Burhon Abdulxayrov. Yana bir qatag‘on qurboni (Miyon Buzruk ijodiga chizgilar)

http://n.ziyouz.com/images/jadid.jpg

Vatanimiz istiqlolga erishgandan keyin mustamlakachilik tuzumi davrida qurbon bo‘lgan adiblarning ijodi xalqqa qaytarildi. Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon, Elbek, Botu, Usmon Nosir kabi ijodkorlarning hayoti va ijodini tahlil etishga bag‘ishlangan salmoqli tadqiqotlar yaratildi. Shubhasiz, qatag‘on qurbonlari orasida faqat badiiy ijod emas, balki adabiyotshunoslik, san’atshunoslik va tanqidchilik bilan samarali shug‘ullangan qalam ahllari ham ko‘p edi. Sirasini aytganda, ularning merosi adabiyotshunoslar e’tiboridan chetda emas. Jumladan, Otajon Hoshimov, Sotti Husayn, Vadud Mahmud kabi olimlarning ilmiy ijodi jamoatchilikka qaytadan tanishtirildi. Biroq hamon nazardan chetda qolib kelayotgan ko‘pgina olimlar, ijodkorlar bor. Shulardan biri Miyon Buzruk Solihovdir.

O‘zbek madaniyati tarixini o‘rganishga munosib hissa qo‘shgan bu zot 1891 yilda Toshkent shahrida Sho‘rtepa1 masjidining imomi Miyon Solih xonadonida dunyoga keldi.

U avval, eski maktabda, 1910-1915 yillarda esa Degrez ko‘chasida joylashgan madrasada tahsil ko‘rdi. Madrasa tahsili jarayonida diniy bilimlar bilan birga arab, fors tillarini puxta egallashga harakat qildi.

Ko‘pchilik o‘zbek jadid ziyolilari kabi 1917 yil voqealari Miyon Buzruk Solihov ongida ham o‘zgarish yasadi. U mana shu yildan e’tiboran qizg‘in kechayotgan ijtimoiy-siyosiy voqealarga aralasha boshladi. Tez orada Turkiston milliy ozodlik harakatining faol a’zolaridan biriga aylandi. Ma’lumki, 1917 yil 14 martda Toshkentda Abdulvohidqori Abduraufqori o‘g‘li, Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘li va Ubaydulla Xo‘jayevlar boshchiligida “Sho‘roi islomiya” tashkiloti tuziladi. Ushbu tashkilot ishlarida Miyon Buzruk ham faol ishtirok etadi. Shu yilning 6 avgustida Toshkent shahar dumasiga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Bu saylovda “Sho‘roi islomiya” tashkiloti ko‘rsatgan nomzodlardan o‘n bittasi g‘olib chiqadi. Ana shular orasida Miyon Buzruk Solihov ham bor edi. U shahar dumasi bolsheviklar tomonidan tarqatib yuborilgunga qadar (1917 yil, dekabr) “Sho‘roi islomiya”dan saylangan vakil o‘laroq duma ishlariga qatnashadi. 1917 yil yozida Bokudan “Musovat” partiyasining faol a’zosi Muhammad Amin Afandizoda Toshkentga keladi va mahalliy ziyolilar orasida “Ittihod va taraqqiy” tashkilotini tuzishga boshchilik qiladi. Yangi tuzilgan tashkilotga Munavvarqori Abdurashidxonov rais, Ubaydulla Xo‘jayev hamda Miyon Buzruklar muovin etib saylanadilar. Yana shu yilning 12-14 iyul kunlari Farg‘ona shahrida musulmon tashkilotlari qurultoyi bo‘lib o‘tadi. Uning ishida ham Miyon Buzruk “Sho‘roi islomiya” vakili sifatida qatnashadi. Bu qurultoyda “Turk adami markaziyati” (Turkiston federalistlari partiyasi) tuzildi. Partiya hujjatlarini tayyorlashda bir qator musulmon qonunshunoslari bilan birgalikda Miyon Buzruk Solihov ham ishtirok etdi.

Ma’lumki, 1917 yil 26-28 noyabrda Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan musulmonlarning to‘rtinchi o‘lka qurultoyi Turkiston muxtoriyatini e’lon qildi. Aytish mumkinki, bu jadidlar va qolaversa, barcha turkistonliklar ko‘nglidagi orzu-istaklarning ifodasi edi. Biroq bu yangilik hukmron siyosiy kuchga aylanib borayotgan bolsheviklarni quvontirmadi. Ular o‘lkaning turli shaharlarida muxtoriyat tarafdorlariga qarshi fitnalar uyushtirishga kirishdilar. Jumladan, Toshkent shahrida ham shahar dumasini zo‘ravonlik bilan tarqatib yubordilar. 1917 yil 6 dekabrda shahar dumasining tarqatilishi va shaharda rekvizitsiya o‘tkazilishi munosabati bilan bir guruh faollar Ko‘kaldosh madrasasi oldida bolsheviklarga qarshi namoyish uyushtirishdi. Bolsheviklarning tiyiqsiz xatti-harakatlari dumadagi “Ulamo”lardan tortib rus, yahudiy va sotsial-revolyutsioner va sotsial-demokratlarga qadar birlashtirgan edi. Ular hammasi Turkiston muxtoriyati e’lon qilinganligini tabrikladilar. Ushbu namoyishni tashkil etgan va yig‘ilgan omma oldida nutq so‘zlaganlardan biri Miyon Buzruk Solihov edi.

