San’at jumboqlari bilan jozibali. Muayyan san’at asari haqida tugal xulosani aytib bo‘lmagani singari, u haqda barchaning bir xil fikrga kelishi ham imkonsizdir. Mashhur “Qora kvadrat” kartinasi ham bir asrdan beri tasviriy san’at ixlosmandlari o‘rtasida munozaraga sabab bo‘lib kelmoqda. Quyidagi maqolada “Kazimir Malevichning mashhur polotnosi jo‘n xayolot tasvirimi yoki falsafiy sirli maktub? Bir tomondan qora kvadratni oq fonda chizish uchun mashhur rassom bo‘lish shart emas. Hamma ham chiza oladi! Biroq sirli tomoni shundaki, “Qora kvadrat” bugungi kungacha jahondagi eng mashhur asarlardan biri hisoblanadi. Uning yaratilganiga 100 yildan oshganiga qaramay, bahs va munozaralar hamon davom etmoqda. Nima uchun? “Qora kvadrat”ning ma’nosi va qimmati nimada?” singari savollarga javob izlanadi. Albatta, bu mulohazalar ham yakuniy fikr sifatida emas, balki jurnalxonlarimizni bahsga chorlash maqsadida e’lon qilinyapti.
Tahririyatdan
XX asr zamonaviy tasviriy san’ati shakliy-mundarijaviy jihatdan o‘ta murakkab va qiziqarli. Bir tomondan an’anaviy klassik san’at yangi qirralarini namoyon etsa, boshqa tomondan avangardizm, uning turli ko‘rinishlari ham o‘ziga yo‘l ochib bordi. Fovizm, kubizm, keyinroq syurrealizm, abstrakt san’atning turli yo‘nalishlari: pop-art, op-art, kinetik san’at va boshqalar bir-birini almashtirib bordi. Shu tariqa asr boshlarida tasviriy san’atda rasmiy yo‘nalish sifatidagi “maqom”ga ega bo‘lgan akademik san’atga turli-tuman izlanishlar asosida kengayib borayotgan avangard san’at raqobatda bo‘ldi. San’atkorlarning badiiy tasvir va ifoda vositalarini yangilash borasidagi urinishlari san’at maydonida qator yangi badiiy uslub va yo‘nalishlarni yuzaga keltirdiki, bular umuman jahon san’ati rivojida muhim rol o‘ynadi.
XX asr boshlarida zamonaviy rangtasvirda realizm printsiplariga qarshi chiqqan badiiy uslublar rivojlana boshladi. Bu rassomlar naturaga tayangan holda formal-plastik masalalarni hal etishga harakat qildilar. Ular XIX asr realizmi, naturalizmi va impressionizm uslublarini inkor etib, yangi davr san’atini yaratishga intildilar. Shuning uchun ham ularning ishlariga xos xususiyat yaratilgan obraz va shakllarning jo‘n-sodda bo‘lishida, kompozitsiyalarning sun’iyligi va dekorativ tomoniga e’tibor kuchaytirilganida hamda voqealikning erkin talqin etilishida ko‘rinadi. Ular chiziq perspektivasi va borliqning illyuzion tasvirini inkor etib, shakl buzilishlariga ongli ravishda yo‘l qo‘yganlari holda rang ekspressiyasi orqali o‘z hissiyotlarini ifodalashga harakat qildilar.
