Ma’mur Umarov. Sahnaviy xarakter yaratish mashaqqatlari

Yaqinda Muqimiy nomidagi musiqali drama teatridagi jamoatchilik ko‘rigidan so‘ng muhokama qilingan spektaklda xarakterlar to‘g‘risida bahs-munozara bo‘lib o‘tdi. Ushbu bahsdan so‘ng rejissyor va aktyorlar uchun xarakter yaratish borasida nazariy va amaliy tavsiyalar zarur ekanligi haqida mulohaza tug‘ildi. Chunki aktyorlik san’atida sahnaviy xarakter yaratish masalasi rejissyorlikda badiiy yaxlit spektakl paydo qilishdek murakkab jarayon. Spektaklning badiiy yaxlitligini tashkil qiladigan unsurlar uyg‘unligiga erishish rejissyordan qanchalik katta quvvat, g‘ayrat, bilim, mahorat va iroda talab qilsa, aktyor uchun ham sahnaviy xarakter yaratish o‘ziga xos murakkablikka ega.

Adabiyotshunoslar dramaturg yaratgan yorqin asarlarni tahlil qilishda juda katta va boy tajribaga ega. Lev Tolstoy iborasi bilan aytganda, xarakter yaratishda betakror hisoblangan “Shekspir to‘g‘risida terandan-teran risolalar bor. Uning ijodi haqida 11000 jild yozilgan va shekspirshunoslik degan butun boshli bir ilm sohasi maydonga kelgan”[1]. Bu 111 yil avval aytilgan fikr edi. Bugun xarakter masalasi bilan qiziqadigan ilm sohalari ko‘payib ketdi. Adabiyot, teatr, pedagogika, psixologiyadan so‘ng fiziologiya, tibbiyot, kosmonavtika, sotsiologiya, siyosatshunoslik kabi sohalar ham bu masalaga o‘z nuqtai nazaridan aniqlik kiritishga intilmoqda.

Teatr san’atiga bag‘ishlangan ilmiy risolalarda xarakter yaratishga bag‘ishlangan maxsus tadqiqotlar sanoqli. Ular orasida Aristotel “Poe­tika” asarida aytib o‘tgan nuqtai nazar qisqa va lo‘ndaligi bilan hamon ahamiyatga ega. Bu borada Stanislavskiyning “Xarakter va xarakterlilik” nomli tadqiqoti ham muhim o‘rin tutadi. Besh jildli “Teatr san’ati entsiklopediyasi”da “sahnaviy xarakter” mavzusi qisqacha yoritilgan. M.Chexov sahnaviy xarakter yaratishdagi o‘z izlanishlari haqida aktyor texnikasiga bag‘ishlangan mavzularga oydinlik kiritgan. V.Blok “Stanislavs­kiy sistemasi va dramaturgiya muammolari” nomli tadqiqotida bu mavzuga qisqacha to‘xtalgan. H.Muhammadning “Stsenariynavislik mahorati” nomli darsligida ham xarakter yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Lekin bu borada bironta magistrlik yoki doktorlik dissertatsiyasini misol qilib keltirish qiyin. Sababi, bunday dolzarb muammoni ko‘tarish uchun dramaturg, rejissyor va aktyorning ijodiy hamkorligida kechadigan jarayonni hamda sahna qonun-qoidalarini yaxshi bilish kerak. Bu uch birlik bir-birini to‘ldiradi, boyitadi, ijodiy hamkorlikda badiiy shakl topadi, uni aktyor ijrosida shakllantirib, rolni obraz darajasiga olib chiqadi.

Bugun sahnaviy xarakter yaratish va spektaklning badiiy yaxlitligi masalasi o‘z tadqiqotchisini kutmoqda. Chunki aktyor yaratgan rolning xarakteri obraz darajasiga ko‘tarilmas ekan, spektaklning badiiy yaxlitligi to‘g‘risida tugal fikr bildirish mumkin emas. Aktyor dramaturg tomonidan asar g‘oyasini ochish uchun personajga bergan xarakterni badiiy obraz darajasiga olib chiqolmasa, yordamchi vositalar bo‘lmish – dekoratsiya va jihozlar keraksizday; musiqa aktyor aybini yopuvchi vositaday yoki uzuq-yuluq joylarni yamab turgan yamoqday tuyiladi. Bunday “tomosha”dan keyin spektaklni “tahlil” qilib, ommaviy ko‘rik uchun tavsiya qilgan mutaxassisga, ayniqsa, teatrshunosga tahsinlar aytishdan boshqa iloj qolmaydi.

