Alinazar Egamnazarov, Ibrohimjon Alimov. G‘olib armiyaning… qabohati (1996)

20-yillardagi fuqarolar urushida qizil qo‘shinlar qilgan vahshiyliklar haqida hujjatlar guvohlik beradi

 OQLAB BULMAYDIGAN JINOYaTLAR

Haqiqat egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi, deydi xalqimiz. O‘tmish voqealari ham tarixiy haqiqatdir. Ular ma’lum davrlarda turli sabablar bilan biryoqlama yoritilishi, noto‘g‘ri baholanishi mumkin, lekin haqiqat haqiqatligicha qolaveradi va bir kun suv ostiga cho‘kkan gavharday yuzaga chiqadi.

O‘zbek xalqining sovet davri tarixi, shuningdek, boshqa davrlar tarixi ham noto‘g‘ri talqin qilinganligini, tariximizni yangidan yozishimiz zarurligini bugungi kunda ko‘pchilik tan olyapti. Tariximizga umuminsoniy qadriyatlar nuqtai nazaridan emas, balki sinfiy yondashish tufayli u buzib ko‘rsatildi, tarixiy haqiqat soxtalashtirildi. Bunga Oktyabr to‘ntarishidan keyin boshlangan milliy-ozodlik harakati atayin xalqqa qarshi, reaktsion harakat sifatida baholanganligi yaxshi misol bo‘la oladi. Turkiston xalqlari mustaqilligi, ozodligi uchun kurashgan mujohidlar qasddan bosmachilar deb ataldi.

Sovetlarga, bolsheviklarga qarshi, mustaqillik uchun kurashganlar o‘zlarini mujohid deb nomlaganliklarini amir Olnmxonning «Buxoro xalqining hasratli tarixi» (Toshkent, 1991 yil, «Nur» matbaa kichik korxonasi) kitobini o‘qib bilish mumkin. Shuning uchun ham, bizningcha, bundan buyon tarixiy haqiqatni tiklab, bolsheviklar atayin, g‘arazgo‘ylik bilan «bosmachi» deb nomlagan xaloskorlarimizni o‘z nomi bilan «mujohid» deb atasak o‘rinli bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

Biz, o‘zbek tarixchilari, shu paytgacha mujohidlar harakatining faqat kamchiliklarinigina ko‘rib, salbiy baholab keldik. Qizil Armiya faoliyatini esa faqat ijobiy baholadik — «oy»ning qorong‘i tomoni ham borligini jamoatchilikdan atayin yashirib keldik. Mana, jumhuriyatimiz mustaqillikka erishib, tariximiznn xolisona yoritish, haqiqatni baralla aytish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Endilikda bu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanishimiz kerak.

Quyida ixtiyoringizga havola qilinayotgan materiallar Qizil Armiya to‘g‘risidagi haqiqatni tiklash maqsadida O‘zbekiston jumhuriyati Markaziy Davlat arxivida olib borgan izlanishlarimiz natijasidir.

Biz matbuotda shu paytgacha e’lon qilingan hujjatlarda Qizil Armiya qo‘shinlarining o‘lkamizdagn faoliyati bir tomonlama, ijobiy tomondan yoritilganligini hisobga olib, mazkur hujjatlarda uning ilgari maxfiy hisoblangan, yoritilmagan salbiy ishlarini — qonli va qonsiz jinoyatlarini ko‘rsatishga harakat qildik.

Mazkur hujjatlarning ahamiyati yana shundaki, ular jamiyatdagi noto‘g‘ri jarayonlarga qarshi o‘zining halol, haq so‘zi bilan qarshi turgan olijanob kishilar» o‘sha paytda ham bo‘lganligini isbotlaydi.

Q. S. Otaboyevning e’lon qilinayotgan ma’ruzasi «Yunost» oynomasining 1990 yil 1-sonida Yu. Paporovning «Sahrodagi oq quyosh» maqolasida qisman bosib chiqarilgan. Biz qayta e’lon qilayotganligimizning sababi, birinchidan, Yu. Paporov Qizil Armiya otryadlarining qishloqlardagi tinch aholini qirganligi, talaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni matndan tushirib qoldirgan. Ikkinchndan, matnning e’lon qilingan qismida arxeografiya qoidalariga zid ravishda ayrim jumlalar tahrir qilib yuborilgan. Biz Q. S. Otaboyev ma’ruzasini O‘zbekiston Jumhuriyati Markaziy Davlat arxivida saqlanayotgan asl nusxasidan o‘zbek tiliga tarjima qildik.

Jumhuriyatimiz mustaqillikka erishgunga qadar yozilgan tarixiy asarlarda mujohidlar tinch aholiga nisbatan zolimlik qildi, ularni qirdi, mol-mulkini taladi, deb ko‘p yozilgan. To‘g‘ri, bunday hodisalar bo‘lgan. Lekin hamma yerda, hamisha shunday bo‘lgan, deyish to‘g‘ri emas.

E’lon qilinayotgan hujjatlar shuni ko‘rsatadiki, Qizil Armiya otryadlari aybsiz, tinch qishloq mehnatkashlarini o‘taketgan rahmsizlik bilan qiynab, yosh-qari, ayol, erkak demay, ayrim joylarda yoppasiga otib o‘ldirganlar, talaganlar. Ahvol shu darajaga borganki, qishloq aholisi do‘ppi, chopon kiyganligi uchun mujohid hisoblanib yoki ularga yordam bergan hisoblanib, otib tashlanavergan.

Qizil Armiya otryadlari jangchilari mahalliy xalq — musulmonlarning urf-odatlarini bilishmas va islom dinini, shariat qonun-qoidalarini nazar-pisand qklishmas edi. Shu boisdan ham ular masjidlarni Qizil Armiya qismlarining otxonalariga aylantirdilar, masjidlarda namoz o‘qiyotgan tinch aholi ustiga bombalar tashladilar, qabristonlarda tilovat qilayotgan kishilarni otib o‘ldirdilar.

Shuni ham aytish kerakki, asosan, ovro‘paliklardan tashkil topgan harbiy otryadlar mahalliy aholini otgan va talagan bo‘lsa, buning uchun rus, ukrain yoki boshqa xalqlarni ayblash adolatdan emas. O‘sha davrda Qizil Armiya qo‘shinlarining oddiy xalqqa nisbatan noto‘g‘ri xatti-harakatlari faqat Turkiston o‘lkasida emas, balki chor imperiyasining barcha hududlarida — Donda, Sibirda, Ukrainada va boshqa joylarda ham yuz bergan. Bunga ishonch hosil qilish uchun «Novыy mir» oynomasining 1988 yil 10-sonida e’lon qilingan yozuvchi Bladimir Korolenkoning «Lunacharskiyga yozilgan xatlar»ini, «Argumentы i faktы» haftaligining 1992 yil 19-sonida e’lon qilingan «Budyonniy ot ustida» maqolasini eslash kifoya.

Buyuk rus yozuvchisi Vladimir Qorolenko 1920 yil avgust oyida Lunacharskiyga yozgan xatlarida Ukrainadagi fuqarolar urushida «ikkala tomon shafqatsizlikda o‘zaro musobaqalashayotgani», xususan, bolsheviklarning beboshliklari haqida darg‘azab bo‘lib yozib, «zaif ovozimning kuchi qanchaga yetsa, so‘nggi nafasim chiqqungacha sudsiz otishlarga va bolalarni o‘ldirishlarga qarshi noroziligimni to‘xtatmayman», — degan edi.

O‘sha paytda Turkistonda harbiy otryadlar qilgan noma’qulchiliklar buyruqni bajarishga majbur bo‘lgan oddiy askarlarning emas, balki ularga topshiriq bergan davlat, partiya, harbiy tashkilotlarning ishidir. Ana shu tashkilotlarning roziligi va ko‘rsatmasi bilan jazo otryadlari tuzildi va ularga «bosmachi»lar joylashgan qishloqlarni butun aholisi bilan qirib tashlash va talash buyurildi.

E’lon qilinayotgan hujjatlarda Qizil Armiya qo‘shinlari safidagi dashnoq otryadlari mahalliy xalqni rahmsizlarcha qirganliklarn haqida ham dalillar bor. Bundan arman xalqi o‘zbek xalqini qirgan ekan, degan xulosa kelib chiqmasligi kerak. Bu otryadlar o‘z davrida Dashnoqtsutyun arman mayda burjuaziya partiyasi tomonidan tuzilgan va uning topshirig‘ini bajargan. Bu partiyaning Sovet hokimiyatiga qarshi xatti-harakatlari juda tez oshkor bo‘lib qoldi. 1919 yil may oyida Dashnoqtsutyun partiyasining Toshkentdagi o‘lka qo‘mitasi tugatilib, shu dashnoq otryadlari tarqatib yuborildi.

Aholini Qizil Armiya tomonidan talash xilma-xil shakllarda amalga oshirildi. Yuqorida aytib o‘tilgan oshkora talashdan tashqari, yashirin talash usullari ham keng qo‘llanilgan. Qizil Armiya otryadlari, qismlarida o‘z-o‘zini ta’minlash usuli keng joriy etilgan. Harbiy qismlar qishloqlarda bo‘lgan vaqtlarida aholidan oziq-ovqat va yem-xashak olib, pul o‘rniga tilxat berib, ba’zida uni ham bermay ketardi. Bundan tashqari, harbiy qismlar aholidan ot, eshak, tuya va arava kabi transport vositalarini ma’lum muddatga olib, ko‘pincha qaytarib berishmasdi. Natijada dehqonlar dala ishlarini bajarishga qiynalib qolishardi.

Oziq-ovqat razvyorstkasi ham qishloq mehnatkashlarini talashning bir usuli edi. Rossiyada bo‘lganidek, Turkistonda ham 1918-1920 yillarda harbiy kommunizm siyosati amalga oshirilishi tufayli oziq-ovqat razvyorstkasi joriy qilinib, g‘alla va boshqa mahsulotlar dehqon oilasiga yangi hosil yig‘ilgunga qadar yetadigan miqdorda va urug‘lik uchun qoldirilib, ortiqchasi qizil askarlarga va ishchilarga, deb tortib olpna boshlandi. Dehqonlardan tortib olingan oziq-ovqat mahsulotlariga odatda hech qanday haq to‘lanmasdi.

Jazo otryadlari tomonidan aholining qirilishi, qishloqlarning vayron qilinishi, talanishi natijasida, shuningdek, Qizil Armiya qismlari va mujohidlar otryadlari o‘rtasidagn janglar oqibatida qishloq xo‘jaligiga katta ziyon yetkazildi. Yuzlab qishloqlar xarobaga aylantirildi, ekin maydonlari yo‘q qilindi, kanallar, ariqlar buzildi, ish hayvonlari haydab ketildi. Buning ustiga, qizil askarlar va mujohidlar o‘rtasidagi janglar tufayli dehqonlarning qishloqda turg‘un yashay olmaganligi, qochib yurishi dehqonchilik bilan shug‘ullanishga imkon bermasdi. Rossiyadagi fuqarolar urushi tufayli iqtisodiy aloqalar to‘xtab, Turkiston chetdan g‘alla olish imkoniyatidan mahrum etpldi. Bundan tashqari, o‘sha yillari qurg‘oqchilik bo‘ldi. Natijada 1917-1922 yillarda Turkistonda ocharchilik yuz berdi. Bu fojia, ayniqsa, 1919 yil bahorida kuchaydn. Turkiston aholisi 1917-22 yillardagi qirg‘inlar, ocharchilik va qatag‘on natijasida bir millionga kamaydi.

Qizil Armiyaning Turkistondagi harbiy harakatlaridan asosiy maqsad Sovet hokimiyatini mustahkamlashgina emas, balki o‘lkani avvalgidek Rossiyaning mustamlakasi sifatida saqlab qolish, milliy-ozodlik harakatini bostirish edi. Aynan shuning uchun ham ma’murlar Turkistonda quloq bo‘lsa ham ruslarni qurollantirdilar, yerli aholiga esa qurol bermadilar. Mahalliy aholi tomonidan mujohidlarning qo‘llab-quvvatlanishiga, ularga oziq-ovqat, otlariga yem-xashak berilishiga keskin qarshi chiqdilar. Bu masalada ozgina bo‘lsa-da, shubhali sanalgan qishloqlarga Qizil Armiya rahbarlari jazo otryadlarini yuborib, mujohidlar bilan jang qilish o‘rniga, tinch aholini rahmsizlarcha qirib, mol-mulkini taladilar. Ular shunday yo‘l bilan mahalliy aholini qo‘rqitib, mujohidlarga qarshi qo‘ymoqchi bo‘ldilar. Ammo bu qirg‘inlar natija bermadi. Mujohidlar, yunon afsonasidagi Herakl yerdan quvvat olib turganidek, xalqdan madad olib turdilar.

