Alinazar Egamnazarov. Surgun yoki 30-yillar boshidagi quloqlashtirish qurbonlari (1997)

ASTRAXANDAN KELGAN MAKTUB

«Millatim o‘zbek. Astraxan shahrida yashayman. Yoshim 61 da. Taxminan 1935 yilda Ukrainaning Kaxovka shahridagi bolalar uyiga kelib qolganman. Bu yerda o‘zbek bolalari tarbiyalanishar, bizga O‘zbekistondan o‘z ona tilimizda darsliklar kelib turardi. Ikki nafar o‘zbek muallimi bizga dars berardi. Urush boshlangach, yuzga yaqin bolani Astraxan shahriga ko‘chirib ketishdi. Kichik yoshdagilarni esa kemada Kaspiy dengizi orqali Krasnovodsk shahriga jo‘natishdi. Urush tugadi. Bizlar Astraxanda qolib ketdik. Esimni taniganimdan beri menga bir savol tinchlik bermaydi: Qanday qilib bundan 60 yil muqaddam o‘zbek bolalarining butun boshli koloniyasi Ukraina cho‘llariga kelib qolgan? Mening ham O‘zbekistonda qarindosh-urug‘larim bormi? Qanday qilib ularni topsam bo‘ladi? Menga yordam beringlar, aziz yurtdoshlar!

Sizlarga salom bilan: ALIShER ShODMONOV.

Manzilim: 414016. Astraxan shahri, Vodnikov ko‘chasi, 13-uy, 7-xonadon».

«Pravda Vostoka» gazetasi, 12.1X.1984 y.

Menga «Pravda Vostoka»ning ushbu maktub bosilgan sonini qonunsiz siyosiy qatag‘on qurbonlari uyushmasi respublika hay’atining a’zosi, mehnat faxriysi, bolaligi Ukrainada o‘tgan Sobir Mo‘minov ko‘rsatdi.

Bu maktub shaxsan men uchun yangilik emas edi. Sababi, men bunga qadar ham taqdir taqozosi bilan 30-yillarda quloq qilingan ota-onalari bilan Ukrainaga borib qolgan, o‘sha yerda yetim bo‘lib, bolalar uyida o‘sgan, urush boshlangach yoki keyinroq katta qiyinchiliklar bilan O‘zbekistonga qaytgan bir necha kishi bilan suhbatlashgan edim. Bunday kishilar Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi o‘zim tug‘ilib-o‘sgan Xonobod qishlog‘ida ham bor edi. Alisher Shodmonovning maktubi o‘shalarning hikoyalarini xotiramga soldi, Vatanimiz tarixining 30-yillardagi ana shu eng fojeali sahifalari haqidagi o‘y-mulohazalarimni qog‘ozga tushirishga undadi.

1917 yil oktyabrda Sankt-Peterburgda bolsheviklar uyushtirgan davlat to‘ntarishida atigi to‘qqiz kishi halok bo‘lgan. Shundan keyin o‘n yildan ziyod davom etgan fuqarolar urushida esa millionlab kishilar qurbon bo‘ldi yoki o‘z kindik qonlari tomgan joylarni tark etib, o‘zga yurtlarni vatan qildilar.

Bu xunrezlik Turkiston xalqlariga ham qimmatga tushdi. Hozirgi hisob-kitoblarga qaraganda, o‘n yildan ziyod davom etgan «bosmachilik» harakati davomida o‘lkamizda bir milliondan ortiq aholi qirilgan va chet ellarga ketib qolgan.

20-yillar oxiriga kelib, mamlakatda fuqarolar urushi alangasi qariyb so‘ndi. Xalq tinch yaratuvchilik mehnati bilan shug‘ullana boshladi. Kun kechirish bir-muncha oson bo‘lib qoldi.

Lekin shunda birdan yana vaziyat o‘zgarib, «momaqaldiroq guldirab, chaqmoq chaqdi». Ongli vahshiy — bolshevizm xalqqa yana hamla qildi. 1930 yil 30 yanvarda VKP(b) Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi «Yalpi jamoalashtirish tumanlarida quloq xo‘jaliklarini tugatish to‘g‘risida»gi mash’um qarorini qabul qildi. Bu qarorda shunday ko‘rsatmalar bor edi:

«a) aksilinqilobiy jamoa, terrorchilik harakatlari va sovetlarga qarshi isyonlarning ishtirokchilari hibsga olinsinlar va jinoyatlari uchun sud qilinsinlar;

b) jamoalashtirishga qarshi faol kurashgan yirik quloqlar va sobiq yarim pomeshchiklar yalpi jamoalashtirish tumanlaridan mamlakatning shimoliy tumanlariga va olis tumanlariga badarg‘a qilinsinlar;

v) quloqlarning qolgan qismi jamoa xo‘jaliklari yerlaridan tashqaridagi yangi o‘zlashtirilgan yerlarga ko‘chirilsinlar».

Mazkur qarorda quloq sifatida hibsga olinadigan va badarg‘a qilinadigan kishilar miqdori mamlakat umumiy dehqon xo‘jaliklarining 3-4 foizidan oshmasligi ko‘rsatilgan. O‘zbekistonda esa bu topshiriq ortig‘i bilan bajarildi.

1930 yilda O‘zbekistonda 750 ming dehqon xo‘jaligi bo‘lgan. Shu xo‘jaliklardan 40 mingi (qariyb 6 foizi) quloq sifatida hibsga olinib, sud qilinganlar yoki Ukraina va Shimoliy Kavkazga, O‘rta Osiyoning yangi o‘zlashtirilayotgan cho‘l tumanlariga badarg‘a qilinganlar. Agar o‘ziga to‘q o‘zbek oilalari ko‘p sonli, har biri kamida 8-9 jondan iborat bo‘lganligini e’tiborga olsak, 1930-32 yillardagi quloqlashtirish davrida respublikamizning 350-400 ming aholisi jabr kurgan.

Tumanlarda, qishloq Sovetlarida qishloq xo‘jaligini jamoalashtirish, quloqlarni sinf sifatida tugatish ishlariga aksariyat chalasavod, yuqoridan berilgan topshiriqlarni to‘g‘ri tushunmaydigan, qishloq xo‘jalik arteli Nizomi bilan tanish bo‘lmagan, saviyasi past kishilar rahbarlik qilishgan. Shu boisdan bu sohada qonunga xilof xatti-harakatlar — zo‘ravonlik, zug‘um, o‘ch olishlar, o‘rtahol, hatto kambag‘al dehqonlarni quloqlar ro‘yxatiga tirkab yuborish hollari ko‘p bo‘ldi. Yuqoridan berilgan ko‘rsatma bo‘yicha quloqlashtirish qishloq xo‘jaligini jamoalashtirishning natijasi bo‘lishi, ya’ni avval qishloqning kambag‘al va o‘rtahol dehqonlari ixtiyoriy ravishda jamoa xo‘jaligiga birlashib, keyin quloqlar sinf sifatida tugatilishi, bu masala qishloq Sovetlari qoshidagi kambag‘al dehqonlarning va batraklarning kengashida muhokama qilinishi kerak edi. Joylarda esa bu ko‘rsatmaga xilof ravishda, avval boy dehqonlarni quloqlashtirib, keyin jamoa xo‘jaligini tashkil etish hodisalari ko‘p bo‘ldi. Odamlarga agar kolxozga kirmasangiz hibsga olib, quloq sifatida badarg‘a qilamiz, yerdan, suvdan, g‘alladan, sanoat mollaridan, saylash, saylanish huquqidan mahrum qilamiz, deb do‘q qilib jamoa xo‘jaliklariga zo‘rlik bilan birlashtirish hollari ro‘y berdi.

Bag‘dod tumanida (Farg‘ona okrugi) bir qishloqda dehqonlarni to‘plab, yig‘ilish o‘tkazilib, qishloqda kolxoz tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Dehqonlar kolxozga kirishga unchalik xohishlari yo‘qligini izhor etishgach, ularga javob berib yuborishadi, faqat birini ushlab qolib, uning og‘zidan qishloqdagi barcha dehqonlarning ism-shariflarini yozib, mol-mulklarini ro‘yxatga olishadi, keyin bu qishloqda kolxoz tashkil etildi, deb e’lon qilishadi.

1930 yilda Xorazmda kolxozga kirishdan bosh tortish «sovetlarga qarshi harakat» deb baholanib, odamlarni qamaganlar. 1930 yil 20 martda Xiva qamoqxonasida shunday ayb bilan 1700 kishi yotgan, bularning ko‘pchiligi kambag‘al va o‘rta hol dehqonlar bo‘lishgan.

Odamlarni majburlab kolxozga a’zo qilish, boy dehqonlarning mol-mulkini zo‘ravonlik bilan tortib olish, ayrim joylarda hatto uy parrandalarini ham umumiylashtirishga intilish natijasida dehqon xo‘jaliklarida shaxsiy chorva mollarini ommaviy so‘yish, janubiy viloyatlarda esa, ming-minglab qorako‘l qo‘ylarni chet elga haydab o‘tib ketish hollari ro‘y berdi. Faqat 1930 yilda O‘zbekistonda 60 ming bosh qoramol so‘yib yuborildi.

Quloqlashtirish davrida O‘zbekistonda chorva mollari qanchaga kamayganligi to‘g‘risida aniq statistik ma’lumot yo‘q. Lekin bizga yon qo‘shni bo‘lgan, bizdagidek fojeani boshdan kechirgan Qozog‘istonda bunday ma’lumotlar bor. Masalan, bu respublikada 1928 yilda 6509 ming bosh qoramol bor edi. 1932 yilga kelib 965 ming bosh qoramol qoldi. 1928 yilda 18566 ming bosh qo‘y bor edi, 1932 yilda atigi 1 million 366 ming bosh qo‘y qoldi. Otlar miqdori ham to‘rt baravardan ziyod kamayib ketdi.

Boy xo‘jaliklarga solinadigan soliq miqdorining yil sayin oshirib borilganligi, ularga xo‘jaliklarini yuritish uchun davlat tomonidan moddiy-texnik yordam berilmaganligi, yerlarida odam yollab ishlatish taqiqlanganligi oqibatida ko‘plab yer maydonlari ekilmay qoldi; Bunga mamlakatning Ovro‘pa qismida 1932-33 yillarda bo‘lgan qurg‘oqchilik qo‘shilib, qahatchilikni yuzaga keltirdi.

Dehqonlarni yerida odam yollab ishlatgani uchun ham quloq qilishardi. Vaholanki, bunday jazo chorasi O‘rta Osiyo sharoitiga hech to‘g‘ri kelmas edi. G‘o‘za sermehnat ekin bo‘lganligi uchun, hatto kambag‘al dehqonlar ham dala ishlari avjiga chiqqan paytlarida tashqaridan odam yollab ishlatishgan.

O‘zbekistonda quloqlashtirish, asosan, o‘ziga to‘q, o‘rtahol dehqonlarga qarshi e’lon qilingan urush bo‘ldi, deyish mumkin. Tarix fanlari doktori, professor Rahima Aminovaning ta’kidlashicha, ko‘pgina tumanlarda kimni quloq deb hisoblash to‘g‘risida aniq mezonlar mavjud emas edi. Dindorligi uchun, ma’muriyat faoliyatidan norozi bo‘lganligi uchun quloq qilishar, shaxsiy o‘ch olishardi. Hatto kambag‘allar «quloq» bo‘lib qolmaslik uchun o‘z xo‘jalik faoliyatlarini qisqartirdilar.

Quloqlashtirishda terror usulidan ham foydalanildi. Masalan, Qovunchi tumanida quloqlashtirish mana bunday o‘tkazilgan: qurollangan vakillar qurol:yarog‘li militsiya xodimlari hamrohligida quloq qilinadiganlarning uyiga kirib kelishgan, hamma narsa — moldan tortib pulgacha, kiyim-kechak, idish-tovoq va boshqa narsalar tortib olingan. Ba’zi hollarda, hatto tortib olingan buyumlarning ro‘yxati tuzilmagan. Tuman bo‘yicha jami 600 dehqon xo‘jaligi quloq qilingan. Ularning hammasi tuman militsiya bo‘limiga olib kelingan. Bu yerda ular sakkiz kecha-kunduz qolib ketishgan, qamalganlarning ko‘pchiligi begunoh kishilar bo‘lishgan… Kambag‘allar bilan batraklarning yig‘ilishlari quloqlashtirish tugallangach o‘tkazilgan, ya’ni bu ishni bevosita amalga oshirishi lozim bo‘lgan kishilar voqea ro‘y bergach, xabardor bo‘lishgan.

O‘sha paytda Qibray qishlog‘ida 400 dehqon xo‘jaligi bo‘lgan. Shundan 50 nafari — 12 foizdan ortig‘i quloq qilingan.

«Turkiston» ro‘znomasining 1994 yil 12 fevral sonida jurnalist Haydarali Uzoqovning 1937 yilda qatag‘on qilingan kattaqo‘rg‘onlik shoir Toshpo‘lat Saadiy haqidagi «Barbod bo‘lgan «Ko‘ngil toshqinlari» sarlavhali ocherki e’lon qilingan. Jurnalist shu ocherkiga faktlar to‘plash maqsadida shoir tug‘ilib-o‘sgan Kattaqo‘rg‘ondagi Qattabegimjon qishlog‘iga borib, o‘sha yerlik mo‘ysafidlar — 98 yoshli Ahmad buva Saloyev, 85 yoshli Qosim buva Murodov, 92 yoshli Mullanor buva Mahmudov va boshqalar bilan suhbatlashganida, ular shu yerdagi Miyonkal oroli degan joyda 8 ta tepalik borligini, 1930-32 yillardagi quloqlashtirish davrida shu tepaliklarga Farg‘ona vodiysi, Buxoro, Xorazm kabi viloyatlardan minglab quloqlarni qizil vagonlarga bosib olib kelib, otib tashlaganliklarini aytishdi. Shundan keyin jurnalist bu gap haqiqatga qay darajada mos kelishini aniqlash maqsadida, tepaliklarning uch-to‘rt joyini «Belarus» traktori bilan kavlatib ko‘rdi. Shunda traktor har gal cho‘michini yerga botirganida, unga odam kalla suyaklari, qovurg‘alari, oyoq suyaklari ilinib chiqadi.

Respublikada masjidlarni ommaviy buzish, dindorlarni ta’qib qilish ham shu davrda avjiga chiqdi.

Xalqqa nisbatan qilingan bu zo‘ravonliklar, tabiiyki, kuchli noroziliklarni yuzaga keltirdi. Chustda, Popda, Piskentda, Oyimda, Karmanada boy dehqonlar bilan «qizillar» o‘rtasida ommaviy mushtlashishlar bo‘ldi. Yana «bosmachilik» harakati jonlandi. 1930 yilda davlat xodimlariga qarshi 338 marta terror uyushtirilib, 157 kishi o‘ldirildi.