Xarakter yaratish mavzusi atoqli munaqqid va tarjimon Ozod Sharafiddinovni ham bezovta qilgani “Jahon adiblari adabiyot haqida” tarjimalar to‘plamiga kiritilgan olimlarning tadqiqotlarida ko‘rinadi. Teatr ahlini, ayniqsa, yosh tadqiqotchilar e’tiborini shu mavzuga qaratish maqsadida, ulardan ayrim fikrlarni olib, bir tizimga keltirdik.

Atoqli norveg adibi Dag Sulstad sahnaviy xarakter yaratish masalasida shunday deydi: “Sahna san’ati mohiyatini o‘zaro mustahkam bog‘langan uchta unsur tashkil qiladi. Bular – voqealar muhiti, xarakterlar va ularning harakati… Agar biror unsur e’tiborsiz qoldirilsa, badiiy yaxlitlik paydo bo‘lmaydi. Agar voqea muhiti paydo bo‘lmasa, xarakterlar ma’naviy mohiyatini yo‘qotadi, natijada aktyorlar harakati mantiqsizday ko‘rinib, ta’sir kuchi susayadi. Demak, teatr san’ati bilan shug‘ullanadiganlar sahna qonun-qoidalarini, uning imkoniyatlarini boshqalardan ko‘ra ko‘proq va yaxshiroq bilmog‘i zaruratga aylanadi. Sahna ustalarining zakovati va ta’lim darajasi yuqori bo‘lmog‘i zarur. Chunki xarakter doim personajlar taqdiri bilan bog‘liq hodisa. Aktyor zakovati sahnada sodir bo‘layotgan voqeaga aniqlik kirituvchi va personajlar harakati orqali xarakterlarni ziyolantiruvchi omil sifatida namoyon bo‘ladi va ijroda ham uch unsur uyg‘unligi tomoshabinni voqea ishtirokchisiga aylanishiga imkon yaratadi”[2].

Xarakterning hayotiyligi har qanday asarning umrboqiyligini ta’minlovchi asosiy omildir, deydi atoqli ingliz adabiyotshunosi Jon Golsuorsi. Uning fikricha, xarakter yaratishga qodir iqtidor egasi, o‘z hayotiy tajribasi jamlangan “ombori” – ong ostidagi tarqoq parchalarni tashqariga olib chiqib, ularni alohida qobiliyat bilan guruhlashtirib, bir butun qilib, yaxlit fe’l-atvorga aylantira oladi. Ongimiz bu omborda yotgan xazinadan juda chegaralangan tarzda va qat’iy tanlov asosida foydalanadi. Demak, xarakter yaratish iqtidori ong ostidagi xazinadan to‘g‘ri va unumli foydalanish qobiliyatidir. Bunday iqtidor egasi – “hayot ummonidan zo‘r g‘ayrat bilan, juda katta qimmatga ega bo‘lgan mayda-chuyda marvaridlarni terib oladi. Ular orasidan eng zarurlarini tanlab olib, bir personajga jamlash orqali xarakter yaratishga muyassar bo‘ladi. Bu xarakterda ijodkorning o‘z shaxsiyatiga tegishli ranglar bo‘lishi mumkin. O‘z hayoti bilan yashayotgan va taqdiri uchun kurashayotgan xarakterga ijodkor shaxsiyatiga tegishli ranglar qancha kam aralashsa, personajning tabiiyligi va hayotiyligi shuncha yorqin bo‘ladi”[3].

