Unda tabiatan ato etilgan betakror iste’dod borligini zohiran ilg‘ash ancha qiyin edi. Chunki, qaddi-qomati nozik, labi ingichka, qirg‘iyburun, yaltiroq ipday ingichka metall bilan eskicha gardishlangan ko‘zoynak taqqan, indamas, qovog‘i soliq bu o‘spirindagi musiqiy qobiliyat uning botinida pinhon yashardi. Biroq u ulkan royal yoniga borib, jozibali ritm bilan uni chala boshlagan zahoti allaqanday g‘alati bir qarama-qarshilik qonuniga ko‘ra, butunlay o‘zgarib, g‘oyat shijoatli sozandaga aylanardi…
Musiqaning sehr va qudratiga oshifta bastakor Dmitriy Shostakovich 1906 yilning 25 sentyabrida Rossiyaning Peterburg shahrida muhandis-kimyogar va pianinochi Dmitriy Boleslavovich hamda Sofya Vasilevnalar oilasida dunyoga kelgan. Ularning xonadonida fan va san’atning taniqli namoyandalari yig‘ilib turadigan ball va adabiy kechalar ko‘p uyushtirilar va kechalar musiqasiz o‘tmas edi. Bu kabi tadbirlar bo‘lajak bastakorning hayotida ajralmas, tabiiy voqelik bo‘lib qolgan, bora-bora hayoti mazmuniga aylangandi. Uning onasini qobiliyatli pianinochi sifatida bilishgan. Otasi Dmitriy Boleslavovich esa, o‘g‘lining aytishiga qaraganda, musiqani astoydil sevgan, turli romans va xalq ashulalarini yaxshi ijro eta oladigan musiqa shinavandasi bo‘lgan. Dmitriy oilada uch farzandning o‘rtanchasi bo‘lib, opasi Mariya va singlisi Zoyaga nisbatan musiqaga ixlosi ancha baland edi. U to‘qqiz yoshidan boshlab, avval onasining rahbarligida, keyin esa o‘sha zamonda Peterburgda ancha mashhur bo‘lgan I. Glasserning musiqa maktabida fortepyano chalish bilan shug‘ullanadi. Uning bastakorlik mahorati juda erta shakllanib, mustaqil kompozitsiyalar mashq qila boshlaydi. O‘n bir yoshida yozgan “Askar” musiqiy poemasi uning ilk ijod namunasidir. Yosh Dmitriy 1919 yilda, o‘n uch yoshida Peterburg konservatoriyasiga o‘qishga qabul qilingach, musiqa uning chinakam hayot yo‘liga aylanadi. U yirik pedagog L. Nikolayev qo‘l ostida fortepyano chalishni, N. Sokolov, Rimskiy-Korsakovning shogirdi va do‘sti M. Shteynbergdan musiqa asarlari yaratishni o‘rganadi. Undagi yorqin iste’dod o‘sha vaqtdagi konservatoriya direktori A.K. Glazunovning diqqatini o‘ziga tortadi. Aytishlariga ko‘ra, ba’zan konservatoriya yo‘laklarida suhbatlashayotgan ikki g‘alati kishini, ya’ni semiz, odamovi va kamgap Glazunov bilan nozik o‘smir Shostakovichni uchratish mumkin bo‘lgan. Yosh musiqachining ustozlari Maksimilian Shteynberg, Leonid Nikolayev unda klassik musiqa asarlariga jiddiyat va yaxshi did uyg‘otishgan bo‘lsa, uning kamol topishida G‘arb musiqasining ham ta’siri beqiyos edi.
1923 yilda Shostakovich konservatoriyani sozanda, 1925 yilda bastakor sifatida tamomlaydi. Birinchi simfoniya uning diplom ishi o‘rnida qabul qilinadi. Mazkur simfoniya unga katta muvaffaqiyat keltiradi, o‘ziga xos va kuchli ijodkor ekanligini ko‘rsatadi.
Ijodining dastlabki omadli yillaridan keyin uning faoliyatida muvaffaqiyatsizliklar ko‘zga tashlanadi. Negaki, keyingi vaqtlarda yaratgan asarlari, jumladan, “Fortepyano sonatasi” va “Aforizmlar”i unchalik yutuqqa erishmaydi. Sababi g‘arb musiqasining konstruktivizm[1] oqimi ta’sirida samimiylik va yangilik yo‘qolgandi. Jumladan, ilk operasi “Burun” (Gogolning qissasi asosida), “Ledi Makbet”, “Katerina Izmaylova” operalari, “Oltin asr, “Tiniq suvli ariq” “Bolt” kabi baletlarini yozadi. Ularning ayrimlari jamoatchilik tanqidiga uchraydi. Ammo baribir uning asarlarida kishini sarhush qiluvchi sehr bor edi.