Ana shunday asarlardan biri – “Qora suprematik kvadrat” Kazemir Malevich tomonidan 1915 yilda yaratilgan bo‘lib, rus san’ati tarixida eng ko‘p bahs qo‘zg‘agan kartina sifatida mashhurdir[1]. “Qora kvadrat” asarida rassom rang va kompozitsiyaning imkoniyatlarini o‘zaro tadqiq etgan. Davomiyligiga ko‘ra ushbu kartina triptixning bir qismi bo‘lib, uning tarkibida qora doira va qora xoch tasvirlari ham mavjud bo‘lgan. Kartina yaratilishidagi 1910–1913 yillarga qadar bo‘lgan davr rus avangard san’atining rivojlanishida asosiy bosqichlardan sanaladi. Ba’zi rassomlar san’atni tabiat bilan o‘ziga xos uyg‘unlashtirishga intildilar. Boshqacha aytganda, kubizmda uning tasvirni buyum sifatidagi o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash uyg‘unligi mavjud emas edi. Shunday qilib, tasviriy san’atda “sof buyumsizlik” an’anasiga kiritilgan ikkita yo‘nalish paydo bo‘ldi. Bu vaqtda kubofuturizm harakati o‘zining cho‘qqisiga erishadi va yangi badiiy yo‘nalishlar paydo bo‘la boshlaydi. Ularning biri – konstruktivizmga rassom V.E.Tatlin boshchilik qildi. Ikkinchi asosiy yo‘nalish esa “suprematizm” deb nomlanib, uning yetakchisi Kazimir Severinovich Malevich (1879–1935) edi. Kubizm, xususan, unga xos geometrizatsiya uslubi rassomlarga ijodkorni cheklovchi qolip, aniqrog‘i, zerikarli bo‘lib ko‘rina boshladi. Malevich ijodi ham ana shu qarama-qarshiliklar jarayonida xuddi tajriba maydoniga o‘xshab qoldi. U bir vaqtning o‘zida kubizm, futurizm va “individual hissiy realizm” (alogizm) yo‘nalishlarida ishladi. Alogizm (“mantiqqa zid fikr, mulohaza”) Kazimir Malevichning yangi ijodiy tizimida namoyon bo‘lgan yo‘nalishlardan sanalardi. Qizig‘i shundaki, alogizm mantiqni rad etmaydi, balki yuksak mantiqqa asoslanishni bildiradi. “Alogizmda konstruktsiya, ma’no, uyg‘unlik mavjud, lekin unda “buyumsizlik” ham yangicha qarashlar asosida shakllantirilgan”, – deb yozgan edi K.Malevich[2]. Shu asosda Malevich ijodida predmetsizlikka intilish an’anasi paydo bo‘ldi, kartinalarida ham mavhumlik asosida suprematizm yo‘nalishi aks eta boshladi[3]. Ushbu yo‘nalishning birinchi nomi “supranaturalizm” bo‘lib, K.Malevichning sevimli faylasufi N. F. Fyodorovning falsafadagi ilmiy qarashlari – supramoralizmga analog tarzida o‘ylab topilgan edi. San’atshunos Ye.F.Kovtunning fikriga ko‘ra, K.Malevichning suprematik ijodiy uslubi borliqni o‘z xayolot olami orqali idrok etish va uni tasvirlash kontseptsiyasi asosida vujudga kelgan. Shuning uchun ham suprematik kartinalarda kosmik fazoviy bo‘shliqdagi kabi aniq chegaraviy imkoniyatlar yo‘q bo‘lib, faqat ijodkorning mustaqil olami primitiv ifoda etiladi[4].
1913 yili M.Matyushinning “Quyosh ustidan g‘alaba” operasi sahnalashtiriladi va Maleevich ushbu asarning sahna bezaklarini, liboslar to‘plamini yaratib, asosiy postanovkachi rassom sifatida ishtirok etadi. Aynan ana shu eskizlarda birinchi marta qora ranglar gammasidan unumli foydalangan ijodkor “qora kvadrat” ko‘rinishlarini qisman ifodalay olgan. Bu eskizlarda ham quyosh chizgilari o‘rnida aksariyat hollarda qora chizgilarni kuzatish mumkin. Qisqasi, “Qora kvadrat” asari ushbu jarayonlardan ilhomlanib yaratilgan bo‘lib, rassomning suprematik yo‘nalishdagi ilk ishlaridan sanaladi.
Suprematik asarlar to‘plami 1915 yil 19 dekabrda Peterburgdagi N.E.Dobichinning badiiy ko‘rgazmalar byurosida ochilgan “0,10” ko‘rgazmasida namoyish etiladi. Ekspozitsiyalar orasida asosiy diqqatni jalb etadigan “Qora kvadrat” kartinasi yangi plastik yechimga ega ijodiy ish sifatida turli qarama-qarshi fikrlar uyg‘otadi[5].
