Amir Fayzulla. Afrika ovozi – Nelson Mandela

O‘tgan asrning ikkinchi yarmi boshida butun Afrika qit’asini (xalq iborasi bilan aytganda, “Qora Afrika”) irqchilikka qarshi kurash alangasi chulg‘ab olgani ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Irqchilik tuzumining markazi Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) bo‘lib, oq tanli prezident Yan Smit boshchiligidagi irqchi jallodlar uzoq vaqtgacha bu ulkan qit’ani arosatda saqlab turdi. Hindistonning buyuk rahnamosi Mahatma Gandi ham vatanidagi milliy ozodlik kurashini aynan shu qit’aning Iohannesburg, Pretoriya, Durban singari shaharlarida boshlagan edi. 1907 yilning 1 yanvarida bu ikki buyuk shaxs Yangi Dehlida bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda tanishgan, Gandining Janubiy Afrikada zo‘ravonlik siyosati ishlatilmasligi haqidagi g‘oyasini qo‘llab-qo‘ltiqlovchi xalqaro anjuman uyushtirilgan edi. Qisqa qilib aytganda, Shimoliy va Janubiy Afrikaning bepoyon va go‘zal sarzamini Afrika xalqlarini emas, o‘zidan o‘zga xalqlarni qul deb tushunuvchi bir gala xalqaro mustamlakachilarni boyitib va to‘ydirib kelar edi. 1918 yil 18 iyulda Mfezo degan joyda Nelson Mandela olamga kelganida butun qit’a bamisoli alanga ichida yashardi. Otasi Nelson Mfezo qishlog‘ining oqsoqoli edi, ammo irqchi hukumat bilan chiqisha olmay, amaldan tushiriladi va oilasi bilan Sgunaga ko‘chib ketadi, biroq mahalliy hokimiyatning Maxfiy kengashida o‘z o‘rnini saqlab qoladi. Aynan ana shu kichikkina siyosiy imtiyoz milliy ozodlik harakatining kelajakdagi olamga mashhur rahnamosi bo‘lib yetishuviga sabab bo‘ldi. Asli ismi Rolilala bo‘lgan bu yigitcha o‘z mamlakatidagi qora tanlilarga ruxsat etilgan Fortxell dorilfununida tahsil oladi, Angliyada o‘qiydi va malakali huquqshunos bo‘lib yetishadi. Uning ijtimoiy hayotdagi butun faoliyati siyosiy kurashlarga boy bo‘ldi. U umrining 27 yilini irqchi tuzumining qamoqxonalarida o‘tkazdi.

1990-yillarning boshi. Mandela nihoyat ozod. Uning uchun kurashchi yo‘lidan zarracha yengil bo‘lmagan tinchlik o‘rnatuvchi yo‘li boshlanadi. Irqchilik tuzumi bekor qilingandan keyin, JARdagi ahvol keskinlashdi. O‘ttiz milliondan ortiq qora tanli besh millionlik oq tanli ustiga tashlanishga tayyor turardi.

Mamlakatda istiqomat qiluvchi turli qabilalar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar ham yaxshi emasdi. Komil ishonch bilan aytish mumkinki, agar Mandela bo‘lmaganida, JAR qonga botgan bo‘lardi.

Taajjublanarlisi, bir umr oq tanlilarga qarshi kurashib kelgan va oq tanlilar xohishi bilan uzoq yillar qamoqda o‘tirib chiqqan odam ozod bo‘lgach, o‘sha zahoti milliy va irqiy adovat o‘yinini o‘ynashga bo‘lgan har qanday harakatning oldini ola boshladi. U har qanday odam bilan gaplasha va kelisha olar edi, Mandela eng murosasiz raqibni ham do‘stga aylantiradigan so‘zlarni topar edi.

1994 yil 2 mayda Nelson Mandela irod qilgan nutq JARda birinchi erkin saylov bo‘lib o‘tgandanoq uning uchun o‘zgacha ahamiyatga molik bo‘lib qoldi, bu g‘olibning nutqi edi, biroq mag‘lublarning qoniga tashna g‘olibning emas, balki mamlakatda tinchlik va xotirjamlikka, teri rangidan qat’i nazar hammani birlashtirishga, demokratiya va farovonlikka intiluvchining nutqi edi – bu Afrika ovozi edi.

