1995 yili Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 50 yilligiga bag‘ishlab, Hamza nomidagi o‘zbek davlat akademik drama teatri (hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatri) Said Ahmadning “Ufq” romani asosida spektakl sahnalashtirmoqchi bo‘ldi. Spektaklni sahnalashtirishni menga ishonishdi. Bundan oldin ham spektakl sahnalashtirish uchun meni bu teatrga bir necha bora taklif qilishgan.
Sahnalashtiriladigan pesalar ma’qul bo‘lmagani tufayli ularni rad etgandim. Lekin o‘zbekning eng katta teatrida spektakl sahnalashtirishga ishtiyoq juda-juda katta edi. Rost, o‘sha payti yosh rejissyor emasdim. Qo‘qon, Farg‘ona teatrlarida uncha-muncha “ishlarni qilib” qo‘yganim uchun, biroz tanishardi.
Said Ahmadning “Ufq”i bilan esa yaxshi tanish edim, romanni maktabda o‘qib yurgan paytlarimdayoq o‘qiganman, institutni bitirib Qo‘qon teatriga kelganimda, bu teatrning eng yuksak spektakllaridan biri “Ufq” edi. Bu spektaklni mashhur aktyor Zanjirali Mirzatov ijrosidagi Ikromjon rolida bir necha bor ko‘rganman.
Xullas, spektaklni sahnalashtirishga darrov ko‘ndim. Ish boshlanib ketdi. Roman asosida yozilgan pesani Said Ahmadning o‘zlari teatrga kelib o‘qib berdilar. Akademik teatrda ishlaydigan aktyorlar bari jam bo‘ldi. Hammani sig‘diradigan joyning topilishi qiyin, doimo yarmi bo‘sh turadigan repetitsiyalar xonasida har bir stulda ikki kishilab o‘tirib pesani tinglashdi. O‘sha paytda, aktyorlarning o‘zlari aytishlaricha, ancha vaqtlardan beri ko‘rishmagan kasbdoshlar shu kuni ko‘rishishibdi. Shu asnoda rollar taqsimlandi. Talabgorlar juda ham ko‘p. Har bir rolga ikki, uch aktyor dublyor tarzida tayinlandi. Rol tegmagan aktyorlar anchagacha direktor va menga rol so‘rab murojaat qilib yurishdi. Keyinchalik ham, spektakldagi eng “qiyomiga yetgan” rollarni, rollarga rasman tayinlanganlar emas, talabgor bo‘lib rol olganlar ijro qilishdi.
Ikromjon roliga Yoqub Ahmedov, Po‘lat Saidqosimov, Erkin Komilov, Muhammadali Abduqunduzov; Jannatga To‘ti Yusupova, Rimma Ahmedova; Tog‘aga To‘ychi Oripov, Obid Yunusov; Tursunboy, Zebi, Risolat va boshqa rollarga ham teatrning eng iqtidorli, tajribali aktyorlari va yoshlar tayinlandi. Ish juda qizg‘in boshlandi. 9 may kuniga atigi 28 kun qolgan edi. Men teatr uchun, ayniqsa, “korifey” aktyorlar uchun notanish, “tuxumidan endi chiqqan rejissyor” edim. Ular repetitsiyalar payti “qani, nima karomat ko‘rsatar ekan”, deb meni sinashardi. Bir, ikki sinovdan o‘tganimdan so‘ng repetitsiyalar juda ham unumli o‘ta boshladi, hamma mutlaqo ijodiy jarayon bilan qaynab ishladi.
Obid aka Yunusov mendan birinchi bora, spektaklga qanday musiqalar tanlanishini so‘raganida, “Spektaklga maxsus musiqa yoziladi” desam, xafa bo‘lganday bo‘ldi. U “maxsus musiqaga” norozi bo‘ldi. Atoqli bastakor, o‘zbek musiqasining darg‘asi bo‘lmish Yunus Rajabiyning o‘g‘li bo‘lgani uchunmi, u avvaldan spektaklga, ayniqsa, eng muhim sahnalarga o‘zicha musiqalar tanlab qo‘ygan bo‘lishi kerakki, boshqa musiqani, hali uning qanday musiqa ekanini bilmay turib ham rad etdi.
