XX asr avvalida, yozma dramaturgiya shakllanayotgan bir davrda adabiyot va san’at sohasida ham o‘zgarishlar bo‘y ko‘rsata boshladi. Siyosiy harakat tarzida yuzaga kelgan, jamiyatni ilm-ma’rifatga chorlashni maqsad qilgan jadid dramaturgiyasi jadid teatri yaratilishiga turtki berdi. Qo‘lidan sahnaga mos asar yozish keladigan ilk muharrirlar maydonga kelganidan so‘ng, adabiy turning drama janri haqida gapirish imkoni tug‘ildi.
Bu jiddiy harakat edi. Dramaturgiyaga havaskorlargina emas, balki o‘z zamonining ilg‘or fikrli, bilimdon va iste’dodli ziyolilari bo‘lmish Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, G‘ozi Yunus, Hoji Mu’in Shukrulla, Abdulla Avloniy, Abdulla Badriy, G‘ulom Zafariy, Abdulla Qodiriy, Mannon Uyg‘ur kabi ijodkorlar kirib keldi. Ular o‘zlarining sahna asarlarida ma’rifatparvarlik g‘oyalarini kuyladilar. Aksar holda bu ziyolilar o‘zbek millatiga, hayotiga xos va mos mavzu, muammolarni dramaturgiya qonun-qoidalari asosida yoritib, tomoshabinlar e’tiboriga havola etdilar. Ularning pesalari qaysi janrda, qaysi mavzuda yozilgan bo‘lishidan qat’i nazar, bir g‘oyaviy maqsadga xizmat qilgan. U ham bo‘lsa ma’rifatparvarlik, kishilar ongidagi sarqitlarni, savodsizlikni yo‘qotish, milliy taraqqiyotga intilish g‘oyasi edi. Zero, ularning asarlarida didaktika ruhi yohud tomoshaboplikka moyillik kuchli bo‘lishiga qaramay, jiddiy mavzularga murojaat ham yaqqol namoyon bo‘ldi.
Yozma dramaturgiyaning shakllanish davrida barcha mavjud dramaturgik janrlarda izlanishlar olib borilgan. Yigirma yilga yaqin davr ichida jadidlar drama, fojia, musiqali drama, bolalar repertuari, komediyalar yaratishdi va sahnalashtirdi. O‘sha davrda qalam tebrata boshlagan ijodkorlar zamonga yohud o‘tmish voqealariga murojaat qilarkan, tomoshabinni yangi teatr san’atiga o‘rgatish maqsadida dolzarb hamda davrga hamohang mavzularni aks ettirdilar. Bu nafaqat talab, balki ehtiyoj ham edi. Demak, yevropa shaklidagi ilk yangi o‘zbek teatri repertuaridan nafaqat kulgiga moyil tarjima asarlar, shuningdek, original, xalq turmushidan olib yozilgan sahna asarlari ham asta-sekin o‘rin ola boshladi.
Bu esa Turkistonda hali professional va yarim professional, havaskor rus, tatar, ozarbayjon va arman truppalari tomosha ko‘rsatayotgan bir sharoitda amalga oshirildi. Turkiston o‘lkasida ijodiy safarda bo‘lgan, hayotiy zarurat tufayli yohud boshqa sabablarga ko‘ra tomoshalar ko‘rsatgan havaskor hamda professional teatr truppalari yangi shakldagi o‘zbek teatridan bir bosh baland edi. Sababi, avvalo, ular allaqachon yevropa shaklidagi teatr bilan tanish, yozma dramaturgiyaga va professional aktyor, rejissyor kadrlarga ega edi. Turkiston o‘lkasida esa XX asr boshida endi-endi yevropa shaklidagi teatrga qiziqish, teatrni o‘ziga kasb qila olishga tayyor ziyoli yoshlar chiqa boshlagan edi. Rus, ayniqsa, ozarbayjon va tatar teatr namoyandalari bu harakatda o‘zbek teatriga ham moddiy, ham ma’naviy ko‘mak berdi.