Nelson Mandelaning iste’dodi serqirra bo‘lib – u shoir ham, tabib ham, siyosatchi ham, olim ham edi. Eng asosiysi, u yuksak insonparvarlik xususiyatiga ega chinakam inson edi. Dastavval hokimiyat tepasiga kelganda (1994 yil 10 may) u irqchilikning ildiziga bolta uradigan bir ishni qiladi – oq va qora tanlilarni teng huquqli deb tan olish siyosatini amalga oshiradi. Siyosiy kurashchi sifatida o‘ziga qarshi tomondan ko‘plab g‘animlar “orttirgan”iga qaramay, keyinchalik qora tanli bo‘lmaganlar ham Nelson Mandelani o‘z odamidek ko‘ra boshladilar, bu esa uning xalqaro maydondagi obro‘yini haddan tashqari oshirib yubordi. JARning sakkizinchi (va birinchi qora tanli) Prezidenti o‘zining besh yil davom etgan davlat rahbarligi mobaynida yuz yilda qilinmay kelgan ishlarni bajardi, tibbiy muolajalar, ta’lim olish kabi muhim sohalar bepul deb e’lon­ qilindi, shuningdek, savdo-sotiq, transport, kommunal xizmatlarda ham yildan-yilga arzonlashtirib borish rejalari tuzib chiqildi va amalga oshirildi. Bundan tashqari 1994 yilda Yer to‘g‘risidagi, 1998 yilda Bolalarga moddiy yordam to‘g‘risidagi, hamda Ishchilar malakasini oshirish to‘g‘risidagi, 1995 yilda Mehnatga munosabatlar to‘g‘risidagi, 1997 yilda Mehnat taqsimoti to‘g‘risidagi, 1998 yilda Mehnatda irqchilik alomatiga barham berish to‘g‘risidagi qabul qilingan qator Qonunlar mamlakat iqtisodiyotining jadal rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Nelson Mandela xalqaro maydondagi siyosiy voqealarga ham befarq bo‘lmagan – zo‘ravonlikdan aziyat chekkanlar faryodi quloqqa chalingan el yo elat borki, bu jafokash inson beg‘araz yordam qo‘lini cho‘zar edi.

Nelson Mandelaning o‘z mamlakati va xalqaro maydonda ko‘rsatgan jasoratlari taqdirlanmay qolmadi, u jami yigirma to‘qqizta oliy darajadagi mahalliy va xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘ldi. Bu mukofotlar cho‘qqisini 1993 yilda berilgan Nobel mukofoti bezab turibdi.

Nelson Mandela 2013 yil 5 dekabrda 96 yoshida Iohannesburg yaqinidagi Xouton Esteyt shaharchasida oila quchog‘ida olamdan ko‘z yumadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Janubiy Afrika respublikasi Prezidenti Jeynob Zumaga taniqli siyosat arbobi, mamlakatning sobiq Prezidenti, tinchlik sohasidagi Nobel mukofoti laureati Nelson Mandelaning vafot etgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Nelson MANDELA

MEN O‘LIMDAN QO‘RQMAYMAN!

(Suddagi nutq)

1964 yil 20 aprel

Men ayblanuvchilarning birinchisiman.

Men san’at bakalavri diplomiga egaman; bir necha yil mobaynida Oliver Tambo bilan birga Yohannesburgda oqlovchilik bilan shug‘ullandim. Men sudlanganman va ruxsatsiz mamlakatdan chiqib ketganim va 1961 yil may oxirida ish tashlashlar tashkil etganim uchun besh yillik qamoq jazosini o‘tamoqdaman.

Eng avvalo shuni aytmoqchimanki, sud ochilishi vaqtida Janubiy Afrikadagi xalq kurashi chet elliklar yoki kommunistlar ta’siri ostida olib borilmoqda degan ayblov bilan aytilgan gaplar haqiqatga mutlaqo mos kelmaydi.

Inson va yo‘lboshchi sifatida nimaiki qilgan bo‘lsam, faqat shaxsiy tajribam va o‘zimning afrikalik nasabimga tayanib qildim, bu nasabim bilan faxrlanaman; boshqa hech kim hech qanday tarzda menga ta’sir ko‘rsatmagan.

