O‘z ilmi va salohiyati bilan zamondoshlaridan bir necha asrga ilgarilab ketgan, uyg‘onish davrining buyuk vakili Leonardo da Vinchi (1452-1519) nafaqat tengi yo‘q rassom va haykaltarosh, balki matematika, jismlarning harakatlanish qonunlari, anatomiya, yorug‘likning tabiati, sayyoralar harakati, Yerning o‘tmishi, o‘simlik va hayvonot dunyosini izchil tadqiq etgan buyuk olim ham edi. Ammo bu daho shaxs to‘g‘risida bilganlarimizdan bilmaganimiz ko‘proq.
Leonardo Italiyaning Florensiya va Piza shaharlari orasidagi Ankiano qishlog‘ida dunyoga keldi. Uning otasi Pero da Vinchi notarius bo‘lib, badavlat aslzodalardan edi. Onasi Katerina esa oddiy dehqon qizi bo‘lgan. Leonardo bolalik chog‘idanoq ishtiyoq bilan mehnat qilishga odatlandi. 14 yoshidan boshlab mashhur florensiyalik haykaltarosh va rassom Andrea Verokkodan ta’lim ola boshladi. Yosh rassomning birinchi mustaqil ishlaridan biri – “Gul ushlagan Madonna” (“Benua Madonnasi”, 1478 yil) asaridir. Manbalarda yozilishicha, Verokko yoshgina shogirdining mahoratiga tan berib, o‘zi surat chizishdan butunlay voz kechgan va faqat haykaltaroshlik bilan shug‘ullangan ekan. Leonardo har bir asari ustida qunt bilan ishlar, go‘yo uning uchun o‘tayotgan vaqtning ahamiyati yo‘qdek edi. Bu unga berilgan buyurtmalarning ba’zan vaqtida tugallanmasligiga sabab bo‘lar, buyurtmachi bilan nizolar kelib chiqar edi. 1481 yilda musavvirning Florensiyadagi San-Donato monastridan olgan buyurtmasi “Sehrgar ta’zimi” ham, “Avliyo Ieronim” asari ham yarim tugal holatda qolishiga xuddi shu narsa sabab bo‘lgan.
Leonardo o‘ttiz yoshida tasviriy san’at va haykaltaroshlikda katta yutuqlarga erishish bilan birgalikda yetuk harbiy injener, me’mor, muhandis hamda gidrotexnik sifatida ham namoyon bo‘ldi. Leonardo Milan gersogi Lyudoviko Moroning muhandislar jamoasiga qabul qilinadi va hayotining keyingi – davrini Milanda, gersog saroyida o‘tkazadi. Bu yerda uning ijodi o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi. “Baxt – qunt bilan ko‘p mehnat qilgan kishiga keladi”, – deb aytardi Leonardo. Shuning uchun ham barcha sohada o‘zini sinab ko‘rgan da Vinchi hech qaysisida havaskor bo‘lib qolmadi. Zamondoshlari unga muhandisligi uchun yuksak baho berardilar: uning loyihasiga binoan Milan shahrini ichimlik suvi bilan ta’minlaydigan katta kanal qurilgan edi. Aynan o‘sha davrdayoq Leonardo anatomiya bilan qiziqib qoldi. Milanda u mashhur olim Marko Antonio della Torre bilan tanishadi va uning anatomik atlasi uchun bir nechta ko‘rgazmali rasmlar chizadi. Hayratlanarlisi shuki, u chizgan rasmlarda inson tanasining kichik qismlari ham juda aniqlik bilan tasvirlangan edi. Leonardo da Vinchi fan yordamida kishilar mehnatini yengillashtirishni orzu qilardi. Uning mexanika va boshqa bir qator sohalarda amalga oshirgan kashfiyotlari xuddi betakror suratlari kabi yuksak e’tirofga loyiq. Bizgacha olimning Yozuvlar, chizmalar va rasmlar bilan ifodalangan 7000 varaqqa yaqin ijod namunalari yetib kelgan. Unda Leonardoning ko‘plab kashfiyotlarini – tokarlik va to‘qimachilik dastgohlarining ham, ip yigirish charxining ham, suv yordamida ishga tushirish mumkin bo‘lgan tegirmonning ham, yer kovlagich mashinaning ham, turbinalar va yuk ko‘targich asboblarning ham chizma va rasmlarini ko‘rish mumkin.