Oradan ko‘p o‘tmay (1918 yil 19-22 fevral) Muxtoriyat shafqatsizlarcha tugatildi. Uning fojiali taqdiri esa milliy ozodlik harakati faollari uchun og‘ir zarba bo‘ldi.

Muxtoriyat yo‘q etilgan va istiqlol kurashchilari faoliyatiga keskin qarshiliklar ko‘rsatilayotgan bo‘lsa-da, ular o‘z faoliyatlarini mumkin qadar davom ettirishga harakat qildilar. Jumladan, Miyon Buzruk Solihov ham 1918 yilda tashkil etilgan “Izhor ul-haq” jurnalida turkum diniy-ijtimoiy-siyosiy ruhdagi maqolalari bilan ishtirok etdi. Ma’lumki, bu jurnal “Fuqaho” jamiyatining ommaviy nashri bo‘lib, uning mas’ul muharriri mashhur aksilinqilobchi Mulla Sadriddinxo‘ja muftiy ibni Sharifxo‘ja eshon bo‘lgan. “Fuqaho” jamiyati diniy-siyosiy tashkilot bo‘lib, ta’sischilari bo‘lmish musulmon qonunshunoslari bilan Toshkentdagi bolsheviklar hokimiyati o‘rtasida ziddiyat mavjud edi.

Miyon Buzruk Solihovning bu paytda jamiyatni diniy yo‘l bilan isloh qilish kerak, degan fikrda ekanligini “Izhor ul-haq” jurnalidagi turkum maqolalari mazmunidan anglash mumkin. Masalan, u “Iyqoz” deb nomlangan maqolasida islom dini o‘z vaqtida inqirozga yuz tutgan jamiyat hayotini qutqarish uchun yuborilgan din bo‘lib, XX asr boshlarida ham u tanazzulga yuz tutgan Turkiston musulmonlari hayotini yaxshilash uchun birdan-bir vosita ekanligini ta’kidlaydi. Uningcha, bu muqaddas ishni amalga oshirishda ulamolar islohchilik rolini o‘ynashlari kerak. Ular faqat o‘z nafslari ketidan quvmasdan xalq orasida otashin nutqlar (amri ma’ruf, va’z)lar qilishlari va g‘aflatda yotgan mo‘min-musulmonlarni uyg‘otishlari darkor. Bu ulamolarning jamiyat oldidagi sharafli vazifalari hisoblanadi. Muallif Turkiston ulamolari bu mas’uliyatli vazifani ado eta olmayotganligidan kuyunib, tanazzul ildizlarini shundan qidiradi. O‘zga millatlarga qaram bo‘lib qolishning asosiy sabablaridan biri mana shudir, deb ta’kidlaydi u.

Miyon Buzruk xuddi shu fikrini “Ad-dinu an-nasiha” maqolasida ham davom ettirib, mo‘min-musulmonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashda va’z va nasihatning roli katta ekanligini aytadi. Bu “Ad-dinu an-nasiha” (“Din nasihatdir”) hadisining maqola sarlavhasiga chiqarilganligidan ham ko‘rinib turadi.

Ma’lumki, XX asr boshlarida Turkiston musulmonlarining ozodlik uchun olib borgan kurashlari tarqoq ahvolda edi. Ular har xil guruhlarga bo‘linib ish ko‘rishar, qolaversa, shu bilan ham cheklanib qolmasdan o‘zaro qattiq nizo va adovatlar iskanjasida edilar. Miyon Buzruk musulmonlarning bunday ayanchli ahvollaridan iztirobga tushib, o‘sha paytdagi ulamolar orasida paydo bo‘lgan “Attafaqal muslimuna alo an-lo yattafiqu” (“Musulmonlar ittifoq bo‘lmaslikka ittifoq bo‘ldilar”) qabilidagi kinoya bilan aytilgan bir iborani olib, shu nomda maqola yozadi.

Bulardan tashqari Miyon Buzrukning ushbu jurnalda “Talon va g‘orat zarari”, “Bahoiylar harakati”, “Asafnok holat” nomli maqolalari ham bosildi. Ulardan birinchisida mo‘min-musulmonlar turmushida bir-birlarining mol-mulklarini talon-toroj etishdek manfur ish qoralansa, ikkinchisida XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Eronda paydo bo‘lgan “Bahoiylar harakati”ning Toshkentga ham yetib kelganligi haqida gapirilib, uning musulmonlar turmushi uchun naqadar zararli ekanligi haqida so‘zlanadi. Uchinchi maqola “Asafnok holat”da esa inqilob yillari (1917-1918)da Turkistonda turli urushlar sababli yuz bergan ocharchilik, qahatchilik kabi kulfatlarning avj olganligi natijasida turli afsuslanarli voqea-hodisalar yuzaga kelayotganligi tilga olinadi. Jumladan, Toshkentda o‘lkaning turli burchaklaridan non izlab kelgan butun-butun oilalar saroy va choyxonalarda bir necha xoin va firibgar odamlar tarafidan xuddi moldek sotilayotganligi, bu esa shariat qonunlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi, bu qabih ish bilan shug‘ullanayotganlarga jazo berish lozimligi uqtiriladi va boshiga kulfat tushgan bechoralarga yordam berish o‘sha paytda ish boshida bo‘lgan turli “jamiyat” vakillarining vazifalari ekanligi aytiladi. Ko‘rinadiki, Miyon Buzruk inqilobgacha va undan keyin o‘tgan bir necha yillar davomida islohchi ulamolar tarafdori bo‘lgan va o‘zi ham bu sohada faoliyat olib borgan.