Xarakter yaratish jarayonida dramaturg erkinligini qanday to‘siqlar chegaralab turadi? Agar dramaturg butun diqqatini xarakter yaratishga jamlasa, lekin voqealar tartibini o‘z g‘oyasiga mutanosib ravishda qurmasa, bu jihat rejissyorlar talabiga javob bermaydi. Xarakter janr qoidalariga mos kelmasa, demak, sahna talablari bajarilmagan bo‘ladi. Dramaturgni chegaralab turadigan yana bir jihat – zamon va makon doirasidagi personajlarning harakatidir. Bu harakat – voqea, janr, xarakter va asar g‘oyasi mantig‘iga xos bo‘lishi kerak. Eng xavflisi – “bu xarakterni kim jonlantira oladi”, degan xavotir bilan personaj taqdirini chegaralab qo‘yish hisoblanadi. Ya’ni, tajribasi oshgan dramaturg u yoki bu aktyorga mo‘ljallab xarakter yaratadi. Aktyor imkoniyatini hisobga olib xarakter yaratish asarning badiiy imkoniyatini cheklab qo‘yadi. Xarakter o‘z hayoti bilan yashab erkin rivojlanmaydi va mo‘ljallangan aktyor darajasidagi qolipga tushib qoladi. O‘sha aktyordan ko‘chirilgan nusxaga aylanadi. Eng yomoni, uni ijro qilayotgan aktyor ijod qilishdan to‘xtab, aql, kuch-quvvat sarf qilmay, avvalgi xarakterlariga taqlidan ish ko‘radi. Bundan dramaturg uchun biron naf bordir, lekin aktyor uchun foyda-zarari to‘g‘risida teatrshunoslar lom-mim demaydi.

Sahnaviy xarakter yaratish masalasi aktyorning yangi imkoniyatlarini ochadigan, ijodiy faoliyatida “portlash” sodir qiladigan, izlanishlarida keskin burilish yasaydigan teatr san’atidagi eng yorqin voqelikdir. Zero, ijodkorlar yaratgan xarakterlar insonni faol va go‘zal hayot tarziga erishmoq uchun kurashish, ertangi kunga ishonchini rag‘batlantirish, unga ato etilgan umrni to‘laqonli idrok etishga ko‘maklashish va vujudga kelishi mumkin bo‘lgan to‘siqlarni matonat va zakovat bilan yengishga o‘rgatish kabi bir qancha vazifalarni bajaradi.

Dramaturg ana shunday yuksak maqsadlar bilan ijod qilsa, o‘zi yaratgan xarakterlarda qalbining eng teran joylarida ardoqlab yurgan boyligi – fikri, g‘oyasi, tuyg‘ularini ishonch bilan aktyorlar ijrosiga havola qilsagina, asarning badiiy quvvati yuksalib boradi. Sahnadagi personajlar hayoti aktyorlarning qalbida, gavdasida, xatti-harakatlarida jonlansin va tomoshabinlar tuyg‘ularida yashasin.

Xarakter yaratish masalasiga polyak adabiyotining yorqin namoyandasi Yan Parandovskiy qanday yondashganligiga e’tibor qilaylik. U 1951 yilda yozgan “So‘z kimyosi” asarida quyidagi fikrlarni aytadi: “Dramaturg yoki stsenarist degan iboralar kunda qo‘llaniladigan eng oddiy so‘zlar qatoridan o‘rin oldi. Bu so‘zlar yozuvchining eng yuqori ijodiy cho‘qqiga erishgan – muallif, degan faxrli unvon darajasiga ko‘tarilganligi belgisi ekanini unutdik, shekilli. Muallif degan unvonga – o‘z asarlari bilan xalqning ma’naviy xazinasi boyishiga xizmat qilgan, yangi ruhiy hududlarni ochishga erishgan yozuvchilargina munosib bo‘lishgan. Keyingi avlod uning ma’nosini toraytirib, ingliz tilidan olingan “to‘qima yaratuvchi” darajasiga tushirib qo‘ydi.