1932 yilda u Meyerxold bilan tanishadi. Mashhur rejissyor uni hamkorlik qilish uchun o‘z teatriga taklif qiladi. Shostakovich bir muddat Meyerxold teatrida musiqa tanlovchi sifatida faoliyat yuritadi. O‘ttizinchi yillarning boshiga kelib kompozitor ijodida muayyan izlanish, o‘zgarishlar sodir bo‘ladi: Shostakovich kino sohasida ham o‘zini sinab ko‘radi. Uning “Yangi Vavilon”, “Bir qiz”, “Oltin xazina”, “Uchrashish” filmlari uchun yozgan musiqalari e’tiroflarga sabab bo‘ladi. Ko‘pchilik mashhur shaxslarning hayot yo‘lida bo‘lgani kabi uning ham otasi bevaqt olamdan o‘tib qolishi katta moddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi, u bu muammoni bartaraf qilish yo‘lida boshqa ishlar bilan shug‘ullanishga ham majbur bo‘ladi. Albatta, bu Dmitriyni har jihatdan zo‘riqtiradi, ijodiy faoliyatining maromida ketishiga xalal beradi. Ammo u qiyinchiliklarni yengib o‘tishga, ijodini to‘xtatmaslikka intiladi. “Miltiqli odam”, “Shahar ustida bulutlar”, “Moviy shar aylanadi” va boshqa filmlarga qiziqarli qo‘shiqlar yozadi. Bir nechta simfoniyalar, sonatalar bastaladi. Ayniqsa, “Beshinchi simfoniya” uning ijodiy faoliyatidagina emas, rus musiqasi tarixida ham yangi davrni ochib berdi. Bu simfoniyani “Umidbaxsh fojea” deb atash ham mumkin. Ko‘p o‘tmay masrur kompozitor o‘zining “Oltinchi simfoniyasi”ni yaratadi.
Urush boshlanishi oldida Shostakovich ikki yangi asar – “Kvintet”ni va “Birinchi kamonchali kvartet”ni yozib tamomladi. Bu Kvintet Shostakovichning eng yaxshi, puxta, ohangdor asarlari jumlasidandir. Bu asarni urushgacha yaratilgan rus musiqasining noyob yutuqlaridan deyish mumkin.
Shostakovichning yettinchi simfoniyasi “Bo‘ronda yaratilgan” deb atalgan. Urush mavzusidagi ushbu asar nafaqat o‘z xalqi, balki chet elliklar tomonidan ham yaxshi kutib olindi. Shostakovich navbatdagi “Sakkizinchi simfoniya”sini ham urush mavzusiga bag‘ishladi. Mazkur simfoniya falsafiy va murakkab. Urushning xalq boshiga keltirgan cheksiz azob-uqubatlari, kulfatlari haqidagi simfonik qissadir.
Bastakor hayotining so‘nggi yillarini og‘ir kasallik bilan o‘tkazgan buyuk san’atkor 1975 yilning 9 avgustida saraton xastaligi tufayli hayotdan ko‘z yumadi. U o‘z vasiyatiga ko‘ra, poytaxtdagi Novodeviche qabristoniga dafn etiladi.
Shostakovich o‘z ijodi bilan o‘z san’atini yana bir pog‘onaga ko‘tarib ketgan ijodkor bo‘ldi. U “Bosib o‘tilgan yo‘l haqida o‘ylar” avtobiografik maqolasida o‘zi haqida: “Men o‘z san’atim bilan buyuk xalqimizga, sevikli vatanimizga xizmat qilayotganim uchungina baxtiyorman…” deydi. Uning betakror asarlari bugun ham dunyo sahnalaridan mustahkam joy olib kelmoqda. Nomi esa Gaydn, Bax, Betxoven, Glinka va boshqa mashhur bastakorlar qatorida e’tirof etiladi. O‘g‘li Maksim Shostakovich ham otasining izdoshi sifatida uning faoliyatini davom ettirayotgani ayni vaqtda xush hodisadir.
Sohiba Toshqulova tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 9-son
_______________
[1] (lotincha constructio – qurish, yasash) XX asr boshlarida yuzaga kelgan san’at va adabiy asarlarning shaklini yangilashga qaratilgan oqim.