 

Otam Imomnazar Egamnazar o‘g‘li xotiralaridan:

— Oq podshoning davrida qishlog‘imizda Saidqosim bo‘lis degan odam o‘tgan. Birinchi jahon urushi arafasida nihoyatda boyib ketgan bu odam qishloqning mutlaq hokimi edi. U xohlagan odamini kaltaklatar, xohlagan odamini qishloqdan badarg‘a qildirar, xohlagan odamini pinhona o‘ldirib, yo‘q qildirib yuborardi. Lekin unga hech kim hech narsa deyolmas edi.

Bir kun mo‘ysafidlar qishlog‘imiz guzaridagi masjidda bomdod namozini o‘qib bo‘lib, tashqariga chiqishsa, ularni Saidqosim bo‘lis kutib olibdi.

— Oqsoqollar, bizning hovliga kirib, qaymoq bilan choy ichib ketinglar,— debdi u.

Mo‘ysafidlar rozi bo‘lishib, uning ortidan ergashishibdi. Hovliga kirishsa, supa ustida katta hontaxta, xontaxta ustida xirmon qilib uyilgan pul, pul ustida to‘pponcha turgan emish. Hayotlarida buncha pulni ko‘rmagan odamlar taxtaday qotib qolishibdi. Saidqosim bo‘lis o‘z tengquri va hazilkash oshnasi Yunus ko‘nchiga murojaat qilib debdi:

— Yunus, mana shu to‘pponchani olib, osmonga bir o‘q uzsang, shu pullarning hammasini senga beraman.

Shunda Yunus ko‘nchi:

— Ey, oshna, men bu to‘pponchani qaysi yurak bilan ushlayman? — debdi. Keyin so‘rabdi: — Buncha pulni qayerdan olding, oshna?

— Xudo berdi, — debdi Saidqosim bo‘lis (O‘sha paytda bo‘lis boshlig‘i 75 so‘m maosh olgan — muallif).

Keyin bo‘lis odamlarni ichkariga taklif qilib, qaymoq, issiq non, choy bilan siylab, kuzatib qo‘yibdi.

Shunda otam uyga hayajonlanib kelib: «Voy-bo‘, bu Saidqosim bo‘lis g‘ani bo‘lib, bitib ketgan ekan-ku!» — degan edi.

Saidqosim bo‘lis bu ishni hamqishloqlari oldida maqtanish, «ko‘rib qo‘yinglar mening davlatimni» deyish, ularni o‘ziga yana ham tobe etish uchun qilgandi. Halol mehnat bilan emas, poraxo‘rlik, qaroqchilik qilish yo‘li bilan topilgan bu pullar pirovardida unga yuqmadi…

Qishlog‘imizdan kimki quloq qilinadigan bo‘lsa, mana shu kishini haqiqiy quloq (mushtumzo‘r) deyish mumkin edi. Lekin u juda hushyor, shamol qayoqqa esishini oldindan biladigan odam edi. Inqilobdan so‘ng boy odamlarning davri o‘tganligini bilib, o‘zini-o‘zi «quloq» qildi — uy-joylarini sotib, Toshkentga ko‘chib ketdi, qishloq bilan aloqasini uzdi.

1930 yil yozida qishlog‘imizdan Mahamat karvon, Fozil Qori, Mahamat ko‘sa, Odilboyvachcha, Sodiq oqsoqol, Mulla Nasib, Ahmadjon oqsoqol, Ergashboy degan kishilar, shuningdek, qo‘shni Qo‘shqo‘rg‘on, No‘g‘ayqo‘rg‘on, Oquy, Qorasuv qishloqlaridan ham talaygina kishilar quloq sifatida Ukrainaga badarg‘a qilindilar. Bu kishilarning aksariyati birovga zarari tegmagan, o‘z mehnati, ishbilarmonligi bilan boyigan asl dehqonlar edi.

 

XAYR ENDI…

Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Xonobod qishlog‘ilik urush va mehnat faxriysi Rahimjon Yoqubjonov hikoyasi:

— 1930 yilning yozida Qo‘yliq qishloq Sovetiga qarashli Xonobod, Qo‘shqo‘rg‘on, Qo‘yliq, Oquy qishloqlaridan o‘ziga to‘q, ishbilarmon dehqonlardan 100 nafarga yaqini quloq sifatida Ukrainaga surgun qilindi. Ularning uy-joylari, mol-mulki, yerlari musodara qilinib, kolxoz ixtiyoriga berildi. Quloq qilingan xo‘-jaliklar orasida bizning oilamiz ham bor edn. 1930 yil 20 iyul kuni kechasi uyimizga qishloq Sovetining vakillari NKVD xodimlari hamrohligida kirib kelib, uyimizni tintuv qilishdi va hamma buyumni hovli o‘rtasiga uyib, soqchi qo‘yib ketishdi. Dadamni esa haydab olib chiqib ketib, Toshkent qamoqxonasiga qamashdi.

1 avgust kuni surgun qilingan oilalarga yengilgina ko‘rpa-yostiq, bir sidra ust-bosh berib, ularni Qorasuvdagi yetimxona hovlisiga to‘pladilar (etim bolalar bu paytda yozgi lagerda ekan). O‘sha kuni bu yerda qiyomat qo‘pdi. Kun issiq. Chanqagan bolalar yig‘lab, onalariga yopishadi, chaqaloqlar ham betoqat, ona esa go‘dagiga ko‘kragini tutib: «Bolajonim, ikki kundan beri tuz totiganim yo‘q, senga sut qaydan bo‘lsin! — deb ko‘ziga yosh oladi.

Bir boyning kichik xotini bo‘lgan juvon:

— Men kambag‘al qiziman. Boy zo‘rlab olgan, meni nega qiynaysizlar? — dedi.

Shunda miltiqli soqchi unga o‘shqirdi:

— O‘chir ovozingni, boyning yog‘li palovini yeb, maza qilib yashab, endi undan tonasanmi?

Boshqa bir ayol esa:

— Boy bo‘lsa, qaynotam boy, mening erim ertayu kech ketmon chopib, qo‘sh haydagan, haqiqat qilinglar! — deb yig‘lardi.

Tunda yana ko‘p oilalar keltirildi. Yetimxona hovlisi odamga to‘lib ketdi. Ertasi kuni ayollarni bolalari bilan Tuyasaroydagi (hozirgi Toshkent qog‘oz kombinati o‘rnidagi) omborxonalarga olib borib qamadilar. Ko‘p o‘tmay, soqchilar otalarimizni ham shu yerga haydab kelishdi. Shu yerda o‘n nafardan ortiq chaqaloq ochlik, issiq va tashnalikdan vafot etdi. Onalari jasadlarni ko‘zlarida yosh bilan oq doka ro‘molga o‘rab, dafn etish uchun qarindoshlariga berib yuborishdi. Yetarli odam to‘plangach, hammamizni Toshkent temir yo‘li yuk-tovar bekatiga haydab borib, har o‘n oilani bittadan qizil vagonga joylashtirishdi. 1930 yil 5 avgust soat 4 da vagon eshiklari berkitildi. Parovoz gudok berdi. Poyezd zalvor bilan sharaq-shuruq qilib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Vatanimizdan judo bo‘layotgan bizlar «dod!» deb yig‘ladik. Poyezd Qozog‘iston cho‘llarn tomon yo‘l oldi. Oramizda Rohila xola degan shoirtabiat ayol bor edi, u bayt o‘qib:

Oqar-oqar suvlarim, xayr endi,
Sayragan qush-bulbullar, xayr endi.
So‘lim-so‘lim bog‘larim, xayr endi,
Ona shahrim — Toshkentim, xayr endi, —

deganida vagondagi kattayu kichik uvvos tortib yig‘lab yubordi.

O‘sha paytlarda tez yurar poyezd Toshkentdan Moskvaga besh kunda borardi. Biz tushgan poyezd esa oddiy poyezd edi. Uni raz’ezdlarda chetga chiqarib qo‘yishar, tez-yurar poyezd o‘tib ketganidan keyingina yurishiga ruxsat berilardi.

— Odamlarning ovqatlanishi ham, hojati ham qizil vagon ichida edi. Bu ahvoldan, ayniqsa, ayollar ko‘p jafo chekishdi. Ovqat chelaklarda keltiriladigan karam sho‘rva, qora nondan iborat edi. Ba’zilar bu ovqatda cho‘chqa go‘shti bor deb, uni ichmadilar.

Kun issiq, vagonlar qizib ketdi. Issiqdan lohas bo‘lgan, och qolgan go‘daklar birin-ketin o‘la boshladilar. Poyezd raz’ezdga kelib to‘xtaganda, odamlar matoga o‘ralgan go‘dak jasadini ko‘rsatib, pastga tushishga ruxsat so‘rashardi. Ruxsat tekkach, erkaklar temir yo‘l yaqinidagi qumni qo‘l bilan surib kavlab, go‘dakni ko‘mib, vagonga qaytishardi. Keyin vagonda o‘lganlar ruhiga bag‘ishlab Qur’on tilovat qilinardi. Ertasi kuni yana shu hodisa takrorlanardi.

Bizning vagonda oliy ma’lumotli aka-uka Amirillaxon va Abdulhamidxon Amirsaidovlar bor edi. Olti kundan so‘ng eshelonimiz Penza shahriga yetib kelib to‘xtadi. Kechroq yana yo‘lga tushdik. Shunda Amirillaxon aka: «Janub tomonga ketyapmiz», — dedilar.

Bir necha kundan so‘ng poyezdimiz Xerson shahri temir yo‘li yuk-tovar bekatiga kelib to‘xtadi. Hammaning yuklar bilan poyezddan tushishi haqida buyruq bo‘ldi. Otalarimiz namatga o‘ralib, arqon bilan bog‘langan yuklarni yerga tushirdilar. Tong sahar edi, bir ozdan so‘ng 10-15 oilani bir qilib, kichik kemalarga joylashdi. Ikki soat suzib, okean kemasi yoniga bordik. Hammani shu kemaga joylashtirishdi. Keksalar bizni mazkur kemaga solib, dengiz o‘rtasiga olib borib, cho‘ktirib yuborishsa kerak, degan xayolga borib, kalima keltira boshlashdi. Xayriyatki, unday bo‘lmadi. Kechasi bilan dengizda suzib, ertalab Qora dengiz bo‘yidagi Skadovsk portiga yetib keldik.

Bu yerda O‘zbekistondan kelgan oilalarni 400 tadan ortiq brichka arava kutib turgan edi. Shu aravalarga o‘tirib, belgilangan manzilimizga yetib bordik. Qirqta vagonda borgan o‘zbekistonlik oilalar Xerson viloyatidagi tumanlarga tarqatildi. Qo‘yliq atrofidagi qishloqlardan borganlar Yastreba qishlog‘iga, Qibraydan borganlar Nijegolenkaga joylandi. Boshqalar 11-xutor, 1-baza degan joylarni makon qilishdi.

Biz borgan xutorlardagi ukrain quloqlari Arxangelsk viloyatiga surgun qilingan ekan. Bir xutorda 40 uy bo‘lsa, shundan 15-20 tasiga o‘t qo‘yilgan edi. Yonmay qolganlariga biz joylashdik. Bir oilaga, u necha kishi bo‘lishidan qat’i nazar, bir xona berildi.

Kir yuvib, dam olish uchun bir hafta vaqt ajratildi. Yettinchi kuni otalarimizni Yastreba xutori yonidagi maydonga to‘pladilar. Tuman rahbarlari NKVD xodimlari bilan kelib, majlis o‘tkazishdi.

Raislik qiluvchi:

— Orangizda kim o‘qituvchi? — dedi. Abdulhamid Amirsaidov o‘rnidan turdi:

— Men.

— Siz bolalarni ro‘yxatga olib, maktab ochasiz. Kim buxgalterlik ishini biladi?

Amirillaxon Amirsaidov o‘rnidan turdi:

— Men.

— Siz sovxoz bo‘limi buxgalteri bo‘lasiz.

— Yaxshi.

Shu tarzda Abdusattor To‘raxonov, Usmon Zokirov magazin mudiri, Almat Dadamuhamedov, Mo‘min Yo‘ldoshev pochtachi bo‘ldilar. Boshqalarga ham ish taqsimlandi. Sovxoz paxtachilikka ixtisoslashgan ekan. Mehnatga yaroqli kishilarning asosiy qismi ergadan dalaga chiqib, paxta teradigan bo‘lishdi. Ish ertalab soat 7 dan kech soat bgacha deb belgilandi.

Majlis oxirida harbiy kiyimdagi odam so‘z olib, shunday dedi:

— Sizlarni O‘zbekistondan badarg‘a qilishdi, u yerni unutinglar. Endi sizlarning vataningiz — Ukraina. Umrbod shu yerda yashaysizlar. Sizlarga bu yerdan uzoqqa borish mumkin emas. Mabodo, bozorga bormoqchi bo‘lsanglar, bir kun avval komendaturadan ruxsatnoma olishlaring kerak. Qochmoqchi bo‘lganlar qamaladi.

Hamma bir xo‘rsinib qo‘ydi. Keksalardan biri yonidagi odamga qarab, dedi:

— Bu qanday bedodlik?! Jinoyat qilgan odamni sud qilib, 5-10 yilga qamoq jazosi beradilar. Biz esa hech bir gunohimiz bo‘lmay turib, jannatdek yurtimizdan bir umrga judo bo‘lsak.

Shu bilan majlis tugadi.

Skadovsk dengizga yaqin, buning ustiga yarim cho‘l joy bo‘lganligi uchun qattiq shamol esardi. O‘zbekistondan borganlar esa ancha yupun kiyinishgan edi. Noyabr oyiga borib, qor yog‘ib, qattiq sovuq boshlandi, paxta hosilining bir qismi qor ostida qolib ketdi. Odamlar begona iqlimga ko‘nikolmay, turli kasalliklarga chalina boshladilar. Bundan tashqari, biz turgan joylarda mevali daraxtlar o‘smas edi. Vitamin yetishmasligidan odamlarning milklari, oyoqlari qorayib, shishib keta boshladi. Shunda shifokor har bir oilaga 15 kilogrammdan qizil lavlagi yozib berdi. Sababi, lavlagida mevadagi vitaminlar bo‘lar ekan. Lekin bari bir ahvol og‘ir edi. Odamlar turli kasalliklarga chalinib, o‘la boshladi. Mening ikki singlim ham vafot etdi. Bahorda Skadovsk tuman markazida 130 tarbiyalanuvchisi bo‘lgan yetimxona ochildi. Chalbasda, Kruglyanda, Kaxovkada ham bolalar uylari ochildi. Keyin bu bolalar uylari Novaya Mayachkaga ko‘chirildi. U yerdagi bolalar uyida 500 bola tarbiyalangan. Ayniqsa, 1932-33 yillardagi ocharchilikda ko‘p odam qirildi.

1933 yilda bizga yaqin xutorga joylashgan qozoqlar orasida terlama kasali tarqalib, butun-butun oilalarning yostig‘i qurib, hatto o‘liklarni ko‘mish uchun odam topilmay qolgan.

