Orkestr musiqasi qiroli (Pol Moria)

1925 yilning 4 mart sanasida dunyo sahnalarini o‘zining maftun­kor va dilbar kuy-qo‘shiqlari-la beza­gan buyuk bastakor, atoqli dirijyor Pol Moria dunyoga keldi. Musiqachi­lar oilasida tavallud topgan Pol­ga otasi to‘rt yasharligidayoq pianino chalishni o‘rgatdi.

O‘n yoshidan Pol Moria Mar­sel konservatoriyasining for­tepiano bo‘limida tahsil oldi. U musiqachi bo‘lishni orzu qilardi. Konservatoriya­da o‘qib yurgan kezlari bir do‘sti uni jaz musiqasi bilan tanishtiradi. Jaz musiqaci uni shu qadar o‘ziga rom etadiki, ko‘p o‘tmay u shu yo‘nalishda kuylar yaratishga kirishadi. Bir gal jaz musiqasi klubida bo‘lib o‘tgan talabalar uchrashuvida qatnasharkan, yosh bastakorda kelajakda musiqiy orkestr yaratish niyati tug‘iladi.

Pol Moriada musiqa yaratish va tanlash qobiliyati benihoya kuchli edi. U ohanglarni erkin tanlar, kuyni maromiga yetkazib bastalardi. Nafaqat bastakor bo‘lish ista­­gi, balki musiqaga mehri uni doimo o‘z ustida ishlashga, tinim­siz izlanish­ga undardi. 1939 yil­da Marsel konservatoriyasini imtiyoz­li tamomlasa-da, mumtoz musiqa yo‘nalishidagi bilimlarni to‘liq egallamagani, yetuk jaz musiqachici sifatida ko‘nikma va tajribalaridan ko‘ngli to‘lmay, tahsil olishni da­vom ettiradi.

Moria o‘zining bi­rin­­­chi orkestri­­ni tashkil etgani­­­­­da ­17 yoshda edi! Avvaliga bu ix­­­­cham guruh Frantsiya bo‘ylab kontsert­lar uyushtiradi. Vaqt o‘tishi bilan Moria orkestri butun Yevropada tanila boshlaydi. Bastakor orkestr uchun o‘zi musiqa yozar va aranjirovka qilardi. Nafaqat jaz, balki pop yo‘nalishida ham ijod qilgan bastakor tanlagan kasbidan hamisha zavqlangan. U ortiqcha shon-shuhrat, boyligu moddiy manfaat vajidan emas, balki ko‘ngil rozlarini tezroq va ko‘proq ohanglar qatiga ko‘chirishga shoshilardi. Shu tariqa Pol Morianing muxlislari ko‘paya boshladi. Bunga uning betakror qobiliyati, mehnatkashligi, o‘ziga xos ijro uslubi sabab bo‘ldi. Bastakor o‘z ustida tinimsiz ishlardi. Ijodkor, hattoki, ikkinchi jahon urushi yillarida ham musiqa bastalashdan to‘xtamadi. 1957 yilda unga rosmana omad kulib boqadi. 1962 yilda Del Roma taxallusi ostida “G‘ildiraklar” qo‘shig‘iga bastalagan musiqasi unga katta muvaffaqiyat keltirdi. Xalqaro “Evrovideniye” tanlovida Gran-pri sov­riniga ham musharraf bo‘ldi. Mazkur qo‘shiqni u taniqli bastakor Frank Pursel bilan hamkorlikda yaratgandi. Shu yili u o‘zining “Pol Moria kuylari” deb nomlangan ilk albomini muxlislar e’tiboriga havola etdi.

1959 – 1964 yillarda “Bel-Er” studiyasida “Pol Moria va uning orkestri” nomli ikkinchi albom dunyo yuzini ko‘rdi. Uning Richard Audrey, Niko Papandopulos, Eduardo Ruo va Villi Tvist singari taxalluslari ham bor edi.

1960 yillarga kelib, u bu­tun Frantsiyaga tanilib ulgurgan san’atkor edi. 1962 yilda u o‘zining «Chariot» nomli qo‘shig‘ini yaratdi. Bu asar olamshumul shuhrat qozondi. Keyinchalik bu qo‘shiq AQShda ham shov-shuvga sabab bo‘ladi va inglizchada “Men uning izidan boraman” nomi bilan keng tarqaladi. 1990 yilga kelib ushbu qo‘shiq “Opa, harakat qiling” filmida saundtrek sifatida yangraydi, besh hafta mobaynida Amerika musiqiy xit-paradida birinchi o‘rinni egallab turadi.

Pol Morianing Sharl Aznavur bilan hamkorlikda 120 dan ziyod qo‘shiq yaratishi uning yanada mashhur bo‘lishga olib keldi. Keyincha­lik boshqa san’atkorlar bilan hamkor­lik qilishga ham yo‘l ochildi. Dalida, Moris Shevale, Leo Ferre, Leni Eskudero va boshqa estrada yulduzlari bastakorning eshigida turnaqator bo‘lib, yangi asar kutishardi. 1966 yilda Pol Moria Mirey Matyo kontsertlarida musiqiy rahbar bo‘lib ishlay boshlaydi va u bilan hamkorlikda 50 dan ziyod qo‘shiq yaratadi. Taniqli shoir Andre Paskal bilan ijodiy hamkorlik ham shu yillarda boshlangan edi.