Olim Milandaligida fanda katta yutuqlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, bu narsa uning diqqatini tasviriy san’atdan chalg‘ita olmagan. Bu yerda “Madonna Litta”, “Qoyadagi Madonna” suratlarini chizadi. “Maxfiy kecha” surati (1495-1497 yillar)ning yaralish tarixi esa juda qiziq bo‘lgan. “Sant Mariya della Gratsiye” monastri uchun chizilgan Musavvirga ushbu asarni yaratish mashaqqatlardan holi bo‘lmadi. “Maxfiy kecha” devoriy suratini yaratayotgan paytida Leonardo da Vinchi ideal andozalarni uzoq vaqt izladi. Leonardo ishni ko‘p marta to‘xtatib qo‘yib, naturshiklarni axtardi. Bir kuni cherkov xorini tinglayotib, yosh qo‘shiqchilar orasida Isoning mukammal timsolini uchratib qoldi va uni ustaxonaga taklif etib, bir qancha xomaki suratlar chizdi. Oradan yana uch yil o‘tdi. Asar deyarli yakunlangan, ammo Leonardo Iudaga mos keluvchi “naturshik”ni haliyam topolmagandi. Bosh cherkovning bezagi uchun mas’ul bo‘lgan kardinal Leonardoni shoshirar, suratni tezroq tugallashni talab qilardi. Nihoyat, uzoq izlanishlardan so‘ng rassom ariqda dumalab yotgan yosh, ammo barvaqt qarigan, iflos, mast, juldur kiyimli bir odamga duch keladi. Xomaki surat chizishga fursat yo‘q edi, Leonardo yordamchilariga uni cherkovga keltirishlarini buyurdi. Daydi-sayoqni bir amallab sudrab kelishdi. Bu odam nimalar bo‘layotganini, qayerda ekanligini bilmas, Leonardo esa gunohlarga botgan insonning yuz qiyofasini matoga ko‘chirardi. Musavvir ishini tugatganida u ham o‘ziga keladi va suratga yaqinlashib:
– Men bu kartinani avval ham ko‘rganman! – deb yuboradi.
– Qachon? – hayratlanib so‘raydi Leonardo.
– Uch yil burun, hamma narsadan ayrilmasimdan avval. U paytlari xorda qo‘shiq aytardim, hayotim orzularga to‘la edi. O‘shanda bir rassom menga qarab Isoni tasvirlagan edi…
1499 yilda fransuz qo‘shinlari Milanni bosib oladi. Shahar butkul vayron qilinadi. Ammo Venesiya ham urush holatida turardi. Olim qanday bo‘lmasin, dushmanni mag‘lub etib, Venesiya ozodligi va tinchligini saqlab qolish to‘g‘risida bosh qotirardi. Nihoyat, Leonardo qay yo‘sinda dushman qo‘shinini mag‘lub etish yo‘lini topdi. U suvdan dushmanga hamla (hujum) qilish strategiyasini tuzib chiqdi. Buning uchun Leonardo suv o‘tmaydigan teridan tayyorlanuvchi g‘ovvoslik kiyimi hamda suv osti kemasi loyihasini yaratdi. Leonardoning g‘ovvosi nafas olish uchun havo bilan to‘ldirilgan katta ko‘krak cho‘ntagi va egiluvchan naycha bilan ta’minlangan edi. Biroq, kashfiyot yana kashfiyotligicha qolib ketadi. Chunki, Leonardo bu kashfiyotidan insoniyat g‘arazli maqsadlarda ham foydalanishi mumkinligini bilgani holda uni ommaga e’lon qilmaslikka qaror qiladi. 1503 yilning 5 martida u Venesiyadan Florensiyaga, Respublikaning Pizaga qarshi urushi tufayli uning yordamiga ehtiyoj sezgan gonfaloner Soderining huzuriga keladi. 