Ijodning biron turida dramaturgiyadagidek inson tiplari – xarakter va kasb-hunarlarning xilma-xilligi ko‘rinmaydi. Ularda – ma’budlarning yerdagi vakillari, avliyolar, qirollar, tuban odamlar, jamiyatdagi barcha tabaqa vakillari o‘z xarakteriga ega holda biron voqeada ishtirok etishi mumkin. Ular dramaturg yaratgan personajlar bo‘lib, ijodkor rejasiga ko‘ra shakllangan xayolot dunyosining mahsulidir. Dramaturg o‘zining quvonchi, ko‘ngil yolqinlari, g‘azabi, tashvishlari, orzu-umidlari va ulug‘vor fikrlarini asardagi personajlar xarakteriga mos ravishda taqsimlaydi. Uni jalb qilgan g‘oya personajlari xarakteri va harakatida namoyon bo‘ladi hamda jamiyat manfaatlariga xizmat qilishga da’vat qilib turadi. Dramaturgning puxta o‘ylagan rejasi personajlarni o‘z janriga xos shakldagi badiiy yechim sari yetaklaydi. Asar g‘oyasi tomoshabinga aytmasa bo‘lmaydigan zaruratga aylanadi. Bu zarurat evaziga xarakterlar kuchli ta’sir qudratiga ega bo‘ladi.

Uning bunday mulohazaga kelishiga Lev Tolstoyning “Shekspir va drama to‘g‘risida” nomli tanqidiy maqolasidagi quyidagi fikrlari turtki bo‘lgandir: “…Hozir hamma teatrlarni to‘ldirib tashlagan, ko‘ngliga dramatik asar yozish xohishi kelib qolgan har qanday odam tomonidan qatorasiga yozib tashlanayotgan asarlar mashhur bo‘lmoqda… Dramaning ahamiyatini yuzaki tushunish oqibatida maydonga kelayotgan asarlarda tasvirlangan xatti-harakatlar, vaziyatlar, xarakterlar ichki mazmundan mahrum. San’atning muhim sohasi bo‘lmish drama bizning davrimizga kelib, bachkana va ma’naviyatsiz avomning ermagi bo‘lib qoldi. Bunday tuban ketishda eng so‘nggi nuqtaga yetib borgan drama san’atiga, unga mos bo‘lmagan yuksak qimmat hamon yopishtirilmoqda. Dramaturglar, aktyorlar, rejissyorlar va teatrlar haqida juda jiddiy qiyofada hisobotlar bosayotgan matbuot – bularning hammasi allanechuk muhim va hurmatga sazovor ish qilayotganiga tugal ishonchlari komil”[4]. Buyuk yozuvchini teatrlar diniy mavzulardan voz kechib, ijtimoiy masalalarga berilib ketgani tashvishga soladi. U ta’kidlaydiki, insonning ma’naviy qiyofasi va madaniy ongini mukammallashtirishda turli faoliyat qirralari qamrab olinadi. “Bu faoliyat qirralaridan biri san’atdir. San’at qismlaridan biri drama bo‘lib, u yuksak bahoga munosib bo‘lmog‘i uchun ulug‘ g‘oyalari bilan insonning ruhiy va ma’naviy kamoliga xizmat qilishi kerak. Ko‘nglida odamlarga aytadigan gapi bor kimsagina – insonning Xudoga, dunyoga, jamiki mangu va hududsiz abadiy narsalarga munosabati to‘g‘risida fikr bildira olgandagina drama yozmog‘i mumkin. Bunday insonning ziyrak nazar bilan to‘qib chiqargan voqealar tizimidagi va undagi ishtirokchilar xarakteridagi haqqoniylik ruhiyatimizga hukmronlik qilsin.