Pol Moria albomlari Buyuk Britaniya, AQSh, Yaponiya, Braziliya bo‘ylab ayniqsa keng tarqaladi, jahon bo‘ylab qariyb 40 mln. nusxada sotiladi. Binobarin Moria bastalagan kuy-qo‘shiqlari uchun ko‘plab xalqaro mukofotlardan ham benasib qolmadi. 1997 yilda u Frantsiya madaniyat vazirligi tomonidan ta’sis etilgan “Madaniyat va adabiyot sardori” mukofoti sovrindori bo‘ldi. Keyinchalik uning orkestri AQSh, Meksika, Lotin Amerikasi, Yaponiya, Rossiya va sobiq sho‘rolar mamlakatining boshqa respub­likalarida ham ijodiy safarlarda bo‘lib, xalqaro miqyos­da obro‘ qozonadi. Bas­takorning nozik­ta’b muxlislarga atagan kuylari ko‘plab teledastur­lar­da (xususan, Rossiyaning “Hayvo­not olamida”, “Kinopano­ra­­ma” ko‘rsatuvlarida, ob-havo dasturlari­da), radiodasturlarda, hujjatli va badiiy filmlarda yangrab, qalbga kirib boradi.

Bastakor o‘zining orkestri bi­lan hamkorlikda jami 1200 dan ziyod musiqa namunalarini yozgan, ular 100 dan ortiq albomga jamlangan. “Noktyurn”, “Sevgi moviy rangdadir”, “Tokkata”, “El-Bimbo”, “Minuetto”, “Penelopa” kabi kuylar butun dunyoda tan olingan.

Pol Moria XX asrda jahon musiqasi katalogini yaratgan yagona san’atkor bo‘lib qoldi. U koinotdan taraluvchi tovushlarni aks etti­rish­ga urinar, musiqa madaniyati va texnologiyasiga nimaiki bog‘liq bo‘lsa, hammasini uyg‘unlashtirish­ga intilardi. Natijada, u noodatiy hamda musiqada ilgari hech uchramagan tovushlarni ijroga solib, barcha­ga birday tushunarli, umuminso­niy musiqa olamida boqiy meros qoldirdi. Musiqachi Dueyn Ollmen e’tirof etganidek, “Uning kuylari barchaga birdek, mamlakatidan qat’i nazar, xush keladi, odamlarni ez­gu hissiyotlarga undaydi”. Xi­toy musiqashunoslaridan biri Pol Moriani “Musiqiy kayfiyat ulashuvchi”, deya ta’riflagan bo‘lsa, ko‘pchilik musiqasevarlar uni “Jahon musiqasi qiroli” deb ataydi.

U so‘nggi kontsertini 1998 yili Yaponiyaning Osaka shahrida berdi. Noyob musiqalari bilan dunyoni larzaga solgan bastakorning umri 2006 yilning 3 noyabrida Frantsiyaning Perpinyan shaharchasidagi uyida yakun top­di. Ammo san’atkor vafotidan ke­yin ham u boshlagan ish davom etdi, basta­kor tashkil etgan orkestr faoliyati­ni to‘xtatmadi.

Uning musiqasi ixlos­mand­lar­ tuyg‘ulari bilan hamohang dunyo bo‘ylab sayohat qilar, hamisha tashnalik bilan qabul qilinardi. Bastakor butun umri davomida yorqin va ehtirosli his-tuyg‘ularini, hayajonini kuylarida namoyon qilishga intilgan. U inson qalbi kechinmalarini ohanglar tiliga ko‘chirardi.

Moria bu olamga ehtiromini o‘zining umuminsoniy va zamonaviy yo‘sindagi musiqalari orqali bildirgan. Har safar uning kuylarini tinglaganimizda u qalbimizga yanada yaqinroq bo‘ladi.

Shubhasiz, bunday noyob kuylar muallifining shaxsiy hayoti barchani qiziqtirardi. Ammo bastakor haqidagi ma’lumotlarni, saqlangan manbalarni topish nihoyatda mushkul. Buni musiqachining shaxsiy hayotini ommaga oshkor qilishni ismagani bilan izohlash mumkin. Biroq san’atkorning bevasi uning vafotidan so‘ng bastakor xotirasiga bag‘ishlab bir nechta mamlakatda kontsertlar uyushtirgani ma’lum.

2000 yili Pol Moria orkestriga mashhur pianinochi Jil Gambyus, oradan biroz vaqt o‘tgach, boshqa bir taniqli musiqachi Jan Jak Justafre rahbarlik qila boshlaydi. Bu vaqtga kelib, orkestrning ijro uslubi, repertuari ancha boyigan edi. 2010 yili mazkur orkestr Rossiya, Ukraina va Belorussiya mamlakatlariga safar qiladi. Orkestrning musiqiy dasturi “Pol Moria xotirasiga” deb nomlangandi.

Zilola Fozilova tayyorladi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 3-son