Uni o‘z davridagi eng omadli, eng baxti kulgan san’atkorlardan biri deyishadi.
Bu gapda jon bor, albatta. Vyacheslav Tixonov sobiq sho‘ro zamonining barcha oliy mukofotlariyu eng nufuzli unvonlarini olgan, tom ma’noda shon-shuhratga burkangan aktyor edi. U hali 20 yoshga to‘masidanoq boshiga baxt qushi qo‘ngandi. O‘shanda u Ikkinchi jahon urushi qahramonlariga bag‘ishlangan, o‘z vaqtida katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan “Yosh gvardiya” badiiy filmida Volodya Osmuxin roli bilan ilk bor nazarga tushdi. Vyacheslav Tixonov avvaliga Qishloq xo‘jaligi Akademiyasida o‘qigan, keyinchalik Moskvada Kino institutini tugatgan. O‘sha paytlardayoq bu kelishgan, xushsurat yigitga “Buyurtmalar” ko‘p bo‘lgan. Shu tahlit u “Bu Pen’kovda bo‘lgan edi” (Morozov), “Faqulodda hodisa” (Rayskiy), “Michman Panin” (Mixail), “Hayotbaxsh o‘lim”, (Aleksey), “Urush va tinchlik”, (Andrey Bolkonskiy), “Dushanbagacha omon bo‘lsak”, (Melnikov), “Ular vatan uchun jang qildilar”, (Streltsov), “Oq Bim Qoraquloq”, (Ivan Ivanovich), “O‘zaro suhbat” (Ershov) singari filmlarda suratga tushdi.
Sir emas, bu aktyorning ko‘rkam qiyofasi, kelishgan qaddi-basti, yoqimli tabassumi ko‘plab kinochliarni ham, tomoshabinlarni ham o‘ziga maftun etib kelgan. Aslida esa, Vyacheslav Tixonov kinokamera oldida o‘zini tuta biladigan, mas’uliyatni chuqur his qiladigan, nihoyatda jiddiy va sokin, ichki madaniyati kuchli inson edi.
“Urush va tinchlik” badiiy filmi postanovkachi-rejissyori Sergey Bondarchukning hikoya qilishicha, Andrey Bolkonskiy roliga talabgor aktyorlar juda ko‘p bo‘lgan ekan.
Kirill Lavrovdan tortib Innokentiy Smaktunovskiy, Vasiliy Lanovoydan tortib, Anatoliy Kuznetsovu Rodiom Naxapetovgacha!.. Ammo omad Vyacheslav Tixonovga kulib boqqan.
“Biz filmda knyaz Andrey Bolkonskiy bilan Per Bezuxovning suhbatini istagan joyda syomka qilishimiz mumkin edi, – deb yozgandi Sergey Bondorchuk”. – Ammo Vyacheslav Tixonov bu sahnani Yasnaya Polyanada, Lev Tolstoyning o‘zi shu asarni yozgan hovlisida suratga olaylik, deb taklif qilib qoldi. “Graf Tolstoyni ko‘rgan keksa eman daraxtlari, Tolstoyning ruhi bizga madadkor bo‘ladi”, dedi. Va bu kadrlar nihoyatda muvaffaqiyatli chiqdi. Agar bu takliqni boshqa biron bir aktyor aytganida, o‘laqolsam rozi bo‘lmasdim. Chunki Tixonov bu obrazning “ich-ichiga” kirib ketgandi…”
Yoki “Dushanbagacha omon bo‘lsak” badiiy filmidagi maktab direktori Melnikov, “Oq Bim Qoraquloq” badiiy filmidagi yozuvchi Ivan Ivanovich…bu qahramonlarning murakkab taqdiri, hayoti, o‘y va kechinmalari, og‘riq va iztiroblari, muhabbati va nafrati Vyacheslav Tixonovning allanechuk ma’yus va g‘amgin ko‘zlarida shundoq ko‘rinib turardi.