Men Skadovsk tumanidagi 1-paxtachilik davlat xo‘jaligining IV bo‘limida tashkil etilgan 6-o‘zbek maktabida o‘qiganman. 1937 yilda bu maktabning 7-sinfini bitirganimdan so‘ng, boshqa tengqurlarim qatori menga ham Toshkentga borib o‘qishga ruxsat berishdi.

Menda Ukrainadagi 6-o‘zbek maktabini bitirganimdagi vinetka va Toshkentga borib o‘qishim uchun ruxsatnoma hamon saqlanadi.

 

TOPShIRIQ BO‘YIChA OTUV

30-yillarning boshida O‘zbekistondan Ukrainaga badarg‘a qilingan dehqonlarning deyarli hammasi olamdan o‘tib ketdilar. Hozir faqat ularning farzandlari qolgan. Bu kishilar ham ko‘p emas. Surgun azoblari, qahatchilik, urush davrining qiyinchiliklari ularning bolaligini barbod qilib, ochilmayin so‘ldirdi, ko‘plari dunyodan juda erta ko‘z yumib ketdilar. Hozir hayot bo‘lganlari bilan suhbatlashsangiz, o‘zga yurtda o‘zlariga murabbiylik qilgan — xat-savodlarini chiqargan, hayot sabog‘ini bergan ustozlarini minnatdorchilik bilan eslaydilar. Bular Amirillaxon va Abdulhamid Amirsaidov, Jonti Ismoilov, Xudoybergan Ibrohimov, Ibrohimjon Karimov va boshqalardir.

Abdulhamid Amirsaidov Xerson viloyatining Skadovsk tumani 1-paxtachilik sovxozining VI bo‘limida o‘zbek bolalari uchun 6-to‘liqsiz o‘rta maktabni tashkil etgan.

Jonti Ismoilov va Xudoybergan Ibrohimov Kaxovka tumani Novaya Mayachka qishlog‘idagi bolalar uyi qoshidagi 8-milliy to‘liqsiz o‘rta maktabda o‘qituvchilik qilishgan.

Ibrohimjon Karimov esa Xerson viloyatining Skadovsk, Kaxovka, Golaya Pristan tumanlari bo‘yicha maorif inspektori hamda Kaxovka tumanining Sergeevka qishlog‘idagi o‘rta maktabning direktori bo‘lgan.

Aka-uka Amirsaidovlar Toshkent viloyatining Qorasuv qishlog‘ida (hozir bu yer Toshkent shahriga-qaraydi) o‘ziga to‘q oilada tug‘ilib o‘sishgan. Quloq qilinganlarida aka-ukalarning kattasi 35-36 yoshlarda, kichigi 28-29 yoshlarda bo‘lishgan.

Amirillaxon 1917 yildagi inqilobga qadar rus-tuzem maktabini, keyin gimnaziyani va real bilim yurtini, so‘ngra Moskvadagi moliya institutini (hozirgi Plexanov nomidagi xalq xo‘jaligi instituti) a’lo baholar bilan bitirgan. O‘sha davrda Moskvadagi bu oliy o‘quv yurtini a’lo baholarda bitirgan talabalar Germaniya va Frantsiyadagi akademiyalarga o‘qishga yuborilar edi. Amirillaxon shunday talabalar ro‘yxatiga kiritiladi. Lekin har ikki davlatdan ham bunday taklif kelmaydi: birinchi jahon urushi boshlanib ketadi, undan keyin inqilob bo‘ladi.

Bankir bo‘lishni niyat qilgan Amirillaxon chet elda o‘qish orzusi ushalmaganidan xafa bo‘lib, yurtiga qaytadi. Dastlabki davrda bu yerda ham ishi yurishmaydi. Sababi, Turkistonda hokimiyat bolsheviklar qo‘liga o‘tib, boy zoti borki, uni ta’qib qilish boshlangandi.

Inqilobgacha Rossiya oliy o‘quv yurtlarini bitirganlik haqidagi diplomlarda talabaning avlod-ajdodlari to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot bo‘lardi. Amirillaxon esa ota tomonidan Qo‘qon xoni Xudoyorxonga, ona tomonidan Buxoro amiri Said Olimxonga avlod edi. Shu bois, u bolsheviklar ta’qibidan qo‘rqib, diplomini yoqib yuboradi va Toshkent tibbiyot institutiga kirib o‘qiy boshlaydi. Ammo bu oliy o‘quv yurtini bitirolmaydi, chunki Amirillaxonni Fayzulla Xo‘jayev yaxshi bilardi. O‘zbekiston poytaxti Toshkentga ko‘chib kelgach, uni o‘z sohasi bo‘yicha ishga taklif qiladilar. Amirillaxon Amirsaidov respublika banki boshqaruvchisi bo‘lib ishlay boshlaydi.

Abdulhamid Amirsaidov Toshkentda Munavvar Qori tashkil etgan «Namuna» maktabini bitirgan, Ukrainaga surgun qilinmasdan avval Toshkentdagi maktablardan birida bir necha yil muallim bo‘lib ishlagan malakali pedagog edi.

1930 yildagi quloqlashtirishda Abdulhamidni quloqlar ro‘yxatiga kiritishadi. Akasi uni himoya qiladi. O‘rtada janjalli vaziyat yuzaga kelib, kavla-kavla boshlanadi, aka-ukalarning ikkisi ham quloq qilinadi.

Abdulhamid Amirsaidov Skadovsk tumanining 1-paxtachilik sovxozi IV bo‘limidagi 6-to‘liqsiz o‘rta maktabning tashkilotchisi bo‘ldi.

Maktabda o‘quv ishlari yo‘lga qo‘yilib, bolalar yuqori sinflarga o‘tgach, ularga chet tillardan dars beradigan muallim zarur bo‘ladi. Bu paytda esa muallimlar yetishmas edi. Shunda sovxozda buxgalter bo‘lib ishlayotgan Amirillaxon akali maktabga ishga taklif qilishadi. U nemis tilini yaxshi bilardi. Bundan tashqari, bu odamda tug‘ma pedagoglik qobiliyati ham bor edi.

Amirillaxon aka maktabga kelganidan keyin o‘quv-tarbiya ishlari yanada jonlanib ketadi. U bolalarga chet tili va matematikadan dars bera boshlaydi.

Rahimjon Yoqubjonov bizga Skadovskdagi 6-maktabning 7-sinfini 1937 yilda bitirgan yoshlarning vinetkasini ko‘rsatib, ular haqida gapirib berdi. Aka-uka Amirsaidovlarga shogird bo‘lgan bu yoshlarning deyarli Hammasi oliy ma’lumotli bo‘lib, hayotdan o‘z o‘rinlarini topishgan ekan.

Rahimjon akaning aytishicha, anniqsa, Amirillaxon aka katta bilim va zakovat sohibi bo‘lgan inson edi. Pushkin va Lermontovning butun-butun poemalarnni yod aytib berardi. Afsuski, bu ajoyib insonlarning keyingi hayoti ham achinarli bo‘ldi.

 

* * *

«Trud» gazetasining 1992 yil 4 iyun sonida «Topshiriq bo‘yicha otuv yoki bolsheviklar bu ishni qanday amalga oshirishgan?» sarlavhali katta maqola berilgan. Asosan arxiv hujjatlaridan iborat bo‘lgan bu maqolada sobiq ittifoqda 1937-38 yillardagi stalincha qatag‘on qanday boshlanganligi bayon etilgan. Unda partiya arxividagi po‘lat sandiqda uzoq yillar saqlangan, mutlaqo maxfiy sanalgan quyidagi hujjat bilan tanishish mumkin:

Butunitifoq Kommunistik (bolsheviklar) partiyasi Markaziy Qo‘mitasi № 11 51 94 1937 yil 3 iyul.

O‘rtoq YeJOVga, viloyatqo‘m, o‘lkaqo‘m, Milliy Kompartiyalar Markaziy Komitetlari kotiblariga

Markaziy Qo‘mita Siyosiy byurosi majlisining 1937 yil 2 iyuldagi 61-bayonnomasidan ko‘chirma

QAROR

  1. Sovetlarga qarshi unsurlar to‘g‘risida.

Viloyat, o‘lka qo‘mitalari, milliy Kompartiyalar Markaziy Qo‘mitalari kotiblariga quyidagi telegramma yuborilsin:

«Shu narsa aniqlandiki, o‘z vaqtida turli viloyatlardan shimoliy va Sibir tumanlariga surgun qilingan, keyin surgun vaqti tugagach, o‘z viloyatlariga qaytgan sobiq quloqlar va jinoyatchilarning katta qismi kolxoz va sovxozlarda, transportda va sanoatning ayrim sohalarida sovetlarga qarshi turli xil harakatlar va qo‘poruvchilik ishlarining tashabbuskori bo‘lmoqdalar.

VKP(b) Markaziy Qo‘mitasi barcha viloyat va o‘lka tashkilotlari kotiblariga, NKVDning viloyat, o‘lka va respublika vakillariga vataniga qaytgan barcha quloqlarni va jinoyatchilarni ro‘yxatga olishni, ularning eng dushmanlik kayfiyatida bo‘lganlarini darhol hibsga olib, ishini ma’muriy tartibda uchlik (troyka)da ko‘rib chiqib, otib tashlashni tavsiya etadi, qolgan kam faolroq, lekin dushman unsurlar qayta ro‘yxatdan o‘tkazilib, NKVD ko‘rsatgan tumanlarga surgun qilinsinlar.

VKP(b) MK besh kunlik muddatda Markaziy Qo‘mitaga uchliklar tarkibini, shuningdek, otilishi hamda surgun qilinishi lozim bo‘lgan kishilar ro‘yxatini taqdim etishni taklif qiladi.

MK kotibi STALIN».

Shundan keyin barcha viloyatlar va o‘lkalarda viloyat va o‘lka partiya qo‘mitasi birinchi kotibi, prokuror va NKVD bo‘limi boshlig‘idan iborat uchliklar tuzildi. SSSR ichki ishlar vaziri Yejov maxfiy ravishda har bir respublika, yirik shaharlar va viloyatlarda odamlarni hibsga olib, otish va surgun qilish bo‘yicha reja (raznaryadka) belgiladi. Masalan, shu rejaga binoan, O‘zbekistondan 4750 nafar, Moskva viloyatidan 35000 nafar, Odessadan 4500 nafar, Gruziyadan 5000 nafar kishi otilishi va surgun qilinishi kerak edi. Shunday qilib, yana qama-qama boshlandi.

1937 yilning avgusti ro‘za oyi edi. Xerson viloyatining Yastreba xutorida yashayotgan o‘zbeklar ham ro‘za tutib, shomdan so‘ng xutordagi uylardan birida taroveh namozini o‘qishayotgan edi. Shunda bu uyni NKVD xodimlari o‘rashdi. Namoz o‘qiyotganlarning hammasini tintuv qilishib, qo‘llarini orqalariga bog‘lashib, hibsga olishdi. Bular orasida Amirillaxon va Abdulhamid Amirsaidovar ham bor edi. Ularga: «Sizlar to‘planib, dengiz orqali Turkiyaga qochib o‘tib ketish rejasini tuzyapsizlar», — deb ayb qo‘yishdi. Hibsga olinganlarning bir qismi otildi, aka-uka Amirsaidovlarga esa 10 yildan qamoq jazosi berildi.

O‘sha kunlarda Xerson viloyatidagi o‘rtaosiyoliklar yashayotgan boshqa tumanlar va xutorlarda ham odamlar hibsga olindi.

Aka-uka Amirsaidovlar qamoq jazosini «qo‘ng‘iroqdan-qo‘ng‘iroqqacha» o‘tab, O‘zbekistonga qaytishdi. Amirillaxon aka ancha yillar sobiq Qorasuv tumanidagi Jdanov nomidagi jamoa xo‘jaligida buxgalter yordamchisi bo‘lib ishladi. Abdulhamid aka esa Yangiyo‘ldagi maktablardan birida muallimlik qildi. Amirillaxon aka 1974 yilda, Abdulhamid aka 1992 yilda olamdan o‘tishdi.

Rahimjon aka Yoqubjon bunday deydilar:

— 1992 yil aprel oyida bir kishidan tasodifan Abdulhamid aka qazo qilganligini eshitib qoldim. Qilayotgan ishimni yig‘ishtirib, Yangiyo‘lga — ustozim uyiga bordim. Dafn marosimida qatnashib, marhumni o‘z qo‘lim bilan lahadga qo‘ydim.

Amirillaxon aka bilan Abdulhamid aka men uchun ota-onamday aziz insonlar edilar.

 

Samarqand Davlat universitetining birinchi rektori Karim Abdullayevning «ishi»

Aksilinqilobiy tashkilot a’zosi sifatida 1937 yil 5 avgustda hibsga olinib, qatl etilgan ajoyib insonlardan biri Karim Abdullayev edi. Bu kishining hozir Toshkentdagi «Adolat» nashriyotida muharrir bo‘lib ishlaydigan jiyani Obod Abdullayeva O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasiga yozgan arizasiga 1994 yil 13 oktyabrda quyidagi javobni olgan edi.

«Amakingiz Abdullayev Karim taqdiri xususida yozgan arizangiz bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Abdullayev Karim, 1905 yilda Turkiston shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, hibsga olingunga qadar O‘zbekiston SSR sog‘liqni saqlash xalq komissari, 1937 yil 5 avgustda O‘zbekiyeton SSR ichki ishlar xalq komissarligining Davlat Xavfsizligi boshqarmasi tomonidan hibsga olingan. O‘zbekiston SSR Jinoyat Qodeksining 58, 63, 64 va 67-moddalariga binoan 1932 yildan boshlab Sovetlarga qarshi, burjua-millatchi, isyonchi, aksilinqilobiy tashkilotning faol a’zolaridan bo‘lgan.

SSSR Oliy sudi Harbiy hay’ati sayyor sessiyasining 1938 yil 1 oktyabrdagi hukmi bilan Qarim Abdullayev eng oliy jazo — otib o‘ldirishga hukm qilingan, hukm ijro etilgan.

SSSR Bosh prokurori 1957 yil iyul oyida SSSR Oliy sudiga yuborgan xulosasiga binoan, qo‘shimcha tekshiruvda aniqlanishicha, K. Abdullayev hech qanday jinoyat qilmagan va asossiz jazoga mahkum etilgan.

SSSR Oliy sudi Harbiy hay’ati jinoiy ish materiallari bilan tanishib, SSSR Bosh prokurori xulosalariga qo‘shilib, o‘zining 1957 yil 1 avgustdagi ajrimi bilan SSSR Oliy sudi Harbiy hay’ati 1938 yil 1 avgustda Karim Abdullayevga nisbatan chiqargan hukmni bekor qildi va uning faoliyatida jinoiy harakat yo‘qligi sababli ishini to‘xtatdi.

O‘zbekiston SSR KGBsi 1957 yil 28 oktyabrda Karim Abdullayevning qizi — Mahbuba Abdullayevaga otasi oqlanganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma bergan.