O‘zbek teatrining o‘n yilligi munosabati bilan mulohaza shaklida yozilgan bir maqolada shunday deyiladi: “O‘zgarishning boshlarida teatru adabiyoti uch turli odim bilan ketmishdir. Birinchisi – chet millat xalqi turmushidan olinib yozilgan ko‘p katta va yerli xalq uchun hazmi juda og‘ir narsalar bersa, ikkinchisi – hech bir ma’nosi bo‘lmagan mazasiz narsalar bilan sahnani to‘ldirib tashlab, xalq uchun o‘tmas-o‘tmas bo‘lib qolgan edilar. Uchinchi odim esa, yerli xalqning o‘z ichidan olinib, mohir qalam bilan yengilgina yozilgan asarlar bermish ediki, bu odimni “Behbudiy oqimi” deb aytishga to‘g‘ri keladi…Uning ko‘rgazgan rejasi bo‘yincha, bir qancha dramma ham komediyalar o‘rtaga chiqdi”. Bu yerda gap repertuardagi uch toifa asarlar haqida: o‘zbek tomoshabini hayotidan uzoq, tushunilishi qiyin bo‘lgan asarlar; yengil-elpi narsalar; xalq hayotini yorituvchi drama va komediyalar. Tanqidchi “Behbudiy oqimi” deb atagan holda, uchinchi toifa asarlarni milliy teatr repertuarida yetakchi bo‘lishini istaydi.
Tomoshabin o‘z turmushimizdan olib yozilgan, haqqoniy hayot aks ettirilgan sahna fojialari, dramalariga intilgan. Behbudiyning “Padarkush”, Hoji Mu’in Shukrulla va Nusratulla Qudratullaning “To‘y” dramalari shuhrati bunga misol bo‘la oladi. “Xalq teatruga yurmaydi, degan gap to‘g‘ri emas, xalq yuradir. Lokin teatr – tomosha ismida bo‘laturg‘on qurchoq o‘yunlarga, o‘z ruhiga yot bo‘lg‘on, unga anglashilmayturg‘on tarjimalik “g‘arbi” asarlarga yurmasa haqi bordir. Yo‘q esa o‘zini qiziqturg‘on zaminlarda yozilg‘on va yaxshi o‘ynalaturg‘on tomoshalarga xalq yuradir”, deb yozgan edi Cho‘lpon.
1917 yilgi qizil inqilob munosabati bilan san’at turlarining sof san’at qonuniyatlari asosida emas, balki siyosiy chaqiriqlar ta’sirida faoliyat olib borgan davrida ham yevropa rusumidagi o‘zbek teatri shakllandi, oyoqqa turdi, rivojlandi. Yangi asr boshida yangilikka ilhaq jadidlar maorif, ilm-ma’rifat tarqatishda peshqadam bo‘ldilar.
Yangi shakldagi teatrni yaratishga kirishgan jadidlarda an’anaviy teatr tomoshalariga nisbatan ikki xil qarash mavjud edi. Ayrim jadidlar xalq maydon teatrini butunlay inkor etishdi. Go‘yo masxaraboz va qiziqchilar san’ati ular ko‘tarib chiqqan g‘oyalarga zid va tamomila qarama-qarshiday talqin etildi. Boshqa jadidlar esa, aksincha, yevropa teatri ne’matlari hozircha o‘zbek tomoshabiniga tushunarsiz ekanligini ta’kidlashdi. Bu qarash “Turkiston” gazetasining 1922 yil 22 sentyabr sonida e’lon qilingan “O‘zbek teatrusi” nomli maqolada ifodasini topgan edi. Maqolada shunday yoziladi: “Bizningcha, buning sababi yolg‘iz san’atkorlikdir. Xalqimiz hozirda ingichka san’atlar istamaydir. Teatrlarg‘a kelganda ham faqat tamosho, ko‘ngul ochish uchun keladir. Unga o‘n besh minutlik bir o‘yin uchun bir-ikki soat dekoratsiya qurush bilan ovora bo‘lmoq hech yoqmas. Bu hol tabiiydir. Sanoyi’ nafisa, o‘yin-kulgi va diqqatni o‘ziga jalb qilguvchi holatlar bilan xalqning hissiga ta’sirli ijro qilib, uning ruhini tarbiyalaydirgan kuchlik bir omildir. Hozirg‘i teatrumiz xalqning diqqatini o‘ziga jalb qilolmog‘onidan, uning ruhi tilagiga javob bera olmaydir. Bas, o‘zbek xalq teatrusini bor, deb bo‘lmas. Yo‘qdur”. Yoxud shu maqolada: “Bizning turmush va ruhimiz nuqtaiy nazaridan biror qiymatga ega bo‘lmagan Shekspir va Fitrat, Gogol va Kamollarni hozirg‘i teatrumiz doirasidan chiqarib turmoq, to‘g‘rusi, bizga unlarning doirasidan chiqib turmoq kerakki, biz unlarni onglayolmasmiz va unlar bizga biror ta’sir ijro qila olmaslar”, degan fikrlarni o‘qiymiz. Yangi shakldagi teatrni tuzishga bel bog‘lagan ijodkorlar jadidlarning mana shunday bir-biriga zid qarashlariga o‘xshamagan tamomila boshqa yo‘lni tanladilar. Ular yevropa teatri tajribasini o‘rganish bilan birga, an’anaviy teatr erishgan yutuqlarni ham unutmadilar, xalqning estetik didi, ehtiyojlarini hisobga olish yo‘lidan bordilar.