Muxtoriyat tugatilgach, Turkiston milliy-ozodlik harakati yo‘lboshchilari o‘lkani ijtimoiy-siyosiy jihatdan boshqarish ishlaridan qo‘pol suratda chetlashtirildi. Bolsheviklarning bunday adolatsiz muomalasi, tabiiyki, jadidlarning kayfiyatiga yomon ta’sir ko‘rsatdi. Shundan keyin ular kurashning boshqa xil yo‘llarini tanlashga majbur bo‘lishdi. Bu – bolsheviklarga qurolli qarshilik ko‘rsatish yo‘li edi. Buning uchun ular chet mamlakatlardan moliyaviy va harbiy yordam olishdan umid qiladilar. Shu maqsadda Toshkentda faoliyat olib borayotgan “Milliy ittihod” tashkiloti rahbarlari Miyon Buzrukni Afg‘oniston hukumatiga vakil qilib yuborishga qaror qilishadi. Bu haqda Miyon Buzruk Solihovning o‘zi hibsga olingandan keyin 1937 yil 29 noyabr kuni tergov savollariga javob berayotib shunday degan: “…1920 yil avgust oyida men “Milliy ittihod” tashkiloti tomonidan tashkilotni faol qo‘llab-quvvatlayotgan Afg‘oniston hukumati bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida Afg‘onistonga yuborildim”. Keyinchalik, 1930 yilda, Munavvarqori o‘zining bolsheviklar zindonida yozgan “Xotiralar”ida shunday deydi: “Miyon Buzruk ham chetga ketish taraddudi bilan bo‘lib, tashkilot ishidan bir oz chetda bo‘lgan. Ammo tashkilot qanday topshiriq bergan bo‘lsa, bajarib turgani esimda bor”.

Xuddi shu o‘rinda Miyon Buzruk Solihovning ijtimoiy-siyosiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan bir anglashilmovchilikka oydinlik kiritish zarur. Bunga ko‘ra, Miyon Buzruk Solihov go‘yoki 1919 yilda Rossiyaning Afg‘onistondagi elchisiga o‘rinbosar va Turkiston o‘lkasining Bosh konsuli vazifalarini ado etish uchun ketayotgan Abdulla Avloniy bilan birgalikda Afg‘onistonga borgan va bir necha vaqt u yerdagi ma’muriy idorada shoir Muhammadsharif So‘fizoda bilan birga xizmat qilgan. Biroq keyinchalik topilgan dalil va hujjatlar buning aksini ko‘rsatmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, u Afg‘onistonga 1919 yilda A. Avloniy bilan birga ma’muriy idorada xizmat qilish uchun emas, balki “Milliy ittihod” tashkiloti rahbarlari tomonidan Afg‘oniston hukumatidan bolsheviklarga qarshi kurashish uchun ko‘mak olish maqsadida vakil o‘laroq yuborilgan ekan. Afg‘oniston hududiga esa o‘sha paytda Turkiyadan kelib, Turkiston ozodlik harakatida ishtirok etayotgan Jamol posho (turk generali) hamrohligida 1920 yil avgust oyi oxirlarida o‘tgan. Bu haqda Mo‘minjon Muhammadjon o‘g‘li (Toshqin) o‘zining “Turmush urinishlari” nomli xotira kitobida quyidagicha yozadi: “Qish o‘tib, yoz o‘tib, kuzga yaqin Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘ja o‘g‘lining qo‘l ostidagi ko‘p kishilar Xiva shahriga hukumat tomonidan yuboriladigan bo‘ldilar. Ularning ichida men ham bor edim. 1920 yil 27 avgustda o‘zimizga berilgan maxsus uchinchi klass o‘taravaga tushib, 28 avgustda jo‘nab ketdik. 29 avgust ertalab soat to‘rtlarda Samarqand vokzaliga yetdik. Shul choqda biz bilan Buxoro amiri orasida urush boshlanib qolganligi sababli Samarqand stantsiyasidan amr berib turgan shtab boshlig‘i Frunze bizning jo‘nashimizga ruxsat bermadi. 31 avgustda turkiyalik Jamol posho o‘ziga qarashli bir qancha askariy kishilar va yerli xalqlar bilan Samarqand stantsiyasiga kelib qoldi. Afg‘onistonga borar ekan. Yerlilar orasida Miyon Buzrukxon, Abduljabbor hojilar ham bor edi”.

Shundan keyin Miyon Buzruk Solihovning Afg‘onistonga yetib kelganligi haqidagi ma’lumotni 20-yillarda Germaniyada o‘qib kelgan va 1930 yil 25 aprelda OGPU tomonidan qamoqqa olingan Abdulvahhob Murodiyning 1930 yil 2 iyulda o‘tkazilgan tergov savollariga bergan javobidan bilish mumkin. Jumladan, u tergovda shunday deydi: “…1919 yilda Turk harbiy asirlari bilan O‘zbekistondan jo‘nab ketdim. O‘zbekistondan jo‘nab ketishga birinchidan, Turkiyada ma’lumot olish ishtiyoqi bo‘lsa, boshqa sababi Haydar Shavqiy bilan kelishmovchiligimiz bo‘ldi. Biz to‘g‘ri Turkiyaga qarab yo‘l oldik. Yo‘lda adashib qoldik va Afg‘oniston hududiga o‘tishga majbur bo‘ldik. Afg‘onlar bizni Mozori Sharifda uch oy ushlab, Kobulga jo‘natdilar. Bu yerda 1919 yildan to 1920 yilgacha qiyin ahvolda yashadik. 1920 yilda Afg‘onistonga Jamol posho va Miyon Buzruklar kelishdi. Miyon Buzruk norasmiy tashkilot tomonidan Jamol poshoga hamroh sifatida jo‘natilgan edi”.