Mujohidlarning orzu-umidlari mana endi ro‘yobga chiqdi. O‘zbekiston mustaqillikka erishib, xalqimiz o‘z taqdirini o‘zi hal qilish imkoniga ega bo‘ldi.

QIZIL ARMIYa JAZO OTRYaDLARINING ANDIJON ShAHRI VA UEZDI QIShLOQLARINI VAYRON QILGANLIGI, TINCh AHOLINI QIRGANLIGI, AYoLLARNI ZO‘RLAGANLIGI VA TALONChILIKLARI TUG‘RISIDA

(Andijon shahar aholisi vakillarining musulmon kommunistlar tashkilotlarining Turkiston o‘lka byurosiga ma’ruzasi. 1919 yil, aprel)

Bizni Andijon shahrida yashaydigan mehnatkash musulmon kambag‘allar vakil qilishib, Farg‘onaning va xususan, Andijon shahri, uning uyezdlari barcha musulmon proletariati boshdan kechirayotgan dahshatlarni jumhuriyatning markaziy hukumatiga va Qommunistlar partiyasining Markaziy Qo‘mitasiga ma’lum qilishni topshirdi.

Bir paytlar gullagan butun Farg‘ona mehnatkashlari oh-fig‘on chekishyapti. Hamma joyda qariyb bir xpl hodisa, bir xil sabab; bir xil natija. Farg‘ona Ergash, Madaminbek, Mahkam va Xolxo‘ja boshliq bosmachi guruhlar maskani bo‘lib qoldi. Dastlab uncha katta guruhga ega bo‘lmagan, keyin esa oyoqqa turib, uyushgan bosmachi to‘dalar qilayotgan qotilliklarni yozishga qalam ojizlik qiladi. Burjua unsurlari qo‘shni davlatlarga ketib yoki ruslar yashaydigan joylarga yaqin yerlarda yashirinib, Farg‘onaning bu kulfatidan u yoki bu yo‘sinda o‘zlarini saqladilar. Lekin mehnatkash kambag‘allar, o‘rtahol dehqonlar va kosiblar bosmachilar hamda ularni ta’qib qiluvchilarning qurboniga aylandilar. Kommunist-bolsheviklarning musulmon fraktsiyasi mayda bosmachi guruhlar paydo bo‘lganligi natijasida yuzaga kelgan ahvol juda jiddiy ekanligini bir necha marta ko‘rsatib o‘tgan edi, lekin rus o‘rtoqlar yetarli darajada hushyor va ehtiyotkor bo‘lib, musulmon birodarlaritsing ovoziga quloq solmadilar va keskin choralar o‘rnnga, yuzaki choralar ko‘rib, ko‘zda tutilgan joylarga qizil armiyachilarning mayda otryadlarini yuborish bilan cheklandilar. Bu otryadlarga boshchilik qilish va ko‘rsatma berish vazifasini «dashnoqchi» armanlar bajardilar.

O‘g‘rilarni jazolash uchun yuborilgan niyati yomon kishilar esa, ularni ta’qib qilish, qurol-aslaha, o‘q-dorilarini va uyasini yo‘q qilish o‘rniga, qurollarini tinch aholiga qarshi qaratdilar. Shunday qilib, mehnatkash musulmon kambag‘allarni muhofaza etish uchun yuborilgan jazo otryadlari, ularni talab, boyiy boshladilar. Busiz ham qo‘rqib qolgan aholiga nisbatan qilingan, hech bir oqlab bo‘lmaydigan shafqatsizliklar, ularnn qatorasiga otish, uylariga o‘t qo‘yish, xotin-qizlarni zo‘rlash, go‘daklarni o‘ldirish — bular hammasi yig‘ilib, ranjitilgan, haqoratlangan, nochor ahvolga tushgan, darbadar va och kambag‘allar miqdorini ko‘paytirib yubordi. Shu to‘da «bosmachi», «bo‘g‘machi» deb nom olgan o‘g‘rilar tomoniga o‘tib, bu ishni boshqa yo‘li bo‘lmaganidan, ilojsizlikdan, o‘zi istamagan holda qildi.

Andijon uyezdida bosmachi to‘dalar yangi paydo bo‘lgan paytlarda, biz yuqori doiralarga u yoki bu choralarni taklif etdik, lekin hukumat tepasida turgan rus o‘rtoqlar bizning turmush tajribamizni, mahalliy aholi hayotini, ruhiyatini, dunyoqarashini bilishimizni inobatga olishmay, takliflarimizni qo‘pollik bilan inkor qilishdi.

Armanlar tomonidan gij-gijlangan rus o‘rtoqlar, ayniqsa, qizil armiyachilar, yo‘lda uchragan to‘n kiyib, salla o‘ragan har bir kishini o‘g‘ri deb bildilar. Mana shu g‘alati o‘xshatish tufayli bir paytlar mehnat jo‘sh urgan o‘nlab obod qishloqlar va yuzlab uy-joylar yo‘q qilindi. Tabiiyki, joni omon qolgan va qochib qutulgan aholi bosmachilar saflarini to‘ldirdi, garchi bosmachilar bilan muloqotda bo‘lish halol odam sifatida qadr-qimmatlarini yerga ursa ham shunday qilishdi.

Ochlik — xolang emas, deyiladi rus xalq maqolida. Albatta, och, boshpanasidan, ko‘zining oqu qorasi bo‘lgan oilasndan ayrilgan mahalliy dehqonlar, proletar ishchilar, chorakorlar o‘zlarini bosmachilarning quchog‘iga otib, boshpana, issiq joyga ega bo‘lamiz, qornimiz to‘yadi, deb umid qildilar. Qaroqchilar safini to‘ldirganlar uchun eshiklar lang ochib qo‘yilganligi sababi tushunarli, albatta. Shunday qilib, hozirgi vaqtda, Qizil Armiya o‘zining siyosiy vazifasi darajasida emasligi, rus o‘rtoqlarning loqaydligi oqibatida butun Farg‘ona bosmachilik harakati deb atalgan o‘t ichida qoldi.

Mahalliy aholi bu hodisani siyosiy hodisa deb hisoblamayapti va bu harakatga siyosiy tus berishga zo‘r harakat va intilish mavjudligiga qaramay, uni oddiy so‘z bilan bosmachilik deb atayapti. Bu vaziyat e’tiborga molik va tarixan muhimdir. Bu harakatda xalq — omi, savodsiz mehnatkash xalq qahramonlikni ham, ozodlik harakatiga xos mardonalikni ham ko‘rmayapti. Hozircha baxtimizga xalq qo‘zg‘oloni emas, bosmachilik harakati hisoblanyapti.

Ruslar va armanlar orasidagi ig‘vogarlar, bu bosmachilik harakatining o‘z ma’nosi bor, bu ishda barcha musulmon xalqlarning Sovet hokimiyatini ag‘darib tashlash istaklari ko‘rnnnb turibdi, deb zo‘r berib gap tarqatmoqdalar. Lekin bu mahalliy kambag‘allar va mehnatkashlar ommasiga qarshi qaratilgan qabih ig‘vogarlikdir.

So‘zak, Haqqulobod, Poytuq, Jalolobod, Qo‘qon qishloq, Bozorqo‘rg‘on, Qashqar qishloq, Xayrobod kabi o‘nlab qishloqlar va shaharlar to‘plardan o‘qqa tutilib, o‘t qo‘yilib, kultepaga aylantirildi. Mana, jazo otryadlarining qilgan ishlari!

Dahshatli ravishda o‘t qo‘yish, xotin-qizlarnn qirish, boylarning dang‘illama uylari va saroylarini emas, aksincha, kambag‘allarning guvalakdan qurilgan kulbalarini vayron qilish bosmachilar miqdorini kamaytirdimi? Yo‘q, albatta. Tinch aholini qatag‘on qilish mutlaqo noto‘g‘ri ish ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Aksincha, bosmachilar safi ortgandan-ortib boryapti.

Hayot shuni isbotladiki, bosmachilarga qarshi shu paytgacha olib borilgan kurash usuli to‘g‘ri emas, aksincha, inqilob uchun halokatlidir. Demak, boshqa yo‘llar, boshqa usullar, boshqa qurollar bilan kurashish kerak.

Qishloq kishisini otish aholini g‘azablantirishdan boshqa natija bermaydi.

Shu boisdan, biz inqilobning buyuk g‘oyalari yo‘lida, sotsializm intilayotgan muqaddas ideallar yo‘lida, o‘z tomonimizdan, joylarda voqealarning paydo bo‘lishi va oqibatlarini biladigan kishilar sifatida qo‘yidagi tadbirlarni taklif etishga burchlimiz, deb hisoblaymiz. Bu tadbirlar hayotga oqilona joriy etilsa, Sovet hokimiyatini mustahkamlaydi, bosmachilik harakatini tubdan yo‘qotadi.

Biz bu yerda bosmachilarni qo‘lga tushirish qnyinligini, ularning kurash usullarini va boshqalarni yozib, ezmalik qilib o‘tirmaymiz, faqat shuni ta’kidlab o‘tamizki, butun Farg‘ona uyezdlari, shaharlar bundan mustasno, bosmachilar yoki ularning yo‘lboshchilari qo‘lidadir.

Hozir ekish-tikish davri, mehnatkash, ma’mur hayot kechirishga o‘rgangan dehqon esa, yuzaga kelgan vaziyat oqibatida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib, dala ishlari uchun qimmatli bo‘lgan vaqtlarni boy beryapti, uning yerni shudgorlash, ekish-tikish uchun imkoniyati yo‘q, sababi, uning dehqonchilik qilish uchun zarur asbob-anjomlari, ulovlarini yoki bosmachilar, yoki jazo otryadlari tortib olishgan. Shu boisdan, uning tinch mehnat bilan shug‘ullanish imkoniyatidan foydalanish va unga yordamga kelish kerak. Buning uchun esa ixtiyoriy ravishda qurollarini topshiradigan va o‘zining qadrdon kulbasiga qaytib, tinch mehnat bilan shug‘ullanishni istaydiganlarga umumiy afv e’lon qilish kerak. Afv e’lon qilinganidan keyin ham ishonch qozona bilish, kambag‘allarni ta’qib etmay, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish, qarz berib, ot-ulov, asbob-anjom, urug‘liklar sotib olishlariga ko‘maklashish kerak.

Bu xayrli ishdan mamnun bo‘lgan mahalliy kambag‘allar ishchilar, dehqonlar hukumati, proletariat hukumati burjuaziyadan nimasi bilan farq qilishini bilib oladilar. Omi, savodsiz mahalliy kambag‘allardan biz shunday qilib, mehnatkashlar hukumati uchun kurashchilarni tarbiyalab yetishtiramiz. Albatta, to‘rt kallakesar: Ergash, Xolxo‘ja, Madamnn, Mahkam qonundan tashqari, deb e’lon qilinishlari kerak. Lekin bu yerda ham ularni tutib keltirishni talab qilish kerak emas. Ular hech qayoqqa borishmaydi va qilmishlariga yarasha jazolarini olishadi.

Farg‘onaning mahalliy xalqi tabiatan bosqinchi emas, balki tinchlikni istaydigan mehnatkashdir va hozircha mehnatga ishtiyoqini yo‘qotganicha yo‘q. Uning bu fazilatidan bilib foydalanib, yashashi, tinch mehnat bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratish kerak.

Hozirgi bosmachilardan qurollarini qabul qilish uchun qishloqlarga otryadlar yuborilganda (afv e’lon qilinganidan keyin, albatta), bu otryadlar tarkibiga alohida e’tibor berish kerak, toki ig‘vogar kuchlar ular orasiga kirib olib, yana har ikki tomon uchun ham foydasi bo‘lmagan ishlar bilan shug‘ullanmasinlar. Otryadga yetarli miqdorda musulmon firqa a’zolaridan kiritish kerak, toki ular o‘zlarining yaxshi muomalalari bilan qoloq ommaning ishonchini qozona bilsinlar. Faqat mana shu shartlarga rioya etilsa va afv e’lon qilinsa, foydasi bo‘lmagan, mehnatkash xalq hukumati vazifasiga kirmaydigan ishlarni to‘xtatish mumkin.

Biz, musulmonlar orasidan chiqqan kommunistlar, mehnatkashlarning farzandlari musulmon proletariatlar boshidan kechirgan kulfatlarni ichki iztirobsiz eslay olmaymiz va sodda, jafokash kambag‘allarga yordam berish istagi bilan yashab, ushbu ma’ruzada bayon qilingan fikrlarimizni markazning alohida e’tiboriga havola qilamiz.