Xalq xavfsizligi xizmatlarida qonunchilikka rioya etilishini nazorat kilish bo‘limi boshlig‘i, katta adliya maslahatchisi. T. V. Deren».

 

Obod Abdullayeva hikoyasi:

— Amakim Karim Abdullayev Chimkent viloyatining Turkiston tumanidagi Qarnoq qishlog‘ida boy oilada tug‘ilgan. U dastlab qishlog‘ida tashkil etilgan birinchi bosqich sho‘ro maktabida o‘qidi. 1922 yilda bu maktabni tamomlagach, bir nechta tengqur, hamqishloqlari bilan Toshkentga kelib, Maorif institutiga kirib o‘qiy boshladi. 1926 yilda institut-ni tamomlagach, Buxoro qishloq xo‘jalik texnikumiga direktor etib, keyin Buxoro okrug maorif mudiri (1927 yil) etib tayinlandi. Karim Abdullayev okrug maorif ishini boshqarish bilan birga, Buxoro Inprosida ijtimoiyot fanidan dars berdi. Inprosda o‘sha yillari atoqli olimimiz, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti Ibrohim Mo‘minov, SSSR xalq artistlari Olim Xo‘jayev, Razzoq Hamroyev o‘qigan.

Karim Abdullayev 1929-30 yillarda Qo‘qon okrug maorif mudirligiga tayinlandi va Marg‘ilon shahar partiya komitetining kotibi bo‘lib ishladi.

O‘sha paytlarda respublikamizda savodsizlikni, madaniy qashshoqlikni tugatish, xalq xo‘jaligiga malakali kadrlar yetkazib berish maqsadida ko‘plab o‘rta va oliy o‘quv yurtlari tashkil etila boshlandi. Shulardan biri 1927 yilda Samarqandda tashkil etilgan Oliy pedagogika institutidir. Bu institut 1930 yilda O‘zbekiston Pedagogika akademiyasiga aylantirildi.

1931 yilda Karim Abdullayev rahbarlik sohasida tajriba to‘plagan va maorif sohasinn yaxshi biladigan xodim sifatida shu akademiyaga direktor etib tayinlanadi.

Bu oliy o‘quv yurtini qisqa vaqtda kerakli jihozlar va o‘quv qo‘llanmalari, kadrlar bilan ta’minlagach, Karim Abdullayev hukumat oldiga akademiyani universitetga aylantirish taklifini qo‘yadi. Bu taklif qo‘llab-quvvatlandi va tez vaqt ichida hukumatning bu haqdagi qarori e’lon qilindi.

Karim Abdullayev Samarqand Davlat universitetining birinchi rektori bo‘ldi. Universitetni malakali kadrlar bilan mustahkamlash, o‘quv anjomlari bilan ta’minlash, yangi binolar qurish yo‘lida tinim bilmay ishladi. Buni quyidagi raqamlardan ham bilish mumkin. 1927 yilda Samarqand pedagogika instituti (keyinchalik Davlat universiteti)da 56 talaba o‘qigan va ularga 10 ilmiy xodim ta’lim bergan bo‘lsa, 1933 yilga kelib talabalar miqdori 922 nafarga yetdi va ularga 173 ilmiy xodim, shu jumladan, 30 professor va 40 dotsent ta’lim berdi.

Dahshatli 1937 yilda Karim Abdullayev O‘zbekiston SSR sog‘liqni saqlash xalq komissari bo‘lib ishlayotgan bo‘lib, ayni chog‘da O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining a’zosi edi. O‘sha paytdagi O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining aksariyat a’zolari qatori Karim Abdullayevni ham 1937 yil 5 avgustda hibsga olnshadi. SSSR Oliy sudi Harbiy hay’atining 1938 yil 1 oktyabridagi hukmida Karim Abdullayev 1932 yildan «Sovetlarga qarshi, burjua-millatchi, isyonkor, aksilinqilobiy tashkilotning faol a’zosi bo‘lgan», deb ayblangan. Amalda bu qabildagi hech qanday tashkilot bo‘lmagan. Sho‘ro hukumatining ma’muriy idoralari o‘sha paytda xalqimizning ozodligi va mustaqilligi uchun faol kurashchi, taniqli davlat va jamoat arbobi Fayzulla Xo‘jayev atrofiga uyushgan, u bilan fikrdosh bo‘lgan, ota-bobosi boy-badavlat o‘tgan kishilarga shunday ayb qo‘ygan.

Aslida esa amakim Karim Abdullayev qonxo‘r kommunistik tuzumning asil xalq farzandlariga nisbatan «avbatdagi hamlasi qurboni bo‘lgan deyilsa, to‘g‘ri bo‘ladi.

 

Otam Imomnazar Egamnazar o‘g‘li xotiralaridan:

— 1937 yilning kuzida bizning qishloqdan quloq sifatida Ukrainaga surgun qilingan Ahmadjon oqsoqolning ukalari Ne’matjon va Hoshimjonni, Sodiqboyvachchaning o‘g‘li Dolimni, Yunus ko‘nchining o‘g‘li Mahmudni va meni hibsga olishdi.

Hammamizni tunda NKVD xodimlari uyimizdan ushlab olib chiqib ketib, qishloq guzariga to‘plashdi, so‘ngra qamoqxonaga haydab ketishdi. Yo‘lda ikki militsioner otda, biz piyoda borayotgandik. Qorasuvga yetmasdan baland temir yo‘l ko‘prigidan o‘tib borayotganimizda men o‘zimni ko‘prikdan tashlab qochdim. Militsionerlar ortimdan o‘q uzishdi, lekin tegmadi. Qochib qutulishga ulgurdim. Shundan keyin yashirinib yurdim. Ora-sira tunda qishloqqa kelib, bolalarni ko‘rib ketardim. Ammo kimdir bu ishimni sezgan, shekilli, yetti oydan keyin qo‘lga tushdim.

Menga bobosi boy bo‘lgan degan aybnoma qo‘yishdi. Qishlog‘imizdagi M. degan kishi guvoh bo‘ldi. M.: «Bu odam yakkaxo‘jalik davrida meni yerida yollab ishlatib, ezgan, so‘kkan», — deb da’vo ham qildi.

Dastlab kaminani yosh bir o‘zbek yigit tergov qildi. U menga nisbatan juda qo‘pol muomalada bo‘lgani ustiga, bayonnomaga g‘irt tuhmat gaplarni yozdi. «Shuni tasdiqlayman» deb imzo chekishga majbur etganida ayyorlik qildim. Tergov protokoli ostiga arab imlosida: «Bu yerda yozilgan gaplarning hammasi yolg‘on», deb yozib, imzo chekdim. Tergovchi arab yozuvini bilmas ekan. Ishini bitgan hisoblab, meni kameraga jo‘natishga ruxsat berdi.

Kamerada qamalmasidan oldin prokuror bo‘lib ishlagan, ancha aqlli kishi bilan yonma-yon yotardim. Shu odamga bo‘lgan voqeani aytdim. U kishi: «Meni boshqa tergovchi tergov qilsin, deb talab qiling», — dedi. Keyin so‘radi:

— Jamoalashtirish davrida qishloq Sovetining ishida qatnashganmisiz?

— Qatnashganman.

— Qishlog‘ingizdan quloq qilinganlar orasida sizga guvoh bo‘layotgan kishining biron-bir qarindoshi bormi?

— Bor. Tog‘asi Fozil Qori quloq qilingan, hozir u Ukrainada.

— Yaxshi! Mana shu hodisa sizni qutqarishi mumkin… Yana bir savol: Bobongizning boy bo‘lgani rostmi?

— Rost. Lekin men u kishini bilmayman. Otam bobom vafot etganidan keyin kambag‘allashib qolgan. Faqat biz, farzandlari voyaga yetgach, qattiq mehnat bilan o‘rtahol xo‘jalikka aylanganmiz.

— Yangi tergovchi so‘roq qilganida bu haqda batafsil gapiring. Keyin aytingki, M. dindor, bid’atga berilgan, sinfiy dushmanning jiyani bo‘ladi. Men bu odamning tog‘asi Fozil Qorini quloq qildirganman, hozir u Ukrainada. Shuning uchun bu mendan o‘ch olyapti.

Talabimga binoan meni boshqa bir o‘ris tergovchi tergov qildi. U so‘roq qilganida prokuror o‘rgatgan gaplarni aytdim. Shunda M.ning rangi oqarib, tizzalari qaltirab, duduqlanib qoldi.

Tergovchi dedi:

— Yakkaxo‘jalik davrida M.ni ezib ishlatgan, so‘kkan ekansiz-ku?!

— Ishlatganim rost, lekin tekinga emas, haq to‘lab ishlatganman. Dalada ish ko‘payganida faqat men emas, ko‘pchilik dehqonlar odam yollab ishlatishgan. Bu odamni so‘kkanimdan ham tonmayman. Hozir ham qo‘l ostimda ishlaydi, hozir ham so‘kaman. Sababi, dangasa, qattiqroq turmasangiz, tutning soyasida yotib uxlaydi…

Besh oy hibsda yotganimdan so‘ng sud meni oqladi.

 

* * *

Otam shu voqeani qayta-qayta hikoya qilar ekanlar, «baxtli tasodif» tufayli o‘zlarining omon qolganlarini ta’kidlardilar. Lekin, menimcha, bu hodisaning boshqa sababi bor.

1937 yil avgust oyida butun mamlakatda yana qatag‘on boshlandi. Ming-minglab kishilar hibsga olinib, otib tashlandi yoki 8-10 yil qamoq jazosi berilib, Sibirdagi qamoq lagerlariga surgun qilindi. Shunda Stalin tarix oldida aybdor bo‘lib qolmaslik, o‘zini oqlash maqsadida Yejovni hibsga oldirib, ottirib yubordi. Gruziyada odamlarni qamash rejasini ortig‘i bilan bajargan Beriyani SSSR ichki ishlar vaziri etib tayinladi. Beriya esa mamlakat jamoatchiligiga o‘zini ko‘rsatish, obro‘ orttirish maqsadida, dastlabki davrda Yejov faoliyatiga tanqidiy qaraydi. «Bu ahvolda butun mamlakat aholisini qamab yuboramiz-ku?!» deb hibsga olingan, lekin sud qilinmagan kishilarning ishini qaytadan ko‘rish to‘g‘risida ko‘rsatma beradi. Shundan keyin anchagina qishilar qamoqdan ozod etiladilar.

Otamning oqlanishiga mana shu qisqa muddatli «yumshash davri» sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak.

Tarixda mashhur iboralar bo‘ladi. Jumladan, yurtimizning sovet davri tarixida «oq gvardiyachi», «bosmachi», «staxanovchi», «xalq dushmani», «o‘zbek ishi», «paxta ishi» kabilarni ana shunday iboralar sirasiga kiritish mumkin.

1937 yilda «xalq dushmani» iborasi qayerdan paydo bo‘lgan? Bundan atigi yetti yil burun «sinfiy dushman» bo‘lgan kishilar qanday qilib «xalq dushmani»ga aylanib qoldilar. Nega ularni eski nomlari bilan atashmagan?

Amerikalik sovetshunos Sheyli Fitspatrikning yozishicha, 1936 yilda qabul qilingan Konstntutsiyada sinfiy dushman ustidan («Voprosы istorii» jurnali, 1989 yil, № 3) g‘alaba qozonilganligi haqida so‘z yuritilib, endilikda sovet jamiyati ikkita o‘zaro do‘st sinfdan — ishchilar sinfi va kolxozchi dehqonlar sinfidan iborat, ular ziyolilar tabaqasi bilan mustahkam ittifoqdadirlar, deb ta’kidlangan edi. 30-yillarning o‘rtasiga kelib, odamlarni oshkora sinfiy kamsitish to‘xtagandi. I. Stalin «Komsomolskaya pravda» gazetasi muxbiri bilan suhbatida (1935 yil, 2 dekabr) ota-onasi quloq bo‘lgan kombaynchi-staxanovchini qo‘llab-quvvatlab: «O‘g‘il ota uchun javob bermaydi», — degan edi. Bunday sharoitda 1937 yilda odamlarni «sinfiy dushman» deb qamash biron-bir mantiqqa mos kelmasdi.

 

Ko‘pga cho‘zilmagan quvonch

Ukrainaga «ma’muriy yo‘l bilan ko‘chirilgan» dehqon oilalari sobiq SSSR Xalq Komissarlari Sovetining 1941 yil 21 maydagi qarori hamda SSSR Prokuraturasi va NKVDsining 1941 yil 5 iyundagi № 00732 pr. 47 s.p. «G» buyrug‘i bilan surgun qilingan yerlaridan ozod etilganlar.

Bu buyruq e’lon qilinganidan keyin ko‘p o‘tmay, urush boshlanib ketdi. Xerson viloyati rahbarlari O‘rta Osiyodan badarg‘a qilinganlarni to‘plab: «Endi hammangiz yurtingizga qaytib ketasiz», — deyishdi. Bu xabar barchani quvontirdi.

Iyun oyining oxirida badarg‘a qilinganlarning ro‘zg‘or buyumlarini yuzlab aravalarga ortib, Qrim yarim orolining shimolidagi Armyanskaya temir yo‘l bekatiga olib kelishdi. Odamlar ikki kecha shu joyda tunashdi. Uchinchi kuni harbiylar kelib, barcha erkaklarni bir safga tizib, yangi buyruqni o‘qib berishdi. Shunga binoan, harbiy xizmatga yaroqli erkaklar frontga, keksalar front ortidagi ishchi batalonlariga safarbar etilishi, ayollar, bolalar yashagan xutorlariga qaytarilishi kerak edi. Shunday qilib, qahatchilik va qatag‘on tufayli aziyat chekkan oilalarni yana parokanda qilib, tarqatib yuborishdi.

Ko‘p o‘tmay, Ukrainani nemis-fashistlar egallashdi. Endilikda odamlarga NKVD xodimlari o‘rniga nemis politsaylari xo‘jayinlik qila boshlashdi. Ularni erta tongdan kechgacha dalada ishlatib, nemis armiyasining ehtiyoji uchun qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishga majbur qilishdi, ozgina bo‘lsa-da o‘zini mehnatdan olib qochgan, dangasalik qilgan kishilarni shafqatsiz jazolashdi.

 

Novaya Mayachkadagi bolalar uyi

1939 yilning yozida Jonti Ismoilov Toshkentdagi bir yillik o‘qituvchilar tayyorlash kursini bitirish arafasida edi. Shunda bilim yurtiga Ukrainadan Ibrohimjon Karimov degan odam keldi. Bu odam o‘zbekistonlik dehqonlar badarg‘a qilingan Xerson viloyatining Kaxovka, Skadovsk, Golaya Pristan tumanlari bo‘yicha maorif inspektori hamda Kaxovka tumanining Sergeevka qishlog‘idagi o‘rta maktab direktori ekan. U bilim yurtining bitiruvchi yoshlariga murojaat qilib, dedi:

— Men Toshkentga Ukrainadagi o‘zbek maktablarsh uchun o‘qituvchilar olib ketgani keldim. Kim Ukrainaga borib ishlashni istasa, marhamat, yozilsin.