Yoshligimda Transkeyda mening qabilam chollari o‘tmish haqida hikoya qilganlarini eshitgan edim. Bu hikoyalar orasida vatanni himoya qilib ajdodlarimiz olib borgan urushlar haqidagi gaplar bo‘lar edi…

O‘shanda men xalqimga xizmat qilaman va uning ozodlik uchun kurashiga qo‘limdan kelgancha hissamni qo‘shaman, deb ahd qilgan edim. Mana shu narsa mening barcha a’mollarimni belgilab berdi, bu – sudda menga qarshi qo‘yilgan ayblovlar uchun bahona bo‘ldi…

…Men har doim o‘zimni birinchi navbatda afrikalik vatanparvar deb bilar edim. Zero 46 yil oldin men Umatada tug‘ilgan edim. Meni amakim – Tembulendning oliy sardori qanoti ostiga olgan edi. Hozirgi oliy sardor Sabati Dalinebo singari Transkeyning bosh diniy peshvosi Kayzer Matanzima ham mening qarindosh-urug‘larim hisoblanishadi.

Hozir men sinfsiz jamiyat tarafdori hisoblanaman; bu ishtiyoq qisman daho siyosatdonlar kitob­larini ko‘p mutolaa qilganim va qisman ilk afrika jamiyatining tuzilmasi va tashkillashtirilishidan hayratga tushganim bois yuzaga kelgan edi.

Ishlab chiqarishning asosiy vositasi bo‘lgan yer o‘sha vaqtda qabilaga qarardi. Boylar va kambag‘allar yo‘q edi, ekspluatatsiya yo‘q edi.

Oldin aytib o‘tganimdek, daho siyosatdonlarning kitoblari menga ta’sir o‘tkazgani bor gap. Ammo bu ko‘plab yangi mustaqil davlatlar rahbarlari uchun ham haqqoniydir. Mahatma Gandi, Javoharla’l Neru, Kvame Nkruma va Jamol Abdul Nosir singari ko‘plab shaxslar buni tan olganlar.

Xalqimiz jahonning mutaraqqiy mamlakatlariga yetib olishi va bizga meros bo‘lib qolgan aql bovar qilmas qashshoqlikni bartaraf etish uchun ishtirokiyunning qandaydir shakli zarurligini barchamiz tan olamiz. Ammo bu biz markschilarmiz degani emas.

Nafsilamrini aytganda, menga kelsak, siyosiy kurashmizning hozirgi bosqichida kommunistik partiya alohida rol o‘ynashi kerakligi haqidagi masalani bahsli deb hisoblayman.

Hozir irqiy kamsitilishni bartaraf etish va Ozodlik xartiyasi asosidagi demokratik huquqlar uchun kurash asosiy vazifa hisoblanadi. Kommunistik partiya bunga erishayotgani darajasidagi uning yordamini olqishlayman. Men buni ular yordamida barcha irqdagi xalqlar kurashimizga bosh qo‘shishlari vositalaridan biri deb hisoblayman.

Ilg‘or g‘oyali adabiyotni o‘qishdan va shunday g‘oyadagi shaxslar bilan qilingan suhbatlardan menda shunday taassurot paydo bo‘ldiki, kommunistlar G‘arbning parlament tizimini nodemokratik va teskarichilik deb hisoblaydilar. Men esa, aksincha, shunday tizim tarafdoriman.

…Amerika Kongressi, hokimiyatni taqsimlash doktrinasi, AQSh odil sudi tizimining mustaqilligi kabi menda o‘shanday tuyg‘u uyg‘otadi.

Mening qarashlarim ham G‘arb, ham Sharq ta’siri ostida shakl­langan. Bular bari meni shunday fikrlashga olib keldiki, o‘z siyosiy kredomni aniqlashda men mutlaqo beg‘araz va xolis bo‘lmog‘im shart edi.

Men o‘zimni ishtirokiyundan boshqa hech qanaqangi ijtimoiy tizim bilan bog‘lay olmayman. Men ham G‘arbdagi, ham Sharqdagi eng yaxshi narsalarni olishda erkin bo‘lmog‘im qarzu farz edi…

…Janubiy Afrika – Afrika mamlakatlari ichida eng boyi va dunyodagi eng boy mamlakatlardan biri bo‘lishi mumkin edi. Ammo bu favquloddaliklar va hayratomuz rang-barangliklar mamlakati. Oq tanlilar, ehtimol, dunyodagi eng oliy hayot darajasi bilan ta’minlangan, ayni damda afrikaliklar kambag‘allik va qashshoqlikda yashamoqda…

Bunday tanqidga javob beraroq hukumat aksariyat Janubiy Afrikadagi afrikaliklar qit’aning boshqa mamlakatlaridagi odamlardan ko‘ra yaxshiroq yashaydi deb nah uradi. Bu fikr haqiqatga qanchalik mos kelishini bilmayman va bu mamlakatlarda hayot qiymati hisob-kitoblarini olmay turib, bunday qiyoslash mumkinligiga ishongim kelmaydi.