XX asr yevropa rusumidagi o‘zbek teatr san’ati shakllanish jarayonida bir qancha muammolarga to‘qnash keldi, dedik. Avvalo, bu san’at turi reaktsion diniy ulamolar qarshiligiga duch keldi, ikkilamchi endi-endi tetapoya qilayotgan teatr san’ati qanday yo‘lni tanlaydi, azaliy an’analarga sodiq qoladimi yoxud chetdan kirib kelgan, yozma adabiyotga asoslangan, ko‘proq shartli, tomoshabop xususiyatlarga ega an’anaviy teatrdan farqli o‘laroq, real hayot haqiqati namoyon bo‘lgan teatr an’analarini targ‘ib etadimi… Agar XX asr o‘zbek teatri rivojlanish tamoyillari haqida gapiradigan bo‘lsak, undan sovetlar mafkurasining asosiy g‘oyaviy quroli sifatida foydalanilganini ko‘ramiz.
XXI asr – ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyot birlamchi bo‘lgan texnologiyalar davrida o‘zbek teatr san’atining o‘ziga xos rivojlanish yo‘llari haqida so‘zlash ayni muddao. Sababi, bu rivojlanish jarayonlari XX asr avvalida milliy teatrning o‘z yo‘lini topish davridagi urinishlarga juda-juda o‘xshab ketadi. O‘tgan asr boshida istiqlol shamolini kutib yashagan jadidlarning ushalmagan orzulari ro‘yobini topdi. O‘zbekiston boshqa hamdo‘stlik respublikalari qatori milliy mustaqillikni qo‘lga kiritdi. Bugungi kunda davlatimiz va hukumatimiz tomonidan teatr san’atiga, san’atkorlarga berilayotgan e’tibor cheksiz. Zero, hatto rivojlangan davlatlarda ham qirqdan ziyod teatr davlat tasarrufida bo‘lib, ular turli janriy va spetsifik xususiyatga ega bo‘lishiga, joylashish manzillariga qaramay, hammasiga birday munosabat bildirilmaydi. Bu holat ham ijodiy salohiyatning o‘sishiga ko‘mak beradi, albatta. Eng asosiysi, bu davrda teatrlar bir maqomda ma’lum an’analarni davom ettirib qolmay, unutilayozgan sahna an’analarini ham tiklashga kirishdi. Shuningdek, ma’naviy merosimiz ko‘zgusi bo‘lgan teatr san’atini sof san’at taraqqiyoti nuqtai nazaridan o‘rganish, tahlil etish imkoni tug‘ildi. “Zamonaviy teatr hayotining surati rang-barang, – deb yozadi E.Muxtorov. – Teatr o‘zida mavjud bo‘lgan vositalar yordamida O‘zbekiston madaniyatining noyobligi, o‘ziga xosligini saqlagani holda, o‘z qobig‘ida o‘ralashib qolmasdan, saxovat bilan dunyoga ma’naviy qadriyatlarimizni taqdim etdi va insoniyatning eng yaxshi yutuqlarini idrok eta oldi”. Ya’ni O‘zbekiston san’ati o‘z milliy xususiyatlarini unutmagan, aksincha, ularni qo‘llagan holda, jahon badiiy madaniyatiga yuzlandi.
Muhimi, bu davrda ijodkor erkin ijod qilish, mavzu tanlash va istagan mavzusini yoritish imkoniyatiga ega bo‘ldi. San’at, adabiyot namunalari avvalgidan farqli o‘laroq davlat nazoratidan chiqdi. Bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida davlat teatr, umuman, san’at ahlini bir oz bo‘lsa-da mablag‘ bilan ta’minlashni o‘z bo‘yniga oldi. Biroq bozor iqtisodiyotida teatrlar asosan o‘z mahsuloti bo‘lmish spektaklni raqobatbardosh etib sahnalashtirishi va shu yo‘l bilan o‘z-o‘zini ta’minlashi lozim bo‘ldi.