Ko‘rgazma katalogidagi ro‘yxat bo‘yicha “Qora kvadrat”ning birlamchi nomi “To‘rtburchak” edi. Sof geometrik nuqtai nazardan qaraganda aniq to‘g‘ri burchaklari bo‘lmagan bu shakl, haqiqatan ham, to‘rtburchak shaklida. Albatta, bu muallifning jo‘n fikrlashidan emas, aksincha, suprematizm tamoyillari pozitsiyasidan turib, dinamik, harakatchan shakl yaratishga intilishi natijasi edi. Rassomning ta’kidlashicha, “Ushbu suprematik uch kvadratlar muayyan dunyoqarashlar va dunyoqurishlar o‘rnatilishining bir belgisidir… qora rangdagisi – iqtisod qilish, qizil inqilobdan darak berish ramzi bo‘lsa, oq kvadrat harakat belgisi hisoblanadi”.
San’atshunos Ye.Yu.Andreeva ta’kidlaydiki, “Malevich geometriyasi… qiyoslab bo‘lmas ifodaviy plastik ekspressiyasi, ya’ni ta’sir kuchi bilan insonni hayratga soladi… Malevichning novatorligi nafaqat g‘oyaviy, balki shaxsiy ijodiy plastika doirasida hamdir. U o‘zining semantik ketma-ketligini kvadratlardan yasadi”. Malevich san’atshunos-tanqidchilari orasida uning tasviriy va yozma bashoratlarini jiddiy qabul qilishga tayyorlari yo‘q emasdi. Aksariyat muxlislar esa faqatgina rus avangardining cheksiz heppeningini[6] quvonib qarshi olib, kuzatib borardi, xolos[7].
XX asr tarixi bilan tanish odamlar orasida “Qora kvadrat” muallifi har qanday odam: xoh fahmsiz yosh bola, xoh shunchaki qog‘oz qoralab yurgan bekorchi ham bo‘lishi mumkin edi”, deb o‘ylaydiganlari bor. Biroq “Qora kvadrat”ga berilgan eng birinchi professional, ya’ni mutaxassislarning taqrizidayoq Malevich g‘oyasi tushunarli qilib ochib berildi. Adabiy tanqidchi, “San’at olami” uyushmasi asoschisi Aleksandr Benua “Rech” gazetasining 1916 yil 9 yanvar sonida bunday deb yozgan edi: “Hech shubha yo‘qki, ushbu kartina futurist rassomlar taklif etayotgan Madonna va Venera tasvirlari o‘rniga kelgan ikonadir”.
Keyinchalik K.Malevich har xil maqsadlarda “Qora kvadrat”ning bir necha takrorini yaratdi. Hozirda “Qora kvadrat”ning turli chizmatasvir, faktura va rang bilan ajralib turuvchi to‘rt varianti ma’lum[8]. Malevichning bundan tashqari juda ko‘p qora kvadrat bilan bog‘liq (ularning ko‘pchiligida qora kvadrat suprematizmning asosiy elementi ekanligini ta’kidlovchi sharhlar bor) kartinalari mavjud. Kvadrat Malevichning ko‘pfigurali suprematik kompozitsiyalari tarkibida ham uchraydi.
1915 yilda yaratilgan ilk “Qora kvadrat” kartinasi hozirda Tretyakov galereyasida saqlanadi. Kartina oq fon ustida qora kvadrat tasvirlangan polotnodan iborat bo‘lib, uning o‘lchamlari 79,5 x 79,5 5 sm.[9].
Ikkinchi “Qora kvadrat” asari 1923 yili Venetsiyada o‘tkazilgan biyennaleda namoyish qilish uchun yaratilgan va triptix tarkibiga kiritilgan. Unda kvadratdan tashqari yana “Doira” va “Xoch”ning takroriy variantlari ham tasvirlangan. O‘lchamlari – 106x106 sm. Triptix 1915 yilda yaratilgan original kartinadan ham o‘lchami, ham tomonlarining nisbati (proportsiyasi) bilan ajralib turadi. Endi u butkul boshqa asar – yangi “Kvadrat”, “Doira” va “Xoch” edi. Bu surat Malevichning eng yaqin shogirdlari bo‘lmish Anna Leporskaya, Konstantin Rojdestvenskiy va Nikolay Suyetin tomonidan Kazimir Malevich boshchiligida ishlangan deb hisoblanadi. 1936 yilning mart oyida bu uchta kartina yana boshqa 80 ga yaqin suprematik yo‘nalishdagi kartinalar bilan K.Malevichning rafiqasi N.Maleviya tomonidan Rossiya davlat muzeyiga topshirilgan.