Yana bir yorqin misol sifatida aktyorga olamshumul shuhrat olib kelgan “Bahorning o‘n yetti lahzasi” serialidagi rus razvedkachisi Isayev – “Shtirlits” obrazini keltirish mumkin. Bu obraz aktyorning “shoh roli” bo‘lib qolgan deyish joiz.
Chunki, uning o‘zi keyinchalik tan olishicha, millionlab odamlar uni boshqa rollari emas, aynan Shtirlits obrazi orqali bilishar va sevisharkan.
Vyacheslav Tixonov Rossiya kinostudiyalari bilan cheklanib qolmadi va takliflarga ko‘ra Chexiya, Germaniya, Shveytsariya va boshqa xorijiy davlatlarda suratga olingan filmlarda ham ishtirok etdi. Taqdirning “achchiq hazili” ni qarangki, shunchalar obro‘ e’tibor, shon-shuhratga erishganiga qaramay, bu aktyorni hayotda juda baxtli, omadi kulib boqqan deb bo‘lmasdi.
Ma’lum bo‘lishicha Vyacheslav Tixonov hali talabalik paytidayoq bo‘lajak kinoaktrisa, rossiya xalq artisti Nonna Mordyukova bilan tanishib qolib, turmush qurishgan ekan. Biz bu aktrisani “Turnaxon”, “Balzaminovning uylanishi”, “Brilliant qo‘l”, “Ikki kishilik vokzal” filmidagi rollari orqali bilamiz. Nonna Mordyukovaning keyinchalik yozgan xotiralariga qaraganda, ular “Yosh gvardiya” filmi suratga olinayotganda tanishib, sevishib qolishgan. To‘g‘rirog‘i o‘sha kezlari nihoyatda jozibali bo‘lgan aktrisa yosh va chiroyli Vyacheslavni ancha vaqtgacha boshini aylantirgan va oxir oqibat niyatiga yetgan ekan. Shu sababdanmi yoki shunchaki taqdir taqozosimi, ko‘p o‘tmay ularning turmushi buzilgan. Aslida esa ular oilasi bilan kichkinagina, tor xujrada qiynalib yashashar va shunga qaramay ko‘plarning ularga havasi kelarkan. O‘ylab qaralsa, bu juftlikning aslida “xarakterlari” bir-biriga umuman to‘g‘ri kelmagan ko‘rinadi. Sho‘x va shaddod Nonna Mordyukovaning fe’l-atvori nihoyatda og‘ir va bosiq Vyacheslav Tixonovga yoqmagani aniq. Ular hatto Volodya ismli o‘g‘ilchali ham bo‘lishgan. O‘g‘il ham ota-onasining izidan ketmoqchi bo‘lganu, ammo giyohvand moddalarga ruju qo‘ygani bois o‘zining boshiga yetgan va vafot etgan. Tixonovning keyingi, ikkinchi oilasi ham omadsiz kechgan deyishadi. U ikkinchi xotinidan qiz ko‘rgan. Ammo shunga qaramay, ular hamisha jiqqamusht bo‘lib yashashgan, kelisholmagan. Shuning oqibatida, Vyacheslav Tixonov lash-lushlarini yig‘ishtirib, “Bahorning o‘n yetti lahzasi” filmida ishlab topgan gonarariga sotib olgan kvartirasini xotini va qiziga tashlab, o‘zi uydan bosh olib chiqib ketgan ekan.
“Omadli” aktyorning “omadsiz” shaxsiy hayoti shu taxlit poyoniga yetgan deyish mumkin va bu ko‘ngilsizliklar o‘z vaqtida kino olamida ancha gap-so‘zlarga sabab bo‘lgan.
Vyacheslav Tixonov 2010 yili 4 dekabrda 82 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Ko‘rgan-bilganlarning xotirlashlaricha, o‘sha kezlari uni qariyb tanib bo‘lmas, allanechuk ma’yus bir ifoda muxrlanib qolgan ko‘zlarigina uni eslatar ekan, xolos.
“Hayotda baxt bilan baxtsizlik hamisha yonma-yon, qo‘l ushlashib yuradi” deganlari shu bo‘lsa kerak-da?!…
Usmon Mahkam, san’atshunos
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 2-son