(“Askiya” kartinasi haqida)
Kulgu ham odamdan odamga yuqar ekan. Birovning samimiy, o‘zini unutib, baralla kulganini eshitsangiz yoki ko‘rsangiz, kulgining sababini bilmasangiz ham, beixtiyor kulib yuborasiz. Bunda siz kulayotgan odamning holatidan zavqlangan bo‘lasiz.“Askiya” deb nomlangan kartinamizda ana shunaqa kulgu muhrlangan.
Dala-hovlisiga yig‘ilgan bir guruh shaharliklar gurung qilishayapti. Har kuni ohori to‘kilmagan ko‘ylagu kostyum-shim kiyib, bo‘yniga galstuk tang‘ib yurishga majbur, hamma harakatlarini shu-larga mos keltirish zarurligidan bezor bo‘lgan bir ziyoli dalaga kelib, o‘zini yerga tappa tashlab, chordona qurib olgan. Yarim tuproq, yarim maysa bo‘lsa ham, “Ona yerdan o‘rgilib ketay!” degan ichki bir his bor unda. Ayni shu ziyoli – kartina markazida, chunki u juda kulgili gap aytdi va qahqaha portlab ketdi. Shunday bir kulgili gap bo‘ldiki, suhbatdoshlar qanday kulayotganlarini ham bilmay qoldilar.
Kim qanday kulayotganining o‘zidayoq olam-olam ma’no bor.
Askiyachi kulgini shunday sog‘inib qolganki, og‘zini to‘ldirib kulayapti, jag‘larini eng chekka nuqtalarigacha ochib, ko‘krak qafasining burchak-burchaklarida yig‘ilib qolgan g‘uborlarni-da, tog‘ning musaffo havosiga chiqarib tashlayapti (bu g‘uborlarni nima qilishni tabiatning o‘zi biladi). Ko‘zlari judayam yumilib ketgan emas, “Gapim odamlarga qanday ta’sir etdiykin?” degan beixtiyor bir qiziqish bilan ro‘parasidagi odamni kuzatayapti.
Ro‘parada o‘tirgancha xuddi shunday, berilib kulayotgan personaj tizzasiga qandaydir matoni tashlab olgan, joynamozga o‘xshaydi. Ikki qo‘lini oldinga cho‘zgancha g‘alati harakat qilayapti, Chap qo‘li bilan o‘ng qo‘lini silamoqchimi yoki ko‘ylagining yengi kulishga halal berayapti-yu, himarib qo‘ymochimi, aniq aytish qiyin. Har holda, bu – unga odat bo‘lib qolgan harakatga o‘xshaydi. U ham og‘zini boricha ochib, jismi-jonining butu-un kulgi imkoniyatlarini ishga solib, maroq bilan qiyqirib qahqaha otayapti.
Kulgi “salohiyati” boricha yuzaga chiqqanlardan yana biri – chust do‘ppilik kishi. Kattakon burni diqqatni tortadi. Kulgining zo‘ridan peshonasida paydo bo‘lgan ajinlar, chekkasidagi izlar, osilgan baqbaqa, askiyachiga intilib, bo‘ynini cho‘zib turishi, hammasi o‘ziga yarashib tushgan. Kulgu hosil qilgan quvvat qo‘l tomirlarini o‘ynatib yuborgan.
Aytilgan uch personaj kartinada ko‘zga ko‘rinmas uchburchak hosil qiladi va boshqalarni yaxlit kompozitsiyaga birlashtirib turadi.
Kulgili gap – kartina “mazmuni”ni hamma birdek qabul qilgan bo‘lsa ham, uni ifodalaydigan “shakl” – kulish har kimda har xil. Shunday bo‘lishi tabiiy, chunki fe’l-atvor degan narsa bor.
Chust do‘ppilikning o‘ng tarafidagi ikki personajning fe’li bosiqroq, kulgusi “portlovchi” bo‘lmasa-da, miriqib kulishayapti. Birining o‘ng qo‘li chala ko‘rinadi, ikkinchisi esa o‘ng tomondagi qo‘shnisiga o‘xshab, chap qo‘li bilan o‘ng qo‘lini silayapti. Bu ham odatiy harakat.
Endi, e’tiborni xoda ustida o‘tirganlardan oxirgi personajga qarataylik. Uning kulgisida ozgina uyalish bor.
