Muattar Aliyeva. Mumtoz san’at sirlari

Xattotlik san’ati Sharq mamlakatlari madaniyatining o‘ziga xos yo‘nalishidir. Ma’lumki, ushbu qadimiy va mumtoz san’at O‘rta Osiyo, xususan, O‘zbekistonga kirib kelishi va rivoj topishi mazkur hududda islom dinining yoyilishi bilan bog‘liq. O‘rta Osiyo xalqlari islom dinini qabul qilgach, bu yerda amalda bo‘lgan uyg‘ur, o‘rxun-enasoy, sug‘d, xorazmiy kabi qadimiy yozuvlar iste’moldan chiqib, arab tili va yozuvi ilm-fan, yozma ijod va davlat ishlarida asosiy yozuv o‘rnini egallagan. Yigirma sakkizta harfdan iborat bo‘lgan arab alifbosining dastlabki shakli – tik chiziqlar bilan ifodalanuvchi “xatti ma’qaliy” VII asrdan boshlab o‘z o‘rnini arab yozuvining eng qadimiysi va mashhuri hisoblangan “xatti kufiy”ga bo‘shatib bergan. Keyinchalik turli davr xusnixat sohiblarining kashfiyotlari tufayli xatti ma’qaliy va kufiy xati asosida arab yozuvining san’atkorona yaratilgan sakkiz xil asosiy uslubi maydonga kelgan. Bular: suls xati, nasx xati, muhaqqaq xati, rayhoniy xati, tavqi’ xati, riqo’ xati, devoniy xati, nasta’liq xatlaridir. Bugungi kunda esa arab yozuvining yuzdan ortiq turlari mavjuddir. Bu xatlar ichida hozirgi kunda eng ko‘p qo‘llaniladigani nasx xati bo‘lib, yigirma ikkita arab davlatida, Eron Islom Respublikasida shu xatdan foydalaniladi. “Qur’oni karim” esa hozirgi vaqtda asosan nasx xatida chop etiladi.

Yozuv insoniyat hayotida misli ko‘rilmagan yuksalishlar paydo qilgan mo‘jiza o‘laroq, muloqot va ma’lumot yetkazishning muhim vositasi, hayotiy zarurat hisoblanadi. So‘z fikrning aksi ekan, yozuv esa so‘zning ramzidir. Arab yozuvining dunyodagi boshqa xalqlar yozuvidan farqli jihati shundaki, unda yozuvning go‘zalligiga alohida e’tibor beriladi. Chiroyli xat ila bitilgan yozuv ma’no tashishidan tashqari, kishilarga estetik zavq berish xususiyatiga ega. Xattotlik esa o‘sha yozuvga nafosat baxsh etuvchi sohadir. Shuning uchun xattotlikka ham hunar, ham san’at maqomida qaraladi.

Asrlar davomida saqlanib, sayqal topib kelayotgan xattotlik san’ati nafaqat arab va ajam mamlakatlari, shuningdek, Osiyo xalqlari hayotida o‘zining uzoq tarixiga ega. Sharqda, jumladan, O‘rta Osiyoda kitob bosish amaliyoti vujudga kelguniga qadar kitoblar qo‘lyozma shaklida tayyorlanib, ular nusxa ko‘chirish yo‘li bilan ko‘paytirilgani ma’lum. Bu mashaqqatli ish bilan xat ko‘chiruvchilar, ya’ni xattotlar shug‘ullanishgan. Mahoratli xattotlar esa saroylarda, amaldorlar huzurida guruh bo‘lib ishlagan. Husnixat alohida ilm sifatida shakllanib, uning sir-asrorlari bayonida ko‘plab risolalar yozilib, fan darajasiga ko‘tarilgan. Xattotlikning mohiyati matnni shunchaki ko‘paytirish bo‘lmay, yozuvga zeb berishdir. Xatning chiroyli bitilishi kitobning qiymatiga ta’sir ko‘rsatgan. Shuning uchun xattotlik nozik did va iste’dod talab etuvchi xos soha hisoblanib, hamma ham bu kasb bilan shug‘ullana olmagan. Xattotlikning san’at maqomida ko‘rilishi shundandir.

Sharq xalqlari orasida shuhrat qozongan Muhammad bin Husayn at-Tibbiy, Mir Ali Tabriziy, Sulton Ali Mashhadiy, Mir Ali Xisraviy, Munis Xorazmiy va Ahmad Donish singari mashhur xattotlar zamonasida o‘z husni xatlari bilan maktab yaratgan siymolardan hisoblanadi. Ular ko‘chirgan kitoblar va xat turlari hali-hanuz tuganmas ilm sifatida dunyo olimlari tomonidan o‘rganilib kelinadi.

Bizning davrimizga kelib, kitobot sohasi zamonaviy texnologiya imkoniyatlari asosida rivojlanayotgan bo‘lsa-da, xattotlik san’ati an’analari rivojlanishda davom etmoqda. Boisi, xattotlik nafaqat kitobot, balki tasviriy va amaliy san’at, me’morchilik sohalari bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, o‘tmishning moddiy va ma’naviy jumboqlarini usiz o‘rganib ham, tiklab ham bo‘lmaydi.

