Rahimjon Do‘sanov. O‘zbek askiyachiligi sardori

XX asrning ikkinchi yarmida so‘nib borayotgan qiziqchilik san’atiga qayta jon bag‘ishlagan san’atkor, yoshlar qalbida hazil-mutoyibaga bo‘lgan ishtiyoqni muhabbatga aylantira olgan kulgu ustasi Muhiddin Darveshev 1938 yilning 26-fevralida Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi Oqqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan. U kishining otasi Darveshali aravasoz usta bo‘lgan. Muhiddin Darveshev avval o‘rta maktabda ta’lim olib, so‘ngra Samarqand qishloq xo‘jaligi institutining “Agronomiya” fakultetiga o‘qishga kirgan. U ilm olish bilan birga, o‘quv yurtidagi turli kechalarda, tadbirlarda rejissyor va ijrochi bo‘lib ham faol ishtirok etgan. 1959 yilda o‘qishni tugatgan Muhiddin Darveshev o‘z qishlog‘i Oqqo‘rg‘onda agronomlik qilgan. Muhiddin Darveshevning san’atga bo‘lgan qiziqishi juda kuchli bo‘lganligi tufayli u tez orada o‘z o‘rni qishloq xo‘jaligida emas, balki sahnada ekanligini anglaydi. Avval boshlab “Buvayda”, “Uchko‘prik” tumanlaridagi madaniyat uylarida, so‘ngra Qo‘qon teatrida faoliyat yuritgan. U o‘zining qator ichakuzdi hangomalarini ijro etib elga tanilgan. Bugun Muhiddin qiziq deganda, xalqimiz ko‘z o‘ngida oq yaktakda do‘ppini qiyshaytirib kiyib olgan qiziqchi siymosi gavdalanadi. Muhiddin qiziqning ot o‘g‘risi haqidagi hangomasida haqiqiy chapani bir yigit obrazini ko‘rishimiz mumkin. Muhiddin Darveshev sal bukchayib o‘ziga xos shevada, qoshlarini qiyshaytirib, qo‘l harakatlari bilan o‘zgacha bir yuz ifodasida bu yigit qiyofasini mahorat bilan gavdalantirgan.

Muhiddin qiziq o‘zining ichakuzdi hangomalarini turli xil xarakterlarda ijro etib, juda ko‘pchilikni kuldira olgan o‘zbek an’anaviy teatrining yetuk namoyandalaridan biri bo‘lgan. Muhiddin qiziqning tahsinga loyiq ajoyib odatlaridan biri, qayerdaki yosh qiziqchi, askiyachi chiqsa, albatta uni topib, tanishib, qanoti ostiga olib tarbiyalar ekan. Muhiddin qiziq askiyaga usta bo‘lish bilan birga, atrofiga qiziqchilikka ishqiboz yoshlarni ham yig‘a bilgan ustoz edi. Muhiddin qiziq ana shunday yoshlar bilan respublikada birinchi bo‘lib 1986 yil Buvayda tumani madaniyat uyi qoshida “Qahqaha” teatr studiyasini tashkil qilgan. Bu teatrga O‘ktamjon Yusupov, Yuldoshxon Nosirov, Jo‘raxon Po‘latov, Bahodir Shokirov, Mansurjon Oxunov kabi yosh qiziqchi, askiyachilarni jalb qilib, turli ommaviy asarlarni sahnalashtirgan. Muhiddin qiziqning bunday serqirra ijodini kuzatib, o‘ziga xos maktab yaratgan ijodkor ekanligiga amin bo‘lamiz. San’atkorning shogirdlaridan biri Abduxoliq Mamarasulovning ta’kidlashicha, Muhiddin Darveshev doim: “Mening shogirdlarim vaqti kelib katta qiziqchilar armiyasiga aylanadi, men, nasib bo‘lsa, ularning generali bo‘laman”, deb ko‘p takrorlar ekan. Muhiddin qiziqning yana bir iste’dodi – faqatgina o‘zbeklarga xos bo‘lgan askiyachilik san’atida ham barakali ijod qilib, payrovlarni maromiga yetkazib ijro etganligidir. Uning Mansurjon Oxunov bilan birga ijro etgan payrovi askiyachilikda yangilik, deb tan olingan.

Muhiddin qiziq askiyalaridagi, hangomalaridagi har bir so‘zni tovlantirib yuborgan. Shuning uchun ham uning hangomalari tomoshabin dilidan joy olgan. Shu bois mohir qiziqchi chehrasini ko‘rgan tomoshabinki bor, yuziga kulgu yuguradi. Muhiddin qiziq nafaqat o‘zbek tilida, balki rus, qozoq, qirg‘iz tojik tillarida ham qiziqdan-qiziq hangomalar yaratib, qo‘shni davlatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistonda o‘z dasturlarini ijro etib, shuhrat qozongan. Biz Muhiddin qiziq repertuarlaridan o‘rin olgan “Bir kamaz taxta” haqidagi hangomadan san’atkorning serqirra qiziqchi ekanligiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Muhiddin Darveshev bu hangomasini bir nechta tillarda ijro etgan. Aynan mana shu hangomada ovoz imkoniyatlari ham ko‘zga tashlanadi. Qolaversa, bir hangomaning o‘zida bir nechta millatga xos ovoz, ko‘z qarashlari bilan xilma-xil obrazlar ijro etish faqatgina mohir aktyorninggina qo‘lidan kelishi mumkin.