O‘zbekning askiyasi shu-da, ozgina uyat ma’no aralashmasa, o‘rniga tushmaydi. Shu sababdan bu personajning kulgusi ko‘proq jilmayishga o‘xshaydi. Biroq, askiya shunchalik zo‘r bo‘ldiki, uning yuzi juda yoyilib, jilmayish chegaralaridan o‘tib ketdi. Personajning qo‘llari itoatkorlik va, askiyachiga bo‘lsa kerak, tobelikdan darak berayapti.
Askiyachining chap tomonida cho‘nqayib o‘tirgan ikki personaj faqat jilmaygan. Qiziq, nega kulishmayapti ekan-a? Buning sababini do‘ppilaridan topish mumkin.
Bu do‘ppilar o‘zbekka azaldan odatiy bo‘lgan bosh kiyim emas, uni dindorlar namozga shaylanib kiyishadi. Bu yigitchalar davradagilar orasida eng yoshlari, ya’ni keyingi avlod.
Ma’lumki, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, e’tiqod erkinligi kuchga kirdi. Diniy kitoblar chop etish, ommaviy namoz o‘qish, masjidu madrasalar qurish odatiy tus oldi va bu jarayon davom etayapti. Endi, bolalarni islom ruhida tarbiyalash sho‘rolar davridagi singari jinoyat hisoblanmaydi. Bu ikki yigitcha ham tili chiqqandan boshlab, islom ruhida tarbiyalangan, ehtimol, diniy maktabda o‘qishar, qisqasi, shariat qoidalariga og‘ishmay amal qilishadi. Shariat esa, uyat gapni eshitmaslikka undaydi, bunday joydan turib ketishni tavsiya etadi. Biroq, yigitchalar turib ketisholmaydi, atrofdagi kattalarning hurmati bor, qolaversa, shom namozini o‘qish uchun yig‘ilishgan. Quyosh tog‘ ortiga o‘tgan bo‘lsa ham, namozga yana bir necha daqiqa bor. Askiya bu ikki yigitcha uchun ko‘p ham kulgili emas, ular uchun muhimi – shariat! Jilmayishlari esa, ko‘proq, boshqalarni kuzatganlaridan, “G‘alati-a, bu kattalar!” deyishayotgandek.
Haqiqatda ham kattalar – g‘alati. Namoz o‘qishadiyu uyat gaplarni aytishadi, bu ham yetmagandek, hoholab kulishadi.
Nafsilamrini aytganda, kattalarni bunday odobsizlikda ayblash juda ham to‘g‘ri emas. Ular sho‘rolar davrida tug‘ilib o‘sgan, tarbiya olgan. U vaqtlarda uyat gaplarni aytish bir yoqda tursin, qoyillatib so‘kish, aftini burishtirmasdan aroqni lo‘qillatib otish, zino kabilar “haqiqiy erkakcha ish” deb baholanar edi. Mana endi, zamon o‘zgarib, ular ham shariat yo‘liga kirishgan, lekin ilgarigi mafkura ba’zi-ba’zida o‘zini ko‘rsatib qoladi.
Askiyachining o‘ng tomonida, kartinaning oldinga planida o‘tirgan odam nima qilayapti ekan-a? Askiya unga ta’sir qildimikin? Odamlar kulgidan o‘zini tutib turolmayaptiyu, u bo‘lsa, lunjini kavlab o‘tiribdi. Chekkalaridagi ajinlarga qaraganda jilmayyapti. Kim bilsin, balki kulayotganlar ustidan kulayotgandur? Nima bo‘lganda ham, u shundan ortig‘iga qodir emas. Rassom uni harsangtoshga suyantirib qo‘yganida hissiz odamlarga ishora qilgan ko‘rinadi.
Tog‘ manzarasi, dala hovlilar, kechki shafaq odamlarning kayfiyati bilan hamohang. Ehtimol, tabiat go‘zalligi odamlarning ko‘tarinki kayfiyatiga sabab bo‘lgandur?
Kartinani kuzatgan tomoshabin ham manzaradan zavq oladi, o‘zini unutib kulayotganlarga qarab, beixtiyor ularga qo‘shilib kulib yuboradi.
Qudrat Do‘stmuhammad
Kartina matoga moybo‘yoq bilan ishlangan, o‘lchamlari 100x170 santimetr; 2008 yili Ikuo Xiroyama nomidagi xalqaro madaniyat Karvon Saroyida o‘tkazilgan shaxsiy ko‘rgazmada namoyish etilgan.