Aflotun yo‘qlikdan borliq yaratadigan, yangilik tug‘iladigan jarayonni – ijod deb atagan. Demak ijodkor, borliqni yaratganning yaratgani kabi shaklu shamoyili nusxasiga o‘xshagan uyg‘unlikni – ikkinchi tabiatni paydo qiladi. Shunday ekan, har bir san’at asari dunyoning yaxlitligini tasdiqlovchi manifestdir, deydi “Qalb fotografiyasi” maqolasi bilan mashhur bo‘lgan Aleksandr Genis. Uning fikricha, “yozaman” deb niyat qilingan kitob sharga o‘xshagan bir narsa bo‘ladi, yozilgani esa chizg‘ichday yaxlitdir. U qabariq bir niyatning, bag‘oyat noyob qalbning ikki o‘lchamli zaruriyatidir. Adabiyotning rivojlanish manbaida teatr yotadi. Chunki teatr ilk bor inson shaxsiyatini har xil rollar, niqoblar, qo‘g‘irchoqlar va xarakterlarga ajratib ifodalashga imkon berdi. Biz bu muqaddas dargohni fikrlar va tuyg‘ularni to‘qib chiqaradiganlarga, uni tomoshaga aylantiradiganlarga ishonib topshirib qo‘yganmiz. Ular yaxshi g‘oyalarni va sara tuyg‘ularni ifodalaydi. Natijada poeziya – yunonchada “yasamoq”, “yaratmoq” ma’nosini anglatadigan faoliyat bilan dramaturglar shug‘ullana boshladi. Ular o‘z davrining donishmandlari edi. “Donishmandning vazifasi, – deb uqtiradi Konfutsiy, – tashqi narsalar orqali ichki mohiyatni bilishdir. Tashqi va ichki narsaning uyg‘unligi esa dramaturg yaratgan xarakterlarda yorqin namoyon bo‘ladi”.

Yorqin xarakterga ega personajlar uzoq umr ko‘rib, avloddan avlodga meros bo‘lib kelmoqda. Ular – Edip, Medeya, Otello, Gamlet, Lir, Xlestakov, Katerina, Vassa Jelezneva, Navoiy, Ulug‘bek, Bobur, Layli va Majnun, Farhod va Shirin, Otabek va Kumush, Toshbolta, O‘tkuriy, Qo‘chqor, Alomat, Mo‘min, Farmon bibi, Sulaymon ota kabi o‘nlab sahna asarlari qahramonlaridir. Uzoq umr ko‘rib kelayotgan personajlar: individual xarakterli, ko‘p qirrali, harakatlari aniq, fikrlari salmoqli, qarashlari yorqin bo‘lishi kerakligini qobiliyatli dramaturglar anglab yetdilar.

Dramaturg tomonidan personajlarga yuklangan vazifa – yukning ahamiyati to‘g‘risida Stanislavskiy shunday deydi: “Biron muammoni hal qilishga bel bog‘lagan personajning ruhiy yuki, vujudini qamrab olgan tashvishi bo‘lmasa, aktyorlar aniq vazifani bajarish o‘rniga, bo‘shliqni to‘ldiradigan “o‘yin” bilan band bo‘ladi. Ular sahnadan chiqib keyingi ko‘rinishda paydo bo‘lgunga qadar, kulis ortida ham o‘z “o‘yin”larini davom ettiradilar. Dardi, tashvishi bor – yukli xarakterlarni ijro qilayotgan aktyorlar ruhiyati kulis ortida ham hal qilinishi lozim bo‘lgan muammo bilan band bo‘ladi. Chunki har bir xarakterning o‘z hayot tarzi, rejasi, hal qilishi lozim bo‘lgan tashvishi bor”.

Asar qahramonlari keskin sharoitga tushib qolsalargina, shu muhitdagi harakat ularning ichki mohiyatini – xarakterini yuzaga chiqaradi. Keskin sharoitdagi to‘qnashuvda personaj qaysi nuqtai nazarni himoya qiladi – umuminsoniy g‘oyanimi yoki buzg‘unchi fikrnimi, shunga qarab tomoshabin uni ijobiy yoki salbiy xarakter deb qabul qiladi. Bu kurashda “bugun men g‘olib bo‘lamanmi”, degan tashvish har ikki xarakterni talqin qilayotgan aktyor oldiga aniq vazifalarni qo‘yadi. Bu tashvish personajlarni spektakl yakunigacha, ya’ni yechimga qadar tark etmaydi. Ularning o‘y-xayoli, vujudi, tuyg‘ulari sahnada ham, kulisda ham shu masalani hal qilish bilan band bo‘ladi. To‘qnashuv dialektik ravishda, kurashning keskinlashib borishi evaziga shiddatli tus olmasa, xarakterlar intilishi rivojini tomoshabin his qilmasa, tomosha tezda zerikarli bo‘lib qoladi. Demak, xarakterning badiiy yaxlitligi, rolning o‘z yechimiga mantiqan va izchil intilishiga zamin yaratadi.