Qahramonimizning Afg‘onistondagi hayotiga doir ma’lumotlarni M.B.Solihovning jinoyat ishiga tirkalgan tergov hujjatlaridan olish mumkin. Jumladan, u 1938 yil 16 aprelda bergan qo‘shimcha ko‘rsatmalarida o‘zining afg‘onistondalik davri va u yerdan Hindiston hududiga o‘tishi bilan bog‘liq voqealar haqida ma’lumot beradi. Shundan keyin u Afg‘onistondan Turkiyaga keladi va 1927 yilda Sovet Ittifoqiga qaytguniga qadar o‘sha yerda bo‘ladi.

Miyon Buzruk Solihovning turkiyadalik davri haqidagi ma’lumotlar juda kam. Biroq shu narsa aniqki, Miyon Buzruk u yerda dastlab bolsheviklar tazyiqidan qochib, Turkiyadan boshpana topgan turkistonlik siyosiy muhojirlarga qo‘shilgan va ular bilan o‘z faoliyatini davom ettirgan. Buni tasdiqlaydigan ma’lumotni Zaki Validiy To‘g‘onning “Xotiralar” kitobida aks ettirilgan bir lavhadan bilishimiz mumkin. U 1925 yil 20 mayda Yevropadan Turkiyaning Istanbul shahriga kelishi haqida shunday yozadi: “…20 mayda chorshanba kuni kechasi Istanbulga yetib keldik. Bizga kafolat kerak bo‘lib qoldi. Bu masala hal bo‘lgungacha Bek o‘g‘li politsiya idorasida kuzatish ostida turdik. Hali ham hayot bo‘lgan do‘stimiz Yoqub Apanay va Muhammad Amin Rasulzoda, Turkistondan kelgan do‘stlarimiz Usmon Xo‘ja bilan Miyon Buzruk kafil bo‘lib, bizni politsiyachilar qo‘lidan qutqardilar”.

1925 yilga kelib SSSR va Turkiya o‘rtasida ilmiy aloqalar vujudga keladi. Shu munosabat bilan sovet olimlari ilmiy- tadqiqot olib borish maqsadida Turkiyaga ham borib-kelib turadilar. Ular bu yerdagi kutubxonalarda saqlanayotgan yozma madaniy yodgorliklar bilan tanishib, O‘rta Osiyo tarixiga oid bo‘lgan asarlarni qidirib topar edilar. Xuddi shu yildan e’tiboran sharqshunos A.N.Samoylovich bir necha marotaba Turkiyada bo‘ladi. Mana shunday safarlaridan birida u Miyon Buzruk bilan tanishadi. Tanishish asnosida Miyon Buzrukning ilmiy salohiyatga egaligini payqagan A.N.Samoylovich uni ilmiy hamkorlik qilishga taklif etadi. Natijada, Miyon Buzruk Istanbul shahridagi Nuri Usmoniya kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozmalarni o‘rganishga kirishadi va O‘rta Osiyo tarixiga oid asarlardan bir nechtasini topishga muvaffaq bo‘ladi. Shulardan eng muhimi “Mehmonnomayi Buxoro” asari Istanbul nusxasining topilishi va bu haqda ilmiy jamoatchilikka ma’lum qilinishi edi. Miyon Buzrukning bu muvaffaqiyati o‘sha davr ilm olamida katta qiziqishlarga sabab bo‘lgan. Buni akademik V.V.Bartold e’tirofidan ham bilish mumkin. U 1926 yil yanvar-fevral oylarida Turkiyada safarda bo‘lib qaytganidan keyin, SSSR Fanlar akademiyasi qoshidagi Sharqshunoslar kollegiyasi majlisida o‘qigan “Turkiya safari to‘g‘risidagi ma’ruza”sida bu topilmani alohida qayd qilib o‘tgan edi.

Bizningcha, A.N.Samoylovich Miyon Buzruk bilan faqat ilmiy hamkorlik qilish uchungina aloqa o‘rnatmagan, balki mana shu yo‘llar bilan uni vatani Toshkentga qaytarishni ham o‘z oldiga maqsad qilib olgan. Bunday deyishimizga sabab A.N.Samoylovichning davlat idoralari bilan yaqin aloqada bo‘lganligidir. Aftidan, A.N.Samoylovich o‘sha yillarda davlat idoralarining topshirig‘i bilan xorijiy mamlakatlarda yurgan siyosiy muhojirlarni SSSRga qaytarish bilan shug‘ullangan. Chunki bu muhojirlar o‘sha davrlarda siyosiy tanglik holatida bo‘lgan sovet hukumatiga qarshi chet ellarda turli markazlar tuzishlari va shu yo‘l bilan unga xavf tug‘dirishlari mumkin edi. Bunday sharoitda hukumat vakillarining tug‘ilayotgan ushbu xavf oldini olish maqsadida ularni iloji boricha vatanlariga qaytarishga harakat qilishlari tabiiydir. Buning isbotini A.N.Samoylovichning Turkiyada o‘sha yillari Zaki Validiy bilan uchrashganligi va uni ham fuqaroligini almashtirmaslikka hamda Sovet Ittifoqiga qaytishga qilgan da’vatlarida ko‘rish mumkin.