Bizning fikrimizcha, albatta, bilimi kamroq bo‘lgan musulmon o‘rtoqlarning fikricha, inqilob mehnatkashlarning qonini to‘kmasligi, o‘z qo‘lini mehnat ahlining qoni bilan yuvmasligi kerak, aksincha, mehnatkashlar manfaatlarini hushyorlik bilan qo‘riqlab, jiddiy xato tufayli o‘z o‘rnini yo‘qotib qo‘ygan musulmon birodarini baquvvat qo‘llari bilan o‘t ichidan tortib olishi lozim. Buni esa sovuq va ochlik yilida ularni to‘la afv qilish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yo‘li bilan amalga oshirish mumkin.

Yashasin mehnatkash kambag‘allar diktaturasi!

Bitsin mehnatkash musulmonlarga ishonchsizlik!

Xolbotirov, M. Alimov.

(O‘zbekiston Jumhuriyati Markaziy Davlat arxivi, 36-fond, 1-ro‘yxat, 15-ish, 131-134 betlar.)

* * *

FARG‘ONADA DAShNOQ OTRYaDLARINI QUROLSIZLANTIRISh TUG‘RISIDA

Turkiston ASSR Sovetlari Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi Favqulodda Qomissiyasining buyrug‘i

1919 yil 26 may.

Ichki burjuaziya va xalqaro burjuaziyaga qarshi kurashayotgan Sovet hokimiyati jamiyatning faqat proletar va mehnatkash qismiga tayanishi mumkin.

Dashnoqtsutyun arman partiyasi, garchi Sovet hokimiyatini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan bo‘lsa ham, lekin o‘zida aksariyat aholining burjuaziya va mehnatkash bo‘lmagan, proletar inqilobini ixtiyoriy himoya qila olmaydigan qismini birlashtirgan.

Hayot tajribasi natijasida biz shuni bildikki, ingliz qo‘shinlari Boku shahrini Dashnoqtsutyun partiyasining taklifi va ko‘magi bilan egallashga muvaffaq bo‘ldilar, dushmanlarimizning Kaspiy ortidagi saflarida ham ularning vakillari bor edi. Nihoyat, Farg‘onada qirg‘in otryadlari mahalliy aholiga nisbatan milliy murosasizlikni namoyon etishib, Sovet hokimiyatiga qarshi harakatga aylanib ketgan keng bosmachilik harakatining kuchayishiga sezilarli darajada imkoniyat tug‘dirdilar.

Turkiston Sovet Jumhuriyati Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi Favqulodda Komissiyasi Farg‘ona aholisi tinchligini ta’minlashga intilib, Farg‘ona qo‘shinlari qo‘mondoniga arman aholisiga, Qizil Armiya saflariga kirganlari bundan mustasno, ushbu buyruq e’lon qilinganidan keyin o‘n soat davomida o‘zlarida bo‘lgan barcha qurollarni — o‘t ochish qurollarini ham, sovuq qurollarni ham, o‘q-dorilarni ham topshirishni taklif etishini buyuradi.

Bu vaqt mobaynida qurollarni topshirmagan yoki yashirgan kishilar javobgarlikka tortilib, harbiy-dala sudiga beriladilar.

Qurollarini topshirganlarning shaxsiy xavfsizligi qolgan barcha fuqarolar bilan umumiy asosda Sovet qo‘shinlari va jumhuriyatning boshqa kuchlari vositasida ta’minlanadi.

Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi Favqulodda Komissiyasi (Turar Risqulov. «Inqilob va Turkistonning mahalliy aholisi». Toshkent, 1925 yil)

 

BOSMAChILIK HARAKATIDA QATNAShGAN FARG‘ONA MEHNATKASh AHOLISINI AFV QILISh TO‘G‘RISIDA

Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi va Xalq Qomissarlari Qengashining

BAYoNOTI

1919 yil 9 iyul.

…Turkiston jumhuriyati hukumati qat’iyan bayonot beradi:

  1. Ergash va boshqa guruhlarning bosmachilik harakatida qatnashgan Farg‘onaning mehnatkash aholisi o‘z dushmanlari — quloqlar, boylar va chor rejimining malaylari tomonidan chalg‘itildi, shu boisdan ular ushbu bayonot asosida afv qilinadilar va o‘z uylariga qaytishlari, qurollarini topshirishlari va kechikmasdan, tinch mehnatlarini. davom eltirishlari kerak.
  2. Adashgan va bosmachi guruhlarida ishtirok etgan mehnatkashlar hukumat tomonidan jazolanishlari va ta’qib qilinishlari mumkin emas…
  3. Shu bilan birga, Qizil Armiya saflarida to‘la tozalash o‘tkazib, undagi ig‘vogar shaxslarni qurolsizlantirish va asosan, chinakam ishchilarni va Kommunistik partiya a’zolarini qurollantirib, tinch aholiga zo‘ravonlik qilinishiga qarshi keskin choralar ko‘rish kerak.
  4. Yuqorida bayon qilingan tadbirlarni bajarish uchun quyidagi tartibda delegatsiya yuboriladi: Komissarlar Kengashi raisi Sorokin (u o‘lka Qo‘mitasi nomidan ham vakil sanaladi), milliy ishlar xalq komissari Tursunxo‘jayev, Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi raisi Risqulov (u musulmon kommunistlar o‘lka Qo‘mitasi byurosidan ham vakil hisoblanadi) va Markaziy Ijroiya Qo‘mita a’zosi H. Husanboyev.

Bu delegatsiya darhol Farg‘ona viloyatiga jo‘nab ketib, zimmasiga yuklatilgan vazifani bajarish uchun dadil choralar ko‘rishi, o‘z navbatida Farg‘onaning barcha shaharlarida mitinglar o‘tkazib va Turkistonning markaziy hukumati tomonidan qo‘yilgan qadamlarni aholiga tushuntirish uchun bayonotlar tarqatishi kerak.

Turkiston hukumati nomidan:

Markaziy Ijroiya Qo‘mita raisi: (Kazakov).

Komissarlar Kengashi raisi: (K. Sorokin).

Milliy ishlar bo‘yicha komissar: (Tursunxo‘jayev)

Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi kotibi: (Teodorovich).

«Izvestiya» № 113, 1919 yil, 13 may, Qo‘qon shahri.

 

QIZIL ASKARLARNING FARG‘ONA QIShLOQLARI TINCh AHOLISINI AZOBLAB O‘LDIRGANLIGI, XOTIN-QIZLARNING NOMUSIGA TEKKANLIGI TO‘G‘RISIDA

(«Ishtirokiyun» ro‘znomasining axboroti. 1919 yil, 1 iyul.)

Samarqandda chiqadigan «Mehnatkashlar tovushi» rafiqimizda qizil askarlardan Axtam Imish Mirzo Afandi ushbu sarlavha ila yozgan maqolasida, Farg‘ona bosmachilar va qizil askarlar orasinda bo‘lgan urushlar haqida juda diqqatga sazovor ma’lumotlar beradur. Tarixiy bu voqealar gazetaga ko‘p qayd qilinib qolsin uchun tubanda darj etamiz. Maqola sohibi yozadir:

«Sariqo‘rg‘on bilan Dashtqishloq o‘rtasida askarimiz istirohat qilishga qo‘nib turganda dushmanlar tuyqusdan hujum etdilar. To‘rt soat urushdan so‘ng dushman qochdi. Biz ikki pulemyot va boshqa urush olatlari (aslahalar) oldik. Shu joyda bir mingdan ortiq odam o‘ldirildi. Bularning to‘rt-besh yuzi dushman bo‘lsa, qolgani tinch qishloq xalqi edi. Qishloq ichi va atrofi odam o‘ligi ila to‘ldi.

Qizil askarlar orasidagi xoinlar bechoralarning molini talash, xotin-qizlarning nomusini tahqir etish kabi qabohatlar ila mashg‘ul bo‘ldilar. Hech kim bilan hisoblashmay, boymi, bechorami — hech ajratmasdan yotqizdilar, taladilar, o‘ldirdilar. Taassufki, qizil askarlar orasindagi ba’zi musulmonlar ham bunday qabohatlarda ruslar va armanlardan qolishmadilar. Balki ortiqroq ish ko‘rdilar. Xususan, Ho‘qand qo‘shinlari (Mulla Umar yigiti bo‘lsa kerak) birinchilikni qozondilar.

Rishton volostiga borayotganimizda yo‘lda qizil askarlar orasidagi qora guruhlar har kimning uyiga kirib, bechora tinch va gunohsiz xalqning bor-yo‘g‘ini talar edilar, hech bir qishloq talanmasdan, xotin-qizlarning nomusi tahqir etilmasdan qolmadi. Alhosil, Qo‘qondan Rishtonga borgunga qadar butun qishloqlar talandi, ba’zilari yondirildi. Bir ko‘rpa bilan ketgan soldatlar 4-5 ko‘rpa, chopon va ipak kabi narsalar bilan xalta va xurjunlarini to‘ldirib qaytdilar. Ongli sinf mustasno.

Mana, butun dunyo ishchilarini qutqarish yo‘lida yurgan inqilobchi askarlarning ichida qanday odamlar yashaydirlar.

Bechora xalq o‘ldirildi, talandi, bir parcha nonga, bir choponga zor bo‘lib qoldi. Endi xalq dushmanlari bayram etadirlar. Musulmonlarning, faqir xalqning moli bilan armanlarning kissalarinp to‘ldirib, musulmon xotunlarning oxirgi kiyimlari bilan fohishalarini kiyintirurlar yoki biriga yuz baho bilan yana shul musulmonlarga soturlar. Shulmi haqiqat va shulmi insoniyatchilik?»

Bu maqolani ko‘chirgandan so‘ng, Ho‘qandda chiqqan «Xalq gazetasi», o‘z tarafidan ushbu so‘zlarni ilova qiladir:

«Agarda biz har bir xabar va ahdlarga ishonsak, Farg‘ona fojialarinda yana dahshatli va vahshatli xabarlar olamiz. Shunga ko‘ra, Sariqqo‘rg‘on voqealarida xoinlardan biri odam o‘ldirnshdan zerikib, oxiri ular barcha xalqni ko‘chaning bir tarafiga yig‘ib yotqizganlar va ustidan ot yurgizgan va chopib o‘tgan. Lekin ot odamlarni bosmay, orada ochiq joylarga qadam qo‘ygan yoki oyog‘ini bukib sapchib o‘tib ketgan. Qaysi bir odamlarning boshini qiymalab pichoq bilan chopganlar. Bu xil vahshatli xabarlar benihoya ko‘p, agarda rost bo‘lsa, ishchilar hokimiyati uchun xoinlarning yashirgan g‘oyat katta qora ishlari shular bo‘lur.

Ho‘qand fojiasidan beri Farg‘onada bir necha shahar, qishloq kuydi, bozor rastalari kulga aylandi, urush vaqtida emas, urush tamom bo‘lib, dushman qochgandan keynn ham yondirildi. Yongan-kuygan joylar va mollar ishchi va faqir xalqning kundalik ro‘ag‘orini ado qilib turgan sarmoyasi edi. Boylarniki bo‘lsa ham hukumatga, ham yurtga kerak va lozim edi. Urush o‘zi shu xil mulkni qo‘lga olish uchun edi. Taajjubki, bunday vahshatlar ham, albatta, hukumat dushmanlari, askar orasida yashiringan xoinlarning ishidur.

Yurtga ma’mur va amaldor bo‘lgan mayda milisiya, mingboshi kabi odamlarda ham rishva (pora), qo‘rqitib mol olish, o‘zicha kontributsiya solish va g‘ayri-g‘ayri qabohatlar borki, bundan yuqoriroq doiralarning aslo xabari bo‘lmaydir. Hatto mehnatkashlar jamiyatiga a’zo bo‘lgan ba’zi birovlar ham kimni qo‘rqitib, oxranaga aytib uyingni talatdiraman, deb narsalar olib yurganligi bilinib, tanbeh aytilmishdir.

Mana, dushmanlar tarafidan ishlangan bu ishlar, bu qabohatlik xalq ko‘zida, xususan, musulmonlarga, Sovetlar hukumatining o‘z ishi, asosiy qonun va odati bo‘lib ko‘rindi va ko‘rinmoqda…

Hukumat barchadan ko‘ra Turkiston va Farg‘onaning shunday hollariga diqqat etmasa, mehnatkashlar ittifoqi umumiy suratga kirib, xalq hokimiyati chin ma’nosi bilan xalqniki bo‘lishi qiyin.

Xususan, Farg‘onaning bugungi o‘g‘rilarini yo‘qotmoqda avvalgi xatolarga yo‘l qoldirmaslik iloji qilinmasa, voy Farg‘onaning holiga!