Shunday pesalar borki, ular o‘zlaridagi personajlarning xarakteri bilan shuhrat topgan. Bunga eng avval Shekspir asarlarini misol tariqasida ko‘rsatish zarur. Shekspirga xos fazilatlar orasida eng ulug‘i uning tildan yuksak mahorat bilan foydalanish san’atkorligidir. U avvalo shoir – u xarakter yarata boshlagunga qadar ham shoir bo‘lgan. Sheks­pir sahna talablarini amaliy jihatdan aktyor, dramaturg va rejissyor sifatida bilmaganda, bunday yorqin xarakterlar yarata olmasdi.

Shekspirning “Gamlet”ida yuqorida ko‘rsatilgan umumiy jihatlar mavjudligi uchun uni ijro qilgan aktyorlar muvaffaqiyatsizlikka uchramagan. Ular ba’zan tragediya darajasiga ko‘tarilmay, dramaga aylanib qolgan bo‘lsa ham, hatto havaskorlar ijrosi xam tomoshabinlarda yaxshi taassurot qoldirgan. Sababi, Gamletda mohirona yaratilgan individual xarakter bor. Bu xarakter har qanday darajadagi aktyorning mahoratini bir pog‘ona o‘stiradi. Mutaxassislar ta’kidlaganidek, agar Shekspir aktyor bo‘lmaganida, sahna amaliyotini yaxshi bilmaganida, xarakter teatr uchun muhim ahamiyat kasb etishini anglab yetmaganida, o‘z personajlariga bu qadar yorqin individuallik bag‘ishlay olmasdi. U o‘zi yozgan asarlarini o‘zi sahnalashtirish jarayonida har bir personaj xarakterini yanada takomillashtirib, obraz darajasiga ko‘tara olmagan bo‘lardi.

Yuqoridagilarni umumlashtirib shunday xulosaga kelish mumkin. Agar mualliflar o‘z mahorat va iste’dodlarini xarakter yaratishga safarbar qilib, personajlarning fikrlari, tuyg‘ulari, ishtiyoqlari, ojizlik va fazilatlarini namoyon qilish uchun ularning “ichak-chavog‘ini ag‘dar-to‘ntar qilib ko‘rsatsalar-da”, ularda individual xarakter bo‘lmasa, bu hech qanday samara bermaydi.

Xarakter yaratish masalasiga oydinlik kiritmoqchi bo‘lgan allomalarning fikrlarini jamlab, ularni ilk bor bu muammoga ilmiy yondashgan Aristotel qarashlari bilan taqqoslasak, mavzuning naqadar dolzarbligi va asrlar davomida muhim bo‘lib kelayotganini ko‘rish mumkin.

Aristotel xarakterni dastavval ikkiga ajratadi. Birinchisi, shoir ya’ni dramaturgning insoniy xarakteri. Ijodkor o‘z xarakteridan kelib chiqib tragediya, drama yoki komediya yozishi mumkin. Ikkinchisi, u yaratgan asardagi personajlar o‘z xarakteriga ega bo‘lishi va ular tragediyada yaxshi, dramada biz kabi, komediyada esa personajlarni masxaralab emas, balki kulguli narsaga badiiy pardoz berib, bizga nisbatan tubanroq kishilar ifodalanishi lozim.