Kazimir Malevichning mashhur polotnosi jo‘n xayolot tasvirimi yoki falsafiy sirli maktubmi? Bir tomondan qora kvadratni oq fonda chizish uchun mashhur rassom bo‘lish shart emas. Hamma ham chiza oladi! Biroq sirli tomoni shundaki, “Qora kvadrat” bugungi kungacha jahondagi eng mashhur asarlardan biri hisoblanadi. Uning yaratilganiga 100 yildan oshganiga qaramay, bahs va munozaralar hamon davom etmoqda[10]. Nima uchun? “Qora kvadrat”ning ma’nosi va qimmati nimada? Bu boradagi munozarali fikrlarni quyidagicha tasniflash mumkin[11].
- “Qora kvadrat”, bu – to‘q rangdagi to‘g‘ri to‘rtburchak.
Aslida, “Qora kvadrat” qora ham va kvadrat ham emas: hech qaysi burchagi bir-biriga parallel bo‘lmagani bois, kvadratga xos belgi yo‘q. To‘q rangi esa, turli xil ranglarning aralashmasi bo‘lib, ular orasida qora rangni uchratmaymiz. Bu muallifning sovuqqonligini emas, balki o‘ziga xos uslub yaratishga intilganini ko‘rsatadi.
- “Qora kvadrat”, bu – “o‘xshamagan” asar.
1915 yil 19 dekabrda Peterburgda tashkil etilishi rejalashtirilgan “0,10” futuristik ko‘rgazmasida K.Malevich bir nechta asar namoyish etishi kerak edi. Vaqt o‘tib borar, rassom esa ishni tugatishga ulgurmayotgandi. Shu asnoda u chizgan suratidan ko‘ngli to‘lmaganmi, yo boshqa sabab bilanmi, jahl ustida rang ustiga rang solib, qog‘ozni bo‘yab tashlaydi va… qora kvadrat paydo bo‘ladi. Xuddi shu damda eshikdan kirib kelgan do‘st: “Genialno!” deb xitob qiladi. Shundan so‘ng K.Malevich qora kvadrat haqidagi fikrlarini umumlashtira boshlaydi…
Mutaxassislarning o‘rganishlariga ko‘ra, asar yuzasida bo‘yoqlarning darz ketgani seziladi. Buning hech qanday g‘ayritabiiy joyi yo‘q, shunchaki asar risoladagidek chiqmagan. Bir necha marta uning tagidagi qatlamni o‘rganib chiqishga urinishlar ham bo‘ldi. Biroq olimlar, tanqidchilar va san’atshunoslar asarga jiddiy zarar yetishini o‘ylab, taxminlarga nuqta qo‘yish uchun ultrabinafsha nurlar orqali rentgen qilish uslubi maqbul topildi.
- “Qora kvadrat”, bu – turli rangdagi kub.
K.Malevichning o‘zi bir necha marta ta’kidlaganki, uning “Qora kvadrat”i g‘ayritabiiy “fazoviy anglam” orqali yaratilgan. Ayrim kishilar kvadratni “qora kvadrat” ichida deb bilishadi. Buning sababi kartinaning chegara chiziqlari ichkarisiga nazar tashlasangiz, qora kvadratni emas, balki turli xil rangdagi kublarni ko‘rasiz. “Qora kvadrat”dagi sirli ma’noni shunday tahlil qilishimiz mumkin: bizni o‘rab turgan olam faqat ilk qarashdagina silliq ko‘rinadi. Agar teranroq nazar solinsa, olam cheksiz va rang-barangdir.
- “Qora kvadrat” – san’atdagi qo‘zg‘olon.
Kartinaning paydo bo‘lishiga qadar Rossiyada kubizm maktabi vakillari mashhur edi. Bora-bora bu yo‘nalish barchaning me’dasiga urib, rassomlar yangi yo‘nalishlarni yaratishga qo‘l uradilar. Shu tariqa K.Malevichning suprematizmi, xususan, “Qora suprematik kvadrat” asari yuzaga keladi. “Suprematizm” atamasi lotincha “suprem”dan olingan bo‘lib, rangtasvir xususiyatlaridan rangni ustun qo‘yishni anglatadi. Suprematistik asar esa, buyumsiz rangtasvir, “xayoliy ijod” degani.
- “Qora kvadrat”, bu – siyosiy yurish.