Shunday qilib, Miyon Buzruk A.N.Samoylovichning maslahati va yordami bilan 1927 yilning yozida Odessa orqali qonuniy tarzda Toshkentga qaytib keladi. Faqat vatanga bu qaytish ba’zi bir shartlar evaziga bo‘lgan edi, deyish mumkin. Unga ko‘ra, Miyon Buzruk NKVD tarkibidagi Davlat xavfsizlik boshqarmasi (UGB) bilan aloqada bo‘lib turadigan agentga aylanishi lozim edi. Xuddi shunday bo‘ladi ham. Unga bu idorada “Maxoriy” taxallusi beriladi. Uning qaysi yo‘l bilan 1921 yilda Turkiyaga borishi va alaloqibat u yerda qanday qilib siyosiy idora tomonidan yollangani haqida u 1937 yil 7 avgustda hibsga olingandan keyin 1938 yil 25 mayda O‘zSSR UGB NKVD 3-bo‘lim boshlig‘i Davlat xavfsizligi leytenanti Zaturanskiy tomonidan yorliq qismida o‘ta maxfiyligi qayd etilib, jinoyat ishi materiallari orasiga tirkalgan O‘zSSR UGB NKVD 3-bo‘lim sobiq agenti “Maxoriy” (Solihov Miyon Buzruk) nomiga yozilgan tavsifnomada shu so‘zlarni o‘qiymiz: “1921 yilda aksilinqilobiy “Milliy ittihod” tashkiloti topshirig‘iga binoan Solihov Afg‘oniston orqali Turkiyaga chiqib ketgan va u yerda muhojirlarning milliy aksilinqilobiy Istanbul markazi rahbarlari Usmon Xo‘ja hamda Zaki Validiylar bilan bog‘langan. Keyinchalik esa organlarimizning xorijda ish olib boradigan xodimlari tomonidan yollangan, 1927 yilda esa legal tarzda Sovet Ittifoqiga qaytib kelgan”.

Yuqorida keltirganimiz Miyon Buzruk Solihov nomiga yozilgan tavsifnomada unga nisbatan “sobiq agent” iborasi ishlatilayapti. Darhaqiqat, maxfiy idora xodimlari uchun Miyon Buzruk 1930 yildan keyin “sobiq agent”ga aylangan edi. Bu haqda tavsifnoma davomida quyidagilarni o‘qiymiz: “1930 yilda fosh etilgan aksilinqilobiy “Milliy istiqlol” tashkiloti (Munavvarqori guruhi va Botu guruhi) yo‘q etilgandan so‘ng, 1930 yilda “Maxoriy” agent sifatida o‘zining oldingi ahamiyatini yo‘qotdi”.

Yuqorida keltirilgan bu misollardan shunday xulosalar chiqarishimiz mumkin. Demak, Miyon Buzruk Turkiyada yashagan paytida unga professor A.N.Samoylovich maxfiy xizmat xodimlarining “Agar Miyon Buzruk Toshkentga qaytsa, gunohi kechiriladi va o‘z vatanida bexavotir yashaydi”, qabilidagi va’dalarini yetkazgan. Aftidan, o‘z ona yurtida tinchgina ilm-fan bilan shug‘ullanib yurishdan umidvor bo‘lgan Miyon Buzruk bu va’dalarga ishongan. Bu o‘rinda A.N.Samoylovichdek ma’rifatli kishini ayblash ham unchalik to‘g‘ri emas. Bunday deyishimizga sabab, bu ish xayrli bo‘lishiga u ham ishongan. Nazarimizda, A.N.Samoylovich ham hukumatga, ham o‘zga yurtlarda sarson-sargardon yurgan ziyolilarga yaxshilik qilaman deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. Lekin vaqti kelib, bu ishlar teskari tus oladi. Miyon Buzruk qamoqqa olinadi va otib tashlanadi. Nafaqat Miyon Buzruk, balki qaysidir ma’noda shu tuzum egalariga xizmat qilgan A.N.Samoylovichning o‘zi ham qurbonlardan biriga aylanadi. Bu haqda Z.Validiy “Xotiralar”ida yozadi: “Kim biladi, Samoylovich ayg‘oqchi bo‘lmagandir, bolsheviklar keyinchalik uning o‘zini ham o‘ldirdilar-ku, axir”. Ha, va’daga vafoli bo‘lish har qanday jinoyat qilishga tayyor turgan bolsheviklarga xos emas edi. Shundan bo‘lsa kerakki, Miyon Buzruk Turkiyadan qaytib kelgan dastlabki yillardayoq Munavvarqori Abdurashidxonovga xorijdan qaytganidan pushaymonligini bildirgan. Bu haqda Munavvarqori shunday yozadi: “Men afg‘on konsuli G‘ulom Jayloniy oldiga borganim va u bilan o‘zimning Afg‘onistonga ketishim haqida gaplashganimni Miyon Buzruk Solihovga aytgan edim. Miyon O‘zbekistonga qaytib kelganidan afsuslanib gapirdi va imkoniyat bo‘lsa yana Afg‘onistonga o‘tib ketish xohishi borligini aytdi”. Lekin na Munavvarqoriga, na Miyon Buzrukka va na ularning boshqa biror maslakdoshiga bolsheviklar qo‘lidan qochib qutulib ketish nasib etdi. Bolsheviklar qo‘lida nohaq qurbon bo‘lish ularning peshanasiga yozilgan edi.