Xarakter – inson maylida nimaningdir bo‘rtibroq namoyon bo‘lishi, nimanidir afzal deb bilishi yoki yoqtirmasligidir. Asardagi qahramon nimanidir ma’qullashi yoki yoqtirmasligi aniq ifodalanmasa, uning nutqida xarakteri gavdalanmaydi. Xarakter yaratishda to‘rtta maqsad ko‘zda tutilishi lozim. Qahramon, avvalo, olijanob bo‘lishi kerak. Agar u qandaydir maqsadga intilsa, xarakterga ega bo‘ladi. Ezgu maqsadlarni ko‘zlagan odam olijanob xarakterga ega bo‘ladi. Qolaversa, xarakterlarning har biri o‘ziga xos bo‘lishi kerak. So‘ngra, xarakterlar hayotiy va haqqoniy bo‘lishi lozim. Shuningdek, xarakterlar o‘ziga xos izchillikka ega bo‘lishi talab qilinadi. Ulardagi izchillikni doimo zaruratdan yoki ehtimollardan izlash lozim. Ya’ni kimdir, qaysidir harakatni zarurat tufayli yoki ehtimolda tutilganidek bajarsa, xarakter yechimga ega bo‘ladi. Xarakterlarda mantiqqa zid hech narsa bo‘lmasligi kerak. Odamlarning o‘ziga xos xususiyatlarini tasvirlashda eng yaxshi namunalardan o‘rnak olish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Masalan, Gomer o‘z asari muqaddimasidan boshlab qahramonlarining xarakterini ocha boshlaydi. U har bir personajni o‘ziga xos xarakter bilan ko‘rsatadi va hech kimni xaraktersiz tasvirlamaydi. Harakat sust, xarakterlar va fikrlar o‘tkir bo‘lmagan qismlarda tilga (so‘zga) alohida sayqal berilishi kerak. Haddan tashqari yaltiroq so‘zlar xarakter va fikrlarni xiralashtirishini unutmaslik lozim.

San’at asari hayotdagi nusxadan ko‘ra a’loroq bo‘lishi zarur. Chunki unda maqsad va g‘oyani ochishga intilish bor. San’atda ko‘pincha g‘ayritabiiy narsalarning yuz berishi tabiiy. Sababi, u tafakkur yaratgan mahsuldir. Demak, xarakter yaratuvchiga e’tirozlar to‘rt holatda bildiriladi. Ular:

– muhim bo‘lmagan narsani tasvirlagani uchun;

– aqlga zid narsani tasvirlagani uchun;

– o‘z fikriga zid narsani tasvirlagani uchun;

– san’at qoidalariga zid holda tasvirlagani uchun.

Dramaturglar personajlar xarakterini yorqinroq ifodalashda badiiy vositalardan biri bo‘lgan tashqi belgilardan ham foydalanadi. Masalan, tashqi ko‘rinishdagi biron nuqson, chandiq yoki xol, hech kimda yo‘q ism yoki biror buyumidan boshqalar tanib qolishi ko‘zda tutiladi. Dramaturg bunday tashqi belgilar yordami bilan personajning maqsadga muvofiq harakat qilishiga yordam beradi.

Stanislavskiy sahnaviy xarakter yaratish borasida bir qator amaliy tavsiyalar bergan. U avvalo, xarakterning mag‘zini tashkil qiluvchi jihatni biron hayvon fe’liga qiyoslashni maslahat beradi. Masalan, tulkiday ayyorligini, buqalamunday o‘zgarib turishini, quyonday qo‘rqoqligini, cho‘chqaday ochofatligini, maymundek serharakatligini, sherday botirligini, itday vafodorligini aniqlash aktyorning xarakter ustida ishlashiga oydinlik kiritishini ta’kidlaydi. Shuningdek, personajning tashqi ko‘rinishi, gavdasini boshqarishi, qadam tashlashi, kiyinishi, didi haqida ham o‘ylab ko‘rish ijodiy izlanishni tezlashtiradi. Xarakterning yana bir jihati – personajning kasbi-kori bilan bog‘liq hatti-harakatlarni o‘zlashtirish ham uni anglashga ko‘maklashadi. Personajning fikrlash tarzi hamda so‘zlash usuli haqida o‘ylab ko‘rish lozimligini ham alohida ta’kidlaydi.