Xo‘p, shunday ham deylik, ammo bu afrika xalqiga nisbatan baribir noo‘rin bo‘lib chiqadi. Biz boshqa mamlakatlar xalqlariga nisbatan qashshoqroq ekanimizdan emas, balki biz o‘z mamlakatimizda oq tanlilarga nisbatan qashshoqroq ekanimizdan va qonun bu nomuvofiqlikni o‘zgartirishga to‘sqinlik qilayotganidan noliyapmiz.

Afrikaliklarning insoniy qadr-qimmatini nazar-pisand qilmaslik – bu oq tanlilar hukmronligining bevosita natijasi. Oq tanlilarning afzalligi qora tanlilar to‘laqonligiga to‘sqinlik qilmoqda. Oq tanlilarning afzalligini saqlashga qaratilgan qonunlar buni mustahkam qoidaga aylantirgan. Janubiy Afrikadagi korandaning ishi mutlaqo afrikaliklarning qismati hisoblanadi.

Biror narsani bir joydan boshqa joyga olib borish yoki tozalash kerak bo‘lganda, oq tanli odam bu ishni uning uchun bajaradigan afrikalikni qidiradi, bu afrikalik unikida xizmat qiladimi yo yo‘qmi, bunga qarab o‘tirmaydi. Natijada oq tanli afrikalikni boshqa nasl mavjudoti deb qaraydigan bo‘ladi.

Ular afrikaliklarni o‘z oilasiga ega odamlar o‘rnida ko‘rmaydilar; ular afrikaliklarda xuddi oq tanlilar kabi sevishlari mumkin bo‘lgan tuyg‘usi bor deb, xuddi oq tanlilar kabi o‘z xotini, bola-chaqalari bilan birga bo‘lishni xohlaydilar deb; oilasini boqish, ro‘zg‘or tebratish, bolalarini kiyintirib, maktabga jo‘natishni istaydilar deb bilmaydilar.

Ammo qarol, bog‘bon yoki qishloq xo‘jaligi ishchisi bunday narsalarni loaqal orzu qila oladimi? Qonunchiligimiz hujjatlarining afrikaliklar uchun eng jirkanch ko‘rinishlaridan biri – bu ruxsatnoma haqidagi qonunlardir, ular afrikaliklarni politsiya nazoratiga havola etadi, politsiya esa xohlagan vaqtda va xohlagan joyda jabrdiyda ishini ko‘rib chiqishi mumkin.

O‘ylaymanki, bu borada politsiya bilan ko‘ngilsizlik yuzaga kelmagan loaqal bitagina erkak afrikalik topilmasa kerak. Ruxsatnoma haqidagi qonun tufayli har yili yuzlab va minglab afrikalik qamoqqa tiqiladi. Ammo bundan-da besh battari shundaki, ruxsatnoma haqidagi qonunlar erlar bilan xotinlarni bir-biridan ayiradi, bu hamma joyda oilalarning to‘zib ketishiga olib kelmoqda.

Qashshoqlik va to‘zib ketgan oilalar beoqibat qolmaydi, albatta. Bolalar qashshoqlar maskani – gettolarda salanglaydilar, chunki ular uchun na maktab, maktabga borish uchun na pul bor, bola maktabga borishi uchun ko‘z-quloq bo‘ladigan odam ham yo‘q, chunki oila ochlikdan o‘lmasligi uchun ota ham, ona ham (agar ular “qo‘sh ho‘kiz” bo‘lishsa) ishlashga majbur.

Bu axloq darajasining tushib ketishiga, jinoyatchilikning dahshatli o‘sishiga va nafaqat siyosat sohasida,balki boshqa sohalarda ham zo‘ravonlik avj olishiga olib keladi. Gettoda yashash turgan-bitgani jahannam. Biror kun yo‘qki, qotillik yoki biron odamga tajovuz qilish sodir bo‘lmasin. Zo‘ravonlik ishlari hozir faqat gettolarda emas, balki oq tanlilar istiqomat qiladigan tumanlrda ham tarqalmoqda.