 

* * *

ShARQIY BUXORODAGI SIYoSIY AHVOL, QIZIL ARMIYa QISMLARINING AHOLI MOL-MULKINI TALAGANLIGI TO‘G‘RISIDA

(BXSR Markaziy Inkilob Qo‘mitasi raisi A. Oripovning Sharqiy Buxoro diktatorlik komissiyasi raisi E. Hakimov bilan telefon orqali suhbatidan. 1921 yil).

Men, Hakimov Eshmurodning shaxsiy kotibi uning xatini uzataman (Uning o‘zi yo‘qligi sababli).

Lekin har holda o‘rtoq Oripovning kelishini menga ma’lum qilinsa bo‘lardi…

Sharqiy Buxoroning Sherobod, Qarshi, G‘uzor, Boysun va boshqa viloyat va tumanlarining vakillari qatnashadigan qurultoy chaqiriladigan bo‘ldi. Qurultoy o‘tkaziladigan joy qilib Boysun belgilandi. Sharqiy Buxoroda lozim bo‘lgan tartibni va tinchlikni o‘rnatmasdan, aholidan olinayotgan oziq-ovqat, boshqa eng zarur buyumlar va ot-ulov uchun haq to‘lanmasdan, shuningdek, qizil askarlar va boshqalar aholiga nisbatan zo‘ravonliklar, masalan, fuqarolarga nisbatan beboshliklar qilish, ularni talash va haqoratlash hollariga chek qo‘ymasdan avval qurultoy chaqirish maqsadga muvofiq emas, deb o‘ylayman.

…Sharqiy Buxoroning transporti ham mana shunday ayanchli ahvolda. Bu shu bilan izohlanadiki, ot-ulov egalari otlari, eshaklari, tuyalarini foydalanishga berganliklari uchun haq olmayaptilar. Yuk tashish uchun olingan tuyalar va boshqa uy hayvonlari egalariga o‘z vaqtida qaytarilmaydi. Ularni duch kelgan odam sotib yuboradi yoki o‘ziniki qilib oladi yoki ular qarovsizlikdan och qolib o‘ladi. Shuning uchun ot-ulov topish qiyin, ko‘pincha zo‘ravonlik bilan tortib olishga to‘g‘ri keladi.

(O‘z.JMDA. 48-fond, 1-ruyxat, 66-ish, 235-bet).

 

* * *

MILLIY SIYoSATIMIZ VA BOSMAChILIK HARAKATI

(Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi a’zosi Q. S. Otaboyevning MIQ sessiyasi majlisidagi ma’ruzasidan. 1922 yil, 18 fevral).

O‘rtoqlar, bosmachilik bizning Turkistondagi va ehtimolki, hatto butun Sharqdagi ishimizga katta dashnomdir. Agar shunday bo‘lmasa, bosmachilik to‘rt yil mobaynida tugashi u yoqda tursin, balki, aksincha, u Farg‘onada kengayib, boshqa viloyatlarga yoyildi va Samarqand viloyatini, Surxondaryoning bir qismini va Turkmaniston viloyatlarini qamrab oldi. Bu shu bilan izohlanadiki, bizning to‘rt yil mobaynida amalga oshirgan barcha ishlarimiz mahalliy aholi orasida asrlar mobaynida shakllangan hayot, turmush tarzi, an’analariga to‘la ziddir. Bizning vaziyatni hisobga ola bilmasligimiz hammamiz uchun umumiy bo‘lgan kasallikdir. Bu kasallik u yoki bu darajada rahbarlik rolini bajarishimizga to‘g‘ri kelgan bir qator qo‘shnn davlatlarda bizni og‘ir mushkulotlarga ro‘para qildi.

Bizning Farg‘onadagi xatolarimizni, nojo‘ya ishlarimizni va ayrim o‘rinlarda esa, bemazagarchilnklarimizni yaqqol ko‘rsatish uchun biz bilan qo‘shnp bo‘lgan davlatlardagi ishlarimizga qisqacha to‘xtab, ta’rif berish zarur deb o‘ylayman…

Agar biz hozir Xivani misol keltirsak, bu yerdagi ishimizni ham boshqa joylardagidan kam bo‘lmagan achinarli yo‘sinda barbod qilganligimizni ko‘ramiz.

Sizlar bilasizki, Oktyabr inqilobidan keyin biz nima qilib bo‘lsa ham Xivani inqiloblashtirishga intildik. Biz bu yerdagi harakatimizda ilgarigi xon davrida bosh vazir bo‘lgan Junaydxonga duch keldik.

Biz Xiva xonligining poytaxti — Xiva shahrini bosib oldik. Xiva xonini qamadik, lekin Junaydxonni uzoq vaqt yo‘q qilolmadik, agar bizga baxtli tasodif yordam bermasa, yo‘q qilishimiz dargumon edi. Junaydxonga qarshi kurashga tasodifan turkmanlarning boshqa yo‘lboshchilari, aynan Junaydxonga qarshi bo‘lgan G‘ulomali va Qo‘shmamad degan shaxslar jalb etildi. Natijada biz ikki urug‘ning kurashiga erishdik, Junaydxon esa, G‘ulomali va Qo‘shmamadning Qizil Armiyaga bergan yordami tufayli jangovar qo‘shilma sifatida yo‘q qilindi.

Lekin mana shu birinchi muvaffaqiyatlarimizdan keyin biz yana shu yerda, Xivada atrofdagi vaziyatni bilmasligimizni va hisobga olmasligimizni, hayron qolarli darajada so‘qirligimizni namoyish etayapmiz.

Men bu borada ko‘p to‘xtalmayman, balki Xivada ikki xalq — yomudlar va o‘zbeklar yashashini, ular qadimdan o‘zaro, asosan, suv talashish oqibatida bir-birlariga dushman bo‘lib kelganliklarini ko‘rsatib o‘taman. O‘zbeklar hududiy jihatdan sug‘orish tarmoqlarining boshini, quloq qismlarini egallaganlar, mavjud suvning salmoqli qismini olish imkoniyatiga egalar, yomudlar esa quyi qismlarda joylashganliklari natijasida oqava suvlardan foydalanishga majburlar. Suvning bunday baravar taqsimlanmasligi doimiy anglashilmovchiliklar, janjallar, tez-tez bo‘ladigan qurolli to‘qnashuvlarning bitmas-tuganmas manbai bo‘lib xizmat qilgan. Bu dushmanchilik yangi tashkil etilgan hukumatga — Nozirlar Kengashiga ham o‘tdi.

Turkmanlar ham, shu jumladan, G‘ulomali, Qo‘shmamad ham kirgan Nozirlar Kengashida so‘nggilarga qarshi fitnachilik boshlandi. Ularni davlatga xiyonat qilishda, davlat to‘ntarishini tayyorlashda va boshqalarda ayblay boshladilar. Afsuski, o‘sha paytda Xivada bo‘lgan Federatsiyaning muxtor vakillari Shokirov va Malishev shu fitnaga ishondilar va natijada Junaydxonni yo‘q qilishda bizga shunday katta xizmat qilgan G‘ulomali va Qo‘shmamadni otryadi bilan tugatishga qaror qilindi. Ularni butun kuchlari bilan tugatish uchun maxfiy yo‘sinda tez vaqt ichida, go‘yoki Buxoroga yurish tayyorlanayotganligi e’lon qilindi va barcha yigitlari bilan Xivaga kelish taklif etildi.

Menga bu ish tarixi bilan o‘zim a’zo bo‘lgan Favqulodda tribunalga berilgan tergov materiallari asosida batafsil tanishishga to‘g‘ri keldi.

Qo‘shmamad va G‘ulomali hech narsadan shubha qilmay, Xivaga kelishdi va o‘zlariga ko‘rsatilgan binolarga joylashishdi. Shu kecha Qo‘shmamadga bizning qizil armiyachilarimiz to‘satdan hujum qilishib, uni qamoqqa olishdi va yigitlarini qurolsizlantirishdi. Qo‘shmamad qamalganidan keyin bir necha soat o‘tgach, yaqin xodimlari tomonidan chopib tashlandi. G‘ulomali qochdi.

G‘ulomali qochganligi ma’lum bo‘lganidan keyin, uni quvadigan jazo otryadi tuzilib, u o‘z yo‘lidagi bir nechta qishloqni yo‘q qilib yubordi.

Yomud aholisi bundan xabardor bo‘lganida, ular hamma narsani tashlab, birovlari otda, birovlari tuyada, ho‘kizda, piyoda xotinlari va bolalarini olib, turkman viloyati tomon qochishdi va suvsiz sahroda ming kilometrlab yo‘l bosib, Kaspiy dengizigacha kelishdi va Eronda to‘xtashdi.

Bu voqealar biz naqadar savodsiz ekanligimizni va ijtimoiy kuchni ham, ular o‘rtasidagi nisbatni ham hisobga olishga qodir emasligimizni ko‘rsatadi.

Bular natijasida quyidagicha ahvol yuzaga keldi: 1) jami yomudlar xonavayron bo‘lishdi; 2) Junaydxon boshchiligida boshlangan bosmachilik shu paytgacha davom etyapti; 3) butun turkman aholisi o‘rtasida umumiy norozilik kuchaydi.

Endi o‘rtoqlar, e’tiborimizni Buxoroga qarataylik, bu yerda ham vaziyatni tushunmaslik holati yaqqol namoyon bo‘lmoqda, bizga shunday ahvolda ishlashga to‘g‘ri kelyapti. Biz ikki yil muqaddam Qizil Armiyamiz kuchi bilan qariyb butun Buxoroni egalladik va u yerni ikki yil boshqarganimizdan keyin Anvar poshshodek kishilarning paydo bo‘lishi uchun qulay vaziyat yuzaga kelyapti, Buxoroning butun aholisi Sovet hokimiyatiga qarshi bosh ko‘taryapti.

Men bir necha kun muqaddam Buxoroda bo‘ldim va qisqa vaqtda shuni aniqladimki, biz bu yerda ham noto‘g‘ri siyosatimiz tufayli aholini o‘zimizga qarshi qilib olibmiz.

Misol tariqasida bir diqqatga sazovor dalilni keltiraman: notiqlar Buxorodagi inqilobning mohiyatini tushuntirib, emishki, bizning inqilobimiz boshqa inqiloblardan shunisi bilan farq qiladiki, u nafaqat amirga qarshi, balki Xudoga qarshi ham qaratilgandir, deyishibdi. Bu gap «sharif» deb ataluvchi Buxoroda, din eng chuqur ildiz otgan, butun turmush tarzi dinny asosga qo‘yilgan va aholisi eng dindor va mutaassib bo‘lgan Buxoroda aytildi va tabiiyki, butun aholini o‘zlariga qarshi qilib olishdi.

Hozir Buxoroda e’lon qilingan yon berishlar tufayli, jumladan, qozi kalonlik tiklanganligi, vaqflar qaytarilganligi va boshqa bir qator yon berishlar tufayli, aholining kayfiyatida ma’lum o‘zgarishlar yuz berdi va u bosmachilikni tugatishda bevosita ishtirok etyapti, shubhasiz, Buxoroda bosmachilarga qarshi kurash nihoyasiga yetadi.

Endilikda qo‘shni jumhuriyatlardagi ishimizga qisqacha ta’rif berilganidan keyin Farg‘onadagi ishimizga to‘xtab o‘tish kerak, deb o‘ylayman.

Farg‘onaga Sovet hokimiyatini temir yo‘l ishchilari olib kelishdi, ular uzoq vaqt mahalliy aholi bilan umumiy til topisholmay yurishdi. Farg‘onada Sovet hokimiyati paydo bo‘lishi bilan bir paytda bir guruh musulmon ziyolilari ulamolar bnlan birgalikda musulmon jangchilari va dehqonlarining qurultoyini chaqirdilar. Shu qurultoyda Turkiston Muxtoriyatining hukumati saylandi. U barcha talonchi va o‘g‘rilarga afv e’lon qilib, ularni Farg‘onada tashkil etilgan milliy armiya safiga qo‘shilishga da’vat etdi. Darvoqe, o‘g‘riligi va talonchiligi uchun chor hukumati tomonidan katorgaga jo‘natilgan va inqilobdan keyin qaytib kelgan Ergash ham shu yoqqa taklif qilindi. U «qo‘rboshi» etib tayinlandi. Buning tarjimasi Qo‘qon shahar soqchilarining boshlig‘i degan so‘zdir.