20 yildan so‘ng yana o‘z ona shahriga kelgan Leonardo bu yerda o‘zining ijod namunalarini jiddiy ilmiy ishlar bilan uyg‘unlashtiradi. Aynan shu yili dunyoga ma’lum va mashhur “Mona Liza” (“Jakonda”) asari dunyoga keldi. Suratda yosh ayolning ichki dunyosi, kechinmalari va kayfiyati ajoyib, sirli tarzda aks ettirilgan. Bizga yosh ayol miyig‘ida kulib, sokin va o‘ychan boqib turibdi. Ko‘z oldingizda yuz qiyofasi o‘zgarayotgandek bo‘lib ko‘rinadi: unda goho xayolchanlik, goh sirli istehzo, goho esa g‘amginlik namoyon bo‘ladi. Keng, ochiq peshonasi, salgina qisiq ko‘zlari, yelkasidan pastga tushib turgan silliq sochlari, tanasining hayron qolarli ravishda bir tekisdaligi tabiiy ko‘rinadi. Leonardo asarda kimning suratini chizganligi to‘g‘risida yagona fikr yo‘q. Ko‘pchilik bu suratda florensiyalik badavlat inson Franchesko Jakondaning xotini tasvirlangan deb taxmin qilishadi. Mashhur psixolog olim Freyd esa Leonardo bu portretda o‘z onasi haqidagi xotiralarni mujassamlashtirgan, deb faraz qiladi. Bu o‘zining surati deguvchilar ham yo‘q emas. Shunisi aniqki, asar birovning buyurtmasi asosida chizilmagan. Agar shunday bo‘lganida rassom suratni, albatta, o‘z egasiga topshirgan bo‘lar edi. Leonardo bu asarini juda qadrlar, shaxsiy va bebaho mulki sifatida doim o‘zi bilan olib yurardi. “Menga chindan-da ilohiy suratni yaratish nasib etdi”, – deya o‘z asariga baho beradi buyuk musavvir. Hozir mazkur asar Fransiyadagi Luvr muzeyida saqlanmoqda. Florensiyada musavvir buyuk asarlar yaratish bilan birga o‘sha davrda odamzotning tushiga ham kirmagan kashfiyotlar qildi. Leonardoning bu yerda chizgan chizmalarini ko‘ra turib, haqiqatdan ham u o‘rta asr odamlaridan judayam farq qilgani, dunyoqarashi keng, g‘ayritabiiy inson ekanligiga yana bir bor amin bo‘lamiz. Leonardo qushlar parvozini diqqat bilan kuzatadi va ularning uchish sxemasini tuzib chiqadi. Agarda insonda katta qanotlar bo‘lsa hamda ular yordamida harakatlana olsa, u ham osmonda uchishi mumkinligi to‘g‘risida o‘ylay boshlaydi. Tinimsiz izlanishlari natijasida bu fikrini matematik hisob-kitoblar bilan isbotlaydi. Lekin Leonardo osmon uzra qilinajak parvozini nima sababdan “kechiktirgani” to‘g‘risida aniq bir xulosaga kelinmagan. Ushbu kashfiyot ham boshqalari kabi faqatgina qog‘ozlarda qolib ketgan.
1506 yilning bahorida Leonardo yana Milanga ketadi va u yerda 1513 yilgacha qoladi. U hamon ilmiy masalalar bilan qiziqib, tasviriy san’atni fan bilan birga olib boradi. 1508-1512 yillarda Leonardo marshal Trivulsio haykali ustida ishlaydi.
1513 yilda Julio Medichi Leonardoni Rimga chaqiradi va bu yerda 1517 yilgacha bo‘ladi. Shundan so‘ng Fransiya qiroli Fransisk 1 ning taklifi bilan Fransiyaga keladi. Fransisk 1 Leonardoni juda qadrlar edi va uning uchun Ambuaza shahri yaqinidagi Klo Lyuse qasrini olib beradi. Bu davrda Leonardo asosiy diqqatini mexanika va chizmalarga qaratgan. Aynan Klo Lyuse qasrida u o‘zining tasviriy san’atga oid kitobini yozadi. Leonardo da Vinchi 1519 yil 2 mayda 67 yoshida vafot etdi. Lekin u vaqtni o‘ziga bo‘ysundirgan olim edi. Vaqtdan unumli foydalanish uchun u har 4 soatda 15 daqiqadan uxlardi. Shu tarzda kundalik 8 soat uyquni jami 1,5 soatga olib kelgan. Natijada daho uyqu vaqtining bir yo‘la 75 foizini tejab qolgan, bu esa uning umrini amalda 67 yoshdan 100 yoshgacha uzaytirdi. Aytishlaricha, u o‘limi arafasida yonida bo‘lgan Fransisk I ga umrida nihoyatda kam ish qilgani uchun odamlardan hamda Parvardigordan kechirim so‘ragan ekan.
Sherbek Yodgorov
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).