Personajlar xarakterini o‘zlashtirishda, kechinma san’ati talablariga javob beradigan ijodkorlik tuyg‘usini to‘g‘ri tarbiyalash tajribada sinab ko‘rildi. Xarakter tahlili personaj to‘g‘risida uch bosqichli ma’lumot jamlashdan boshlanadi va u quyidagi tartibda bajariladi. Birinchisi, muallifning personajlarga bergan ta’rifi – jinsi, yoshi, kasbi, yashayotgan muhiti haqidagi ma’lumotlar pesa va uning remarkalaridan terib olinadi. Ikkinchisi, personaj haqida boshqalar tomonidan bildirilgan fikr, ta’rif va izohlar saralab yoziladi. Uchinchisi, personaj o‘zi-o‘zi haqida aytgan o‘y-fikrlar, monologlar tanlab ko‘chiriladi. Jamlangan material asosida personajga xarakteristika yoziladi. Bu xarakteristikada u nimani yoqtirishi, yoqtirmasligi, maqsadi, nimadan qo‘rqishi, nima uchun kurashayotganligi, bu kurashda ustun va zaif tomonlari aniqlanadi. Eng muhimi, muallif o‘z g‘oyasini ochish uchun bu personajga nima uchun shunday xarakter bergani anglab yetiladi. Shundan so‘ng voqealar tartibida, ya’ni kartinama-kartina personaj bajaradigan vazifalari – maqsadga muvofiq voqealar dinamikasi belgilanadi.

Allomalarning xarakter masalasidagi fikrlaridan quyidagi xulosaga kelish mumkin. Asarning mazmuni qanchalik salmoqli va muhim bo‘lsa, personajlar xarakteri shu qadar yuksak bo‘ladi. Demak, xarakterlar o‘ziga xos badiiy shaklga ega bo‘lishi uchun voqealar tizimi, personajlar fe’l-atvoriga mos so‘z (til), tabiiy va ta’sirchan tugun, voqealar rivoji, avj va mantiqiy yechimga egaligi e’tiborda bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Jonli hissiyot orqali personajlar tuyg‘ularini ifodalab, tasvirlanayotgan voqea va g‘oyaga mos xarakter yaratibgina muvaffaqiyatga erishish mumkin. Sahnaviy xarakter yaratishdek mashaqatli va murakkab jarayonga teatr ahlini, tadqiqotchilar, yosh dramaturglar, rejissyorlar, aktyorlar hamda teatrshunoslar diqqatini qarata olsak, bu boradagi muammoli masalalarga yechim topiladi. Chunki spektaklning badiiy yaxlitligida va tomosha g‘oyasi ifodalanishida aktyorlar talqin qilgan xarakterlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda milliy dramaturgiya tarixini tahlil qilish, ular yaratgan xarakterlarni teatrlar qanday talqin qilinganligi haqida o‘ylab ko‘rish zaruratga aylandi. Yosh ijodkorlar uchun amaliy qo‘llanma sifatida o‘zbek dramaturglarining sara asarlari to‘plamini nashr qilish o‘zbek sahna san’atini yangi badiiy bosqichga ko‘tarishda zamin bo‘ladi. Aktyorlar sahna odamiga aylanib, xarakter yaratish borasidagi o‘z burchlarini ado etmasalar, bu masala bahs-munozaralarga aylanib boraveradi. Chunki ularning xarakter yaratishga e’tiborsizligi sahnada, dublyaj, to‘ylar, seriallar, kino va televideniyeda, hatto klip yoki reklamada ham tobora oshkor bo‘lib bormoqda.

Sahnaviy xarakter yaratishning nazariy va amaliy jihatlarini yetarlicha o‘zlashtirgan, o‘z rollarini obraz darajasiga olib chiqa olgan aktyorlargina tugal spektakllar yaratilishiga, bunday asarlar millatning ma’naviy va madaniy mulkiga aylanishiga umid uyg‘otadi.

Ma’mur Umarov,

falsafa fanlari nomzodi, dotsent

“Jahon adabiyoti, 2014 yil, 11-son

[1] Tolstoy L.N. Shekspir va drama to‘g‘risida // Jahon adiblari adabiyot haqida. –T.: Ma’naviyat, 2010. B. 187.

[2] Sulstad D. Norveg nasri – Ovro‘pa modernizmi // Jahon adiblari adabiyot haqida. –T.: Ma’naviyat, 2010. B. 375.

[3] Golsuorsi J. Adabiyotda xarakter yaratish // Jahon adiblari adabiyot haqida. –T.: Ma’naviyat, 2010. B. 84.

[4] Tolstoy L.N. Shekspir va drama to‘g‘risida // Jahon adiblari adabiyot haqida. – T.: Ma’naviyat, 2010. B. 191.