Bu bandani tugatish uchun Qo‘qonga o‘rtoq Perfilev boshliq otryad yuborilib, u shaharni qamal qilishga kirishdi. Muxtor hukumat Murojaatnoma e’lon qilib, barcha musulmonlarni islom dinini, milliy ozodlikni va Muxtor hukumatni himoya qilish uchun milliy armiya safiga qo‘shilishga chaqirdi. Haqiqatda ham yaqin qishloqlar bu murojaatnomani ma’qullashdi va Qo‘qonga ketmon, bolta, ov miltiqlari va boshqalarni ko‘tarib kelishdi. Jang uch kun davom etdi. Bu vaqt davomida Muxtor hukumat yo‘q bo‘ldi, Ergash ham ketdi. Qo‘qon olingan paytda shaharda unga yordamga kelgan qishloqliklar qolishgan edi. O‘shalar hammadan ko‘p jabr ko‘rishdi.

Bizning otryadda fikri buzuq kishilar anchagina edi. Ular yuzaga kelgan vaziyatni tezda hisobga olishdi va pul to‘plashga ahd qilishdi. Hujum, asosan, savdo rastalariga qaratildi. Barcha mahalliy savdogarlar otib tashlandi, ularning mulklari omborlarga va vagonlarga tashib ketildi, qolgani esa yoqib yuborildi. Aholi zo‘rlandi, talandi, shahar esa vayron qilindi.

Farg‘ona aholisi, bunday shafqatsizlik bilan jazolashni ko‘rib, muxtoriyatchilarning bolsheviklar chindan ham talonchi va kallakesar, ular hech narsani tan olishmaydi va dinga, Xudoga qarshi borishadi, degan gaplariga ishonishdi…

Muxtoriyat tugatilganidan keyin Sovet tashkilotlari tuzila boshlandi. Sovetlar — Ishchi-Dehqan va Qizil Armiya Sovetlari deb atala boshlandi, mahalliy aholi orasida esa ishchilar yo‘q edi va sovet apparatlari ma’lum vaqt mahalliy aholidan ajralgan holda faoliyat ko‘rsatdi. Yuzaga kelgan ahvoldan bu paytda qaytib kelishgan, chor hukumati tomonidan front ortidagi ishlarga yollangan mahalliy ishchilar «qutqarishdi».

Sizlarga ma’lumki, mahalliy aholining 1916 yilda mardikorlikka olinishi Samarqand va Yettisuv viloyatlarida bir qator qo‘zg‘olonlarga sabab bo‘ldi. Farg‘onada qo‘zg‘olon qilishmadi va aholi bu tashvishdan juda ehtiyotkorlik bilan pul berib qutulib qoldi: u o‘ziga alohida soliq solib, to‘plangan pulga qalang‘i-qasang‘ilarni — qimorbozlar, kissavurlar, Farg‘onada to‘lib-toshib yotgan ishsizlarni yolladi. Ular frontlarda bir yil bo‘lganlaridan keyin uylariga «haqiqiy ishchilar» bo‘lib qaytishdi va kelgan zahotlari mahalliy Sovetlarga ishga jalb etildilar. Farg‘onada Sovet hokimiyati mana shunday vaziyatda tuzildi.

Bizning siyosiy ishlarimiz u yerda qay yo‘sinda amalga oshirildi? Bizning «Bitsin eski dunyo, bitsin burjuaziya!» shiorimiz taxminan quyidagi tartibda hayotga joriy etila boshlandi: «Eski dunyo» deganda biz masjidlar, madrasalarni tushunib, ularni yopdik, qozi, ulamolarni qamadik, diniy xurofotlarga qarshi kurash shunda ifodalandiki, Sovet hukumati vakillari Marg‘ilonda musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Qur’onni yoqishdi, Andijondagi jome masjidi kazarmaga aylantirilib, u yerda bachchabozliklar qilindi.

Bizning otryadlarimiz masjidlarga hujum qilib, Qur’on tilovat qilayotgan eshonlar, ulamolar ustiga bombalar tashlashdi. Natijada ulamolar va eshonlarning hammasi bosmachilar tomoniga o‘tib ketishdi.

Mahalliy boylarni biz Ovro‘pa burjuaziyasi qatori baholab, hibsga olib, qamoqqa tiqib, ma’lum miqdorda tovon to‘laganidan keyin ozodlikka chiqardik. Bu yerda men yana bir narsani ta’kidlab o‘tmoqchiman. Leninga suiqasd Farg‘onada boylarga nisbatan qatag‘onga sabab bo‘ldi. Ularni: «Siz, ablahlar, Leninning joniga suiqasd qildinglar»,— deb qamay boshladilar… sinfiy kurash shunday davom etdi.

Bizning xo‘jalik ishlarimizga kelganda, mutlaq dehqonchilik va mayda hunarmandchilik o‘lkasi bo‘lgan Farg‘ona «Kommuna» deb e’lon qilindi. Bu borada ma’lum dekret mavjud edi. Barcha yer maydonlari, eng kichik maydonlargacha davlat mulkiga aylantirildi. Natijada ko‘chaga chiqarib tashlangan ishchilarning katta qismi bir burda nonsiz qolishdi.

Agar bunga inqilobning birinchi davrida paxta tozalash zavodlarining katta qismi berkitilganligini qo‘shadpgan bo‘lsak, u holda shu narsa ma’lum bo‘ladiki, Farg‘onada har jihatdan — siyosiy jihatdan ham, tashkiliy- jihatdan ham qiyin ahvol yuzaga kelgan edi. Tabiiyki, bu kadrlarning hammasi bosmachilarga borib qo‘shilishdi.

Yana shuni aytish kerakki, biz shu tadbirlar bilan birga otlarni oldik va majburiy mehnatga jalb qildik, odamlarni Qizil Armiyaga chaqirdik. Biz shu ishlar bilan baravar g‘alla monopoliyasini va oziq-ovqat razvyorstkasini o‘tkazdik, natijada butun aholi — boylar ham, ruhoniylar ham, dehqonlar va hunarmandlar ham, hamma yoppasnga sovet tuzumiga, sovet tartibiga qarshi bosh ko‘tardi va bosmachilar tomoniga o‘tib ketib, dastlab bu harakatga sof bosqinchilikka xos yo‘sin, g‘oyaviy mazmun baxsh etishdi. Shuni ham aytish kerakki, 1919-1920 yillarda Farg‘onada banditizm emas, bosmachilik ham emas, ma’lum xalq qo‘zg‘oloni yuz berdi. 4 yil davomida biz hatto bu harakatning qay yo‘sinda ekanligini ham bilolmay, u qo‘zg‘olon bo‘lgani holda, bosmachilik deb yurdik. Bosmachilikning tarjimasi, banditizm demakdir va uni bunday belgilash mazkur masalani hal etganda noto‘g‘ri yondashuvga olib keldi. Va biz 4 yil mobaynida bu harakatni hech tugata olmadik. Sovet hukumati tobora kuchayib borayotgan qo‘zg‘olonga duch kelganida, yirik shaharlarda mustahkam o‘rnashib, unga qarshi kurash olib bordi…

Dastlabki paytda bizning Qizil Armiya qismlari yagona qo‘mondonlik ostida birlashtirilmagan edi va har bir shahar bosmachilarga qarshi mustaqil kurash olib bordi. Qizil Armiya otryadlari, asosan, mahalliy aholi bilan hech bir bog‘liqligi bo‘lmagan va o‘zining kelib chiqishi jihatidan unga dushman bo‘lgan kishilardan iborat edi. Armanlar tijoratchilar sifatida o‘zlarining kundalik hayotida mahalliy aholi bilan raqobatlashib kelishgan. Mana shu otryadlar u paytda juda kuchli bo‘lgan, bizning har qanday otryadlarimiz bilan jang qilib, ularning siquviga bardosh berib aksariyat hollarda aholining qo‘llab-quvvatlashi bilan g‘olib chiqishi mumkin bo‘lgan bosmachilarga qarshi kurashdilar.

Mahalliy xodimlar, nihoyat, o‘sib, faqat mahalliy tinch aholnni talash va zo‘rlik qplish bilan shug‘ullangan bu otryadlarga qarshn norozilik bildiradigan bo‘lgunlaricha bir necha yil o‘tdi.

Bu otryadlarning harakatini ta’riflash uchun men ikki-uch misolga to‘xtalaman. Shulardan bosmachilikka qarshi kurash qanday olib borilganligi ma’lum bo‘ladi…

Bosmachilarga qarshi borayotgan bizning otryadimiz ularning otryadi bilan uchrashdi. Bosmachnlar mudofaa kurashi olib borish uchun So‘zak qishlog‘iga ketishdi. Bizning otryadimiz qishloqni himoya qilib, uni pulemyotdan o‘qqa tutdi. Tinch aholi qishloqdan qochib chiqib, daryo o‘zaniga yashiringanda, ularning hammasi pulemyotdan o‘qqa tutilib, bitta qo‘ymay qirib tashlandi.

Sizlarga shuni aytish kerakki, biz bir payt bosmachilikni miltiq va qilich vositasida yo‘q qilishni o‘ylab, «bosmachilik bilan shikastlangan» katta-kichik qishloqlarni rahmsizlarcha yo‘q qildik, oqibatda, aholi Sovet hokimiyatidan tobora uzoqlasha boshladi, butun Farg‘onani bosib olganligimiz ham bizga yordam bermadi. Bir payt Farg‘onaga 30 ming qo‘shin tashlandi va barcha yirik qishloqlarni Qizil Armiya garnizonlari ishg‘ol qildi. Aholi bizga dushman bo‘lib qoldi, bosmachilar garnizonlarimizni yo‘q qila boshladilar, nihoyat, biz qo‘shinlarni qishloqlardan oldik.

Ayrim brigadalarni butun vodiy bo‘ylab harakat qildirib, Farg‘onani tozalash tartibi yo‘lga qo‘yildi — bosmachilar ular orasidan panja orasidan o‘tganday o‘tib ketaverishdi. Kurash jarayonida bosmachilar katta tajriba to‘plashdi, bizning xatolarimizni hisobga olishdi, ajoyib razvedkani yo‘lga qo‘yishdi: bizning otryadlarimiz harakati ularga oldindan ma’lum bo‘lardi, hamisha vaqtida chekinishardi yoki hujumga o‘tganimizda biz bilan jang qilmay, uchqur otlariga minib, qochib qolishardi. Yoki otryadlarimiz harakati yo‘nalishini bilib, darhol jangovar saflarini tarqatib, qurollarini yashirishardi va bizning otryadlarimizni tinch aholiday kutib olishardi, oziq-ovqat keltirib berishardi va otryadlar ketishi bilan orqadan zarba berishardi. Ko‘pincha ular bizning otryadlarimizni 20-30 chaqirimgacha ta’qib qilib, yonboshdan o‘qqa tutishardi, yo‘llarning ikki tomoni butkul bog‘lardan iborat bo‘lgani uchun ularni ko‘rib bo‘lmas edi.

Bu ahvol qizil askarlar kayfiyatiga juda yomon ta’sir etardi va ular fig‘onlari ko‘kka chiqib, ko‘pincha mutlaqo tinch aholini qirishardi.

Bular natijasida qo‘mondonlikda va qizil askarlar o‘rtasida aholining hammasi bosmachi, degan fikr vujudga kelgan edi.

Jazolash siyosati ham xuddi shunday tushuncha asosida amalga oshirildi. Ular nisbatan uzoq vaqt garovga olish usulidan foydalanishdi. Garovga olinganlar shu qadar ko‘payib ketdiki, butun Farg‘onada ularni qamash uchun joy yetishmay qoldi. Garovga olinganlarni to‘da-to‘da qilib otish ham bosmachilik harakatini to‘xtata olmadi.

Tez vaqt ichnda Farg‘onada bosmachilar bilan aloqada shubha qilinmagan bironta ham musulmon qolmadi. Nihoyat, bizning jazolash siyosatimiz bosmachilarga qarshi kurashning yangi tizimi bilan tugadi, bu barcha bosmachilarni hisobga va ro‘yxatga olishdan iborat edi. Shu yo‘l bilan ishlagan qo‘llanmaga amal qilib, favqulodda komissiyaning mahalliy tashkilotlari mahalliy aholini so‘roq qilish orqali bosmachilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga kirishdilar.

Sotqinlik qilganlarni bosmachilar so‘yib ketishini bilgan revkomlar aslida yo‘q odamlarning nomlarini aytishardi. Bu ro‘yxatlar asosida bosmachilarni ushlash mutlaqo kutilmagan muammolarni yuzaga keltira boshladi, hech qachon bosmachi bo‘lishi mumkin bo‘lmagan kishilarni ushlashdi.