Bu gaplarni hozircha shu joyda to‘xtatib, yana Miyon Buzrukning Turkiyadan kelishi voqeasiga qaytsak. Miyon Buzruk Toshkentga kelganida otasi vafot etgan (1924), oila a’zolari (onasi Hoji Oyim, xotini Karimaxon va o‘g‘li Mazhar Solihov) esa Sho‘rtepadagi hovlida yashayotgan edilar.

Kelganiga ko‘p bo‘lmasidan u SAGUning Sharq fakultetiga ishga kirib, talabalarga o‘zbek tili va adabiyotidan dars bera boshlaydi. U universitetda o‘qituvchilik qilish bilan birga ilmiy-ijodiy ishlarga ham beriladi. Uning “O‘zbek tarixiga oid to‘rt muhim kitob” deb nomlangan maqolasi “Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnalining 1927 yil sentyabr-oktyabr sonida bosilib chiqadi.

Uning ilmiy faoliyati, asosan, 1927-1937 yillarga to‘g‘ri keladi. Miyon Buzruk Solihov bu qisqa muddat ichida tinimsiz mehnat qilib, o‘nlab asarlar yaratishga ulgurdi. U adabiyot, teatr san’ati, folklor va o‘zbek tili muammolariga bag‘ishlangan “Bedil” (1928), “O‘zbek” (1928), “Adabiy til va istiloh” (1929), “Mehrobdan chayon” (1929), “O‘rta Osiyo va o‘zbek adabiyotiga umumiy qarash” (1930), “O‘zbek adabiyotida millatchilik ko‘rinishlari” (1933), “Maqbaralar diniy ekspluatatsiya quroli” (1934), “So‘fizoda va uning ijodi haqida” (1934), “Ijodiy yo‘limiz haqida” (1934), “Oktyabrgacha bo‘lgan o‘zbek folklori” (1935), “O‘zbek teatri tarixi uchun materiallar” (1935) kabi o‘nlab asarlarni e’lon qildi. Bu asarlarning ko‘pchiligi o‘z davrida ham, hozir ham ilmiy qimmatini yo‘qotmagan.

Miyon Buzruk Solihov ijodida o‘zbek mumtoz adabiyotini tadqiq etishga bag‘ishlangan asarlar muhim o‘rin egallaydi. Xususan, olimning “O‘rta Osiyo va o‘zbek adabiyoti tarixiga umumiy qarash” nomli kitobi diqqatga sazovordir. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu asarni o‘zbek mumtoz adabiyoti tarixini o‘zida mujassam etgan muxtasar qo‘llanma, deyish mumkin. Unda o‘zbek yozma adabiyotining XII asrdan to XX asrgacha (jadid adabiyoti boshlangunga qadar) bo‘lgan davri muhim muammolar asosida qiziqarli va ilmiy tarzda hikoya qilingan. Masalan, u o‘zbek mumtoz adabiyotini “xavos” (“elita”) va “avom” (“ommaviy”) qismlarga ajratadi va shu nuqtai nazardan o‘ziga xos usulda tahlil qiladi.

Miyon Buzruk Solihov o‘z tadqiqotlarida jadid adabiyoti haqida ham keng to‘xtaladi. U “O‘zbek teatri tarixi uchun materiallar” kitobida jadid teatri bilan bog‘liq masalalarni chuqur tadqiq etgan. Bu kitob jadidchilik, uning adabiyoti, teatriga qiziqish tobora ortayotgan hozirgi kunda asosiy manbalardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.

Turkiston muxtoriyati yo‘q qilinganidan keyin o‘lkada ijtimoiy-siyosiy ahvol murakkab tus oldi. Bu esa turli mushkulliklar ichida yashayotgan mahalliy ziyolilar sharoitini yanada chigallashtirib yubordi. Ularning kelajak hayot haqidagi orzu-umidlari kun sayin sarobga aylanib, ruhlarida allaqanday tushkun kayfiyat paydo bo‘la boshlagan edi. Mana shunday kayfiyat ularning 20-yillardagi ijodida o‘z aksini topgan. Miyon Buzruk Solihov keyinchalik yozgan “O‘zbek adabiyotida millatchilik ko‘rinishlari” kitobida o‘sha yillarda yaratilgan asarlarni ijtimoiy-psixologik jihatdan tahlil qilishga urinadi. Biroq ushbu tahlil o‘sha davr talabiga ko‘ra vulgar-sotsiologik yo‘nalishda bo‘lib, unda Fitrat va Cho‘lpon singari adiblar ijodi mafkura nuqtai nazaridan tanqid ostiga olingan. Miyon Buzruk ijodidagi bu manfiy jihat boshqa asarlarida ham uchraydi. Lekin bugungi kunda bu kamchilikni “printsipial” masala deb emas, balki erkin ijod bo‘g‘ilgan sharoitda qo‘llanilgan “taktika” sifatida qarash to‘g‘ri bo‘ladi.

Miyon Buzruk Solihov badiiy tarjima bilan ham shug‘ullangan. Jumladan, u Sadriddin Ayniyning “Doxunda” romanini tojikchadan o‘zbek tiliga tarjima qilib, 1932 yilda “O‘zdavnashr”da chop ettiradi.

