z Antuan Simonga “inqilobiy ruhda tarbiyalash” uchun farzandlikka beriladi. Etikdo‘z sakkiz yashar bolani vino ichishga majbur etar, og‘ir mehnatga jalb qilar va tinimsiz kaltaklardi. Bola azob va tahqirlar natijasida hamda onasini qattiq sog‘ingani tufayli kasal bo‘lib qoladi va 1895 yil o‘n yoshida vafot etadi.

[21] “Gall” so‘zi lotinchada jangariligi tufayli Mars ilohiga atalgan xo‘rozni anglatadi. Keyinchalik Frantsiyadagi gallar qabilasining timsoliga aylangan.

[22] Jozef Fushe (1759–1820) – frantsuz davlat va siyosat arbobi. Ma’lumoti va kasbi bo‘yicha ruhoniy bo‘lsa-da, doimo dinni tahqirlab, masxara qilib kelgan. Inqilob payti kimning qo‘li baland kelsa, shu guruhni qo‘llab-quvvatlagan. Konventda qirolning qatl qilinishi uchun ovoz bergan. Inqilob dushmanlarini shafqatsiz jazolashda ishtirok etgan. Yakobinchilar klubiga bir muddat raislik ham qilgan. So‘ng yakobinchilar va Robesperga qarshi chiqib, uni hokimiyatdan ag‘darishda faol ishtirok etgan. Termidor davrida radikal va terrorchi sifatida qisqa muddat qamoqda o‘tirgan. 1799 yil ichki ishlar va xavfsizlik ministri etib tayinlanadi. Uni bu mansabga tayinlagan hukumatga xiyonat qilib, Napoleonni taxtga olib kelgan fitnada faol ishtirok etadi. 1809 yil Napoleonni taxtdan ag‘darish uchun fitna tayyorlaydi. Buni imperator sezib qolib uni iste’foga jo‘natadi. Napoleon hokimiyatdan mahrum bo‘lib surgunga jo‘natilgan va taxtga Lyudovik XVIII kelganda yana o‘sha ministrlik vazifasini egallaydi. Napoleon taxtga qaytgan yuz kunda ministrlik lavozimini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ladi. Napoleon mag‘lubiyatga uchrab butkul toju taxtdan mahrum bo‘lgandan keyin taxtga yana Lyudovik XVIII qaytadi va Fushe bu yangi hukumatda ham ichki ishlar ministri etib tayinlanadi. Tarixda bunday ikkiyuzlamachi, beburd va nihoyatda pixini yorgan “o‘lmas-yitmas” boshqa bir siyosatchini topish mushkul.

[23] Termidor (fr. “issiq”) – 1793–1806 yillar Frantsiyada amalda bo‘lgan Respublika kalendari oyi (19 iyul – 18 avgust). 1794 yil 27 iyul kuni Konventdagi fitnachilar yakobinchilar hokimiyatini ag‘darib tashlaydilar, yakobinchilarning asosiy rahnamolari qatl etiladi, Ijtimoiy najot qo‘mitasining ko‘pgina a’zolari Gvianaga surgun qilinadi. Bu voqealar tarixda “davlat to‘ntarishi”, “aksilinqilobiy termidorlar davlat to‘ntarishi” deb ataladi.

[24] Vladimir Dmitriyevich Bonch-Bruyevich (1873–1955) – rus inqilobchisi, bolshevik­lar va sovet davlati arbobi, yozuvchi va etnograf, Leninning yordamchisi. Tarix fanlari doktori. RSFSR Xalq komissarlari sovetining ishlar boshqaruvchisi lavozimida ishlagan. Leninning vafotidan so‘ng ilmiy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lgan.

[25] Proklamatsiya – siyosiy tashviqot varaqasi.

[26] Zinaida Gippius (1869–1945) – rus shoirasi, yozuvchi va dramaturg. Oktyabr inqilobi va bolsheviklarning hokimiyat tepasiga kelishini “Antixrist” hokimiyatga keldi”, deb ta’riflagan. 1920 yili turmush o‘rtog‘i  yozuvchi D.Merejkovskiy bilan birga Rossiyani tark etgan va Parijda yashagan.

[27] Bu paytda 1914 yil boshlangan Birinchi jahon urushi hali davom etar hamda Sharqiy frontda Germaniya va Rossiya o‘zaro urishardi.

[28] “Nima ish qilayotganlarini o‘zlari bilishmaydi”. Injilning Luka hikoyalaridagi satr. Iso Masihni chormix qilayotganlarida u xudoga murojaat qilib shunday degan ekan: “Bu zulmkorlarning gunohlarini o‘zing kechirgaysan, chunki bu bandalaring nima ish qilayotganlarini o‘zlari bilishmaydi”.

[29] Inessa Fyodorovna Armand (1874–1920) – rus inqilobiy harakatining faollaridan biri. Parijda tug‘ilgan. 1909 yil Lenin bilan tanishib, uning ishonchli vakiliga aylangan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Leninning ma’shuqasi bo‘lgan.

[30] She’rni shoir Rustam Mirvohid tarjima qilgan.