Shundan keyin Turkiston fronti shtabi tomonidan armiyamizni sog‘lomlashtirish bo‘yicha bir qator yirik tadbirlar belgilandi. Dashnoqchi otryadlarni Farg‘onadan katta qiyinchilik bilan olib chiqib ketishga erishildi. Armiyada temir intizom o‘rnatildi, shubhali shaxslar armiyadan haydaldi, qo‘mondonlik yagona rahbarlik ostida birlashtirildi. Shu bilan birga, partiya tomonidan aholini (bosmachilar tomoniga o‘tganlarni) tinch mehnatga da’vat etuvchi bir qator siyosiy, kampaniyalar o‘tkazildi.

Ayni paytda uzluksiz harbiy harakatlar natijasida tinkasi qurigan Farg‘ona aholisi vujudga kelgan ahvoldan qutulish yo‘lini izlashga kirishdi va qo‘rboshilarga ta’sir ko‘rsatib, ularni Sovet hokimiyati tomoniga o‘tishga unday boshladi.

Nihoyat, 1921 yil avgustda Farg‘ona bosmachilari Turkiston Sovetlarining X qurultoyiga rasman murojaat qilib, tinch muzokara olib borish to‘g‘risida taklif kiritdilar, dinga, xo‘jalik va siyosatga daxldor bir qator shartlarni qo‘ydilar. Bu shartlar shariatni tan olishdan, masjidlar, madrasalar va maktablarni ochishdan, vaqfni, diniy boshqaruvni qayta yo‘lga qo‘yishdan, erkin bozorga, dehqonchilik xo‘jaligiga va hunarmandchilik ishlab chiqarishiga yo‘l berishdan va bosmachilar otryadlarini Qizil Armiya safiga qabul qilishdan iborat edi. Muzokaralarda tinch aholi ishtirok etdi va hech shubhasiz, bu talablar ayni vaqtda xalq talablari ham edi.

Biz hech bir shartlarga ko‘nmadik. Aslnda bu payt biz uchun eng qulay edi. Bu yerda biz aholi bilan uzil-kesil kelishishimiz va viloyatni tinchitish borasida yirik muvaffaqiyatlarga erishishimiz mumkin edi. Tinch muzokaralarning bilib va oqilona olib borilishi, shubhasiz, bosmachilik saflarini ancha parchalab tashlash imkonini berar edi. Bu qisqa davrda ikki voqea sodir bo‘ldi. Birinchi navbatda nufuzli qo‘rboshilardan biri — Boytuman taslim bo‘ldi, taslim bo‘lganlarni afv etish to‘g‘risida buyruq mavjudligiga qaramay, uni 40 yigiti bilan qo‘lga olib, qamoqqa tiqishdi. Farg‘onada Sovet hokimiyati tomoniga o‘tgan qo‘rboshilarning ikkinchi guruhi xoinlarcha ushlanib, otib tashlandi.

Bu ikki hodisa butun aholini yana bizdan bezdirdi, bosmachilik esa yangi kuch bilan alanga oldi. Biroq bu muzokaralar biz uchun samarasiz bo‘lib qolmadi. Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi keyingi oylarda bir qator dekretlar e’lon qilib, aholi talablarini hal qildi, ishimizda «siyosiy yon berishlar» nomi bilan yangi yo‘nalish yaratdi: bular qozilar sudi, vaqflarning qaytarilishi, madrasa, maktablarning ochilishi va boshqalardir.

Bu siyosiy yon berishlar aholiga xo‘jalik yuritishning mo‘tadil sharoitlariga o‘tish imkonini bergan yangi iqtisodiy siyosat (NEP) o‘tkazilishi bilan bir paytga to‘g‘ri keldi. Bular hammasi yig‘ilib, omma kayfiyatida Sovet hokimiyati tomoniga ma’lum ijobiy o‘zgarishni yuzaga keltirdi. Shu paytgacha aslida bosmachilarning g‘oyaviy rahbari bo‘lgan Hojimat Eshon boshliq ruhoniylar sekin-asta bosmachilardan uzoqlashishdi. Aholi ko‘z o‘ngida «muqaddas» hisoblangan, muridlari bo‘lgan Hojimat Eshonning qizillar tomoniga o‘tishi, ulamo va eshonlar qurultoyi, shundan keyin Farg‘ona ruhoniylari tomonidan bir qator bayonotlar va murojaatnomalar e’lon qilinishi barcha tiich aholiga sergaklantiruvchi ta’sir ko‘rsatdi. Bir paytning o‘zida Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi taslim bo‘lgan qo‘rboshilar va ularning yigitlarini afv etish to‘g‘risida dekret e’lon qilib, ularning shaxsiy xavfsizliklari va mulkiy daxlsizliklari to‘la kafolatlandi.

Aholi bosmachilarning boshliqlaridan Sovet hukumatiga taslim bo‘lishini qat’iy talab qila boshladi. Shu asosda aholi bilan bosmachilar orasi keskin buzilib, ba’zi bir tumanlarda tinch aholi bosmachilarni otib tashladi yoki ularning to‘dalarini yo‘q qilib tashladi.. Keyingi yuz bergan jarayonlar bosmachilarni tayanch kuchlardan mahrum qildi, aholi ularni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi. Bosmachilar muntazam talonchilik bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lishdi. Tinch aholi vakillari o‘zlarini bosmachilardan muhofazalashni qat’iy talab etib, Sovet hokimiyatiga murojaat qila boshladi. Bizlarga u yoki bu qishloqqa qizil askarlar otryadlarini garnizon sifatida berishni so‘rab ommavny talabnomalar tushdi, garnizonlarni oziq-ovqat bilan ta’minlashni qishloq aholisi o‘z zimmasiga ola boshladi. Qo‘mondonlik ularning talablarini qondirishga qodir emasdi. Garnizonlar qo‘yilgan qishloqlarda esa harbiylar o‘zlarining beboshliklari bilan aholini shunday bezor qildiki, natijada ular ustidan muntazam shikoyat qilishga majbur bo‘lishdi. Shunisi ham bor ediki, garnizonlarni u yoki bu qishloqda uzoq qoldirishning iloji yo‘q edi. Ko‘p hollarda ular harbiy topshiriqni bajarish uchun bir tumandan ikkinchi tumanga tashlanar, natijada qishloqlar himoyasiz qolardi. Qizil askarlar ketishi bilan qishloqlarga darhol bosmachilar hujum qilishar va barcha nufuzli vakillarni so‘yishardi. Buning oqibatida garnizonlar qishloqdan chiqib ketishi bilan, ular bilan birga, butun aholi ham o‘zining barcha mulklari va ekinlarini tark eta boshladi. Bu hol ularni og‘ir, ilojsiz ahvolga soldi, och qoldirdi. Bizning yordamimizdan hafsalasi pir bo‘lgan aholi hukumatdan o‘z-o‘zini himoya qilish uchun qurol berishni talab qila boshladi. Afsuski, harbiy qo‘mondonlnk bosmachilar qo‘liga o‘tib ketishidan qo‘rqib, qurol berishdan bosh tortdi. Aholi bu xo‘rliklar — bosmachilarning talonchiliklarini, qatli omini, umumiy vayrongarchilik va o‘z ahvoli yaxshilanishidan umid yo‘qligini tangri yuborgan jazo deb bildi. Diniy kayfiyat butun Farg‘onani chulg‘ab oldi. Hajga borish uchun umumiy harakat boshlandi.

Ayrim shaxslar, musulmon guruhlar, ko‘pincha butun-butun qishloqlar o‘z xo‘jaliklarini tugatib, so‘nggi ignalarigacha sotib, o‘z oilalari bilan, farzandsizlar oldindan xotinlaridan ajralib, poyezdlarga o‘tirib, Makkaga yo‘l ola boshlashdi. Makkaga ketish harakati shu darajada jiddiy ediki, u Farg‘onaga katta xavf sola boshladi. Shunday vaziyatda mening raisligimda bosmachilarga qarshi kurash bo‘yicha Alohida Komissiya ta’sis etilib, u 1922 yil 15 fevralda Farg‘onaga keldi.

Farg‘onani biz quyidagi ahvolda ko‘rdik. Butun viloyat bosmachilar qo‘lida edi. Qo‘qon shahri, Farg‘ona gruppasi shtabi va harbiy qismlarning ancha salmoqli qismi joylashgan viloyat markazining yarmigina bizniki edi.

Qorong‘i tushishi bilan eski shahar bosmachilar qo‘liga o‘tar va o‘sha tomondan yordam so‘rab qilingan dod-voylar eshitila boshlardi. Eski shahar bilan katta ko‘chalar jamlangan yangi shaharni bitta kichik soy ajratib turardi. Ammo u tomondagilar eski shahardagilarga yordam berish uchun biron-bir chora ko‘rishmasdi.

Qo‘mondon bosmachilarni qo‘rqoq banditlar sifatida ta’riflab, ular eski shaharga hujum qilishganida, bosmachilar soydan o‘tishga jur’at qilmasliklarini bilib, mutlaqo xotirjam uxlashi haqida gapirdi. Ixtiyorida Favqulodda Komissiya otryadi bo‘lgan Alohida bo‘lim boshlig‘i ochiq tan olib: «Dod-voy qilganlarga yordam berish juda xavfli, bosmachilar hamisha pistirma qo‘yishadi», — dedi. Shahardan ikki chaqirim narida, Afg‘onbog‘ degan joyda bosmachilarning oldingi postlari navbatchilik qilishardi va ularni tugatishni hech kim o‘ylamasdi…

…Andijon shahri bundan ham og‘irroq ahvolda edi. Uezd revkomi a’zolari, hech bir mubolag‘asiz, bosmachilarning o‘qlari ostida ishlashardi, kechqurun soat 6 da hamma asosiy ko‘chadan bosmachilar bilan otisha-otisha, yangi shaharga kelishardi. Jalolobod shahri bugun-erta taslim bo‘lishi kutilayotgandi. O‘sh shahri tashqi dunyodan mutlaqo uzib qo‘yilgan edi.

Biz viloyatni birinchi marta katta tavakkal bilan aylanib chiqdik. Gorchakovo bekatiga kelib ketganimizdan keyin ikki soat o‘tgach, bosmachilar hujum qilishdi. Zarba bizga qaratilgan edi, lekin kechikdi.

Biz viloyatdagi ahvol bilan tanishgach, shunday qat’iy fikrga keldikki, aholi kurashga jalb etilmaguncha, Farg‘onada bosmachiliknn harbiy tartibda tugatib bo‘lmaydi. Bizning faqat ovro‘paliklardan iborat harbiy otryadlarimiz bosmachilarni topisholmasdi. Juda puxta tayyorlangan harbiy zarbalar hamisha muvaffaqiyatsiz tugardi yoki ozgina g‘alaba keltirardi. Hamma sir bosmachilarning taktikasida edi: pistirmadan turib hujum qilishardi, hech betma-bet jang qilishmasdi, joylarni yaxshi bilishardi, tezda tarqalib, yaxshi otlarda qochib qolishardi. Aytaylik, masalan, bizning otryadimiz kuppa-kunduzi yo‘lda borayotib, bosmachilarning qattiq o‘q yomg‘iri ostida qolishardi. Qizil askarlar otishga tutinsalar, odatda, paranji yopinib, xotirjam borayotgan o‘zbek ayoliga yoki ishlayotgan dehqonga, nonvoyga yoki masjid oldida o‘tirgan nuroniy mo‘ysafidga va boshqalarga duch kelishar edi. Ulardan: «Bu yerda hozir otayotgan bosmachi qani?» — deb so‘rasangiz, qo‘llari bilan bir tarafni ko‘rsatishardi, lekin qizil askarlar uzoqlashmay, orqadan o‘zlariga qarata uzilgan o‘q tovushini eshitishardi. Bosmachi, shunday qilib, turli-tuman usullardan foydalanadi va har qanday qizil askar oppa-oson uning hiylasi qurboni bo‘lishi mumkin. Bosmachilarning bu taktikasi tinch aholini bizning otryadlarimiz zarbasiga ro‘para qilib, ancha qayg‘uli natijalar berishi mumkinki, bu bosmachilarga juda qo‘l keladi, negaki, ranjitilgan aholi hamisha ularga madad bo‘lib xizmat qiladi.

Bunday ahvolda, shubhasiz, ushbu boshi berk ko‘chadan chiqishning yagona yo‘li aholining o‘zini bosmachilikka qarshi kurashga jalb etishdan iborat edi, chunki faqat aholigina udarning barcha o‘ziga xos tomonlarini hisobga olishi, ularga muvofiq kuchlarni qarshi qo‘ya bilnshi mumkin. Mahalliy tub aholini kurashga jalb etishnn nafaqat strategik mulohazalar, balki siyosiy maqsadlar ham taqozo etar edi, nainki, ruslarga qarshi, dinni, millatni himoya qilish bahonasida paydo bo‘lgan bosmachilik mahalliy ommani jalb etish bilan o‘zining asosiy mohiyatini yo‘qotardiki, bu viloyatda tinchlikni barqaror qplish ishining muhim tomonidir…

(O‘zJMDA, 17-fond, 1-ro‘yxat, 90-ish, 325-338-betlar).