Yurtimiz hududidagi hali to‘la o‘rganilmagan qanchadan-qancha moddiy va nomoddiy madaniy yodgorliklarning sirini ochish, ajdodlarimizdan qolgan noyob qo‘lyozmalarni o‘qish va tadqiq etish, madaniyatimiz ildizlariga chuqur kirib borishda, umuman, tarix, geografiya, san’at, adabiyot, din, etnografiya, arxitektura va boshqa fanlar rivojida xattotlik juda muhim o‘rin tutadi.

Yurtimizda mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab milliy tariximiz, madaniyatimiz ildizlarini har tomonlama chuqur o‘rganish, ma’naviy qadriyatlarimizni tiklashga katta kuch sarflanayotgani bejiz emas. Bu borada amalga oshirilgan salmoqli ishlar natijasida xattotlik san’atiga qiziqish ortib, yangi rivojlanish bosqichiga o‘tdi. Yaqin o‘tmishdagi mustamlakachilik davrida unutilayozgan tariximiz, qadriyatlarimiz qatorida xattotlik san’ati an’analari ham fidoyi olimu ijodkorlarning sa’y-harakatlari tufayli qaytadan o‘z qiyofasini tikladi. Bunda Habibulla Solih, Salimjon Badalboyev, Abdulla Mirsoatov, To‘xtamurod Zufarov, Alisher Shomuhamedov, Abdulaziz Mansurov, Islom Mamatov, G‘afurjon Haqberdiyev kabi ko‘plab ilg‘or xattotlarning ulkan xizmatlari borligini ta’kidlash zarur. Ular har qanday sharoitda ham kasblariga xiyonat qilmay, sadoqat bilan izlanganlari natijasida bobolardan meros qolgan noyob husnixat maktabi an’analari saqlab qolindi.

Quvonarlisi, soha istiqboliga hukumat darajasida e’tibor berilib, bugungi va kelgusi avlodga uni bekamu ko‘st yetkazib berish maqsadida qilingan salmoqli ishlar o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Ma’lumki, yurtimizdagi uchta katta oliy o‘quv dargohida, ya’ni Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat Islom universiteti va Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutlarida xattotlik san’atini o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Yuqorida nomlari aytilgan tajribali xattotlar ustozligida ularning izini bosuvchi yosh xattotlar avlodi kamol topib kelmoqda. Shuningdek, yosh va malakali xattotlar faoliyatini rag‘batlantiruvchi turli festival va ko‘rgazmalar doimiy o‘tkazilib kelinayotgani ham sohadagi ijobiy o‘zgarishlar nishonasidir.

Xattotlikning hunar sifatidagi xususiyati shundaki, u ustozdan shogirdga, otadan farzandlarga meros bo‘lib qoladi. Bu sohani yosh avlodga chuqur o‘rgatish va an’analarni mustahkamlashda ustoz-shogird munosabatlari nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Yurtimizda o‘z ilmini matonat bilan yoshlarga o‘rgatib kelayotgan tajribali xattotlarning borligi tufayli bu an’ana yanada mustahkamlanib boryapti.

Shunday fidoyi ustoz xattotlardan biri O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi Salimjon domla Badalboyevni ko‘plab tasviriy va amaliy san’at kishilari, usta-hunarmandlar va me’morchilik sohasi vakillari o‘zlarining ustozi deb biladilar. O‘z xusnixati, ko‘plab amaliy ijodiy ishlari, kitobot sohasidagi ilmu salohiyati bilan nafaqat yurtimizda, balki atrof-mintaqaga tanilib, e’zoz topgan ijodkor umrining bir asrdan oshiq qismini, kuch-idrokini shu sohaga bag‘ishlab kelmoqda.

1942 yilda tavallud topgan Salimjon Badalboyev o‘tgan asrning yetmishinchi yillaridan – Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) filologiya fakultetida tahsil olib yurgan talabalik kezlaridan boshlab xattotlik bilan shug‘ullanib keladi. Talabalik davridayoq arab, fors tillarini yaxshi o‘zlashtirgan, ustozining o‘z vaqtida to‘g‘ri yo‘naltirganidan bir umr minnatdor bo‘lib yashab kelayotgan Salimjon domla bu noyob kasbi ortidan ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishdi. U kishi turli yillarda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti, Misr arab Respublikasi elchixonasi madaniyat markazida va boshqa qator o‘rta-maxsus bilim maskanlarida yoshlarga o‘z hunari sirlarini o‘rgatgan. Hozirda ham ko‘plab shogirdlar u kishining ustozligida bu noyob san’atni egallab kelmoqda. Jumladan, nomlari tanilib borayotgan S.Mahkamov, D.Akbarova, U.Qudratov, U.Shoahmedov, Z.Ortiqov, X.Lutfullayev, N.Qayumiy, M.Abdullayeva singari yosh xattotlar domlaning ustoz sifatida olib borgan ko‘p yillik mehnatlarining mahsuli, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. U kishining nabirasi Abdulaziz Salimjonov ham yoshligidan xattotlik ilmini o‘rganib, bobosining izidan bormoqda.