Spektaklga musiqa yozish uchun betakror kompozitor, mening va teatr ijodkorlarining eng yaqin do‘sti Anvar Ergashevni taklif qilgan edim. Anvarga ishonardim. U men sahnalashtirgan bir necha spektakllarga musiqa yozib ulgurgan edi. Anvarjon spektaklga musiqani yozib olib kelganida, Obid aka: “Musiqani eshitib ko‘raylik”, deb turib oldi. Jamoani yig‘ib, bor musiqalarni birin-ketin eshitdik. Musiqa Obid akaga yoqmadi. Boshqalar ham “oh” deyishgani yo‘q. Faqat Rimma Ahmedova Anvarjonning oldiga kelib: “Molodets! Menga juda ham yoqdi!” dedi. Agar shu gap ham bo‘lmaganida, Anvarjon yozgan musiqasini olib qaytib teatrga kelmagan bo‘larmidi…
Obid aka oldimga kelib, anchagacha gapirolmay, oxiri yorildi:
– Olimjon, axir, o‘zimizning milliy musiqalarimiz bor-ku?! Nolalarimiz, nay, tanbur, sato… Qancha istasangiz topib olib kelib beraman! Bu “diring- diring” musiqa bo‘lmaydi, uka!
Men indamadim. Indamaganim Obid akaga yana ta’sir qildi. U shumshayib oldi. Ha deganda sahnaga chiqavermadi. Asosan To‘ycha aka Oripov repetitsiya qila boshladi. Obid aka teatr tomosha zalida repetitsiyalarni tomosha qilib o‘tiraverdi. Lekin birorta repetitsiyani qoldirgani, hatto biror marta kech qolib kelgani ham yo‘q. Oxiri bir bora, sahnada repetitsiyaga tayyor turgan To‘ychi akani tomosha zaliga o‘tqazib, sahnaga Obid akani taklif qildim: “Chiqing Obid aka, sahnaga!” deb ancha qat’iyat bilan aytdim. Obid aka sahnaga chiqdi. Ikromjonning urushdan bir oyoqsiz qaytib kelgani va do‘sti, kolxoz raisi Tog‘a bilan uchrashadigan sahna. Ikromjon – Yoqub Ahmedov, Tog‘a – Obid Yunusov. Sahnada qo‘ltiqtayoqqa tayangan Ikromjon ayoli Jannat bilan gaplashib turibdi. Tog‘a kirib keladi:
– Ikrom!
– Tog‘a! (Quchoqlashib ko‘rishadi. Ikromjonni qo‘ltig‘idan tayog‘ining biri yerga tushib ketadi. Tog‘a uni olib Ikromning qo‘ltig‘iga suyaydi).
Shu ko‘rinish bir-ikki bora qaytarildi. Nazarimda, Obid aka do‘sti bilan jo‘ngina quchoqlashdi, shu sahnani yana qaytarganimda ham xuddi shunday bo‘ldi.
Men Obid akaga:
– Obid aka, Ikromjon sizning qadrdoningiz, bolaligingizdan birga o‘sgan do‘stingiz. Uning urushdan tirik qaytgani siz uchun juda katta quvonch. Men uni bag‘ringizga anchagacha bosib turishingizni istardim. Mahkam quchib, anchagacha qo‘yib yubormang…
– Qanchagacha qo‘yib yubormay? – “tanbehim” Obid akaga yoqmadi.
– Quchog‘ingizga bosib turing ancha.
– Qancha bosib turay, deb so‘rayapman-ku, aniq ayting, qancha?!
– Quchib olib, o‘ngacha sanang! – mening ham asabim dosh bermadi. – O‘ndan keyin qo‘yib yuboring! Marhamat, yana bir bor kirishingizdan qaytaramiz!
Obid aka eshikdan kirib, Ikromjonni ko‘rib, eshik oldida to‘xtaydi, “Ikrom!” deb kelib quchoqlashishadi. Bir fursat quchoqlashib turgach, Obid aka: “sakkiz, to‘qqiz, o‘n” deb Ikromjonni qo‘yib yuboradi. Hamma, ayniqsa, To‘ti opa Yusupova anchagacha o‘zini to‘xtatolmay kuldi. Tomosha zalida tomosha qilib turganlarni aytmasa ham bo‘ladi. Ularning ta’biricha, juda qiziq hodisa yuz berdi. Mening ta’birimcha, repetitsiyaga, binobarin, menga bepisandlik, hurmatsizlik bo‘lib tuyuldi. Shu kungi repetitsiyamiz kulgili vaziyat bilan tugadi.