Jami 15 nafar bitiruvchi ro‘yxatga yozildi. Shular qatorida Jonti Ismoilov ham bor edi.

1939 yilning avgust oyida o‘zbekistonlik o‘n besh nafar yigit Ukrainaga yo‘l olishdi. Jonti Ismoilov va uning kursdosh do‘sti Xudoybergan Ibrohimovni Kaxovka tumanining Novaya Mayachka qishlog‘idagi bolalar uyi qoshidagi 8-milliy to‘liqsiz o‘rta maktabga o‘qituvchi qilib tayinlashdi. Jonti Ismoilov 5-7-sinf o‘quvchilariga matematikadan dars bera boshladi, ayni paytda, 4-sinfga rahbarlik qildi. Xudoybergan Ibrohimov esa jug‘rofiyadan dars bera boshladi.

Bolalar uyining direktori Ivan Akimovich Paustnoy, maktab direktori esa boshqird Karim Dachkin edi. U bolalarga o‘zbek tili va adabiyotidan dars berardi. Bundan tashqari, maktabda matematikadan dars beradigan Shukurjon Yoqubov degan muallim ham bor edi.

Maktabda bolalar uyida tarbiyalanadigan, ota-onasi 1933 yildagi qahatchilikda vafot etgan, 1937-38 yillardagi qatag‘onda yo‘q qilingan yoki boshqa bir sabab bilan vafot etgan o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman bolalar (jami 250 nafar) o‘qishardi.

Jonti aka rahbar bo‘lgan 4-sinf o‘quvchilari o‘zlashtirishining pastligi, intizomsizliklari bilan tanilgan ekan. Ular har kuni ikki soat o‘qigach, o‘zlarini derazadan tashlab qochishardi. Sinfda Sobir, Qoraboy degan ikki bola bor edi. Shular sinfning «serkasi» ekan, ular nima desa, bolalar shuni qilisharkan. Jonti aka shu ikki bola bilan til topishishga harakat qildi. Sinfni ikkiga bo‘lib, Sobir bilan Qoraboyni boshliq qilib qo‘ydi. Shundan keyin sinfda tartib-intizom izga tushib, bolalarning o‘qishi yaxshilana boshlandi. Sinf bir yilda maktabdagi ilg‘or sinflardan biriga aylandi. Maktab direktsiyasi Jonti akani soat bilan mukofotladi.

1941 yil iyun oyida bolalar yozgi ta’tilga chiqishdi. Jonti Ismoilov Turkiston shahri yaqinidagi Suvliq qishlog‘ida yashaydigan ota-onasini ko‘rib kelmoqchi bo‘ldi. Shunda bolalar uyi direktori I. A. Paustnoy unga shunday dedi:

— Jonti, sen bu yil uyingga bormagin, yozgi lagerda ishlagin. Nasib qilsa, yanagi yilda birga boramiz. O‘zbekiston haqida ko‘p yaxshi gaplarni eshitganman, bir ko‘rgim bor.

Jonti aka bu taklifga rozi bo‘ldi. 1941 yil iyun oyida Novaya Mayachkadagi bolalar uyining tarbiyalanuvchilari Dneprning so‘l sohilidagi Klyuchevoy posyolkasidagi yozgi pioner lagerida edilar. Urush boshlanishidan uch-to‘rt kun avval bu yerda qattiq do‘l yog‘ib, uzum sho‘ralari va mevali daraxtlarning dovuchchalarini bitta ham qo‘ymay, yer bilan yakson qilib ketdi. Shunda ukrain ayollari: «Bu yaxshilik alomati emas, urush boshlanib ketmasa go‘rga edi. 1914 yildagi urush arafasida ham shunday hodisa yuz bergan edi», deyishdi.

Aytganlariday, 22 iyun tong saharida urush boshlandi. Hademay, bolalar dam olayotgan joydan osmonni to‘ldirib dushman samolyotlari uchib o‘tib, yaqin atrofdagi shaharlar, posyolkalarni bombardimon qila boshladi. Ba’zan ular shu qadar ko‘p uchardiki, bir-birlariga yaqin uchganlaridan osmon ko‘rinmay qolardi. Qunduzi dalada piyoda yurish qiyin bo‘lib qoldi — «Messershmidt»lar pastlab uchib, odamlarni o‘qqa tuta boshladi.

Bolalar yozgi lagerdan Novaya Mayachkadagi bolalar uyiga ko‘chirildi. I. A. Paustnoy harbiy xizmatga safarbar etildi. Uning o‘rniga Marchuk degan yahudiy ayol direktor bo‘lib keldi. Erkaklar kunduzi o‘z ishlari bilan band bo‘lishar, oqshom esa harbiy mashq qilishardi.

Avgust oyida bolalar uyiga qishloq Sovetidan vakil kelib: «Ertaga qishloq Sovetiga boringlar, hamma mudofaa handaqlari qazishga safarbar etiladi», — dedi. Ertasi aytilgan vaqtda qishloq Sovetiga borishdi. U yerda bularga: «Sizlar orqaga qaytinglar, bolalar uyini front ortiga ko‘chirasizlar», — deyishdi. Shundan keyin tarbiyachilar bolalar uyiga qaytib, yo‘lga hozirlik ko‘ra boshlashdi. Qarindoshlari bor bo‘lgan bolalardan 50 nafarini uylariga jo‘natishdi. Hademay aravalar ham yetib keldi. Yuklarni, 180 bolani aravalarga chiqarib, Novaya Oskaniya tomon ketishdi. Karvon oldidagi tachankada direktor yo‘l boshlab bordi, faqat tunda yurishga ruxsat berilgandi. Kunduzi pana joylarda to‘xtab, dam olishardi.

Bir kecha-kunduzda Novaya Oskaniya yaqinidagi qo‘riqxonaga yetib kelishdi. Bolalar shu yerda poyezdga o‘tirishlari kerak edi. Marchuk tachankada temir yo‘l bekati tomon ketib, oradan uch-to‘rt soat o‘tgach, xomush bo‘lib qaytib keldi. Temir yo‘l bekati boshlig‘i: «Men bolalarning bu yerdan poyezdga o‘tirishlariga ruxsat berolmayman, sababi, dushman samolyotlari bekatni tinmay bombardimon qilib turibdi. Sizlar Melitopolga boringlar», — debdi. Melitopolga borish uchun esa yana yuz ki lometrdan ortiq yo‘l yurish kerak edi.

Marchuk yo‘lga tushishga buyruq berdi. Shunda aravakashlar boshlig‘i dedi:

— Biz Melitopolga bormaymiz, orqaga qaytamiz.

— Nima uchun?

— Bizlarga sizlarni Novaya Oskaniya temir yo‘l bekatiga yetkazib qo‘yish buyurilgan. Biz bu topshiriqni bajardik.

— Sizlarga bolalarni poyezdga chiqarib qo‘yish topshirig‘i berilgan. Bolalar esa hali poyezdga o‘tirganlaricha yo‘q.

— Biz Melitopolga bormaymiz. U yerga borsak, orqaga qaytishimiz qiyin bo‘ladi.

— Hozir Novaya Mayachkani dushman egalladi, u yerga borib nima qilasizlar? Nima, fashistlarga qul bo‘lmoqchimisizlar?

— Qul bo‘lsak ham mayli, oilamizni tashlab, o‘zga yurtlarga ketishni istamaymiz.

— Unday bo‘lsa, mayli, ot-aravalarni tashlab, piyoda qaytaveringlar..

— Yo‘q, biz ot-aravalar bilan qaytamiz.

— Biyday cho‘lda biz 180 nafar bolani, yuklarni nima qilamiz?

— Bilmadik.

Shu payt bolalarning baxtiga orqadan Qizil Armiyaning chekinayotgan ar’ergard qismlari yetib kelishdi. Janjalga harbiylar aralashib, tarbiyachilarni yoqlashdi. Shundan keyin ukrain aravakashlarining shashti pasayib, ot-aravalarni qoldirishga rozi bo‘lishdi. Faqat ularga tachankani, bolalar uyiga qarashli sigirlardan ikki-uchtasini, cho‘chqalardan to‘rt-beshtasini berishdi.

O‘sha yili Ukrainada g‘alladan mo‘l hosil yetishtirilgan edi. Mamlakat ichkarisiga chekinayotganlarga esa bir qutidan gugurt berishib: «Qayerda hosili yetilgan g‘allazorni ko‘rsanglar, o‘t qo‘yib ketinglar, bir gramm ham don dushman qo‘liga tushmasin», — deb buyruq berilgan edi. Bolalar uyi tarbiyachilari bu buyruqqa amal qilib, yo‘lda uchragan g‘allazorga o‘t qo‘yib borishdi.

Bir kundan keyin Melitopolga yetib olishdi. Bu yerdagi temir yo‘l vokzali mamlakat ichkarisiga ko‘chirilayotganlarga to‘lib-toshib ketgan edi.

Shu yerda Jonti Ismoilov Ibrohimjon Karimovni uchratib qoladi. Uning yonida oilasi va yana bir oila bor edi. Karimov poyezdga chiqishga qiynalayotganini aytdi. Jonti aka unga yordam bermoqchi bo‘lib: «Poyezdga biz bilan chiqarsiz», — dedi. Ammo Marchukdan ruxsat so‘raganda, u rozi bo‘lmadi. Shundan keyin Jonti aka Karimovga dedi:

— Endi mening sizga yordamim shunday bo‘ladi: Sizga bitta arava, ikkita yaxshi ot beraman, shu ot-arava bilan yo‘lga tushasiz. Xavfsizroq joyga yetib olgach, ot-aravani sotib, pulini yo‘lkira qilib ketasiz.

Bu taklif Karimovga ma’qul bo‘ldi. Jonti aka uni yo‘lga kuzatib qo‘ydi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, u Toshkentga oila a’zolari bilan eson-omon yetib kelibdi.

Bir haftadan so‘ng Melitopol temir yo‘l bekatida bolalar uyi uchun 6 ta vagon ajratishdi. Shu vagonlarga o‘tirib, yo‘lga tushishdi. Poyezd Jitomir tomon yurdi. Oqshom Novaya Sergeevka temir yo‘l bekatiga yetib kelishdi. Shu payt osmonda dushman samolyotlari paydo bo‘lib, temir yo‘l bekatiga bombalar yog‘dira boshladi. Bir bomba bolalar tushgan poyezd bilan yonma-yon turgan yuk poyezdi vagoni ustiga kelib tushdi. Bu vagonga o‘q-dori ortilgan ekan, kuchli portlash ro‘y berib, olov terak baravar balandlikka ko‘tarildi.

Tarbiyachilar bolalarni olib, yaqin joydagi o‘rmonga qochishdi.

Bolalar o‘rmonga kirgach, orqadan bir temiryo‘lchi kelib: «Shu yerda ertalabgacha qimirlamay yotinglar», — dedi.

Bir mahal yomg‘ir savalay boshladi. O‘rmon yaqinida o‘rilib, bog‘-bog‘ qilib qo‘yilgan bug‘doy poyalari bor ekan. Shulardan olib kelib, kapalar qurishdi. Bolalar tong otguncha shu kapalar ichida ayqash-uyqash bo‘lib yotishdi.

Ertalab temir yo‘l bekatiga qaytish haqida buyruq bo‘ldi. Kelib ko‘rishsa, vagonlar o‘qlardan ilma-teshik bo‘lib ketibdi. Yana yo‘lga tushishdi. Ikki kundan so‘ng Rostov-Donga, yana bir kun yo‘l yurgach, Stalingradga yetib kelishdi. Biroq bu shaharda bolalarga joy topib berisholmadi. Keyin Astraxanga borishdi. Bu yerda Volga daryosi Kaspiy dengiziga quyiladigan, ikki tomoni suv bo‘lgan Ikrayano degan xushmanzara joyda 14-bolalar uyini tashkil etishdi.

Ko‘p o‘tmay, Xudoybergan Ibrohimov frontga ketdi. Jonti Ismoilovni bir qo‘li nogiron bo‘lgani uchun frontga olishmadi. U O‘rta Osiyoning turli shahar va qishloqlariga xat yozib, yetim bolalarning qarindosh-urug‘larini qidira boshladi. Shu tarzda bir yilda yigirma sakkiz bolaning qarindoshlarini topdi. Endilikda bu bolalarni o‘z qarindoshlariga olib borib topshirish kerak edi. Jonti akaga yo‘l hozirligini ko‘rishga ruxsat berishdi. 28 bola uchun 20 kilogramm un, 10 kilogramm guruch, 20 kilogramm qand, 2 ming so‘m pul berishdi.

Bolalar uyida Nikolenko degan, nemis tilidan dars beradigan ayol bor edi. U har bir bola hisobiga bittadan aroq olishni maslahat berdi.

— Aroqning nima keragi bor?— dedi Jonti aka hayron bo‘lib.

— Og‘ir sharoitda olis yo‘lga otlanayapsiz, asqatishi mumkin.

Jonti aka Nikolenkoning aytganini qildi. Ular Astraxandan Samaragacha kemada borib, u yog‘iga Toshkentga boradigan poyezdga o‘tirishlari kerak edi. Kemaga o‘tirish uchun daryo portiga kelishganda, radiokarnay orqali e’lon eshittirildi:

— Kuybishevga (Samara) daryo orqali borish xavfli bo‘lganligi uchun bu reys qoldirildi. Shu bois, Kuybishevga boradiganlar pattalarini Bokuga boradigan kemaga almashtirishsin.

Yo‘lovchilar pattalarini Bokuga boradigan kemaga almashtirishdi. Oradan ikki soatcha o‘tgach, «Turkmaniston» harbiy kemasi yo‘lga tushdi. Ikki kunda Bokuga yetib kelishdi. Bu yerdan Krasnovodskka o‘tish kerak edi. Lekin paromga patta olish qiyin bo‘ldi. Shunda Jonti akaga aroq ish berdi.

Kechqurun paromga o‘tirib, ertalab Krasnovodskka yetib kelishdi, Krasnovodsk xudo qarg‘agan joy ekan, bu yerda na bir salqin joy, na bir suv topib bo‘lardi. Temir yo‘l bekati esa frontdan mayib-majruh bo‘lib qaytgan, tug‘ilib-o‘sgan shaharlari, qishloqlarini tashlab, jon saqlash uchun O‘rta Osiyoga yo‘l olgan kishilarga to‘la edi. Mehmonxona u yoqda tursin, dastlabki kuni hatto perrondan ham joy topib bo‘lmadi, faqat ertasi kuni perrondan joy topildi. Toshkentga haftada bir marta poyezd bo‘lar ekan, patta yo‘q edi.