 

BUXORO XALQ SOVET JUMHURIYaTI KARKI TUMANIDA QUMDAN QIShLOQLARIGA QAYTAYoTGAN AHOLIGA NISBATAN QILINAYoTGAN ZO‘RAVONLIKLAR TO‘G‘RISIDA

(Karki tumanidagi Favqulodda vakil Mukomilovning Xalq Nozirlar Kengashiga telegrammasi, 1922 yil, iyun).

Karki tumanida bosmachilik tugagandan keyin xalq qoni tobora ko‘proq to‘kilmoqda. Basuchastka tomonidan bizning bo‘limimiz buyrug‘iga binoan qumdan qaytayotgan aholini o‘ldirish, talash va zo‘rlash hollari tobora ko‘paymoqda. Mening RSFSR konsuliga, Basuchastka shtabiga zastavadagilar qilmishlariga chek qo‘yish bo‘yicha choralar ko‘rish to‘g‘risida qilgan iltimoslarim hech qanday natija bermadi. Shu boisdan ham men qumda turganlar zastavalar olib tashlanmaguncha joylaridan qimirlashmasin, deb aholiga e’lon qildim. Ushbuni xabar qnlish bilan shoshilinch choralar ko‘rilishini so‘rayman. Sizlarning ko‘rsatmalaringizni kutaman.

Favqulodda vakil MUKOMILOV.

(O‘zJMDA, 48-fond, 1-ruyxat, 60-ish, 303-bet).

 

* * *

ANDIJON ShAHRI VA UEZDI QIShLOQLARIDAGI BEBOShLIKLAR TO‘G‘RISIDA

(«Qizil O‘zbekiston» ro‘znomasi muxbiri Abdulhay Tojining axborotidan. 1925 yil, 10 iyul).

Biz Farg‘onaga yuborilgan taftish komissiyasiga yordamchi o‘laroq, tashviqot, targ‘ibot ishlari va ovro‘paliklardan boshqa musulmon ismi ila yurgan kishilarning bir dona o‘lsun ko‘zga ko‘rinmasligi diqqatimizni jalb qildi: Bu ahvolni ko‘rib, ajabo, Andijon musulmonlari qirilib bitib, nohaq qonlarn nihoyasiz bir daryo shaklini olganmi, bu bechoralarning hammasi bu dunyodan oxiratga safar qilganmi, degan o‘ylar xayoldan o‘tib, ixtiyorsiz oh tortib, jonsiz kabi qolursiz!

Millatchi armanlar yerli aholnning birini qoldirmasdan yo‘q qilmoq uchun, ko‘chalarda yurgizmay, ko‘rsalar yonlaridan qilichlarini sug‘urib, hech bir so‘z, savolsiz, narsasiz boshlarini olur yoki yonlariga Sho‘rolar hukumatiga qarshi yozilgan bir qog‘oznimi yoki qurol-asboblaridanmi solib, taftish ila topib olgan bo‘lib: «Mana bu o‘g‘rilarning odami (bosmachi demoqchi) bo‘lib, Sho‘rolar hukumatiga qarshi ekan, yonidan Sho‘rolar hukumatiga qarshi yozilgan qog‘oz chiqdi, o‘g‘rilarga qurol olib borib sotar ekan», — deb tahdid qilib, hisobsiz azob va jafolar ila qnynab o‘ldirurlar. Andijonda eski shahar ila yangi shahar o‘rtasi g‘o‘zapoyadan qilingan istehkom ila ayrilgan. Har kuni kechasi bo‘ladigan o‘g‘rilar hujumidan faqat yangi shahargina saqlanib, eski shahar uchun o‘g‘rilar kechasi tushganda faqat to‘g‘ri eski shaharga tushib, — 4-nomi ila eslatilgan ishchilarni ko‘rganda o‘ldirib, mollarini talab, qaytib chiqib ketar.

Kunduzi esa millatchi armanlar tushib, bolshevik, menshevikligiga, qari-yoshiga qaramasdan ko‘zga ko‘ringanini qilichlari ila chopib, «hamma musulmon bir musulmonsizlar, ham o‘g‘rilarga tarafdorsiz», deb mollarini talab, hattoki, xotinlarning nomusiga tegarlar. Demak, Andijonning eski shaharida kechasi o‘g‘rilar, kunduzi armanlar hokim bo‘lib, millatchi armanlarning jabri o‘g‘rilardan ham bir necha marotaba ziyoddir.

Andijonning krepostpda bir qancha miltiqlar bor bo‘lib, bu miltiqlarni krepostda qoldirgani qo‘rqib, krepostdan ham mustahkamroq «Silayev»ning zavodiga olib borib qo‘yilgan, bunda turuvchi arman qorovullari o‘g‘rilar ila so‘zlashib, miltiqlarni sotganlar. Kechasi o‘g‘rilar kelib miltiqlarni arobalarga solib olib ketganlar. Ertalab bo‘lganda, zavodda miltiqlarning yo‘qligi e’lon qilinpb: «Buni musulmonlar olurlar, ulardan boshqa hech kim olmas. Musulmonlar olurlar, taftish qilmoq kerak», — derlar. Otryadlardagilar eski shaharga tushpb, turli uylarga kirib, bahona ila mollarini talab, xotinlarshshg nomuslariga tegib, bir qanchalarini o‘ldirganlar. Qaysi uyga quloq solinsa, oh-fig‘on kelar, favqulodda mudhish ahvolni tasavvur qilganda inson bolasining ko‘zlaridan beixtiyor yoshlar oqar. Masalan, bir vaqt eski shaharda musulmonlardan ikki yuzga qadar kishilarni tutib olib: «Falon joyda o‘g‘rilar bor, borpb urushib, o‘g‘rilarni quvlamoq kerak, shuning uchun siz bizga okop qazib beringiz, xizmat haqi beramiz», — deb majburan bir joyga olib borib, handaq qazdirgandan so‘ng boshlarini olib, o‘zlarini qazilgan handaqqa ko‘mib qaytib kelganlar.

Bnr vaqtda bir qishloq o‘g‘rilar tarafidan olinib, bularni haydamoq uchun armanlar chiqqanda, o‘g‘rilar qishloqni tashlab qochganlar. Qishloq musulmonlari armanlarni ko‘rgandan so‘ng turli yoqqa tarqala boshlaganda, armanlar: «Qo‘rqmangiz, biz zarar yetkazmaymiz», — deya aldab, ikki mingga yaqin qishloq aholisini bir yerga yig‘ib, bularga qarshi o‘t ochib, bechora sofdil musulmonlarni qirib tugatganlar. Andijonning eski shaharlari xarob bo‘lgan, shekilli, qishloqlari ham vayron bir holga kelgan. Xususan, Bozorqo‘rg‘on, Ho‘qand qishloq, So‘zak, Izboskan, Chuvala ismli qishloqlar qabriston holiga kelgan. Har qaysi joyga boshliq millatchi armanlardangina qo‘yilgan.

Xulosa: millatchi armanlarning musulmonlarga qilgan zulmi, vahshatlarining hisobi yo‘qdir. Musulmonlarning ko‘plari armanlarning bunday vahshatidan qo‘rqib, o‘zlarinn saqlamoq uchun mol-mulklaridan kechib, qishloqlarga chiqib ketganlari, uylariga kirib yotganlari, hattoki, Sho‘rolar hukumatining haqiqiy programmasini bilmasdan, armanlarning qilgan vahshatlarini ko‘rib, kommunistlik vahshiylikdan iborat ekan, deya o‘g‘rilarning yoniga borib qo‘shilib, fidoyi bir suratda hukumatga qarshi ishlab turganlari ma’lum bo‘ldi. Komissarlar kelganini eshitib, atrofga qochgan odamlar chiqa boshladilar va vayronalarda yig‘ila boshladilar. Komissarlar tarafidan masjidda katta miting qilindi. Qizillar vahshatidan qo‘rqib, yurak oldirib qo‘ygan bechora xalq ichidan mitingga ishonmasdan, qo‘rqib kelmaganlari ham ko‘p bo‘ldi. Komissarlar, drujinachilar muzika ila mitingga tushib, stol yoniga o‘tirgan vaqtda bir qancha ming aholi yig‘ilgan edi. Xalq ichidan bir qancha arizachi kishilar ko‘zlaridan qonli yoshlarini oqizgan holda qo‘llarida arizalarini olib kelib, topshira boshladilar. Qaysi arizani o‘qima, bularning ichida xotini, birining ukasi, birining akasi vahshiyona sifatda o‘ldirilganligi bayon qilingan edi. Bugungi izdihom miting emas, balki bir qiyomat holini oldi. Har tarafda yig‘i ovozi!.. Mitingda komissarlar o‘zlarining qanday huquq ila kelganlarini, eski hukumatning jabr-zulmidan qutulib, Sho‘rolar hukumati vujudga kelganligini, ba’zi joylarda Sho‘rolar hukumatining boshiga yomon xoin kishilar o‘ltirib, Sho‘rolar hukumatidan musulmonlarning foydalanmaganliklarini, bunga sabab faqat hukumat boshida o‘tirgan millatchilar ekanligini, shunint uchun o‘g‘rilarga borib qo‘shilgan kishilarga hukumat tarafidan afvu umumiy e’lon qilinganligini, bu kishilar qaytib kelganlarida hech kim tarafidan zarar berilmasligini, hattoki uy-joylarndan ayrilgan kishilarga hukumat yordam qiladirganini va kommunistik programmasining nimadan iborat ekanligini bayon etildi. Xalqning ichidan ham bir qanchasi ko‘rgan-kechirgan qiyin ahvollarini so‘ylaganlaridan so‘ng komissarlar bundan so‘ng Turkistonda, hattoki yer yuzida xoinlarga yo‘l yo‘qligini, bunga hukumatning qat’iy kirishganini bayon etdilar. Ishchilarning tezda ishga kirishib, ishlarni o‘z qo‘llariga olmoqlari kerakligini, hukumatga qarshi chiqqan kishilarni va tor millatchilarni yo‘q qilmoq kerakligini, o‘g‘rilik zamoni o‘tib, tinchlik zamoni kelganini bildirib, hukumat tarafidan chiqarilgan afvu umumiyni kelgan, eshitgan xalqqa tushuntirilmog‘ini talab qilinib, miting tamom bo‘ldi. Komissarlarning ta’sirli so‘zlarini eshitgandan keyin xalqning ruhi ko‘tarilib, o‘zida hurlik his qila boshladi. Tor millatchilar tomonidan qo‘yilgan kishilarning hammasi deyarlik qamalib, ishlarini taftish qilib turmoq uchun «revtribunal» saylanib, raislikka Markaziy Qo‘mita a’zosi Haqqul afandi Husanboyev tayin qilindi…

 

QO‘QON MUXTORIYaTINING TUGATILIShI, FARG‘ONADA BOSMAChILIK HARAKATINING PAYDO BO‘LIShI VA KUChAYIShI TO‘G‘RISIDA

(Turar Risqulovning «Inqilob va Turkistonning mahalliy aholisi» kitobidan)

Bu yerda bir-ikki og‘iz bosmachilik to‘g‘risida, bu harakatning birinchilari, aytish mumkinki, kashshoflari haqpda to‘xtab o‘tish kerak. Inqilob boshlanishi bilan chor hukumati davrida o‘g‘rilik qilganligi, odam o‘ldirganligi uchun surgun qilingan kimsa Farg‘onaga qaytib keldi. U kelishi bilan kichik shayka tuzdi va kasbini davom ettira boshladi. Shuni aniq aytish mumkinki, Qo‘qon muxtoriyati tuzilgunga qadar Ergash Farg‘onada yagona edi.

Qo‘qon muxtoriyatchilari hukumat tuzganlarida birinchi navbatda harbiy kuch tashkil etishdan manfaatdor edilar. Shu maqsadda ular o‘g‘rilarga keng afv e’lon qilib, ularni yangi tashkil etilgan gvardiyaga taklif etdilar. Shular qatorida Ergashni ham shaykasi bilan taklif etishdi va uni Qo‘qon shahriga qo‘rboshi qilib tayinlashdi.

Perfilev dashnoqlardan iborat bo‘lgan otryadi bilan Qo‘qonni qamal qilganida, muxtoriyatchilar g‘alabani ta’minlash uchun tantanali sur’atda Ergashni «oliy bosh qo‘mondon» deb e’lon qildilar, unga yashil bayroq topshirib, mamlakatni «bolsheviklar bosqinidan» himoya etishni iltimos qilishdi va alohida choparlar orqali murojaatnoma tarqatib, go‘yoki bolsheviklar xalqdan inqilob tuhfa qilgan ozodlikni tortib olishyapti, deb tushuntirishdi, mahalliy aholini milliy ozodlikni, dinni va boshqalarni himoya qilishga chaqirishdi.