Men, rosti, Obid akaga uncha ham ahamiyat bermay qo‘ydim. Repetitsiyalar To‘ycha aka bilan davom etaverdi. Obid aka repetitsiyaning bir daqiqasini ham qoldirmay, teatr zalida o‘tiraverdi. Men uning o‘z rolini o‘ynashga intilishini, katta istagini, unga har bir tashlagan nazarimda yaqqol his qilardim. Bir kuni ertalab repetitsiyaga kelsam, sahnada olti-etti nafar qiz bir burchakda o‘tirib olib, doira chalib ashula aytishiyapti:
Mehribonim ketdiyu, hijron o‘ti hech ketmadi,
Mehribonimdan keyin, hech kim meni yod etmadi…
Bu spektaklning prologi, onalar, ayollar, qizlar o‘z o‘g‘illari, erlari, yorlarini urushga kuzatadigan sahnaning boshlanishi edi. Shu ashula bilan qizlar yigitlari bilan vidolashadilar. Men juda hayratda qoldim. Anchadan beri shu manzarani, shu qo‘shiq, shu dramatizmni axtarib yurgan edim. Meni ko‘rib Obid aka yugurib oldimga keldi:
– Olimjon, mana shu ashula rosa tusharkan-da. Kechasi bilan o‘ylab shuni topdim. Bir eshitib ko‘ring. (Qizlar ashulani juda mungli, ta’sirchan qilib yana bir bora qaytarishdi).
– Bo‘ladimi?
– Bo‘ladi, Obid aka, bo‘ladi, juda ham joyiga tushibdi. Rahmat!
Hamma repetitsiyaga yig‘ildi. Spektakl prologida qizlarning bu ashulasini eshitib, qo‘pchilik qarsak chalib yubordi. Shu ashulaga Anvarning musiqasi bog‘lanib ketadi. Yigitlar yelkalariga tugunlarini osib olib, avval onalari, keksalar bilan xayrlashadilar. Sahnaning qoq o‘rtasida esa, ularning urushdan qaytishlarini kutishga ahd qilgan qizlar, nigohlar nigohlardan uzilmay, suv oqqanday oqib o‘tishadi. Yigitlar yig‘ilib bir holatda qotishadi, qizlar ulardan ko‘zlarini uzishmaydi. Sahna aylanib, poyezdning qichqirig‘i eshitiladi. Keyin bombalarning portlashi, urush dahshati…
Bu so‘zsiz prolog butun dramatik holatning, odamlar kechinmalarining, urush dahshatining faqat musiqa bilan ifodalanishi edi, xolos. O‘sha Obid akaga yoqmagan musiqa bilan, uning o‘zi topib kelgan musiqa uyg‘unlashib, juda ta’sirli emotsionallikni yarata olgan edi.
Prolog tugashi bilan Obid aka oldimga ko‘zlarida jiqqa yosh bilan keldi. O‘zini tutib turolmay:
– Olimjon, meni kechiring uka, bu zo‘r musiqa ekan. Men uni avval qabul qilolmagandim. Hozir sahnada aktyorlar bilan ko‘rib… Juda zo‘r! Qoyil… qoyil…
– Obid aka, sizning topib kelgan ashulangiz zo‘r! Butun holatni ifoda qilib turgan shu ashula, voqealarning rivojiga avval ashula imkon yaratib beryapti. Ming rahmat sizga!
– E, qo‘ying, arzimaydi! Men shunchaki bir… yaxshi bo‘lsin dedim-da. Bu ashulani dadam o‘rgatgan edilar… Sizga ma’qul bo‘lgan bo‘lsa, xursandman… – biroz sukutdan keyin, – Olimjon, endi ertadan men ham repetitsiya qilamanmi? – dedi.
Obid aka o‘z rolini har doimgiday katta emotsionallik bilan, yuksak mahorat bilan o‘ynadi. Xuddi o‘sha Ikromjon bilan uchrashuv ko‘rinishini har safar ko‘rganimda ko‘zimdan tirqirab yosh oqadi.
Ha, Obid Yunusov betakror ijodkor edi. O‘z printsipiga, o‘z fikri, hech kimga o‘xshamas o‘z fe’l-atvoriga, hech kim takrorlay olmaydigan ijro uslubiga ega bo‘lgan buyuk aktyor edi.
Olimjon Salimov,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 31-son