S.Badalboyev suls, riq’a, nasta’liq, devoniy, kufriy kabi xat turlarida ijod qiladi. Ustoz xattotning izlanishlari kitobot sohasidan tashqari me’morchilik, amaliy san’at sohalari bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, yurtimizdagi qator inshootlarda u kishining ijod namunalarini uchratish mumkin. Jumladan, Toshkent shahridagi “Ko‘kcha”, “Hazrati Imom”, “Kaffol Shoshiy”, “Hasan ota”, Yunusobod, Islomobod masjidlari, Toshkent viloyatidagi Bo‘stonliq, Oqqo‘rg‘on tumanlari va Chirchiq shahrida, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on va Paxtachi tumanlarida va Qarshi shahridagi jome masjidlarining devorlari, mehrob va gumbazlari Salimjon domla tomonidan bezatilgan.

Xattotning ijodida adabiy-ma’rifiy kitoblar ustida olib borgan izlanishlari alohida o‘rin tutadi. U kishining Abdulla Avloniyning “Turkiy guliston yoxud axloq” asarini eski o‘zbek yozuvchida ko‘chirganini, turli xat turlarida Alisher Navoiyning “Xamsa” dostoniga ishlagan panno va boshqa ko‘plab kompozitsiyalarini mazmunga mos yangi izlanishlar, deyish mumkin. S.Badalboyev xattotlik tarixi va rivojlanish jarayonining bilimdoni sifatida turli kitob va darsliklar tayyorlagan. Xususan, “Alifbo” (hammualliflikda), “Forsiy xat mashqlari”, “Nasx xati” kabi kitoblari xattotlik va arab yozuvi saboqlari bo‘yicha yoshlarga o‘ziga xos qo‘llanma hisoblanadi.

Sermahsul ijodkor 2008–2019 yillar oralig‘ida “Yasha ulug‘ Vatan”, “Vatan madhi”, “Nafosat gulshani” kabi o‘nlab shaxsiy ko‘rgazmalarini o‘tkazgan. Bundan tashqari, mahalliy va xalqaro miqyosdagi xattotlik musobaqalarida doimiy ishtirok etib keladi. U kishining mamlakatimiz bayrog‘i, Humo qushi, o‘rdak, g‘oz, kabutar shaklida ulkan mahorat bilan bitgan ko‘plab qadimiy kitoblar, hadislar, xalq maqol va matallari, hikmatli so‘zlardan tarkib topgan kompozitsiyalari bugungi kunda xattotlik san’ati an’analarini dunyoga yoyishga xizmat qilib kelmoqda.

S.Badalboyev Misr, Eron, Xitoy, Malayziya, Turkiya kabi xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan turli xattotlik san’ati festivallari, ko‘rgazmalarda ishtirok etib, ijod namunalari jahoniy e’tirofga sazovor bo‘lgan. Jumladan, 2001 yil va 2004 yilda Turkiyaning Istanbul shahrida Butunjahon Islom tarixi, madaniyati va fani tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan xattotlik xalqaro musobaqalarida ikki marotaba e’tirof etilgan. 2007 yilda o‘zbekistonlik xattotlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan musobaqada eng kuchli o‘n yetti ishtirokchi orasida xattotlik san’ati bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagani kishida ustozning san’atiga nisbatan ehtirom hissini uyg‘otadi.

Har qanday go‘zallikni paydo qilish insondan katta mehnat talab etadi. Xattotlikda go‘zallik qalam va siyoh vositasida, sabr va ixlos rahnamoligida mashaqqat bilan yaratiladi. O‘z mehnati bilan umriga go‘zallik olib kirgan mohir xattot Salimjon Badalboyev hozirda qutlug‘ 77 yoshni qarshilab turgan bo‘lsa-da, ijodiy izlanishlar va shogirdlar tayyorlashdan sira tolgan emas. U kishining o‘zlari e’tirof etganidek, Yaratgan uni keksalikda ham kasbi uchun eng zarur ne’matlar – ko‘z nuri, qo‘llar bardamligi va eng muhimi, ijod shavqidan ayirmadi. Bizningcha, bu Salimjon domlaning o‘z kasbiga cheksiz sadoqati uchun berilgan laziz mukofotdir.

O‘tgan 2018 yilda O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgan “Hikmatlar olami” deb nomlangan I Respublika xattotlik festivalida ishtirok etgan yuzlab xattotlar safida Salimjon Badalboyev yetishtirgan shogirdlar ham borligi u kishining mehnatlari besamar ketmaganligidan dalolat. Xattotlikdek go‘zal va muqaddas sohaga umrini baxshida etgan O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi hamda Misr oliy ta’lim vazirligining oltin medali sohibi Salimjon Badalboyev, xalqaro “Parvin raqam” unvoniga sazovor bo‘lgan Habibullo Solih singari yirik o‘zbek xattotlari yaratgan maktab an’analari yuzlab shogirdlari ijodida asrlar osha gullab-yashnayveradi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 4-son