Jonti aka temir yo‘l boshlig‘i qabuliga bordi, lekin uning eshigi berk edi. Uning xonasida qay payt bo‘lishi to‘g‘risida hech kim aniq bir gap aytmadi. Faqat bir yo‘lovchi bekat boshlig‘i restoranda, qaysi stolda o‘tirganligini, afti-angori qanday odamligini aytdi. Jonti aka restoranga kirib, o‘sha odamga yaqinlashdi-da:

— Assalomu alaykum! — dedi.

— Vaalaykum assalom!

— Siz temir yo‘l bekati boshlig‘i Omondurdiyev bo‘lasizmi?

— Yo‘q.

Jonti akaning hafsalasi pir bo‘lib orqasiga qaytdi. Shunda bir odam bekat boshlig‘i o‘z xonasiga orqa derazadan tushib ishlayotganligini aytdi.

Jonti aka bino ortiga o‘tib, boshliq derazasini poyladi. Bir mahal deraza ochilib, ichkaridan restorandagi odam tushdi. Jonti aka hech narsani bilmaganday unga yaqinlashdi.

— Assalomu alaykum!

— Vaalaykum assalom!

— Men o‘ttiz nafar yetim bolani Astraxandan Toshkentga olib ketyapman, patta kerak.

— Patta yo‘q. Biz birinchi navbatda frontdan qaytgan yaradorlarni jo‘natishimiz kerak.

— Bir ilojini qiling, yo‘l uchun olgan oziq-ovqatimiz tugayapti.

— Hech iloji yo‘q.

— Men quruq iltimos qilayotganim yo‘q, sizga atalgan sovg‘am bor.

— Nima sovg‘a ekan?

— To‘rt shisha aroq, bir kilo choy beraman.

— Borib sovg‘angni olib kel.

Jonti aka Bokudan «kerak bo‘lib qolar» deb choy olgan edi. Shu choydan bir kilogramini, to‘rt shisha aroqni karton qog‘ozga chiroyli qilib o‘rab, boshliqning orqa «eshigi»dan uzatdi. U darhol o‘ttizta pattaga qog‘oz qilib berdi.

Jonti aka suyunib, kassaga bordi. Lekin kassir aytgan pulni eshitib, kapalagi uchib ketdi. Yonidagi pul pattaning yarim bahosiga ham yetmas edi.

Jonti akaning boshi qotib, yana orqa eshikdan mo‘ralab, boshliqqa ahvolni tushuntirdi.

— Yordam qiling, jon aka, yana arog‘im bor, beraman.

— Yetimlar orasida turkman bolalar ham bormi?

— Bor.

— O‘shalarni olgin-da, Krasnovodsk viloyati partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Ortiqovning oldiga borgin, u yaxshi odam, yordam qiladi. Faqat bolalarga tayinlab qo‘y, Ortiqovning oldiga kirishganda yig‘layverishsin. Yana adashib, ikkinchi kotib Makarovning oldiga kirib yurmanglar, u yordam qilmaydi.

Jonti aka bolalarni ergashtirib, obkomga bordi. Bir qabulxonada o‘n beshga yaqin odam o‘tirgan ekan, Ortiqovning xonasi shu bo‘lsa kerak, deb bolalar bilan ichkariga tikka kirib ketaverdi. Uzun stol to‘rida semiz, mallasochli kishi o‘tirardi. Jonti aka unga o‘zini tanishtirib, yordam berishni iltimos qildi.

— Yo‘lkiraga berilgan pulni ichib tugatib, endi bizga yalinib keldingmi?! Chiq xonadan, sendaylarga yordam yo‘q!

Jonti aka noiloj orqaga qaytdi. Bo‘lgan voqeani Omondurdiyevga aytgan edi, u:

— Men Makarovning oldiga kirmagin demabmidim, o‘shanga ro‘para bo‘libsan-da, — dedi. Keyin bir oz o‘ylanib turib, qo‘shimcha qildi: — Men Ortiqovga qo‘ng‘iroq qilaman, ertaga qabuliga borasan.

Ortiqov Jonti akani yaxshi kutib oldi. «Evakuatsiya punkti orqali jo‘natilsin», — deb qog‘oz yozib berdi. Shunday qilib, yetim bolalar Toshkentga tekinga ketadigan bo‘lishdi.

Bolalarga yashil, kichkina 208-vagonni berishdi. Shu vagonda yo‘lga tushishdi. Temir yo‘l qatnovi juda tig‘iz edi. Birinchi navbatda frontga yuk olib borayotgan poyezdlarga yo‘l berishardi. Shu boisdan bekat va raz’ezdlarda uzoq vaqt turib qolishardi.

Toshkentga bir haftada yetib kelishdi. Yo‘lda ovqatlari qolmay, Astraxandan olingan aroqning qolgan qismini, Bokudan olingan choyni bekatlarda sovunga, sovunni esa nonga almashtirib, manzilga bir amallab yetib kelishdi.

Toshkentda Jonti aka bolalarni vokzalga qo‘yib, o‘zi respublika Maorif vazirligiga borib, vazir Muhammadjon Yo‘ldoshev bilan uchrashdi. U vazirga Ukrainadan ota-onasi o‘rtaosiyolik bo‘lgan yetim bolalarni olib kelganligini, endilikda bolalarni uy-uyiga yetkazib qo‘yish uchun mablag‘i ham, kuchi ham qolmaganligini aytdi. Vazir rahmat degach, tayinladi: «Bolalarni vokzaldagi evakuatsiya punktiga topshiring-da, mayli, keyin uyingizga boring».

Jonti aka vazir aytganini qildi. 28 nafar boladan faqat bittasini — yetti yoshli Soniya Qozoqovani o‘zi bilan Turkistonga olib ketdi. Jonti aka bu qizning Turkmanistonda yashaydigan akalari bilan bog‘langanida ular: «Siz O‘zbekistonga kelgach, bizga xabar bering, singlimizni borib olib kelamiz», deyishgan edi. Jonti aka Turkistonga borgach, Soniyaning akalariga bir necha marta xat va telegramma yubordi, lekin ulardan darak bo‘lmadi. Shundan keyin bu qizni Jonti akaning akasi Irismat Ismoilov o‘ziga farzand qilib oldi. Qizning ismini Xumor, familiyasini Ismoilova qilib o‘zgartirdi. Voyaga yetgach, turmushga berdi. Hozir Xumor Ismoilova hayot, olti farzandning onasi, Turkiston shahrida, Pionerskaya ko‘chasidagi 35-uyda yashaydi.

Jonti aka urushdan keyingi yillarda Novaya Mayachkadagi bolalar uyida tarbiyalangan bolalarning bir qismini qidirib topib, uchrashdi. Ular hozir yaxshi va yomon kunlarda o‘z ustozlarini yo‘qlab turishadi. Toshkent shahar Yunusobod tumani, Kiyev ko‘chasidagi Jonti aka yashaydigan xonadon bu kishilar uchun qadrdon maskanga aylangan. Bular asakalik Sa’dulla Mirzoidov, toshkentlik Rahimjon Dolimov, chinozlik Nu’mon Hamidov, rigalik Sotqinoy Otaqulova va boshqalardir.

 

Qayerdasiz «Mayachka»liklar?

Sobir Mo‘minov «Pravda Vostoka» gazetasida 1984 yil 1 sentyabrda e’lon qilingan astraxanlik Alisher Shodmonov yozgan maktubni o‘qiganidan keyin xotirjam yurolmadi. Tezlik bilan Alisher Shodmonovga xat yozdi, unda 30-yillarning boshida O‘zbekiston qishloqlaridan Ukrainaga minglab dehqon oilalari farzandlari bilan ko‘chirilganligini, 1933 yildagi ocharchilik davrida, 1937-38 yillardagi qatag‘onda ko‘plab kishilar halok bo‘lib, ularning bolalari yetim qolganligini, o‘zining ham bolaligi Ukrainada o‘tganligini ma’lum qildi. Biroq bu xatiga javob olmadi. Oradan ikki oy o‘tgach, yana xat yozdi. Natijasi bo‘lmadi. Alisher Shodmonovning toshkentlik boshqa bir necha taqdirdoshi ham unga xat yozib, javob olisholmadi.

Sobir Mo‘minov Astraxan shahar ijroiya qo‘mitasiga xat yo‘llab, yurtdoshi Alisher Shodmonovni topishda yordam berishlarini iltimos qildi. Afsuski, bu xati javobsiz qoldi.

Shundan so‘ng Sobir akada 30-yillarda Novaya Mayachka bolalar uyida tarbiyalanganlarni izlab topish istagi paydo bo‘ldi. Uning Alisher Shodmonovga yozgan maktubi «Turkiston» («Yosh leninchi») gazetasining 1990 yil 16 yanvar sonida «O‘zbekistonni sog‘indim» sarlavhasi ostida bosilib chiqdi. Biroq bu maqolaga unchalik aks-sado bo‘lmadi, 1991 yil 24 sentyabrda «O‘zbekiston ovozi» gazetasida «Qayerdasiz taqdirdoshlar?» maqolasi e’lon qilingach esa respublikamiz viloyatlaridan 70dan ortiq maktub oldi. Bu maktub egalarining qariyb hammasi 30-yillar boshida Ukrainaga va Shimoliy Kavkazga ota-onalari bilan surgun qilingan bolalar bo‘lib, ularning orasida Novaya Mayachkadagi bolalar uyida tarbiyalanganlar ham anchagina edi. Ana shulardan biri Toshkent shahar Sag‘bon ko‘chasidagi 11-tor ko‘chaning 3-berk ko‘chasida istiqomat qiluvchi Rahimjon Dolimovdir. Uning o‘z qismati haqidagi quyidagi hikoyasi har qanday yurakni ezib, so‘qir ko‘zdan yosh chiqaradi:

— Keksalarning aytishicha, otam o‘rtahol dehqon bo‘lganlar. Yerlariga paxta ekib, bir qismini qarindoshlarga berar ekanlar. U kishini yerida odam yollab ishlatgan, degan ayb bilan Ukrainaga surgun qilishgan.

Men Ukrainaga ota-onam bilan ketganman, opam va akam Toshkentda qolishgan. 1933 yildagi ocharchilikda ota-onam vafot etishdi. Shundan keyin meni Kaxovkadagi bolalar uyiga topshirishgan. U yerdan Novaya Mayachkaga jo‘natishgan. Urushgacha o‘sha yerda tarbiyalandim.

Urush boshlangach, bolalar uyini mamlakat ichkarisiga evakuatsiya qilishdi. Katta qiyinchiliklar bilan Astraxanga yetib kelib, o‘sha yerdagi bolalar uyiga joylashdik. Oradan sal vaqt o‘tmay, biz, o‘smir bolalarni fabrika-zavod bilim yurtiga o‘qishga olishdi. Uni bitirgach, bizni Shimoliy Uraldagi Berezniki shahriga ishga yuborishdi. U yerda bir zavod qurilishida ishladik. Qish fasli Bereznikida 40-45 darajagacha sovuq bo‘lar ekan, yuz-qo‘llarimni sovuqqa oldirib qo‘ydim.

1944 yilda frontdagi ahvol bir oz o‘nglangach, bizlarga javob berishdi. 1944 yil 6 may kuni Toshkentga keldim. Akam va opam qayerda yashashini bilmas edim, shu bois, uch-to‘rt kun militsiya xonalarida tunadim. Militsiya xodimlaridan biri:

— Otang yashagan mahalladagi biron-bir belgi yodingda qolganmi? — deb so‘radi.

— Mahalla ko‘chasidan chiqaverishda simyog‘ochda radiokarnay bo‘lardi.

Militsiya xodimi meni Qo‘shtut mahallasiga olib bordi. Borsam, simyog‘ochda radiokarnay turibdi. Shu yerda kichkina ariq bor edi, Bir paytlar otam bilan shu ariqdan hatlab o‘tayotganimizda kalishim suvga tushib ketganligini esladim. Uch-to‘rtta hovliga kirib, akamni va opamni surishtirdim. Ayollardan biri Karimberdi akamni tanir ekan. Boshqa bir ayol opamni topib keldi. Akam frontga ketgan ekanlar, qaytib kelmadilar. Men opamning uyida yashay boshladim.

Pochcham zargar ekanlar, meni ham shu hunarga o‘rgatdilar. Zargarlik zavodida ishlab, nafaqaga chiqdim. O‘ch o‘g‘lim, uch qizim, nabiralarim bor. Turmushimdan nolimayman. Biroq ota-onamning xoklari begona yurtda qolib ketdi, ularning qayerga dafn etilganliklarinn dam bilmayman. Shuni o‘ylasam, ich-ichimdan ezilaman.

 

Ergash (Yakov) Mirtursunov hikoyasi (marhum):

— Otam Mirtursun buva, onam Bahri xola, ukalarim Mirjo‘ra, Mirto‘ra va yana bir singlim bilan 6 jonni 1931 yil yozida Qibray qishlog‘idan Ukrainaga surgun qilishgan. 1932-33 yillardagi qahatchilikda ota-onam, ukalarim ochlikdan vafot etdilar, bir o‘zim qoldim. Meni Kaxovkadagi bolalar uyiga yuborishdi, so‘ng 1935 yilda Novaya Mayachkada tashkil etilgan yangi bolalar uyiga ko‘chirishdi.

Urush boshlanganda 16-17 yoshlardagi o‘smir edim. Bolalar uyini mamlakat ichkarisiga ko‘chirishayotganida meni bir ukrain kampir o‘g‘il qilib oldi, Men bu kampirning uyida ikki yil yashadim. 1943 yilda biz turgan joylarni Sovet Armiyasi ozod qilgach, meni harbiy xizmatga chaqirishdi. Ikki yildan so‘ng dushmanga qarshi jang qilib, G‘alabani Berlin yaqinida kutib oldim.

1946 yilda harbiy xizmatdan bo‘shagach, qayerga borishimni bilmay turganimda, toshkentlik quroldoshlarim: «Xersonda nima qilasan? Shuncha yil musofirlikda yashaganing yetar, yur, biz bilan Toshkentga, qarindoshlaringni topib olarsan», — deyishdi.

Shunday qilib, Toshkentga qaytdim. Bir oycha do‘stimnikida yashadim. Bir kuni Qibrayga to‘yga bordik. Qibray nomi xotiramdan ko‘tarilgan ekan. To‘yxonada meni qariyalar o‘rtaga olishib, ota-onamni surishtirishdi. Otamning nomini zo‘rg‘a aytdim, sababi, ruslashib ketgan edim. Qibraylik Abdurasul ota, Tolib otalar: «Bu bola Mirtursun akaning o‘g‘li-ku?» — deyishib, Zamira opamni chaqirtirib kelishdi. (Opam quloqlashtirishdan oldin turmushga chiqib, Qibrayda qolgan ekanlar). To‘yga qiy-chuv, yig‘i-sig‘i ulanib ketdi. Hamma hayron. To‘yning davomi opamnikida bo‘ldi.

Shundan keyin opamnikida yashay boshladim. Keyinchalik uylanib, bola-chaqali bo‘ldim. Hozir «Qibray» sovxozida brigadir bo‘lib ishlayman.