Muhiddin Darveshevning hajviy hikoyalar yozuvchisi Anvar Muqimov bilan hamkorligi san’atkorning ijodini yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘taradi. Muhiddin Darveshev Anvar Muqimovning “Ichkilikning sharofati”, “Xotinimdan o‘rgilay”, “O‘zimni to‘xtatolmayman” kabi hajviyalarini katta mahorat bilan ijro etib, qiziqchiligimizda bo‘lmagan “monolog” janriga asos solgan va uni rivojlantirgan. Muhiddin qiziq Tesha qiziq Komilov va Oxunjon qiziqlarga ergashib, “Sartarosh”, “Samolyot”, “Ichkilikning oqibati”, “Ashulachining kaltak yeyishi” kabi kulgi-hikoyalarni ijro etgan. U hayotiy voqealar asosida mustaqil ravishda kulgi-hikoya, latifa va hangomalar to‘qib, ijrosini ham maromiga yetkazgan iste’dodli san’atkor hisoblangan. Muhiddin qiziqning repertuari nihoyatda boy. O‘ziga xos tomonlaridan yana biri, u garchi kulgi-hikoya, latifa janrida ijod qilgan bo‘lsa-da, qator chiqishlarida ularni bir-biriga bog‘lab namoyish etishi tufayli o‘z hayoti va ustoz qiziqlar hayotidan olingan kulgi-hikoya va latifalar; Abdurayim dovdir va Mamarayim erkak sarguzashtlari va hayotiy voqealar asosiga qurilgan latifalar kabi turkum dasturlarni yaratgan.

Muhiddin Darveshev har bir turkum qahramoni qiyofasiga bir zumda kira olish, so‘zlarni salmoqlab, chertib-chertib aytish, ko‘zlari, qoshlarini o‘ynatib, qo‘llarini harakatga keltirib, lahzada turli qiyofalarda gavdalantirish salohiyatiga ega bo‘lgan.

O‘zbek an’anaviy teatrining yana bir yetuk namoyandasi xonandayu sozanda, mohir korfarmon – Aka Buxor (Buxorjon Zokirov) xalq tomoshalari, sayillarida, to‘ylarda o‘z tomoshalarini partnyorlar bilan ijro etib xalqni xursand qilgan bo‘lsa, Muhiddin qiziq, asosan, bir o‘zi ijro etib, tomoshabin ko‘nglidan joy olgan. Ushbu yakka ijro ham Muhiddin Darveshev ijodining o‘ziga xos jihati, deyish mumkin. Uning “Telefon”, “Futbol”, “Shahmot”, “Bedana” kabi payrovlari mana shunday yakka ijro etilgan askiyalari sirasiga kiradi. Ayniqsa, Muhiddin qiziq askiyalarni voqeali qilib qurishga usta bo‘lgan. Bunday askiyalarga “Kelin-kuyov”, “Shifokor va bemor” payrovlarini misol qilish mumkin. San’atkor 1967 yil xalq ijodiyoti ko‘rigi, 1984, 1986, 1988 yillarda askiyachi va qiziqchilarning respublika ko‘rik tanlovining g‘olibi bo‘lgan. Muhiddin Darveshev ijodi haqida Sirojiddin Ahmad bilan bo‘lgan suhbatimizda u kishi shunday fikrlarni bildirdi: Muhiddin Darveshevning yutug‘i – kulgili hangomalarining voqebandligi. Bunday hangomalarni Muhiddin qiziq mahorat bilan ijro qilardi. Yana bir jihati, u kishining shevasi edi. Askiyachilik vodiyga xos bo‘lganidek, Muhiddin qiziq Qo‘qon, Marg‘ilonga xos qiziqchilik maktabini yaxshi egallagan edi. Muhiddin Darveshev bilan bir-ikki marta suhbatda bo‘lganman, u kishi juda band bo‘lardi, hayotda ham o‘ta kamtarin, hokisor odam edi. O‘ziga xos xarakterli tomoni, ko‘ngli tortmagan davralardan hech kimning dilini og‘ritmay, chiqib ketardi. Qiziqchilikda, so‘z san’atida so‘zning o‘rnini topa bilish eng muhim omil hisoblanadi. Umuman, askiyachilikda, qiziqchilikda “tutol gap”, ya’ni ishlatilmagan, o‘xshashi yo‘q so‘zlar mavjud. Xuddi shunday tutol voqealarni topish va ularni qiziqarli qilib ijro etish Muhiddin Darveshevga xos xususiyat bo‘lgan. Qiziqchi zakiy odam bo‘lishi kerak. Ya’ni xalq an’analari, termalarini, xalq og‘zaki ijodidagi qo‘shiqlarni, joy nomlarini, predmetlar nomini, shevalarni yaxshi bilishi zarur. Biz Muhiddin qiziqni ana shunday “zakiy” odam bo‘lgan, deya olamiz. Muhiddin Darveshevning hangomalari o‘ta xalqchil bo‘lgan”.

O‘zbek askiyachiligining yetuk namoyandasi, ajoyib iste’dod sohibi, so‘z ustasi Muhiddin Darveshev 1995 yil 25-sentyabrda vafot etgan. Muhiddin qiziq ijodining 40 yilligida 40 ta shogirdga ega bo‘lgan ustoz bo‘ldi. Qiziqchilar: Rustam Hamroqulov, Xojiboy Tojiboyev, Bahodir Shokirov, Abdulla Akbarov, Abdurahmon Siddiqovlar ham Muhiddin qiziqning shogirdlaridan. So‘zimiz so‘nggida, an’anaviy teatr janrida yoki qiziqchilik san’atida ijod qilaman, deb bel bog‘lagan bo‘lajak san’atkorlar Muhiddin Darveshev singari serqirra ijodkorlar ijodini o‘rganib, ularga munosib izdosh bo‘lishlariga umid qilamiz.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 2-son