Mustaqillik yillarida teatrlarimizda unut bo‘layozgan, noto‘g‘ri talqin etilgan tariximiz, yo‘qolib borayotgan urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz, an’analarimiz haqida hikoya qiladigan sahna asarlari ko‘plab qo‘yildi, ijro va talqinlarda esa azaliy xalq tomosha san’ati tizimlari bilan hamohang jahon teatr san’atida kuzatilayotgan uslublar, ifoda vositalari qo‘llana boshladi. Xalqimiz tarixidan hikoya qiluvchi va buyuk allomalar, davlat arboblari Imom Buxoriy, Termiziy, Amir Temur, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Xorazmiy, Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Bobur, Mirzo Ulug‘bek, Boborahim Mashrab kabi siymolarning hayoti va faoliyati yoritilgan dramatik asarlar dunyoga keldi va sahnalarda qo‘yildi. Bu davrda yaqin tariximiz namoyandalari Behbudiy, Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan sahna asarlari ham yaratildi, ular haqidagi haqiqat aytildi.
Tarixga bu qadar qiziqishning sababi shundaki, xalqimiz o‘z tarixidan butkul bexabar bo‘lib, voqealar mafkura qatlariga o‘rab taqdim etilgandi, istiqlol sharoitida esa mana shu parda olib tashlandi. Tarixiy asarlar asosida yaratilgan spektakllarga katta mablag‘lar ajratildi va davlat tomonidan alohida e’tibor berildi. Bu ham mazkur janr taraqqiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Eng muhimi, tarixiy spektakllar mahobatli yechimi, shartli-majoziy uslubi, aktyorlik san’atidagi yirik yutuqlari bilan ajralib turdi. “Demakki, – deb yozadi Sh.Rizayev, – san’at tarixga, o‘tmishga bir qur e’tibor qaratsa, boshqa butun diqqatini bugungi kunda, voqe holatda jamlamog‘i shart. Aks holda san’atning qadri-qimmati tushib ketadi. Afsuski, ma’lum vaqt shunday bo‘ldi ham. Teatrlarimiz tarixga zo‘r bergan paytda, tomoshabin bu “ne’mat”dan bahra olib bo‘lgach, o‘z ahvol-ruhiyasi, buguni, to‘yu tashvishlarini sahna va ekranlarda ko‘rgisi keldi, shunga intildi. Uning bu istak-intilishiga labbay deydigan “uchar”lar ham topila qoldi. Bu ehtiyojni ahli nafois idrok etib, biron nima yaratguniga qadar bo‘lgan fursatda “uchar” olg‘irlar fikrni ermakka, ko‘ngilxushlikka tomon burib, juda ko‘p narsalarga erishib ulgurdi”. Mustaqillikning ilk davri teatr repertuarida tarixiy mavzu va komediya yetakchi o‘ringa chiqib oldi. Bu ikki janrning birinchi planga chiqishiga asosiy sabablardan biri xalqimizning milliy o‘zligi, qadriyatlari, udum va urf-odatlari yana o‘ziga qaytarib berilganida, deb o‘ylaymiz. Biroq, afsuslar bo‘lsinkim, teatrlar repertuarida, ayniqsa, tomoshabinga ko‘rsatish borasida “kassabop” asarlarning toshi bosib ketganini hisobga olmaslikning iloji yo‘q.
Nazarimizda, tariximiz, urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz, milliy an’analarimiz, udumlarimizni tiklash yo‘lida ancha ishlar qildik. O‘zbek teatri bozor iqtisodiyoti sharoitida tomoshabinga qanday spektakllar kerakligini, ham ma’naviy ozuqa bera oladigan, ham mablag‘ keltiradigan raqobatbardosh sahna asarlari qo‘yishi lozimligini anglab yetdi. Endigi vazifa nafaqat ibratomuz tariximiz haqida, balki istiqlol shamolidan bahra olib umrguzaronlik qilayotgan insonlar, jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, insoniy munosabatlar, sodir bo‘layotgan ijobiy voqealar, ba’zi yechimini kutayotgan muammolar haqida badiiy idrok etilgan zamonaviy mavzudagi sahna asarlarini yaratishdir. Bugun dramaturg va sahna ijodkorlaridan ana shu narsa talab etiladi. Zero, zamonaviy hayot manzaralari, siz bilan bizni o‘rab turgan voqelikning nafaqat komediyalarda badiiylashgan qiyofasi, balki drama janrida ham o‘z ifodasini topishi lozim. Quvonarlisi, bugungi kunda mazkur janrda ham ijobiy izlanishlar ko‘zga tashlanmoqda.
Zotan, bugungi kunda tez sur’atlar bilan taraqqiyot sari intilayotgan mamlakatimiz ijtimoiy hayotida kuzatilayotgan jarayonlarda ma’naviyatni sof saqlash va asrashda teatr san’atining o‘rni beqiyos.
Sarvinoz Qodirova,
san’atshunoslik fanlari doktori, professor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 18-son