 

Qibraylik Isroil Yunusjonov hikoyasi:

— Bizning oilamizni Ukrainaga surgun qilishganda ikki yashar ekanman. Oilamiz besh jondan iborat edi. Ukrainada Skadovsk tumanining 1-paxtachilik sovxozi IV bo‘limidagi 1-bazada yashaganmiz. Otam 1933 yilda vafot etgach, onam uch farzandini boqishga qiynalgan. Orzu opamni o‘zlari bilan olib qolib, Ismoil akam ikkimizni bolalar uyiga topshirganlar. Urush boshlangach, yana onam bag‘riga qaytdik.

Xutorda biz turgan joylarga fashistlar kelishdi. Dushman qo‘l ostida plugga sigir qo‘shib, yer haydaganmiz (Sovxozdagi hamma otlar mamlakat ichkarisiga haydab ketilgani uchun fashistlar uylardagi sigirlarni pluglarga qo‘shib yer haydashga majbur qilishgan edi). Xutorda erkaklar ham yo‘q, dalada, asosan, ayollar va bolalar ishlashardi.

Bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. Qattiq shamollab, isitmam ko‘tarilib, uyda tancha yonida yotgan edim, kimdir meni chaqirib qoldi. O‘rnimdan arang turib, devorni ushlab ko‘chaga chiqsam, eshik oldida nemis komendanti bilan ukrain politsay turibdi. Mendan ishga chiqmaganligimning sababini surishtirishdi. Men kasalman, isitmam bor dedim. Komendant qo‘li bilan imlab: «Beri kel» — dedi. Yoniga bordim. Shunda u qo‘lidagi rezina tayoq bilan yelkamga shunaqa urdiki, ko‘zimdan olov chiqib ketganday bo‘ldi, gandiraklab borib, uch-to‘rt qadam nariga yiqildim. «Arbayt! Arbayt!» — deb baqirdi fashist. Qarasam, u yana uradigan. Bor kuchimni yig‘ib o‘rnimdan turdim-da, dalaga yugurdim. O‘sha voqeani eslasam, hamon yelkam zirqiraydi.

Xersonni Sovet Armiyasi ozod qilgach, sovxoz qayta tiklandi. Dalada ishlab, bug‘doy ekdik, o‘rib, yanchdik, ularni front ehtiyoji uchun topshirdik. Ukrainadan 1947 yilda Xerson viloyati NKVDsining‘ ruxsatnomasi bilan qaytganmiz.

 

Zangiota tumanidagi «Qorasuv» jamoa xo‘jaligi mehnat faxriysi Tilagan Omonjo‘lov hikoyasi:

— Bizning oilamiz asli Chirchiq shahridagi Niyozbek qishlog‘ida yashagan. Hozirgi «Chirchiqselmash» zavodi o‘rni otam Mo‘ylovboy Omonjo‘lovning yerlari bo‘lgan.

Bizning oilamizni, shuningdek, pochcham Pernavoy Sotilevni 1930 yilda quloq qilib Ukrainaga jo‘natishdi. Biz Xerson viloyatining Skadovsk tumanidagi 1-g‘allachilik sovxozi III bo‘limida yashaganmiz.

Oilamiz yetti jondan iborat edi. To‘rt ukam Ukrainada ochlik va har xil kasalliklarga chalinib, o‘lib ketishdi.

Ukrainaning oddiy mehnatkash xalqi bizlarga yaxshi munosabatda bo‘lishgan. Otamning pochtada ishlaydigan ukrain do‘sti bo‘lardi. U 1937 yilda otamga: «O‘zbekistonlik dehqonlarni qamasharmish, harakatingni qil, — deydi. Shundan so‘ng otam O‘zbekistonga qochdi.

Qama-qama boshlangach, pochcham Pernavoy Sotilevni hibsga olishdi. U Xerson qamoqxonasida vafot etdi. Kim uyida namoz o‘qisa, farzandini sunnat qildirgan bo‘lsa yoki uyida arabcha kitob saqlagan bo‘lsa, hammasini qamashdi.

Eri qamoqda vafot etganidan keyin ko‘p o‘tmay, opam ham kasalga chalinib, vafot etdilar. Ikki jiyanim onamning qo‘lida qoldi. Shundan keyin onam bir o‘zlari uch farzandni boqishga qiynalib, meni Novaya Mayachkadagi bolalar uyiga topshirdilar.

Urush boshlangach, yana onam bag‘riga qaytdim. Bu paytda voyaga yetib, mehnatga yaroqli bo‘lib qolgan edim. 1942 yilda yana baxtsizlik ro‘y berdi — onam vafot etdi. O‘lim to‘shagida yotganlarida meni yonlariga o‘tqazib: «Ikki jiyaningni senga, seni xudoga topshirdim: Endi mahkam bo‘l, urush tugagach, O‘zbeqistonga qaytib, jiyanlaringni amakilari qo‘liga olib borib topshirgin», — dedilar. Men onam aytganiday qildim.

Urushdan so‘ng Toshkentda o‘qib, oliy ma’lumotli pedagog bo‘ldim. Hozir nafaqaxo‘rman, hayotimdan nolimayman.

 

Toshkent aeroporti shichisi Qudratulla Otaxonov hikoyasi (marhum):

— Men Asakada tug‘ilganman. Otamni Otaxon Yamin, onamni Rohila aya deyishgan. Oilamizni Ukrainaga badarg‘a qilishganida 3 yashar bo‘lganman. Otam 1932 yildagi qahatchilikda vafot etganlar. Shu bois, u kishini eslay olmayman. Onamni esa NKVD xodimlari sochidan burab sudrab, uyimizdan olib chiqib ketganlarini elas-elas eslayman. O‘shanda onam oq ko‘ylakda, uzun qora sochlarini ikkita qilib o‘rib olgan edi…

Shundan so‘ng meni Kaxovkadagi bolalar uyiga topshirishgan. U yerdan Novaya Mayachkadagi bolalar uyiga o‘tkazilganman. Astraxanga ko‘chishimiz voqeasini yaxshi eslayman.

1942 yilda qarindoshlarim bylan xat orqali bog‘lanish imkoniyati bo‘lmagach, Jonti Ismoilov meni olib ketmadi. Lekin men asakalik ekanligimni, u yerda qarindoshlarim borligini bilardim. Shu bois, tavakkal qilib, o‘zim yo‘lga chiqdim. Bolalar uyi tarbiyachilari bu harakatimga monelik qilishmadi. Menga yo‘lga yetarli ozuqa berib, Toshkentga qanday borish mumkinligini tushuntirishdi.

Samara yaqinidagi bir temir yo‘l stantsiyasida Toshkentga boradigan poyezdlar to‘xtab o‘tar ekan. O‘sha yerga borib poyezdni kutdim. Ertasi kechki payt poyezd keldi. Lekin u harbiylarni olib ketayotgan poyezd ekan, shu bois dastlab meni unga chiqarishmadi. Bu poyezddan qolsam, yana uch kun uni kutishim, o‘g‘rilar qopchig‘imdagi ozuqamni tortib olib qo‘yishlari mumkin edi. Jo‘nab ketish arafasida turgan poyezdning boshidan oxiriga zir yugurib, dodlab yig‘ladim. Shunda bir keksa rus provodnikning rahmi kelib: «Idi syuda, sыnok», — deb qo‘limdan ushlab, vagonga chiqarib, Samarqandga borayotgan polyak askarlari orasiga olib kirib, o‘tqazib qo‘ydi. Men rus va ukrain millatiga mansub kishilar orasida mana shunday rahmdil insonlarni ko‘p ko‘rganman. Shu bois, ularni hurmat qilaman.

Toshkentga kelgach, ozuqa solingan qopchig‘imni o‘g‘irlatib qo‘ydim. Asakaga bir amallab yetib oldim.

Asaka markazidagi choyxonaoldiga borib, otamning avlodlarini kimdan so‘rab-surishtirishimni bilmay turganimda, bir odam menga murojaat qildi:

— Sen bola, kimning o‘g‘lisan?

— Otaxon Yaminning o‘g‘liman. Ukrainadan keldim. Bu odam otamni bilar ekan. Meni yetaklab, choyxonaga olib kirdi. Choyxonadagilar meni qurshab, gapga solishdi, mehmon qilishdi. So‘ng o‘zaro maslahatlashishdi:

— Buni qaysi qarindoshinikiga olib boramiz?

— Amakisinikiga olib borish kerak.

— Bo‘lmaydi, — dedi shunda davradagi bir kishi. — Amakisining beti qursin! U akasini chuv tushirgan: «Men sizni quloq bo‘lishdan saqlab qolaman», — degan bahonada Otaxon Yaminning 60 ming so‘m pulini olib, gumdon bo‘lgan, Akasi Ukrainaga badarg‘a qilingach, yana Asakaga qaytib kelgan…

— Bo‘lmasa ammasinikiga olib boraylik.

Bu fikr ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi. Shundan keyin meni ammamnikiga olib borishdi. U meni yig‘lab-siqtab, kutib oldi. «Jigarimdan qolgan yodgorim», deya o‘zi yemay-edirib, meni o‘stira boshladi. Lekin bu ammam ham peshonamga sig‘madi: ko‘p o‘tmay vafot etdilar. Shundan keyin men tog‘amning uyida yashadim.

O‘n besh yoshimda Asakadagi paxta zavodiga ishga kirmoqchi bo‘ldim. Korxona rahbarlari mening kelib chiqishimni surishtirishgach: «Bu bolani ishga ololmaymiz, quloqning o‘g‘li ekan. Otasining o‘chini olib, zavodga o‘t qo‘yib yuborishi mumkin», — deyishdi.

Shundan keyin Toshkentga kelib, aeroportga ishga joylashganman. Toshkent qishloq xo‘jaligi institutining sirtqi bo‘limiga kirib, o‘qiy boshladim. Afsuski, chechak kasaliga chalinib, ancha yotib qolganligim, buning ustiga ko‘rish qobiliyatim yomonlashganligi sababli, o‘qishni tugallay olmadim.

Olamda yaxshi odamlar ham ko‘p ekan. O‘shalarning yordamida Toshkentda o‘rnashib, uy-joyli, oilali bo‘ldim.

Achchiq bolaligim, ota-ona mehriga qonmaganligimni o‘ylasam, ko‘zimga yosh keladi. Ammo tinch, farovon kunlarga ham yetganligimni o‘ylab, shukrona qilaman. Biz bolaligimizda ko‘rgan azoblarni endigi yosh avlod ko‘rmasin, iloyim.

 

Buxoro viloyati, Olot tumanidagi Alisher Navoiy nomidagi jamoa xo‘jaligida yashovchi Beshim bobo Avezov xikoyasi:

— 1921 yilda oilada beshinchi farzand bo‘lib tug‘ilganman. Qismatimdagi achchiq kunlar 1931 yilning yoz oylarida boshlangan. Hamro akam bilan qo‘ylarni boqib, uyga tushlikka keldig-u, hayrat va qo‘rqinchdan toshdek qotib qoldik: hovli ostin-ustun bo‘lib, ro‘zg‘or anjomlari yer bilan bitta bo‘lib sochilib yotar, odamlar qo‘liga ilingan buyumlarini olib qochishar, qo‘ylar, sigirlar betinim ma’rar, itlar hurar… Dahshat edi!

Ot mingan bir badjahl kishi akamni qamchi bilan urib, oldiga soldi. Meni esa yoqamdan ushlab tortib, otga mingashtirdi. Akam otning oldida hansirab yugurib borar, men esa ot ustida tovush chiqarishdan qo‘rqib, unsiz yig‘lardim. Qayerga, nimaga borayotganligimiz noma’lum edi.

Bizni Qorako‘l paxta zavodi saroyiga olib kelishdi. Bu yerda tumonat odam, atrofda miltiq ushlagan soqchilar turishardi. Ota-onam, opa-singillarim, akalarim ham shu yerda ekan. Ular bizni ko‘rib, sevinganlaridan yig‘lab yuborishdi.

Oradan bir necha kun o‘tgach, stantsiyaga odam to‘la eshelon keldi. Qiy-chuv boshlandi: kimdir dodlar, kimdir baqirib-chaqirar, yana kimdir o‘ksib yig‘lar edi. Hammani urib-surib, qizil vagonlarga qamadilar. Vagon eshiklari zalvor bilan yopildi. Parovoz qrra tutun buruqsitib, poyezd joyidan qo‘zg‘aldi.

Qadrdon go‘shalar, cholqillab o‘ynaganimiz tanish tepaliklar ortda qolib borardi. Ayni saraton. Vagonda nafas qaytadi. Onalar oh tortib, chaqaloqlar big‘illab yig‘laydi…

O‘n kuncha yo‘l yurdik. Vagonlardan tushib, paroxodga, keyin yana vagonlarga, o‘tirib, Stavropol o‘lkasining Nikola-Aleksandrovskaya qishlog‘iga yetib bordik. To‘rt-besh qariyani hisobga olmaganda, qishloq bo‘m-bo‘sh edi. Bu yerdagi odamlarni ham qayergadir surgun qilishgan ekan.

O‘zbekiston va Tojikistondan surgun qilingan besh ming oila shu qishloqqa joylashtirildi. Har bir oilaga bittadan xona berildi. Qishloqdan chekkaga chiqish qat’iy taqiqlandi. Kuz oxirlab, qish yaqinlashgach, muhtojlik boshlandi. Sovuq ochlik, kasallik odamlarni qulatdi. Og‘ir maishiy sharoitda bitlab ketdik. Hammamizni hammomga olib borishdi.

Hammom deganlari eski otxona ekan. O‘rtada ikkita qozonda suv qaynab tursa-da, xona sovuq edi. Men to‘ng‘ich akam Saidjon bilan bug‘ga isinish ilinjida qozon yoniga borgan edik. Nima bo‘ldi-yu, akam oyog‘i toyib, qaynab turgan qozonga ko‘kragigacha tushib ketdi. «Otajon!» deb qichqirishga ulgura oldi, sho‘rlik. Otam kela solib, akamni qozondan chiqarib, bag‘riga bosdi. Akamning go‘shtlari shilinib ketdi. U otamning qo‘lida qiynalib, jon berdi.

Qish kirdi. O‘tin yo‘q. Uylar sovuq, kechasi kiyimlarimizni yechmay, bir-birimizning pinjimizga kirib, g‘ujanak bo‘lib yotamiz. Bir kuni otam quyib bergan atalani qo‘shni uyda ko‘rak chuvib o‘tirgan onam bilan opam oldiga olib bordim-u, u yerdagi manzarani ko‘rib, oyoqlarimdan madar ketib, eshik kesakisiga suyanib qoldim: onam bilan opam bir-birlariga suyangancha, o‘lib yotishardi. Ularni ustilarndagi kiyimlari bilan tuproqqa qo‘ydik.

Bahorga chiqib, dalaga don sepdik, chigit ekdik. Hosil pishgach, ta’minotimiz bir oz yaxshilandi.