Targ‘ibot Qo‘qonga yaqin tumanlarda muvaffaqiyatli bo‘ldi. Aholi ketmon bilan qurollanib, «bolsheviklar» qamal qilgan Qo‘qonga shoshilishdi va butun shaharni to‘ldirishdi. Jang ikki kun davom etdi. Jang mobaynida «bolsheviklar» qurolining taktik jihatdan ustunligi bois, natijasi oldindan ma’lum bo‘lib qolgach, barcha muxtoriyatchilar qochishdi, jang oxirida Ergash ham qochdi, shaharda faqat ketmon va bolg‘a ko‘targan, voqeadan hammadan kam xabardor bo‘lgan kishilar qolishdi. Asosan, shu kishilar jabrlanishdi.

Qo‘zg‘olonni bostirish vasvasasida to‘qqiz kun mobaynida Qo‘qonda har xil talonchiliklar bo‘ldi. O‘z foydalarini ko‘p o‘ylaydigan dashnoqlar darhol «puldor» bo‘lib olishga ahd qilishdi va shahar yaxshilab «tozalandi». Bizning zamonda mo‘jiza bo‘lmaydi, lekin inqilob shakllangan bu fikrni har qadamda surib tashlaydi. Jumladan, Qo‘qonga dashnoqlar kelishganidan keyin barcha armanlar — baqqollar, vinochilar, sartaroshlar, qassoblar va savdoning boshqa sohalarida ishlaydiganlarning hammasi ashaddiy «inqilobchi» bo‘lib olishdi va otryadga qo‘shilib, shaharni tor-mor qilishga kirishishdi. Barcha magazinlar vayron qilindi, olib ketish mumkin bo‘lgan narsalarning hammasi olib ketilib, qolganlariga o‘t qo‘yildi, ommaviy qotilliklar ro‘y berdi. Bu voqealardan keyin xalq muxtoriyatchilarning «bolsheviklar» zo‘ravon, xudosiz, musulmonlarning dushmani, degan gaplariga ishondilar

Biroq bosmachilar tinchishmadi. Ular Andijonga ancha muvaffaqiyatli hujum qilishpb, 70 ta miltiq va bir necha ming patronni olib ketishdi. Dashnoqlardan iborat garnizon bu yovuzlikda butun eski shahar xalqini aybdor deb bildi. Garnizon qo‘shinlari mitingga chaqirilib, unda tintuv o‘tkazishga qaror qilindi. Bir hafta tintuv o‘tkazib, shaharni talashdi, qotilliklar qilishdi, xotin-qizlarni zo‘rlashdi. Mana shu tintuvdan keyin ko‘pchilik aholi bosmachilar turgan joylarga ketib qoldi.

Bunga javoban bir necha kundan keyin ketgan dashnoqlarning 170 kishilik otryadi bosmachilar va aholi tomonidan o‘rab olindi va bitta ham qo‘ymay qirib tashlandi .

Aholi bosmachilarni qo‘llab-quvvatlashda, ularga hamdardlik bildirishda ayblana boshlandi. 170 dashnoq o‘ldirilganiga javoban Salayev boshliq 250 kishilik otryad tuzilib, Qo‘qon qishloqqa hujum qilib, uni kultepaga aylantirdi. Qishloqning qochgan aholisi 20 chaqirimgacha ta’qib qilinib, bitta qo‘ymay qirib tashlandi. Boshqa otryad bosmachilar bilan So‘zak qishlog‘ida uchrashdi, bosmachilar qishloqqa yashirinishdi. So‘zak qurshab olinib, o‘qqa tutildi. Aholi qishloqni tark etib, daryo o‘zaniga yashirindi. Shu yerda ularni pulemyotdan o‘qqa tutib, bitta qo‘ymay qirib tashlashdi. Keyin bu yerdagi jasadlar bir oy mobaynida itlarga yem bo‘ldi.

 

KONOVALOV KOMANDIRLIGIDAGI QIZIL ASKARLAR OTRYaDI VA NIKOLSKIY POSYoLKASINING QUROLLANGAN DEHQONLARI BOZORQO‘RG‘ON QIShLOG‘I AHOLISINI YoPPASIGA QIRGANLIGI TUG‘RISIDA

(Turar Risqulovning «Inqilob va Turkistonning mahalliy aholisi» kitobidan).

Konovalov boshchilik qilgan uchinchi otryad Bozorqo‘rg‘onga qarab yo‘l oldi, ma’lumot bo‘yicha shu yerda bosmachilarga duch kelishlari kerak edi; yo‘lda bu otryad o‘zining harakatini dushmanga ma’lum bo‘lmasligini kafolatlaydigan choralar ko‘rishga harakat qildi (boshqa bir hujjatda aytilishicha, yo‘lda kim uchrasa, hammani bitta qo‘ymay otib ketaverishgan— nashriyot). Bozorqo‘rg‘on qishlog‘i yaqinida ular haqiqatda bosmachilar bilan uchrashishdi. Bir kun jang bo‘lganidan keyin, bosmachilar sezdirmay qochib qolishdi. Konovalov Bozorqo‘rg‘ondan jo‘nab ketayotib, ruslar yashaydigan qo‘shni posyolka (Nikolskiy) aholisiga Bozorqo‘rg‘onni bosmachilardan tozalashni topshirdi. Nikolskiy posyolkasi quloqlari Bozorqo‘rg‘onni 23 kun mobaynida bosmachilardan «tozalashdi». Avval qishloqni talashdi, keyin odamlarni o‘ldirishdi, oxirida esa tanlamay, hammani bir chekkadan otishdi. Erkaklarni bosmachilarni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun, bolalarni esa bir necha yildan keyin bosmachi bo‘lishi mumkinligi uchun qatl qilishdi. Ular bu ishlarni uch marta to‘xtatishdi va qochgan aholi to‘planganda qayta hujum qilib, yana va yana qirishdi. Nihoyat, halok bulib, jasadlari sasib, atrofga badbo‘y hid tarqatayotganlarni ko‘mish uchun aholini taklif qilishdi. To‘plangan aholi o‘liklarni yig‘ib, diniy rasm-rusmni ado etishayotganda (qabrlar yonida o‘tirib Qur’on o‘qishayotganda), dehqonlar yana hujum qilishdi va miltiqlardan o‘q yog‘dirib, hammani o‘ldirishdi. Aytish mumkinki, Bozorqo‘rg‘on voqeasi dehqonlarning qo‘mondonlik oldidagi mavqelarini oshirib yubordi. Barcha dehqonlar qurollantirildi, Jalolobodda dehqonlar armiyasi shtabi tuzildi. Farg‘onada ham shunday qilina boshlandi, natijada Yettisuvda 1916 yilda bo‘lgan hodisa yuz berdi (dehqonlar Jalolobodda Sovet Hokimiyatiga qarshi isyon ko‘tarishdi).

Dashnoqlar, quloqlar va noshud sovet arboblarining bunday xatti-harakatlari, bu haqda yana ko‘plab misollar keltirish mumkin, albatta, bosmachilar safini o‘stirdi.

 

* * *

TIRIK GUVOHLAR SO‘ZI

Abduvahob Karimov, Andijon viloyati, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Sultonobod qishlog‘ida yashaydi, 92 yoshda

— 1919-20 yillarda Sultonobod qishlog‘ining atrofiga qo‘rboshilar yigitlari bilan joylashib olishgandi. Chunki qishlog‘imiz Qoradaryo va Xontog‘ adirlari bilan tutashligi bosmachilarning yashirinishi va jang qilishlari uchun qulay bo‘lib, Said qo‘rboshi, Yo‘ldosh qo‘rboshi yigitlarini qishloqda deyarli har kuni ko‘rish mumkin edi.

Qishlog‘imizga qizil askarlar birinchi marta kelishganda 18-19 yoshlardagi yigitcha edim. Ular poyezdda kelishib, qishlog‘imizning yonboshida to‘xtashgan. Shu payt Yo‘ldosh qo‘rboshining yigitlari vagonda turgan askarlarga qarata o‘q uzdi. Qizil askarlardan uch-to‘rttasi quladi. Shundan keyin qo‘rboshi yigitlari qishloq oralab chekindi. Qizil askarlar qishloqqa kelib, to‘g‘ri kelgan erkak kishini otib, chopib ketaverishdi.

Qizil askarlar qirg‘inni hozir biz yashaydigan Qiziloyoq mahallasidan boshlashdi. Shu kuni 70 kishi o‘ldirildi. Mahalladagi deyarli hamma uyda aza bo‘ldi. Biroq odamlar tovush chiqarib yig‘lagani ham qo‘rqishardi. Tunda butun qishloqni qandaydir g‘o‘ng‘illashga o‘xshagan nidolar tutib ketdi.

Qizil askarlar tinch aholining oyog‘iga arqon bog‘lab, otga sudratganlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Ular kelishganda biz 17 nafar o‘smir maktabda saboq olayotgan edik. Askarlar maktabga kirib, domlamizni otib tashlashdi. Biz talabalar turli tomonga qochib ketdik.

Qo‘rboshi yigitlari Andijonsoydan kechib, narigi tomonga o‘tib olishgan ekan. Qizil askarlar ularni ta’qib qilishdi, ammo daryodan o‘tishga jur’at etishmadi. Shu joyda otishma bo‘lib, qizil askarlardan anchaginasi halok bo‘ldi.

Qechki payt qizil askardar harbiy eshelonga qaytishdi. Shu vaqtda qo‘shni Xonobod qishlog‘ida hosil yig‘im-terimiga tushish oldidan sayil bo‘layotgandi. Qizil askarlar durbindan qarab, sayil qilayotgan tinch aholini bosmachi deb o‘ylab, ularni to‘plardan o‘qqa tutishdi. Sayilga chiqqanlardan anchaginasi halok bo‘ldi, tirik qolganlari qochib qutulishdi.

Shu kuni qo‘shnimiz Jo‘raboy akaning o‘g‘li Abdusalim o‘roqchilarga ovqat olib ketayotganda yo‘lda uni qizil askarlar otib o‘ldirishdi.

 

Hoshimbek Nishonbekov, Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Sultonobod qishlog‘ida yashaydi, 80 yoshda, nafaqaxo‘r

— Qishlog‘imiz tarixi bilan qiziqaman. Sababi, otam Qosimbek Nishonbekov inqilobdan keyin qishlog‘imizda To‘rtinchilarning boshlig‘i bo‘lgan (To‘rtinchi — bolsheviklarning ikkinchi nomi. Chor Rossiyasi paytida Dumaga saylangan bolshevik deputatlar to‘rtinchi raqam bo‘yicha ro‘yxatga kiritilganlari bois shunday nom olganlar). Otam menga tarixga oid ko‘pgina hujjatlarni qoldirgan.

Ana shu hujjatlarga asoslanib, ayta olamanki, 1919 yilning avgust oyida Qizil Armiya qismlari harbiy eshelonda Jalolobodga o‘tib ketishayotganda, ko‘prik ustida bosmachilarularning yo‘lini to‘sgan. O‘rtada otishma boshlanib, bosmachilar qishloqqa chekingan. Shundan so‘ng qizil askarlar qishloqqa bostirib kirishib, bosmachi qolib, tinch aholini qilichdan o‘tkaza boshlashgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni qishloqda 70 kishi o‘ldirilgan. Yana 120 kishini yig‘ib, bozor maydoniga olib chiqib otishga tayyorgarlik ko‘rilayotganda dadam yetib kelib, qizil askarlarga bu kishilarning hech qanday ayblari yo‘qligini tushuntirganlar. Shundan keyin ular qo‘yib yuborilgan.

1920 yilning yozida esa Sultonobodga tatar otryadi keldi. Bu otryad harbiy eshelonda Jalolobod shahriga armiya uchun xashak yiqqani o‘tib ketayotganida, yana bosmachilar tomonidan hujum qilinib, to‘xtatilgan. Tatar otryadi ham qishloqqa kirib, tinch aholini qirishga harakat qiltan. Qishloqning u joy-bu joyida gunohsiz kishilar chopilgan ham. Lekin qirg‘in To‘rtinchilar tomonidan to‘xtatib qolingan.

Bosmachilar Qizil Armiya askarlarini adirning ichiga hujum qilib borishga chorlagan. Lekin qizil askarlar harbiy eshelondan uzoqlashish xavfli ekanligini bilishib, adirlar orasiga borishga jur’at qilishmagan.

1996 yil