Miyon Buzruk Solihov ilmiy asarlarining aksar qismini Madaniy qurilish ilmiy-tekshirish instituti (1934 yildan esa A.S.Pushkin nomidagi Til va adabiyot instituti)da ishlab turgan vaqtida yaratgan. O‘sha paytda bu institut ilg‘or fikrli o‘zbek ziyolilarining ilmiy maskanlaridan biriga aylangan edi. Bu yerda Fitrat, Otajon Hoshimov, G‘ozi Olim Yunusov, Elbek, Qayum Ramazonov, Hodi Zarif, Safo Zufariy, Olim Sharafiddinov kabi taniqli ijodkorlar til, adabiyot va folklor sohasida tadqiqotlar olib borishar edi. Bu olimlar Sovet hukumatining g‘ayrimilliy siyosati avj olgan bir sharoitda, turli qiyinchiliklarga qaramasdan, o‘zbek tili va adabiyoti ravnaqini ko‘zlab ijod etdilar. Hukumat idoralari ularni bir daqiqa ham o‘z holiga qo‘ygan emas. Ularning yurish-turishi, ijodi doimo nazorat ostida bo‘lgan. Shuningdek, ular o‘rtasida turli ixtiloflarni keltirib chiqarish ham mustabid hukumat vakillarining asosiy vazifasi edi. Shundan bo‘lsa kerak, bu yillar matbuot sahifalarida mahalliy olim va yozuvchilarning bir-birlarini ayblab, maqolalar yozishlari, ayniqsa avj olgan. O‘z vaqtida Miyon Buzruk Solihov ham bunday vulgar tanqidchilik zarbalaridan chetda qolgan emas. Bu yillarda uning ham asarlarini keskin tanqid qilib yozilgan maqolalar matbuot sahifalarida ko‘plab bosilgan. Shunday tanqidiy chiqishlardan biri I.Ahmedov, Yu.Sultonov, Z.Tojiyevlar tomonidan yozilgan “Shubhali tortiq” maqolasi bo‘lib, u “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1935 yil 29 iyul sonida bosilgan. Maqolada Miyon Buzruk Solihovning “O‘zbek teatri tarixi uchun materiallar” kitobi jiddiy tanqid qilingan. Unda aytilishicha, Miyon Buzruk Solihov bu asarda, ataylab, jadid dramaturgiyasini tadqiq etgan va bu bilan jadidlarni xalq ko‘ziga o‘lka hayotida inqilobiy rol o‘ynagan yaxshi kishilar qilib ko‘rsatishga uringan.

Ayn (Olim Sharafiddinov) tomonidan yozilgan yana bir maqola ham shu “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1936 yil 6 iyun sonida “Bir reaktsion nazariya to‘g‘risida” sarlavhasi ostida bosilib chiqadi. Bu maqolaning maqsadi ham Miyon Buzruk Solihovni mafkuraviy jihatdan tanqid qilish edi. Maqolada, asosan, Miyon Buzruk Solihovning Samarqand yozuvchilar tashkiloti majlislaridan birida so‘zlagan nutqi tanqid ostiga olingan. Jumladan, Miyon Buzruk Solihov o‘z nutqida yuqori saviyali ommabop badiiy asarlar yaratilmayotganligining sabablaridan biri shoirlarning o‘zbek milliy musiqasi hisoblanmish “Shashmaqom” ruhini bilmasliklarida ekanligini ta’kidlagan. Ayn esa Miyon Buzruk Solihovning bu fikriga qarshi chiqib, uni proletar adabiyotining ijodiy yo‘li sotsialistik realizm metodini inkor qilib, o‘zbek yozuvchilarini chalg‘itayotganlikda ayblagan.

Bulardan tashqari, Hamid Olimjon ham “Adabiyotimizning tikka ko‘tarilish davrida” (1934), “Jadid adabiyotining sinfiy mohiyati masalasiga doir” (1935), “Fosh qilish emas, xaspo‘shlash” (1934) kabi bir necha maqolalarida Miyon Buzrukni qattiq tanqid qiladi. Xususan, Uyg‘un bilan hammualliflikda yozilgan “Fosh qilish emas, xaspo‘shlash” maqolasida Miyon Buzrukning “O‘zbek adabiyotida millatchilik ko‘rinishlari” kitobi tahlil qilinib, bu kitobda 20-yillarda millatchilik kayfiyati bilan ijod qilgan shoir va yozuvchilarning “qilmishlari” “fosh qilish” emas, “xaspo‘shlash” yo‘lidan borilgan, degan xulosa chiqariladi.

Ko‘rinadiki, Miyon Buzruk Solihov ham 1937 yildagi stalincha qatag‘on qurboni bo‘lgan ko‘pgina o‘zbek ziyolilari qatorida ilgaridan nishonga olingan edi.

Olim 1931 yildan Toshkentda yangi ochilgan Tojikiston Davlat maorif institutida tojik tili va adabiyoti o‘qituvchisi, 1932 yil 1 sentyabrdan esa Madaniy qurilish ilmiy-tekshirish instituti (NIIKS)da katta ilmiy xodim bo‘lib ishlash bilan birga Toshkent Davlat pedagogika institutida o‘qituvchilik qila boshlaydi. U o‘zining pedagogik faoliyati davomida turli o‘quv yurtlarida Izzat Sulton, Hamid Sulaymon, Imomxon Husanxo‘jayev, Mumtoz Muhammedov, Shuhrat kabi bo‘lajak ijodkorlarga o‘zbek va sharq adabiyoti tarixidan ma’ruzalar o‘qiydi. Fitrat, O.Hoshimov, Ye.D.Polivanov, Ye.E.Bertels, A.A.Semyonov, A.N.Samoylovich, V.V.Bartold, G‘ozi Olim Yunusov, Safo Zufariy, Abdulla Avloniy, Sadriddin Ayniy, Qayum Ramazonov, Shorasul Zunnun, L.Sotserdotova kabi olim va yozuvchilar bilan hamkorlikda ishlaydi.