O‘zbekistondan o‘qituvchilar kelyshdi. Biz, yoshlar o‘qiy boshladik. 1937 yil boshlandi. O‘qituvchimiz, ko‘nglimizni ko‘tarish uchun bo‘lsa kerak, bir kuni she’r yozib kelibdi. Unda shunday satrlar bor edi:

«Yashasin, yashasin, sovet bolalari yashasin,
Ular qatorida quloq bolalari ham oshasin».

Ertasi kuni kechasi uyimizga NKVD xodimlari kelishib, akalarim Barot bilan Hamroni haydab olib chiqib ketishdi. Biz fig‘on chekib qolaverdik. Keyin bilsak, akalarimdan biri muallim o‘rgatgan she’rni boshqalarga yod aytib bergan, ikkinchisi: Akmal Ikromov bilan Fayzulla Xo‘jayev yaxshi odamlar edilar, — degan ekan.

She’rni yozgan o‘qituvchi ham hibsga olinib, dom-daraksiz ketdi. Men mexanizatorlik kursida o‘qib, traktorchi bo‘ldim. Yer haydab, don ekdim. Otam meni o‘zimiz singari badarg‘a qilingan oilada o‘sgan Miskinoy degan qizga fotiha qilganlarida urush boshlanib ketdi. Chimildiqqa kirish nasib etmay, frontga jo‘nadim. Urushning eng og‘ir uchastkalaridan birida — Leningrad frontida bo‘ldim.

Bir kun qattiq jang bo‘layotganida yonimga snaryad kelib tushdi. Faqat shu narsa esimda. Keyin nima bo‘lganligini bilmayman. O‘zimga kelganimda nemislarning usti yopiq mashinasida ketayotganligimni bildim. Chap qulog‘im eshitmas, chap ko‘zim ko‘rmas, butun tanam majaqlab tashlanganday og‘rirdi… Juda ko‘p kontslagerlarda bo‘ldim, men ko‘rmagan jabru jafolar qolmadi.

Frantsiyadagi kontslagerdan qochib, Belgiyaga o‘tdim. U yerdan bir paroxod tryumiga (erto‘lasiga) yashirinib, Londonga bordim. Bu orada urush tugadi. Oradan saqkiz: oy o‘tgach, Sovet Ittifoqiga qaytdim. Lekin meni O‘zbekistonga emas, Boshqirdistondagi qamoq lageriga yuborishdi. Bu yerda kaminani ko‘p so‘roq qilib azoblashgach, xastalanib, yotib qoldim. Shunda Katya degan bir rus qizi menga ko‘p mehribonliklar qildi.

Ikkinchi guruh nogironi bo‘lib qolgach, uyimga qaytishimga ruxsat berishdi. Shunda men Katyaga turmush qurishni taklif qildim. U rozi bo‘ldi. Yurtimga Katya bilan birga qaytdim.

Bu paytda sobiq quloqlarga ham yurtiga qaytish uchun ruxsat berilgan edi. Otam singlim Gulsum bilan yo‘lga chiqadilar. Lekin qiblagohimga yurtini qayta ko‘rish nasib etmadi: Maxachqal’aga kelganlarida, yurak xurujidan vafot etadilar. Dog‘istonlik musulmonlar otamni o‘z qabristonlariga dafn etib, yolg‘iz qolgan singlimni bir harbiy hamshira bilan O‘zbekistonga jo‘natadilar.

Ota-onamizdan, uch akamizdan judo bo‘lgan aka-singil Olotda uchrashdik. Katta qiyinchiliklar bilan yana ro‘zg‘orimizni tiklab, turmushimizni izga sola boshladik. O‘sha paytda Qo‘chqor aka degan kolxoz raisi bizga uy-joy berib, moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlagan. Uning bu odamgarchiligi hech yodimdan chiqmaydi.

Katya bilan turmush qurib, ikki o‘g‘il, ikki qiz ko‘rdim. Rafiqam 1979 yilda vafot etgan. Hozir o‘g‘il-qizlarim, nevaralarim davrasida yashayapman.

 

* * *

30-yillar boshidagi quloqlashtirishdan beri 70 yilga yaqin vaqt o‘tdi. Ammo kommunistik mustabid tuzum qulab, respublikamiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritib, yaqin tariximizning fojiali sahifalarini yozish imkoniyati yuzaga kelganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Shu boisdan quloqlashtirish davri tarixchilar, adiblar, jurnalistlar uchun «ochilmagan qo‘riq» bo‘lib turibdi, deyish mumkin.

Xo‘sh, 30-yillar boshida «mushtumzo‘r» tamg‘asi bilan yopib tashlangan, yurtidan badarg‘a qilingan dehqonlar qanday kishilar edilar? Kommunistik nuqtai nazar bilan baholanadigan bo‘lsa, ular sotsialistik jamiyat uchun zararli, qayta tarbiyalashga muhtoj kishilar edilar. Lekin umuminsoniy mezonlar bilan, odilona baholanadigan bo‘lsa, ular xalqimizning bir qismi bo‘lgan, aksariyati o‘zining mehnatsevarligi, ishbilarmonligi bilan boyigan asil dehqonlar edi. Tabiiyki, ular orasida birovlarning mehnati samarasidan foydalanib boyigan, insofsiz kishilar ham bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ammo boylarning hammasi shunday edi, deb barchasiga baravar qora bo‘yoq chaplash adolatsizlikdir. O‘zbek boylarining olijanobliklari haqida olis va yaqin tariximizdan istalgancha misollar keltirish mumkin.

Afsuski, keyingi 70-80 yilda yozilgan tarixiy, badiiy asarlarda xalqimizning bu toifasiga marksistik nuqtai nazar bilan baho berilib, «ezuvchi sinf» vakillari sifatida qoralanib kelindi. Navoiy haqida buyuk asar yozgan yozuvchi Oybek «ezuvchi sinf» vakillarini maqtaganligi uchun tanqid qilindi.

Jamiyatda odamlarni «ezuvchi sinf»ga mansubligi uchun ta’qib qilish, kamsitish, haq-huquqlarini cheklash 1917 yildagi Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng boshlanib, Ikkinchi jahon urushigacha avjiga chiqib bordi, deyish mumkin. Keyin bu hodisa susayganday bo‘ldi, ammo hech qachon barham topgani yo‘q. Shu boisdan ham, ayniqsa, 20-yillarda boy yoki dindor oilaning farzandi bo‘lgan yoshlar orasida ijtimoiy kelib chiqishini yashirish, hatto ota-onasidan matbuot orqali oshkora voz kechish hodisalari ko‘paydi. Quloq otasini hukumat odamlariga sotgan Pavlik Morozov singari yoshlar qahramonga aylandilar.

O‘zbekistonning yirik davlat arbobi bo‘lgan, 1937 yildagi qatag‘onda hibsga olinib, qatl etilgan Sulton Segizboyev 20-yillarda Oqqo‘rg‘onda yashaydigan boy otasini borib ko‘rganligi uchun partiya majlisida muhokama qilinib, unga xayfsan berilgan. Men bu kishining ma’muriy idora hujjatxonasida saqlanayotgan «Jinoiy ishi» bilan tanishganman. Uning hech bir aybi bo‘lmagan, aslida boyning o‘g‘li bo‘lganligi uchun hibsga olinib, yo‘q qilingan.

Xo‘sh, 1917 yil oktyabrda davlat to‘ntarishi bo‘lganida Turkistonda qishloq xo‘jaligining ahvoli qanday edi? Mehnatkash dehqon qanday yashardi? Qishloqda tub o‘zgarishlar qilish, o‘ziga to‘q dehqon xo‘jaliklarini tugatish uchun zarurat bormidi?

O‘sha paytda 7,7 million aholisi bo‘lgan O‘rta Osiyoda 10,5 million desyatina dehqonchilik uchun yaroqli yer bor edi. (1 desyatina— 1 gektaru 9 sotixga teng). Aholi jon boshiga 1,4 desyatinadan yer to‘g‘ri kelardi. Agar hozir O‘zbekistonda aholi jon boshiga 21 sotixdan yer to‘g‘ri qelishini inobatga olsak, bu yerni oz deb bo‘lmaydi. Ammo yomon tomoni shunda ediki, dehqonlar o‘rtasida yer taqsimotida adolatsizlik kuchli bo‘lgan. O‘zbekistondagi ekin maydonlarining uchdan ikki qismi yirik yer egalariga qarashli edi. Masalan, aholisi nisbatan zich bo‘lgan Farg‘ona vodiysini olaylik. Yer ishlari xalq komissarligining 1924-25 yillardagi hisobiga qaraganda, bu viloyatda 3 desyatinadan kam yeri bo‘lgan dehqon xo‘jaliklari mavjud dehqon xo‘jaliklarining 86,5 foizini tashkil etar, ular umumiy yer maydonining 46,5 foiziga egalik qilishardi. Bu yer maydonlarining yarmidan ortig‘i 13,5 foiz dehqon xo‘jaliklarining qo‘lida edi demakdir. 3 foiz yirik yer egalarining qo‘lida umumiy ekin maydonlarnning to‘rtdan bir qismi jamlangan edi. Yeri kam dehqonlar boylarning yerini sheriklikqa olardilar. Yersiz dehqonlar esa boylarning qo‘lida batrak, qarol, chorakor bo‘lib, og‘ir shartlar bilan ishlashga majbur edilar. Ular orasida boylardan muntazam qarz bo‘lib yuradigan, moddiy yetishmovchiliklar ezib tashlagan kishilar ko‘p zdi. Aholisining 85 foizi qishloqda yashagan o‘lkada boylar bilan; kambag‘allar o‘rtasidagi farq ancha keskin edi.

Mazjud yer maydonlaridan samarali foydalanib, ekinlar hosildorligini oshirish, qishloq xo‘jaligida texnikani joriy etish, irrigatsiya-melioratsiya ishlarini rivojlantirish masalalarining hal etilishi talab darajasida emas edi.

Ammo shuni aytib o‘tish kerakki, Turkistonda, avvalo, kapitalizm, nisbatan rivojlangan yoki boshqa Ovro‘pa mamlakatlari jamoatchiligi tasavvuridagi pomeshchiklar — ming-minglab desyatina ekin maydonlari bo‘lgan qishloq burjuaziyasi deyarli yo‘q edi. Borlari ham inqilobning dastlabki yillari qatl etilib, mol-mulklari davlat ixtiyoriga o‘tkazilgan edi. Bunga, jumladan, Qoplonbek va Kengsoyda imeniyelari bo‘lgan Nikolay Romanovni, katta bog‘lari va ekinzorlari bo‘lgan Alekseev, Ivanov, Yaushev, Mirkomil Mo‘minboyev, Orifxo‘ja Azizhojinov, Mirsaid Azimboyev, Usmon Rajabov kabi boylarni misol keltirish mumkin.

O‘lkadagi boshqa dehqon xo‘jaliklarini o‘ziga to‘q o‘rtahol dehqon xo‘jaliklari deyish mumkin edi. Turkistonda qishloq burjuaziyasi kuchli bo‘lmaganligini yana shu dalil bilan isbotlash mumkinki, 1930 yilda «Narodnoye xozyaystvo Sredney Azii» jurnalida yozilishicha, o‘sha paytda Rossiyadagi boy dehqon xo‘jaliklari mamlakatda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi tovar mahsulotining 40 foizini, O‘rta Osiyodagi boy dehqon xo‘jaliklari esa atigi 15 foizini ishlab chiqargan.

Bunday sharoitda O‘zbekistonda qishloq muammolarini ming-minglab dehqonlarni badarg‘a qilmasdan ham hal etish mumkin edi. Lekin bolsheviklar bunday qilmadilar. Sababi, ularning pirovard-maqsadlari xususiy mulkning har qanday shaklyni tugatishdan iborat bo‘lib, ularning fikricha, xususiy mulk hamma baxtsizliklarning bosh sababchisi, insoniyatning yorqin kelajagi yo‘lidagi asosiy g‘ov edi.

Bolsheviklar bu maqsadlariga shaharda inqilobning dastlabki yillaridayoq bir zarb bilan erishdilar — barcha zavod va fabrikalar, banklar, yirik savdo tarmoqlari, pochta-telegraf, temir yo‘l tarmoqlari egalaridan tortib olinib, davlat mulkiga aylantirildi.

Qishloqda esa bu ishni birdan qilib bo‘lmasdi, ma’lum tayyorgarlik ishlari zarur edi. Shu boisdan inqilobning dastlabki yillarida yer oldi-sotdisi tugatildi, yer — ishlaganniki, deb e’lon qilindi. Ikki marta (1920-21 y.y., 1925-27 y.y.) yer islohoti o‘tkazilib, boylarning ortiqcha yerlari tortib olinib, yersiz va yeri kam dehqonlarga berildi, yer taqsimotidagi adolatsizlik tugatildi. Bunda bir o‘q bilan ikki qarg‘a urildi. Birinchidan, qishloqdagi «sinfiy dushman» cheklanib, moddiy jihatdan zaiflashtirildi. Kambag‘allar esa bolsheviklarni o‘zlariga do‘st deb bildilar. Bundan tashqari, hukumat soliq siyosatida ham kambag‘allarni himoya qildi — boylardan ko‘p, o‘rtahollardan me’yorida, kambag‘allardan esa mutlaqo soliq olmaslik siyosatini yurgizdi. Bu ham dehqonlar asosiy qismining Sovet hukumatiga xayrixohligini kuchaytirdi.

Aslida bular hammasi vaqtinchalik tadbir, yerni dehqondan butkul tortib olish uchun qilinayotgan «hiylai shar’iy» edi. Buni ko‘pchilik dehqonlar anglab yetmadilar. .

30-yillarning o‘rtalariga kelib, Butunittifoqda bo‘lgani singari, O‘zbekistonda ham qishloq xo‘jaligini jamoalashtirish tugallandi. Yer davlat mulkiga aylandi. Ilgari kambag‘al dehqon boyga yollanib ishlagan bo‘lsa, endilikda davlatning batragiga aylandi. Yerga nima ekishni, qancha hosil olishni hamda tayyor mahsulotga narx belgilashni davlat o‘z tasarrufiga oldi. Aslida qishloq xo‘jaligida davlat feodalizmi qaror topdi. Bu hodisaning yomon tomonlari keyinroq bilina boshlandi. Jumladan, Rossiyada minglab qishloqlar odamsiz huvillab qoldi. Inqilobgacha chet elga g‘alla sotgan mamlakat chetdan g‘alla sotib ola boshladi, chorvachilik ham hech o‘nglanmadi.

O‘zbekistonda esa paxta yakkahokimligi yuzaga keldi, yerlar ortiqcha sho‘rlanib, zaharlanib, ishdan chiqdi, xo‘jasizlik, ommaviy qo‘shib yozishlar avj oldi, qishloq yoshlari o‘rtasida ota-bobolar kasbiga muhabbat susaydi.

1997 yil.