Qorong‘i tushgandan keyin odamlar bir o‘zi ko‘chada yurishga qo‘rqadi. Eshik buzib o‘g‘rilik qilish va birovlar mulkini talon-taroj etishlar miqdori ortgandan-ortmoqda va bunday jinoyatlar o‘limga hukm etish bilan jazolanish mumkin bo‘lishiga qaramay, davom etmoqda. O‘lim jazosi bilan bu madda bog‘lagan chipqonni davolab bo‘lmaydi…

Afrikaliklar ularga loaqal tirikchilik o‘tib turishiga yaraydigan ish haqi to‘lashlarini istaydilar. Afrikaliklar imkonlari ko‘taradigan ishni qilishni istaydilar, hukumat: qilsang ham qilasan, qilmasang ham qilasan, deydigan ishni emas.

Afrikaliklar ish olish mumkin bo‘lgan joyda yashashni istaydilar, ular u yerda tug‘ilmaganini ro‘kach qilib, u tumandan-bu tumanga tepib haydashlarini emas. afrikaliklar ishlaydigan joyda o‘z yerlari bo‘lishini istaydilar, ular hech qanaqasiga meniki deya olmaydigan joyda ijara turishni emas…

Afrikaliklar butun aholining teng huquqli qismi bo‘lishni istaydilar, o‘z gettolarida bir umr qolib ketishni emas. Erkak afrikaliklar xotin-bola-chaqalari bilan ular ishlaydigan joyda yashashni istaydilar, tabiiylikka zid ravishda erkaklar yotoqlarida yashashga majbur bo‘lishni emas.

Afrika ayollari o‘z erlari bilan yashashni istaydilar, doimiy bevalikka mahkum bo‘lishni emas. Afrikaliklar kechki soat o‘n birdan keyin ko‘chaga chiqish huquqiga ega bo‘lishni istaydilar, uylarida ko‘milib yotishga majbur bo‘lishni emas.

Afrikaliklar ularga o‘z mamlakatlari bo‘ylab kezishga va ular xohlagan joyda ish qidirishga ruxsat berishlarini istaydilar, Mehnat byurosi buyurgan joyda emas. afrikaliklar risoladagidek kun kechirishni va jamiyatda o‘z mavqelariga ega bo‘lishni istaydilar.

Hammadan ham biz teng siyosat huquqlarni istaymiz, chunki busiz bizning huquqsizlik qobiliyatimiz puf desa uchib ketgudek holda qolib ketaveradi. Bu oq tanlilar uchun o‘ta inqilobiycha sado berishini tushunaman,chunki saylovchilarning ko‘pchiligini bu holda afrikaliklar tashkil etadi. Aynan shuning uchun oq tanlilar demokratiyadan qo‘rqadilar.

Ammo bu qo‘rquv barcha uchun irqiy tenglik va ozodlikni kafolatlashga imkon beruvchi yagona yechim yo‘lini to‘sib qo‘ymasligi shart.

Barchaga saylash huquqi taqdim etish irqiy hukmronlikka olib keladi deyish to‘g‘ri emas.Teri ranggiga asoslangan siyosiy taqsimot mutlaqo sun’iy tusga ega, bordi-yu, u yo‘qolsa, bir irq ustidan boshqasining hukmronligi ham g‘oyib bo‘ladi.

Afrika milliy kongressi irqchilikka qarshi yarim asrdan beri kurashib keladi. G‘alabaga erishganda u shu siyosatda sodiq qoladi.

Mana, Afrika milliy kongressi nima uchun kurashmoqda. Uning kurashi haqiqatan ham milliy tusga ega. Afrika xalqini bu kurashga uning jabr-sitamlari va uning tajribasi turtki bermoqda, bu yashash uchun kurash turtkisidir.

Butun hayotimni men afrika xalqi uchun kurashga bag‘ishlaganman. Men oq tanlilarning hukmronligiga qarshi kurashdim va qora tanlilarning hukmronligiga qarshi kurashdim. Mening oliy maqsadim – demokratik, erkin jamiyat, unda barcha odamlar hamjihatlikda yashaydilar va teng imkoniyatlardan foydalanadilar.

Men oliy maqsadim ro‘yobga chiqqan vaqtgacha yashasam deyman. Bordi-yu,zarurat tug‘ilsa,uning uchun hayotimni berishga tayyorman…

Amir Fayzulla tayyorladi

“Jahon adabiyoti, 2014 yil, 3-son