“1930-1936 yillarda uning Qashqar mahallasidagi hovlisi hujralaridan birida Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon”, “Obid ketmon” kabi asarlarini rus tiliga o‘girgan tarjimon L.Sotserdotova yashagan va Miyon Buzruk Solihov bilan yaqin ijodiy hamkorlikda bo‘lgan”.

Miyon Buzruk Solihov 1936-37 yillarda avval Samarqand universitetiga, u yerdan Buxoro Davlat pedagogika institutiga dars berish uchun yuboriladi.

Oradan bir yil o‘tib, 1937 yilning yozida Buxoro pedagogika institutida ishlab turgan Miyon Buzruk Solihov mehnat ta’tilni o‘tkazish uchun oilasi turgan Toshkentga qaytadi. Olim mana shu ta’tildalik paytida, aniqrog‘i, 7 avgustda NKVD xodimlari tomonidan hibsga olinadi.

Miyon Buzruk hibsga olingan paytda Toshkent qishloq xo‘jaligini irrigatsiyalashtirish institutining to‘rtinchi bosqich tolibi bo‘lgan o‘g‘li Mazhar Solihov o‘quv praktikasini o‘tash uchun Urganch shahriga yuborilgan edi. U uch-to‘rt oydan keyin qaytib kelganida otasi bilan birga onasi Karimaxon va 9 yashar singlisi Nuriyaxonni ham qamoqxonaga olib ketishgan ekan. Taniqli adabiyotshunos olim Naim Karimov maqolasida yozilishicha: “…1937 yil 23 noyabrda tuzilgan ayblov xulosasiga ko‘ra, Karima Solihovaning ishi sobiq markazga – NKVD huzuridagi Maxsus Kengash ixtiyoriga yuboriladi. Maxsus Kengash oradan 15 oy o‘tgandan keyingina uning hech bir aybi yo‘q ekanini tan olib, 1939 yil 5 fevralda ozod etadi”. Qamoqxonadan bolalar uyiga jo‘natilgan Nuriyaxonga esa akasi Mazhar Solihovdan “sovet ruhida tarbiyalayman” degan tilxatni yozdirib olishgandan keyin oilasiga qaytishiga ruxsat berishadi. Mazhar Solihovning o‘zi esa “xalq dushmani”ning o‘g‘li sifatida talabalik safidan chiqariladi.

Miyon Buzruk hibsga olinganidan bir necha kun o‘tib, “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1937 yil 18 avgust sonida Ulug‘ Tursun tomonidan yozilgan “Til-adabiyot sohasidagi ziyonchilik” nomli maqola bosilib chiqadi. Bu maqolada asosan Otajon Hoshim va u rahbarlik qilgan A.S.Pushkin nomidagi Til va adabiyot institutida ilmiy faoliyat olib borgan bir qator olimlar mafkura tomonidan qoralanib, xalq dushmanlari sifatida tanqid qilingan. Maqolada Miyon Buzrukning ham nomi tilga olinadi. Unda o‘qiymiz: “U (Otajon Hoshim – A.B.) adabiyot sohasida marksizm ta’limotiga qarshi o‘zining buzuq fikrlarini ham, millatchi Fitrat, Miyon Buzruk va xalq dushmanlari G‘ozi Olim, Qayum Ramazon, Safo Zufariy kabilarning ham ziyonchiliklarini fosh qilmadi. Aksincha, u sovet til-adabiyotiga qarshi millatchilarning iflos ishlariga keng yo‘l qo‘yib keldi. G‘ozi Olim, Miyon Buzruk va boshqalarning millatchilik, panturkistlik ruhi bilan sug‘orilgan asarlarini bostirib keldi”.

Miyon Buzruk Solihov hibsga olingandan keyin unga “Oktyabr inqilobidan keyin yashirin milliy aksilinqilobiy “Ittihod va taraqqiy”, “Milliy ittihod” va “Milliy istiqlol” tashkilotlarining rahbarlaridan biri bo‘lganlik, o‘z ishini ushbu tashkilotlarning yo‘lboshchilari Munavvarqori Abdurashidxonov, Zaki Validiy, Sadriddinxon Sharipovlar bilan birgalikda olib borgan”lik ayblari qo‘yiladi. O‘ziga qo‘yilgan bu ayblarni Miyon Buzruk qisman tan olgan. Unga yana 1930 yildan keyin sovet hukumatiga qarshi faoliyat olib borganlik bo‘yicha bir qator ayblar qo‘yilganki, Miyon Buzruk ularni tan olishdan bosh tortgan. Bu ayblardan biriga ko‘ra, u “Yozuvchi Hoji Muin Shukrullayev orqali Angliyaning O‘zbekistondagi ayg‘oqchisi Said Afandi bilan tanishgan va josuslik ishiga yollangan. Ikkinchi bir aybga ko‘ra esa, Miyon Buzruk Munavvarqori o‘limidan so‘ng O‘zbekiston ichkarisidagi milliy aksilinqilobiy tashkilot rahbarligini o‘z zimmasiga olgan. Yuqoridagi ayblardan kelib chiqib, sudda unga “burjua millatchisi”, “Angliya josusi”, “aksilinqilobiy tashkilotlar yo‘lboshchisi” kabi ayblar qo‘yiladi va o‘lim jazosiga hukm etiladi. Hukm 1938 yil 17 dekabrda ijro etiladi.

1957 yilda qatag‘on qurboni bo‘lgan ko‘pgina o‘zbek ziyolilari qatorida Miyon Buzruk Solihov ham oqlandi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 11-son