Kazimir Malevich nozik strategiyani o‘ylagan va siyosiy o‘zgarishlarni sezgan. 1915 yil Malevichning “Kvadrat”i o‘z davrining yangi dolzarb g‘oyasi sifatida paydo bo‘ldi: rassom yangi davr va yangi odamlarga inqilobiy san’atni taklif etdi. Ushbu kartinaning yaratilishi an’anaviy san’at umri yakunlanganidan dalolat edi.
- “Qora kvadrat” – mazmundan voz kechish.
Asar tasviriy san’atda formalizmga xizmat qildi. Rassom kartinani yarata turib, nafaqat “konteks” va “mazmun” tushunchasini, balki “balans”, “perspektiva”, “dinamika”ni ham o‘ylaydi. Biroq K.Malevich tan olganini zamondoshlari tan olmadi. “Qora kvadrat” zamonaviy rassomlar uchun tarixiy hodisa, qolganlar uchun “oddiy kvadrat” bo‘lib qolaverdi.
So‘zimizga xulosa qilib aytganda, XX asr tasviriy san’ati tarixi davomida eng ko‘p bahs va munozaralarga sabab bo‘lib kelayotgan “Qora kvadrat” asariga bo‘lgan e’tibor hali-hanuz so‘nadiganga o‘xshamaydi. 2007 yili Gamburg shahrida “Qora kvadrat” shov-shuvli tarzda havola etildi[12]. Zamonaviy san’atshunoslar ushbu asarni rentgen nuri va mikroskop orqali tahlil qilganlaridan so‘ng ham aniq bir xulosaga kelganlaricha yo‘q.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 2-son
—————–
[1] Shatskix A.S. Skolko bыlo «Chyornыx kvadratov»? // Problema kopirovaniya v yevropeyskom iskusstve. Materialы nauchnoy konferentsii 8–10 dekabrya 1997 goda / Rossiyskaya akademiya xudojestv. –M., 1998.
[2] Malevich K. Pisma k M. V. Matyushinu. Podgotovka teksta i vstupitelnaya statya Ye.F.Kovtuna. // Yejegodnik Rukopisnogo otdela Pushkinskogo doma na 1974 g. –L.: 1976. S. 177–196.
[3] Goryacheva T. Kartina Malevicha «Avtomobil i dama». Krasochnыe massы v chetvyortom izmerenii. «Rojdeniye znaka». // Russkiy avangard. Lichnost i shkola. –SPb., 2003. S. 22.
[4] Kovtun Ye.F. Pobeda nad solntsem – nachalo suprematizma. // «Nashe naslediye». –№ 2. 1989. S. 23–26.
[5] Goryacheva T. Pochti vsyo o «Chyornom kvadrate». / Priklyucheniya «Chyornogo kvadrata». –SPb.: Gosudarstvennыy Russkiy muzey, 2007. S. 45.
[6] Heppening (inglizcha “happening” – “hodisa”dan) – zamonaviy tasviriy san’at shakllaridan biri. Heppening musavvirning o‘zini mutlaqo nazorat qilmasdan ijod qilishi bilan izohlanadi.
[7] Malevich K. Pisma k M.V.Matyushinu. Podgotovka teksta i vstupitelnaya statya Ye.F.Kovtuna. // Yejegodnik Rukopisnogo otdela Pushkinskogo doma na 1974 g. –L.: 1976. S. 177–196.
[8] Andreeva Ye.Yu. Kazimir Malevich. Chyornыy kvadrat. – SPb.: Arka, 2010. S.89.
[9] Martineau E. Une philosophie des Suprema. Suprematisme. –Paris, 1987. R. 82–97.
[10] Goryacheva T., Karasik I. Priklyucheniya chyornogo kvadrata. –SPb.: Gosudarstvennыy Russkiy muzey, 2007. 159 s.
[11] Horst Bredekamp Beuys als Mitstreiter der Form. In: Ulrich Müller: Joseph Beuys. Parallelprozesse. Archäologe einer künstlerischen Praxis. –Hirmer, München, 2012. S. 28.
[12] https://meduza.io/feature/2015/11/19/kazimir-malevich-v-peschere-glubokoy-nochyu* http://www.bbc.com/russian/society/2015/11/151113_malevich_black_square_sarabyanov_interview.